Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ZAMONAMIZGA XOS MANTIQSIZLIK

8.5.2023 617

Jorj KARLIN Ingliz tilidan Rafiq O‘ZTURK tarjimasi.

Zamonamizga xos mantiqsizlik shundaki, bizning imoratlarimiz baland, lekin sabrimiz oz; yoʻllarimiz keng, lekin dunyoqarashimiz tor. Koʻproq sarflaymiz, lekin ozroq narsaga erishamiz; koʻproq sotib olamiz, lekin kamroq quvonamiz. Uylarimiz katta, lekin oilamiz kichik; qulayliklar zoʻr, lekin vaqtimiz ziq. Sifatli taʼlim olamiz, lekin aqlimiz oqsoq; zoʻr bilimlarni oʻzlashtiramiz, lekin vaziyatni yomonroq baholaymiz; mutaxassislar koʻp, lekin muammo ham koʻpaygan; tibbiyot rivojlandi, lekin sogʻliq yomonlashdi. Koʻp ichamiz, koʻp chekamiz, aqlsizlik bilan sarflaymiz, kam kulamiz, oson jahlimiz chiqadi, kech uxlagani yotamiz, charchab uygʻonamiz, kam oʻqiymiz, koʻp televizor koʻramiz va oz ibodat qilamiz. 

Daʼvolarimiz koʻpaydi, lekin qadriyatlar ozaydi. Koʻp gapiramiz, kam sevamiz va koʻp nafratlanamiz. Qanday yashab qolishni bilamiz, lekin qanday yashashni bilmaymiz. Inson hayotiga yil qoʻshamiz, lekin bu yillarga hayot qoʻshmaymiz. Oygacha oyogʻimiz yetdi, lekin yoʻlning narigi betiga oʻtib, yangi qoʻshni bilan tanishishga erinamiz. Fazoviy kengliklarni zabt etamiz, lekin qalb kengliklarini emas. Katta ishlar qilamiz, lekin yaxshi ishlar emas. Havoni tozalaymiz, lekin qalbni kirlatamiz. Atomni boʻysundirdik, lekin xurofotni emas. Koʻproq yozamiz, lekin kamroq oʻrganamiz.   Koʻproq reja tuzamiz, lekin kamroq narsaga erishamiz. Shoshishga oʻrgandik, lekin kutishga emas. Oʻzida avvalgidan koʻra koʻproq maʼlumot saqlaydigan va nusxalar oqimini hosil qiladigan kompyuterlarni yaratamiz, lekin kamroq munosabat oʻrnatamiz.

Tez ovqatlanish va yomon hazm qilish, katta odamlar va kichik qalblar, tezkor foydalar va murakkab aloqalar davri bu. Oila daromadi ham, ajrimlar soni ham oshgan, chiroyli uylar va buzilgan roʻzgʻorlar davri. Qisqargan masofalar, bir martalik tagliklar, bir kunlik axloq, bir kechalik aloqalar davri; ortiqcha vazn va bizni har koʻyga soladigan dorilar davri: bizni qoʻzgʻatadi, bizni tinchlantiradi, bizni oʻldiradi...

Toʻlgan vitrinalar va boʻsh omborlar davri. Texnologiya bu maktub sizga borishi uchun ham, uni ulashish yoki shunchaki “oʻchirish” tugmasini bosish uchun ham imkon yaratib qoʻygan davr.

Unutmang, sevgan kishilaringizga koʻproq vaqt ajrating, chunki ular siz bilan mangu qolmaydi.   Unutmang, sizga pastdan havas bilan qarab turgan insonga yaxshi soʻzlar ayting, chunki bu kichik mavjudot yaqin orada ulgʻayib, oʻz yoʻliga qarab ketadi. Unutmang va yaqin odamingizni bagʻringizga qattiq bosing, chunki bu siz yurakdan toʻka olishingiz mumkin boʻlgan yagona xazinangiz va unga bir tiyin ham sarflamaysiz.

Unutmang va sevganingizga muhabbat izhor qiling, lekin avval bu tuygʻuni rostakam his qiling.   Boʻsa va quchoq yurakdan chiqsa, har qanday noxushlikni bartaraf qiladi. Unutmang va birga boʻlgan damlarda qoʻl ushlashib, bu lahzalardan bahra oling, chunki qachondir bu insondan ajralasiz. Sevgiga vaqt toping, muloqotga vaqt toping va aytmoqchi boʻlgan barcha gaplaringizni baham koʻrishga vaqt toping. Chunki hayot olingan nafaslar soni bilan emas, balki hayajonli onlar bilan oʻlchanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish