2554ta natija
7.7.2026 33
Bugungi kunda huquq sohasi nafaqat qonunlarni qo‘llash, balki zamonaviy texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar bilan ham chambarchas bog‘lanib bormoqda. Korporativ huquq, xalqaro arbitraj va sun’iy intellekt imkoniyatlarini huquq tizimiga tatbiq etish yo‘nalishida izlanish olib borayotgan yosh huquqshunos Miraziz Amrulloyevning faoliyati ana shu tendensiyaning yorqin misollaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda u xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham faol ishtirok etib kelmoqda. 2026-yil mart oyida xalqaro ilmiy New Renaissance jurnalida huquq sohasi bo‘yicha ilmiy taqrizchi va muharrir etib tayinlandi. Shuningdek, Eurasian Journal of Law, Finance and Applied Sciences xalqaro jurnali tahririyati tarkibiga ham qabul qilindi. Bu vazifalar ilmiy maqolalarni baholash, ularning ilmiy qiymati va dolzarbligini tahlil qilish hamda nashr jarayonida ishtirok etishni nazarda tutadi. Olimning ilmiy izlanishlari korporativ huquq, arbitraj, korporativ nizolarni hal etish, fintex va sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Uning AQSH tijorat amaliyotida korporativ nizolarni sudgacha hal etish, Osiyoda arbitraj rivoji, sun’iy intellektning huquq tizimiga ta’siri hamda pandemiyadan keyingi transchegaraviy korporativ munosabatlar haqidagi tadqiqotlari xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilingan. Amaliy faoliyatda ham u korporativ huquq sohasida tajriba orttirgan. O‘zbekiston–Umon investisiya kompaniyasidagi faoliyati davomida yirik investisiya bitimlari bo‘yicha huquqiy hujjatlarni tayyorlash, korporativ boshqaruv masalalarini huquqiy ta’minlash va muzokara jarayonlarida ishtirok etgan. Bu tajriba unga korporativ munosabatlarning amaliy jihatlarini chuqur o‘rganish imkonini berdi. Huquqiy texnologiyalarni rivojlantirish ham uning faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. U tomonidan tashkil etilgan CORP-LEX platformasi AQSH korporativ huquqi va korporativ komplayens sohasida sun’iy intellekt yordamida huquqiy tahlil va tadqiqotlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan. Loyiha huquqiy xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan raqamli yechim sifatida e’tirof etilmoqda.Miraziz Amrulloyevning xalqaro huquqiy ta’lim sohasidagi yutuqlari ham e’tiborga loyiq. U AQSHning bir nechta nufuzli yuridik oliy ta’lim muassasalaridan grant va qabul takliflarini olgan, 2025 yilda esa Nyu-York shtati advokatlik imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, barcha talablarni bajargan holda mazkur shtatda advokat sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ilmiy va kasbiy faoliyati huquqiy jamoatchilik bilan hamkorlikda ham davom etmoqda. O‘zbekiston Yuristlar assosiatsiyasi a’zosi sifatida soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan huquqshunos respublika miqyosidagi «Zukko yurist» tanlovida hakamlik qilib, yosh huquqshunoslarning huquqiy bilim va tahliliy salohiyatini baholashda ishtirok etgan. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etilgan xalqaro huquqiy karyeraga bag‘ishlangan vebinarda mehmon ma’ruzachi sifatida qatnashib, talabalar bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashgan. Huquqiy tadqiqotlar, amaliy korporativ huquq, ilmiy tahrirchilik va raqamli texnologiyalarni birlashtirgan faoliyat Miraziz Amrulloyevning huquqshunoslik sohasidagi ko‘p qirrali izlanishlarini namoyon etmoqda. Bu kabi tashabbuslar huquq sohasida ilmiy yondashuv va innovasion texnologiyalar uyg‘unligini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
3.7.2026 187
Bugungi talaba diplom yoki kurs ishini bir necha daqiqada yozishi, yosh xodim esa bir necha soniyada yillik tahliliy hisobotni tayyorlashi mumkin. Bir qarashda bu texnologik taraqqiyotning yutug‘i, insoniyatni og‘ir intellektual mehnatdan xalos etgan inqilobdek ko‘rinadi. Ammo moliya, ta’lim va neyrobiologiya sohasidagi mutaxassislar xavotirli bir savolni o‘rtaga tashlayapti: sun’iy intellekt ishimizni yengillashtiryaptimi yoki fikrlash qobiliyatimizni zaiflashtiryaptimi? Nega bilim ko‘paygan davrda mustaqil fikrlash tanqis bo‘lib boryapti? Vaholanki, biz instrumental vositadan intellektual qaramlik omiliga o‘tish chorrahasida turibmiz. Agar ilgari kalkulyator insonning faqat hisoblash tezligini oshirgan, imlo tekshirgichlar esa so‘zlar xatosini to‘g‘rilagan bo‘lsa, bugungi neyrotarmoqlar inson o‘rniga mantiqiy zanjirlar qurish, xulosa chiqarish va qaror qabul qilish vazifasini o‘z zimmasiga olmoqda. Biz muammolarni yechishni SIga topshirib qo‘yyapmiz. Natijada jamiyatda yangi bir tushuncha – “tayyor intellekt” madaniyati shakllanmoqda. Bu madaniyatning xavfi shundaki, u yosh avlodni aslida miyaning eng muhim evolyutsion quroli bo‘lmish tanqidiy va tahliliy fikrlashdan mahrum etyapti. Tizim bizga tayyor yechimlarni taqdim etar ekan, barchasini so‘zsiz qabul qiladigan passiv iste’molchiga aylanib borayotganimizni sezmay qolyapmiz. Miyaning “tayyor non”ga o‘rganishi Inson miyasi – tabiatan aql-bovar qilmas darajada tejamkor. U umumiy tana vaznining bor-yo‘g‘i 2 foizini tashkil etsa-da, organizmdagi energiyaning qariyb 20 foizini sarflaydi. Psixologiyada “minimal harakat qonuni” deb ataluvchi mexanizm mavjud: agar miya biror vazifani kamroq energiya sarflab bajarish yo‘lini ko‘rsa, u hech ikkilanmay o‘sha yo‘lni tanlaydi va kognitiv (aqliy) dangasalik rejimiga o‘tadi. Sun’iy intellekt insoniyatga aynan mana shu kognitiv daxlsizlikni taklif qildi. Biz endi muammoning yechimi ustida bosh qotirishimiz, o‘nlab kitoblarni varaqlab, ma’lumotlarni bir-biriga solishtirishimiz shart emas. Birgina so‘rov (promt) va bir necha soniya – javob tayyor. “Google effekti”dan “ChatGPT effekti”ga o‘tish: bundan o‘n yillar avval psixologlar “Google effekti” (yoki raqamli amneziya) fenomenini aniqlashgan edi. Unga ko‘ra, inson miyasi internetdan osongina topish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni xotirada saqlab o‘tirmaydi, ya’ni xotira funksiyasini tashqi diskka yuklaydi. Bugun esa biz xavfliroq bosqichga – “ChatGPT effekti”ga o‘tdik. Endi yoshlar nafaqat xotirani, ma’lumotni qayta ishlash, mantiqiy xulosalar chiqarish va matn shakllantirish kabi analitik funksiyalarni ham sun’iy intellektga autsorsing qilmoqda. Miyaning ishlatilmayotgan qismlari esa, neyroplastiklik qonunlariga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan zaiflashib boradi. Soxta intellektual ishonch va “IKEA effekti”ning yo‘qolishi: neyrotarmoqlar yoshlarda xavfli psixologik illyuziyani – “Danning-Kryuger effekti”ni keltirib chiqaryapti. Talaba yoki yosh xodim SI yordamida mukammal bir tahliliy matn yaratganda, unda “men hamma narsani bilaman va qila olaman” degan soxta intellektual ishonch shakllanadi. Vaholanki, u o‘sha matn tarkibidagi ma’lumotlarning tub mohiyatini anglab yetmagan, ularni miyasida qayta ishlamagan bo‘ladi. Bu jarayonda eng katta yo‘qotishlardan biri “IKEA effekti” bilan bog‘liq. “IKEA effekti” inson o‘z qo‘li yoki aqliy mehnati bilan, qiyinchilik evaziga yaratgan mahsulotini (qo‘lda yasalgan buyum, o‘zi yozgan oddiy bir insho) boshqa narsalardan ko‘ra ko‘proq qadrlashi va undan intellektual qoniqish hosil qilishi fenomenidir. Qiyinchilik, xatolar ustida ishlash va izlanish azobi insonda muvaffaqiyat hissi va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Sun’iy intellekt esa ushbu jarayondan “mehnat va izlanish” bosqichini butunlay olib tashlayapti. Yoshlar tayyor mahsulotga ega bo‘lsa-da, ularda haqiqiy ijodiy qoniqish, o‘z salohiyatiga bo‘lgan ichki ishonch shakllanmaydi. O‘z mehnati bilan material yig‘magan, g‘oyalarni bir-biriga taqqoslab azoblanmagan talaba yoki xodim o‘z ishining qadriga ham yetmaydi. Bu esa yakunda shaxsning intellektual jihatdan infantil (bolalarcha passiv) bo‘lib qolishiga, o‘z fikrini himoya qila olmaydigan va har qanday tayyor axborotni tekshirmasdan qabul qiladigan manipulyatsiyaga moyil avlod shakllanishiga zamin yaratadi. Manipulyatsiya xavfi Insoniyat tarixida tanqidiy fikrlash shaxs erkinligi va jamiyat daxlsizligining bosh mudofaa chizig‘i vazifasini bajargan. Biz axborotni shubha ostiga olish, savol berish va uni faktlar tarozisiga tortish orqali manipulyatsiyalardan himoyalanganmiz. Biroq neyrotarmoqlarga so‘zsiz ishonadigan va aqliy mehnatni ularga topshirib qo‘ygan yangi avlodning shakllanishi global miqyosda ancha jiddiy va tizimli xavflarni keltirib chiqaradi. Shaxsiy dunyoqarash yemirilishi: yoshlar har qanday savolga javobni kitobdan, jonli muloqotdan yoki turli qarashlardagi manbalarni solishtirishdan emas, neyrotarmoqning qisqa va qat’iy interfeysidan qidiryapti. Xavf shundaki, sun’iy intellekt neytral vosita emas. U muayyan kompaniyalar, guruhlar tomonidan yaratilgan va uning axborot filtrlari, qadriyatlar tizimi o‘sha dasturchilarning qarashlariga moslab sozlangan. Tizimli manipulyatsiya: agar butun bir avlod tarixiy voqealarga, ijtimoiy jarayonlarga yoki iqtisodiy islohotlarga baho berishni faqat algoritmlardan so‘rasa va ularning javobini yakuniy haqiqat deb qabul qilsa, jamiyatni mafkuraviy jihatdan global miqyosda bir qolipga solish (indoktrinatsiya qilish) hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Tanqidiy nigoh bo‘lmagan joyda algoritmlar nimani to‘g‘ri deb ko‘rsatsa, yoshlar o‘shani o‘z e’tiqodiga aylantira boshlaydi. Feyklar va posthaqiqat (post-truth) asrida himoyasizlik: neyrotarmoqlar yordamida haqiqiydan ajratib bo‘lmaydigan soxta tasvirlar, audio va matnlar yaratilayotgan “posthaqiqat” davrida yashayapmiz. Bunday sharoitda jamiyatni yolg‘on va dezinformatsiya girdobidan faqat kuchli tanqidiy fikrlash va faktlarni tekshirish madaniyati asrab qolishi mumkin. Yakunda bu jarayon jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga daxl qiladi. Mustaqil fikrlashdan uzoqlashgan va faqat algoritmlar chizib bergan intellektual ramka ichida yashaydigan avlodni boshqarish, reklama orqali chalg‘itish va soxta g‘oyalarga ishontirish har qachongidan ham osonroq kechadi. Shaxsiy suverenitetning butunlay yo‘qolishi esa mumkin bo‘lgan eng oliy xavfdir. Balansni qanday topish kerak? Ushbu tahlillar SIni insoniyatga tahdid soluvchi mutlaq xavf yoki raqamli dushman sifatida ko‘rishga asos bo‘lmaydi. SI – vosita, inson tafakkurining mahsuli. Muammo texnologiyaning o‘zida emas, biz unga qanday yondashganimizda va aqliy mehnatimizning qaysi qismini unga topshirganimizda. Pichoq nimanidir kesish uchun ham, insonga zarar yetkazish uchun ham xizmat qilishi mumkin bo‘lganidek, neyrotarmoqlar ham fikrlashni kengaytirishi yoki butunlay o‘ldirishi mumkin. Texnologiya va uning imkoniyatlaridan voz kechish taraqqiyotdan ortda qolish bo‘ladi. Ammo intellektual inqirozni to‘xtatish uchun tezlik va sifat, qulaylik va mustaqil fikrlash o‘rtasidagi balansni topishimiz shart. Har bir inson raqamli dunyoda o‘z miyasini asrash, tahlil qilish ko‘nikmasini yo‘qotmaslik uchun ichki qoidalarni joriy etishi shart. Buni shaxsiy “intellektual gigiyena” deb atash mumkin. Miyaga dastlabki imkoniyatni berish: biror mavzuni o‘rganishda yoki muammoga yechim qidirishda avval o‘sha masala ustida mustaqil fikrlash, g‘oyalar o‘ylash lozim. Shundan keyingina neyrotarmoqqa assistent sifatida murojaat qilish o‘rinli bo‘ladi. Ma’lumotlarni qayta tekshirish: algoritmlar bergan har qanday tayyor ma’lumot yoki xulosani yakuniy haqiqat deb bilmasdan, ularni kamida uchta mustaqil manba orqali tekshirish madaniyatini shakllantirish kerak. Rolni to‘g‘ri taqsimlash: SI o‘rnimizga fikrlaydigan “soxta miya” emas, balki biz yozgan g‘oyalarni silliqlaydigan, tuzatish kiritadigan va tahlil ko‘lamini kengaytiradigan raqamli yordamchi bo‘lib qolishi shart. O‘z ijodimiz mahsuli bo‘lgan algoritmga o‘zligimizni boshqarish huquqini berib qo‘ymasligimiz, qulaylik evaziga eng oliy ne’mat – mustaqil va erkin fikrlashimizni qurbon qilmasligimiz kerak.
3.7.2026 149
Har bir davrning el og‘ziga tushgan qahramonlari, mashhurlari bo‘ladi. Biroq vaqt o‘tib, mashhurlik haqidagi tasavvurlar o‘zgarib ketdi. Bir paytlar inson tanilishi uchun undan katta iste’dod, yillar davomida qilingan mehnat yoki jamiyatga foydasi tegadigan biror faoliyat talab qilingan. Taniqli jurnalist, yozuvchi, olim yoki san’atkor bo‘lish uchun yillar chig‘irig‘idan o‘tish shart bo‘lgan. Endi mezonlar mutlaqo o‘zgardi. Internet asrida odamlarning diqqatini qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham jalb qila olishning o‘zi mashhurlik poydevoriga aylandi. TikTok, Instagram va YouTube kabi global platformalar klassik, qat’iy me’yorlarni buzib tashladi. Ijtimoiy tarmoqni ochsangiz, kechagina hech kim tanimaydigan kishi biror g‘alati ishi, bema’ni bir gapi yoki shunchaki ahmoqona qilig‘i bilan bir kunda trendga chiqib olganini ko‘rasiz. O‘z-o‘zidan mashhurlik tarozisi pallasiga obunachilar soni, videolarga bosilgan “yoqtirma”lar va internetdagi shov-shuvli muhokamalar qo‘yilyapti. Tarmoqlar minbarni hammaga teng tarqatib yubordi. Lekin buning badaliga havas qilinadigan, namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan insonlar haqidagi tushuncha o‘zgardi yoki xas orasida yo‘qolgan ignadek ko‘rinmay qoldi, mashhurlik esa arzonlashib ketdi. Ammo bunday oson kelgan maqom xuddi shunday tez qo‘ldan ketyapti. Bugungi tomoshabin juda injiq va besabr. Internet olami yangilikka shu qadar tez to‘yadi va zerikadiki, sizni kecha millionlab odam ko‘rib, olqishlagan bo‘lsa, ertaga qiziqroq yangi tomosha chiqishi bilan unutib yuborishlari turgan gap. Bugungi internet mashhurlari odamlarning e’tiborini saqlab qolish, tarmoqlar tasmasida doim aylanish uchun ijtimoiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilishga, o‘z shaxsiy hayotini, oilasini, kundalik turmushini ham ko‘rsatib muhokamalar yaratishga urinyapti. Ertalab nima yegani, qayerga borgani, xotini yoki eri bilan qanday urishgani ommaga olib chiqilyapti. Lekin bu poyganing jamiyat uchun eng xavfli asorati – mehnatsiz e’tibor topish istagi. Mashaqqat chekish, yillar davomida ilm olish, kasb-hunar o‘rganish yoki fanga umrini baxsh etish bugungi aksar yoshlar ko‘zicha g‘irt vaqt yo‘qotish. “Nima qilaman, besh yil o‘qib, baribir blogerchalik pul topolmayman-ku” degan fikr o‘smirlar ongini zaharli tuman kabi qoplab bormoqda. Hamma hayotda osongina va kalta yo‘l bilan puldor va mashhur bo‘lishni istayapti. Biroq unutmaslik kerak: mashhurlikning haqiqiy mezoni hech qachon telefondagi quruq sonlar bilan o‘lchanmaydi. Tarix sahifalarida iz qoldirgan buyuk insonlar vaqtinchalik trendlar yoki bir kunlik e’tibor bilan emas, jamiyat hayotini o‘zgartirgan katta xizmatlari bilan qadrlanadi. Vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rishlar soni unutiladi, o‘sha sahifalar ham o‘chib, yo‘qolib ketar, ammo haqiqiy iste’dod va xalqqa teggan foyda yillar o‘tsa ham o‘z qiymatini yo‘qotmaydi. Nima bo‘lganda ham, vaqt baribir o‘z so‘zini aytadi va hamma narsani o‘z joyiga qo‘yadi. Bir kunlik arzon trendlar bilan haqiqiy hurmatni, xalqning chinakam sevgisini hech qachon sotib olib bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar hammamizga minbar berdi, yaxshi imkoniyat. Lekin minbardan turib nima deyishimiz va odamlar xotirasida kim bo‘lib qolishimiz baribir eng asosiy masala.
2.7.2026 204
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish strategiyasi doirasida fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini kafolatlash, sud-huquq tizimini rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Tarixan qisqa davrda yurtimizda qonuniylik va huquq-tartibotni takomillashtirishning institusional hamda huquqiy asoslari shakllantirildi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda adolat va inson manfaatlari ustuvorligini qaror toptirishda, barcha islohotlar avvalo inson qadri uchun degan tamoyil asosida amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘z navbatida, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarning manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlari va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda voyaga yetmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar tushuniladi. Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishning yangi davri boshlandi, ya’ni voyaga yetmaganlar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari yanada mustahkamlandi. Bugungi kunga qadar jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarning javobgarligi, ularga nisbatan jazo tayinlashning alohida tartibi belgilangan bo‘lsada, biroq voyaga yetmagan shaxslarning, shu jumladan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligining tugallanishiga oid alohida norma mavjud emas edi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yil 23 oktyabrda imzolangan «Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–1092-son) bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik liberallashtirildi. Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77, 841 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi. Yangi normalarga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘z jinoyati uchun belgilangan jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgach, sudlanmagan hisoblanadi. Bu o‘zgarish jinoyat sodir etgan yoshlarning keyingi hayotida ijtimoiy reabilitatsiyaga qaytish imkoniyatini kengaytiradi. Shu bilan birga, alohida ta’kidlab o‘tish joizki mazkur imtiyoz o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlarga yoki jazoni o‘tab bo‘lgach, yana qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, qonun bilan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etishning eng kam muddatlari ham qisqartirildi — avvalgi olti oylik chegara o‘rniga endi bir oylik minimal jazo qo‘llanishi mumkin. Bu choralar voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish va jazo tizimini insonparvarlashtirishga qaratilgan.Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlash, shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir. Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeks javobgarlikning asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydi.Jinoyat kodeksi qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi. Shuningdek, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.Yangi qabul qilingan Qonun bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yangi qabul qilingan Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon beradi.
