Shahboz Qo‘chqorov – 2022-yil 21-yanvardan buyon Sharof Rashidov tumani “Yoshlik” mahallasi yoshlar yetakchisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Ziyolilar oilasida tug‘ilgan Shahboz bolalikdan ilm olishga, yangiliklar yaratishga qiziqqan. Tarix va siyosat uning eng sevimli mashg‘uloti bo‘lgan. Ishga jiddiy yondashishi va mas’uliyatliligi bilan ajralib turadi.
O‘tgan davr mobaynida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan tizimli ishlar olib borib, 83 nafar yoshning mummosini “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali joyida hal qilgan. Davlatning himoyasiga muhtoj bo‘lgan 22 nafar yoshga homiylar tomonidan ko‘mak ko‘rsatgan. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida muntazam ravishda sport tadbirlari, kitobxonlik kechasi, “Zakovat” o‘yini va turli estafetalar tashkil qilib kelmoqda. Jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish maqsadida yoshlar bilan individual va organ tashkilotlari bilan ishlar olib boryapti. Yoshlarning bandligini ta’minlash dasturi orqali yoshlarning bandligi ta’minlanib, alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlandi va ijobiy natijaga erishildi.
Shahboz “TOP – 100” yetakchi safiga kiritilib, milliy kadrlar zaxirasiga olingan.
“Yoshlik” mahallasi balansi:
Tashkil etilgan sana: 2017-yil 2-noyabr;
Yer maydoni: 42,3 g;
Aholi soni: 3 874 nafar;
Xonadonlar soni 668 ta;
Ko‘chalar soni: 24 ta;
Yoshlar: 1034 nafar (14-30 yosh);
Ayollar: 489 nafar.
Bandlikni ta’minlash tajribasi
Yoshlar yetakchisi o‘tkazgan xatlovda “Yoshlar daftari” elektron platformasiga 2022-yilda 50 nafar, 2023-yilda 33 nafar ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan yoshlar kiritildi, ularning muammolari o‘z yechimini topdi.
“Yoshlik” mahallasida ishsiz yoshlar soni 46 nafar bo‘lib, yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan yoshlarning 12 nafariga subsidiya asosida o‘zini o‘zi band qilishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun asbob-uskuna va mehnat qurollari taqdim etildi. 37 nafar ishsiz yoshga ijara huquqi asosida 10 yil muddatdan 30 yil muddatgacha dehqonchilik qilishi uchun yer maydonlari foydalanishga topshirildi. 15 nafar oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talaba yoshlar kontrakt to‘lovlarining bir qismi qoplandi. 9 nafar moddiy ahvoli qiyin bo‘lgan yoshlarning davolanish va dori-darmon xarid qilishi uchun bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatildi. 15 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga homiylik mablag‘lari hisobidan maktab formalari olib berildi. 18 nafar tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga hokim yordamchisi bilan hamkorlikda imtiyozli kreditlar ajratildi. 4 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervi badali to‘lovlari qoplandi.
Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi
2023-yil 11-aprel kuni Prezident raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar “yashil”, “sariq” va “ahvoli og‘ir” – “qizil” toifalarga ajratilgan edi. “Yoshlik” mahallasida 2023-yilda 17 nafar yosh “og‘ir” (“qizil”) toifaga kiritilgan. Shundan 16 nafari tumandagi sektor va tashkilot rahbarlariga hamda 1 nafari viloyat tashkilot rahbariga individual ishlash maqsadida biriktirilgan edi. Ulardan:
– Probatsiya nazoratidagi yosh – 1 nafar;
– Profilaktika hisobidagi yosh – 2 nafar;
– Oilaviy ajrim yoqasidagi yosh oila – 2 ta;
– Xorijiy migratsiyadan qaytgan yosh – 4 nafar;
– Nogironligi bor yosh – 8 nafarni tashkil etdi.
Rahbarlar o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan xonadonlariga tashrif buyurib, ularning muammolarini o‘rganib chiqdi. Suhbat davomida aniqlangan muammolar navbat bilan hal etilmoqda. Sharof Rashidov tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Akbar Umarov o‘ziga biriktirilgan 8 nafar nogiron yoshdan 2 nafariga yangi nogironlik aravachasi topshirdi. “Yoshlik” mahallasi qishloq hududida joylashgani bois 1-guruh nogironi Sardor Xudoyberdiyevning istagidan kelib chiqib unga 2 bosh qo‘y olib berildi.
“Bir nuroniyga – 10 nafar yosh”
Jonibek Karimqulov 17 yoshda, u hamqishlog‘i bilan o‘zaro kelishmovchilik natijasida unga tan jarohati yetkazadi. Natijada Jonibek doimiy probatsiya nazoratiga olingan. Passport olish yoshi kelgan bo‘lsa-da, fuqarolik passportini olishga imkoniyati yo‘q edi. Jonibek Karimqulov o‘ziga biriktirilgan Jizzax viloyati IIBning birinchi o‘rinbosari ko‘magida muddatidan oldin probatsiya nazoratidan chiqarilib, biometrik passport olishiga yordamlashildi.
Profilaktika hisobidagi 2 nafar yoshga mahalla nuroniylaridan murabbiy tayinlanib, “Bir nuroniyga – 10 nafar yosh” tamoyili bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yildi. Ular xulqi yaxshilangani uchun tuman IIB boshlig‘i ko‘magi bilan hisobdan chiqarildi. Ularga “e-auksion” platformasi orqali 10 yillik ijara huquqi asosida yer ajratilib, bandligi ta’minlandi.
Oilaviy ajrim yoqasiga kelib qolgan ikki yosh oila tuman hokimining “Oila va xotin qizlar masalalari” bo‘yicha o‘rinbosariga biriktirilgach, ularning xonadoniga mahalla yettiligi, faollari, “Oqila ayollar” va “Nuroniylar kengashi” a’zolari birgalikda borib, ajrim sabablari va ularni murosaga keltirish ishlari olib borildi. Tibbiy muolajaga muhtoj yoshlar tuman tibbiyot birlashmasiga imtiyozli yo‘naltirildi.
Xorijdagi mahalladoshlar
– “Yoshlik” mahallasida 2024-yil 1-choragi bo‘yicha jami xorijdagi yoshlar soni 25 nafar bo‘lib, ulardan ta’lim olish maqsadida xorijda yurgani 5 nafar, ishlayotgani 20 nafarni tashkil etadi, – deydi “Yoshlik” mahallasi yoshlar yetakchisi Shahboz Qo‘chqorov. – Rossiya Federatsiyasida 11 nafar, Turkiyada 10 nafar, Yaponiyada 2 nafar, Janubiy Koreyada 1 nafar, AQShda 1 nafar mahalla yoshlari yashaydi. Ulardan mehnat migrantlarini vatanga qaytarish va bandligi ta’minlash maqsadida sektor rahbari, mahalla yettiligi bilan ishlar olib borilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorijdagi “Yoshlik” yoshlari” nomli guruh ochilib, ularni qamrab olganmiz va ular bilan ham, ularning ota-onalari bilan ham tez tez suhbatlar olib borilmoqda.
Migratsiyadan qaytgan 3 nafar yoshga tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i tomonidan doimiy ish o‘rinlari taklif etildi. Ayrim yoshlarning kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji borligi sababli Jizzax shahridagi “Ishga Marhamat” monomarkazidagi qisqa muddatli o‘quv kurslariga joylashtirildi.
2023-yil “Yoshlik” mahallasi yoshlar yetakchisi va yoshlari uchun juda samarali yil bo‘ldi. Ayrim yoshlar hayotidagi muammolar yechilib, ularning jamiyatga yetuk shaxs bo‘lib kirishlari va mahallada sog‘lom muhit hosil bo‘lganligiga ishonch hosil qilishlariga erishildi.
Iqtidorlar kashf etilmoqda
“Yoshlik” mahallasi yoshlari an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mahalla yoshlari o‘rtasidagi “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida ham o‘zining faolligi bilan ajralib turadi. Xususan, Mo‘minjon Ne’matullayev olimpiadaning 2023-yilgi mavsumida shaxmat bellashuvlarida tumanda 2-o‘rinni, yengil atletika musobaqasida “Yoshlik” mahallasi jamoasi tumanda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida xorijiy tillarni ommalashtirish va “Ibrat Academy” mobil ilovasini targ‘ib qilish maqsadida har haftada faol til o‘rganayotgan, til bilish sertifikatiga ega yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilyapti. Mahallada xalqaro til sertifikatini qo‘lga kiritgan yoshlardan Nodirbek Sultonmurodov, Farangiz Sarvarova, Munis Primqulova, Gulnoza Meliboyeva tengdoshlariga na’muna bo‘lib kelmoqda.
Mahalladagi iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish mahalla yoshlar yetakchisining oldiga qo‘ygan asosiy vazifalaridan biridir. “Yoshlik” mahallasi yoshlar yetakchisi Shahboz Qo‘chqorov bu yo‘nalishda ham bir qator ishlar amalga oshirdi. “Xonadonbay” o‘tkazilgan xatlov jarayonlarida mahalladagi sportga, san’atga, she’riyatga iqtidori bor yoshlarni aniqlab, ularni qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib ustozlarga yo‘naltirdi.
Birinchi kitobimni chiqaraman
– Bolalikdan kitobga, she’riyatga qiziqishim katta, – deydi 24 yoshli Shahboz Tirkashev. – Maktab paytlarda she’rlar yozib turardim. Yoshim katta bo‘lgach, ishga, pul topishga qiziqib ketganimdan she’r yozishni tashlab qo‘ygan edim. Mahallamiz yoshlar yetakchisi Shahboz Qo‘chqorov xonadonimga kelib, xatlov o‘tkazgan jarayonda avvallari she’rlar yozganimni aytgan edim. Yoshlar yetakchisi menga yana ijod qilishim uchun sharoit yaratib berishga va’da bergan edi. Hozir shirinliklar ishlab chiqarish korxonasida ishchi sifatida faoliyat yuritaman. Shahboz Qo‘chqorov korxona boshlig‘i bilan gaplashib ijod qilishim uchun sharoit yaratib berdi va she’riyat yo‘nalishida ta’lim olishim uchun ustoz ham biriktirib berdi. Bir nechta she’rlarim ham tayyor. Nasib qilsa, birinchi kitobimni chiqarish harakatidaman. Kitobim uchun nom ham tayyor: “Uyg‘onish”!
Ham tikuvchi, ham dizayner
– Yoshim 22 da, Jizzax politexnika institutida o‘qiyman, – deydi Ma’mura Meliboyeva. – Tikuvchilikni mahallamizdagi tikuvchi ayoldan o‘rganganman. Rasm chizishga qiziqish va tikuvchilik uyg‘unlashib dizaynerlikka yetakladi. Institutda dizaynerlik yo‘nalishida tahsil olaman. Kiyimlar uchun yangi ko‘rinish, dizaynlar ishlab chiqaman. Xatlov jarayonlarida mahalla yoshlar yetakchisi tikuv mashinasiga ehtiyojim borligini bilib, subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berdi. Biroz soddaroq chizilgan ishlarimni o‘zim tikib ko‘raman. Yangicha ko‘rinishda tikilgan kiyimlar uchun birinchi xaridor har doim opam bo‘ladi. Bir necha yangiliklarim mahallamiz ayol-qizlariga ham ma’qul kelib, buyurtma ham qabul qilamiz. Uyimdan bir xona ajratib, kichik seximni ochdim. Tekstil korxonalaridan ham takliflar bo‘lyapti. Lekin hozir pul topishga emas, dizaynerlik sohasini chuqurroq o‘rganishga harakat qilyapman. Maqsadim xalqaro moda festivallarida namoyishlar o‘tkazish.