Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR MUAMMOSI – MENING MUAMMOM

30.11.2022 612

Muslimbek USMONOV, O‘zbekiston tumanidagi “Dehqonobod” mahallasi yoshlar yetakchisi

Mahallada yoshlar yetakchisining asosiy vazifasi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish ham­da kelajakda o‘z o‘rnini topishi uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olib, bu yo‘ldan qaytarish bizga yuklatilgan yana bir muhim vazifalardan.

Faoliyatim davomida ish­siz va jinoyatga moyil yoshlarga alohida eʼtibor qaratib kelyapman. Xat­lov davomida Madani­yat ko‘chasida yashovchi Mirjalol Hasanovning muqaddam o‘g‘irlik sodir etib, profilaktik hisobda turgani o‘ylantirib qo‘ydi. Bir qarashda hali juda yosh, kamgap, aql-hushi joyida bo‘lgan yigitning jinoyat qilganiga ishonging ham kelmaydi. U bilan ya­qindan tanishib, yetishmovchilik sa­bab bu ishga qo‘l urganini bildim.

Ikki og‘il va ota-onasi amallab ko‘tarilgan bir xonali uyda turar­di. O‘sha xonada ham ovqatlanib, hammasi birga uxlashar ekan. Ona­si yonida uxlashga hijolat bo‘lgani­dan tun yarmida, hamma uxlagan­da uyiga kirib kelarkan. Ko‘chadagi maqsadsiz tentirashlarning birida ochiq turgan, egasi yo‘q do‘konga kiradi hamda ikkita non va u-bu narsa olib chiqayotganda qo‘lga tushadi. Shundan so‘ng profilaktik hisobga ro‘yxatga olingan ekan.

Xonadonini o‘rganganimda oilaviy sharoitiga o‘zim guvoh bo‘ldim. Mirjalolni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun birinchi galda unga yaxshi sharoit va yaxshi muhit zarur edi. Homiylik va shaxsiy mab­lag‘im hisobidan Mirjalol yashayot­gan xonadonga qo‘shimcha xona qurib, to‘liq ta’mirdan chiqardik. Aka-uka uchun zarur bo‘lgan jihozlarni keltirdik. Sharoit yaratilgani­dan so‘ng bandligini taʼminlashga kirishdim. Mirjalolni mahallamizda­gi g‘isht ishlab chiqaruvchi sexga ishga qo‘yib, oyiga 3 million so‘mlik ish haqi olishiga kelishib oldik.

Shu bilan to‘xtab qolmadik. Mirja­lolning Ay-Ti sohasiga qiziqishi bor­ligini bilib, “Kelajak kasblari” loyihasida o‘qishi uchun 6 oylik o‘quv kursining pullarini “Yoshlar daftari” jamg‘arma­sidan to‘lab berdik. Hozir Mirjalol ish­lab topgan pulidan yana bir xonali uy ko‘tarib, taʼmirdan chiqaryapti.

Maktabni bitirgan o‘quvchilarning bandligini o‘rganish maqsadida bitiruvchi Shahina Hasanboyevaning xonadonida bo‘ldim. Onasi bilan suhbatlashib, Shahinaning Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga kontrakt asosida o‘qishga kirganini, lekin boshlang‘ich to‘lovga imkoniyati yo‘qligi sababli qizi o‘qiyolmayot­ganini bildim. Onasiga qizining o‘qi­shi uchun pul topib berishga vaʼda berib, uni o‘qishdan qaytarmasligini aytdim. Ikki kun ichida homiy­lik mablag‘lari va yig‘ilgan xayriya pullaridan o‘qishning boshlang‘ich pulini to‘lashga erishdik. Shart­noma pulining yana bir qis­mini to‘lashga yordam berish maqsadida Shahina Hasanboyevani “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olib, “Yoshlar daftari” jamg‘ar­masi orqali 2 million so‘m ajratildi. Shahinaning xursand­chiligini tasavvur ham qila olmay­siz. U telefon qilib, qilgan yordamimiz uchun Vatan olidagi qarzini al­batta qaytarishini, menga o‘xshab yoshlar yetakchisi bo‘lishini bildirdi.

Bunday xayrli ishlardan keyin ma­hallamda “Saxovat va mehr” xayriya fondi ochilib, tushgan pullar moddiy ahvoli qiyin yoshlarni qo‘llab-quvvat­lashga sarflanmoqda.

Shaxsan o‘zim va do‘stlarim bi­lan bu xayriya fondining rivojla­nishi uchun ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz.

Mahallamizning asosiy drayveri hunarmandchilik bo‘lib, yoshlarimiz bolaligidan hunarmand ustalarga shogird tushib, kasb o‘rganadi. Masalan, Boburjon Aʼzamov 12 yoshidan otasidan hunar­mandchilik sirlarini o‘rganishni boshlagan. U endi tadbirkorligini boshlash niyatida edi, ammo zamonaviy dastgohlar olishga mablag‘ zarur bo‘ldi. Boburjonga hokim yordamchisi bilan birgalikda 55 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratib berdik. Hozir u zamonaviy dastgohlar bilan ji­hozlangan sexda turli eshik-romlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. U 5 nafar yoshni ish bilan taʼminlab, 12 nafariga o‘z hunarini o‘rgatmoqda.

Hozirgi kunga qadar 9 nafar talabaning kontrakt puli, 1 na­far yoshning safarbarlik chaqi­ruv rezervi badali to‘lab berildi. 12 nafar yoshga subsidiya asosi­da asbob-uskunalar (pech, tikuv mashinasi, inkubator) olib berdik. 4 nafar yosh ishga joylanib, bandligi taʼminlandi.

Mahallamiz yoshlarining muammosini o‘zimning muammom deb bilaman. Shu bois har doim bu muammolarni hal qilish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish