2581
8.10.2026 249
Har bir kasbning o‘z mas’uliyati, o‘ziga yarasha sharafi bor. Men esa bundan to‘rt yil avval mahalladagi yoshlar yetakchisi bo‘lishdek mas’uliyatni tanladim. Mutaxassisligim pedagogika bilan bog‘liq bo‘lgani uchun yoshlar bilan ishlash men uchun avvaldan qiziqarli edi. Ammo yetakchilik faoliyati menga bu kasb oddiygina lavozim emasligini, yoshlarning chinakam hamsuhbati, do‘sti va yordamchisi bo‘lish kerakligini anglatdi. Bugun men faoliyat yuritayotgan Qiziltepa tumanidagi G‘amxo‘r mahallasida 2 408 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 1 017 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar. 14–30 yoshdagi 585 nafar yoshning 290 nafari xotin-qizlar. Ular bilan ishlash katta mas’uliyat talab qiladi. Alohida taqdirlar Yoshlar bilan ishlashda eng muhim jihatlardan biri – manzillilik. Shu maqsadda “Yoshlar balansi”ni shakllantirish jarayonida har bir yoshning xohish-istagi, bandligi, ta’limi, oilaviy va ijtimoiy holatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratdik. Yoshlarning yomoni bo‘lmaydi. Ba’zan u shunchaki hayotda o‘z yo‘lini topolmay qolishi yoki noto‘g‘ri tanlov asoratida qolishi mumkin. Yetakchining vazifasi esa shu pallada yoshni qo‘llab-quvvatlash, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va imkoniyat yaratish. 2026-yil davomida mahallamizdan 2 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi. Buning uchun 13,7 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, bir nafar yoshning harbiy xizmat to‘lovi uchun 9,2 million so‘m, yana birining zamonaviy kasbga o‘qishi uchun 4,5 million so‘m ajratildi. Yil boshidan buyon mahallamizda 26 nafar ishsiz yosh aniqlandi va ular ish bilan band qilindi. Shundan 8 nafari zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitildi. 6 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratildi, 12 nafari esa doimiy ish bilan ta’minlandi. Ayniqsa, yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapmiz. Masalan, Sirojiddin Hakimov sartaroshlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z daromadiga ega bo‘ldi va shogirdlarga kasb sirlarini o‘rgatmoqda. Ozodbek Qo‘ldoshev toshga ishlov beruvchi kichik sex ochib, uch nafar yoshning bandligini ta’minladi. Rushana Azimova esa tikuvchilik faoliyatini boshladi. Bitiruvchi e’tibordan chetda qolmasligi kerak Bitiruvchilar bilan ishlashga ham alohida e’tibor qarataman. 2025–2026-o‘quv yilida mahallamizdagi 58 nafar bitiruvchi bo‘yicha bandlik va ta’lim masalalari o‘rganildi. Maktab bitiruvchilarining 17 nafari oliy ta’limga, 3 nafari professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Ikki nafar yosh mahalladagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan ustoz-shogird tizimi asosida kasb o‘rganmoqda. Professional ta’lim bitiruvchilarining 7 nafari oliy ta’limga o‘qishga kirdi, 3 nafari o‘zini o‘zi band qildi, 2 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Oliy ta’lim bitiruvchilarining 23 nafari ish bilan ta’minlandi, 2 nafari magistraturada o‘qishini davom ettirmoqda. Mahallamizda sportsevar yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu sababli “Besh tashabbus olimpiadasi”ni targ‘ib qilish va yoshlarni sportga jalb etishga harakat qilamiz. Joriy davrda 526 nafar yosh ushbu loyiha doirasidagi musobaqalarga jalb qilindi. Mahalla jamoasi voleybol bo‘yicha viloyatda birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Gandbol bo‘yicha qizlarimiz ham faol qatnashmoqda. Paralimpiadaning shaxmat yo‘nalishida Dilshodjon Suvonov yaxshi natijalarga erishdi. Mahallamizda sport uchun sharoit yaratilishiga ham jamoatchilik vakillari katta hissa qo‘shmoqda. Yoshlarimizning bunga munosib javobi esa musobaqalardagi natijalarida namoyon bo‘lmoqda. Bilim va tafakkur Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga ularning intellektual salohiyatini oshirishga ham e’tibor qaratyapmiz. Mahallamizdagi 28-maktabda “Zakovat”, shaxmat-shashka va sport to‘garaklari tashkil etilgan. “Zakovat” klubimiz a’zolari ikki yil davomida hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugungi kunda “Mutolaa” loyihasidan 62 nafar yosh foydalanib, jami 310 dan ortiq kitob mutolaa qilmoqda. “Ibrat academy” platformasida 70 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan va ulardan 7 nafari sertifikat olishga muvaffaq bo‘lgan. “Ustoz AI” loyihasida 36 nafar yosh qatnashib, 3 nafari sertifikat olgan. “UzChess”dan 30 nafar yosh faol foydalanmoqda. “Qizlar akademiyasi”ga esa 42 nafar xotin-qiz jalb etilgan bo‘lib, 4 nafari sertifikat olgan. Menimcha, yoshlarga berilgan eng katta yordam imkoniyatlardan qanday foydalanishni o‘rgatishdir. E’tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlash Mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining qiziqishi va ehtiyojlaridan kelib chiqib, individual dasturlar ishlab chiqildi. Ayrim yoshlar davlat va nodavlat ta’lim muassasalaridagi to‘garaklarga yo‘naltirildi, ayrimlari esa mahalladagi kasb egalari va tadbirkorlarga biriktirilib, ustoz-shogird tizimi asosida kasb o‘rganmoqda. Faoliyatim davomida shuni his qildimki, ayrim yoshlarga moddiy yordamdan ham ko‘ra, uning dardini eshitadigan inson kerak. Ba’zan yoshlar ota-onasiga yoki yaqinlariga aytolmagan gaplarini men bilan o‘rtoqlashadi. Ana shunday paytlarda yetakchi sifatida emas, inson sifatida ularni tinglashga va qo‘limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman. Mahallamizda harbiy sohaga qiziqadigan, jamoat ishlarida faol yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Men ularni mahallamizning chinakam qalqonlari deb bilaman. Ular bilan hamkorlikda turli tadbirlarni tashkil etish, tungi tadbirlarda jamoat tartibini ta’minlash kabi ishlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida mahallamiz ikki yil davomida jinoyatchilik qayd etilmagan “yashil” mahallalar qatorida bo‘lib kelmoqda. Faoliyatimni tahlil qilar ekanman, men uchun eng katta natija yoshlarning hayotidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Yoshlar yetakchisi o‘z mahallasidagi yoshlarni birlashtira olishi, ularning muammosiga befarq bo‘lmasligi, tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi va eng muhimi, ularga ishonishi kerak. G‘amxo‘r mahallasining har bir yoshini katta imkoniyatlarga ega, ulkan maqsadlar sari intilayotgan avlod vakili sifatida ko‘raman. Asosiy maqsadim esa shu imkoniyatlar asosida maqsadlari ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish.
8.10.2026 240
Samarqand tumanidagi Mirishkor mahallasida yoshlar bilan ishlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – ularning bandligini ta’minlash. Yil boshida ishsiz sifatida ro‘yxatda turgan 24 nafar yoshning qiziqishi, kasbiy salohiyati va oilaviy sharoiti o‘rganilib, manzilli choralar belgilandi. Natijada 15 nafari tadbirkorlar bilan tashkil etilgan uchrashuvlardan so‘ng mebel sexi va asfalt zavodiga ishga joylashtirildi. Yana 16 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 5 nafar yoshga imtiyozli kreditlar ajratildi, 2 nafari subsidiyalar asosida zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi, yana 2 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Mazkur chora-tadbirlar yoshlarning uzoq muddatli bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. – Mahallamizdagi har bir yoshning bandligi va kelajagi biz uchun eng muhim vazifalardan ekanligi uchun ishsiz yoshlarning har biri bilan yakka tartibda ishlashga, ularning qiziqishi, qobiliyati va ehtiyojidan kelib chiqib amaliy yechimlar topishga alohida e’tibor qaratdik, – deydi Mirishkor mahallasi yoshlar yetakchisi Sabina Ahmedova. – Bugungi natijalar – jamoaviy sa’y-harakatlar samarasi. Kelgusida ham mahallamizda yoshlar bandligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida izchil ishlashda davom etamiz. Mirishkor mahallasi balansi: Aholi: 3239 nafar; Yoshlar: 812 nafar; Xotin-qizlar: 420 nafar. “Yashil” toifa: 536 nafar; “Sariq” toifa: 276 nafar; “Qizil” toifa: 3 nafar. Mahalla drayveri: dehqonchilik va chorvachilik. “Bitiruvchi yoshlar” dasturi Mirishkor mahallasida 2025-yilda amalga oshirilgan muhim loyihalardan biri “Bitiruvchi yoshlar” dasturi bo‘ldi. Dastur doirasida 24 nafar bitiruvchi yosh to‘liq qamrab olindi. Ularning mehnat bozoriga kirishi, ta’limni davom ettirishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi bo‘yicha individual yo‘l xaritalari ishlab chiqildi. Natijada: 11 nafari mehnat bozoriga kirib keldi; 3 nafari oliy ta’limni davom ettirdi; 2 nafari o‘qishini davom ettirishga qaror qildi; 4 nafari kredit asosida qo‘llab-quvvatlandi; 2 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Yil yakuniga kelib dastur ishtirokchilarining 23 nafarining bandligi ta’minlandi. Mahalla iqtisodiyotining tayanchi Sabina Ahmedovaning faoliyatida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish alohida o‘rin tutadi. 17 nafar yoshga jami 230 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu mablag‘lar evaziga yoshlar xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘z bizneslarini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayniqsa, migratsiyadan qaytgan 28 yoshli Diyor Uralboyevga ko‘rsatilgan amaliy yordam e’tiborga molik. Unga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda uning ustaxonasi yaxshigina daromad keltiryapti, shuningdek, yana ikki nafar yosh – Xurshid Ismatov hamda Ruslan Sayitqulov ham doimiy ishli bo‘ldi. – Xorijiy migratsiyadan qaytgach, o‘z faoliyatimni boshlash va oilam uchun barqaror daromad manbayi yaratishni maqsad qilgandim. Yoshlar yetakchisi ko‘rsatgan amaliy yordam, xususan, imtiyozli kredit olishdagi ko‘mak orzularimni ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutdi. Ustaxonam orqali yana ikki nafar yoshni doimiy ish bilan ta’minladim, – deydi Diyor Uralboyev. Mahallada “Yoshlar daftari”ga kiritilgan og‘ir toifadagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ishlari ham izchil olib borildi. Homiylar ko‘magida 25 yoshli Gulsanam Tilabovaga tikuv mashinasi olib berildi. Endi u tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, oilasiga daromad keltirmoqda. 27 yoshli Shahboz Abduvohidov esa payvandlash apparati bilan ta’minlandi. Hozir payvandlash xizmatlarini ko‘rsatish orqali barqaror daromadga ega. Mirishkor mahallasida xorijda mehnat qilayotgan 43 nafar yosh bilan muntazam onlayn muloqot olib boriladi. Migratsiyadan qaytgan 6 nafar yoshning bandligi ta’minlanib, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Sport va intellektual tanlovlarda yuqori natijalar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlov va musobaqalarda mahalla yoshlari faol qatnashib kelmoqda. Rayhona To‘lqinboyeva shaxmat bo‘yicha viloyat bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. Ozoda Abdujabborova shashka bo‘yicha viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Azizbek Umarov “Yoshlar ovozi” tanlovining viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Shaxsina Usmonova esa “Yosh kitobxon” tanlovining tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida faol ishtirok etdi. Sabina Ahmedovaning o‘zi ham “Yetakchi camp” loyihasining 4-avlod ishtirokchisi. 2026-yilning ikkinchi choragida eng namunali yetakchilarning top 100 reytingidan joy oldi. Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan. Mahalladagi ijtimoiy muhit Yoshlar bilan tizimli ishlash natijasida Mirishkor mahallasi ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hudud sifatida e’tirof etilmoqda. Mahalladagi umumta’lim maktabiga tashabbusli byudjet loyihasi orqali zamonaviy texnologiyalar va jihozlar olib kelindi. Homiylar bilan hamkorlikda maktab kutubxonasi 420 dona yangi badiiy adabiyot bilan boyitildi.
25.8.2026 894
Kegeyli tumanidagi Jalpaq jap ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Aynura Karamatdinova bir necha yil avval ish izlab yurgan yoshlardan edi. Hozir o‘zining go‘zallik saloniga ega. Prezidentning PQ–62-sonli qarori ijrosi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tashkil etilgan go‘zallik saloni Aynuraning oilasi daromadini oshirdi, mahalladagi boshqa qizlar uchun ham kasb o‘rganish maydoniga aylandi. – Bir paytlar o‘z faoliyatimni boshlashim uchun zarur imkoniyat va mablag‘ yetishmasdi, – deydi Aynura. – Mahalladagi yoshlar yetakchisi muammolarimni o‘rgandi va menga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bugun daromad topib, oilamga yordam beryapman. O‘zimga ishonchim ortdi, kelajak uchun yangi maqsadlar qo‘ya boshladim. Jalpaq jap ovuli balansi: Aholi: 6370 nafar; Yoshlar: 1434 nafar; Xotin-qizlar: 666 nafar. “Yashil” toifa: 1089 nafar; “Sariq” toifa: 345 nafar; “Qizil” toifa: 0. Mahalla drayveri: chorvachilik va dehqonchilik. Jalpaq japda 2025-yildan beri ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal etildi. 2 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi. 1 nafar yoshning davolanish xarajatlari qoplandi. 1 nafar yigitga haydovchilik o‘quv kursi xarajatlari to‘lab berildi. 5 nafar yosh zamonaviy kasblar yo‘nalishida o‘qitildi. 8 nafar talabaning kontrakt to‘lovi qoplandi. 1 nafar yosh yer maydoniga ega bo‘ldi. 13 nafar yigit-qiz o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Rustam Jumabayev bilan Dildara Erejepova “Yoshlar daftari”dan subsidiya asosida tikuv mashinasi olgan. Rustam milliy kiyimlar tikadi, Dildara esa klassik kostyum, shim va qizlar ko‘ylaklarini tikib, oilasiga daromad keltiryapti. Tadbirli yoshlar – Yoshlar bilan ishlashda biz uchun eng muhim tamoyil – muammoga amaliy yechim topish, – deydi Jalpaq jap ovuli yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova. – Shu bois har bir murojaatni alohida o‘rganamiz, har bir yigit-qiz bilan individual ishlayman. Kimningdir bandlikka ehtiyoji bo‘lsa, ishga yo‘naltiramiz, kasb-hunar yoki tadbirkorlikni boshlashni istovchilarga tegishli dasturlar orqali ko‘mak beramiz. Maqsadimiz yoshlarning hayotida ijobiy o‘zgarish qilish, ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashdir. Ovulda tadbirkorlik yo‘nalishida ham amaliy natijalar kuzatilyapti. Prezidentning PQ–62-sonli qarori asosida 2 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun jami 150 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Shulardan biri – Aymurat Azbergenov. U “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 50 million so‘m kredit olib, dehqonchilikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlab ikki gektar maydonda mosh yetishtirib, 20 million so‘m sof daromad oldi. Bugunga kelib ekin maydonini uch gektarga yetkazdi. Endilikda u mahalladagi boshqa yoshlar uchun ham tajriba almashayotgan namunali fermerlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mahallada yosh dehqonlardan yana biri – Aytqali Abadanov. U mosh yetishtirish orqali yuqori hosildorlikka erishmoqda. Suv resurslari cheklangan sharoitda suv kam talab qiladigan ekinlarni tanlash iqtisodiy jihatdan ham, ekologik nuqtayi nazardan ham to‘g‘ri qaror. Yosh tadbirkor Juldiz Abdiualiyeva kredit asosida oilasi bilan pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Bugun ularning tomorqasi oilaning asosiy daromad manbayiga aylangan. 2025-yil yakunida mahalladan 38 nafar yosh xorijda mehnat qilayotgan edi. Zuhra Kosbergenova hamda mahalla yettiligi ularning har biri bilan individual suhbatlar, oilalari bilan muloqotlar o‘tkazib, mavjud imkoniyatlarni tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada migratsiyadagi yoshlarning 92 foizi mahallaga qaytdi. Eng muhim omil – ishonch Mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligi ijtimoiy muhitdagi o‘zgarishlar bilan ham baholanadi. Jalpaq jap ovulida ham shunday manzarani kuzatish mumkin. Mahallada ishsizlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida barqaror muhit shakllangan. Yoshlar yetakchisining ta’kidlashicha, hududda huquqbuzarlikka moyil yoshlar yo‘q. “Otaliqqa olingan yoshlar” toifasi ham shakllanmagan. Bu profilaktika, bandlik va doimiy muloqot tizimi samarasidir. Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” respublika bosqichida parakibersport yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni egalladi. Hududiy bosqichda qizlar o‘rtasidagi mini futbol musobaqasida ikkinchi o‘rin qo‘lga kiritildi. Yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova tashabbusi bilan “Jaxsılıqtı hárkim hár kúni islewi kerek” (“Yaxshilikni har kim har kuni qilishi kerak”) shiori ostida ko‘ngilli yoshlar jamoasi faoliyat yuritmoqda. O‘ndan ortiq faol yigit-qizni birlashtirgan guruh hududdagi yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar oladi, ularning uy-ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashadi, zarur paytlarda hasharlar tashkil etadi. Shu mehnatlari ortidan 2025-yilda Zuhra “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovining hududiy bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. 2024-yilda “Yetakchi spartakiadasi” musobaqasida stol tennisi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi bo‘ldi. 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Zuhra Kosbergenova mamlakatdagi eng namunali mahalla yoshlar yetakchilarining kuchli 100 talik reytingidan joy oldi.
