Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Behbudiyning “zamondoshlari”

17.7.2024 978

Sug‘diyona SOBIROVA

O‘tmish shunday hodisalarga guvoh bo‘lganki, mazkur voqeotlar bir daraxt boʻlsa, ularning bugungi kundagi shakli misli shu daraxtning soyasidir. Deylik, bir necha yillar oldin jadidlar karvonboshisi Mahmudxo‘ja Behbudiy maqolalaridan birida shunday degandi: “Zamonaviy bilim olgan kishilarimiz boʻlmagani uchun hatto davlat Dumasida vakillarimiz yoʻq, bunday katta minbardan foydalana olmayapmiz”. Buning ilojsiz emasligini ta’kidlar ekan, muallif davom etadi: “Biz qachon taraqqiy qilarmiz? Qachonki oʻn ming soʻmlab to‘ylarg‘a qilinaturg‘on isroflarni zamonacha odam tayyor qilmoq uchun maktablar yo‘linda sarf qilsak, o‘shal zamon taraqqiyga qadam qo‘yg‘on bo‘lurmiz”.

Endi doʻppini boshdan olib, o‘ylab qaralsa, bugun ham oʻshal zamondagidek to‘y-ma’rakalarda, hatto kimdir vafot etsa, marhumning aza marosimlarida ham qanchadan-qancha isrofgarchilikka yoʻl qo‘yiladi. Quda-andalar orasida yurgich “bor, tovog‘im, kel, tovog‘im, ikki o‘rtada sin, tovog‘im” naqli ham asli o‘zbekka chiqarilgandek goʻyo.

Tagʻin bir gap ortiqcha dabdaba-yu as’asalar haddi a’losiga ko‘tarildiki, bu hatto tilshunosligimizga-da oʻz ta’sirini ko‘rsatdi. Masalan, ilgarilari “gap” so‘zi ko‘p ma’noli birliklar sirasiga kirsa, endi dasturxondagi to‘kin-sochinlik birinchi o‘ringa chiqqani, diydorlashishdan ham yig‘inning noz-ne’matlari odamlarni koʻproq toʻplay boshlagani natijasi oʻlaroq mazkur soʻz omonim birliklar: shaklan bir xil, ammo turli atash ma’nolarini anglatadigan soʻzlar guruhini tashkil etadi. Ya’ni bir shakli soʻzlar orqali bayon etilgan fikr ma’nosini bildirsa, ikkinchi shakli do‘st-tengqur, hamkasaba, ulfatlar orasida navbati bilan hafta yoki oyda ulardan birinikida o‘tkaziladigan ziyofat, ulfatchilik ma’nosiga ega. Bunisiga nima deysiz?

Kuyunchak Behbudiy tag‘in bir masalada bizni sergaklantiradi: “O‘quvchilarga yordam kerak” sarlavhali maqolasida aytadiki, yoshlardan himmat va g‘ayrat, boylardan shafqat va marhamat kerak. Mazkur ikki toifa vakillarida sustkashlik belgilarini ko‘rgan alloma ruhi bugun-da uyg‘oq, fikri ojizimizcha. Chunki zamonaviylik niqobi ostida gadjetlarga qaram bo‘lgan o‘smirlar-u, saxovatni ikki pulga olmay, nasihatga quloq solmay, qavat-qavat uy solayotgan boylar soni kamaygani yoʻq. Dunyo ahli oʻzining qator-qator biznesmen saxovatpeshalari bilan g‘ururlangan bir paytda bizning qishloq ahli qorni Soli akaning kajavasiday katta Halim-u Salimboyvachchalari bilan do‘mbira chalsinmi ekan. Qishloqning maktabi “boyagi-boyagi, Xolxo‘janing tayog‘i” bo‘lib yotibdi.

Gapning berdisini aytguncha to‘xtab turing. Bugun qariyb yarim asr ilgarigi nuqsonlarimiz qaytadan bo‘y ko‘rsatyapti. Holbuki, orada qancha daryolar o‘zanini almashtirib, qancha suvlar oqib oʻtdi. Ammo Behbudiyni o‘qiy turib, yana bir qur amin bo‘laman: ahvolimiz hech o‘zgarmagan. O‘zimizdan hech ikkilanmay, Behbudiyning zamondashlarimiz deya g‘ururlansak, bo‘ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish