Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yoshlar faol nuroniylarga biriktiriladi

27.3.2023 266

Muxbirimiz

Prezidentimizning “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan “Nuroniy” jamg‘armasiga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.

“Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga muvofiq, yoshlar har bir mahalladagi faol nuroniylarga, “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida esa muammoli oilalarning har biriga “Keksalar maslahati” guruhlarining bir nafardan a’zolari biriktiriladi.

 “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili hamda “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida faoliyat olib borgan va ijobiy natijalarga erishgan nuroniylarni “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib borish tizimi joriy etiladi.

Mahallalarda faoliyat yuritayotgan “Keksalar maslahati” guruhlari rahbarlari har chorakda BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida rag‘batlantiriladi.

“Quyoshli xonadon” dasturi

Prezidentning “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt.gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, umumiy quvvati 100 kVt.gacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa – 10 yil muddatga ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini; qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini; yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

Harbiy xizmatchilar oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi

Prezidentimizning “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan:

– halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilanadi;

– harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi BHMning 200 baravari miqdorida belgilanadi.

Pensionerlarga bepul xizmat ko‘rsatiladi

Prezidentning “Toshkent metropolitenidan foydalanishda pensiya oluvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan Toshkent metropolitenining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi vaqti davomida pensiya oluvchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi.

 Ilgari pensionerlar o‘zlarining pensiya guvohnomasiga asosan, kunduzi soat 10:00 dan 16:00 gacha Toshkent metropolitenida bepul harakatlanishi mumkin edi.

Mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlari qoplab beriladi

Prezidentning “Tadbirkorlik subyektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan:

– 1 yilda bir marotaba o‘rta tadbirkorlik subyektlariga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq BHMning 20 baravaridan oshmagan (6 million so‘mgacha) qismi qoplab beriladi;

– daromadi 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi;

– davlat xaridlarida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflarini baholashda QQS summasi inobatga olinmaydi;

– yuqori qo‘shilgan qiymatli mis mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarning mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorga sotish bilan bog‘liq xarajatlarini eksport qiymatining 6 foizigacha qoplash tartibi bekor qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish