Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ZARNIGOR

12.7.2023 4714

Mohira ESHPO‘LATOVA

O‘qishimni tamomlab uyga qaytayotgandim. Men o‘tirgan mashina to‘ppa-to‘g‘ri bozor ostonasiga kelib to‘xtadi. Haydovchi odamlar va ko‘cha savdo rastalarini bahona qilib, bir oz masofa qolgan uyimgacha eltib qo‘yishdan bosh tortdi. Nailoj, safar xaltamni olib, tushdim.

Har chorshanba kuni qishlog‘imizda bozor bo‘ladi, men buni unutib ham qo‘ygan ekanman. Daf’atan, bozor shovqini ko‘p narsalarni eslatdi. Odamlar orasidan o‘tib borarkanman, juda tanish, jarangdor ovozni eshitdim. Shundoq yonginamga o‘girildim: tovush egasi traktor tirkamasi ustida qovun-tarvuz sotayotgan, oddiy kiyingan, yuzini oq ro‘mol bilan to‘sgan, chaqqon bir qiz edi. Men joyimda qoqqan qoziqdek tik qotdim. “Nahotki, u”?! O‘z-o‘zimga savol bergancha uning ko‘zlariga tikildim. U o‘z ishiga sho‘ng‘ib ketgan, kuzatayotimni payqamasdi. Jarangdor, shirali ovoz bilan tarvuz-qovunlarini maqtar, qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilardi...

O‘shami? Bo‘lishi mumkin! Chunki, otasining lalmikor yerlari bor edi, o‘zi ham bolaligidan bu erkak ishi, bu ayol ishi deb ajratib o‘tirmasdi. Har qanday sababdan avval ko‘nglim sezib turardi bu – o‘sha qiz. Men uning ovozini hech qachon unutmaganman. Sepkilli, quyoshda qoraygan, shamolda kuzgi qovunlardek taram-taram bo‘lib yorilib ketgan yuzlarini, qovjiragan maysalar singari sariq, patila sochlarini unutishim mumkindir, biroq uning ovozini unutolmayman. U bilan bog‘liq xotiralarim xuddi yoqimli tushga o‘xshaydi. Tongda nimani ko‘rganingni aniq aytib berolmaysan, nimalar sodir bo‘lganini eslolmaysan ham, lekin uning yoqimli hislari tanangni hali tark etmagan bo‘ladi. Men ham uni nimaga unutolmasligimni bilmayman, axir u bilan men yaqin bo‘lmaganmiz. Shunchaki, bolaligimni eslasam, dastavval uning ovozi yodimga tushadi...

Yoz, saraton, uzumzor bog‘lar-u boquvdagi qo‘ylarimiz va... Zarnigor ko‘z oldimga keladi. Uning otasi bilan mening otam do‘st bo‘lgan. Yerlarimiz yonma-yon – chegarasini ikkala taraf ham bilmaydigan va aniqlash shart ham bo‘lmagan darajada yaqin edik. Men unga nisbatan nimani his qilganimni aniq bilmayman. Hatto hozir – odamlar bilan gavjum bozorda – uning qarshisida turib ham nimani his etayotganimni ta’riflab berolmayman. U men uchun sir edi. Sirligi shunda ediki, kichik jussasiga mos bo‘lmagan baland va jo‘shqin ovozi bor edi. Shu bilan birga, men eshitgan eng yoqimli, jozibali, agar ta’rifim mos tushsa, allalaguvchi ovoz edi.

Alla – uxlatadigan ohangdagi qo‘shiq. Insonning ilk qo‘shig‘i. Mening ilk qo‘shig‘imni Zarnigorgacha a’lo darajada kuylab bo‘lishgan edi. Zarnigor esa inja, hammadan yashirgan nafis hislarimni ilk bora allalab uyg‘otgan edi. U juda chiroyli kuylardi. Aqlim bovar qilmasdi: musiqa maktabi nimaligini bilmagan, ota-bobosi baxshi bo‘lmagan cho‘pon qizda bu iste’dod qayerdan paydo bo‘ldi ekan?! Men uning qo‘shiqlarini eshitish uchungina u tomonga qo‘ylarimni haydab ketaverardim. Uning kuylashiga xalal berib qo‘ymaslik uchun ko‘zga tashlanmaslikka tirishardim. Chunki u faqat hech kim yo‘q joyda, keng dala-dashtda kuylardi. Uning qo‘shiqlari sarkash shamollar, qo‘ylarning baland-past ovozi bilan aralashib o‘zgacha bir hissiyot paydo qilardi va dunyoda shu ovozlardan bo‘lak hech nima qolmasdi men uchun. Hozir ham qulog‘im uning ovozidan bo‘lak hamma narsani rad etib turar, ammo endi uning zabonidan hayot, tirikchilik qo‘shiqlari boshqacha ohanglarda yangramoqda edi... Biroz turib qoldim shekilli, bir payt qarasam, Zarnigorning ro‘parasida ekanman. Xaridorlar kamaygani bois endi u e’tiborini menga qaratdi:

– Keling, aka, tarvuz beraymi yo qovun? Keling, kelishtirib, arzongina qilib beraman. Nechta olasiz o‘zi? – dedi u xaridorlarga takror va takror aytayotgan gapining bir so‘z-u ohangini o‘zgartirmasdan.

U mendan ancha balandda edi, xuddi tomoshabinidan yuqorida turuvchi teatr aktrisalari yoki san’atkorlar kabi. “U sahnalarga qanchalik yarashgan bo‘lardi-ya…” o‘ylayman shu tobda. Axir uni odamlar eshitishganida edi, hozirgi uncha-muncha qo‘shiqchilarni tan olishmasdi. Mana, o‘zim qancha kuy-qo‘shiqlarni tingladim, “manaman” deganlarining jonli konsertlarida ham bo‘ldim, axir meni hech biri lol qoldirolmadi-ku! Axir men Zarnigor aytgan asl qo‘shiqlarni tinglagan kamsonli odamlardan biri edim. Zarnigor menga e’tibor bermay o‘z ishida davom etardi. Men esa uning harakatlarini kuzatib, odamlar bilan tarvuz narxi ustida ming so‘m uchun talashayotganini eshitib, aytgan narxiga sotolsa, quvonib ketishini, xaridor so‘ragan narxga ko‘nsa, qandaydir g‘amgin tortib qolishini ko‘rib, xo‘rligim kelardi. U uchunmi yo istamagan sohasida majburlikdan o‘qiyotgan, iste’dodsiz, behafsala, umrining eng gullagan davrini yelga sovurayotgan o‘zim uchunmidi bu xo‘rlik, bilmadim. Tarqoq xayollarimni qovun-tarvuzlariga xaridor chaqirayotgan Zarnigorning baland ovozi o‘ziga keltirdi:

– Kelinglar, arrrzongina, shirringina tarvuzlargaaa!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish