Aliment undirish bo‘yicha sudga murojaat qilinganda davlat boji to‘lanmaydi.
Har bir ota-ona o‘z bolalariga ta’minot berishi shart. Bu bolaning konstitusiyaviy huquqi bo‘lsa, ota-onaning konstitusion majburiyati hisoblanadi.
1. Bolaga aliment to‘lash uchun ota-ona ajrashgan bo‘lishi shart emas.
Agar ota-ona bolaga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy bajarmasa, sud asosida aliment undiriladi.
Bola deganda – 18 yoshga to‘lmaganlar tushuniladi.
Bolaga ta’minotni ixtiyoriy berish yoki aliment undirish uchun ota-ona ajrashgan bo‘lishi shart emas. Ota-ona birga yashashi yoki birga yashamasligidan qat’iy nazar, har qanday holatda bolaga ta’minot berilishi shart.
Shuningdek ota-ona voyaga yetgan, ya’ni 18 yoshdan oshgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ham ta’minot berishi kerak.
Ota-ona bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lashni o‘zaro kelishib hal qilishi mumkin. Lekin bu kelishuv bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak, masalan aliment miqdori qonunchilikda belgilangandan kam bo‘lmasligi shart.
Aliment kelishuvi yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Keyinchalik mazkur kelishuvga muvofiq aliment to‘lanmasa, shu kelishuv asosida aliment majburiy ijro byurosi idoralari tomonidan undirilishi mumkin.
2. Aliment bo‘yicha da’volar davlat bojidan ozod qilinadi.
Bolaga ta’minot berilmaganida, ota yoki ona istalgan vaqtda aliment undirish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin.
Aliment undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha davlat boji undirilmaydi.
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi. Agar bolaga ta’minot berish bo‘yicha avvaldan ota (ona)ga murojaat qilingan bo‘lsa, lekin ular to‘lamasdan yurganligi aniqlansa, oldingi 3 yillik uchun aliment undirilishi mumkin.
3. Aliment miqdori har bir bola uchun 260 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi lozim.
Ota-ona o‘rtasida aliment bo‘yicha kelishuv bo‘lmasa, aliment sud tomonidan ota-onaning har oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan quyidagi miqdorida undiriladi:
– bir bola uchun – to‘rtdan bir qismi (masalan, ota (ona)ning oyligi 6 mln so‘m bo‘lsa, aliment 1,5 mln so‘m);
– ikki bola uchun – uchdan bir qismi (masalan, ota (ona)ning oyligi 6 mln so‘m bo‘lsa, aliment 2 mln so‘m);
– uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi (masalan, ota (ona)ning oyligi 6 mln so‘m bo‘lsa, aliment 3 mln so‘m)
Aliment miqdori ota-onaning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Shu bilan birga, har qanday holatda har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan (259 ming 700 so‘mdan) kam bo‘lmasligi kerak.
Bola og‘ir shikastlanganda, kasal bo‘lganda va boshqa favqulodda holatlarda ota-ona alimentdan tashqari qo‘shimcha pul (xarajat) berishi kerak. Ota-ona qo‘shimcha xarajatdan bosh tortsa pul sud qarori bilan undiriladi.
4. Bola to‘liq davlat ta’minotiga o‘tkazilgan bo‘lsa, aliment bekor qilinishi mumkin.
Aliment miqdori quyidagi holatlarda sud tomonidan kamaytirilishi mumkin:
– ota (ona)ning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, undan yuqorida keltirilgan miqdorda aliment undirilganda o‘zidagi bolalari aliment olayotgan bolalariga nisbatan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa;
– ota (ona) nogiron bo‘lib moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa;
– aliment olayotgan shaxs (bola) mustaqil daromadga ega bo‘lsa (masalan, bolalarga 14 yoshdan ishlashga ruxsat berilgan, shunda mustaqil daromadi bo‘lishi mumkin).
Shuningdek, bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lsa, sud alimentni kamaytirishi yoki ota (ona)ni alimentdan ozod qilishi mumkin.
5. Aliment to‘laydigan ota (ona) ish joyi o‘zgarganda, MIBni xabardor qilishi kerak.
Aliment ota (ona)ning shaxsan o‘zi tomonidan to‘lanadi yoki arizasiga ko‘ra ish joyida, pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablag‘ olayotgan joyida to‘lanadi.
Aliment to‘laydigan ota (ona) ishlaydigan ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot alimentni ularning daromadidan ushlab qolishi va bolaga yetkazishi kerak.
Aliment to‘laydigan ota (ona) ish, o‘qish, yashash joyi o‘zgarganda bu haqida MIBni va aliment olayotgan shaxsni xabardor qilishi shart. Xabardor qilmasa, javobgarlik kelib chiqadi.
6. Aliment qarzi ota (ona)ning har qanday mulkidan undirilishi mumkin.
Sudning aliment to‘lashga oid hujjati yoki aliment kelishuvi bo‘yicha qarzdorlik MIB tomonidan undirib beriladi va bu darhol undirilishi kerak bo‘lgan mablag‘ hisoblanadi.
Aliment qarzi aliment to‘laydigan ota (ona)ning ish haqi va boshqa daromadidan undiriladi, ular yetarli bo‘lmasa ota (ona)ning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisob varaqlarida turgan pul mablag‘idan undiriladi. Bu mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, undiruv qarzdorning boshqa mol-mulkiga qaratiladi. Undiruvni qaratish mumkin bo‘lmagan mulklar ro‘yxati esa bu yerda.
7. Chet-elga chiqishga taqiq garov evaziga olib tashlanishi mumkin.
MIB tomonidan aliment to‘lovchilarning xorijga chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin.
Alimentlar oldindan to‘langan yoki bu bo‘yicha garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, xorijga chiqishga oid cheklov olib tashlanadi.
Bunda aliment oldindan 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga to‘lanishi kerak. Bolalar voyaga yetgunigacha bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.
Alimentni to‘lashni garov bilan ta’minlash ham mumkin va bunda garov qiymati BHMning 250 baravari (82 mln 500 ming so‘m)dan kam bo‘lmasligi lozim. Har qanday mol-mulk (avtomobil, do‘kon, uy-joy, kvartira) garov bo‘lishi mumkin.
Alimentni oldindan to‘lash yoki alimentni garov bilan ta’minlash uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilinadi.
8. Bola farzandlikka olinganida, aliment undirish tugatiladi.
Aliment undirish quyidagi holatlarda tugatiladi:
– bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganda (masalan, ishga kirganida);
– bola farzandlikka olinganida;
– bola vafot etganda.
9. Aliment to‘lamaslik ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bolaga alimentni 2 oydan ortiq muddat o‘z vaqtida to‘lamaslik 15 sutka ma’muriy qamoqqa olishga yoki 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga sabab bo‘ladi. Bu jazolarni qo‘llash mumkin bo‘lmagan shaxslarga esa BHMning 20 baravari (6 mln 600 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Birinchi marta aliment to‘lamagan shaxs, alimentni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Aliment to‘lamaslik ma’muriy (yuqoridagi) jazo qo‘llanilganidan keyin yana takror sodir etilsa, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shaxs aliment bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
10. Alimentni undirish imkoni bo‘lmaganida, maxsus jamg‘armadan aliment to‘lab beriladi.
Aliment to‘lamaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdordan aliment undirish imkoni bo‘lmaganida, aliment Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi.
Jamg‘arma hisobidan to‘lab berilgan aliment miqdori keyinchalik aliment to‘lovchidan undirib olinadi.