Ko‘chmas mulkning narxi ancha yuqori va hamma ham xonadon uchun pul yig‘ish imkoniyatiga ega emas. Bu holatda ipoteka krediti sizga o‘z uy-joyingizni sotib olish va uni yillar davomida bo‘lib to‘lash imkoniyatini beradi.
Xo‘sh, ipoteka kreditlari necha yilgacha beriladi? Subsidiya olishda oylik maosh eng kamida qancha bo‘lishi kerak? Tahririyatimizga kelgan shu kabi savollarga birgalikda javob topamiz.
Prezidentimizning 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida, Moliya vazirligi tijorat banklariga pul mablag‘larini hamda tijorat banklari aholiga ipoteka kreditlarini 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yil (yigirmanchi yilni ham qo‘shgan holda) muddatga ajratishi ko‘rsatilgan.
Yuqoridagi asosga ko‘ra, uy-joyning qolgan to‘lovlarini 20 yil davomida to‘lab borish mumkin.
20 yil davomida har oylik to‘lov miqdori uyning bahosiga qarab to‘lov grafigida ko‘rsatiladi.
Shuningdek, uy-joy uchun subsidiya olishda Vazirlar Mahkamasining 182-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan, talabgor shaxs yoki oilaning qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha oylik daromadlari miqdori:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini 2,7 baravari (2 million 484 ming so‘m)dan 8 baravari (7 million 360 ming so‘m)gacha;
• Toshkent shahrida 2,7 baravari (2 million 484 ming so‘m)dan 9,2 baravari (8 million 464 ming so‘m) gacha bo‘lishi talab etiladi.