Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yuz bilan yuzlashayotgan gazeta

10.5.2024 270

Otabek QOBILOV, Chust tumanidagi “Tinchlik” mahallasi yoshlar yetakchisi

Dunyoda juda ko‘p moʻjizalar yaratilgan, lekin ular tasodifiy emas, xalqning ehtiyoji, iqtidori, zakovati tufayli yuzaga keladi. Hayotimizning bir bo‘lagiga aylanadi. Aytaylik, kitob, elektr chirogʻi, radio, televideniye, telefon... Gazeta ham shularning biri. Garchi ko‘rinishi, shakli o‘zgargani bilan, mohiyati yo‘qolgan emas. Binobarin, ularni yo‘qotishga urinish ham nodonlik bilan barobar.

2020-yili ilk bor “Yoshlar ovozi” gazetasida maqolam chiqqan. Bu men uchun unutilmas kunga aylangandi. Sababi bu gazetada iqtidorli, izlanuvchan va hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bilimli yoshlarning bir-biridan qiziqarli bo‘lgan maqola va motivatsion chiqishlarni o‘qib kuch olardim. Gazetada “O‘z kelajagim uchun ovoz beraman”, “Yashil makon”, “Imkoniyatlar eshigi”, “Chustda zamonaviy sport maydonlari”, “Ijodkor yoshlar e’tiborda”, “Orzum ushaldi”, “Intilsak, imkoniyat topiladi” kabi dolzarb mavzudagi maqolalarim nashr etildi.

Gazeta – hayotning aksi, tarix ifodasi. Yillar o‘tib, biz undagi bitiklar orqali hayotimizni tahlil qilamiz, baho beramiz. Gazetaning inson ruhiyatiga ta’siri shundaki, u ichki intizomni o‘rgatadi, ya’ni har kim yozganiga, aytgan so‘ziga javob beradi. Binobarin, bu gapni, bu yozuvni o‘chirib ham, kuydirib ham bo‘lmaydi – tarixda qoladi. “Gazetalar o‘lyapti” deya kimlardir ayuhannos solayotgan bir paytda yangi-yangi nashrlar dunyoga kelyapti. Gazeta odamni mushohadaga o‘rgatadi. Undagi maqolani o‘qib, fikr bildirasiz, mulohazalaringizni yozasiz.

Mahallada yoshlar yetakchisi bo‘lib ish boshlaganimga ikki yil bo‘ldi. Ish jarayonida bizga kitoblar, qo‘llanmalar va gazeta-jurnallar juda kerakligini tushunib yetdim. Mahallada bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, iqtidorli yoshlarni ommaga olib chiqishda ham “Yoshlar ovozi”ning o‘rni bo‘lak. Sevimli gazetam har vaqt ish stolimda shay. Qandaydir savollar bo‘lsa, ma’lumotlar kerak bo‘lsa, gazetaga yuzlanishni kanda qilmayman. Shu paytgacha 30 ga yaqin turli mazmundagi tanqidiy, tahliliy maqolalarim nashr qilindi. Mushtariylarga va hamkasblarim qo‘liga yetib borib, fikr-mulohazalarini ham bildirishdi.

“Yoshlar ovozi” gazetasi yuz yillik dovonni zabt etmoqda. Gazeta bir asrlik faoliyati davomida jamiyatdagi eng dolzarb muammolarni olib chiqish bo‘yicha ulkan tajriba maktabini yaratdi va bu ishlar davom etmoqda. “Yoshlar ovozi” gazetasi mahallalardagi yoshlar yetakchilarining ham sevimli gazetasi va nashriga aylanib, o‘zlarining ijodiy ishlari bilan ham ommaga namoyon bo‘lishga erishdi.

Bugun jamiyatimizga matbuot har qachongidan zarurligini Prezidentimiz bot-bot ta’kidlamoqda. Demak, xalqni ma’naviyatli, ma’rifatli qilishda gazetalarning o‘rni beqiyos. Gazetani inson o‘z qo‘li bilan kashf etdi, endi esa o‘z qo‘li bilan yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, uni asrab-avaylash va rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish lozim. Bu borada biz, yoshlarning ham hissamiz bo‘lishini unutmasligimiz kerak. Qogʻoz bor, fikr mavjud ekan, gazetalar yashayveradi.

Gazetaga televideniye ham, telefon va internet ham hech qachon raqobatchi bo‘lmaydi yoki bo‘la olmaydi. Chunki uning vazifasini boshqa hech qaysi axborot vositasi bajara olmaydi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish