2500ta natija
19.5.2025 569
Bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ma’lumotli, bilimli, salohiyatli ayollar soni ortib bormoqda. Ammo achinarlisi shundaki, ularning aksariyati o‘z kasbi bo‘yicha ishlamaydi. PMTI (Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti) mutaxassislarining fikricha, o‘zbek ayollaridagi iqtisodiy faollikning pastligi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lishga bog‘liq. Joriy yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 37,7 mln kishini tashkil qilgan. Shundan18,7 mln nafarini ayollar tashkil etdi. Qolaversa, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 39 foiz kam maosh oladi va ular 30 yoshda martabaga erisha boshlaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayollar orasida ishsizlik darajasi erkaklarga qaraganda ancha yuqori. Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, barcha sohalarda gender tengligiga erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini ta’minlash butun dunyoda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2020-yillarda ayollar bandligi 4,2 foizga kamaygan va jami 54 mln ish o‘rni boy berilgan. Bu 2020-yilda ishlaydigan ayollar soni 2019-yildagiga nisbatan 13 million nafarga kamayganligini anglatadi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. Sababi, o‘rtacha 20-23 yoshida turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tug‘ruq ta’tilida, 2023-yilda 961 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu esa o‘z-o‘zidan ayollarning mehnat bozoridan vaqtincha chiqib ketishi va iqtisodiy nofaol maqomiga tushishiga olib kelgan. Ayollar vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi. Undan so‘ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug‘uruq ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqori. PMTI mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek ayoli aslida kuniga 12 soat ishlaydi, 7−8 soat ishxonada va undan keyin o‘rtacha 4 soat uy ishlari bilan band. Ayollarning mehnat bozoriga kirib borishidagi to‘siqlar ko‘p. Eng avvalo, jamiyatda hali-hanuz “ayolning joyi uyda” degan qarash mavjud. Aksariyat hollarda ularning ijtimoiy roli faqatgina oila, bolalar va uy ishlari bilan cheklanadi. Bu esa nafaqat ayollarning shaxsiy rivojlanishini, balki mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini ham sekinlashtiradi. Biroq ayollar o‘qishi va ishlashi oiladagi tarbiyani yanada mustahkamlashi, davlat rivojiga hissa qo‘shishi ularning xayoliga ham kelmaydi. O‘zbekistonda ayollarni to‘liq ish bilan ta’minlash iqtisodiy o‘sishga qanday hissa qo‘shadi? O‘zbekistonda ayollar aholining deyarli yarmini tashkil qiladi. Ammo mehnatga layoqatli ayollarning barchasi mehnat bozorida faol emas. Agar ular ish bilan to‘liq ta’minlansa, bu davlat iqtisodiyotiga sezilarli foyda olib keladi. Ayollar ishtiroki darajasi (labor force participation rate) – 2023-yilda faqat 35,4 foiz ayollar ishchi kuchi safida bo‘lgan. Erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 69 foiz atrofida. Ish bilan band ayollar soni – taxminan 5,5 million. Ishga layoqatli, ammo ishlamaydigan ayollar – 6 milliondan ortiq. To‘liq bandlik holatida kutilayotgan ijobiy natijalar: YAIM o‘sishi. Jahon banki va Xalqaro Mehnat Tashkilotining baholariga ko‘ra, agar ayollar ishtiroki erkaklar bilan teng bo‘lsa, O‘zbekiston YAIMi 20–25 foizgacha oshishi mumkin. Bu esa yiliga qo‘shimcha 15–20 milliard AQSH dollari miqdoridagi iqtisodiy foyda degani. Kambag‘allikni qisqartirish. Hozirgi kunda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11,5 foiz atrofida. Agar ayollar ko‘proq daromad topadigan bo‘lsa: Oilalarning moliyaviy holati yaxshilanadi. Kambag‘al oilalar soni 3-4 foizga kamayishi mumkin. Ijtimoiy yordamga ehtiyoj kamayadi, bu esa davlat byudjetiga yengillik keltiradi. Soliq tushumlarining oshishi. Ishlayotgan ayollar soni ortgani sayin solinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy badallar ko‘payadi. Bu esa davlat budjetiga yiliga 2–3 trillion so‘m qo‘shimcha daromad keltiradi. Bundan tashqari, ta’limga e’tibor oshadi: ishlovchi onalar farzandlarining o‘qishiga ko‘proq mablag‘ ajratadi. Ijtimoiy tenglik kuchayadi: ayollar iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘ladi. Mahalliy tadbirkorlik rivojlanadi: ayollar o‘z biznesini ochishga intiladi. Hozirda ayol-qizlarimizga ko‘plab qulayliklar yaratilgan. Ayollar ham o‘z huquqlaridan xabardor bo‘lishlari, o‘zlari xohlagandek faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin. 2024-yilda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun bu 15 trln so‘m ajratilishini ma’lum qilingan edi. Ammo ayollarning mehnat huquqi, jinsiy kamsitilishlar, ish haqining sun’iy pasaytirilishi, o‘qish va malaka oshirish jarayonlariga to‘sqinlik kabi bir qancha kuzatilayotgan muammolar bor. Shu sabab bu yo‘nalishdagi ishlarni kompleks tarzda olib borish kerak bo‘ladi.
17.5.2024 1395
15.12.2023 2816
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 1-moddasiga muvofiq mamlakatimiz boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlat ekanligi belgilab qo‘yildi.Oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan Bosh qomusimizda belgilangan “ijtimoiy davlat” tushunchasi qanday ma’noni anglatadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.“Ijtimoiy davlat” tushunchasi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ushbu tushunchani ilk bor nemis iqtisodchi olimi Lorens fon Shtayn muomalaga kiritganligini ko‘rishimiz mumkin. Unga ko‘ra, “ijtimoiy davlat” “turli xil darajadagi barcha ijtimoiy tabaqalar uchun o‘z hokimiyati orqali shaxsiy huquqlarda mutlaq tenglikni ta’minlash”ni nazarda tutadi. Ya’ni, davlatning vazifasi ijtimoiy tenglik va shaxsiy erkinlikni o‘rnatish, quyi va kam ta’minlangan ijtimoiy qatlamlarni boy va kuchlilar darajasiga ko‘tarishga harakat qilishdan iborat deb hisoblaydi. “Ijtimoiy davlat” tushunchasi 1949 yilda qabul qilingan Germaniya Federativ Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida o‘z aksini topgan. Unda Germaniya “demokratik va ijtimoiy federal davlat”, deb qayd etilgan.Bundan tashqari Ijtimoiy davlat modeli Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvesiya, Italiya, Belgiya, Daniya, Finlandiya, Portugaliya, Ispaniya, Avstriya, Gresiya, Yaponiya, Shvesariya, AQSH kabiy davlatlarda qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida ham o‘tgan yillar davomida ijtimoiy davlat tamoyilini amalga oshirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etildi, “Monomarkaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi, ishlayotgan pensionerlarga yuz foiz pensiya to‘lashga o‘tildi. Ayniqsa, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatida e’tirof qilinishi bu boradagi ishlarga mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.Fikrimizcha, «ijtimoiy davlat» tamoyillarini, ya’ni fuqarolarning davlat himoyasida bo‘lishining kafolatlarini ta’minlash va sohani tubdan isloh qilishda yagona yondashuv talab etilar edi. Shu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi PF–82-son Farmoni asosida tashkil etilgan Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari fuqarolarimizning aynan ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur Agentlikning tashkil etilishi, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadlarini amalga oshiradi.Farmonga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan bolalar uylari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari, Urush va mehnat faxriylari respublika pansionati va boshqa ijtimoiy muassasalarning to‘laligicha Agentlik tuzilmasiga o‘tkazilayotganligi buning tasdig‘idir.Muxtasar aytganda, mazkur qadamlar fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirishga xizmat qiladi.
29.11.2023 1383
Prezidentning tegishli farmoni bilan (2023-yil, 27-noyabr) ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritiladi. Unga ko‘ra, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab Ochiq ma’lumotlar portali hamda vazirlik va idoralarning veb-saytlariga boshqa ochiq ma’lumotlar qatorida quyidagilar ham joylashtiriladi: hududlar kesimida “Haj” ziyoratiga borish uchun navbatda turgan fuqarolarning yagona onlayn navbati; bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati; davlat xaridlarini amalga oshirishga oid tartib-taomillarni belgilovchi ichki hujjatlar; bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinadigan hujjatlar; nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari, shu jumladan g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlarining buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlar. Shuningdek, ushbu qaror bilan quyidagi imtihonlar Internet tarmog‘ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladi: falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno); o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining, (shu jumladan, “Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik liseylarining) test sinovlari; Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari; oliy ta’lim muassasalaridagi harbiy kafedralarga qabul qilish.
2.8.2023 5208
Yosh dehqonlarga yana bir imkoniyat Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-sonli qarori bilan mahalladagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olingan yoshlar bilim olishi, kasb-hunar oʻrganishi, davolanishi, doimiy ish bilan taʼminlanishi, subsidiya asosida asbob-uskunalar olishi, moddiy ahvolini tiklashi, tadbirkorligini boshlash va rivojlantirishi uchun 25 ta yoʻnalishda yordam olishi mumkin. 22-IMTIYOZ: “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali olishda undiriladigan BHMning bir baravari miqdoridagi garov pulidan ozod qilinadi.
18.4.2023 1714
Yangilanayotgan asosiy qonunimizda ta’lim tizimining barcha bosqichlari bugungi kun talablari darajasida faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslarni yaratish, pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Masalan, qonun loyihasining 50-moddasida har kimning ta’lim olish huquqi e’tirof etilib, uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishi uchun zarur sharoitlar davlat tomonidan ta’minlanishi belgilanmoqda. Ilk marotaba bog‘cha yoshidagi bolalarning ta’lim va tarbiyasi sohasidagi davlat kafolatining konstitutsiyaviy darajada belgilanishi tarixiy voqeadir. So‘nggi besh yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 72 foizga oshdi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5211 tadan 29 mingdan ziyodga yetkazildi. “Finance Inquirer” nashri tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston 2022-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlat ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Aholining keng qatlamlarini oliy ta’lim bilan qamrab olish masalasi Prezidentimiz tomonidan BMT minbarida ham ko‘tarilgan va 2030-yilgacha O‘zbekistonda 50 foiz yosh aholi oliy ma’lumotga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Shu sababli oliy ta’limni olish huquqi Konstitutsiya darajasigacha oshirilmoqda. Xususan, loyihaning 51-moddasida fuqarolarning davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olish huquqi e’tirof etilmoqda. Yangilanayotgan Konstitusiyamizning 52-moddasida yurtimizda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilmoqda. Taklif etilgan yangi qoidalarga ko‘ra, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. O‘zbekiston 2022-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlat ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.