25.6.2026 419
Zumerlar, ya’ni “Z” avlodning dunyoqarashi katta avlodni hayratga soladi. Millat tushunchasini nisbatan tor tushunadigan, dunyoni esa bir butun ko‘radigan bu avlod sayyoramizni barqarorlashtirishi kutilyapti. “Z” avlod haqidagi eng qiziq va umidli tadqiqotlardan biri shundan iboratki, zumerlarning urushlarga tobi yo‘q. Ular urush uchun kuchli va asosli sabablar izlaydi. Lekin eng “adolatli” hisoblangan qarashlar ham ularni urush haqidagi miflarga ishontira olmaydi. Olimlar buni Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar bilan bog‘laydi. Bugungi 30 yoshgacha bo‘lgan avlod bu urushlar bilan parallel yashagan va ijobiy tomonlarini ko‘rmagan. Bu hozirgi urushlarga ham shubha bilan qarashlariga sabab bo‘ldi. Masalan, “Daily Express” nashrida o‘tkazilgan so‘rov orqali 18-24 yoshlilarning 52 foizi frontda xizmat qilishni istamasligi aniqlangan. Tadqiqotchilar ularning bu qarorlarini asosli deb hisoblaydi. 1997−2012-yillar oralig‘ida tug‘ilganlar raqamli davrda o‘sgan birinchi avloddir. Ular ketma-ket zarbalar ostida shakllangan. 11-sentabr voqealari, 2008-yildagi moliyaviy inqiroz, Covid-19 va urushlarning qaytishi avlod 30 yoshga to‘lmasdan oldin sodir bo‘lgan. Bu voqeliklar sabab inson qadrini yuqori baholaydigan avlodni balandparvoz shiorlar bilan aldash mushkul masala. Ko‘p talato‘plarga guvoh bo‘lgan avlodning dunyo va uning kelajagi haqidagi qarashlari ham boshqa avlod vakillaridan farqli. 2019-yilda Harvard universitetining Siyosat instituti 18−29 yoshgacha bo‘lgan saylovchilardan AQSh tashqi siyosati uchun nimani ustuvor vazifa qilib ko‘rishlarini so‘radi. Ular saylovchilar uchun eng muhim masalalar terrorizmga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish (ikkalasi ham 39 foiz) va atrof-muhitni muhofaza qilish (34 foiz) ekanini aniqladi. Yadro quroli tarqalishining oldini olish va AQSh ittifoqchilarini himoya qilish yosh amerikalik saylovchilar uchun unchalik muhim emas edi. Dunyo olimlari zumerlarning siyosatga va hukumatga nisbatan ishonchi yo‘qolganini tasdiqlaydi. Ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, “Z” avlod hukumat zaif bo‘lgan joylarda, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi masalalarida o‘zlari tashabbusni qo‘lga olishga tayyor. Ular resurslarni boshqarish va sifatli ekologiya uchun hukumatga tayanmay harakat qilishadi. Zumerlarning turli masalalarga nisbatan qadriyatlarini bilish orqali dunyo kelajagi haqida taxminiy xulosa qilish mumkin. Ular haqida qat’iy fikrni Stenford universiteti doktori Roberta Katz beradi. U bu avlod “ko‘proq axloqiy fazilatlarga bo‘ysunishi”ni qat’iy ta’kidlaydi. Yirik tahliliy markazlardan biri “Deloitte’ tadqiqotiga ko‘ra, “Z” avlod uchun ideal dunyo uchta narsadan iborat: moliyaviy barqarorlik, maqsadli hayot, ruhiy va jismoniy salomatlik. Bu avlodning 94 foizi ish joyida maqsad hissi muhim deb biladi. 