Adliya vazirligi tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu Nizomda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va to‘lash tartibi belgilandi.
Stipendiya har oylik to‘lov shaklida Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalari asosiy yoki zaxira tarkibiga kiritilgan hamda belgilangan mezonlarga mos keluvchi sportchilarga tayinlanadi.
Stipendiya O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirligida tuziladigan Stipendiya komissiyasi tomonidan tayinlanadi.
Sport turlarini rivojlantirish respublika markazlari hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi har chorak birinchi oyining 5-sanasiga qadar belgilangan mezonlar asosida sport terma jamoalari tarkibidagi sportchilardan stipendiyaga nomzodlar ro‘yxatini tuzadi va Stipendiya komissiyasiga taqdim qiladi.
Stipendiya komissiyasi mas’ul ijrochilar tomonidan taqdim qilingan stipendiyaga nomzod sportchilar ro‘yxatini va ularning musobaqalarda erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlarni 15 kun ichida ko‘rib chiqadi.
Stipendiya komissiyasi yig‘ilishida umumiy ovoz berish yo‘li bilan stipendiya tayinlash va to‘lash to‘g‘risida yoki stipendiya tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Stipendiya bir yil muddat davomida har oy mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida to‘lanadi.
Stipendiya harbiylar o‘rtasidagi va talabalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida sovrindor bo‘lganlar uchun ham tayinlanadi.