12.12.2025 465
To‘rtko‘l tumani G‘alaba mahallasida tong uyg‘onib atrofga nazar tashlagan odam ko‘chalar osoyishtaligidan, sport maydonidagi yengil shovqinlardan, maktabga shoshayotgan bolalarning mehrli qadamlaridan xotirjamlik topadi. Mahalla hayoti bir qarashda oddiy tuyulishi mumkin, ammo bu yerda o‘zgarish shamoli esib turibdi. Bularning markazida esa yosh va g‘ayratli yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilova turadi. G‘alaba mahallasi balansi: Aholi: 2148 nafar; Yoshlar: 575 nafar; Xotin-qizlar: 297 nafar; “Yashil” toifa: 385 nafar; “Sariq” toifa: 176 nafar; “Qizil” toifa: 14 nafar; Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish. 2024-yilda yetakchi nomi faqat mahallada emas, balki tumanda va respublikada ham tanila boshladi. “Yetakchi spartakiadasi” doirasidagi shaxmat musobaqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida qo‘lga kiritilgan ikkinchi o‘rin, “Eng yosh ma’naviyatchi” tanlovida tumandagi ikkinchi o‘rin, “Yilning eng namunali mahalladagi yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman g‘olibligi – bularning bari uning shijoatidan darak. 2025-yilda ham yetakchimizning turli yutuqlari uzilmay kelyapti. 200 nafar yosh til o‘rganyapti Muhayyo faoliyatining eng muhim qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlashdir. 2025-yilda u 6 nafar yoshni “Yoshlar daftari”ga kiritib, ularning har biriga alohida yondashdi. 3 nafar yoshning kontrakti to‘lab berildi, 1 nafar yosh o‘ziga kerakli asbob-uskunaga ega bo‘ldi, yana 2 nafar yosh esa zamonaviy kasb-hunar kurslariga yuborildi. Shohruh Sa’dullayev kontraktini to‘lashda qiynalgan paytda Muhayyo yordam qo‘lini cho‘zdi. Bugun esa u maktabda ingliz tili o‘qituvchisi, shuningdek, “Platina” o‘quv markazida 200 dan ortiq yoshga ingliz tilini o‘rgatyapti. – Mahallamiz yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilovaning yordami bilan mening hayotim o‘zgardi, u menga ishonmaganida, balki, men bugun bu joyda bo‘lmasdim, – deydi Shohruh Sa’dullayev. – Kontraktni to‘lay olmay, o‘qishni tashlash arafasida yurgan edim. Muhayyo opa esa meni birinchi gaplashganimizdayoq qo‘llab-quvvatladi. O‘qishimni davom ettirdim. Bugun maktabda o‘qituvchiman, yuzlab bolalarning ko‘zidagi ishonchni ko‘rganimda o‘zim ham kuch olaman. O‘quv markazda esa 200 yuzdan ortiq yoshga ingliz tilidan dars bermoqdaman. Yoshlar yetakchisi menga bergan imkoniyatni endi men boshqalarga berishga harakat qilaman. 2025-yilda G‘alaba mahallasi yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida shaxmat, stol tennisi va streetbol bo‘yicha tuman g‘olibi bo‘lishdi va viloyat bosqichida munosib qatnashdi. Mahalla binosida ochilgan shaxmat to‘garagida esa bir necha musobaqalar g‘olibi bo‘lgan murabbiy yoshlarga saboq berib kelyapti. 2025-yilda 14 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlangani ham tasodif emas. Muhayyo har bir yosh bilan shaxsan suhbatlashadi, ularning qiziqishlarini o‘rganadi, ishga moslashtiradi. – Ba’zan yosh hayotidan hafsalasi pir bo‘lgan bo‘ladi. Ularga avval ishonchni qaytarish kerak. Ish oson topilmaydi, lekin maqsad bo‘lsa yo‘l topish mumkin, – deydi Muhayyo Kamilova. Jinoyatchilikdan xoli 2022-yildan buyon G‘alaba mahallasida birorta jinoyat sodir etilmagan. Chunki yoshlar bilan doimiy suhbatlar, uyma-uy profilaktika, kiberjinoyatlardan ogohlantirish, maktab bilan hamkorlik, bo‘sh vaqtlarini to‘ldirish bo‘yicha qilingan keng qamrovli ishlar samara beryapti. Mahalla yoshlari “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida faol ishtirok etdi. Mahalladan “Mutolaa” loyihasi doirasida 150 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular hozir 190 dan ortiq kitobni o‘qib chiqishgan. “Qizlar akademiyasi”da 90 nafar qiz bepul o‘qimoqda. “UzChess” loyihasi orqali 50 nafar yosh 420 ta shaxmat darsini mutlaqo bepul o‘rganyapti. Muhayyo og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida 14 nafar yoshga ko‘mak berdi. Ularning 7 nafariga kredit olib berildi, 2 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Yana 1 nafariga subsidiya ajratilgan bo‘lsa, 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 3 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi. Bu yoshlar To‘rtko‘l tumani hokim o‘rinbosari Bobur Yangibayevga biriktirilgan. Nizomaddin Bekchanov ana shunday yoshlardan biri. Onasi vafot etgan, otasi og‘ir kasal bo‘lgan bu yigitga g‘ildirakni muvozanatlash uskunasi (balansirovka) va havo siqish qurilmasi (kompressor) berilib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugun u oilasiga tayanch bo‘lib turibdi. – Yoshlar yetakchisining o‘sha yordami bo‘lmaganda, qayerdan boshlashni bilmasdim, – deya eslaydi Nizomaddin Bekchanov. – Avvaliga qo‘rqardim: ishni boshlay olamanmi, mijoz topiladimi, oilamni boqishga kuchim yetadimi deb o‘ylardim. Bugun esa kichkina ustaxonamda odam qadami uzilmaydi. Har kuni mo‘maygina daromad topyapman. Hayotimda ilk bor ertangi kunimga qat’iy reja qiladigan bo‘ldim. Tohirbek Komiljonovning taqdiri ham e’tibordan chetda qolmadi. U 1-sinfdan boshlab og‘ir ijtimoiy sharoitda voyaga yetgan bo‘lsa-da, zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘qitilib, o‘z yo‘lini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun u oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovini o‘zi to‘lab, Toshkentdagi “Hilol Edu” o‘quv markazida ishlayapti. Qizlat taqdiri Muhayyoning faoliyatida qizlar taqdiriga alohida e’tibor bor. Nazokat Ramonovaning 100 million so‘m kredit asosida ochgan “Desert kafe”si va non sexi, Zuhra O‘rinbayeva uchun ajratilgan yordam, Guli Yusupovaning hamshiralik faoliyati – bularning barchasi bir yetakchining mas’uliyat bilan yondashgan mehnati evaziga yuzaga kelgan. Zuhra Oʻrinbayeva hozirda Farg‘ona davlat universiteti talabasi. U bir necha bor jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan. Yoshlar yetakchisi tomonidan oilaviy sharoiti o‘rganilib, davolanishi uchun 6 mln soʻm miqdorida moddiy yordam ajratilgan. Shuningdek, u o‘qishdan tashqari vaqtida bolalar kiyim doʻkonida sotuvchilik qiladi. Oylik daromadi – 5 mln so‘m. Hikoya davom etadi Muhayyoning rejalariga nazar tashlansa, uning har bir niyati yana o‘sha: yoshlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish, mahalla hayotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadiga xizmat qiladi. U eng birinchi zamonaviy bilimlar markazini tashkil etish ustida bosh qotiryapti. Bu markazda AT yo‘nalishlari, grafika dizayn, robototexnika, tezkor ingliz tili kurslari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, u qizlar uchun alohida “Psixologik ko‘mak va ijtimoiy faollik maktabi”, “Mahalla kitob uyi”ni ochishni maqsad qilgan. Bundan tashqari ham sport musobaqalari, boshqa ijtimoiy loyilar rejalashtirilyapti. Rejalari haqida gapirar ekan, Muhayyo shunday deydi: – Yoshlar har kuni o‘sib borayapti. Ularning bugungi imkoniyati – ertangi kunimizning poydevori. Biz imkon yaratib bersak, ular natija ko‘rsatadi. Mahallamizda hech kim orqada qolmasligi kerak. Rrejamlarning barchasi mana shu g‘oyaga xizmat qiladi. Qahramonimizning hikoyasi oddiy natija haqidagi raqamlar emas. Bu hikoya o‘zgalarga yo‘l ko‘rsatish, yoshlar hayotiga mustahkam poydevor qo‘yish hikoyasidir. Eng muhimi, bu hali davom etmoqda.
11.10.2025 1224
Yoshlarning muammolarini joyida hal etish, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish mahalladagi yoshlar yetakchilarining fidokorona mehnati bilan chambarchas bog‘liq. Shunday faol yetakchilardan biri Toshkent shahri Mirobod tumanidagi Abdulla Avloniy mahallasi yoshlar yetakchisi Maqsud Toshpo‘latov asosiy e’tiborini yoshlar manfaatiga yo‘naltirgan. U ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan tizimli ishlar olib bormoqda. 84 nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali hal etildi. Himoyaga muhtoj 21 nafar yoshga homiylar yordamida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Natijada yoshlarning moddiy ahvoli yaxshilandi. Maqsud Toshpo‘latov tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini, kitobxonlik kechalari va estafetalar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilyapti. Iqtidorli yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”da faol ishtirok etib, 6 yo‘nalishda 29 nafar yosh respublika bosqichiga chiqib, yaxshi natijalar ko‘rsatdi. Huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallada ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida yoshlar bilan individual suhbatlar, profilaktik uchrashuv va seminarlar o‘tkazilib, ularning jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishiga ko‘mak berilmoqda. Yetakchi tashabbusi bilan “Yoshlar bandligi” dasturi doirasida 72 nafar yosh ijtimoiy faoliyatga jalb etildi. Ulardan ayrimlari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan bo‘lsa, boshqalari kasb-hunar markazlarida tahsil olmoqda. Mahalla hududida stritbol va vorkout maydonchasi, universal sport maydonchasi hamda tabiiy chim yotqizilgan futbol maydoni barpo etildi. Bundan tashqari, mahalla binosida kutubxona tashkil etilib, 1000 ga yaqin turli janrdagi kitoblar olib kelindi. Maqsud Toshpo‘latov bir qator tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha Mirobod tumanida “Eng namunali yetakchi” sifatida e’tirof etildi. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2024-yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha “TOP-100” yetakchilar ro‘yxatidan o‘rin olgan.
7.10.2025 1103
Davlat rahbarining 2024-yil 6-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 153-sonli qarori yoshlarning mehnat bozoridagi o‘rnini mustahkamlash, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida muhim huquqiy asos bo‘ldi. Qaror ijrosini ta’minlashda respublika bo‘ylab yoshlar yetakchilari oldiga ulkan vazifalar qo‘yildi. Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Zilol mahallasi yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonov ham tashabbuskorligi, tizimli ishlari bilan yoshlar bandligini ta’minlash borasida namunali faoliyat olib bormoqda. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida yoshlarga ajratilgan yer maydonlarida “Zilol mirishkor dehqonlari” kooperatsiyasi tashkil etilgan. 46 nafar yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgan bo‘lsa, shundan 30 nafari kooperatsiya tarkibiga qamrab olindi. Eng muhim yangilik yerlarning 10 gektariga issiqxonalar qurilishi bo‘ldi. Natijada yozgi mavsum davomida har bir yosh 35–40 million so‘mdan ortiq daromad olishga erishdi. Kuzgi mavsumda ham ularning daromadi 40–45 million so‘mdan oshishi kutilmoqda. Bu bir guruh yoshlar hayotida iqtisodiy burilish, mahalla darajasida kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash yo‘lidagi katta qadam bo‘ldi. – Oltiariq tumani dehqonchilik madaniyati, mehnatsevar xalqi va boy agrar an’analari bilan mashhur, – deydi Zilol mahallasi yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonov. – Zilol mahallasi bir paytlar bandlik masalasida muammolar mavjud maskan edi. Bugun vaziyat tubdan o‘zgargan. Mahalla yoshlari o‘zini band qilish bilan birga, oilasiga ham yordam keltirmoqda. Kooperatsiyani tashkil etishdan maqsad yoshlar issiqxonada yetishtirgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotishga ko‘maklashishdir. Bu yoshlarning bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi, daromadini ko‘paytiradi. Mahalla balansi: Aholi: 3385 nafar; Yoshlar: 837 nafar; Xotin-qizlar: 376 nafar “Yashil” toifa: 653 nafar; “Sariq” toifa: 184 nafar; “Qizil” toifa: 3 nafar; Mahalla drayveri: dehqonchilik va bog‘dorchilik. Kambag‘allikdan farovonlik sari Jumavoy Sulaymonovning ish uslubida uchta asosiy jihat yaqqol ko‘rinadi: tashabbuskorlik – u yoshlarni faqatgina mavjud imkoniyatlardan foydalanishga emas, yangi imkoniyatlarni yaratishga ham undaydi; tizimlilik – ishlar “kampaniyabozlik” tarzida emas, aniq rejaga asoslangan holda olib boriladi; samaradorlik – har bir tashabbus o‘z natijasini berishi, yoshlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ajralib turadi. Ayni shu jihatlar uni o‘z hududida mashhur, yoshlarga yaqin va ularning ishonchini qozongan yetakchiga aylantirdi. 2025-yilda Zilol mahallasida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi natijasida 25 nafar yoshning doimiy bandligi ta’minlandi, 11 nafar yosh xususiy sektorga ishga joylashtirildi, 35 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi. 6 nafar yosh “ustoz-shogird” an’anasi asosida mahalladagi hunarmandlarga biriktirilgan bo‘lsa, 2 nafar yoshning kontrakt to‘lovlarini to‘lashda amaliy yordam ko‘rsatildi. 5 nafar yoshga jami 165 million so‘m kredit ajratilishiga ko‘maklashildi. Sport – birlashtiruvchi kuch Qahramonimiz mahallada sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib etadi. Shaxsiy namuna sifatida har kuni tongda bir guruh yoshlar va mahalla ahli bilan yugurishni odatga aylantirgan. Mahalla yoshlari 2023-yili “Besh tashabbus olimpiadasi”ning voleybol bahslarida respublikada g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun mahallaga universal sport maydonchasi qurib berilgan edi. Voleybolchi yoshlar joriy mavsumda yana g‘oliblikni maqsad qilgan. Hududda 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Bundan tashqari, yetakchi tashabbusi bilan hududdagi bo‘sh joy obodonlashtirilib, homiylik mablag‘lari asosida yoshlar uchun zamonaviy sport zali barpo etildi. Hozir bu yerda sport to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan va yosh-u qari birdek sport bilan shug‘ullanmoqda. 300 dan ortiq kitob mutolaada Mahallada “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 110 nafar yosh xorijiy tillarni o‘rganayotgan bo‘lsa, ulardan 6 nafari sertifikat olishga erishdi. Qahramonimizning o‘zi ham joriy yilda xorijiy tillarni bilish sertifikatini oldi. “Mutolaa” loyihasi yordamida 120 nafar yosh 300 dan ortiq kitobni mutolaa qilmoqda. 120 nafar yosh “Ustoz AI” dasturidan faol foydalanyapti. “Uzchess” loyihasiga 95 nafar yosh qamrab olingan. Ular shaxmatdan 3 209 ta elektron, audio va video darslarni o‘rganyapti. “Qizlar akademiyasi”da 48 nafar qiz darslarni o‘zlashtirmoqda. Bundan tashqari, mahallada kitobxonlik tanlovlari, ijodkorlar bellashuvlari, sun’iy intellektga asoslangan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar maktab bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Yetakchi kunni maktabga borib yoshlar bilan suhbatlashish, ularning qiziqish va imkoniyatlari, muammo va takliflarini eshitishdan boshlaydi. Kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar beradi. Zarur bo‘lsa mutaxassislarga yo‘naltiradi yoki maktabda uchrashuvlar tashkil etadi. Namunaviy model Zilol mahallasida 2025-yilning o‘tgan davrida jinoyatchilik yoki huquqbuzarlik sodir etilmadi. Mahalla darajasida to‘g‘ri tashkillashtirilgan ishlar butun respublika uchun namunaviy model bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Avvalo, yer ajratish va kooperatsiya mexanizmi yoshlar bandligini ta’minlashda eng samarali vositalardan biri sifatida o‘zini oqladi. Qisqa fursatda bir guruh yigit-qizlar tomorqadan unumli foydalanib, dehqonchilik va bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘ydi, kooperatsiya orqali ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga erishdi. Ikkinchidan, ustoz-shogird an’anasining tiklanishi yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishda muhim omil bo‘ldi. Tajribali ustozlar yonida hunar o‘rgangan yoshlar kasb sir-asrorini egallamoqda. Sport va madaniyat sohasida erishilgan g‘alabalar yoshlarni birlashtirmoqda. Bu jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali omildir. Mahalladagi to‘garak va turli musobaqalar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish imkonini bermoqda. Kelajakka nigoh Yoshlar yetakchisining asosiy maqsadi Zilol mahallasini nafaqat Oltiariqda, balki butun Farg‘ona vodiysi bo‘yicha yoshlarga oid eng ilg‘or loyihalar markaziga aylantirishdir. Uning maqsadlari ko‘p mehnat va izlanish talab qiladi. Ammo juda hayotiy: Dehqonchilik va agrobiznes. Mahalladagi issiqxonalar kengaytirilib, ularga zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatiladi. Bu hosildorlikni oshiradi, xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida tomorqa yerlarini kooperatsiya asosida birlashtirish tajribasi davom ettiriladi. Kelgusida “Zilol brendi” ostida mahsulotlarni qadoqlab, ichki bozorga va eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda. Yoshlar bandligi. Jumavoy Sulaymonov 2026-yil oxirigacha kamida 50 nafar yoshni ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Buning uchun hunarmandchilik ustaxonalari kengaytiriladi, yangi yo‘nalishlarda ustoz-shogird tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xotin-qizlar uchun tikuvchilik va pazandachilik kooperativlari ochilishi ko‘zda tutilgan. Intellektual va ma’naviy rivojlanish. Mahallada zamonaviy axborot-kutubxona markazi barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yerda bepul internet, elektron kitoblar va ta’lim resurslari mavjud bo‘ladi. Sport va sog‘lom turmush tarzi. Sport yoshlarni tarbiyalashning eng ta’sirchan vositalaridan biri. Shu bois mahallada universal sport maydonchalari soni ko‘paytiriladi, yangi mini futbol stadioni qurilishi rejalashtirilmoqda. Yetakchi ayniqsa qizlarni sportga keng jalb etish tarafdori. Mahalla qizlaridan voleybol jamoasi tuzish ko‘zda tutilgan. Professional murabbiylar jalb qilinib, to‘garaklarda muntazam mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlar tadbirkorligi. Yoshlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun Jumavoy Sulaymonov amaliy yordam berishga bel bog‘lagan. Kredit, grant va subsidiyalarni olishda maslahat va hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, “Yosh tadbirkorlar klasteri” tashkil etilib, bir nechta yoshlar birgalikda biznes yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika. Yoshlarni huquqbuzarlikdan asrash maqsadida “Bir yoshga bir mentor” tamoyili asosida har bir xavf toifasidagi yigit-qizga doimiy mas’ul biriktiriladi. Huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda muntazam uchrashuvlar o‘tkazilib, yoshlarga huquqiy bilimlar singdiriladi. Bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish uchun sport musobaqalari, madaniy tadbirlar yo‘lga qo‘yiladi. “Zilol yoshlar qishlog‘i” loyihasi Jumavoy Sulaymonovning eng katta orzusi “Zilol yoshlar qishlog‘i” loyihasini amalga oshirish. Bu loyiha doirasida mahallada yoshlar uchun zamonaviy uy-joy massivlari, ishlab chiqarish sexlari, ta’lim va madaniyat markazlari, sport va rekreatsiya hududlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Uning tasavvurida bu qishloq yoshlarga yashash, o‘qish, ishlash va dam olish uchun barcha sharoitlarni birlashtirgan yangi avlod maskaniga aylanadi. Bugun Zilol mahallasi yoshlariga qarasangiz, ularning yuzida ishonch, qalbida orzu, qo‘lida mehnat, hunar borligini ko‘rasiz. Bu o‘zgarishlar bevosita yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonovning fidoyiligi, tashabbuskorligi va tizimli ishlari natijasidir.
8.9.2025 1283
Mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari yoshlarning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Qiziloy mahallasi yoshlar yetakchisi Shahzoda Tolibovaning faoliyati ham namunali tajriba sifatida alohida e’tiborga loyiq. U Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining “Faollar jamoasi” va Yoshlar maslahat guruhining a’zosi hisoblanadi. Qiziloy mahallasi balansi: Aholi: 2583 nafar; Yoshlar: 587 nafar; Xotin-qizlar: 304 nafar; “Yashil” toifa: 530 nafar; “Sariq” toifa: 55 nafar; “Qizil” toifa: 2 nafar; Mahalla drayveri: chorvachilik, issiqxonachilik va dehqonchilik. – Yoshlar yetakchisining mehnati oson emas, – deydi yoshlar yetakchisi Shahzoda Tolibova. – Har bir yoshning muammosini o‘rganish, ularga individual yondashish talab etiladi. Kimdir ishli bo‘lishni xohlasa, yana kimdir tadbirkorlikni boshlash orzusida, boshqasi esa o‘z iste’dodini namoyon etish uchun imkon kutadi. Shunday vaziyatlarda mening eng asosiy vazifam ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kerakli tashkilot va mutasaddilar bilan bog‘lashdan iborat bo‘ladi. Ayrim yoshlarda o‘ziga ishonch yetishmaydi, ba’zilari esa imkoniyatlar borligiga qaramay, faol bo‘lishga shoshilmaydi. Men uchun eng katta sinov ularning qalbidagi ishonchni uyg‘otish, “men ham qila olaman” degan tuyg‘uni shakllantirish... Og‘ir toifadagi yoshlarga e’tibor Yoshlar bilan ishlashda eng og‘ir yo‘nalishlardan biri ijtimoiy himoyaga muhtoj, jinoyatchilikka moyil yoki og‘ir toifadagi yoshlarga to‘g‘ri yondashuvdir. Shahzoda Tolibova shu toifaga kiruvchi 2 yoshning muammosini chuqur o‘rgandi. Ulardan biri probatsiya, ikkinchisi esa profilaktik ro‘yxatda edi. Bu yoshlarning xonadoniga borib, ruhiyati, oilaviy va moddiy holati o‘rganildi. Biriga doimiy ish topib berildi, ikkinchisi esa imtiyozli kredit asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Eng asosiysi, bu jarayon bir martalik harakat emas, balki doimiy ravishda olib borilgan individual suhbatlar va psixologik ko‘mak tufayli amalga oshirildi. Bu yondashuv natijadorlikka asoslangan ijtimoiy ish modeli bo‘lib, ko‘plab mahallalarda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan muhim tajriba hisoblanadi. 12 nafar yoshga 210 million so‘mlik ko‘mak Shahzoda Tolibovaning tashabbusi bilan Qiziloy mahallasida 12 nafar yoshga umumiy qiymati 210 million so‘mga teng imtiyozli kredit ajratildi. Bu kreditlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularga ishonch va mustaqil daromad manbayi yaratish vositasi bo‘ldi. Imtiyozli kreditlar yordamida Muhriddin Suvonov, Samandar Toshnazarov, Zuhra To‘ychiyeva, Ruxshona Ismatullayeva, Shahzod Toshpo‘latov issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Aziza Maxamatova hamshiralik xizmati ko‘rsatishni boshladi. Sarvar Andaqulov asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda. Shahlo Tursunova, Navro‘z Hamroyev chorvachilik yo‘nalishida daromad topyapti. Bu yoshlar bugun o‘zlarini band qilish bilan birga yaqinlariga ham yordamchi bo‘lmoqda. Ular kelgusida o‘z sohasi bo‘yicha boshqalarga namuna bo‘la oladigan kuchli tadbirkor bo‘lib yetishishlari shubhasiz. Yer ajratish o‘z yeridan pul topish imkoniyati Yoshlarni mustaqil qilishda ajratilayotgan yer resurslari katta ahamiyatga ega. “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida bir nechta yoshga yer maydonlari ajratildi. Ahror Hazratqulov, Gulnoza Islomova, Muxlisa Saydullayeva, Hasan Alimqulov, Jahongir Tohirov, Akmal Norqulov kabi yoshlar poliz ekinlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bu yoshlar o‘z mahsulotlarini sotib, oilasini ta’minlamoqda. – Ish topish, daromad manbayi yaratish haqida ko‘p bosh qotirar edim, – deydi mahalla yoshlaridan biri Hasan Alimqulov. – Yoshlar yetakchisi yer ajratish bo‘yicha imkoniyatlar borligini tushuntirib, amaliy yordam ko‘rsatdi. “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida men ham yer oldim va tarvuz, qovun, sabzi va boshqa mahsulotlar ekishni boshladim. Dastlab bu ish menga og‘irdek tuyuldi, lekin vaqt o‘tishi bilan natijani ko‘rib, mehnatim bekor ketmaganini angladim. Eng muhimi, o‘zimga ishonchim oshdi: men ham mustaqil, mehnatsevar inson sifatida jamiyatga foyda keltira olyapman. Ma’naviy immunitet Yoshlar orasida salbiy illatlarga qarshi kurashning eng samarali vositasi ularni ma’rifat va sportga keng jalb qilishdir. Shahzoda Tolibova tashabbusi bilan Qiziloy mahallasida quyidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi: Kichik kutubxona tashkil qilindi. Unda yoshlar va oila a’zolari muntazam kitob mutolaa qiladi. Ayniqsa, Qayumovlar oilasi kitobxon oila sifatida e’tibor qozondi. Har kuni yoshlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, ijtimoiy loyihalar tashkil etilmoqda. Mini futbol bo‘yicha Qiziloy jamoasi “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi”da tuman va viloyat g‘olibiga aylandi va respublika bosqichida qatnashdi. Bunday tadbirlar yoshlar orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Tashabbus va shaxsiy mas’uliyat Shahzoda Tolibova tashabbusi bilan mahallada sport to‘garaklari, xususan, mini futbol bo‘yicha qizlar jamoasi tuzildi. Shu kungacha Ibrat farzandlari loyihasi doirasida 10 nafar yosh, jumladan, yetakchining o‘zi ham ingliz tili kurslarini tamomlab, sertifikat oldi. Bu Shahzodaning yoshlar hayotini o‘zgartirishga chin dildan bel bog‘laganini ko‘rsatadi. Yangi marralar sari intilish Mahalladagi yoshlar bilan samarali faoliyatni yanada kengaytirish, mavjud tajribani mukammallashtirish Shahzoda Tolibovaning kelgusi rejalari markazida turadi. – Yoshlar bilan ishlash doimiy harakat, yangilanish va o‘z ustida ishlashni talab qiladi, – deydi Shahzoda Tolibova. – Bugun erishgan natijalar bilan to‘xtab qolmay, har bir yigit-qizga o‘z orzusi sari intilishga ko‘maklashish mening eng katta maqsadim. Quyida yetakchining yaqin kelajakdagi asosiy rejalari bilan tanishamiz: “Bir yosh – bir hunar” dasturi. Shahzoda yaqin vaqt ichida hunarmandchilik, AT va servis sohalariga oid bepul qisqa muddatli kurslar tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Bu orqali yoshlar o‘zlari uchun munosib kasb egallab, daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Yosh fermerlar klubi”. Mahallaning drayver yo‘nalishi – dehqonchilik va chorvachilikdan kelib chiqib, bu sohalarga qiziqqan yoshlardan iborat “Yosh fermerlar klubi” tuziladi. Klubda tajriba almashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘rganish va kooperatsiya asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Psixologik ko‘mak markazi. Muammoli yoshlar bilan ishlashda samaradorlikni oshirish uchun tajribali psixologlar bilan hamkorlikda kichik psixologik maslahat markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu markazda yoshlar ruhiy bosim, ishsizlik, oilaviy muammolarda malakali yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yosh ayollarni qo‘llab-quvvatlash markazi. Yosh xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish uchun ularga tadbirkorlik, tikuvchilik, pazandachilik va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ular uchun maxsus kreditlar ajratish, ko‘rgazma va startap tanlovlari yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. “Yoshlar tashabbuslari jamg‘armasi”. Yoshlarning innovatsion va ijtimoiy loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mahalla darajasida kichik “Yoshlar tashabbuslari jamg‘armasi” tashkil etish ustida ish olib borilmoqda. Bu jamg‘arma orqali kreativ g‘oyalarga ega yoshlarga mini grantlar berilishi rejalashtirilgan. Shahzoda Tolibova muvaffaqiyatli loyihalarini boshqa mahallalarga ham tatbiq etish, yoshlar yetakchilari uchun treninglar o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish istagida. Uning aytishicha, har bir yoshning ichida kuch, orzu va salohiyat bor. Asosiysi, unga ishonish va imkon yaratish kerak. *** Yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kerakli tashkilot va mutasaddilar bilan bog‘lash mening eng asosiy vazifalarimdan biridir. Qiziloy mahallasida 12 nafar yoshga umumiy qiymati 210 million so‘mga teng imtiyozli kreditlar ajratildi.
18.8.2025 1421
2025-yil boshida Nurafshon shahridagi Nurafshon mahallasi yoshlar yetakchisi Qutliya Ochilova mahalladagi qarovsiz hududni obodonlashtirib, yoshlar uchun foydali markazga aylantirish g‘oyasini ilgari surdi. Yoshlarning fikr va takliflari asosida bu joy hashar yo‘li bilan ta’mirlanib, zamonaviy infratuzilmaga ega “Yoshlar markazi” barpo etildi. Markaz yoshlar uchun ijtimoiy, madaniy va sport markaziga aylangan. Bu yerda stol tennisi, shashka, shaxmat, armrestling kabi sport turlaridan to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. “Yoshlar markazi” 100 dan ziyod yoshlarni qamram olgan. – Bunday markazlar yoshlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etish, ijtimoiylashuvi, sog‘lom hayot tarziga intilishlarini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi, – deydi Nurafshon mahallasi yoshlar yetakchisi Qutliya Ochilova. – Har bir yosh shu yerda o‘zini topishi, qiziqishini rivojlantirishi va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Men yetakchi sifatida yoshlarda ichki ruhiy kuchni uyg‘otish va o‘ziga ishonchini oshirishni vazifam deb bilaman. Nurafshon mahallasi yoshlar soni va ijtimoiy faolligi bo‘yicha viloyatdagi yetakchi hududlar sirasiga kiradi. Qutliya Ochilova yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil qilish va bandligini ta’minlash yo‘nalishida zamonaviy, tizimli va ehtiyojga yo‘naltirilgan yondashuvni yo‘lga qo‘yib, o‘z hududidagi o‘nlab yigit-qizlarning taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartirdi. Birgina sportga jalb etilgan yoshlar yutuqlarini olaylik. O‘tgan yilgi mavsumda mahallaning 16-21 yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar jamoasi stritbol bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida ishtirok etdi. Bu ular uchun sportdagi yutuq, psixologik o‘sish va jamoa bilan ishlash tamoyillarini mustahkamlash imkoniyatini berdi. Finalda g‘alaba qozona olmagan bo‘lishiga qaramay, yigitlar to‘xtab qolmadi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan ularga murabbiy biriktirildi. Jamoa yangi mavsumda o‘z ustida ishlay boshladi. Harakatlar natijasi o‘laroq, olimpiadaning bu yilgi mavsumida jamoa yana stirbol bellashuvlarining yakuniy bosqichida ishtirok etdi. Natija esa kutilganidek – 1-o‘rin! (Natijalar 5-avgust kuni aniq bo’ladi) Bundan tashqari, shu yil Asilbek Ma’murjonov unifight sport turidan kamar sohibi bo‘ldi. Nurafshon mahallasi balansi: Aholi: 1725 nafar; Yoshlar: 354 nafar; Xotin-qizlar: 178 nafar. “Yashil” toifa: 275 nafar; “Sariq” toifa: 72 nafar; “Qizil” toifa: 7 nafar; Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish. IELTS va TOPIK Nurafshon mahallasida chet tillarni chuqur o‘rgangan yoshlar soni ortmoqda. Bir guruh yoshlar IELTS va TOPIK imtihonlaridan yuqori ball olib, endilikda tengdoshlariga chet tilini bepul o‘rgatmoqda. Mahalladagi “peer-to-peer” (“tengdosh–tengdoshga”) modeli sifatida shakllangan tashabbus qamrov va natijadorlik nuqtayi nazaridan samarali yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mahallada “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida chet tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilovada xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 90 nafardan oshgan. Sarvinoz Ma’murova 17 yoshda. IELTS imtihonidan 6,5 ball olishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir o‘z uyida 15 nafarga yaqin tengdoshiga ingliz tilini o‘rgatyapti. – Ingliz tilini bilish zamon talabi, – deydi Sarvinoz. – Men bu tilni o‘rganishda ko‘p mehnat qildim, o‘z ustimda ishladim. Endi o‘rganganlarimni boshqalar bilan baham ko‘rishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Darsda “Ibrat Academy” mobil ilovasi eng yaqin ko‘makchimga aylangan. U orqali topshiriqlarni mustahkamlash, yangi mavzularni tushuntirish osonlashadi. O‘quvchilarim muvaffaqiyat qozonsa, bu mening ham g‘alabam deb bilaman. Shuning uchun har bir kichik yutuqni nishonlaymiz, rag‘batlantiraman. Bandlik dasturi Yoshlar bandligini oshirish masalasi yetakchining ustuvor vazifalaridan biri. Individual yondashuv asosida har bir yoshning qiziqish va salohiyati inobatga olinayotgani ularni ish bilan ta’minlashda asqotyapti: 12 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi; 1 nafar yosh Uzum Marketga, 1 nafari “Havas” do‘konlar tarmog‘iga ishga joylashtirildi; 2 nafar yosh IT yo‘nalishida sertifikat olib, faoliyat boshlagan; 3 nafari kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Ijtimoiy yordam va g‘amxo‘rlik Mahallada ijtimoiy himoya masalasi alohida e’tibor markazida. Qutliya Ochilova imkoniyati cheklangan yoshlar ehtiyojlarini muntazam o‘rganib, ularga manzilli yordam ko‘rsatish tizimini shakllantirgan. Nogironligi bor bir nafar yoshning davolanish xarajatlari to‘liq qoplab berilgan, ko‘z operatsiyasiga muhtoj yana bir yoshga “Yoshlar daftari” orqali moliyaviy yordam ajratilgan. Shuningdek, 11 nafar talabaga kontrakt puli to‘lab berilgan. Qutliyaning o‘zi “Munozara” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi g‘olibi, respublikada 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. Toshkent viloyatida davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan rahbar ayollar bilan “Innovator, lider ayollar bilan davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish sari” mavzusida tashkil etilgan amaliy seminarning “Zakovat” intellektual o‘yinida “Yoshlar” jamoasi tarkibidagi yetakchi qizlar bilan 1-o‘rinni egalladi. Yoshlar yetakchisi “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi” o‘quv dasturlarida ham faol ishtirok etgan. “Oila psixologiyasi”, “Oila huquqi” va “Fotografiya” yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli tugatgan. “Eko avlod” o‘quv seminarida ishtirok etib, “Yoshlar va ekologiya” yo‘nalishida Toshkent viloyati mentori maqomiga ega bo‘ldi. Barcha sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, Qutliya Ochilova 2025-yil II chorak yakunlari bo‘yicha samaralai faoliyat ko‘rsatgan “Top – 100” yetakchi safiga kiritildi. Uning aytishicha, haqiqiy natija hisobotlarda emas, har bir yoshning taqdirida ko‘rinadi. Yangi bosqich rejasi Qutliya Ochilova ilgari surgan kelajak rejalari yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatdagi faol o‘rnini belgilash va bandligini ta’minlashga qaratilgan. Jumladan: “Yoshlar markazi”ni zamonaviy ko‘rinishga keltirish. Yetakchi 2026-yilga qadar mahalladagi yoshlar markazini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, uning negizida ko‘p tarmoqli “Yoshlar markazi”ni barpo qilishni rejalashtirmoqda. Markazda quyidagi yo‘nalishlarda xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi: axborot texnologiyalari va dasturlash, xorijiy tillar markazi, kasb-hunar yo‘nalishlari, ijodiy studiyalar, sport mashg‘ulotlari. Markazda kutubxona va ish markazi maydoni tashkil etilib, yoshlar o‘z loyihalari ustida ishlashi, startaplar tuzishi va jamiyatga foydali g‘oyalar yaratishi uchun sharoit yaratiladi. “Har bir yosh – bir loyiha” modeli. Qutliya 2025–2026-yillar davomida yoshlar orasida ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida “Har bir yosh – bir loyiha” loyihasini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu model yoshlarning muammolarni aniqlab, ularga amaliy yechim topishga qaratilgan loyihalarini moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, eng yaxshi loyihalarni mahalla miqyosida sinovdan o‘tkazish va ommalashtirishni o‘z ichiga oladi. “Yoshlar innovatsion akademiyasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish. BU loyiha doirasida mahalladagi ilg‘or o‘quvchilar va talabalar uchun ilmga yo‘naltirilgan klub tashkil etiladi. Fan olimpiadalari, loyihalar tanlovi, xalqaro grantlar haqida yoshlar xabardor qilinadi va ularga ariza topshirishda amaliy yordam ko‘rsatiladi. Mahalla yoshlar mediaklubini tashkil etish. Kelgusida yoshlar hayotini yoritish, ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etish va jamiyatga ijobiy fikr tarqatish maqsadida “Yoshlar mediaklubi” ishga tushiriladi. Bu yerda blogerlik, videomontaj, dizayn, jamoatchilik bilan aloqalar (PR) bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. – Biz mahallada har bir yigit-qizning bilim olishi, hunar egallashi, ish bilan band bo‘lishi, jamiyatga foydali shaxsga aylanishi uchun imkon yaratishga harakat qilyapmiz, – deydi Qutliya Ochilova. – Rejalarimiz katta: avvalo, xorijiy tillarni o‘rgatuvchi bepul to‘garaklar sonini yana oshiramiz. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasidagi faoliyatni takomillashtirib, til o‘rganuvchilar sonini 250 nafarga yetkazishni mo‘ljallayapmiz. Men uchun eng katta yutuq yoshlarning o‘ziga ishonchi ortib, ularda “men ham jamiyatga kerakman” degan fikr shakllanishidir. Har bir yosh – kelajak. Biz ularni qo‘llab-quvvatlab, aslida butun mamlakatning ertangi kunini mustahkamlab boryapmiz.
24.7.2025 1642
Mo‘g‘ol mahallasidagi ezgu sa’y-harakatlar Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mo‘g‘ol mahallasi qardosh millat vakillari bir oiladek yashayotgan so‘lim maskanlardan biri. Ayniqsa, bu mahallada o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, hamkorlik va mehr-oqibat barchaga ibrat bo‘ladi. Hududda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha e’tiborga loyiq faoliyat olib borayotgan, tizimning yoshlarga mehr va g‘amxo‘rligi timsoliga aylangan Xursandoy Jumanazarova 2022-yildan buyon yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda. Mo‘g‘ol mahallasi balansi: Aholi soni: 1704 nafar Yoshlar soni: 465 nafar Xotin-qizlar: 207 nafar “Yashil” toifa: 303 nafar “Sariq” toifa: 162 nafar “Qizil” toifa: 7 nafar Mahalla drayveri: dehqonchilik va chorvachilik Faqat do‘stlik va hamjihatlik bor – O‘zbek va qirg‘iz xalqi azaldan bir tuproqda yashab kelgan qardoshlar, – deydi Xursandoy Jumanazarova. – Bu nafaqat tarix, balki hayotiy haqiqat. Mahalla yoshlariga qarasam, ular orasida millat degan to‘siq yo‘q – faqat hurmat, do‘stlik va hamjihatlik bor. Xursandoy faoliyatining ilk kunidanoq mahalladagi har bir yoshning hayotiy sharoitini, ijtimoiy ahvolini chuqur o‘rganishga kirishdi. U “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan fuqarolarning oilaviy, moddiy va psixologik holatini tahlil qilib, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlashni maqsad qildi. Bugungi kunda mahallada har bir yosh bilan individual ishlash tizimi joriy etilgan. Xursandoy Jumanazarova, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish bilan band bo‘lmagan, nogiron, yetim yoki yarim yetim, chekka hududda yashayotgan, hayotga nisbatan ishonchini yo‘qotgan yoki jinoyatchilik yoqasiga kelib qolgan yoshlar bilan alohida ishlaydi. Hamma e’tiborda Mahallada “Yoshlar balansi” tizimi asosida har bir yoshning holati tahlil qilinmoqda. 6 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ular bilan manzilli ish olib borildi. Jumladan, 1 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlandi, 5 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari ajratilib, o‘zini o‘zi band qilishiga imkon yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-153-sonli qaroriga asosan 2 nafar yoshga 1,8 gektar yer maydoni ajratildi. Yana 2 nafar yoshga 60 million so‘m imtiyozli kredit olib berildi. 2 nafar oliy ta’lim bitiruvchisi doimiy ish o‘riniga joylashtirildi. Ijtimoiy himoya – ko‘ngildan 2024-yilda surunkali kasallikka chalingan 8 nafar yoshga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ulardan 4 nafari sog‘lig‘i tiklangach kasb-hunar o‘rganish kurslariga jalb etildi, qolgan 4 nafari esa davolanishni davom ettirmoqda. Otasi vafot etgan, onasi ishsiz, og‘ir moddiy ahvolda hayot kechirayotgan qizga Xursandoy Jumanazarova pasport rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatdi. Yana 2 nafar yoshga haydovchilik kursida o‘qishi uchun zarur xarajatlar to‘lab berildi. Boquvchisini yo‘qotgan, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan 2 nafar yoshga homiylik mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ajratildi. Ular vaqtincha kunlik ishlarga jalb etilib, hozir oilasiga daromad keltirmoqda. Bir yurak – bir orzu Mo‘g‘ol mahallasining o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, bu yerda o‘zbek va qirg‘iz elatlari azaldan ahil va inoq hayot kechiradi. Millatlararo totuvlik, madaniy xilma-xillik va o‘zaro hurmat yoshlarda ham uyg‘unlikda namoyon bo‘lmoqda. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan “Bir yurak – bir orzu”, “Biz bir oilamiz” kabi 20 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda ikki xalq vakili bo‘lgan yoshlar faol ishtirok etib, kuy-qo‘shiqlar, raqslar, teatr sahnalari orqali millatlararo birlik va do‘stlikni targ‘ib qildi. Shuningdek, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 51 nafar yosh ro‘yxatga olinib, ulardan 45 nafari sertifikatga ega bo‘ldi. “Mutolaa” loyihasida 52 nafar yosh kitoblar o‘qimoqda. “Ustoz AI” loyihasida esa 24 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan. “Uzchess” loyihasiga 45 nafar, “Qizlar akademiyasi”ga 58 nafar yosh faol qamrab olindi. Yoshlar yetakchisining shaxsiy tashabbusi bilan mahalla hududida homiylik mablag‘lari asosida zamonaviy bolalar maydonchasi barpo etildi. Mahalladan respublikagacha Xursandoy Jumanazarova 2025-yilning birinchi yarmida 7 nafar “qizil” toifadagi yosh bilan individual reabilitatsiya ishlarini olib bordi. Ular turli o‘quv kurslariga jalb etildi, psixologik maslahatlar berildi, shuningdek, ayrim yoshlarga vaqtinchalik ish topishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu ishlar yoshlarning hayotga ishonchini tiklash, sog‘lom turmush tarziga qaytarish va ijtimoiy muhitga moslashuvini ta’minlashga xizmat qildi. Bundan tashqari, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yoshlar ovozi” festivali, “Lider yosh”, “Kitobxon yoshlar haftaligi”, “Yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi loyihalar orqali mahalla yoshlari o‘z salohiyatini namoyon etish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu ishlarning amaliy samarasini 2024-yilda o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” misolida ko‘rish mumkin. Unda Mo‘g‘ol mahallasi yoshlari voleybol sport turi bo‘yicha tuman va viloyat bosqichlarida faxrli 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida ham faol ishtirok etdi. Kelajak rejalari aniq Xursandoy Jumanazarovaning yoshlar bilan ishlash borasidagi yondashuvi nafaqat muammolarni hal qilish, balki ularni ildizi bilan yo‘qotishga qaratilgan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan yoshlar bilan ishlashda u kelajak uchun aniq va manzilli rejalarni belgilab olgan. Birinchidan, mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yigit-qizlar doimiy monitoring asosida o‘rganiladi. Xursandoyning tashabbusi bilan ularning holatini aks ettiruvchi individual reabilitatsiya kartalari yuritilishi, muammolarni erta aniqlash va hal etish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Ikkinchidan, yoshlarning kasbli bo‘lishi – mustaqil hayot sari ishonchli qadam, degan yondashuv asosida har bir ishsiz yoki kasb-hunarga ega bo‘lmagan yigit-qizga ustoz-shogird tizimi, kasb o‘rgatuvchi o‘quv kurslari, subsidiya asosida texnik jihozlar ajratilishi orqali o‘zini o‘zi band qilish imkoniyati yaratiladi. Shu maqsadda mehnat yarmarkalari va tadbirkorlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda. Natijada barcha yoshlar bandligini ta’minlashga erishish mumkin. Uchinchidan, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi yoshlarga ko‘mak ko‘rsatishda faqat davlat emas, balki butun mahalla jipslashishi zarur, degan tamoyil asosida, u homiylar, xayriya tashkilotlari, ta’lim muassasalari va fuqarolar bilan hamkorlikda barqaror yordam tarmog‘ini shakllantirishni maqsad qilgan. Bu yondashuvlar “birorta ham yosh e’tibordan chetda qolmasin” degan insonparvar g‘oyaga tayanadi. Xursandoy Jumanazarovaning sa’y-harakatlari tufayli Mo‘g‘ol mahallasida yoshlarga oid davlat siyosati samarali amalga oshirilmoqda. U yetakchi emas, mehribon opa, do‘st, maslahatgo‘ydek faoliyat olib borayotgan inson sifatida e’tirof etiladi. Xursandoy aytgandek: “Yoshlar baxtli bo‘lsa jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam bo‘lsa kelajak porloq bo‘ladi.”
17.7.2025 1787
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband mahallasida Ozodbek Aminjonov yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda. Uning tashabbuskorligi va “harakatda barakat” tamoyiliga asoslangan amaliy ishlari nafaqat mahalla ahli, balki butun tuman yoshlari uchun ibrat bo‘lmoqda. Ozodbek yoshlarning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni dehqonchilik faoliyatiga jalb etish maqsadida yer ajratilishiga ko‘maklashish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga sharoit yaratish yo‘lida mehnat qilmoqda. MAHALLA BALANSI: Aholi soni: 5137 nafar; Yoshlar soni: 1060 nafar; Xotin-qizlar: 532 nafar. “Yashil” toifa: 913 nafar; “Sariq” toifa: 147 nafar; “Qizil” toifa: 33 nafar. Mahalla drayveri: issiqxona va xizmat koʻrsatish. – Ota-bobolarimiz azaldan dehqonchilik bilan shug‘ullangan, – deydi yoshlar yetakchisi Ozodbek Aminjonov. – Yerni boqsang, yer seni boqadi, deyishadi. Shu sababli mahallamizdagi ishsiz yoshlar bandligini ta’minlashda biz yerni asosiy vosita sifatida ko‘rib, ularni dehqonchilikka jalb qilmoqdamiz. Bu ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga turtki bo‘lyapti. Bugungi kunda mahallamizning asosiy daromad manbayi dehqonchilik, xususan, issiqxona xo‘jaligi hisoblanadi. Yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlarida zamonaviy issiqxonalar barpo qilinib, ularga imtiyozli kreditlar, texnik yordam va amaliy maslahat bermoqdamiz. Natijada bir qancha yoshlar o‘z ishini boshladi, mahsulot yetishtirib ichki bozorga chiqarmoqda, ba’zilari esa eksport qilish darajasiga yetdi. Bu ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bilan birga, mahallada bandlik va ijtimoiy faollikni ham oshirmoqda. Issiqxona – daromad manbayi 2024-yilda Prezidentning “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-son qaroriga muvofiq, yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni daromadli faoliyatga yo‘naltirish maqsadida yetakchi tashabbusi bilan mahallada birinchi marta issiqxonalar konturi tashkil etildi. Qaror asosida 2 gektar yer ajratilgan bo‘lsa, shundan 8 nafar yoshga jami 34 sotix yer ajratilib, ular uchun imtiyozli kreditlar asosida issiqxonalar qurib berildi. Bu yoshlarning nafaqat ish bilan band bo‘lishiga, balki o‘ziga xos tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishiga imkon yaratdi. Loyiha iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan ham muhim. Chunki har bir issiqxona bu – oila uchun daromad, jamiyat uchun esa ijtimoiy barqarorlik manbayidir. “Yoshlar daftari” 2024-2025-yillarda mahalladagi 40 nafar yoshga “Yoshlar daftari” orqali yordam ko‘rsatilgan. – 3 nafarining kontrakti to‘langan; – 1 nafari kelajak kasblariga o‘qitilgan; – 2 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar berilgan; – 2 nafariga imtiyozli kredit ajratilgan; – 30 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun yer ajratilgan; – 2 nafariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan. Mehnat – baraka manbayi Mahalla yoshlari yer maydonlaridan oqilona foydalanib, issiqxona va ochiq yerda ekin yetishtirishdan barqaror daromadga ega bo‘lmoqda. Mahalla yoshlaridan biri Mirshodbek Muhammadovga dehqonchilik qilishi uchun 20 sotix yer ajratilgan edi. U yerning 5 sotixida issiqxonada tashkil qildi, pomidor yetishtirib, 30 million so‘m daromad oldi. Qolgan 15 sotix maydoniga kartoshka ekkan, ayni paytda hosilni yig‘ishga tayyorlanmoqda. Mirshodbek kartoshkadan 20 million so‘m daromad olishni ko‘zlamoqda. U o‘tgan yilgi faoliyatiga nisbatan bu yilgi hosildorlik va daromadni 2–3 barobarga oshirishni reja qilgan. Yana bir faol yosh Feruz Barotov 5 sotixli issiqxonada bodring yetishtirib, 10 million so‘m daromad ko‘rdi. Qolgan 35 sotix yer maydoniga kartoshka va baqlajon ekib, hozir hosil yig‘ish arafasida turibdi. Uning umumiy rejalashtirilgan daromadi 40 million so‘mni tashkil etadi. Dilnora Abdullayeva esa o‘tgan mavsumda qand lavlagi yetishtirib, 30 million so‘m foyda ko‘rgan edi. Bu yil u 2 sotix issiqxonada pomidor yetishtirib, 8 million so‘m daromad oldi. Qolgan 18 sotix yerga kartoshka ekib, 25 million so‘m daromad olishni rejalashtirgan. Bu yutuqlar mahallada yoshlarga yer ajratish, ularni dehqonchilik va tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish orqali bandlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Har bir muvaffaqiyat asosi – mehnat Ozodbek Aminjonov yoshlarga shaxsiy namuna bo‘la oladi. U 2024-yili “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritib, hududiy bosqichda faol ishtirok etgan. 2025-yil I chorak yakunlari bo‘yicha respublikaning “Top – 100” yetakchisi safiga kiritilgan. “Ibrat farzandlari”ning “Super Start” loyihasida ingliz tilini o‘rganib sertifikat sohibi bo‘ldi. Mahalla yoshlari esa “Besh tashabbus olimpiadasi” “Yosh musavvir” tanlovining tuman bosqichida 2-o‘rinni egalladi. Bu natijalar faqatgina individual yutuq emas, balki tizimli va doimiy sa’y-harakatlarning mahsulidir. Bugungi raqamli dunyoda yoshlar faolligini faqat jismoniy ishlarda emas, balki intellektual va innovatsion loyihalarda ham shakllantirish kerak. Shu jihatdan Bahouddin Naqshband mahallasida quyidagi loyihalar muvaffaqiyatli olib borilmoqda: • “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 500 nafardan ziyod yosh ro‘yxatga olinib, 78 nafari sertifikat olishga erishdi; • “Mutolaa” loyihasida 294 nafar yosh 1512 ta kitob o‘qigan; • “Ustoz AI” loyihasida 8 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, zamonaviy kasblarni o‘rganmoqda. Kelajak rejalari: harakat davom etadi Ozodbek Aminjonov bugungi erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, o‘z oldiga katta va uzoq muddatli maqsadlarni ham qo‘ygan. U yetakchi sifatida mahalladagi har bir yoshning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni hayotga tayyorlash, ayniqsa, iqtisodiy va intellektual jihatdan mustaqil fikrlovchi avlodni shakllantirish yo‘lida izchil harakat qilmoqda. Kelgusidagi asosiy rejalar quyidagilardan iborat: “Yosh fermerlar maktabi” loyihasini ishga tushirish – bu orqali yer ajratilgan, ammo dehqonchilik ko‘nikmasi yetarli bo‘lmagan yoshlar uchun amaliy va nazariy treninglar tashkil etiladi. Har bir ishtirokchiga mentor biriktiriladi. Issiqxonalar sonini va maydonini ikki barobarga oshirish – bu yil kamida yana 8 nafar yoshni issiqxona bilan ta’minlab, ularning tadbirkorlikka kirib kelishini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan. “Yoshlar klasteri” modelini joriy etish – ya’ni biror mahsulot (pomidor, kartoshka, lavlagi va shu kabilar) atrofida birlashgan yosh dehqonlar guruhini tashkil etib, ularni urug‘lik, texnika, savdo va eksport bilan tizimli ta’minlash. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga yo‘naltirilgan xizmatlar sonini ko‘paytirish – “Yoshlar daftari” orqali yangi o‘quv kurslari, professional yo‘nalishlar, psixologik yordam va onlayn mentorlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish. Raqamli savodxonlik va zamonaviy kasblar bo‘yicha mini akademiya tashkil etish – “Ustoz AI” loyihasiga yoshlar qamrovini kengaytirib, mahalla yoshlarini sun’iy intellekt, grafik dizayn, veb dasturlash, til o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilish. “Har bir yoshga amaliy loyiha” yondashuvini joriy etish – yoshlarning o‘z g‘oyalarini amalda sinab ko‘rishlari, ularni bosqichma-bosqich rivojlantirishi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimiga bog‘liq holda ro‘yobga chiqarish imkoniyatini yaratish. Mahalla darajasida yoshlar forumlari, ijodiy ko‘rik-tanlovlar, intellektual bellashuvlar o‘tkazish – yoshlarning nutq, fikrlash va liderlik salohiyatini ochish uchun platformalar yaratish. Bu orqali yoshlarning kitobga qiziqishini kuchaytirish va kitobxonlik targ‘iboti maqsad qilinmoqda. Ozodbek Aminjonovning fikricha, har bir yosh o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun unga imkoniyat, ishonch va yo‘l ko‘rsatuvchi kerak. Ana shu omilni muhayyo qilish yetakchining asosiy burchidir. Mas’uliyat, fidoyilik va halollik – Bugun mahalla yoshlari orasida ijtimoiy faollik, mehnatsevarlik va tashabbuskorlik kuchayib borayotgan bo‘lsa, bu, avvalo, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarayotgan yoshlar yetakchisi Ozodbek Aminjonovning mehnati samarasidir, – deydi Bahouddin Naqshband mahallasi raisi Baxshillo Boqiyev. – Ozodbek bugungi kunda mahalla yoshlarining orzu-intilishlariga yo‘l ochib berayotgan, ularni o‘ziga ishontira olgan, har bir yigit-qizning ichki ovozini eshitishga intilayotgan zamonaviy yetakchi. U o‘z faoliyatida bir nechta muhim prinsiplarni tanlagan: natijadorlik, tizimlilik, shaffoflik va insoniylik. Bu yondashuvlar unga ishonch qozonish, har bir yosh bilan individual ishlash, ularning hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sababchi bo‘lish imkonini bermoqda.
14.7.2025 1784
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan, faol yoshlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi Navoiy mahallasi yoshlar yetakchisi Jamshidbek Ismoilov ham bor. Jamshidbek Ismoilov yoshlar bilan ishlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi tashabbuslari, mahalladagi ijtimoiy faollikni oshirishga qo‘shgan hissasi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, uning yoshlar siyosatini joylarda targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari, yangilikka intilishi va yetakchilik salohiyati yuqori baholandi. Bu yil u “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Jamshidbek Ismoilov yoshlarni sportga jalb etish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Sport – bu hayot”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql”, “Yoshlar sportda, g‘alaba bizda” kabi shiorlar ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelmoqda. Navoiy mahallasi balansi: Aholi soni: 2988 nafar; Yoshlar soni: 791 nafar; Xotin-qizlar: 380nafar. “Yashil” toifa: 509 nafar; “Sariq” toifa: 266 nafar; “Qizil” toifa: 16 nafar. Mahalla drayveri: ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish. “Sinovlarga taslim bo‘lmadim” Jamshidbek Ismoilov sog‘lom turmush tarziga amal qiladi, sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Sport yordamida yoshlarni jinoyatchilik, giyohvandlik va bekorchilikdan yiroq tutishga intiladi. Jamshidbek faoliyatining dastlabki yilida futbolchilik bilan shug‘ullangan – Qoraqalpog‘iston 2-ligasida o‘ynovchi “To‘rtko‘l” klubi sharafini himoya qilgan. Afsuski, jarohat tufayli futbolni tark etishga majbur bo‘ldi. Ammo uning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nmadi. – Futbol bolalikdagi orzum edi, – deydi Jamshidbek Ismoilov. – Har bir mashg‘ulot, har bir o‘yinda bor kuchim bilan harakat qildim. Afsuski, hayotda hammasi rejadagidek ketavermaydi. Oyoqdan olgan og‘ir jarohatim futbolchilik faoliyatimni erta yakunlashga majbur qildi. O‘sha paytlar ruhiy jihatdan og‘ir bo‘lgan. Yillar davomida qurilgan maqsadlarim bir lahzada qulab tushgandek tuyulgandi. Lekin men bu sinovga taslim bo‘lmadim. O‘zimni boshqa yo‘nalishda sinab ko‘rishga qaror qildim va yoshlarga xizmat qilish yo‘lini tanladim. Bugun yoshlar yetakchisi sifatida mahalladagi har bir orzusi bor yoshga ko‘mak berish, ularga imkoniyatlar eshigini ochish menga kuch va ilhom bag‘ishlaydi. Shuni angladimki, hayotda yo‘qotish emas, undan keyin nima qilishing muhim. Men jamiyatga foydali bo‘lish, boshqalarning orzulariga qanot bo‘lish yo‘lini tanladim. Qahramonimiz O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining futbol murabbiylariga beriladigan “D” toifadagi litsenziyasiga ega. Bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiylik qilgan. Birlik va iqtidor maydoni Yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan mahallada havaskorlar o‘rtasida turli musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. Mini-futbol bo‘yicha “Navoiy kubogi”, shaxmat-shashka turniri, armrestling va turnikda tortilish musobaqalari, qizlar o‘rtasida yugurish bellashuvlari va hokazo. Bu tadbirlar nafaqat yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirdi, balki bir-birini ilgari tanimagan yigit-qizlarni do‘stlik, hamjihatlik ruhida birlashtirdi. Ayniqsa, har bir musobaqaning o‘z nomi, shiori va sovrin jamg‘armasi bo‘lgani, ishtirokchilarni rag‘batlantirish tizimi ishlab chiqilgani, sport tadbirlarining yuqori saviyada, hakamlar ishtirokida o‘tkazilgani bu boradagi ishlarni professional darajaga ko‘tardi. Homiylar ko‘magida tumandagi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan uyushmagan yoshlarni muntazam ravishda sportga jalb qilish maqsadida mini futbol yo‘nalishida “To‘rtko‘l tumani ligasi” tashkil etildi. Hozir ligada 14 ta jamoa ishtirok etmoqda va haftasiga ikki kun Liga o‘yinlari muntazam o‘tkazilmoqda. G‘olib jamoa uchun qimmatbaho sovrinlar belgilangan. Infratuzilma va tashabbus Jamshidbek mahallada sport maydonlarini ta’mirlash, yangi sport jihozlarini olib kelish, yoshlar uchun ochiq mashg‘ulot zonalarini tashkil etish borasida ham tashabbus ko‘rsatdi. Eski sport maydonchalari ta’mirlandi, yoshlar mini-futbol maydonini tozalab, chiziqlarni tortdi, to‘r o‘rnatdi, homiylar yordamida turnik va sport anjomlari olib kelindi, kechki paytlarda yoritish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Infratuzilmani yangilash orqali mahallada sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni ortdi, jismoniy faollik kundalik hayot tarziga aylandi. Avval 50-60 nafar yosh sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, hozir ular soni 500 nafardan oshdi. Natija harakatda! Mahalla yoshlari sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishmoqda. Xususan, qizlar jamoasi mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi tuman bosqichida ketma-ket uch mavsum 1-o‘rinni egallagan. Yigitlar jamoasi ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda – ular o‘tgan mavsumda DXX kubogi doirasidagi tuman bosqichida futbol bo‘yicha 2-o‘rin, mini-futbol bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan. “Besh tashabbus” olimpiadasining voleybol musobaqalarida ham mahalla yoshlari muvaffaqiyatli qatnashdi. Ichki ishlar vazirligi kubogining Qoraqalpog‘iston bosqichida 16–21 yosh toifasida 1-o‘rin, 22–30 yosh toifasida 3-o‘rinni egallab, respublikada ham faol ishtirok etdi. Yangi bosqich sari Jamshidbek Ismoilovning fikricha, har qanday tashabbus davomli bo‘lishi, tizimli yondashuvga asoslanishi zarur. U kelgusida amalga oshirishni rejalashtirayotgan yo‘nalishlar ham barqarorlik va natijadorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Quyida uning kelajakdagi rejalariga to‘xtalamiz. “To‘rtko‘l tumani ligasi”ni rasmiy darajaga ko‘tarish. Bu borada u O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlik o‘rnatish ustida ishlamoqda. Ligaga qatnashayotgan havaskor jamoalarning malakasini oshirish, hakamlar faoliyatini tizimlashtirish va sovrin jamg‘armasini kengaytirish rejalashtirilgan. Natijada bu loyiha butun tumandagi uyushmagan yoshlarni sport orqali ijtimoiy hayotga jalb etishda samarali vositaga aylanadi. Sport murabbiyligi va volontyorlik maktabini tashkil etish. Kelgusida sport murabbiylari va volontyorlar maktabini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bu orqali yoshlarga nafaqat sport bilan shug‘ullanish, balki murabbiy sifatida tajriba orttirish imkoniyati yaratiladi. Ayniqsa, murabbiylikka qiziqqan yoshlar uchun futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “D” va “C” toifadagi litsenziyalar bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. “Sport orqali ijtimoiy uyg‘onish” tashabbusi. Jamshidbek jinoyatchilik, giyohvandlik va bekorchilikka qarshi kurashishda sportning kuchli vosita ekanini chuqur anglab yetgan. Shu bois, “sariq” va “qizil” toifaga kiruvchi yoshlar uchun sport orqali ijtimoiy reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqishni o‘ylamoqda. Tashabbuslarni raqamlashtirish va monitoring qilish. Jamshidbek Ismoilov har bir tashabbusda ochiqlik va hisobdorlik tamoyiliga amal qiladi. Yaqin kelajakda “Navoiy sport harakati” nomli telegram-bot yoki mobil ilova yaratish rejalashtirilgan. Platforma orqali barcha sport tadbirlari, jamoalar, natijalar, mashg‘ulotlar jadvali va ro‘yxatdan o‘tish tizimi markazlashtiriladi. Eng muhim strategik reja – o‘z tajribasini tuman va Qoraqalpog‘iston miqyosida ommalashtirish. Bu borada u “Sport yetakchilari maktabi”ni tashkil etish, o‘z tajribasi asosida metodik qo‘llanma tayyorlash va boshqa yetakchilarga amaliy yordam berishni rejalashtirgan.
12.6.2025 2545
Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi Shohmirzo Doliyev 2023–2025-yillarda “Yoshlar daftari” loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni aniqlash, ularning muammolarini tizimli hal qilish va jamiyatga qo‘shilishiga ko‘maklashish bo‘yicha samarali faoliyat yuritmoqda. Xo‘jaqishloq mahallasi balansi: Aholi soni: 3550 nafar; Yoshlar soni: 842 nafar; Xotin-qizlar: 410 nafar. “Yashil” toifa: 462 nafar; “Sariq” toifa: 365 nafar; “Qizil” toifa: 20 nafar. Mahalla drayveri: tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish Maqsad yo imkon... Shohmirzo Doliyev mahalla yoshlarining ijtimoiy holatini doimiy monitoring qiladi, ularning muammolarini aniqlab, “Yoshlar daftari”ga kiritish bo‘yicha tavsiya beradi va tegishli organlar bilan hamkorlikda yechim topadi. 2023-yilda 18 nafar yoshning jami 29 million so‘mlik, 2024-yilda 8 nafar yoshning 25 million so‘mlik, 2025-yilning birinchi choragida 4 nafar yoshning 13,9 million so‘mlik muammolarini hal qilgan. – Har bir yigit-qizning orzusi, o‘z yo‘li bor, – deydi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi Shohmirzo Doliyev. – Ba’zilarida imkon bor, ammo yo‘nalish yo‘q. Boshqalari esa iste’dodli, lekin imkonsiz sharoitda yashaydi. Mana shu o‘rtadagi farqni kamaytirish mening vazifam deb bilaman. “Yoshlar daftari” orqali biz aniq reja bilan ishlaymiz. Har bir murojaat ortida butun bir oilaning, ba’zan esa bir yoshning kelajak-taqdiri turadi. Men har bir ishimga shu mas’uliyat bilan yondashaman. Ko‘rsatilgan yordamlar faqat raqam emas. Bu orzular tiklangan, yo‘llar ochilgan, hayotga qaytgan yoshlar degani. Ijtimoiy himoya faqat moddiy yordam emas, yoshning qalbiga yetib borish, uni tinglash, unga ishonish. Men uchun eng katta mukofot yordam berilgan yigit-qizlarning keyin o‘zlariday boshqa yoshlarga yordam qo‘lini cho‘zayotganini ko‘rishdir. Mahallada yoshlar bir-biriga ijobiy ta’sir o‘tkazadigan muhit yaratilmoqda. O‘ylaymanki, yoshlar yetakchisi faqat tadbir o‘tkazuvchi emas. U ishonchli do‘st, maslahatgo‘y va zarur bo‘lsa, ko‘makchidir. Biz nafaqat bugungi yoshlarga, balki kelajakdagi kuchli jamiyat poydevoriga xizmat qilamiz. “Men yolg‘iz emasman” Yetakchining “Yoshlar daftari” loyihasidagi ishtiroki aniq tizimli natijalarga olib keldi. Har bir yoshning muammosi individual o‘rganilib, moliyaviy yordam, ta’limda qo‘llab-quvvatlash yoki kasb-hunar o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatildi. Misol uchun, 2023-yilda yordam olgan yoshlarning ko‘pchiligi oilaviy muammolar, ishsizlik yoki sog‘lik muammolari bilan yuzlashgan bo‘lsa, 2024-yilda ko‘proq yoshlar o‘qish yoki ish bilan ta’minlash borasida qo‘llab-quvvatlangan. 2025-yilning birinchi choragida esa yordam ko‘rsatish yanada individual va aniqlashtirilgan tarzda olib borildi. Bu holat yoshlarning jamiyatga qo‘shilishida yanada yuqori natijalarga erishishga imkon berdi. Nasiba Obloqulova 24 yoshda. Otasi erta vafot etgan. Hozir Samarqand davlat universitetida tahsil olmoqda. Yoshlar yetakchisi yordami bilan kontrakt to‘lovining 50 foizi qoplab berildi. – Yoshlikdan orzum o‘qituvchi bo‘lish, bolalarga bilim berish edi, – deydi Nasiba Obloqulova. – Afsuski, oilaviy sharoitimiz sababli oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovini to‘lash men uchun katta muammo bo‘ldi. Shunday vaziyatda mahallamizdagi yoshlar yetakchisiga murojaat qildim. U meni diqqat bilan tingladi, holatimni o‘rgandi va qisqa fursatda yordam berish choralarini ko‘rdi. Natijada, kontrakt to‘lovimning 50 foizi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi yordamida to‘lab berildi. Bu yordam menga faqat moddiy emas, ma’naviy ko‘mak ham bo‘ldi. Endi ishonch bilan ayta olaman: yolg‘iz emasman, mening ortimda davlat, mahalla va yoshlar uchun sidqidildan ishlayotgan insonlar bor. Ularning yordami tufayli ta’limni davom ettiryapman. Tashabbus natijasi Shohmirzo Doliyev yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ham katta e’tibor qaratmoqda. Mahallada muntazam ravishda sport musobaqalari, madaniyat kechalari va mahorat darslari tashkil etmoqda. Tadbirlar yoshlarning jamiyatga integratsiyasini kuchaytirib, ularni ijtimoiy hayotga jalb etish, ijobiy tarafga o‘zgarishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2024-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport tadbirlarida xo‘jaqishloqlik Izzatillo Ibodulloyev shashka, Ulug‘bek Abdusamadov stol tennisi bo‘yicha tuman bosqichida sovrindor bo‘ldi. Paralimpiya bahslarining hududiy bosqichida esa Dilafruz A’zamova parashashka sport turidan 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida qatnashdi. 2025-yilda esa “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida Shohmirzo Doliyev mahalla hududidagi ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va ta’mirlash (transformator va simyog‘ochlar o‘rnatish) bo‘yicha loyihani yutib oldi. Bu tashabbus mahalla infratuzilmasining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. “Ibrat farzandlari” loyihasida 54 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan biri sertifikat oldi. “Mutolaa” loyihasida esa 25 nafar yosh jami 211 dan ortiq kitobni o‘qimoqda. “Ustoz AI” loyihasida 8 nafar foydalanuvchi faol. So‘nggi 3 yilda jinoyat sodir etilmadi Yetakchining faoliyati mahalla ijtimoiy hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning kamayishi, ta’lim va ish bilan ta’minlanishi, madaniy va sport tadbirlarida ishtiroki barqarorlik va farovonlik darajasini oshirdi. Yoshlar o‘rtasida ijtimoiy muammolar kamaydi, so‘nggi 3 yilda jinoyat sodir etilmadi. Yoshlar orasida sog‘lom raqobat va ijodiy faollik oshdi. Bu esa mahalla yetakchisining tizimli yondashuvi samarasidir. Qahramonimizning tashabbusi bilan mahallada homiylik asosida zamonaviy kutubxona tashkil etildi. Kutubxonada badiiy, ilmiy-ommabop, tarixiy, psixologik hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar jamlanib, foydalanishga topshirildi. Yetakchi kitobsevar yoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, o‘qilgan kitoblar yuzasidan tahliliy suhbatlar, kitobxonlik musobaqalari va “Kitob haftaligi” kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etmoqda. Shohmirzo bilan ishlagan yoshlarning fikricha, uning faoliyati ularni o‘z-o‘zini rivojlantirishga undaydi, ijtimoiy himoyaga muhtojlikdan chiqish yo‘llarini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik yoshlar uning ko‘magi tufayli o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishganini ta’kidladi. Istiqboldagi vazifalar Shohmirzo Doliyev yaqin va uzoq istiqbolda quyidagi maqsadlarni o‘ziga belgilab olgan: “Har bir yosh – bir imkon” tamoyilini kengroq tatbiq etish. U har bir yoshni individual yondashuv asosida qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun ijtimoiy xarita yaratish (qiziqish, ijtimoiy holat, ehtiyojlar tahlili) va har bir yoshga kamida 1 ta individual yo‘nalish (ish, o‘qish, ko‘nikma, ijod) orqali imkon yaratishni maqsad qilgan. “Yoshlar daftari” mexanizmini raqamlashtirish. Telegram orqali mahalladagi yoshlarning murojaatlarini onlayn ro‘yxatga olish, ijrosini monitoring qilish tizimini joriy etishni mo‘ljallamoqda. Yoshlar kutubxonasi faoliyatini kengaytirish. Mahalladagi kutubxonani kengaytirib, elektron kitoblar, audio mutolaani yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. O‘qilgan kitoblar asosida munozara klublari tashkil etiladi. Hunarmandchilik va IT bo‘yicha kurslar ochish. Yetakchi yoshlarning bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida mahallada homiylar ishtirokida hunar o‘rgatuvchi markaz ochishni rejalashtirgan. IT savodxonligini oshirish maqsadida kompyuter darslari va raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha mahorat darslari yo‘lga qo‘yiladi. Sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish. Mahalla hududida ochiq sport maydonchalari ko‘paytiriladi, har hafta mahalla miqyosida sport kunlari, turnirlar tashkil etiladi. Shuningdek, psixologik sog‘lomlashtirish yo‘nalishida “Yoshlar bilan ochiq suhbat” klubini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Faol yosh liderlarni tayyorlash. Yetakchi mahalladagi ijtimoiy faol, bilimli, tashabbuskor yoshlardan iborat “Yetakchi yordamchilari” guruhini shakllantirmoqchi. Ular orqali mahalla hayotida yoshlar ishtirokini oshirishni maqsad qilmoqda.
5.6.2025 2642
Sport vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan respublikamizning barcha tuman va shaharlarida bittadan sport maydonchasi qurish bo‘yicha “Tashabbus.sport” loyihasining yangi mavsumi e’lon qilingan edi. Tanlovda ovoz berish yo‘li bilan aniqlangan har bir tuman/shahar hududidagi g‘olib mahallaga sport maydonchalari qurib beriladi. Ovoz berish jarayoni 21-maydan 31-mayga qadar tashabbus.sport.uz saytida amalga oshirildi. Loyihada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi Jayhun mahallasi faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Endi mahallada zamonaviy sport maydonchasi barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bunday natijaga erishishda Jayhun mahallasi yoshlar yetakchisi Renat Ayapbergenovning hissasi katta bo‘ldi. U nafaqat loyihani keng targ‘ib qildi, balki mahalla yoshlari va faollarini ovoz berishda birlashtira oldi. Umuman olganda, Mo‘ynoq tumanidagi Jayhun mahallasida yoshlarga oid ishlar tizimli va samarali yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlar orasidan iqtidorlilarni aniqlash, ularga zarur sharoit yaratish, faol yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida Renat Ayapbergenov namunali faoliyat ko‘rsatmoqda. U yoshlarning muammolarini hal etish bilan birga, orzu-intilishlariga ham e’tibor qaratib, amaliy ko‘mak berayotir. Renat Ayapbergenov yoshlar bilan ishlashdek mas’uliyatli ishni o‘z zimmasiga olganidan beri mahallada yangi bir muhit – yoshlar ijtimoiy faolligi asosida taraqqiyotga intilayotgan jamiyatni shakllantirishga bel bog‘lagan. Mahalladoshlari uni “Jayhunning yuragi” deya e’tirof etadi. U o‘z faoliyatini quyidagi tamoyillar asosida olib boradi: – individual yondashuv – har bir yosh bilan alohida ishlash, ularning iste’dodi, qiziqishi va ehtiyojlarini aniqlash; – tizimlilik – harakatlar reja asosida va uzviylikda amalga oshiriladi; – hamkorlik – ta’lim muassasalari, xususiy sektor, jamoat tashkilotlari bilan mustahkam aloqalar; – natijadorlik – har bir tashabbusning aniq natijaga ega bo‘lishi. – Yoshlar bilan ishlash majburiyat emas, balki chaqiriqdir, – deydi Jayhun mahallasi yoshlar yetakchisi Renat Ayapbergenov. – Har bir yoshda salohiyat bor, qalbida orzu va imkoniyatlar yotadi. Mening eng katta vazifam shu ichki kuchni ochib berish, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish va yo‘ldan chiqmasligiga ko‘maklashishdir. Har bir yosh o‘ziga xos: kimdir ijodkor, kimdir sportga mehr qo‘ygan, yana kimdir IT sohasiga qiziqadi. Shularning har biriga mos imkoniyat yaratish bizning burchimiz. Barcha ishlarimizni tizimli ravishda olib boramiz. Harakatlarimizda tartib, maqsad va o‘lchovlar aniq bo‘lishi kerak. Tashabbus ko‘rsatish yaxshi, lekin uni natijaga aylantirish undan ham muhim. Har qanday tashabbusga natijadorlik nuqtayi nazaridan yondashamiz: necha nafar yoshga yordam berdik, nechtasi ish topdi. Yoshlar orasida chinakam iqtidorlar, yetuk fikrlovchilar va kelajak yetakchilari yashirin. Ularga faqat e’tibor, ishonch va yo‘l ko‘rsatish kerak. Men har kuni mana shu maqsadda ishlayman. Individual yondashuv Yetakchi “Yoshlar daftari” tizimini Jayhun mahallasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ishlashda eng asosiy vosita sifatida ko‘radi. U daftarga kiritilgan yoshlarga yordam ko‘rsatish bilan birga, bu tizim asosida har bir yoshning shaxsiy rivojlanish xaritasini tuzadi. 2024-2025-yillarda “Yoshlar daftari” orqali: – 10 nafar yosh kasb-hunar o‘rgatish kurslariga yuborilgan; – 5 nafariga tikuv mashinasi, kompyuter, sport jihozlari kabi mehnat qurollari berilgan; – 11 nafar yoshga kontrakt puli to‘lab berildi; – 10 dan ortiq yoshning xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlari qoplab berilgan. Renat bu bilan kifoyalanib qolmay, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida har bir yoshning yutuqlari, erishgan natijalari, qiziqishlari va rivojlanish yo‘nalishlarini muntazam tahlil qilib boradigan “Yoshlar portfeli” elektron bazasini yaratdi. Bu mahallada yoshlar bilan ishlashning ilg‘or tajribasidir. Jayhun iqtidor maktabi Renat Ayapbergenov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan harakatlar natijasida Jayxun bugungi kunda 100 dan ortiq iqtidorli yoshni birlashtirgan o‘ziga xos mahallaga aylandi. Bu mahallada adabiyotga qiziquvchilar uchun “So‘z sehri” klubi, fan olimpiadalari ishtirokchilari uchun “Bilimdonlar markazi”, startap g‘oyalarga ega yoshlar uchun “Yoshlar innovatsiya laboratoriyasi” faoliyat yuritadi. Renat faol yoshlar bilan ishlashda quyidagi tamoyillarga asoslangan modelni ishlab chiqdi: Liderlik – yoshlarni jamoat ishlariga jalb qilish, o‘z fikrini ochiq aytishga o‘rgatish; Ixtisoslashuv – har bir faol yoshning qiziqishiga ko‘ra sohaga yo‘naltirish; Axborot texnologiyalari – raqamli savodxonlik va IT ko‘nikmalarni oshirish; Innovatsiya – startap loyihalarni shakllantirish; Ijtimoiy faollik – ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish; Mentorlik – har bir faol yoshga tajribali murabbiy biriktirish. Ushbu yondashuv natijasida Jayhun mahallasida yoshlardan iborat 10 dan ortiq tashabbuskor guruhlar shakllandi. Ular mahallaning muammolarini hal qilishda, ekologik aksiyalar, madaniy tadbirlar, volontyorlik loyihalarida faol ishtirok etishmoqda. Jayxundan respublika bo‘ylab yuksak natijalarga erishayotgan yoshlar yetishib chiqmoqda. 2024-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi”da stol tennisi bo‘yicha Aynura Daujanova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. – Stol tennisi bo‘yicha olimpiadaning respublika bosqichida 3-o‘rinni egallashimda yoshlar yetakchisi Renat Ayapbergenovning yordami beqiyos bo‘ldi, – deydi Aynura Daujanova. – U kishi mashg‘ulotlarim uchun sharoit yaratib bergani, musobaqalarga tayyorlanish jarayonida doimiy rag‘batlantirib turgani menga kuch va ishonch bag‘ishladi. E’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli o‘z ustimda ko‘proq ishlashga harakat qildim. Bugun yutuqlarim orqali o‘z mahallam, ota-onam va ustozlarimni quvontirayotganim – yoshlarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilinayotganining natijasidir. Men esa bu ishonchni oqlashda davom etaman! Daniyar Jumabayev “Besh tashabbus olimpiadasi” vorkaut musobaqasining final bosqichida 18–30 yosh toifasida 3-o‘rinni egalladi. Hozir u mahalla yoshlarini olimpiada bellashuvlariga tayyorlamoqda. – “Besh tashabbus olimpiadasi”da 3-o‘rinni qo‘lga kiritganim hayotimdagi muhim burilishlardan biri bo‘ldi, – deydi Daniyar Jumabayev. – Bu natija faqatgina sportdagi yutuq emas, o‘zimga ishonchning, muntazam mehnatning va qat’iyatning natijasi edi. “Besh tashabbus olimpiadasi” menga nafaqat o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rish, balki boshqa hududlardagi tengdoshlarim bilan fikr almashish, do‘stlashish imkonini berdi. Men bugun ham bu ruhda yashayapman – o‘z ustimda ishlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yoshlarni sportga jalb etishga harakat qilaman. Ishonamanki, har bir yoshga shunday imkoniyat berilsa, ular o‘z hayotini ijobiy tomonga o‘zgartiradi. Jinoyatchilikning oldini olishdagi profilaktik yondashuv Jayhun mahallasida 2023-2025-yillar davomida yoshlar o‘rtasida birorta jinoyat sodir etilmagan. Bu bejiz emas. Renat Ayapbergenov yoshlar bilan muntazam suhbatlar o‘tkazadi, murakkab vaziyatga tushib qolgan yoshlarga huquqiy maslahatlar beradi, ijtimoiy-psixologik muammolarni aniqlab, tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikda bartaraf etadi. Mahallada xavf guruhida yoshlar uchun alohida reja tuzilgan. Bu reja asosida 5 nafar yosh manzilli ijtimoiy reabilitatsiya dasturiga jalb etildi va ular ijtimoiy hayotga qayta moslashtirildi. Yangi bosqich – yangi vazifalar Jayhun mahallasi yoshlar yetakchisining rejalarida faqatgina tashabbuslar emas, amalda natija beradigan, tizimli yondashuvga asoslangan yo‘nalishlar ko‘p. “Rivojlanish akademiyasi”ni yo‘lga qo‘yish. Loyiha orqali iqtidorli yoshlar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni beruvchi kurslar tashkil etiladi. IT, robototexnika, xorijiy tillar, tadbirkorlik kabi yo‘nalishlarda ustoz-shogird tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir yoshning “Faollik xaritasi”ni shakllantirish. Bu orqali mahalladagi har bir yigit-qizning ijtimoiy va kasbiy faolligi monitoring qilinadi. Natijada, yoshlarning salohiyatiga qarab manzilli yondashuv yo‘lga qo‘yiladi. “Yoshlar startap markazi”ni tashkil qilish. Markaz iqtidorli va innovatsion fikrlaydigan yoshlarga o‘z g‘oyalarini loyihaga aylantirish, grantlar yutib olish, biznes yuritish sirlarini o‘rganish imkonini beradi. Mahalla brendini yoshlar orqali shakllantirish. “Jayhun faxri” loyihasi orqali mahallaning eng faol, iqtidorli va namunali yoshlari targ‘ib qilinadi. Profilaktika ishlarini kuchaytirish. Jinoyatchilik, huquqbuzarlikka qarshi kurashishda mahalla doirasida ochiq muloqotlar, sport tadbirlari orqali targ‘ibot olib boriladi. “Bir yosh – bir hunar” tamoyilini amalda joriy qilish. Bu rejaga ko‘ra, har bir yosh kamida bitta kasb-hunar egallashi kerak. Bu esa ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlab, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi. Bu vazifalarning barchasi oddiy reja yoki orzu emas, balki aniq choralar va bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan loyihalardir. Renat Ayapbergenov faoliyati bir haqiqatni isbotlab berdi: agar har bir yoshga e’tibor qaratilsa, uning imkoniyatlari yuzaga chiqarilsa, u yurt ravnaqiga xizmat qiluvchi kuchga aylanadi. Renatning yoshlarga nisbatan yondashuvi – shunchaki vazifa emas, bu uning hayotiy pozitsiyasi, insoniy burchi. Uning shiori: “Bir imkoniyat – bir g‘alaba!” bo‘lib, bugungi kunda Jayhun yoshlari uchun bu nafaqat motivatsiya, balki harakatga undovchi kuchdir.
30.5.2025 2857
Navoiy shahridagi Taraqqiyot mahallasi yoshlar yetakchisi Javohirjon Aktamov mahallasidagi har bir yoshni nafaqat taniydi, balki ularning dardiga quloq tutadi, muammolariga yechim izlaydi. Ularni jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ruhlantiradi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj – yetim, nogiron, kambag‘al oilalardan chiqqan va nazoratsiz yoshlar bilan tizimli, uzluksiz ishlar olib borilishi Taraqqiyot mahallasidagi ijobiy o‘zgarishlarning kalitidir. – Javohirjon Aktamov yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat boshlaganda mahallamiz yangi tashkil etilgan edi, – deydi Taraqqiyot mahallasi raisi Zarina Rajabova. – U ishni mahallamizdagi har bir yoshni o‘rganishdan, ularning hayoti, orzu-intilishlari, dard-u muammolari bilan tanishishdan boshladi. Uning katta yutug‘i har bir yoshga individual yondashuvi, ularni jamiyatning a’zosi, ertangi kunning bunyodkori sifatida ko‘ra olishidir. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan olib borayotgan ishlari tahsinga loyiq. Bugun Taraqqiyot mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar o‘zlarini yolg‘iz his etmayapti. Chunki ularning yonida doim mehribon, izlanuvchan, g‘ayratli yoshlar yetakchisi bor. U faqat lider emas – u do‘st, aka-uka, maslahatchi. Uning sa’y-harakatlari sababli bugun mahallamizda yoshlar o‘z o‘rnini topmoqda, ularning yuz-ko‘zida ishonch va kelajakka umid porlayapti. Taraqqiyot mahallasi balansi: Aholi soni: 5935 nafar; Yoshlar soni: 950 nafar; Xotin-qizlar: 458 nafar. “Yashil” toifa: 760 nafar; “Sariq” toifa: 166 nafar; “Qizil” toifa: 24 nafar. Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish. Shaxsiy yo‘l xaritasi Taraqqiyot mahallasi yoshlar yetakchisi faoliyatini aniqlik, tartib va aniq tizim orqali olib boradi. Mahalladagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan jami 950 nafar yosh to‘liq tahlil qilinib, ular 5 toifaga bo‘lindi: o‘qiyotgan, ishlayotgan, ishsiz, xorijda bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar. Yetakchi ijtimoiy himoyaga muhtojlar guruhini alohida e’tiborga olgan. Bu toifadagi yoshlarning yashash sharoiti, oilaviy holati, sog‘lig‘i, ta’lim darajasi va qiziqishlari o‘rganilib, har biriga alohida “shaxsiy yo‘l xaritasi” tuzilgan. Bu xarita asosida yoshlar bilan ishlash strategiyasi ishlab chiqilgan. 2025-yilning dastlabki beshoyida 41 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh ro‘yxatga olindi: 21 nafari ishsiz, 11 nafari nogiron, 3 nafari nogiron farzandni tarbiyalayotgan ota-ona, 3 nafari yetim, qolganlari esa og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotganlar. 2024-yil yakunida Taraqqiyot mahallasi “qizil”ga tushib qolgan edi. Mahalla yettiligi harakati bilan 2025-yil I chorak yakunida mahalla “yashil” toifaga olib chiqildi. 2025-yilning shu davrigacha jinoyat sodir etilmadi. 21 nafar ishsiz yoshning istaklaridan kelib chiqib, “Bandlik dasturi” ishlab chiqildi. Ular AT “Aloqabank” Navoiy HKXKM direktori Gʻiyosiddin Hakimovga biriktirilgan. Shundan 14 nafarining bandligi ta’minlandi: 5 nafari doimiy ishga joylashdi, 5 nafariga imtiyozli kredit, 1 nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda va 3 nafari o‘zini o‘zi band qilishida ko‘maklashildi. II chorak yakuniga qadar qolgan 7 nafar ishsiz yoshning ham bandligi ta’minlanadi. Zilolaning tirishqoqligi haqida... Javohirjon Aktamov yoshlarni mehnatga yo‘naltirish orqali jamiyatga moslashtirishga intiladi. Mahalladagi tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari va kasb-hunar maktablari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ishsiz yoshlarni o‘qitish, kasbga qayta tayyorlash va ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. 2024-yilda 25 nafar ishsiz yoshdan 13 nafari ishga joylashtirildi. 5 nafari kasb-hunar maktablariga yo‘naltirilib, 2 nafariga o‘z biznesini boshlash uchun subsidiya asosida asbob-uskuna hamda 5 nafariga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi. Zilola Jahongirova 19 yoshda. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan. U hayotda turli sinov va mashaqqatlarga duch kelgan bo‘lsa-da, hech qachon taslim bo‘lmadi. Yoshlar yetakchisi ko‘magida “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Unga “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida zamonaviy kasblar hamda xorijiy tilni chuqur o‘rganish imkoniyati berildi. Zilola ingliz tilini puxta o‘zlashtirib, 2024-yil yanvar oyida CEFR tizimi bo‘yicha B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘ldi. Zilolaga xotin-qizlar.uz platformasi orqali tavsiyanoma olishda ko‘maklashildi. Bu esa unga ta’lim olish yo‘lida katta eshiklarni ochdi. Qo‘llab-quvvatlash, o‘zining intilishi va mehnati natijasida o‘tgan yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi bo‘ldi. Yoshlar yetakchisi ta’limni ijtimoiy tengsizlikka qarshi eng kuchli vosita deb biladi. Shu sababli, maktabda o‘qiyotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun “Mentorlik dasturi” yo‘lga qo‘yildi. Bu dastur doirasida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘z mahallasidagi yoshlarni o‘qishga bepul tayyorlashga ko‘maklashmoqda. 2024-yilgi kirish imtihonlarida 7 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh talaba bo‘ldi. 9 nafar yoshga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar va davlat tili bo‘yicha bepul o‘quv kurslari tashkil etildi. Nigoraning g‘ayrati Nigora Shavkatova maktabni tamomlagach, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira olmadi. Shunga qaramay, u umidsizlikka tushmadi, aksincha, kasb-hunar egallashga kirishdi. Yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisi ko‘magi bilan u monomarkazdagi tikuvchilik kurslariga yo‘naltirildi. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan unga subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasi olib berildi. Nigora o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hozir u tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda va bu orqali doimiy daromad topmoqda. Nigoraning ota-onasi nogiron, ishlash imkoniyatiga ega emas. Singlisi va ukasi ham bor. Og‘ir sharoitga qaramay, Nigora oilasini ta’minlashga harakat qildi. U onasi va singlisiga ham tikuvchilikni o‘rgatib, oilaviy tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Nigoraning hayoti bugun jamiyatda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar qanday samara berayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Mehr-shafqat ko‘prigi Yetakchi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning ruhiy-psixologik holatiga ham alohida e’tibor beradi. Psixologlar va profilaktika inspektori bilan birgalikda haftalik ruhlantiruvchi uchrashuvlar, diniy-ma’rifiy suhbatlar, hayotiy hikoyalar asosidagi davra suhbatlari tashkil etiladi. Yoshlar uchun sport musobaqalari, teatr tomoshalari, kitobxonlik kechalari, festivallar, sayohatlar uyushtiriladi. Ayniqsa, nogiron yoshlar uchun tashkil etilgan “Iqtidorli qalblar” tanlovi ularning ichki salohiyatini ochishga katta yordam bermoqda. Mahalladagi 3 nafar saxovatli tadbirkor doimiy ravishda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga moddiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Mahallada volontyor yoshlar harakati ham mavjud, ular bilan “Mehr-shafqat ko‘prigi” loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, maktab anjomlari yetkaziladi. Har yili Ramazon oyida esa kam ta’minlangan oilalardagi yoshlarga iftorliklar uyushtiriladi. Yoshlarga imkon berish kerak! – Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash faqatgina kasbiy vazifa emas, sabr talab qiladigan mas’uliyatli jarayondir, – deydi yoshlar yetakchisi Javohirjon Aktamov. – Bunday yoshlar ko‘p hollarda ruhiy jarohatlarni boshdan kechirgan bo‘ladi. Ular o‘zini past baholaydi, boshqalarga ishonmaydi, ochiq muloqotdan qochadi. Bu esa ularning jamiyatga integratsiyalashuvi, faol bo‘lishi yo‘lida jiddiy to‘siqlarga sabab bo‘ladi. Men uchun har bir yoshning fikri muhim. Ularni tinglash, dardiga quloq tutish, ularning holatini tushunishga harakat qilish birinchi qadamlardir. Eng samarali yondashuv – bu birgalikda muammo ustida ishlash, yechimni yoshning o‘zi bilan birga izlashdir. Har bir yoshning holati o‘ziga xos. Ularning hayoti, orzulari, muammolari va ichki kechinmalari bir-biriga o‘xshamaydi. Shuning uchun ularga bir xil “shablon” yondashuv emas, balki individual yondashuv zarur. Har bir yoshga odamiylik bilan yondashish, ishonish, imkon berish kerak. Ishonilgan yosh hech qachon ishonchni oqlamay qo‘ymaydi. U albatta o‘z yo‘lini topadi. Faqat uni shu yo‘lga boshlash uchun yonida biror inson bo‘lishi kerak. Men esa har doim ularning yonida bo‘lishga tayyorman. Yetakchining yaqin istiqboldagi rejalari: Mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirish. – har bir yosh bilan suhbatlashib, qiziqishi, salohiyati va kasbiy intilishlarini aniqlash; – “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarni monomarkazlar, kasb-hunar maktablari, xususiy o‘quv markazlariga yo‘naltirish; – o‘qishni bitirgan yoshlarga subsidiya asosida asbob-uskuna, tikuv mashinalari, sartaroshlik jihozlari olib berish va ularni o‘zini o‘zi band qilishga rag‘batlantirish. Mahalla – kollej – tadbirkor uchburchagini yo‘lga qo‘yish. – o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda har oyda “Kasb tanlash haftaligi” tashkil qilish; – mahalladagi tadbirkorlar bilan o‘zaro memorandumlar tuzib, yoshlarni amaliyotga yuborish va keyinchalik ish bilan ta’minlashga erishish. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun “Ustoz–shogird” loyihasini joriy etish. – har bir ijtimoiy himoyaga muhtoj, nazoratsiz yoki og‘ir sharoitdagi yosh uchun mahalladagi faol, hayotiy tajribaga ega ustozlarni biriktirish; – bu orqali yoshlarni hayotiy muammolarni yengib o‘tishga, maqsadli yashashga o‘rgatish. “Bir yosh – bir kasb” tamoyiliga asoslangan ishlar. – har bir yosh kamida bitta kasb egasi bo‘lishi uchun bepul o‘quv kurslari ochish; – o‘qitishni faqat nazariy emas, amaliy mashg‘ulotlar orqali tashkil etish. *** Yoshlar yetakchisi “Ibrat Academy” yordamida ingliz hamda rus tili kursini tugatib, maxsus sertifikatni qo‘lga kiritgan. Xalqaro darajadagi COURSERAning “IBM Data Analytics with Excel and R” yo‘nalishida sertifikat bilan taqdirlangan. 2025-yilning I choragi yakunlari bo‘yicha “TOP – 100” yoshlar yetakchisi safiga kiritilgan.
12.5.2025 3263
Yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarini hal etish va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘lida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Yoshlar balansi” tizimi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashda yangi bosqichni boshlab berdi. Ellikqal’a tumanidagi Kichik Guldursun mahallasi yoshlar yetakchisi Sanjar Jumaniyazov ayni shu tizim asosida o‘z mahallasidagi yoshlarga alohida e’tibor bilan yondashmoqda. Uning tashabbuslari, izlanishlari va mehnatlari tufayli Kichik Guldursun nafaqat tumanda, balki respublika miqyosida eng namunali hududlardan biriga aylangan. Kichik Guldursun mahallasi balansi: Aholi soni: 5137 nafar; Yoshlar soni: 1214 nafar; Xotin-qizlar: 610 nafar. “Yashil” toifa: 721 nafar; “Sariq” toifa: 475 nafar; “Qizil” toifa: 23 nafar. Mahalla drayveri: chorvachilik, parrandachilik. Qiziqishdan liderlikka Sanjar yoshligidan jamoatchilik ishlarida faol. Iiderlik qobiliyati, tashabbuskorligi, yoshlar bilan ishlashga qiziqishi uni yoshlar yetakchisi vazifasiga olib keldi. Yetakchi 2024-yili “Yetakchi spartakiadasi” musobaqasining Qoraqalpog‘iston bosqichida shaxmatdan 2-o‘rin, “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha 3-o‘rin sovrindori bo‘ldi. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovining “Yoshlar balansi tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yo‘nalishida 3-o‘rinni egalladi. – “Yoshlar balans”i tizimi shunchaki ro‘yxatga olish emas, balki har bir yoshning taqdiri, holatini tushunish va unga mos yordam ko‘rsatish tizimidir, – deydi yoshlar yetakchisi Sanjar Jumaniyazov. – Bu tizim orqali har bir yigit-qizning ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik holatini o‘rganaman. Natijada har bir yoshga individual yondashuv asosida reja tuzib, aniq ko‘mak bera olaman. Ularni chuqur tahlil qilish kerak: kimdir o‘qiyapti, kimdir ishlamayapti, yana kimdir stressda yoki e’tibordan chetda qolgan. Bu yondashuv yoshlarning bandligini ta’minlashda, ta’lim darajasini oshirishda, salomatligi va huquqiy himoyasini yaxshilashda juda katta ahamiyatga ega. “Yoshlar pasporti” Kichik Guldursunda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar “Yoshlar pasporti” asosida ro‘yxatga olinib, har birining ijtimoiy holati, ta’limi, bandligi, ijtimoiy faoliyati tahlil qilindi. Tahlillar natijasida: – 27 nafar migratsiyaga ketgani; – 297 nafar norasmiy bandligi; – 18 nafar mehnatga layoqatsizligi; – 18 nafar ishsiz; – 2 nafar probatsiya nazoratidagi; – 3 nafar profilaktik hisobda turgan yoshlar aniqlanib, har biri bo‘yicha alohida reja ishlab chiqildi. Bandlik oshmoqda “Yosh tadbirkor” dasturi doirasida 25 nafar yoshga biznes-reja tuzish, kredit olish, mahsulot sotish bo‘yicha treninglar o‘tkazilib, 21 nafariga 311 million so‘m imtiyozli kreditlar olib berildi. Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 6 nafar yigitga 80 sotix yer ajratilib, pomidor, baqlajon, piyoz ekish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Ularning o‘tgan yildagi daromadi 40-50 million so‘mni tashkil etdi. Hunarmandchilikni tiklash maqsadida 3 nafar qizga tikuv mashinasi olib berilib, ularga o‘z uyida kichik tikuv sexi ochishiga yordam berildi. Bugun ular buyurtma asosida maktab formasidan tortib to‘y liboslarigacha tikishmoqda. – Mahallamizdagi o‘quv markazida tikuvchilik yo‘nalishida o‘qib, maxsus sertifikatga ega bo‘ldim, – deydi yosh tadbirkor Munisa Ayitboyeva. – Bu kasbni puxta o‘rganish davomida kelajakda o‘z shaxsiy ish faoliyatimni yo‘lga qo‘yishni orzu qilardim. Ammo bu yo‘lda menga boshlang‘ich moddiy yordam zarur edi. Shunda mahallamiz yoshlar yetakchisiga murojaat qildim. U subsidiya asosida tikuv mashinasiga ega bo‘lishimga ko‘maklashdi. Bu menga mustaqil faoliyat boshlash, uy sharoitida tikuvchilik ishini yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Bugungi kunda men buyurtmalar asosida turli kiyim-kechaklar tikib, o‘z daromadimni topyapman. Bu ish nafaqat moliyaviy mustaqillikka, balki kasbim orqali o‘zimga ishonchimni tiklashga ham xizmat qilmoqda. Kelajakda o‘z ustaxonamni ochish, boshqa qizlarni ham ish bilan ta’minlash niyatidaman. “Bir yosh – bir ustoz” Sanjar Jumaniyazov ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda qator tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Mahallada haftada bir marta “Kitobxonlik kechasi” tadbiri tashkil etilib, yoshlarning mutolaaga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda. “Bir yosh – bir ustoz” loyihasi doirasida har bir ijtimoiy faol yoshga bir nafardan tajribali murabbiy biriktirilib, ular hayotiy maslahatlar, kasb tanlash, ijtimoiy faollik va shaxsiy rivojlanish borasida doimiy maslahatlar bermoqda. Yoshlar o‘rtasida “Zakovat” va kitobxonlik yo‘nalishida 12 ta tanlov o‘tkazildi. Sport yo‘nalishida 16 turdagi musobaqa va loyiha tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 623 nafar yosh ishtirok etdi. Madaniyat va san’at yo‘nalishida esa 12 ta tanlovga 225 nafar yosh jalb etildi. “Sanjar bilan maslahat” Profilaktika inpektori va tuman Ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda har hafta “Huquqiy savodxonlik kuni” tashkil etiladi. 2 nafar jinoyat yoqasida turgan yosh bilan individual suhbatlar, oilaviy maslahatlar o‘tkazildi. Ular kasb-hunar markaziga yuborilib, bugun doimiy ish bilan ta’minlangan; Shuningdek, Sanjar Jumaniyazov zamonaviy texnologiyalarni yoshlar bilan ishlashda keng qo‘llay boshlagan yetakchilardan biridir. U mahalla yoshlari uchun alohida telegram kanali ochib, har hafta ilhomlantiruvchi videolar, e’lonlar, tanlovlar joylashtirib boradi. “Sanjar bilan maslahat” rukni orqali har haftaning payshanba kuni 2 soatlik jonli muloqot tashkil qilib, yoshlar bilan bevosita aloqa o‘rnatgan. – Yoshlikdan zamonaviy texnologiyalarga, ayniqsa, ITga katta qiziqishim bo‘lgan, – deydi Javohir Zarifboyev. – Biroq bu sohada chuqur bilim olish va kasb egallash uchun imkoniyatim yo‘q edi. Yoshlar yetakchisidan “Kelajak kasblari” loyihasi haqida eshitdim va bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qildim. Yetakchining yo‘llanmasi asosida Deuth Zentrum o‘quv markazida bepul IT-kurslarda tahsil oldim. Bu yerda men dasturlash asoslari, veb ishlanmalar va zamonaviy IT yo‘nalishlar bilan tanishdim. Kursni muvaffaqiyatli yakunlaganimdan so‘ng, Ellikqal’a BPO IT markazida rasmiy ish faoliyatimni boshladim. Hozirgi kunda o‘z yo‘limni topganimdan, sevimli sohamda ishlayotganimdan mamnunman. Endi esa maqsadim – yanada chuqur bilim olib, kelajakda o‘z IT loyihamni yaratishdir. Sanjar Jumaniyazovning faoliyati mamlakatimizda yoshlariga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. U yoshlarga nafaqat ko‘makchi, balki o‘ziga xos do‘st, maslahatgo‘y va yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida yondashmoqda. Uning ish uslubi, har bir yoshga individual tarzda yondashuvi faqat Ellikqal’a tumani uchun emas, butun respublika uchun namunadir. “Yoshlar balansi” tizimiga takliflar Sanjar Jumaniyazov o‘z faoliyati davomida “Yoshlar balansi” tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida bir qator takliflarni ilgari surmoqda. Balansni yil davomida reja asosida yuritish. Yoshlar balansini har oy yoki qisqa muddatda emas, balki yil davomida rejaga muvofiq amalga oshirish kerak. Har yili 14 yoshga to‘lgan yoshlar, yangi kelganlar va boshqa ko‘chib kelgan shaxslarni tizimga doimiy ravishda kiritib borish lozim. Ushbu yondashuv yoshlar haqidagi ma’lumotlarning to‘liq va sifatli shakllanishiga, real holatni aks ettirishiga xizmat qiladi. Reja asosida yuritilgan tahlillar individual yondashuvda aniq va asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Barcha yoshlar platformalarini yagona tizimga birlashtirish. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan “Yoshlar daftari”, “Yoshlar portali”, “Yoshlar balansi”, yoshlar.ijro.uz, beshtashabbus.uz kabi platformalarni yagona – “Yoshlar platformasi”ga birlashtirish kerak. Bu barcha ma’lumotlar va jarayonlarni yagona markazda boshqarish, yetakchilarning ishini soddalashtirish, rejalilik va samaradorlikni ta’minlaydi. Yetakchilar har bir yosh bilan ishlashda barcha ma’lumotlarga bir joyda ega bo‘lishi orqali tezkor va manzilli yordam ko‘rsatishga erishadi. Loyihalar va KPI ko‘rsatkichlarini raqamlashtirish. “Yoshlar balansi” platformasiga amalga oshirilayotgan tadbirlar, loyihalar va yoshlar bilan ishlash faoliyatini tizimli ravishda yuklab borish, KPI (asosiy ko‘rsatkichlar)ni esa to‘liq raqamlashtirish kerak. KPI ko‘rsatkichlarining elektron shaklga o‘tkazilishi yetakchilarning faoliyatini baholashda inson omilini kamaytiradi, obyektivlikni oshiradi. Bu esa yetakchilarni o‘z ustida doimiy ishlashga, tashabbuskorlikni kuchaytirishga undaydi. Ko‘chirish so‘rovnomalarini ko‘rib chiqish muddatini belgilash. “Yoshlar balansi” tizimi orqali yuboriladigan ko‘chirish so‘rovnomalariga rasmiy javob berish muddatini belgilash va agar bu muddatda javob berilmasa, platformadan foydalanishni vaqtincha cheklash tizimini joriy etish zarur. Ko‘plab ko‘chirish so‘rovnomalari ko‘rib chiqilmay qolmoqda. Belgilangan muddat tizimga javobgarlikni oshiradi, vaqtida javob berilishini ta’minlaydi hamda yoshlar haqidagi ma’lumotlar kechikmasdan uzluksiz yangilanib borilishiga imkon yaratadi.
7.5.2025 2996
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-sonli qarori o‘n minglab yoshlarning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbayiga ega bo‘lishida dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqdsa. Xususan, Buxoro shahridagi Otbozor mahallasida 36 nafar yoshga yer ajratilgan. Mahalladagi yoshlar yetakchisi Mustafo Ismatov Prezident qarori asosida yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, yoshlarga yangi daromad manbari yaratishga intilmoqda. Mahalla balansi: Aholi soni: 15 933 nafar; Yoshlar: 3 080 nafar; Ayol-qizlar: 1 995 nafar. “Yashil” toifa: 2 113 nafar; “Sariq” toifa: 934 nafar; “Qizil” toifa: 33 nafar. Mahalla drayveri: qishloq xo‘jaligi. Dehqonchilik ilmi o‘rgatilyapti Otbozor mahallasida yoshlarni dehqonchilikka jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ularni mehnat bozoriga tayyorlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan: Yoshlar uchun qishloq xo‘jaligida ish o‘rinlarini yaratish. Yoshlar yetakchisi yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ularga yer ajratish, yerdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va bozorgir mahsulotlarni yetishtirish yo‘nalishida maxsus loyihani yo‘lga qo‘ydi. – Yoshlar yetakchisi yordami bilan 30 sotix yer olib, dehqonchilik qilyapman, – deydi Nutfullo Orzuyev. – Bir yilda 3 marta hosil olyapman. Yer maydonining yarmida zamonaviy issiqxona tashkil qildim. Issiqxonada haroratni nazorat qilish, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish va boshqa agrotexnik tadbirlar orqali yil davomida barqaror hosil olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ekinlarimiz erta pishadi, hosildorligi yuqori bo‘ladi va bozorda yaxshi narxda sotish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Yerning qolgan yarmida fasllarga qarab turli ekinlarni yetishtiramiz. Bahor faslida pomidor ko‘chatlarini ekamiz. Bu davrda tuproq unumdorligi yaxshi bo‘lgani sababli pomidorimiz serhosil bo‘ladi. Yoz mavsumi yakuniga yetgach, ekin almashinuvi asosida kuz-qish mavsumiga mo‘ljallab kartoshka ekamiz. Qish oylarida esa yer bo‘sh qolmasligi uchun ko‘katlar yetishtiramiz. Oilamiz daromadi oshyapti, mahalla aholisini ham arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlayapmiz. Dehqonchilikda yangi yondashuvlar. Dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida yangi texnologiyalarni olib kelish va yoshlarni bu texnologiyalarga o‘rgatish choralari ko‘rilyapti. Talabgorlar Yoshlar ishlari agentligining shahar bo‘limi bilan kelishilgan holda “Agrobank” ATBning “Fermerlar maktabi”, “Suvchilar maktabi”, agrar sohada kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga va hududlardagi kichik biznesga ko‘maklashish markazlariga o‘quv kurslariga yo‘naltirildi. Agrar ta’lim va malaka oshirish. Yoshlar yetakchisi yoshlarni dehqonchilikni ilmiy asoslarga tayangan holda olib borishga o‘rgatish uchun maxsus trening va seminarlar tashkil etib keladi. Treninglarda dehqonchilikni boshlash istagidagi yoshlar hududdagi ilg‘or fermerlar, dehqonchilik sohasida yaxshi daromad topayotgan, sohada o‘z o‘rniga ega kishilardan maslahat, tavsiyalar olishadi. Talabgor yosh dehqonlar soha ilg‘orlariga shogirdlikka tushib ekin ekish, parvarishlash, yerni boqish sirlarini o‘rganmoqda. – Hozir yerga karam ekkanmiz, – deydi Dilbar Po‘latova. – Umumiy 30 sotix yerimizni uch teng qismga bo‘lgan holda, yiliga uch marotaba hosil olyapmiz. Birinchi navbatda 10 sotix maydonga karam ekamiz. Karam yarim tayyor holatga kelgach, darhol ikkinchi 10 sotixga ham urug‘lik ekamiz. Bu jarayon bosqichma-bosqich olib borilgani sababli uzluksiz hosil olish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Uchinchi hosil ham xuddi shu ketma-ketlikda ekiladi. Bu usul orqali yerimiz biror kun ham bo‘sh turmaydi. Bo‘sh turgan kichik maydonlarga tez pishadigan mahsulotlarni ekib, daromadni oshirib boryapmiz. Kelgusida ekin turini kengaytirish, texnik uskunalar bilan ta’minlash hamda boshqa ayollarni ham ushbu faoliyatga jalb etish niyatidamiz. Mustafo Ismatov migratsiyadagi yoshlarni ham Vatanga qaytarib, yer bilan ta’minlashga harakat qilmoqda. Xususan, Sardorbek G‘aybullayev 5 yildan buyon xorijda ishlar edi. Yoshlar yetakchisi uning holatini o‘rganish maqsadida suhbatlashganda unga Vatanga qaytishi, yoshlar uchun yer berilayotgani, dehqonchilik qilib yaxshigina daromad topish mumkinligi haqida aytib o‘tadi. Sardorbek O‘zbekistonga qaytdi. Unga 30 sotix ekin maydoni olib berildi. Dehqonchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lishi uchun mahalladagi ilg‘or dehqonga biriktirildi. Hozirgi paytda Sardorbek issiqxona tashkil qilgan. Pomidor yetishtirib, yiliga 3 marotaba hosil oladi. Daromadi 50-60 million so‘m atrofida. Dehqonchilik va tadbirkorlik maktabi – Yoshlar uchun faqat ish o‘rinlari yaratish emas, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini ham rivojlantirish muhim, – deydi Otbozor mahallasi yoshlar yetakchisi Mustafo Ismatov. – Ish o‘rni bu – vaqtinchalik yechim. Biz yoshlarga baliq berishimiz emas, baliq tutishni o‘rgatishimiz kerak. Ular faqat biror joyda ishlab, maosh olish bilan cheklanib qolmasin, o‘zlarining ishini ochishga, iqtisodiy mustaqil bo‘lishga intilsin. Tadbirkorlik faqat daromad topish emas, balki g‘oya bilan yashash, jamiyatga foyda keltirish, boshqalar uchun ham ish o‘rinlari yaratishdir. Qishloq joylarda yashovchi yoshlar orasida katta salohiyat bor. Ular yer bilan ishlashni biladi, mehnatdan qo‘rqmaydi, tabiatni tushunadi. Bu yoshlardan kelajakning yirik fermerlari, innovatsion agro-tadbirkorlari chiqadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Faqat ularga yo‘l ko‘rsatish, ishonch bildirish kerak. Shuning uchun biz mahallada yoshlar uchun “Dehqonchilik va tadbirkorlik maktabi”ni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. Bu yerda yoshlar yerga egalik qilish, uni sug‘orish, urug‘ tanlash, hosil yetishtirishni o‘rganadi, hosilni qanday qadoqlash, sotish, bozorda o‘z mahsulotini tanitish, marketing yuritish kabi bilimlarni ham oladi. Ularni moliyaviy savodxonlikka, raqamli texnologiyalarni ishlatishga o‘rgatamiz. Yoshlar bilishi kerak: agar ular o‘z g‘oyasiga ishonsa, unga harakat va bilimni qo‘shsa, u holda faqat o‘z hayotini emas, balki butun mahallasining, hatto tumanining iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirishi mumkin. Biz esa shunday yoshlar bilan ishlashga tayyormiz va ularning har bir tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ijtimoiy faol qatlam Qahramonimizning fikricha, yoshlarni ish bilan ta’minlash bilan birga ularni ijtimoiy jihatdan faol bo‘lishga, o‘z mahallasida ijobiy o‘zgarishlar qilishga rag‘batlantirish kerak. Ular dehqonchilikdan tashqari jamiyatning boshqa sohalarida ham o‘zlarini namoyon etishlari lozim. Bu tashabbus bo‘yicha yoshlar yetakchisining dasuri quyidagicha: Mahalla infratuzilmasini rivojlantirishda yoshlar ishtiroki. Yoshlarni mahalla rivojiga hissa qo‘shishga rag‘batlantirish va loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish zarur. Masalan, mahalla parklarini obodonlashtirish, ekotizimlarni yaxshilash kabi ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishlari mumkin. Yoshlar uchun sport va madaniyat tadbirlari. Yoshlarni faollik va sog‘lom turmush tarziga jalb qilish uchun sport tadbirlari, madaniy-ijtimoiy faoliyatni tashkil etish ham muhim. Natijada otbozorliklar “Besh tashabbus olimpiadasi”, “DXX kubogi”, “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalarida faol ishtirok etishmoqda. Ma’naviy va axloqiy tarbiyani oshirish. Yoshlarni ijtimoiy mas’uliyatga o‘rgatish, jamiyatda hurmat, mas’uliyat va hamjihatlik kabi axloqiy qadriyatlarni, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamiyat farovonligining asosiy mezonlaridan. Shuning uchun yoshlar yetakchisi mahalla ko‘ngillilar jamoasini shakllantirgan. Bu jamoa yordamida haftaning juma kunida nogiron, imkoniyati cheklangan va qariyalar holidan xabar olishni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, mahallada kitobxonlik muhiti ham shakllanyapti. Maktab kutubxonasi homiylar yordamida kitoblar bilan boyitilib, mahallaning barcha qatlami foydalanish imkoniyati yaratilgan. Yoshlarni tadbirlarga muntazam jalb qilinishi natijasida 2024-yilda mahalla yoshlari o‘rtasida jinoyat sodir etilmagan. – O‘tgan yil yakunida dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan yoshlar faoliyatini tahlil qildik, – deydi qahramonimiz Mustafo. – Tahlillarga ko‘ra, Otbozor mahallasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida yoshlarning bandligi sezilarli darajada oshdi. Yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlari ularning o‘zini o‘zi ta’minlash imkoniyatlarini yaratdi. Ular qishloq xo‘jaligida ishlashni o‘rgandi, shuningdek, bu jarayonda o‘zlarining tadbirkorlik ko‘nikmalarini ham rivojlantirmoqda. Bu dehqonchilik loyihalari mahalladagi boshqa yoshlar uchun ham namuna bo‘lib, ularni ishni davom ettirishga undamoqda. Mahallada yoshlarning bandligini ta’minlash, mehnat va bilimga qiziqishlarini uyg‘otish orqali, o‘zi uchun doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlariga yordam berdik. Shaxsiy namuna Mustafo Ismatov 2025-yil I choragi yakunlari bo‘yicha respublikadagi “Top – 100” yetakchi safida e’tirof etildi. Joriy yil boshida Sport vazirligining “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak-nishoni bilan taqdirlandi. 2024-yilda “Eng fidoyi yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasining “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun” medali sohibi. Yoshlarga namuna sifatida yetakchining o‘zi ham dehqonchilik bilan faol shug‘ullanmoqda. U har yili mavsumiy ekinlarni ekib, yerdan unumli foydalanadi. Bu orqali o‘zining ro‘zg‘origa foyda keltirish bilan birga mahalladoshlarga ham mehnatga bo‘lgan mehrni, halol daromad topishning yo‘lini ko‘rsatadi. U g‘alla, sabzavot va poliz ekinlari kabi mahsulotlarni ekib, hosilni mahalliy bozorlarda sotish orqali qo‘shimcha daromad olmoqda. Shu bilan birga, yoshlarni ham ushbu sohaga bilan qiziqtirish, amaliyotga jalb qilish orqali mehnatsevarlik va tadbirkorlik ruhida tarbiyalashga intilmoqda.