40 foizi esa maqsad yo‘q deb hisoblagan ish joyini tark etgan. Shuningdek, ular ekologiya mavzusiga asosiy masala sifatida qaraydi. “Deloitte”ning yana bir so‘roviga ko‘ra, “Z” avlodning 54 foizi ish beruvchisidan tabiatga zarar keltirmaslikni talab qiladi. 64 foizi ekologik toza mahsulotlar uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor. 20 foizi esa allaqachon ekologik qadriyatlari sababli ish yoki sohani o‘zgartirgan. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, katta avlodlardan farqli ravishda zumerlar globallashuvga normal qaraydi. So‘rovnomalar natijasi “Z” avlod oldingilarga qaraganda kamroq millatchiligini ko‘rsatadi. Chunki bugun mediamakon yoshlarning bir davlat nomi ostida emas, yakdil g‘oya ostida birlasha olishiga sabab bo‘ldi. Ular ma’lum hukumat yoki millat uchun emas, butun dunyo odamlari bilan birlashib, Yer uchun kurashishga tayyor. Turli nuqtalarda urush sadolari yuqorilar ekan, zumerlar davrida dunyo tinch va barqaror holga kelishiga ishonging keladi.
19.6.2026 471
San’at va adabiyot ma’lum davrni baholashda eng xolis manba. Ijodkor o‘sha davr odamlari qanday dard bilan yashagani, jamiyatning kayfiyati qanday bo‘lgani haqidagi savollarga beixtiyor javob beradi. Shuning uchun san’atni kuzatish juda qiziq, yirik o‘zgarishlarni payqamaslik esa ilojsiz. Bu o‘zgarishlar faqat texnik emas, mafkuraviy jihatdan ham ahamiyatga molik. Masalan, qayg‘uli qo‘shiqlarning nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda trend bo‘lishi savollar tug‘diradi. Qo‘shiqlarning “kambag‘allashish”i ham sabablar izlashga undaydi. Qo‘shiqlarni o‘tgan davr bilan solishtirganda ikkita muhim jihat e’tiborni tortadi: birinchisi qo‘shiqlar vaqtining qisqarishi va undagi turli cholg‘u asboblari sadolarining kamaygani bo‘lsa, ikkinchisi – qo‘shiqlardagi tushkunlik ruhi oldinlagani va shunday ruhdagi qo‘shiqlarning trendga aylangani.Davomiylik haqida gap ketganda birinchi ko‘zga ko‘rinadigan sabab ijtimoiy tarmoqlar bo‘ladi. Bu omilning musiqa industriyasiga ta’sirini rad etib bo‘lmaydi. “Diqqat iqtisodi” san’atni o‘z yo‘rig‘iga solyapti. Odamlarning e’tiborini ushlab qolish eng ustuvor vazifaga aylangan. Bu vazifaning ustiga “qanchalik qisqa bo‘lsa, shuncha yaxshi” degan mezon ham qo‘shiladi. Mezonlar shu darajada qat’iylashganki, 2024-yilgi Grammy mukofotida qo‘shiqlarning qariyb 20 foizi uch daqiqadan kamroq vaqt ichida ijro etilgan. 2025-yilgi Grammy mukofotida esa “Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i” nominatsiyasiga nomzod bo‘lgan ikkita: Sabrina Karpenterning “Espresso” va Charli XCXning “360” qo‘shiqlari ham xuddi shunday qisqa edi. Qisqarishning eng muhim sababi iqtisodiy omil. Spotify, Yandex Music kabi yirik musiqiy platformalar qo‘shiqlarning qayta-qayta eshitilishiga qarab ijrochilarga pul to‘laydi. Tabiiyki, qisqa qo‘shiqlarning eshitilishi ham takror-takror bo‘ladi. Bu esa san’atkorga daromad degani.Shunday bo‘lsa-da, ijoddagi birlamchi mezon baribir sifat bo‘lib qolaveradi. Aytaylik, “The Weeknd”ning “Blinding Lights” taronasi Spotifyda 4,75 milliard marta eshitilgan. Vaholanki, qo‘shiqning dastlabki 30 soniyasi kirish musiqa bilan boshlanadi. Bunday uzun kirishli musiqalar odatda o‘tgan asrda kuzatilgan.Botir Zokirov yoki Ravshan Namozovning ijod namunalarini eslaylik. Bu asarlar hozirgacha millionlab tinglovchilariga ega. Chunki qo‘shiqda klassik ohang, zamonaviy uslub va butun boshli orkestr uyg‘unlashuvini topishimiz mumkin. Bugun esa ijtimoiy tarmoqlarda gitara yoki pianino bilan kuylayotgan yoshlar to‘lib toshgan. Bu global tendensiya. Butun dunyo yosh musiqachilari bitta cholg‘u asbobi bilan millionlar qalbini zabt etmoqda. Ayni bu shakl ommalashuviga Billie Aylish kuchli ta’sir o‘tkazgan. U xuddi shu uslubda kuylaydigan va dunyo bo‘ylab milliardlab muxlislarga ega ijodkor. Uning muvaffaqiyatlari bu uslubni trend darajasiga ko‘tardi. Trendga aylanishiga sabab shu shakldagi ijro ko‘pchilikka ma’qul kelgani, albatta. Boshqa tarafdan esa ijrochiga qulay. Bu yo‘l tanilish yoki asar yaratish uchun eng kamchiqim variant: o‘zingda bor cholg‘u asbobini ol, kamerangni yoq va kuyla... Ertaga seni mashhurlik kutayotgan bo‘lishi mumkin.Ming yillardan beri musiqa inson qalbiga malham bo‘lib kelgan. Chunki qo‘shiq inson nutqi bilan ifoda eta olmaydigan tuyg‘ularni ifodalaydi, dardlarni qo‘zg‘aydi. Shuning uchun ham sotsiolog va psixologlar odamlar qanday qo‘shiq eshitayotganiga e’tibor qiladi. Tadqiqotchilar 1973–2023-yillarda yaratilgan 20 ming 186 qo‘shiq matnini o‘rganib chiqqanda 2000-yildan boshlab qo‘shiqlar mavzusi qorong‘ilasha boshlaganiga guvoh bo‘lgan. Bu borada italiyalik tahlilchi jurnalist Gabriele Amante shunday deydi:− Musiqa har doim kayfiyatimiz uchun “og‘riq qoldiruvchi” vosita sifatida ishlatilganini unutmaylik. Deyarli barcha madaniyatlarda motam lahzalari musiqa bilan birga bo‘lgan. Chunki tovush nutqning susaygan joyiga yetib boradi va og‘riqni yengillashtirishga yordam beradi. Dardli ashula eshitish bizning tabiiy biologik talabimiz. Zamonaviy yondashuvlar dramatik film yoki qayg‘uli qo‘shiq orqali yagona jabrdiyda biz ekanimizga ishontiradi. Deyarli barcha qo‘shiq “atrofda bizdan tashqari hamma yomon” degan hissiyotni beradi. Bu hissiyot odam o‘zini yengilroq his qilishiga yordamlashadi. Bu yordam depressiyaga moyil deyilayotgan avlod uchun juda muhim. Michigan universiteti professorlari Fred Konrad va Jeyson Kori o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, inson g‘amgin qo‘shiqlarni 800 martagacha eshitishi mumkin ekan. Baxtli ruhdagilarini esa 175 martagacha. Tadqiqotga ishonsak, g‘amgin asarlarning muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoli yuqori. Shuning uchun ham shu mavzu g‘oya topolmayotgan prodyuser yoki xonandaga “oltin chipta” bo‘lib xizmat qiladi. Shu asosda yaratilgan asarning qanchalik samimiyligi esa alohida mavzu.Biz doim dardimizni kuylaganni haq va xolis deb bilamiz. Unga uzoq quloq tutamiz. Bundan esa juda mohirona foydalanishyapti. Qo‘shiqlardagi jabrdiyda o‘zimiz, lekin bizga azob berayotgan “Qorabotir” yoki “bevafo yor” kim?