7.8.2026 1349
Paxtachi tumani Suluvqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 24 yoshli Baxtiyor Yarashev tadbirli, o‘z g‘oyasiga ega yoshlardan. Uning tashabbusini mahalla yoshlar yetakchisi Elbek Xudoyqulov qo‘llab-quvvatladi. Mas’ul tashkilotlar bilan bog‘ladi, imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini ko‘rsatdi, maslahat va amaliy ko‘mak berdi. Natijada qariyb 30 gektar maydonda baliqchilik ko‘llari tashkil etilib, 12 nafar ishsiz yosh doimiy ish bilan ta’minlandi. – Oldin shunchaki niyat qilardim xolos, – deydi Baxtiyor Yarashev. – Lekin Elbek aka imkoniyatlar borligini tushuntirdi, hujjatlarimni rasmiylashtirishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, mutasaddilar bilan uchrashtirdi. Bugun o‘zimning ishim bor, eng muhimi, yana o‘nlab tengdoshlarim bilan birga mehnat qilyapmiz. Endi maqsadimiz baliqchilikni yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish. Bu Suluvqo‘rg‘on mahallasida yoshlar bilan ishlash tizimi qanday yo‘lga qo‘yilganining yorqin namunasi. Mahallada bunday yoshlar soni 200 nafardan ziyodni tashkil etadi. Suluvqo‘rg‘on mahallasi balansi: Aholi: 2682 nafar; Yoshlar: 637 nafar; Xotin-qizlar: 308 nafar. “Yashil” toifa: 506 nafar; “Sariq” toifa: 126 nafar; “Qizil” toifa: 5 nafar. Mahalla drayveri: baliqchilik. Yoshlar yetakchisining vazifasi faqat tadbir o‘tkazish yoki ro‘yxat yuritishdan iborat emas. Zamon yetakchidan tashabbuskorlikni, muammolarni joyida hal qilishni, har bir yigit-qizning qiziqishi va salohiyatini yuzaga chiqarishni talab qilmoqda. Viloyatda birinchi, respublikada uchinchi! Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Mini futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, kitobxonlik tanlovlari va musiqiy kechalar muntazam o‘tkaziladi. Natijalar esa e’tiborga molik. Suluvqo‘rg‘on yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichlarida 32 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu natija bilan mahalla Samarqand viloyatida birinchi, respublika miqyosida esa uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Eng e’tiborlisi, mahalla yoshlari shu kungacha besh marotaba respublika chempioni bo‘lgan. Yutuqlar evaziga mahallada universal sport maydoni va vorkout majmuasi qurib berildi. 53 nafar yosh band qilindi Mahallada bandlik masalasiga kompleks yondashilgan. Prezidentning tegishli qarori asosida 53 nafar ishsiz yoshga uzoq muddatli ijara asosida yer ajratildi. Mavsumiy ekinlar ekib, yiliga 2-3 martadan hosil olayotgan yoshlar ham bor. Ular dehqonchilik va boshqa yo‘nalishlarda daromad topishni boshladi. Tadbirkorlik qilish istagidagi 48 nafar yoshga hokim yordamchisi bilan hamkorlikda 1 milliard 220 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Tahlillar ko‘rsatadiki, Suluvqo‘rg‘onda yoshlar bilan ishlashning asosiy ustuni – manzilli yondashuv. Har bir yoshning muammosi alohida o‘rganiladi, qiziqishidan kelib chiqib imkoniyat yaratiladi. Joriy yilda mahallada 3 nafar ishsiz yosh aniqlanib, tuman Investitsiya, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻiga biriktirildi. Masʼul rahbar ular bilan muntazam uchrashib, qiziqishi va kasbiy salohiyatini oʻrgandi. Har biriga mos yoʻnalish tanlanib, tadbirkorlikni boshlash, ishga joylashtirish hamda davlat dasturlari orqali qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amaliy choralar koʻrildi. Ichki ishlar organlarining profilaktik nazoratida boʻlgan 5 nafar yosh Paxtachi tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi boʻlimi boshligʻiga otaliqqa biriktirilgan. Ular bilan individual suhbatlar oʻtkazilib, oilaviy va ijtimoiy muammolari oʻrganildi, bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jinoyatchilikdan xoli mahalla Sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik mahallada yoshlar jinoyatchiligiga to‘liq barham berdi. Hozir Suluvqo‘rg‘on mahallasi “qizil” toifadan “yashil” toifaga o‘tdi. – Har bir yoshning qiziqishi, orzusi va imkoniyatini o‘rganishga harakat qilamiz. Bizning vazifamiz ularni kerakli tashkilotlar bilan bog‘lash, davlat yaratgan imkoniyatlardan foydalanishiga ko‘maklashishdir. Baxtiyorning baliqchilik loyihasi ham shunday amalga oshdi. Mahallamizda muammoli yoki ishsiz yoshlarni mas’ul rahbarlarga biriktirib, ular bilan individual ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. Natijada ko‘plab yoshlar doimiy ishga joylashdi, tadbirkorlikni boshladi yoki kasb-hunar egalladi, – deydi Elbek Xudoyqulov.
4.6.2026 2743
Kech kuzning sovuq kunlaridan birida Ulug‘nor tumani Bobur mahallasidagi tor ko‘chada qo‘lida oziq-ovqat to‘la xalta ko‘targan bir guruh yoshlar qariyb unutilgan hovli tomon yo‘l oldi. Bu mehr, e’tibor va mas’uliyatning ifodasi edi. Ana shu kuni bu xayrli ish tizimli ijtimoiy harakatga aylandi. Bu tashabbusni boshlab berganlardan biri Shoiraxon Mo‘minova edi. U 2022-yildan buyon Bobur mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritadi. Yoshlar bilan ishlashni o‘zining eng muhim burchi deb bilgan Shoiraxon doim yangi tashabbuslarni ilgari surib, iqtidorli yoshlarni kashf etib keladi. Yoshlar yetakchisi 2024-yilda mahallada, xususan, yoshlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash maqsadida “Savob” nomli ko‘ngillilar loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur loyiha doirasida faol yoshlar bilan birgalikda homiylik mablag‘lari asosida kam ta’minlangan oilalarga muntazam yordam ko‘rsatib kelinyapti. Shunday savobli ishlar natijasida bugunga qadar 50 dan ziyod oilaga quvonch ulashildi. – Bu loyihani boshlaganimizda oddiy bir niyat bor edi – mahallamizdagi ehtiyojmand oilalarga imkon qadar yordam berish, yoshlar orasida mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirish, – deydi Shoiraxon Mo‘minova. – “Savob” loyihasi shu ehtiyojdan kelib chiqdi. Yoshlarimiz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Odatda savobli ishlarimizni oshkor qilmaslikka harakat qilamiz. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu haqda eshitgan, bilgan insonlar o‘zlari kelib qo‘shilishni istaydi. Dastlab loyihamiz boshida homiylar juda kam edi. Ba’zan hatto yordamni o‘zimiz yig‘ib, o‘zimiz yetkazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Bugun vaziyat butunlay o‘zgardi. Homiylik qilishni istaydiganlar soni tobora ortib bormoqda. Menimcha, eng katta natija berilgan yordam emas, balki yoshlarimiz qalbida shakllanayotgan mehr va insoniylikdir. Agar biz shu tuyg‘ularni mustahkamlashga erishsak, demak, qilayotgan ishlarimiz besamar emas. Bobur mahallasi balansi: Aholi: 2542 nafar; Yoshlar: 636 nafar; Ayollar: 335 nafar. “Yashil” toifa: 567 nafar; “Sariq” toifa: 62 nafar; “Qizil” toifa: 7 nafar. Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish. Bugungi kunda yoshlar siyosatida eng muhim talab tizimlilik va manzillilik. Shoiraxon Mo‘minovaning faoliyati +shu ikki tamoyil asosida qurilgani bilan ajralib turadi. 2025-yil davomida u ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlashni oddiy ro‘yxat yuritish darajasidan chiqarib, muammolarni aniqlash – tizimga kiritish – yechim topish – nazorat qilish zanjiri asosida tashkil etdi. Natija esa aniq: 9 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, muammolari hal etildi; 9 nafarining kontrakt to‘lovi to‘landi; 2 nafariga moddiy yordam berildi; 24 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Shoiraxon Mo‘minova yoshlar bilan ishlashda sportni tarbiya va birlashtiruvchi vosita sifatida samarali yo‘lga qo‘ydi. Natijada yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mini futbol va stol tennisi sport turlarida tuman bosqichida 1-o‘rinni, kurash, shashka, shaxmat, vorkaut hamda yengil atletika yo‘nalishlarida esa 2-o‘rinni egalladi. Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi Yoshlar yetakchisi faqat boshqalarga yo‘l ko‘rsatib qolmay, o‘zi ham doimiy rivojlanishda. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida u “Super star”, “Tezkor rus tili” va turk tili kurslaridan sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Shoiraxon “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman bosqichi g‘olibi bo‘lib, viloyatda tuman sharafini munosib himoya qildi. Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan. Bobur mahallasidan 25 nafar yosh xorijga ishlash uchun ketgan. Shoiraxon Mo‘minova ular bilan muntazam aloqada, ijtimoiy uzilishning oldini olmoqda. Yetakchining mehnatlari natijasida joriy yil 2 nafar yosh Vatanga qaytarilib, fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirildi. Mahallada 4 nafar og‘ir toifadagi ishsiz yosh mavjud. Ular Andijon viloyati Agrobank ATB Ulug‘nor filiali rahbari Allomurod Oʻrinboyevga biriktirilgan. Mas’ulning yoshlar bilan doimiy muloqoti va bandligini ta’minlashga qaratilgan harakati o‘laroq 7 nafar yoshning barchasi ish bilan ta’minlandi. Mahalladan 7 nafar yosh otaliqqa olingan. Ular bilan muntazam suhbatlar, profilaktik ishlar, yuqori darajadagi nazorat olib boriladi. Yoshlarga tuman hokimi, prokuror va FVV mas’ullari biriktirilgan. Bandlikning barqaror yo‘li Setora Boborahimova misolida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasidagi amaliy yondashuvning samarasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. U dastlab o‘zini o‘zi band qilgan holda 15 million so‘m kredit olib, zarur jihozlar – elektr tokida ishlaydigan pech va xamir qorish uskunasini xarid qilib, yashash xonadonida shirinliklar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Tirishqoqligi va izchil mehnati natijasida yana 100 million so‘m miqdorida kredit oldi. Faoliyatini kengaytirib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladi. U o‘zini band qilish bilan birga 3 ta yangi ish o‘rni ham yaratdi. Yana 3 nafar shogirdni kasbga o‘rgatish orqali o‘z faoliyatini barqaror rivojlantirib bormoqda. – Dastlab ishni boshlash oson bo‘lmadi, – deydi yosh tadbirkor Setora Boborahimova. – Ham mablag‘, ham tajriba yetishmasdi. Lekin imkoniyat bor ekan, undan foydalanish kerakligini tushundim. 15 million so‘m kredit olib, kerakli jihozlarni xarid qildim va uyimda shirinliklar tayyorlashni boshladim. Avvaliga buyurtmalar kam edi, lekin asta-sekin mijozlar ortib bordi. Eng katta qo‘llab-quvvatlashni mahallamiz yoshlar yetakchisidan his qildim. Keyinchalik faoliyatimni kengaytirishga qaror qildim va yana kredit olib, ishni rivojlantirdim. Bugun o‘zim bilan birga yana bir necha insonni ish bilan ta’minlayotganimdan xursandman. Shogirdlarim bor, ularga o‘rgatyapman. Menimcha, eng muhimi – harakat qilishdan to‘xtamaslik. Agar imkoniyatdan to‘g‘ri foydalansak, kichik ishni ham katta natijaga aylantirish mumkin. Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar orqali yoshlar orasida mehr-oqibat, birdamlik va ijtimoiy mas’uliyat kuchaymoqda.
4.6.2026 2787
Qo‘ng‘irot tumanidagi Taraqli mahallasida yoshlar hayotiga oid muhim qaror katta o‘zgarishlarga yo‘l ochdi: 18 nafar yoshga 16 gektar yer ajratildi. Bu yoshlarning kelajak sari tashlagan dadil qadami bo‘ldi. Eng muhimi, bu imkoniyat natijaga aylandi: tashabbuskor 4 nafar yosh 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon bozorlariga chiqib, 20 tonnadan ortiq, jami 70 million so‘mlik qovun va qovoq eksport qilishga erishdi. – Bizga yer ajratilgan kunni yaxshi eslayman. Avvaliga bu imkoniyatdan qanday foydalanishni o‘ylab, biroz ikkilanib ham qolgandik. Lekin mahallamiz yoshlar yetakchisi bizni bir joyga jamlab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, kerakli mutaxassislar bilan bog‘ladi. Yerga ishlov berib, qovun va qovoq yetishtirishni boshladik. Har bir bosqichni o‘rganib, tajriba orttirdik. Keyinchalik mahsulotimizni dastlab ichki bozorda, keyin esa eksportga yo‘naltirdik. 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlariga mahsulot eksport qilganimiz biz uchun katta yutuq bo‘ldi. Bizga berilgan imkoniyat va bildirilgan ishonch o‘z samarasini berdi, – deydi Jonibek Serikbayev. Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati izchil va tizimli asosda amalga oshirilayotgan bir paytda mahalla darajasida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Shu jihatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Taraqli mahallasi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov faoliyati alohida e’tiborga loyiq. “Taraqli” mahallasi balansi: Aholi: 3016 nafar; Yoshlar: 885 nafar; Xotin-qizlar: 427 nafar. “Yashil” toifa: 621 nafar; “Sariq” toifa: 262 nafar; “Qizil” toifa: 2 nafar. Mahalla drayveri: savdo-sotiq va chorvachilik. Aniq natijalar asosi Nurlan Joljanov faoliyatining muhim bosqichlaridan biri yil boshida amalga oshirilgan xatlov jarayonidir. Mahalladagi 13 nafar ishsiz yosh aniqlanib, ular bilan individual ishlandi. Ishlar Prezidentning 2025-yil 14-fevral kungi videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida yanada tizimli tashkil etildi. 13 nafar yosh Qo‘ng‘irot tumani komissiyasining 01-44-sonli bayoniga asosan “Ustyurt qidiruv burg‘ulash boshqarmasi” MChJ rahbariga biriktirildi. Yoshlar bilan korxona rahbarlari bevosita uchrashib, ularning muammolari va takliflarini o‘rgandi. Natijada yil davomida ular 100 foiz ish bilan ta’minlandi: 5 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi; 5 nafariga imtiyozli kredit ajratildi; 2 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi; 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Mahallada yoshlar bandligini ta’minlashda “Bitiruvchi yoshlar” dasturi amalga tatbiq etildi. 2025-yilda Taraqlida jami 72 nafar yosh ta’lim muassasalarini bitirib, shundan 24 nafari mehnat bozoriga kirib keldi. Yoshlar yetakchisi ularning qiziqishlarini o‘rgandi. Maktab bitiruvchilarining 8 nafari ta’limni davom ettirdi; professional ta’lim bitiruvchilaridan 1 nafari ishga joylashdi, 1 nafari o‘qishni davom ettirdi; oliy ta’lim bitiruvchilarining 8 nafari ishga joylashdi, 2 nafari o‘qishni davom ettirdi, 2 nafari kredit asosida qo‘llab-quvvatlandi. Umuman olganda, dastur orqali 73 nafar yosh qamrab olinib, yil yakunida 72 nafarining bandligi ta’minlandi. Taraqli mahallasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy mexanizmlar keng qo‘llanildi. Jumladan, 22 nafar yoshga jami 215 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. PQ-60, PQ-61 va PQ-62-sonli qarorlar ijrosi doirasida qo‘shimcha 390 million so‘m kredit yo‘naltirildi. Mablag‘lar yoshlarning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi va daromad manbayiga ega bo‘lishida muhim bo‘ldi. – Bugun Taraqlida erishilayotgan natijalar tizimli yondashuv, har bir yosh bilan individual ishlash va ularga ishonch bildirish natijasidir, – deydi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov. – Biz faoliyatimizni oddiy suhbat yoki umumiy chaqiriqlar bilan emas, aniq xatlov, muammo va ehtiyojlarni o‘rganishdan boshladik. Har bir yoshning qiziqishi, salohiyati va hayotiy maqsadini aniqlab, shunga mos yo‘l tutishga harakat qildik. Kimdir tadbirkorlikka qiziqdi – kredit bilan qo‘llab-quvvatladik, kimdir kasb o‘rganmoqchi bo‘ldi – o‘qishga yo‘naltirdik, yana boshqasi ish izlayotgan edi – korxonalar bilan bog‘ladik. Eng muhimi, hech bir yosh e’tibordan chetda qolmadi. Yer ajratish tashabbusi ham aynan shu yondashuvning bir qismi edi. Manzilli yordam 2025-yil davomida “Yoshlar daftari” orqali 5 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berildi, 4 nafar yosh turli o‘quv kurslariga jalb etildi, 2 nafar yoshning haydovchilik kursi xarajatlari qoplandi. Bu orqali yoshlarning ta’lim olishi va kasb egallashi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Mahallada xorijda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ham muntazam ishlar olib borilmoqda. Migratsiyada bo‘lgan 12 nafar yosh bilan doimiy onlayn muloqotlar yo‘lga qo‘yilib, ularning 4 nafari qaytarilib, bandligi ta’minlandi. Yoshlar bilan ishlash hudud bilan cheklanmasdan, ularning har qanday holatida qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ijtimoiy himoya va profilaktika Ijtimoiy xavf guruhidagi yoshlar bilan ishlash ham yetakchi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Otaliqqa olingan 2 nafar yosh bilan individual ishlash natijasida ulardan biri profilaktika hisobidan chiqarildi va haydovchilik kursiga yo‘naltirildi. Ikkinchisi xorijiy til kurslariga jalb qilinib, xarajatlari qoplab berilmoqda. Bu yondashuv yoshlarni jamiyatga moslashtirish va to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida faol ishtirok etib, sportning shaxmat turi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 2023-yili mahalla yoshlari shashka va shaxmat bo‘yicha olimpiadaning respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Natijada mahallaga universal va vorkaut sport maydonchalari qurib foydalanishga topshirilgan. Nurlan Joljanov ham shaxsiy yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la oladi. U o‘tgan yili “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2026-yil I chorak yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston bo‘yicha “Top 100 yoshlar yetakchilari” ro‘yxatiga kirdi. “Yetakchi Camp” loyihasi doirasida o‘quv seminarlarini muvaffaqiyatli yakunlab, maxsus guvohnoma bilan taqdirlandi.