8.4.2025 3199
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi Azatliq mahallasi yoshlar yetakchisi Saxibjamal Bazarbayeva faoliyatida asosiy e’tiborni mahalladagi imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlashga qaratgan. U nogironligi bor insonlarga qulay sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va iste’dodini kashf etish hamda rag‘batlantirishni o‘zining burchi deb biladi. Saxibjamal xatlov yakunlanganidan so‘ng, olti nafar nogiron yoshni adaptiv sportga jalb qilish maqsadida mahalladagi uch nafar tadbirkorga biriktirdi. Adaptiv sport nogironlarni faol hayot tarziga undaydi, ular uchun sportni yanada qulay va xavfsiz qilishga qaratilgan. Bu harakat nogiron insonlarga o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish, maqsadga erishish va jamiyat bilan integratsiyalashishga yordam beradi. – Mahalla balansini shakllantirish jarayonida sportga qiziqishi bor, lekin shug‘ullanish imkoniyati cheklangan yoshlarni aniqladim, – deydi Azatliq mahallasi yoshlar yetakchisi Saxibjamal Bazarbayeva. – Nogiron, sport bilan shug‘ullanish imkoniyati yo‘q va oilaviy holati og‘ir bo‘lgan yoshlarga tadbirkorlar yordam qo‘lini cho‘zdi. Ularga moddiy yordam berish orqali sportga qiziqishini ro‘yobga chiqarish imkonini yaratdik. Tadbirkorlar biriktirilgan yoshlarni oziq-ovqat, sport kiyimlari, sport anjomlari, yo‘l haqi bilan ta’minlamoqda. Bu yordam orqali yoshlar nafaqat sport bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lmoqda, balki o‘zlarining imkoniyatlarini yanada kengaytirish va jamiyatda faol qatnashish uchun rag‘batlanmoqda. Azatliq mahallasi balansi: Aholi soni: 4056 nafar; Yoshlar: 708 nafar; Ayol-qizlar: 383 nafar. “Yashil” toifa: 531 nafar; “Sariq” toifa: 167 nafar; “Qizil” toifa: 17 nafar. Mahalla drayveri: xizmat ko‘rsatish. Maqsadga ishonch bilan yondashing! Ozoda Azatova 25 yoshda, II guruh nogironi. Otasi vaqtincha ishsiz, onasi esa qorovul. Oilaviy sharoiti sababli u o‘zi qiziqqan sohalar bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Ozodani sevimli mashg‘ulotiga jalb etish va unga qulay imkoniyat yaratish maqsadida yosh tadbirkor Polat Erejepov unga yordam berishga tayyorligini bildirdi. Ozodaning sevimli mashg‘ulotlaridan biri stol tennisi edi. Mahalla yoshlar yetakchisi va yosh tadbirkorning harakati natijasida u para stol tennisi bilan professional mashg‘ulotlarni boshladi. Unga malakali murabbiy ham jalb qilindi. Natijada, 2024-yilda Ozoda para stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Hozir Ozoda yadro uloqtirish hamda armrestling bilan ham shug‘ullanmoqda. – Oldin hayotim ancha murakkab edi, – deydi II guruh nogironi Ozoda Azatova. – Sharoitim og‘irligi uchun o‘zim qiziqqan sohalar bilan shug‘ullanish imkoniyatim bo‘lmagan. Mahallamiz yoshlar yetakchisi va tadbirkorning qo‘llab-quvvatlashi natijasida orzularimga erisha olyapman. Mahallada va mahalla yoshlari orasida o‘z o‘rnimni topa boshladim. Respublika chempionligini qo‘lga kiritganim menga katta ilhom berdi. Endi men o‘z maqsadlarimga erishish yo‘lida yanada faol harakat qilaman. 2025-yilda ham chempionlikni maqsad qilganman. Tengdoshlarimga aytadiganim: o‘z maqsadlariga ishonch bilan yondashsinlar. Hayotda qiyinchiliklar bo‘ladi, lekin ularni yengish uchun kuchli iroda va sabr kerak. Agar sizni qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar bo‘lsa, ular bilan hamkorlik qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Musa stol tennis bilan mashg‘ul Musa Sharapov 21 yoshda, II guruh nogironi. Ijtimoiy holati og‘ir, otasi vafot etgan, onasi oddiy ishchi. Nogironligi sabab ko‘chaga chiqmagan. Musa qiziqishlaridan kelib chiqib, para stol tennisiga jalb qilindi hamda unga mahalladagi yosh tadbirkor Abbaz Kengesbayev biriktirildi. Natijada hozir para stol tennisi Musa Sharapovning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Musaning barcha ehtiyojlari tadbirkor tomonidan qoplanib, u malakali murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanmoqda. Hozir Musa “Besh tashabbus paralimpiadasi”ga tayyorgarlik ko‘ryapti. – Sport bilan shug‘ullanishni juda xohlasam ham, sharoitim bunga imkon bermasdi, – deydi Musa Sharapov. – Sport bilan shug‘ullanishni boshlagach o‘zimni erkin va baxtliroq his qila boshladim. Endi men har kuni mashg‘ulotlarga qatnashaman. Professional murabbiy bilan ishlaganim ko‘nikmalarimni rivojlantirishda katta yordam beryapti. Para stol tennisida yuksak natijalarga erishishni, O‘zbekiston nomini xalqaro maydonda yanada yuqori darajalarga ko‘tarishni orzu qilaman. “Azatliq tajribasi” yaratiladi Saxibjamal Bazarbayeva 2025-yilda nogiron yoshlar bilan ishlashni yanada samarali tashkil etish maqsadida yangi tashabbusni ilgari surmoqda. Bu tashabbus 2024-yilda boshlangan va bugungi kunda o‘zining dastlabki natijalarini ko‘rsatayotgan harakatlar asosiga quriladi. Maqsad nogiron yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning jamiyatga integratsiyasi va ular uchun qulay sharoitlarni yaratishdir. Buning uchun quyidagi yo‘nalishlarda ish olib borish ko‘zda tutilgan: Nogiron yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazini tashkil etish. Bu tashabbus yo‘lidagi birinchi qadam nogiron yoshlar uchun ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatadigan maxsus markaz tashkil etishdir. Markazda ma’naviy va psixologik maslahatlar, treninglar, kasbiy yo‘naltirish, nogironlikning turli shakllariga mos ravishda moslashtirilgan mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Ta’lim va kasb-hunar o‘rgatish dasturlari. Markazda ta’lim olish uchun imkoniyatlar yaratish ham rejalashtirilgan. Yoshlarining imkoniyatlariga qarab malakali mutaxassislar yordamida kasb-hunar o‘rgatish kurslari, maxsus o‘quv mashg‘ulotlari, onlayn ta’lim tashkil etiladi. Yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishda ularning individual ehtiyojlariga e’tibor qaratiladi. Sport va madaniyat sohasidagi imkoniyatlar. Yoshlarni sport va madaniyat sohalarida ham qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor beriladi. Nogiron yoshlar uchun sport musobaqalari, madaniy tadbirlar, ijodiy ustaxonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu yoshlarning jismoniy salomatligini yaxshilash, ular orasida jamoaviy ruhni kuchaytirish va ular uchun yangi ijtimoiy muhit yaratish maqsadida amalga oshiriladi. Yoshlarni adaptiv sportga jalb qilish harakati davom ettiriladi. Jamiyat bilan integratsiya. “Azatliq tajribasi”ni amalga oshirish jarayonida nogironlar uchun jamiyat bilan bog‘lanish imkoniyatlarini yaratish, ijtimoiy tadbirlarda ishtirok etish, ko‘ngillilar orqali jamiyatning bir qismi bo‘lishiga yordam berish ko‘zda tutilgan. Qaror qabul qilishda yoshlarning faolligi. Bunday yoshlarning o‘z hayotiga oid qarorlarni qabul qilishda faol ishtirok etishi uchun platformalar yaratish, ularni ijtimoiy faoliyatga jalb qilish va o‘z fikrlarini bildirishga imkoniyat yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, ularga turli ijtimoiy loyiha va tashabbuslar bo‘yicha seminar, trening va konferensiyalarga tashrif buyurish imkoniyati taqdim etiladi. Ota-onalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash. Yoshlar bilan ishlashda ota-onalar va oilaning roli katta. Saxibjamal Bazarbayeva nogiron yoshlarning oilalarini ham qo‘llab-quvvatlashni o‘z rejasiga kiritgan. Ota-onalar uchun maxsus treninglar, maslahatlar va ma’lumotlar taqdim etish orqali ularning o‘z farzandlariga yaxshiroq yordam berish imkoniyatlari yaratiladi. Ijtimoiy huquq va himoya sohasidagi ishlar. Davlat organlari bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan yoshlarning huquqlari himoyasini kuchaytirish, ular uchun ijtimoiy yordamni samarali tashkil etish ham rejaning ajralmas qismi bo‘lib qoladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar doirasida huquqiy maslahatlar, qonunlar va me’yoriy hujjatlar bo‘yicha tushuntirishlar o‘tkaziladi. Saxibjamal Bazarbayeva ishlab chiqq Saxibjamal Bazarbayeva ishlab chiqgan “Azatliq tajribasi” loyihasi nogiron yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga katta yordam beradi. an “Azatliq tajribasi” loyihasi nogiron yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga katta yordam beradi. Yetakchi – yoshlarning do‘sti – Yoshlarga qiziqqan mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratishimiz kerak, – deydi Azatliq mahallasi raisi Qundiz Ibrashova. – Saxibjamal yoshlar bilan do‘stona aloqa o‘rnatgan. Har bir yoshning muammolarini o‘rganib, qiziqishlarini qo‘llab keladi. Yetakchining sa’y-harakati bilan imkoniyati cheklangan yoshlar o‘zi qiziqqan mashg‘ulotlar bilan mashg‘ul. Saxibjamal yoshlar bilan muloqotni yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Har bir yoshdan mahalla taraqqiyoti va mahalla yoshlari kelajagi uchun foydalanishga intiladi.
13.2.2025 4410
Mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilganiga uch yildan oshdi. Shu vaqt davomida faoliyatida yaxshi natijalar ko‘rsatgan yetakchilar orasidan rahbarlik lavozimlariga va yuqori tashkilotlarga ishga tayinlanganlar soni ortdi. Misol uchun, “Top 100” yetakchilar safiga kiritilgan Qarshi shahridagi Bog‘ishamol mahallasi yoshlar yetakchisi Bekmurod Rasulov Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Qarshi shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha mutaxassisi lavozimiga tayinlandi. Bu yosh liderlar faoliyatiga yana bir munosib bahodir. Bekmurod mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash, iqtidorli va intellektual faol yoshlarni kashf etishda jonbozlik ko‘rsatdi. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. Turk va ingiliz tilidan sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Bugun yosh liderning mahalladagi faoliyati samaralariga nazar solamiz. Bog‘ishamol mahallasi balansi: Aholi: 1520 nafar; Xonadonlar: 347 ta; Yoshlar: 430 nafar; Ayol-qizlar: 235 nafar. “Yashil” toifa: 354 nafar; “Sariq” toifa: 67 nafar; “Qizil” toifa: 9 nafar. Mahalla drayveri: tikuvchilik. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edim... – Ishchi oilasida tug‘ilganman, – deydi Bekmurod Rasulov. – Kasb-hunar kollejida o‘qib yurgan kezlarim “Yoshlar daftari”ga kiritilib, kichik biznesimni yo‘lga qo‘ygandim. U paytda mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimi yo‘q edi. 2022-yili bu lavozim tashkil etilishi menga o‘zimni shu sohada kashf etishim uchun katta maydon berdi. Ilk kunlardan yoshlar hayotiga qanday o‘zgartirish kirita olishim haqida o‘yladim. Yoshlar faolligini oshirish, to‘g‘ri yo‘naltirish va ijtimoiy mas’uliyatli insonlar sifatida shakllanishiga yordam berishni asosiy maqsad qilib oldim. Birinchi navbatda, yoshlar bilan bevosita aloqa o‘rnatish va ularning muammolarini tushunish kerakligini angladim. Ularni eshitib, qo‘llab-quvvatlab, ijobiy o‘zgarishga erishish mumkin edi. 176 million so‘mlik yordam Bugungi kunda yoshlarning muammo va murojaatlari o‘z vaqtida va o‘z hududida hal etilmoqda. Bu yoshlarning millat kelajagiga, davlatimizga va yoshlar siyosatiga ishonchini yanada mustahkamlashga yordam bermoqda. O‘tgan yillarda mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Iqtidorlilarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish orqali ko‘plab yoshlarning iste’dodi kashf etildi. “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olinganlarni qiynab kelgan muammolarni hal qilishda aniq va samarali choralar ko‘rildi. Jumladan, 2024-yilda 20 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularga 44,6 million so‘mlik ko‘mak berilgan. Ularning: – 2 nafariga safarbarlik chaqiruv rezervi to‘lovlari qoplandi; – 1 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun kredit ajratildi; – 2 nafari xususiy tashkilotlarga ishga joylashdi; – 4 nafarining kontrakt puli to‘landi; – 5 nafariga haydovchilik va o‘quv kurslari xarajatlari qoplab berildi. Yoki bo‘lmasa, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan 2022-yilda 22 nafar yoshga 82 million so‘m, 2023-yilda 17 nafar yoshga 49,5 million so‘mlik yordamlar ko‘rsatilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli og‘ir 6 nafar yoshga bir martalik moddiy yordam, 5 nafar ishsiz yoshga zarur asbob-uskuna va kompyuter subsidiya asosida taqdim etilgan. Yetakchidan tashabbus Ko‘cha sardorlari tashabbusi bilan har shanba va yakshanba kunlari mahalladagi ko‘chalar o‘rtasida futbol, har yakshanba kuni shaxmat bo‘yicha “Rokirovka” musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. 2024-yili mahalla vakillari “Besh tashabbus olimpiadasi”da sportning armrestling, yengil atletika turlari bo‘yicha shahar bosqichida, shaxmat bo‘yicha viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mahalla hududidagi 47-maktabda “Yoshlar kutubxonasi” tashkil etilgan. Bu yerda “Zakovat” intellektual o‘yini ham muntazam o‘tkazib borilmoqda. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan sport, musiqa, hunarmandchilik bo‘yicha bepul to‘garaklar tashkil etildi. Qarshi shahar 2-son politexnikumida “Besh tashabbus olimpiadasi” ishtirokchisi Muxlisa Xalilova tomonidan yoshlarga shaxmat saboqlari berilmoqda. Javohir Quvonov boks bilan muntazam shug‘ullanib, viloyat va respublika musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. U mahallada boks to‘garagini ochish taklifini bildirgan edi. Bekmurod Rasulov mahalla hududidan bo‘sh bino topib, to‘garak tashkil etishga ko‘maklashdi. Sportga qiziqishi bo‘lgan, kam taʼminlangan oila farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar mashg‘ulotlarda bepul qatnashmoqda. Yoshlarda g‘oya ko‘p, ammo... – Yoshlarda qiziqarli va samarali g‘oyalar ko‘p, ularni amalga oshirish uchun imkoniyat va ko‘mak topish qiyin, – deydi Bekmurod Rasulov. – Shu sababli, faoliyatimni yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochish, ularni ijtimoiy, madaniy va professional jihatdan rivojlantirishga qaratganman. Xayrullo Qurbonov jazoni ijro etish muassasasidan qaytgach, ishlash istagi borligi, lekin qo‘lida hunari yo‘qligini aytadi. U polietilen mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonaga oddiy ishchi sifatida ishga joylashtirildi. Tikuvchilikni biladigan, lekin ishsiz yurgan Zarnigor Ahadovaga tikuvchilik faoliyatini boshlashi uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Hozir oyiga 4-5 million so‘m atrofida daromad topmoqda. 1 ta ish o‘rni yaratdi. 5 nafar shogirdi bor. Tadbirkor yoshlardan biri Azamat G‘ulomovga faoliyatini kengaytirishi uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit olib berildi. Buning natijasida u asalarichilik faoliyatini rivojlantirib, 2 nafar yoshni ishga oldi. Kitobxonlik targ‘iboti “Mutolaa” loyihasidan foydalanayotgan bog‘ishamolliklar 300 ga yaqin. Loyiha targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida Qarshi shahar yoshlar ishlari bo‘limi va yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida “Mutolaa bilimdoni” tanlovini tashkil etilmoqda. Bog‘ishamolda esa, kitobxonlik to‘garagi yo‘lga qo‘yilgan. To‘garakda har hafta “Mutolaa” loyihasidan bir kitob tanlab olinib, yoshlar bilan birgalikda tezkor savol-javoblar o‘tkaziladi. G‘oliblarga “Mutolaa premium” xizmati sovg‘a qilinadi. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida til o‘rganayotgan bog‘ishamolliklar 400 dan ziyod. Ular 25 dan ortiq tilni uydan chiqmagan holda o‘rganmoqda. “Ibrat farzadlari” loyihasi sardori Farzona Bahromova o‘z xonadonida bepul ingiliz tili kursi tashkil etib, yoshlarga ta’lim bermoqda. Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul Bog‘ishamolda “Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul” tamoyili asosida yoshlar mahalla nuroniylariga biriktirilgan. Profilaktika inspektori va “Qalqon” jamoasi bilan birgalikda jamoat joylari, maktab, savdo maskanlarida tungi nazorat yo‘lga qo‘yilib, profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mahalla ahlining hamjihatliligi sabab Bog‘ishamol jinoyatchilikdan xoli hudud deb topildi. 2022-yildan buyon mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarlik sodir etilgani yo‘q. – Mahallada 33-sonli alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab joylashgan, – deydi Bekmurod. – Bu muassasa bilan doimiy aloqa o‘rnatib, o‘quvchilarning orzu-umidlarini amalga oshirishga intildim. Maktabda o‘quvchilar uchun hunarmandchilik to‘garaklari tashkil etilgan. Ular yaratgan qo‘l mehnati mahsulotlari bilan meni hayratga soladi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli tadbirlar, jumladan xayriya konsertlari tashkil etamiz. Tadbirlarda o‘quvchilar tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati buyumlari sotuvga qo‘yilib, tushgan mablag‘ga hunarmandchilik jihozlari va mehnat qurollari xarid qilinadi.
12:56
Aliment haqida 7 ta muhim savolga javob
09:53
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
15:07
SHIFOKOR BO‘LMOQCHIMAN
15:19
Yoshlar yetakchisi, balansi, daftari
15:46
Kitob va internet bir-birini to‘ldirishi kerak(mi?)
18:40
Aliment miqdori, chet elga chiqishga taqiqni olib tashlash, alimentni kamaytirish: aliment bo‘yicha muhim 10 ta qoida
11:14
Yangi stipendiya: miqdori 1 020 ming soʻm!