Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

PARVOZ

23.8.2023 2696

IMKON

Shahrizoda QODIROVA – Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi “Imkon” yo‘nalishi sardori. YUTUQLARI: 2015-yil “Eng faol “Kamalak” a’zosi; 2019-yil “Eng namunali sardorlar Kengashi” respublika tanlovida 2-o‘rin; 2020-yil Qashqadaryo viloyati “Kamalak” sardori; 2020-yil I Respublika sardorlar forumi faol ishtirokchisi; 2021-yil Qashqadaryo viloyati ta’lim yo‘nalishi sardori; 2022-yil Qashqadaryo viloyati ekologiya yo‘nalishi sardori.

1.8.2023 3850

Chet elga borish hayotimiz uchun foydali (mi?)

Umrida chet elga borishni orzu qilmagan inson bo’lmasa kerak. Birimiz o’qish, birimiz ishlash, yana boshqa birimiz sayohat qilish uchun hayolimizda qaysidir bitta, hatto bir nechta chet davlatni rejalashtirib qo’yganimiz aniq..Hatto oramizda Amerika orzusida “Green card” o’ynab ko’rganlar ham bo’lsa ajab emas.Bundan tashqari, tengdoshlarimiz orasida  shu kunlarda turk tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatni qo’lga kiritib, Turkiyaga ketayotganlar ham ko’paymoqda.  Bir necha kun avval do’stlar bilan shu mavzu haqida gaplashib qoldik. Kimdir o’qishning magistratura bosqichini boshqa davlatda o’qishini, kimdir ishlash uchun ketishini, kimdir sayohat uchun bir bor bo’lsada, chet davlatga chiqishini aytib mavzuni qizitdi.Hatto, oramizda  qaytib kelmaslikni o’ylaganlar ham bor. Biroq, bir do’stimizning farqli, ko’pchilik kutmagan fikri barchamizni hayron qoldirdi: “Men shu yoshga kirib, birorta chet davlatga borishni o’ylamagan ekanman. Menga shu yer poytaxt-Toshkent yoqadi.  “Baribir “O’z uying o’lan to’shaging”,  bundan tashqari, “Toshkentning nonini yegan chunchuq, Makkadan ham qaytib keladi” degan naqllar bor” - dedi.   Bugun shu mavzu doirasida 8 yil mobaynida Turkiyada yashab, oliy ta’limning bakalavr va magistr  bosqichlarini tamomlab, O’zbekistonga qaytgan yurtdoshimiz Zebo Fazliddinova bilan suhbatlashdik.   -Avvalo, Turkiyaga ketish tarixingiz haqida gapirib bersangiz. Bu qanday bo’lgan?  -Turkiyaga ketishimga, avvalo,hali hamon Turkiyada yashayotgan opam sababchi bo’lganlar. Chunki ular o’sha paytda u yerda o’qir edilar va birga o’qishimizni xohlaganlar.Albatta, o’zim ham xohlaganman (kulib). So’ngra bakalavrni ham Turkiyada o’qishga qaror qilib, 2014-yil oktabr oyida ketganman.O’sha paytda 17 yoki 18 yoshda edim.Shu paytgacha hech qayerga chiqmagan qiz boshqa bir davlatga bir o’zim ketganman. Turkiyaga borganimda, samolyotdan tushishim bilan dengiz havosi bilan yuzlashganman.Istanbul havosi judayam toza edi. Va Turkiyaga ketishim birdaniga aniq bo’lib qolganligi uchun avvaldan qaysi yo’nalishda o’qishni reja qilmagan edim. U yerga borib universitetlarga hujjat topshirayotganimda, turkologiya( turk tili) yo’nalishini tanladim. - Turkiyaga borganingizda qanday qiyinchiliklar bo’lgan? - Qiyinchilik deyarli o’lmagan. Chunki yuqorida aytganimdek, opam bilan yashaganman.Turar joy izlab, sarson bo’lmaganman. Til bo’yicha ham qiynalmaganman,chunki Turkiyada universitetga kirishdan avval turk tilini bilish majburiy bo’lgan.Bilmaganlar, qo’shimcha darsga borishardi.Men ham qo’shimcha darsda 5 oy o’qib, keyin o’qishga kirganman. -Sizningcha,Turkiyaga nima uchun borgan ma’qul:o’qish uchunmi, ishlash yoki sayohat uchun? -Turkiyaga o’qish, ishlash, sayohat qilish – hammasi uchun borish kerak.Lekin, agar sizning yoshingiz o’qish uchun yetarli, ya’ni talaba yoshida bo’lsangiz, birinchi o’rinda o’qigani borgan ma’qul.Chunki chet ellik bo’lsangiz ham talabalarga Turkiyaning barcha viloyatlarida imkoniyatlar qilib beriladi.Turk vatandoshlariga qanday imkoniyatlar berilsa, chet elliklarga ham shunday afzalliklar yaratib beriladi.Har xil yordamlar berishadi, grandlar ajratishadi. Endi ishlash uchun borish kerakmi? Ha, ishlash uchun ham ketish kerak, albatta, ishlashga layoqatli bo’lsangiz.Misol uchun, Turkiyada tikuvchilik fabrikalari, tibbiyotda juda ish ko’p. Chunki bu sohalar rivojlangan deyishimiz mumkin. Sayohat qilish uchun…Siz biror chet davlatga chiqmoqchisiz va qayerga borishni o’ylab boshingiz qotayotgan bo’lsa, Turkiyaga borishni maslahat qilardim.Sababi, bu davlat madaniyat jihatdan ham yaqin, ham ko’rmagan jihatlarimiz ham bor. Ya’ni ham yevropacha, ham sharqona madaniyati bor. Masalan, Istanbulni o’zida, yana Bursada ham tarixiy, ham o’yin-kulgu uchun, ham turizm tomonlama ajoyib joylari bor.Agar sayohat uchun dengizli joylarni istasangiz, Turkiyada Mug’la viloyati bor, u yerda Marmaris, Bodrum va juda ko’p dam olish maskanlari bor.Moliyaviy taraflama ham bu davlatga sayohat qilish juda qulay bo’lib qoldi.Hozir o’rtacha besh yuz-olti yuz dollarga bemalol sayohat qilib, dam olib kelish mumkin. -Turkiyaning yaxshi va yomon  taraflari nima deb o’ylaysiz? -Turkiyaning yaxshi taraflari…Birinchi o’rinda,ularning  insoniyligini yaxshi ko’raman.Yordam berishni juda yaxshi ko’rishadi, bizga o’xshab yordamsevar xalq.Keyin ularda diniy e’tiqod kuchli, misol uchun men necha marta viloyat almashtirgan bo’lsam, uyim doim masjidning oldida bo’lardi.Bu men atayin masjid oldidan uy olardim degani emas,shunchaki masjidlari juda ko’p. Yomon taraf bu men javob berishga juda qiynaladigan savol.Chunki Turkiyaning hech yomon taraflarini ko’rmadim.Turkiyada ekanligimda televidenyaga intervyularga borar edik,              ular : “Mana faloncha paytdan beri Turkiyada ekansan, senga bu yerni nimasi yoqmadi”- deb so’rayverishardi.Yo’q rostdan bilmayman, chunki men u yerda hech yomonlik ko’rmadim. To’g’ri, u yerdagi  ba’zi bir jihatlar  bizning mentalitetga to’g’ri kelmaydi, lekin bu har kimning o’ziga bog’liq.   Nima deb o’ylaysiz, o’zi chet davlatga chiqish qanchalik muhim hayotimizda?  -Albatta, kerak. Misol uchun, siz chet el haqida kino ko’rishingiz, kitob o’qishingiz, hamma fikrga ega bo’lishingiz mumkin. Lekin borib ko’rmagansiz.Bu nima degani, men sizga sariq rangni bu sariq, har taraflama sariq deyishim mumkin, siz sariqligini o’qigan bo’lishingiz mumkin, lekin o’z ko’zingiz bilan ko’rmagansiz. Aytmoqchi bo’lganim, imkoniyatingiz bo’ladigan bo’lsa, qayer bo’lishida qat’iy nazar chet davlatga chiqing.Siz o’sha yerga borib qaytib kelganingizdan keyin hozirgi o’zingiz bo’lmaysiz.Sizning dunyoqarashingiz, fikrlashingiz o’zgaradi.Hayotning chegaralardan iborat emas, asli juda kengligini ko’rasiz. Davlatlarni almashtirib turish, insonga baribir foydali bo’ladi deb o’ylayman. -Turkiyadan o’zingiz yaxshi deb bilgan qaysi jihatlarni o’rgandingiz va hozir shularni qay birini hayotingizda qo’llayapsiz? -Millatsevarlikni…Ular o'z mamlakatlarini juda yaxshi ko'rishadi. Turkiyada bu narsa juda e’tiborimni tortgan.Masalan, ularda davlat bayrog’ini hamma joyida ko’rishimiz mumkin: xoh hukumatga qarashli binolar bo’lsin, xoh dam olish maskanlari.Hatto har bitta uylarda ham bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, turklar tarixda O’rta Osiyodagi ko’p davlatlarni Rossiya bosib olgandan keyin ular o’z tilini yo’qotgan, deb o’ylashadi..Turklar bunga qarshi qattiq kurashishadi. Ya’ni, ular boshqa davlatdan kelgan odamga ham avvalo turk tilida gapirishadi. O’z tillarini millatlarini juda sevishadi. Men ham O’zbekistonda ekanman, ruscha gapirgan odamga hech qachon rus tilida javob qaytarmayman.Bilasiz, bizda ruscha so’zlashishlar judayam ko’p. Men ham bularga qarshi vatanparvarlikni o’rganib, shuni hayotimda qo’llayapman. Bundan tashqari, hozir O’zbekistonda OTM da o’qituvchilik qilar ekanman, Turkiyadagi ta’lim tizimini qo’llashga harakat qilaman.Ya’ni talabalarimga biror sababi bo’lib kelmagani uchun, imtihon natijalariga “3” qo’yib, “4” qo’yib o’tkazib yubora olmayman.Necha baho olishsa shu. Mening bu harakatlarim millatimiz uchun bir qadam bo’ladi deb o’ylayman.   -Turkiyaga bormoqchi bo’lganlarga qanday tavsiyalaringiz bor? - Qizlar uchun kechqurun tor, oraliq ko’chalaridan yurmaslikni tavsiya qilardim.Bu nafaqat Turkiya, balki boshqa davlatlarga ham taalluqli.Bundan tashqari Istanbulning  ma’lum tahlikali hududlari bor.Ularni oldindan bilib olishingizni va imkon qadar o’sha yerlarga bormaslikni so’ragan bo’lardim. Yana Turkiyaga borishdan avval o’zingiz uchun xarita qilib olishingizni maslahat berardim..Masalan, Istanbuldagi bir hududga bormoqchi bo’lsangiz, uning yonidagi yana bir joyga kirish imkoningiz bo’lishi mumkin.Buning uchun siz qayerda nima borligini bilishingiz kerak.Shunda oson aylana olasiz.  

17.7.2023 4048

“Kelajak liderlari” klubi yoshlarga shijoat bag‘ishlamoqda

Yurtimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, barcha sohalarda o‘z iqtidori hamda salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni muhim dasturilamal bo‘layotir. Jumladan, mazkur hujjat asosida “Kelajak liderlari” klubi tuzilib, faoliyat yurityapti. Klub faoliyati faol, tashabbuskor, kreativ va teran fikrlaydigan, mustaqil fikr va dunyoqarashga ega iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish, davlat fuqarolik xizmatining jozibadorligini oshirish, ularda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, o‘qitish, malakasini oshirish, shuningdek, yosh iqtidorli kadrlarni seleksiya qilish, klub a’zolarini istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etishga qaratilgan.   Klub a’zolari “Bilimimiz, iqtidorimiz, kuchimiz va tashabbuslarimiz Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida o‘z bilimi, boshqaruv mahorati, malaka va ko‘nikmalarini oshirib borish bilan birga amaliy tashabbuslar bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z hissasini qo‘shmoqda.   Navoiy viloyatida o‘tgan ikki yil mobaynida klubning 14 nafar a’zolari mansab pog‘onalaridan yuqorilagan bo‘lsa, ikki nafari “Hokim yordamchisi” lavozimida ish olib bormoqda. 1 nafar klub a’zosi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Klub tashkil etilganidan buyon a’zolarning boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida turli mavzularda mahorat darslari, seminar va treninglar tashkil etildi.   Bugungi kunga qadar klub a’zolari bilan birgalikda “Lider kitobxon”, “Zakovat”, “Liderlar minbari”, “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar”, “Har kuni bir kitob”, “Liderlar sport bilan hamnafas”, “Bugungi kun lideri” va boshqa o‘nlab loyihalar amalga oshirildi.   Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida istiqbolli yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus intensiv malaka oshirish dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dasturning joriy yilgi 4 mavsumi mamlakatimizning 14 hududida turli lavozimlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan 59 nafar tinglovchilarni birlashtirdi. Ular orasida Navoiy viloyatidan 4 nafar yosh mutaxassis borligi quvonarli hol, albatta. Ushbu dastur davomida biz liderlik, jamoani shakllantirish, taym-menejment, loyiha boshqaruvi, strategik tahlil, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi sohalarda akademiyaning yetakchi professor-o‘qituvchilaridan saboq oldik. Olgan nazariy bilimlarimizni vazirlik va idoralarda bo‘lgan dublyorlik faoliyatimiz hamda stajirovkalarda mustahkamlash imkoniyati yaratib berildi.   Maxsus o‘quv kursida olgan bilimlarim orqali nafaqat o‘zimni rivojlantirdim, qo‘shimcha tarzda faoliyat yuritayotgan mahallam yoshlariga yetkazdim. Mazkur malaka oshirish o‘quv kursi, qolaversa, o‘zimdagi ayrim kamchiliklarimni to‘g‘rilashga, bilim va ko‘nikmalarimni yanada rivojlantirishga imkon berdi. Dastur istiqbolli yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga va ularni bugun davlat xizmatida mavjud tizimli muammolarni aniqlash hamda bartaraf eta olish, strategik fikrlash, imkoniyatlarni tahlil qila olish salohiyatiga ega kadrlar sifatida tayyorlashda juda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.   Klub a’zolarining Davlat boshqaruv akademiyasida “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturida o‘qitilishi, yosh istiqbolli kadrlar sifatida rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olinishi, yuqori darajadagi davlat tadbirlarida ishtirok etishi, shuningdek, davlat mukofotlariga tavsiya etilishi biz, yoshlarga yanada g‘ayrat-shijoat bag‘ishlamoqda. Yaqinda davlatimiz rahbarining Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigida yoshlarga qarata “Albatta, biz aziz farzandlarimizning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirib, ularni yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqamiz. Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir”, degan so‘zlari biz – yoshlarga kuch-quvvat, ishonch bag‘ishlab, katta mas’uliyat yuklaydi.   Ishonamanki, dastur davomida olingan bilim va ko‘nikmalar biz yoshlarga Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda o‘zimizning shijoatimiz, bilim va kuch-g‘ayratimizni fidokorona mehnatimiz bilan safarbar etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Yurtboshimizning doimiy g‘amxo‘rligi va yaratib berayotgan sharoitlaridan unumli foydalangan holda, jonajon yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida bor kuch va g‘ayratimizni sarflayveramiz.  

10.7.2023 4208

Munosib nomzod

Xudoyberdiyev Shahzod Farxodovich – Yoshlar ishlari agentligi Shoʻrchi tuman boʻlim boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar Shahzod Xudoyberdiyev Shoʻrchi tumanidagi “Navroʻz” mahallasi yoshlar yetakchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Shahzod mehnat faoliyatini juda erta boshlagan boʻlib u 20 yoshida Oʻzbekistondagi eng yosh savdo-sanoat palatasi rahbari, 22 yoshida eng yosh mahalla fuqarolar yigʻini raisi, 23 yoshida Xalq deputati boʻlgan. Yoshlar yetakchisi etib tayinlanganiga qadar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Shoʻrchi tuman kengashi raisi sifatida faoliyat yuritgan. Bugunga qadar u: 2022-yil “Fidoyi yoshlar yetakchisi” koʻrik tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichida 1-oʻrinni egallagan 2022-yil “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” koʻrik tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichida 1-oʻrinni egallagan 2022-yil 11/13- dekabr kunlari Qozogʻistonning Ostona shahrida boʻlib oʻtgan I-Qozogʻiston va Oʻzbekiston Yoshlari Kongressida faol ishtirok etgan va Xalqaro Sertifikat bilan taqdirlangan.

10.7.2023 4379

NURLI KELAJAKKA KO‘Z TIKIB

Qiz bola dunyoga kelar ekan, yelkasida ulkan bir mas’uliyat turadi. Oila sha’ni, ota-ona nomusi, aka-uka g‘ururi. Shu sabab ham xalqimizda: “Qiz bola palahmon toshi, borgan joyida tosh qotsin”, – degan maqol urfga aylangan. Biz odatda qizlarimizni mana shu jihatdan tayyorlab boramiz. Ular faqatgina oila qurishi, farzand tarbiyalashi kerak bo‘lgan qarashlar singdirilgan holda kamol topadi. Biroq bu qarashlarni unutmagan holda kelajagi va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun harakat qilayotgan qizlarimiz borligi bizning yutug‘imiz desam mubolag‘a bo‘lmaydi.Gulhayo Ravshanova deganda viloyatimizning ko‘pchilik yoshlari havas bilan boqadigan, kattalar uni kamtarligi uchun ardoqlaydigan vatanparvar inson namoyon bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida ota-onasi uchun jonkuyar farzand, qaynota-qaynonasi uchun suyukli kelin, turmush o‘rtog‘i uchun vafoli rafiqa, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida mas’uliyatli xodim, Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari kabi fidokorlikni kichik bir jussasida ko‘tarib yurishning o‘zi katta jasorat. Vaqti kelsa yigitlardan-da o‘tadigan g‘ayrat-shijoatini ko‘rib hayratda qolsam, odamiyligi, samimiyligi, jonkuyarligini ko‘rib har bir onaning qizi, har bir qaynonaning kelini xuddi uningdek bo‘lsa oilalarda baxt, quvonch arimasdi deb o‘ylayman. Bugun “Kelajak bunyodkori” medalini ko‘ksida g‘urur iftixor ila taqib yurgan Gulhayo bu kunlarga yetib kelguniga qadar qanchadan qancha mashaqqatlarni boshidan kechirmadi, ne-ne sinovlarda toblanmadi. Shunda ham u hech qachon taslim bo‘lmadi. Dastlab o‘qish uchun tayyorlandi, mag‘lubiyatni ham his qildi. Qayta va qayta harakatlari natijasida talaba ham bo‘ldi. Tahsil olgan dargohida eng namunali talaba bo‘la oldi. Bir vaqtning o‘zida ham ishlab, ham o‘qish oson bo‘lmasa-da u buni uddaladi. Nurota chashmasining zilol suvlaridan ichib ulg‘aygan Gulhayoning tomirlarida vatanparvarlik, rostgo‘ylik, adolat tuyg‘ulari jo‘sh urayotganini uning olib borayotgan loyihalarida, amaliy ishlarida yoqqol ko‘rish mumkin. U olis hududlardagi xotin-qizlar orzu-o‘ylari bilan yashaydi. Ularning kelajagi, ertasi uchun harakat qilib o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urishi ham rost.U dastlab Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi huzuridagi “Qizlar ovozi” loyihasi koordinatoribo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Turli loyiha va takliflari bo‘lgan qizlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, turli sabablar bilan yo‘lini topolmay, manzilidan adashgan qizlarga o‘zining oqilona maslahatlarini berib to‘g‘ri yo‘lga solgani, bugun ular esa jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topayotgani ham, ayni haqiqat. Uning bu mehnatsevarligi bizning fayzli dargohimizga yetaklab keldi. Qaryib 3 yillik faoliyati davomida u olis qishloq va ovullardan tortib shahar markazida yashab kelayotgan ijtimoiy-himoyaga muhtoj bo‘lgan ayollarga, tazyiq va zo‘rovonlik qurboni bo‘lgan qizlarga kasb-hunar hamda tadbirkorlikni mukammal o‘rganishiga ko‘makdosh bo‘lib kelayotgani esa, yurtimizdagi shijoatli qizlarning safi davomli ekanligidan dalolat beradi. Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillari hayotga dadil kirib kelmoqda. Gulhayo ham ular safida. Ishonamanki, u ham Vatanimizning ertangi kunini belgilab beradigan yetuk kadr bo‘lib, yurtimiz taraqqiyoti rivojida o‘zining beminnat hissasini qo‘shadi. 

5.7.2023 4403

DILDA FAXR TUYG'USI

– Men erishgan har bir yutuq bu – qoraqalpoq yoshlariga berilayotgan imkoniyatlarning belgisidir. Bu imkoniyatlardan foydalanish, katta marralarni zabt etish va xalq duosini olish kerak, xolos. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi menga katta ishonch bildirib, “Sendan va sen yetakchilik qilayotgan mahalladan umidimiz katta”, deya menga “Umit ishqını” koʻkrak nishonini taqqan edilar. 21 yoshimda esa Prezident sovgʻasi – “Cobalt” avtomobiliga ega boʻldim. Bu yil meni “Kelajak bunyodkori” medaliga loyiq topishdi. Bu – BAXT. Ana shu baxt hamma tengdoshimga nasib etsin. Har kuni xalq duosida boʻlish va bor kuchimni “Rahmat, qizim, joning omon boʻlsin” degan soʻzlar uchun ishlatish oliy maqsadimga aylangan!

5.7.2023 4453

Kelajak bunyodkorlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 38 nafar iste’dodli, bilimli va ishbilarmon yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Ular orasida Yoshlar ishlari agentligining “Qizlar ovozi” klubi rahbari Marjona Jo‘raqulova ham bor. Qahramonimiz Respublika “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori, “Yil talabasi – 2022” sovrindori, BMT Yoshlar Maslahat Kengashi vakili, xotin-qizlarni ta’limga yo‘naltiruvchi “Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” loyihasi asoschisi, Shahrisabz davlat pedagogika instituti rektorining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida qator yutuqlarga erishib kelmoqda.   Marjona JO‘RAQULOVA, Yoshlar ishlari agentligining “Qizlar ovozi” klubi rahbari: – Prezidentimizning farmoni bilan “Kelajak bunyodkori” medalini qabul qilib oldim. Va chuqur angladimki, Vatan hech qachon unutmaydi, ota-onam va ustozlarim duosi va kichik mehnatlarimiz munosib e’tirof etiladi. Tinimsiz o‘z ustimda ishlashga, xalqimizga munosib farzand bo‘lishga va tengdoshlarim hayotidagi muammolarga tizimli yechim izlashga salohiyatimni safarbar etaman!

20.8.2022 6408

NOZIMJON O‘NGA YAQIN YOSHNI ISHLI QILDI

“Yoshlar ovozi – yoshlar bilan!” loyihasi doirasidagi bu galgi safar Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Sho‘rqaqir” mahallasiga bo‘ldi. Bu yerda tadbirkorligi, mehnati orqasidan oilasi va mahallasiga hissa qo‘shib kelayotgan yoshlar talaygina. Shulardan biri – Nozimjon Abdullayev. 18 yoshli qahramonimiz mahallasida o‘nga yaqin yoshni ish bilan taʼminlagan. U “Yoshlar daftari” ko‘magida shunga erishdi. – Men ham ishsiz edim. “Bekorchidan xudo bezor”, deganlaridek bunga yechim toppish maqsadida mahalladagi yoshlar yetakchisi Saidaʼzim Saidahmedovga uchrashdim, – deydi Nozimjon Abdullayev. – Kredit olib, o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yish niyatida edim. Murojaatimga asosan menga 33 million so‘m kredit ajratib berildi. Mahallam va oilamdagilarning qo‘llab-quvvatlashi bilan “shlakoblok” hamda “penoblok” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Mahallamdagi ishsiz tengdoshlarimni ham ish bilan taʼminlashga harakat qilyapman. Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlardan xalqimiz yaxshi niyat bilan uy qurmoqda. Odamlarning yaxshi kuniga xizmat qilish katta baxt. Bir kunda 800 ta shlakoblok, 500 ta penoblok ishlab chiqaramiz. Kundalik chiqim va ish haqidan tashqari, kunlik sof daromadimiz 2 millionga yaqin bo‘ladi. Ish boshlaganimga 6 oycha bo‘ldi. Ozmi-ko‘pmi xaridorlar to‘pladik. Mahalladoshlar arzon va sifatli qurilish mollarini olayotganidan mamnun. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirib, ishlab chiqarishni ikki baravarga oshirmoqchiman. Ishonch bilan ayta olamanki, bu yurtda mehnat qilgan inson rohatini ko‘radi! Sho‘rqaqirlik yoshlar shunday intiluvchan. Ularning ko‘zidagi ishonch va qalbidagi olovni ko‘rib, “Mehnatkash xalqning bolasi ham mehnatkash bo‘ladi-da”, deging keladi, beixtiyor. Biz safarimizni yakunlamadik. Endigi manzilimiz siz tomon bo‘lsa, ne ajab!  

15.8.2022 6447

ARAVAKASHLIKDAN “KELAJAK BUNYODKORI”GACHA

Baxt sizning qanday uy-joyda yashashingiz, mashinangiz bilan bel­gilanmaydi, aksincha, qalbingizga quvonch keltiradigan sohada faoli­yat yuritishingiz baxtdir. Bugun shunday ta­fakkur bilan o‘z teng­doshlaridan bir qadam oldinda bo­rayotgan 26 yoshli qahromonimiz Umidjon Ortiqov axborot texnologiyalari yo‘nalishi­da tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. U eshitishi va gapirishida nuqsoni bor yoshlarga IT o‘rgatishga ixtisoslashgan “Kalibri education” o‘quv markazi rahbari. “Kelajak bunyodkori” medali sohibi. – IT bu – kelajakka qo‘yilgan poydevor. Shu bois men ham ax­borot texnologiyalari sohasini mukammal egallashga harakat qildim, dasturlash tilini o‘rganishga kirishdim, – deydi Umidjon Ortiqov. – Biroq noutbukim bo‘lmagani sa­bab barcha kodlarni daftarimga yozib o‘rganishga harakat qilardim. Lekin kompyuter bo‘lmagandan keyin buning natijasini ham ko‘rol­maysiz. Tez orada onam va ukam pul jamg‘arib, menga kompyuter sovg‘a qilishdi. Bu men uchun juda katta imkoniyat, parvoz qilishimga qanot bo‘ldi. Kelajagimni IT sohasi bilan bog‘lash uchun dastlab Tosh­kent davlat sharqshunoslik univer­siteti akademik litseyida informati­ka o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Dars­dan tashqari IT sohasini davom ettirib, buyurtmalar olib, tadbirkor­lar bilan hamkorlikda ishladim. Tez fursatlarda fleranserlik yo‘nalishida ham o‘zimni sinay boshladim. Bepul to‘garaklar ochib, yoshlarni jalb et­dim. Talablar ortgach, repetitorlikni yo‘lga qo‘ydim. Web-sayt, dizayn sohalarida tajriba orttirdim. Keyin­chalik jamoa yig‘ib, tengdoshlarim bilan yangi g‘oyalar ustida ishlay boshladim. Umidjon 2021-yili davlatimiz rahbarining Yunusobod tumaniga tashrifida eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan yoshlarga grafik dizaynerlikni o‘rgatish loyihasini taqdim etgan. Prezidentimiz bu loyihani iliq qarshi olgach, Umidjon yangi marralar sari dadil qa­dam tashladi. Natijada Yoshlar ishlari agentligi Yunusobod tuman bo‘limi ko‘magida IT kompaniya­si va eshitishi hamda gapirishida nuqsoni bor, shuningdek, boshqa yoshlarga ITni o‘rgatishga ixtisoslashgan “Kalibri education” o‘quv markazini yo‘lga qo‘ydi. – Imkoniyati cheklangan yosh­lardan biz pul olmaymiz. Chunki o‘zim ham otasiz katta bo‘lganim sabab ustozim bepul darslar o‘tgan, endi men ham yaxshiliklar, ezguliklar ulashib, ustozlarimning fidoyiligini oqlashim darkor. Bugun o‘quv markazimizda respublika­mizning turli hududlaridan, hatto qo‘shni davlatlardan ham yoshlar kelib tahsil olmoqda. Bu esa men­ga g‘urur bag‘ishlaydi. IT daromadli soha, biroq ham­ma ham buni davom ettirib ke­tolmaydi. Sababi soha juda katta sabr va bilim talab qiladi. Buning uchun siz bir paytda matematika, ingliz tili va fikrlashni yax­shi bilishingiz lozim. Bizning IT jamoamizda SMM mutaxas­sisi, Web-dastur­lash, mobil dastur­lash, telegram botlar bilan ishlash shakllan­gan. Bugungi kunda 500 mil­liondan ortiq foydalanuvchilariga ega bo‘lgan telegram internet ichi­dagi internet hisoblanib, bundan foydalanishda O‘zbekiston Eron­dan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Bu degani yurtimizda telegram orqali bajariladigan sohalar ko‘p. Shunday ekan, yoshlar bemalol bu borada o‘zla­rini sinab ko‘rishi, chuqur bilim egallashi, kelajagiga poydevor qo‘yishi mumkin. Umidjonning aytishicha, IT so­hasidagi odam doimiy izlanish­da bo‘lishi kerak. Agar u bir soniya to‘xtagudek bo‘lsa, yangiliklardan bexabar qoladi. Chunki yangi algo­ritmlar, yangi dasturlar soat sayin o‘zgarib bormoqda. Bu sohani mukammal egallab 5–10 million so‘m daromad topadigan xodimlari bor. Maoshlar ularning ish tajribasi va mehnatiga qar­ab belgilanadi. – Mak­tabda o‘qib yurgan kezlarimda bozorda non sotib, arava ham tortardim. Kechasi uyga kelib, kitob o‘qirdik. Dadam rahmatli aytar edi: “O‘g‘lim, sen faqat o‘qigin, pulni o‘ylama. O‘qisang pulning o‘zi keladi”. Bu nechog‘lik haqiqat ekanini mana bugun anglab yetmoqdaman. Bozorda ishlab yurgan kezlarim sinfdoshlar­im yangi kiyimlar olib, aylanib yurganini ko‘rsam, yuragim­da bir narsa jiz etardi. Ayniqsa, otam vafotidan keyin bu og‘riq yanada kuchaydi… Bir gap borku: “Orolni egallamoqchi bo‘lsang, kemalarni yoqib yubor. Chun­ki qaytish imkoning bo‘lmaydi va uni zabt etasan”. Bizda ham shunday edi. Faqat oldinga qa­rab intilish lozim. Arava tortib yurganimda ustimdan kulgan­lar ham bo‘lgan. Biroq tinimsiz mehnatim va onamning har doim: “O‘zbekistonda mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmagan”, deya aytgan gaplari sabab bugun natijalarga erish­dik. Intildik, ishondik. Orzularimiz maqsadga aylandi. Umidjon 2021-yilda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdir­landi. Uning hayotdagi shiori: “Hammasi yaxshilikka, faqat olg‘a yurish, maqsadlarga erishish”.

7.8.2022 6499

2 MINGTA ISH O‘RNI YARATAMAN

Inson hayotda muayyan maqsadlar bilan yashaydi. Kimdir orzu-istaklariga ilm orqali erishsa, boshqasi kasb-hunari orqasidan yetishadi. Men bolalikdan hunarmandchilikka qiziqaman. Biroq tikuvchilik, zardo‘zlik, kasanachilikni o‘rganish uchun alohida vaqt sarflamaganman. Asli qo‘qonlik hunarmandlar avlodidanman. Ota-bobolarim Qo‘qon aravalarini yasashgan. Buvilarim, onalarim atlas, bo‘z kabi matolarni to‘qishardi. Bolaligim shu hunarlar ichida o‘tgan. Esimni tanibmanki, oilada hamma nima bilandir mashg‘ul. Tikuvchilikka qiziqishim bo‘lgan, ammo muntazam shug‘ullanishga sharoit bo‘lmagan. 2019-yili Zangiota tumaniga oilamiz bilan ko‘chib keldik. Hozir “Obod turmush” mahallasida yashayman. 2020-yili tadbirkorlik qilish maqsadida “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga qo‘yildim. Menga 9 million 600 ming so‘m subsidiya ajratilib, ikki dona tikuv mashinasi olib berildi. Dastlab ishimni 3 ta ishchi bilan boshladim. So‘ng ishimizni kengaytirish maqsadida yana 33 million so‘m kredit oldik. Hozir ishchilarim soni 70 nafarga yetdi. Ularning 45 foizini nogiron yoshlar tashkil qiladi. Kasanachilik yo‘nalishida ham xotin-qizlarni ishli qilyapman. Bunga ham nogiron qizlarni jalb etdim. Bundan tashqari, uyida o‘tirib ishlay oladigan qizlarning uylariga ham ish tarqataman. Ularni bo‘sh vaqtida turli buyumlar yasash bilan band qilyapman. Albatta, bu ishning rag‘bati ham bor. Misol uchun, bir mahalladoshim 87 yoshli onasi va ikki farzandi bilan yashaydi. Unga uyda ishlashi uchun sharoit yaratib berdim. Hozir uyida ishlab oyiga 4 million so‘mgacha daromad topyapti.Yoshlar ishlari agentligi hayʼatining birinchi yarim yillik yig‘ilishida shaxsan agentlik direktori Alisher Saʼdullayev bilan suhbatlashdim. Ularga hozirgi natijalar hamda kelajakdagi rejalarim haqida aytganimda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytdi. Nasib qilsa keyingi yil shu paytgacha 2 mingta ish o‘rnini yaratishga harakat qilaman. Albatta, ularning orasida nogiron yoshlar bandligini taʼminlash rejasi ham bor.