Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yetakchining yutuqli yili

3.10.2024 1481

Nazira UBAYDULLAYEVA,Andijon viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi matbuot kotibi

Yoshlar yetakchisi faoliyati haqida gap ketganda ko‘pincha mahalla yoshlari erishgan yutuqlar haqida gapiramiz. Bu yutuqlarda, iste’dodlar yuzaga chiqishida yetakchilar xizmati katta, albatta. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, yoshlar yetakchilari ichida o‘z iste’dodi bilan yutuqlarga erishayotganlar ham talaygina. So‘zimizning isboti sifatida Andijon viloyati Baliqchi tumani “Chinobod” mahallasi yoshlar yetakchisi Jo‘rabek Latipovni keltirsak bo‘ladi.

An’anaga sodiq qolgan holda avval yetakchining mahalladagi faoliyati haqida so‘z yuritsak-da, so‘ngra Jo‘rabekning o‘ziga o‘tsak. Yetakchi faoliyat boshlaganidan buyon yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, qiziqishlarini inobatga olib musobaqa va tanlovlarda ishtirokini ta’minlash, iste’dodlarini namoyish etishlari uchun ko‘maklashishni asosiy vazifasi hisoblab, harakat qiladi. Joriy yil yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan mahalla yoshlaridan 3 nafarining davolanish va 7 nafarining haydovchilik kursida o‘qish xarajatlari qoplab berildi, 12 nafariga to‘lov-kontrakt summasi, 3 nafarining xorijiy tillarga o‘qitish puli to‘lab berildi. 4 nafarining fuqarolik pasporti olish badali qoplandi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilishda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqa va tanlovlar alohida o‘rin tutadi. Jumladan, stol tennisi musobaqasining Baliqchi tuman bosqichida chinobodlik Ahmadullo Anvarov 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Yoshlar ovozi” ko‘rik-tanlovining estrada yo‘nalishida Bekmirzo Rasulov tuman bosqichida 1-o‘rinni egalladi. Kibersport musobaqasida Ahrorbek Hakimov hududiy bosqich g‘olibiga aylandi. “Zakovat” intellektual o‘yinlari tuman bosqichida esa “Chinobod” mahallasining “Iftixor” jamoasi 2-o‘rinni band etdi. Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi kubogi uchun o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlarida “Chinobod”ning “Diamond” jamoasi 3-o‘rin, “Intellekt” jamoasi esa 1-o‘rin bilan viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Joriy yil nafaqat yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, balki yetakchining o‘zi uchun ham iqtidorini namoyon qilishda yutuqlar yili bo‘ldi. Jo‘rabek Latipov Andijon viloyati hokimligi va qator tashkilotlar hamkorligida mustaqilligimizning 33 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Iftixorimsan Vatan” onlayn tanlovida “Eng yaxshi she’r” yo‘nalishida 2859 ta ovoz to‘plab g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining ma’naviy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritayotgan yoshlarning yetakchilik, tashabbuskorlik, ijodkorlik qobiliyatini ochib berish, salohiyatini yuksaltirish, bilim va ko‘nikmalarini ommalashtirish hamda ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan “Eng yosh ma’naviyatchi – 2024” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 2-o‘rinni egalladi.Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va mahalla iste’dodini yuzaga chiqarish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Mushoira” tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.

– Yoshlar bilan ishlash menga zavq bag‘ishlaydi, – deydi “Chinobod” mahallasi yoshlar yetakchisi Jo‘rabek Latipov. – Ayniqsa, biror yosh qiziqishi, qobiliyati sabab muvaffaqiyatga erishsa, juda ham quvonaman. Yoshlarga bu imkoniyatni tanlovlar, musobaqalar beryapti. Mahallamdagi har bir yoshda o‘ziga xos qobiliyat bor. Bu yutuqlarimiz ro‘yxati hali ancha kengayadi, o‘z ustimizda ishlab, rivojlanib kelgusida yanada yuqoriroq natijalarga erishishni ko‘zlaganmiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish