Manzil: Yakkasaroy tumani, Rakatboshi ko‘chasi, 15-uy
Ish vaqti: seshanba–yakshanba, 9:00-18:00 gacha
Chipta narxi: kattalar uchun 25 ming so‘m, talabalar uchun 4 ming so‘m.
XIX asrning birinchi yarmidan to bugungacha turli mamlakatlarning “qo‘li gul” deb e’tirof etilgan ustalari yaratgan amaliy san’at durdonlari yig‘ilgan manzilni bilasizmi?
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi nodir va qimmatbaho eksponatlarni jamlagan madaniy-maʼrifiy, ilmiy muassasadir. Loyihamizning navbatdagi manzili ayni shu maskan. Maqolamizda sa sizni qiziqarli ma’lumotlar kutmoqda.
Muzey eksponatlarini badiiy jihatdan 3 guruhga ajratish mumkin:
– qadimiy anʼanalar asosida har bir hududning oʻziga xosligini aks ettirgan sanʼat asarlari:
– anʼanaviy uslubni yoʻqotmagan holda yaratilgan eksponatlar;
– zamonaviy sanʼat talablari darajasida yaratilgan asarlar.
Muzeyda hunarmandchilikning kulolchilik, chinnisozlik, shishasozlik, kashtadoʻzlik, doʻppidoʻzlik, chitgarlik, badiiy mato, milliy kiyim, gilamchilik, yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik, lakli miniatyura, zargarlik, kandakorlik, pichoqchilik kabi 20 ga yaqin yoʻnalishi bo‘yicha namunalar mavjud.
Seshanba va juma kunlari 12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun kirish bepul. Shu kunlari muzey maktab oʻquvchilari bilan gavjum boʻladi. Muzey binosi dastlab rus elchisi Aleksandr Polovsovning uyi boʻlgan. Va elchi bu dargohga 1896-yildan 1904-yilgacha, ya’ni 8 yil davomida turli hududlardan mohir hunarmandlarni jalb etgan. Toshkent va fargʻonalik ustalar mehnat mahsulini bir necha xil uslublarning goʻzal uygʻunlashuvida koʻrishingiz mumkin.
– 1937-yildan muzey sifatida faoliyat koʻrsatayotgan maskanimiz bu yil 86 yoshni qarshi oldi. 10 mingga yaqin eksponatlardan iborat muzeyimizga sayohat qilib, foydali ma’lumot va bilimlarga ega boʻlishingiz mumkin. Bundan tashqari, muzeyimizga keluvchi yoshlar va bolajonlar uchun maxsus loyihalarimiz: “Muzeyda tun”, “Open air fest”, mahorat darslari, sahna koʻrinishlari, turli konsert va chiqishlar uyushtirib borilayotgani sabab, yosh sayohatchilar ko‘paymoqda, – deydi muzey xodimi Dilnoza Nazrullayeva.