Toshkent shahrida yoshlarni boʻsh vaqtlarida ommaviy sport oʻyinlariga jalb etish maqsadida turli tadbir va intellektual oʻyinlar tashkil etilmoqda.
“ZIYO FORUM” ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi talaba yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda kibersport turlariga yoshlarni keng jalb qilish maqsadida joriy yil 9–11-noyabr kunlari OTM talabalari oʻrtasida kibersportning “CS:2” yoʻnalishida “ZIYO CUP” turnirini oʻtkazdi. Mukofot jamgʻarmasi 45 million soʻm boʻlgan turnirda Toshkent shahridagi 38 ta xususiy hamda xorijiy OTM talabalari oʻz kuchini namoyon etdi.
Saralash oʻyinlarida jami 300 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi. Final bahslariga esa 4 ta jamoa – 24 nafar ishtirokchi yetib keldi.
Shiddatli hamda murosasiz kurashlarda Toshkent shahridagi Vebster universiteti talabalariga teng keladigani topilmadi va ular 20 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ikkinchi oʻrin Toshkent texnologiya, menejment va kommunikatsiyalar instituti talabalariga nasib etdi va 15 million soʻm egasiga aylandi. Uchinchi oʻrin va 10 million soʻm Millat umidi universiteti talabalariga berildi.