Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Dunyoda har beshinchi odam — kashanda!

23.1.2024 596

Yoshlar ovozi

Chekish nafaqat insonning o‘zi, balki uning atrofidagalarga, hattoki, tabiatga ham katta zarar yetkazadi. Sotib olish qiyinchilik tug‘dirmaydigan, turli elektron sigaretlar keng tarqalgan bu davrda chekuvchilar ham ko‘payayotgandek tuyilishi mumkin. Ammo unday emas.

Ikki yilda 19 millionga kamaygan

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda dunyo bo‘yicha tamaki iste’mol qiluvchilar soni 19 million nafarga kamaygan.

Bu davrda sayyoramiz aholisi 149 million kishiga ortganini e’tiborga olsak, qayd etilgan natija, albatta, quvonarli.

Har beshinchi odam chekuvchi

JSST tahlilida ushbu ko‘rsatkichlar yigirma yil avvalgi davr bilan ham taqqoslangan. Unda keltirilishicha, 2002-yilda sayyoramizdagi har uchinchi katta yoshli odam tamaki chekkan bo‘lsa, 2022-yilda har beshinchi odam bu illat asiriga aylangan.

Braziliya peshqadam

E’tiborlisi, ayni paytda kashandalikni qisqartirishga erishayotgan mamlakatlar soni 150 taga yetgan. Bu borada Braziliya peshqadam. Mazkur davlatda 2010 yildan beri tamaki iste’moli 35 foizga kamaygan bo‘lsa, Niderlandiya 30 foizlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni band etib turibdi.

1,25 milliard kishi hamon chekuvchi

Biroq pasayish tendensiyasi xotirjamlik uchun asos bo‘la olmaydi. Chunki Yer yuzida 1,25 milliard kishi hamon chekuvchilar safida. Qolaversa, oltita davlat — Kongo, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Ummon va Moldovada tamaki iste’moli o‘sishi davom etmoqda.

Eng ko‘p kashandalar Janubi-Sharqiy Osiyoda

Bundan tashqari, eng ko‘p kashandalar soni Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida ro‘yxatga olinyapti. Bu yerda aholining 26,5 foizi chekuvchilar.

Ikkinchi o‘rindan Yevropa mintaqasi davlatlari joy olgan. Mazkur hududda aholining 25,3 foizi tamaki iste’mol qiladi.

Xotin-qizlar o‘rtasidada chekish Yevropada eng yuqori

Xotin-qizlar o‘rtasida bu illatga ruju qo‘yganlar soni Yevropada eng yuqori. Boshqacha aytganda, bu yerdagi statistika dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘proq.

Shu bois ekspertlar 2030-yilga kelib, mintaqada chekish bilan bog‘liq kasalliklar eng yuqori darajaga yetishini prognoz qilmoqda.

Mavjud vaziyatni hisobga olib, JSST barcha a’zo davlatlarni tamaki mahsulotlari iste’moli, ishlab chiqarilishi, realizatsiya va targ‘ibotini qat’iy tartibga solishga chaqirdi.

Yurtimizda vaziyat

2022-yilgi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 4,5 million chekuvchi bor. Shundan yarmidan ko‘prog‘i — 2,4 million nafari sigaret chekadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish