Mamlakatimizda 30-iyun – Yoshlar kuni sifatida keng nishonlandi. Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz yoshlariga tabrik yo‘lladi. Unda jumladan, shunday so‘zlar bor: “Navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimizning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
O‘tgan qisqa davrda ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Ayniqsa, yangilangan Konstitusiyamizda yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgani, hech shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.”
Chindan ham yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha — hammaning eng asosiy ishiga aylangan. Joriy yilning 11-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz nutq so‘zlab yoshlar bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim bilan qamrab olish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator takliflarni o‘rtaga tashladi.
Jumladan, mamlakatimizda istiqomat qiladigan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishi o‘rganilib, ular uch toifaga ajratildi. Ular orasida yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 4,4 million yigit-qiz “yaxshi”, turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “o‘rta”, davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 396 ming yosh “ahvoli og‘ir” toifaga kiritildi.
Har bir vazir, vazir o‘rinbosari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygohlar rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan yigit-qiz biriktirilib, ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ish tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.
Bizning Olmazor tumanida joylashgan “Chilto‘g‘on” nomli mahallada ham 18 nafar og‘ir toifadagi yoshlar bor. Ular 11 nafar respublika va tuman darajasidagi rahbarlarga biriktirilgan. Yoshlar yetakchisi hamkorligida ularning har biri bilan bilan dastavval sektor rahbari individual suhbat o‘tkazdi. Unda “og‘ir” toifadagi yoshlarning muammolarini yechish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va ijroga qaratildi.
Tumanimizdagi “Oltinsoy” mahallada istiqomat qiluvchi “og‘ir” toifaga fuqarolar ro‘yxatiga kirgan Diyor ismli yigit kompyuter jamlanmasi olib, unda dasturlash faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi. Unga biriktirilgan rahbar homiyligida Diyorga kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi. Hozirda u o‘zini-o‘zi band qilib, daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Mahallamiz yoshlari orasida ijodiy va intellektual salohiyati, tanlagan kasb yo‘nalishi va ijtimoiy hayotda erishgan muhim natijalari bilan turli sohalarda yurtimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Maktabda hayotga o‘rgatadigan fan o‘qitilmaydi. Demak, bu ishni yo sinf rahbari, yo ota-ona, yoki mahalla yoshlar yetakchilari amalga oshirishlari kerak. Insonni hayotga, yashashga o‘rgatish bu oson ish emas. Buning uchun ana shu ulkan mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan tarbiyachi juda ko‘p narsalarni bilishi, yuksak fazilatlarga ega bo‘lishi, shaxsi, e’tiqodi va qarashlari metindek mustahkam bo‘lishi kerak.
Olmazor tumanida yoshlarni barkamol o‘stirish, jamiyatga yetuk qilib tarbiyalash maqsadida qator loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, tumandagi maktablarda robototexnika va nanotexnika sinflari joriy etilgan hamda "DreamSat" loyihasi orqali maktab o‘quvchilarini “O‘zbekistonda kosmosga Olmazordan uchamiz!” shiori ostida birlashtirgan. Har hafta mazkur sinf o‘quvchilari o‘zlari yasagan “NONA yo‘ldosh”ni eng yaqin stratosferaga Navoiy viloyatidan uchirib kelmoqdalar.
Bundan tashqari tumanda “Talabaga madad” loyihasi bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Unda maktabni tamomlagan, oliygohga kirish istagida yurgan bitiruvchi yigit-qizlar uchun bepul tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, besh yuzdan ortiq bitruvchilar oliygohga kirish uchun tayyorlanmoqdalar. Shuningdek, IELTS bepul o‘quv kurslari ham tashkil etilgani ham yoshlarning xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishlarida qo‘l kelmoqda.
Maktabni a’lo bahoga tamomlagan, xorijiy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan har bir olmazorlik o‘quvchiga tuman hokimi tomonidan noutbuk va planshetlar sovg‘a qilindi.
Olmazor tumani yoshlar chinakam orzu-istaklarini ro‘yobga chiquvchi makoniga aylangan. Joriy yilning 18 mart kuni “Yangi Toshkent” shahri qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Unda ishtirok etgan va nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Pezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat arboblari, ziyolilar va nuroniylar bilan bir qatorda yoshlar bilan ham suhbat o‘tkazgani kechagiday yodimda. O‘shanda Prezidentimiz Zulfiya nomli davlat mukofoti sovrindori Iroda Berdiyevaning gaplarini qunt bilan tinglab, uning ko‘p yillik orzu-istaklarini amalga oshirishda yordam bergan edi. Iroda Berdiyeva Tayanch doktoranturaga grand asosida o‘qishga qabul qilindi, hamda unga zamonaviy tikuv syexi tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Mana buni Prezidentimizning biz, yoshlarga ko‘rsatayotgan e'tibor desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.