Men uni anchadan beri taniyman. Yuzi lo‘ppidan kelgan, harakatchan qo‘li, bo‘yniga tashlab olgan oq durrasi uni boshqa barcha haydovchilardan yaqqol ajratadi. Har safar Oltiariqqa yo‘lga chiqarkanman, avtobus haydovchisi o‘sha men bilgan, men tanigan notanish “tanish” haydovchi bo‘lishini xohlardim. Ammo hadeganda uni uchratish ham qiyin. Har kuni qatnasam-da, haftada bir ko‘zim tushadi, avtobus esa barmoq bilan sanarli.
O‘ta qiziqishim bugun undan so‘rashga majbur qildi.
– Bu avtobus ijaraga olingan, haftaning uch kuni men, qolgan payt egasi minib chiqadi, – dedi menga tezgina qarab olgach.
Qiziqishim battar oshdi:
– Ijara bo‘lsa, nega faqat o‘zingiz minmaysiz?
Biz Oqbo‘yradan o‘tib borarkanmiz, haydovchi kulib qo‘ydi.
– Dam olaman.
– Dam olaman?
– Ha, dam olaman, – dedi va biroz jilmaygansimon davom etdi. — Men rusda ham, qozoq va qirg‘izda ham ishlaganman. Pulni topish bizdan qolgan san’at. Ammo bular oila davrasida o‘tirib yeryong‘oq chaqishingga arzimaydi. Kichik qizim endigina uch yosh, ishdan qaytsam, chopqillab chiqib kutib oladi. Yuzidan o‘paman, “qiqir-qiqir” kuladi. Katta qizim biroz katta bo‘lib qoldi, shuning uchun u bilan til topisholmayman, qiynalaman ba’zan. Lekin o‘g‘lim hammadan yaxshi. Eng ko‘p vaqtimni u bilan o‘tkazaman.
Men bu haydovchini ancha kuzatdim. Iloji boricha uning vaqtiga chiqishga tirishardim. Va u haqida juda ko‘p narsalarni bilib oldim: aytishicha, dam olish kunlarida baliq tutgani borarkan, oldinlari uchala farzandi bilan borarkan. Uyga qaytishiga mehribon ayoli shirin taomlar bilan kutib oladi, lekin hozir katta qizi bormas ekan, yosh bolacha maynavozchiliklarni yig‘ishtirish kerak, dermish. Bularning barchasi esa unga g‘alati. Nega bolalar bunaqa bo‘lyapti, hayron. Oilani yarashtirish bilan ovora.
Uzoq oylar mobaynida uning ruhiyatiga kirib bordim; qirq-ellik daqiqalik safarchamizda dildan suhbat qurardik. Uning ish kunlaridan birida rosa kutdim, ammo hadeganda kelmadi. Sababini boshqa hamkasblaridan so‘radim:
– Ismi nima edi?
– Ismi... bilmasam, ismini so‘ramabman. Bilganim 101 “Isuzu” edi, semiz, kulib turadigan kishi, – deb tasvirladim. Qiziq, ismi yodimda yo‘q.
– Haa, Alloh rahmat qilsin, vafot etgan, ikki hafta avval.
Ustimdan sel tashlagandek bo‘ldi.
– Qanaqasiga? Vafot etgan?!
– Rusda yurganda kasal bo‘lgan ekan, yuragi shishib ketgandi. O‘shaning uchun yarim ish qilardi. Charchardi-da. O‘zi bilgan odamga, ortiqcha semirib ham ketgandi. Lekin taqdir ekan, shu kasal bilan ketdi.
Men chekkadagi o‘rindiqqa horg‘in cho‘kdim va pichirladim: yuragi katta odam o‘ldi!