Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yetakchi ayol

6.3.2024 341

Muhammadshukr MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Mamlakatimizdagi 9 400 dan ziyod mahallada yoshlar yetakchisi faoliyat olib bormoqda. Ularning atigi 9 foizi ayol-qizlar. Chunki yoshlar yetakchisining mehnati og‘ir: har kuni turli toifadagi o‘nlab yoshlar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini hal etish uchun eshikma-eshik yurish; “Yoshlarning bo‘sh vaqti – yetakchining ish vaqti” tamoyiliga ko‘ra, tinimsiz mehnat qilish; jinoyatchilik, oilaviy ajrim, ishsizlik, bemorlik va nogironlik kabi o‘tkir muammolar bilan kurashish... oson vazifalar emas, albatta. Ustiga-ustak bunday muammolar cheklanmagan grafik asosida ishlashni talab etadi.

Lekin shunga qaramay, yurtimiz va yoshlarimiz kelajak taqdiri uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu mashaqqatli vazifani tanlagan, zimmasidagi burchini sharaf bilan ado etib kelayotgan qiz-ayollarimiz bor. 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ana shunday mushtariylarimiz faoliyatini yoritishga qaror qildik.

Biroq achinarlisi shundaki, ba’zan xotin-qizlarimizga nisbatan tazyiqlar, stressga beriluvchanlik uchrab turibdi. Bugun biz ana shunday ayol-qizlar bilan samarali ishlayotgan g‘olib yetakchi haqida hikoya qilamiz.

Kamola Oʻtanova – Sergili tumanidagi “Yangi Sergili” mahallasi yoshlar yetakchisi. 2022-yili mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi tashkil etilganidan buyon shu lavozimda yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning turli tanlov va musobaqalarda ishtirok etishiga tashkiliy-moliyaviy yordam ko‘rsatish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.

Erishgan yutuqlari

“Fidoyi yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi ishtirokchisi (2022-yil);

“Bir nuqtada birlashamiz” volontyorlik sertifitikati sohibi (2022-yil);

Shanxay hamkorlik tashiloti Yoshlar Kengashining xalqaro forumi ishtrokchisi (2023-yil);

“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovi 2-o‘rin sohibi (2023-yil).

Jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida tashkil etgan ish samaradorligi natijasida 2023-yil davomida mahallada yoshlar o‘rtasida birorta ham jinoyatchilik sodir etilmadi. Natijada “Yangi Sergili” mahallasi “yashil” hudud toifasiga kiritildi.

Uning sa’y-harakatlari bilan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan 73 nafar, homiylik mablag‘lari asosida 117 nafar yoshlarga yordam ko‘rsatilib, murojatlari ijobiy hal etildi.

Yetakchi tashabbusi bilan mahallada 2 ta mini futbol maydonchasi 2 ta bolalar o‘yingohi homiylik yordamlari asosida qurilib, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Mahalla binosida yoshlar uchun 670 ta kitobga ega mo‘jaz kutubxona va 3 ta to‘garak “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida tashkil etilib, mashg‘ulotlarga 41 nafar yosh jalb qilingan.

Kamola mehnatkash va tirishqoq. Muammolarni matonat bilan yengib o‘tadi, qiyin vaziyatlardan chiqib ketish uchun kriativ yo‘llarni o‘ylab topishga intiladi. Ayniqsa, u o‘zi kabi hayotdan munosib o‘rnini axtarayotgan, yangi g‘oya va maqsadlar bilan yonib yashayotgan yosh qiz-juvonlarni qo‘llab-quvvatlashni yon daftarchasining birinchi sahifalariga qayd etib qo‘ygan, desak adashmaymiz.

Masalan, u bir qatir qizlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘mak berdi. Robiyabonu Orifjonovaga subsidiya asosida “Fast food” tayyorlash uchun toster, mikroto‘lqinli pech, muzlatgich olib berilga. Hozir tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va 2 ta ish o‘rni yaratgan.

Umida Shermatova ham subsidiya asosida tikuv mashinasi, overlog, dazmol olib, uyida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Kamola hech bir ishga shunchaki yondashishni xohlamaydi. Har bir tadbir va loyihaning natijadorligi, samaradorligi, yosh avlod tarbiyasiga foydasi haqida qayg‘uradi.

– Asosiy maqsadlarimdan biri – jamiyatimizda ayol-qizlarga e’tiborsizlik, hurmatsizlik va zo‘ravonlik holatlari sodir etilishining oldini olish, – deydi “Yangi Sergili” mahallasi yoshlar yetakchisi Kamola Oʻtanova. – Ota-onalarning o‘z qizlariga e’tiborsizligi tufayli qizlarda yolg‘izlanib qolish, stressga tushish, virtual hayotga berilish, mehrni ko‘chadan izlash holatlari kuzatilmoqda. Bu juda achinarli holat, albatta!

Kamola bunday holatlarning oldini olish maqsadida ayol-qizlar uchun “Chempionlar oilasi” loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha amaliyotga tatbiq etilganiga ko‘p bo‘lmadi, biroq birinchi mavsum kutilgan natijani berdi. Voleybol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda mahalla qizlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Toshkent shahar bosqichidagi o‘yinlari orqali mutaxassislar e’tiboriga tushdi. Hozir “Yangi Sergili” mahallasi qizlaridan voleybol jamoasi tuzilib, tajribali murabbiy jalb etilgan. Bu orqali mahalla ayol-qizlarining asosiy vaqti mashg‘ulotlarda o‘tishiga erishilmoqda. Oldindagi maqsad “Besh tashabbus olimpiadasi”ning navbatdagi mavsumida g‘oliblikni qo‘lga kiritish.

     “CHEMPIONLAR OILASI”

(yetakchi ishlab chiqqan loyiha konsepsiyasi)

Yoshlar o‘rtasida kuzatilayotgan muammolar:

1. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 12-19 yoshli yoshlar, ayniqsa, qizlar o‘rtasida depressiyaga beriluvchanlik bir necha barobarga oshgan.

2. Yoshlar orasida sodir etilgan suitsidlarning 67 foiziga ota-ona va farzandlar o‘rtasida yetarlicha muloqot yo‘qligi, yoshlar o‘zini yolg‘iz va keraksiz hisoblashi oqibatida kelib chiqqan.

3. Ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi rishtalar ham virtuallashib ketyapti, ayol-qizlarga nisbatan munosabat keskinlashgan.

Loyihaning maqsadi

1. Ota-ona va farzandlarning ijtimoiy tarmoq yoki telefon orqali muloqotini jonli hayotga qaytarish, ular o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajargan holda, oilaviy muloqoti uchun qulay sharoit va sabablarni yaratib berish.

2. Yurtimizda oilaviy sport, madaniy tanlov va musobaqalarni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ayol-qizlar uchun maxsus loyihalar ishlab chiqish.

3. Yoshlar o‘rtasidagi depressiya va suitsid holatlariga qarshi kurashish va bunday salbiy illatlarning oldini olish.

4. “Besh tashabbus olimpiadasi”ga yangi yosh toifasi 12-16 yoshlilar o‘rtasida “Bilimdon oila” va “Voleybolchi oila” musobaqalarini ham qo‘shish (yoshlar yetakchisi o‘z mahallasida ushbu musobaqa targ‘ibotini amalga oshirib, mahalla bosqichini tashkil etishi belgilangan).

Loyiha davomiyligi va ommalashtirish yo‘li

Loyihani respublika miqyosida targ‘ib qilishda eng katta minbar – “Besh tashabbus olimpiadasi”. Shunga ko‘ra, loyiha davomiyligi olimpiadadan kelib chiqqan holda bir kalendar yilida ikki marotaba tashkil etilishi rejalashtirilgan.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini mavjud. Endi har bir mahallada ota va o‘g‘il, ona va qiz yoki ota-ona o‘z farzandlari bilan bir jamoa bo‘lib ushbu intellektual o‘yinda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida voleybol sport o‘yini mavjud. Endi mahallada ona va qiz farzandlar bir jamoa bo‘lib ishtirok etishi mumkin. Bunda har bir mahalladan 3 ta oila ona-qizlar bir jamoa bo‘lib ishtirok etishlari belgilangan.

Loyihadan kutilayotgan natija

1. Oilaviy sport va intellektual o‘yinlarni ommalashtirish.

2. Yoshlarning bo‘sh vaqtini o‘z oilasi bilan tashkil etish, yutuqlarini oilaviy baham ko‘rishga odatlantirish. Ota-onalarning farzandlari uchun vaqt ajratishini ta’minlash.

3. Loyihani respublika miqyosida ommalashib, har bir oila intiqib kutadigan musobaqaga aylanishi.

4. Virtual tarmoqlarning salbiy ta’sirini kamaytirish.

Xulosa

Bizning maqsadimiz jamiyatimizdagi ijtimoiy muammolarni yechishda sodda, ommabop usullardan foydalanish, yoshlar muammolari, oilaviy nizolarni kamaytirish, ota-ona va farzandlar munosabatlarini mustahkamlash. Ayniqsa, nozik hilqat sohiblari – ayollar bilan bog‘liq muammolarning oldini olish.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish