Har bir inson dam olishga, ruhiy tetiklikka muhtoj. Ayniqsa, tabiat qo‘ynida musaffo havodan nafas olish – beqiyos zavq. Inson shunday go‘zal manzarani ko‘rib, ich-ichidan bir lahza bo‘lsa-da, hayot betakror, tabiat naqadar mehribon ekanini his qiladi. Shu sabab, ko‘pchilik yozning jazirama kunlarida tabiat qo‘yniga oshiqadi.
Biz ham oilaviy dam olish uchun Nurota tumaniga yo‘l oldik. Tog‘lar, takrorlanmas tabiat kishini o‘ziga maftun qiladi. Ayni dam olish kuni, tepayu pastliklar odam bilan to‘la. Amallab bo‘sh joy topdik.
Noz-ne’matlardan chiroyli dasturxon taxlaymiz. Erkaklar kabob pishirishni boshlab yuborgan, bolalar koptok o‘ynaydi yoki varrak uchiradi. Toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olasan... Ketar vaqt yaqinlashdi, endi hamma narsani yig‘ishtirib olish kerak. Tabiatga xiyonat shu yerdan boshlanadi: plastik idish, qog‘oz va polietilin paketlar, ichimlik suvi idishlarini o‘tirgan joyimizga tashlab ketamiz. Yo‘q deyishga shoshilmang, yo‘l bo‘yi shu manzaraga guvoh bo‘lganim uchun aytyapman. Xo‘sh, ayting-chi, bir marta bo‘lsa ham o‘sha chiqindilarni uyingizga qaytarib kelganmisiz?
Tog‘lar etagidagi manzara go‘yo tabiatga kelib dam olgan emas, unga zarba bergan, uni haqorat qilgan odamlar izidek taassurot uyg‘otadi.
Piknik zonalar kerak
Tabiat esa jim. U noroziligini qichqirib ayta olmaydi, lekin har bir tashlab ketilgan axlat, har bir ifloslangan buloq, zararlangan daraxt uning yuragidagi jarohatdir. Bular unutilmaydi: tashlab ketilgan plastik ming yillab chirimaydi. Uni yutib yuborgan qush halok bo‘ladi. Zaharli moddalarga botgan tuproqdan sog‘lom o‘simlik unmaydi.
Shu bois, piknik va tog‘li joylarda erkin dam olishni tartibga solish tarafdorimiz.
Avvalo, tog‘ tizmalari, suv havzalarida maxsus piknik zonalarini tashkil qilish va bu aholi uchun bepul bo‘lishini ta’minlash kerak. Bu zonalarda piknik uchun barcha sharoit yaratilishi, xavfsizlik ta’minlanishi, tozalikka e’tibor qaratilishi va asosiysi taom tayyorlash uchun alohida joylar tashkil etilgan bo‘lishi shart. Piknik zonasida tartib-qoida ishlab chiqilishi va unga amal qilmaganlarga jarima qo‘llanilishi lozim. Duch kelgan joyda piknik qilishga yo‘l qo‘ymaslik ham aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlaydi, ham tabiatni asrashda muhim qadam bo‘ladi.
Bu borada xorij tajribasi qanday?
Xorij tajribasiga qaraydigan boʻlsak, Xitoyda parklar juda ko‘p, ular dam olish, sayr qilish va piknik uchun mos keladi, biroq olov yoqish va taom tayyorlash mutlaqo man etiladi.
Germaniyada Yashil maydonlar departamenti tomonidan tartibga solingan qoidalarga muvofiq, taom tayyorlamoqchi bo‘lgan joyingizdagi belgilarga e’tibor berishingiz lozim. Parkda taom qoldiqlarini, chiqindilarni qoldirish taqiqlanadi, uni o‘zingiz bilan qaytarib olib ketishingiz shart. Bundan tashqari, o‘t yoqish yoki yerga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘mir yoqish, hatto panjara qilish uchun chuqur qazish mumkin emas. Germaniya bog‘larida gulhan yoqish taqiqlanadi. Bog‘ hududida hech qanday shox yoki novdalarni yig‘ish mumkin emas. Olovni kuchaytiradigan tez alangalanuvchi suyuqliklarni (spirtli ichimliklar, benzin yoki shunga o‘xshash moddalar) ishlatish man etiladi. Qoidalarga amal qilmaslik jarima (20 yevrodan 5000 yevrogacha) qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Aqsh va Kanadada esa “Leave No Trace” (Iz qoldirma) tamoyili navjud. Bu tamoyil insonlarga tabiatda hech qanday iz qoldirmaslikni o‘rgatadi: barcha chiqindilarni o‘zlari bilan olib chiqib ketish majburiyati. O‘t yoqishga faqat belgilangan joylarda ruxsat etiladi. Yovvoyi hayvonlarga ovqat bermaslik va ularga yaqinlashmaslik, tabiiylikni (gullar, toshlar, daraxt novdalari) buzmaslik yoki olib ketmaslik kerak.
Norvegiya va Shvetsiyada esa piknik qilish uchun ruxsatnoma talab etiladi. Chiqindi tashlash, daraxt kesish yoki gul uzish kabi harakatlar uchun katta jarimalar belgilanadi (ba’zida 500–1000 yevrogacha).Video kuzatuv yoki politsiya reydlari orqali nazorat kuchaytiriladi.
Tabiat go‘zalligidan bahra olish ortidan unga zarar keltirmaslik uchun biz ham maxsus taom tayyorlash joylarini tashkil qilishimiz, piknik zonalarini belgilab olishimiz va aholiga qulaylik yaratgan holda, tegishli tartib-qoidalarni ishlab chiqishimiz shart. Yana bir gapni alohida ta’kidlash kerakki, tabiatni muhofaza qilish faqat qonun va jazolar orqali emas, balki inson qalbida ekologik ong va mas’uliyatni shakllantirish orqali ham amalga oshadi. Ana shundagina tog‘larning viqori, tabiatning yashilligi, havoning musaffoligini asrab qolgan, ularga, u yerdagi hayvonlarga hamda o‘zimizga ham kamroq zarar keltirgan bo‘lamiz.
Yoki bizni faqatgina pulli zonalar, qat’iy tartib va keskin jarimalar to‘xtatib qolarmikan?..