2276ta natija
17.5.2024 121
Sen bilan yana ko‘rishdik. Elas-elas o‘tmishimning og‘ir nafasi esib, ruhimni qamraydi, yuragim afsus-nadomatga to‘la, hayqiriq ovozi hali hamon qulog‘im ostida. Hamrohlarimdan biri yelkamga qoqib: “O‘rtoq, senga nima bo‘ldi? Ranging siniq, qo‘y, unut. Qara, biz tabiat qo‘ynida dam olishga keldik. Kayfiyatingni ko‘targin”, dedi jilmayib. Men do‘stimning so‘zlariga beparvo qarab, sen tomon odimlayman. Axir, biz eski tanishlarmiz-ku. Hech qachon dushmanlik qilganlarni kechirmayman, Oqsuv. Daryoning shovullashni nafratomuz kuzatardim. Bolalikning og‘ir, xira nurlari ongimda yarqiraydi. To‘lqinlar ichida kishining sharpasi ko‘rindi-yu, g‘oyib bo‘lganida, yuragim bir qalqib tushdi. Daryoning labiga yaqinlashib, shovullayotgan oqimdan nimadirni izlayman. Oftob shu’lasi suvning yuzasida jimirlaydi, yanada oppoq bo‘lib ko‘rinadi. Bir daraxt shoxlari daryoga egilib tushgan, barglar o‘ynaydi. Men alamzadalik bilan kuldim. Oqsuv, sen qanchalik jozibador bo‘lmagin, meni go‘zalliging bilan alday olmaysan, jallodsan chunki!.. Qanchadan qancha insonlarni o‘z bag‘ringa olib, chilparchin qilgansan. Anavi daraxtni ham qo‘porish istagidasan. Go‘zal bo‘lsang, nega insonlarni qutqarmaysan, demak bari yolg‘on ekanda. Qadrdon bir insonimni o‘z domingga tortding, axir u go‘dak edi-ku!.. Oqsuv, sening buni unutishga haqiqing yo‘q. Quloq sol, qora o‘tmishni eslatib qo‘yaman. Oromgohga borish uchun ukam ikkimiz hozirlik ko‘rardik. Dimog‘imiz chog‘, quvonchimiz olam-olam. Avtobus oynasidan onamizga qo‘l silkitib xayrlashdik. Onamning ko‘zlarida allaqanday mung bor. Kinolarda ko‘rganman, askar o‘g‘illarini kuzatayotgan onalarning ko‘zlaridagi mungga o‘xshardi. Oynadan turli xil manzaralarni tomosha qilib, qanday yetib kelganimizni bilmay qoldik. Ertaklardagidek so‘lim go‘sha, katta-katta daraxtlar serob, ajablanarlisi, tog‘lar shundoq yoningda, qo‘ling yetadiganday ko‘rinardi. Avtobusdan tushib ukamga qattiq tayinladim. “Mendan so‘roqsiz biron joyga borma!”. U menga norizo qarab qo‘ydi, shovqinda nimadir deb g‘uldiraganini eshitmay qoldim. Guruhlarga bo‘lindik, har guruhda 10 nafardan bola. Bizlarga ko‘zlari moviy, oppoq yuzli tarbiyachi opa bosh qilib qo‘yildi. Har yoqqa sayr qildirar, doim jilmayib yurar, hech xafa bo‘lganini ko‘rgan emasman. Biz uni juda ham yaxshi ko‘rib qolgandik. Tushlikdan so‘ng hech uyqum kelmas, shiftga termulib, onamni sog‘inib yotardim. Ukamga nazar tashlayman, uxlab yotibdi. Nega oyimni sog‘inmaydi, deb jahlim chiqadi... Yostiqqa yuzimni bosgancha ho‘ngrab yig‘layman. Boshim issiq, mayin qo‘llarni sezdi. O‘girilib qaradim. Tarbiyachi opa jilmayib turibdi. U jilmayganda shunaqa go‘zallashib ketadiki. “Yig‘lama. Oz qoldi, biroz sabr qilgin”, deb peshonamdan o‘pib qo‘ydi. Uning bu mehribonchiligi oyimga o‘xshardi. Sal o‘zimga kelib, yoshimni artdim. “Sizni bolalaringiz bormi?”. U ohista boshini silkitib tasdiqladi. “Seni bir joyga olib boraman, tezda tur, hech kimga churq etma”, deb qoshini uchirib allaqayerni ko‘rsatdi. Xursand bo‘lib ketdim, o‘sha osuda manzarani hozirdanoq his etardim. Ukamni uyg‘otib ortimdan ergashtirdim. Axir, sirli manzaradan mosuvo bo‘lishini istamasdim. Ikkimiz tarbiyachi opalar ortidan ergashardik, daraxtlar oralab, pastlik tomon tushib borardik. Yo‘limiz osma ko‘prikka olib chiqdi, ostida daryo shovullab, hayqirib oqadi, vahima bosib, o‘zimni tutishga urindim. Tarbiyachi opa ortiga qayrilib kulib: “O‘ta olasizlarmi? Agar qo‘rqsanglar shu yerda kutib turinglar”. Men qo‘rquvimni yashirib “O‘taman” dedim g‘urur bilan shaxdam yurib. Ko‘prikning ikki chetidan ushlab borardim, ammo ukam belimdan mahkam changallab olgandi. Ukam ortga qaytaylik deb turib olsa-da, men ildam qadam bosardim. Zo‘rg‘a o‘tdik. Daryo labida toshlardan sun’iy ko‘lcha qilingan ekan. Ko‘lchaga tushdik, muzdek, tarbiyachi opalar bo‘lsa gurungdan sira to‘xtamasdi. Ikkimiz toshga o‘tirdik, agar muvozanatimizni yo‘qotsak, to‘lqin olib ketishi mumkin. Tabiat manzarasi ko‘zimga go‘zal bo‘lib ko‘rinardi. Ukam negadir gapga tutar, men istar-istamay, javob qaytarardim. “Aka, oyimni sog‘indim. Agar uyga qaytib borsam, hech qachon yolg‘iz qoldirmayman. Daryo oyimni oldiga olib borarmikan?”, dedi oqimga uzoq tikilib. “Oyim boshqa joyda, daryoni manzili o‘zga”, dedim bilag‘onlik bilan. Ukam “Men ketaman!” deb o‘rnidan turdi-yu, shalob etib suvga ag‘darildi. Baqir-chaqir boshlandi. Ukamni qurqarish uchun oldinga intildim-u, kimdir meni ushlab ortga tortdi. Ukam bir zumda to‘lqinlar aro g‘oyib bo‘ldi. Men tipirchilab borishga intilar, tarbiyachi opa qo‘ymasdi. Bari befoyda ekanini uqtirdi. Ko‘z oldimda mungli onam gavdalandi... Yelkamdan kimdir silkitadi, o‘girilib qarasam hamrohim: “O‘rtoq, daryoga dardingni to‘kib solyapsanmi?”, “Ha, axir meni eski tanishim”, “Qo‘ysangchi, yur ovqat pishdi”, deb ketdi. Oqsuv, seni ko‘rib tomog‘imdan ovqat o‘tmay qoldi. Endi boshlangan og‘ir kunlarimni eshit. Bir mahal uyga qaytsam, oyim yo‘q, kapalagim uchdi. Ukamni yo‘qotgach, oyim butunlay o‘zini oldirdi. Ariq bo‘yidan topdim, oyoqlari suvga botgan, nimalarnidir pichirlab yig‘lardi. Qo‘llaridan ushladim, muzdek. “Oyi, yuring, ketamiz”, dedim. Oyim menga g‘alati qaradi. “Sen ukangni o‘ldirding, ha, ukangni qotilisan. Qoch, yo‘qol!”, deb meni nari itardi oyim. Esankiradim, Oqsuv. Bilasanmi, ukamni sening changalingdan olib chiqishim mumkin yedi. Faqat o‘sha tarbiyachi opa meni yaqin yo‘latmadi. Qiziq, yillar o‘tib uning qizini sevib qolibman. Bilganim on sevgimdan voz chekdim. Oqsuv, men ketdim, xursand bo‘lma, hali qaytib seni quritaman. Cho‘lga aylanib, tikonzor, yulg‘inlarga to‘lasan, hozirgi shovullab, nurlar jimirlaydigan go‘zalligingdan asar ham qolmaydi hali...
30.4.2024 123
Bahor kunlaridan biri. Maktabdan kechroq qaytdim. Uyga kelganimda dadam: – Ertaga terak ko‘chatlari ekamiz, – dedi. Uyga kirib kiyimlarimni almashtirib chiqdim. Oilamiz bilan jam bo‘lib, ishkom tagidagi supada ovqatlandik. Kattalar duo qilib, birin-ketin o‘rinlaridan qo‘zg‘aldi. Qornim to‘ygach, supada qolib, uxlashga yotdim. Ko‘zimni yumib chuqur nafas oldim. Charchaganimdan osmondagi yulduzlarning sir-sinoati-yu boyqushning yaqin atrofdan kelayotgan yoqimsiz, ayni shu tobda vahimali tovushi ham parvoyimga kelmadi. Xayolim faqat dadam aytgan terak ko‘chatlarida edi. Bir payt tush ko‘ribman. Tushimda biz ekkan terak ko‘chatlari hovlimiz etagidagi kekkaygan teraklar kabi bo‘y cho‘zibdi. Teraklar shunaqayam katta bo‘libdiki, qulochimga sig‘masmish. Ertalab xo‘roz qichqirig‘idan uyg‘onib ketdim. Tezda yuz-qo‘limni yuvdim. Qarasam, dadamning qo‘lida terak ko‘chatlari turibdi. Men darrov: – Assalomu alaykum, dada, yaxshi dam oldingizmi? – dedim. Dadam salomimga alik olib: – Bu kecha men aytgan terak ko‘chatlari, – dedi. Teraklarni hovlimiz etagiga ekdik. Shunda dadam menga kulib dedi: — O‘g‘lim, keyinchalik bu ko‘chatlarni dadam bilan ekkanmiz, deb eslab yurasan. Bu ko‘chatlar kekkayib o‘sadi. Lekin bu kekkayish insonlarga yarashmaydi. Inson kamtar bo‘lsagina kamol topadi. Tushundingmi? Bu gaplardan tushimda ko‘rganim – kekkaygan teraklar ko‘z oldimda gavdalandi. Shunda, bu xislat dadam aytganday, faqat mag‘rur va dadil teraklarga xos ekanligini anglab yetdim.
28.3.2024 264
Issiq yoz kechasi, onam, men, yulduz, Bizni qabul qilgan supa va hayot. Onam she’r aytardi, yod olgin derdi: “Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot”. Menda qaytarardim, so‘z qoldirmasdan, Bolalik havasi etganicha lol. “…do‘stlarga …mehribon” desam, voajab, Yodimga tushadi qo‘shni qiz Laylo. Balki his qilmasdim, o‘n yil muqaddam, Ulug‘ xalq nima-yu, ne edi ochun. Balki she’r onamga bahona bo‘lgan, Dada deb yig‘lamay uxlashim uchun. “Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni” – Bobomga qiyoslab yodlangan misra. Urushdan bir qo‘lsiz qaytgan bo‘lsa ham, Negadir hayotdan nolimas sira. Biroq xotirimdan ketmaydi bugun, Bobomning iymoni, onam bardoshi. Dahlizda she’r aytib o‘tirgan paytim, Musofir otamning achchiq ko‘z yoshi. Yolg‘iz anglaganim ushbu hur bayot, Asrlar tegrasin o‘tolar yorib. Hali million qalbga Vatan ekadi, Vatan deb yaralgan Abdulla Orif. Yozilgan ertaklar Ma’lumki men Zumrad emasman, Ko‘ylagimning ranglari ham to‘q. Mening dadam tashlab ketmagan, Tilla to‘lgan sandiqlarim yo‘q. O‘n sakkiz yil ichra adashdim, Sig‘may qolgan qizil qalpoqcham. Endi dunyo bo‘rilarining Ichidan ham tirik chiqolmam. Sog‘inch tekkan kipriklarimga Begonamas qahri qattiq qish. Lekin qiyin muzlagan qalbni Gerda bo‘lib qutqarib qolish. Ming yil yashash endi befoyda, Daraxtlardan to‘kildi barglar. Kelgunimcha yozilib bo‘lgan, Dunyodagi ezgu ertaklar.
21.3.2024 551
Ota-onalar jahllari chiqqanida bolalariga jazo beradilar, ammo keyincha ularni tizzalariga o‘tqizib erkalatadilar. “Nur va soyalar” R.Thokur Onam har hafta yakshanba tongini non yopishga tayyorgarlik ko‘rishdan boshlaydi. Issiqqina non-ku, juda yaxshi, lekin bu nonning tandirga tushib chiqqunicha bo‘lgan mehnati qiyin-da. Salkam oshxonaning yarmini egallab yozilgan suprada elangan unni xamir qilish uchun tog‘orani ayvondan olib kelish har doim menga yuklanadi: tog‘orani boshimga kiyib, o‘zimni xuddi urushdagi askar boshiga kaska kiyganday tutib keltiraman. Bu tog‘ora bo‘sh bo‘lsa-ku, olam guliston. Yo‘qsa, bizga qo‘shni bo‘lgan, orada devor ham bo‘lmagan amakimnikiga chopqillashimga to‘g‘ri keladi. Bu orada opam ikkimiz onamdan yasama do‘q eshitishimiz tayin. Nonni tandirdan tezroq uzishga harakat qilayotgan onam meni ham po‘pisa o‘qlaridan bebahra qoldirmaydi. Elangan un tog‘oraga tushishi bilan mening mas’uliyatli ishim boshlanadi. Hali xamirga suv quyib turish, hali xamirturush uzatish kerak. Onam deyarli qorib bo‘lingan xamirni tili bilan bir yalab ko‘radi-yu, oshxona yo‘lagidagi tuzga yuguraman. Eng qiyini suv quyib turish. Pastki lablarimni tishimning o‘rtasiga olib, quyayotgan suvimni onam belgilab bergan joyga aniq tushirolmasam, naq baloga qolishim mumkin. Onam xamirni oshirishga qo‘yganda, bolta tushguncha to‘nka dam olar deganday, tezgina tandirxonaga boradi-da, tandirga g‘o‘zapoya qalab, o‘t yoqadi. Uzoq yillar xizmat qilgani uchun ancha eskirgan, bir-ikki joyi sinib, beli bukchayib qolgan to‘rtburchak taxtaga dasturxon qo‘yib, kichikroq doiradek qilib yasalgan aylana shakldagi nonlarni yonma-yon ikkitadan qilib teradi. Yigirmaga yaqin xamir non terilgan taxtani o‘rtasidan chap qo‘liga dast ko‘taradi-da, bir qo‘lini bo‘sh qimirlatib tandirxona tomonga yo‘naladi. Nonni yopishdan oldin tandirning ichiga ham, yopiladigan har bitta nonga ham sepish uchun kerak bo‘ladigan suvni oshxonadan tandirxonaga yetkazish mening bo‘ynimda. Onam nonni ko‘tarib qo‘liga olishdan oldin tagidan bir qismi kuygan tovoqqa suv soladi-da, menga tayinlaydi: – To‘kmay obor, uvol qilma suvni. Onam bilan baravar yo‘lga otlanaman-u, ikki ko‘zimni suvdan uzmay, depsinib-depsinib borayotgan yo‘lim yakunlangunicha onam allaqachon manzilga yetib, yarim yo‘lga qaytib kelib qo‘limdan daryoday to‘lqinlanib kelayotgan suvni olib ketadi. Bir narsaga hayronman, nega onam bir qo‘li bo‘sh bo‘lsa ham, o‘zi olib keta qolmaydi shu suvni? Ikki yenggi ham teshilib paxtasi chiqqan choponini odati bo‘yicha old tarafiga kiyib, boshiga eski ko‘k ro‘molini qisib bog‘lab tandirga egiladi. O‘zi shundog‘am havo issiq bo‘lsa, yana tandirning issig‘i yondirsa, shunday havoda chopon kiyib tandir yonida turish uchun qancha kuch va chidam kerak ekan, bilmadim? Yuzlari tandirdagi cho‘g‘day yonib non yopishni boshlashi bilan dadamdan tortib oshnalarimgacha tandir atrofidan ketolmay qolamiz. Axir, endigina tandirdan chiqqan issiqqina nonni tandir bo‘yida turgan suvga bir botirib yemabsiz-u, bu dunyoga kelmabsiz. Shu non uchun siz ham mehnat qilgan bo‘lsangiz-u, aynan non botiriladigan suvni siz eltgan bo‘lsangiz, nur ustiga nur. Onamning aytishiga qaraganda, non yopiladigan tandirning atrofidan odam ko‘p aylanib yursa, nonlar yo kulga “sakraydi”, yo orqasini “bermaydi”. Shunday bo‘lsa ham, atrofga qancha bola yig‘ilsa ham, onam bolalarni quvmaydi. Faqat “Chetrog‘da yenglar” deydi-da, non uzatadi. O‘choqning ustiga chiqib tandir ustida terib qo‘yilgan nonlarni o‘zim olsam ham, onam indamaydi. Faqatgina bitta sharti bor, “chiroyli” nonlarni sindirib qo‘ymasam bo‘lgani, bizga u yoq-bu yog‘i qiyshaygan, orqasini “bermagan” nonlar ham bo‘laverarkan. Bir gal atrofda odam ko‘payib ketdimi, ha deb nonni suvga botirib yeyaveribmiz-u, oxirgi yopilishi kerak bo‘lgan nonlarga suv yetmay qolsa deng. – Tez bor, satildan suv olib ke! Tez bo‘l, chop! “Jumong”ning otiga o‘xshab ikki oyog‘imni bir tekis ovoz bilan bosib borib chelakka ne ko‘z bilan qarayki, suv yo‘q. Hovuzimiz ko‘chada joylashgan, kichikroq chelak bilan suv olib kelish uchun ko‘chaga chiqishim bilan oyog‘im ostiga ko‘chada bolalar o‘ynayotgan koptok dumalab keldi. – Shaxxi, do‘ppini tepvor! – degan ovozlar har tomondan eshitila boshladi. Bir cheti yirtilgan-u, bolalarning usta qo‘li bilan yamalgan koptokni bir tepdim, kuchim yetmadimi yo noto‘g‘ri tepdimmi, ariq bo‘yida o‘sgan katta terakka tegib orqaga qaytdi. Ariqning ikki tarafi ham maktabda safda turgan o‘quvchilarga o‘xshab tizilib turgan daraxtlar bilan qoplangani uchun to‘pni tepib narigi tarafga o‘tkaza olishimga ko‘zim yetmadi-da, qo‘limdagi chekalni chetga qo‘yib, professional futbolchilarday ikki oyog‘im bilan sekin-sekin tepib bolalarga yaqinlashdim. Katta yo‘lning ikki tarafida kesakdan yasalgan “darvoza”ga qarab tepdim-u, gol bo‘lgani uchun rosa quvondim. Qaysidir jamoaga qo‘shildim, boshqa jamoaga gol urdim. O‘yinga qiziqib ketib, to‘pning orqasidan rosa yuguribman. Mahoratimni namoyish qilganim sari “o‘yinchi”lar maqtayveradi, g‘ururlanib yana gol urgim kelaveradi. Suv uchun ko‘chaga chiqqandimu, suv yodimdan ko‘tarildi. Tuproqni bosib o‘tgan mashina iziga o‘xshab unutilgan mana shu fikr qayta esimga kelganida qo‘rquvdan duv qizardim. Tandirning issig‘idan qizargan onam yarq etib ko‘z oldimga keldi. “Stadion”imizning o‘rtasida bir lahzaga taqqa to‘xtab qoldim-da, uyga qarab yugurdim. Chelakka suv ko‘tarib hovliga kiraveray-u, tandirxonadan keladigan yolg‘izoyoq yo‘lakchadan onam jahl bilan menga qarab kelaversin. Har ehtimolga qarshi darvozaxonada to‘xtadim. Yana bir necha qadam bossam, qocholmay qolishim mumkin. Ko‘zimga darvozaxonaning devorlari ring maydoniday tuyuldi-da, raqibini kutayotgan jangchiday tayyorlanib turdim. Faqat jangchi raqibini urishga shaylansa, men qochishga shaylanardim. Bekor bo‘lgan vaqtlarimda do‘mbira qilib chaladigan supurgim qayoqdandir onamning qo‘liga ilindi. – Man san ahmoqni qayerga yuboruvdim?! Non nima bo‘ldi... Onam yana nimalardir dedi, lekin boshqa gapi esimda qolmadi. Menga yaqin kela turib supurgining qalin tomonidan o‘zi ushladi-da, urishga qulay qilib, kaltak tomonini menga o‘qtaldi. Shu supurgidan bir zarba yeganimdan keyin qo‘lim borligi esimga keldi, shekilli, ikkinchi zarbani shart ushladim. Onamni aylanib o‘tib hovli tarafga qochdim. Orqamdan uchgan supurgi negadir juda yaqinda bo‘lsam ham tegmadi. Kech tushishiga yaqin oshxonada o‘tiribmiz, dadam hali kelmagan, opam yo‘lakda ishlari bilan band. Onam yoniga chaqirdi-da, haligi supurgi tekkan joyimni ushlab turib gapirdi: – Yomon tegmadimi, bacham? Og‘riyaptimi? Aslida, bu butunlay esimdan chiqib ketgandi, supurgi tekkan vaqtida sal og‘rigandi-yu, darrov o‘tib ketgandi. Lekin bunaqa fursatdan unumli foydalanmasam, naq uvoliga qolaman-ku: – Og‘riyapti – dedim yasama yig‘i aralash burnimni tortib. Onam xuddi ayb ish qilib qo‘ygandek oyog‘imning supurgi tekkan joyini silardi. Bu hozirgidek yodimda. Bola aqlim bilan anglamagan bir haqiqatni keyinroq angladim: onamning silab-siypashi issiq nonning rohatidan ham shirin ekan.
5.3.2024 363
Har safar shaharda yurganimda tug‘ilib o‘sgan mahallamga intiq bo‘lib yashayman. Uning maftunkor manzarasi ko‘z o‘ngimda har on namoyon bo‘laveradi. Negaki, mening bolalik paytlarim o‘sha yerda o‘tgan. Bizning mahallamiz azal-azaldan o‘zining dilkash, samimiy odamlari, tanti dehqonlari bilan mashhur. Uning Dehqonobod, deb atalishi ham shundan. Mahalladoshlarim orasida biror kishi yo‘qki, ijodkor bo‘lmagan, mehnatni sevmagan. Ular har bir sohada ijodkor, mirishkor, tadbirkor. Ularning bu kabi xislatlari men singari yosh qalamkashga ilhom bag‘ishlaydi. Ish bois ba’zida shaharda uzoq muddat qolib ketishimga to‘g‘ri keladi. Kun kelib, uyga mahallaga qaytayotganimda yo‘ldayoq qalbim ajib bir hissiyotga to‘ladi, sog‘inchim alangalanadi. O‘zimni qo‘yarga joy topolmay, yuragim bezovtalanadi. Axir kindik qoni to‘kilgan maskanni kim ham sevmaydi, deysiz... Qishloqdan yana shaharga qaytar chog‘imda beixtiyor ko‘zlarim yoshga to‘ladi. Sababi, barcha yaqin insonlarim-maktabdosh do‘stlarim-u jonajon mahalladoshlarimni, so‘lim va maftunkor qishlog‘imni tashlab ketgim kelmaydi. Bugun yana shaharga otlandim. Yana yo‘ldaman. Yana davon oshib poytaxtga, o‘qishga yo‘l olaman. Qishloqdan chiqib borar ekanman, yo‘l bo‘yidagi teraklar ortimdan ohista tebranib, kuzatib qoladi, go‘yo. Ma’yus tortaman. Hali bu yerlardan ketmay turib, sog‘inib boshlayman, qalbim o‘rtanadi. Yana diydorlashish nasib etishini o‘ylayman... Shaharga borishni istab-istamay ortimga o‘girilaman. Bir nima demoqchidek mahallam tomon boqaman. Shu onda yuragimda Vatan tuyg‘usi nola qiladi.
23.12.2023 1127
Bozor. Shovqin-suron. Sotuvchilarning kep qoling-op qoling kabi baland ovozi quloqni qomatga keltiradi. Odam ancha gavjum. Kimdir sotuvchining aytgan narxidan norizo, yana kimdir bor-barakasiga pullarni sanamoqda. Toʻgʻrimdagi kattakon poyabzal doʻkoniga kirdim. Oyoq kiyimlar shunday did bilan terilganki, muzeyni aylanganday zavq bilan tomosha qilasan. Narxlari ham oʻziga yarasha. Bir toʻxtamga kelolmay, ikkilanib qoldim. Bir payt eshikdan qoʻltiqtayoqda 15-16 yoshlar chamasi bir bola kirib keldi. Bir oyogʻi yoʻq edi uning. Chetdan kuzata boshladim. Doʻkonni bir koʻzdan kechirdi-yu, burchakka borganda toʻxtadi. Sotuvchini chaqirdi. Telefonidan koʻz uzmay o‘tirgan uzun soqolli, barvasta kishi erinibgina joyidan qoʻzgʻaldi. – Amaki, bu tufli qancha turadi? – Qaysi, mana bu qorami? Ikki yuz ming. – Yaxshi. Menga bir poyini olib bering, chapini. Shunda yuz ming toʻlayman, shundaymi? – Esing joyidami sen bolani? Poyabzal juft sotiladi. – Axir menga bir poyi kerak, nargisini nima qilaman. Ikkalasini sotib olishga pulim ham yetmaydi. – Gʻalati ekansan-ku. Bittasini senga sotsam, ikkinchisini kim oladi? Boʻlmasa zavodga borginda, ayt, bir poy oyoq kiyim ishlab chiqarishsin. Keyin sotib olaverasan. Sotuvchi nimadir deb gʻoʻdrandi-da, borib joyiga oʻtirdi. Bechora yigit oyoq kiyimga bir-ikki qaradi-yu, chiqib ketdi. Oʻsha tuflini olib, yigitning ortidan chiqdim. U qoʻltiqdayoqda qiynalib qadam tashlar, hali uzoqqa ketmagan edi. – Hey yigit, shoshma! – Assalomu alaykum, – to‘xtab, sizga nima kerak degandik qaradi u. – Shu oyoq kiyimni olmoqchimiding? U yalt etib qoʻlimga qaradi: – Ha, qayerdan bildingiz? – Agar xohlasang, bir taklifim bor. Senga poyabzalni chapi kerak-a? Menga esa oʻngi. Bir tanishimga olmoqchi edim. Xoʻp desang, buni oʻrtada sotib olamiz. Ikkimizning ham pulimiz tejaladi. – Rostdanmi?! Roziman! – deya pulni uzatdi. Xursandligi yuzida aks etdi. Koʻngli oʻksimasin deb, pulni oldim. – Agar yana oyoq kiyim kerak boʻlsa, qoʻngʻiroq qil, bo‘lishib olaveramiz...