Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bir poy

23.12.2023 3460

Asila XAYDARALIYEVA, Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi

Bozor. Shovqin-suron. Sotuvchilarning kep qoling-op qoling kabi baland ovozi quloqni qomatga keltiradi.

Odam ancha gavjum. Kimdir sotuvchining aytgan narxidan norizo, yana kimdir bor-barakasiga pullarni sanamoqda. Toʻgʻrimdagi kattakon poyabzal doʻkoniga kirdim. Oyoq kiyimlar shunday did bilan terilganki, muzeyni aylanganday zavq bilan tomosha qilasan. Narxlari ham oʻziga yarasha. Bir toʻxtamga kelolmay, ikkilanib qoldim. Bir payt eshikdan qoʻltiqtayoqda 15-16 yoshlar chamasi bir bola kirib keldi. Bir oyogʻi yoʻq edi uning. Chetdan kuzata boshladim. Doʻkonni bir koʻzdan kechirdi-yu, burchakka borganda toʻxtadi. Sotuvchini chaqirdi. Telefonidan koʻz uzmay o‘tirgan uzun soqolli, barvasta kishi erinibgina joyidan qoʻzgʻaldi.

– Amaki, bu tufli qancha turadi?

– Qaysi, mana bu qorami? Ikki yuz ming.

– Yaxshi. Menga bir poyini olib bering, chapini. Shunda yuz ming toʻlayman, shundaymi?

– Esing joyidami sen bolani? Poyabzal juft sotiladi.

– Axir menga bir poyi kerak, nargisini nima qilaman. Ikkalasini sotib olishga pulim ham  yetmaydi.

– Gʻalati ekansan-ku. Bittasini senga sotsam, ikkinchisini kim oladi? Boʻlmasa zavodga borginda, ayt, bir poy oyoq kiyim ishlab chiqarishsin. Keyin sotib olaverasan.

Sotuvchi nimadir deb gʻoʻdrandi-da, borib joyiga oʻtirdi. Bechora yigit oyoq kiyimga bir-ikki qaradi-yu, chiqib ketdi.

Oʻsha tuflini olib, yigitning ortidan chiqdim. U qoʻltiqdayoqda qiynalib qadam tashlar, hali uzoqqa ketmagan edi.

– Hey yigit, shoshma!

– Assalomu alaykum, – to‘xtab, sizga nima kerak degandik qaradi u.

– Shu oyoq kiyimni olmoqchimiding?

U yalt etib qoʻlimga qaradi:

– Ha, qayerdan bildingiz?

– Agar xohlasang, bir taklifim bor. Senga poyabzalni chapi kerak-a? Menga esa oʻngi. Bir tanishimga olmoqchi edim. Xoʻp desang, buni oʻrtada sotib olamiz. Ikkimizning ham pulimiz tejaladi.

– Rostdanmi?! Roziman! – deya pulni uzatdi. Xursandligi yuzida aks etdi. Koʻngli oʻksimasin deb, pulni oldim.

– Agar yana oyoq kiyim kerak boʻlsa, qoʻngʻiroq qil, bo‘lishib olaveramiz...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish