Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

QABUL JARAYONIDA QANDAY O‘ZGARISHLAR BOR?

18.6.2022 10100

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

2022/2023-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilish 20-iyundan boshlanadi. Bu yilgi qabul jarayonlarida ham yangiliklar talaygina. O‘qishni ko‘chirish faqat ikki holatda mumkin, bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakliga hujjat topshirish imkoniyati bor. Endi magistraturada xorijiy tillarni bilish sertifikati majburiy, qo‘shimcha imtihonlar bo‘lmaydi.
Kutilayotgan yana bir nechta o‘zgarish va yangiliklarni Prezidentimizning 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda “2022/2023-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi farmoyishlardan bilib olish mumkin.
XOTIN-QIZLARGA IMTIYOZ
Bu yil oliy ma’lumoti bo‘lmagan 2000 nafar xotin-qizlarda oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli kirish imkoni bo‘ladi. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotinqizlar uchun 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab
bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta
davlat granti ajratiladi. Bunda yuqoridagi ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq, tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi.
BARCHA TA’LIM SHAKLINI TANLASH MUMKIN
Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali har yili 20-iyundan 20-iyulga qadar (20-iyul
kuni ham), chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 10-iyulga qadar (10-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.
Endilikda abituriyentlar test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy ta’lim shakllarini ham tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qarorga asosan, 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim
yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi. Shuningdek, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab OTMga o‘qishga qabul qilishnin davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi.
IKKI HOLATDA KO‘CHIRISH MUMKIN
Bir davlat oliy ta’lim muassasidan boshqa biriga o‘qishni ko‘chirish uchun faqat 2 ta vaziyatda ruxsat beriladi: talaba oila qursa va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga ko‘chmoqchi bo‘lsa; davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chsa va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lsa (ishga kirgan vazirlik xati asosida).
Xorijdan o‘qishni ko‘chirishda esa o‘tgan yilgi tartib saqlanib qolgan:
1) talaba mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi hamda undan o‘tish balini to‘plash talab etiladi;
2) o‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi;
Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
MAGISTRATURA BO‘YICHA O‘ZGARISHLAR?
Bundan buyon magistraturaga qabul bir yilda ikki marta — avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda avgust oyidagi qabul – navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi kvotalar uchun, yanvar oyidagi qabul – yozda to‘lmay qolgan o‘rinlar hamda Davlat qabul komissiyasi tasdiqlagan kontrakt asosidagi qo‘shimcha kvotalar uchun bo‘ladi.
Joriy yildan boshlab magistraturaga qabulda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi. Faqat abituriyentning bakalavriat diplom
bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy til sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Boshqa qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.
IMTIYOZGA EGA BO‘LGANLAR UCHUN ALOHIDA “KVOTA”
Qolaversa, endilikda oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lganlar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi (ilgari imtiyozga ega ayrim abituriyentlar umumiy kvota doirasida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinar va mavjud grant o‘rinlarini band qilishar
edi). Shuningdek, yurtimizdagi xorijiy va nodavlat OTMlarga davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1 000 ta o‘rin ajratib boriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish