Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Zilzilani oldindan prognoz qilish imkonsiz(mi?)

27.3.2023 335

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Yaqin kunlarda yurtimizda kuzatilgan zilzilalar odamlarni biroz sarosimaga solib qo‘ydi. Turkiya va Suriyadagi tabiiy ofat oqibatlari hali ham yodimizda. Qo‘rquv, xavotir hamda noto‘g‘ri talqin qilingan axborotlar birlashib, aholi orasida turli feyk xabarlar urchidi.

“O‘zbekistonda 7 baldan 9 balgacha bo‘lgan zilzila kuzatilar ekan”, “olimlar aniqlabdi, bugun zilzila bo‘larmish”, “ertaga bo‘ladi” kabi yolg‘on xabarlar ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Ammo haqiqat shuki, zilzilalarni oldindan prognoz qilish juda qiyin. Garchi zilzila sodir bo‘lgach, seysmik ma’lumotlar asosida daqiqalik signallarni aniqlash mumkin bo‘lsa-da, oldindan nima bo‘lishini bilib, uni prognozlash qiyin jarayon. Bunga asosiy sabab Yerning murakkab tuzilishidir.

Turkiyaning janubi-sharqiy qismi, Suriyaning shimolida ro‘y bergan dahshatli zilzilalar bunday tabiiy ofat kutilmagan tarzda sodir bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Olimlar hanuz zilzilalardan erta ogohlantirish usullarini topish ustida ishlayapti. 1970-yildan beri mintaqada atigi 3 marta 6 va undan yuqori balli zilzilalar sodir bo‘lgan va shuning uchun ham olimlar Turkiyadagi so‘nggi dahshatli zilzila bo‘lishini kutmagan.

– Biz laboratoriyada zilzilalarni tadqiq qilganimizda qaysidir hududda zilziladan oldin kichik yoriqlar yoki defektlar paydo bo‘layotganini o‘rganamiz. Lekin tabiatda shunday noaniqliklar borki, ko‘pincha kuchli zilzilaga aylanishi mumkin bo‘lgan belgilarni ko‘ra olmaymiz va prognoz qila olmaymiz, – deydi Italiyaning Sapiyenza universiteti professori Kris Marone.

Geologlar 1960-yillarning oxiridan beri zilzilalarni tadqiq qilishda zamonaviy ilmiy usullardan foydalanib kelmoqda. Biroq erishilgan natijalar haminqadar. Maronening ta’kidlashicha, buning sababi butun dunyoni kesib o‘tuvchi Yerdagi yoriqlar tizimining murakkabligidadir. Qolaversa, juda ko‘p seysmik tovushlar mavjud – Yer doim o‘zidan baland-past tovushlar chiqarib turadi. Unga insoniyat hosil qilgan antropogen tovushlar: transport ovozlari, qurilishdagi g‘ala-g‘ovurlar aralashib ketadi va aniq signallarni olishni qiyinlashtiradi.

AQSh Geologik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzilani samarali prognoz qilish uchun 3 narsa zarur: zilzila sodir bo‘lish hududi, vaqti va uning qay darajada baland bo‘lishi. Biroq markazga ko‘ra, hozirgacha hech kim bu 3 ta talabga javob bera oladigan aniqlikdagi prognozni qila olmagan.

Zilzila darakchilari

Mutaxassislarning aytishicha, dunyoda zilzilani oldindan aytib beradigan, prognoz qiladigan markaz yo‘q. Ammo zilzilaning ma’lum bir darakchilari bo‘lib, shularga qarab yaqin orada yer qimirlashi mumkinligini prognoz qilsa bo‘ladi.

O‘zbekiston Seysmologiya instituti akademigi Qahhorboy Abdullabekovning ma’lumot berishicha, 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan oldin yerosti suvlari, quduqlardagi suvlar harakatga kelgan. Ba’zi joylarda suv sathi ko‘tarilib ketsa, ayrim joylarda tushib ketgan.

– Toshkent zilzilasidan keyin ma’lum bo‘ldiki, zilziladan oldin ma’danli suvlar tarkibidagi tuzlar, gazlar, 10 dan ortiq har xil mikroelementlar tarkibi o‘zgarib ketar ekan. Bu o‘sha paytgacha dunyo olimlariga noma’lum bo‘lgan. Bu narsa ilk bor O‘zbekiston Seysmologiya instituti olimlari tomonidan aniqlandi va zilzila darakchisi sifatida qabul qilindi, – deydi akademik.

Akademikning so‘zlariga ko‘ra, zilziladan oldin yer siqilishi natijasida tog‘ jinslari deformatsiyaga uchraydi va shundan elektromagnit to‘lqinlar ajrala boshlaydi. Yana, silkinishlardan oldin yerda yoriqlar paydo bo‘la boshlaydi.

Shuningdek, biologik darakchilar ham bor. Hayvonlar binodan yugurib chiqib ketadi, ilonlar, it va mushuklar tashqariga chiqadi.

– Shulardan kelib chiqib, Andijondagi Oloy zilzilasi, Pop zilzilasi oldindan aytib berilgan. Lekin butun dunyo bo‘yicha hali zilzila vaqtini yuz foiz aniqlikda oldindan aytib beradigan maxsus xizmat yo‘q, – deydi akademik Qahhorboy Abdullabekov.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring markazi boshlig‘i Qahramon Qo‘chqorovning aytishida, Turkiyadagi kabi zilzilalar 1 kun yoki 1 yilda paydo bo‘lgan emas, bunday kuchli yer silkinishlari 50-60 yilda yetilib keladi.

– Bundan tashqari, internetda dunyoda seysmik faollik boshlanyapti, degan sarlavhalar bilan turli xaritalar tarqalyapti. Bunday xaritalar asossiz. Dunyoda hech qanaqa seysmik faollik boshlangan emas. Turkiyada zilzila bo‘lishidan oldin ham har hafta O‘zbekistonda 40-50 tacha kichik yer qimirlashlari bo‘lib turardi. Lekin buni hech kim sezmaydi, – deydi Qahramon Qo‘chqorov.

“Bu kuchli zilzilaga ishora”mi?

Ketma-ket bir necha marotaba kuchsiz zilzila sodir bo‘lishi odamlar orasida vahima uyg‘otdi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda har xil shov-shuv ko‘tarildi. Ular orasida “Kuchli zilzilalar oldidan shunday tez-tez yer silkinishlari bo‘ladi”, “Bu bekorga emas, yuqori balli zilzilaga ishora”, qabilida fikr bildiruvchilar ham yo‘q emas. Bu gaplarda qanchalik haqiqat, asos borligiga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining seysmogeodinamika laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi Ulfat Nurmatovga murojaat etdik.

– Markaziy Osiyo hududida zilzilalar doim bo‘lib turadi. Mintaqamizda zilzila o‘choqlari aniqlangan. Ular ma’lum bir davrlarda faollashadi. Hududimizdagi tektonik harakatlar tufayli har hafta o‘rtacha 10-15 marta kuchsiz yer silkinishlari yuz beradi. Bu odatiy hol. Ya’ni zilzilalar davriylik kasb etadi. Keyingi uch-to‘rt kun orasida ketma-ket yuz bergan kuchsiz zilzilalar haqida vahima ko‘tarishga hech qanday asos yo‘q. Yurtdoshlarimiz quruq uydirma gaplarga emas, aniq ilm-fanga ishongani ma’qul, – deydi Ulfat Nurmatov.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish