Umrida chet elga borishni orzu qilmagan inson bo’lmasa kerak. Birimiz o’qish, birimiz ishlash, yana boshqa birimiz sayohat qilish uchun hayolimizda qaysidir bitta, hatto bir nechta chet davlatni rejalashtirib qo’yganimiz aniq..Hatto oramizda Amerika orzusida “Green card” o’ynab ko’rganlar ham bo’lsa ajab emas.Bundan tashqari, tengdoshlarimiz orasida shu kunlarda turk tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatni qo’lga kiritib, Turkiyaga ketayotganlar ham ko’paymoqda.
Bir necha kun avval do’stlar bilan shu mavzu haqida gaplashib qoldik. Kimdir o’qishning magistratura bosqichini boshqa davlatda o’qishini, kimdir ishlash uchun ketishini, kimdir sayohat uchun bir bor bo’lsada, chet davlatga chiqishini aytib mavzuni qizitdi.Hatto, oramizda qaytib kelmaslikni o’ylaganlar ham bor. Biroq, bir do’stimizning farqli, ko’pchilik kutmagan fikri barchamizni hayron qoldirdi: “Men shu yoshga kirib, birorta chet davlatga borishni o’ylamagan ekanman. Menga shu yer poytaxt-Toshkent yoqadi. “Baribir “O’z uying o’lan to’shaging”, bundan tashqari, “Toshkentning nonini yegan chunchuq, Makkadan ham qaytib keladi” degan naqllar bor” - dedi.
Bugun shu mavzu doirasida 8 yil mobaynida Turkiyada yashab, oliy ta’limning bakalavr va magistr bosqichlarini tamomlab, O’zbekistonga qaytgan yurtdoshimiz Zebo Fazliddinova bilan suhbatlashdik.
-Avvalo, Turkiyaga ketish tarixingiz haqida gapirib bersangiz. Bu qanday bo’lgan?
-Turkiyaga ketishimga, avvalo,hali hamon Turkiyada yashayotgan opam sababchi bo’lganlar. Chunki ular o’sha paytda u yerda o’qir edilar va birga o’qishimizni xohlaganlar.Albatta, o’zim ham xohlaganman (kulib).
So’ngra bakalavrni ham Turkiyada o’qishga qaror qilib, 2014-yil oktabr oyida ketganman.O’sha paytda 17 yoki 18 yoshda edim.Shu paytgacha hech qayerga chiqmagan qiz boshqa bir davlatga bir o’zim ketganman. Turkiyaga borganimda, samolyotdan tushishim bilan dengiz havosi bilan yuzlashganman.Istanbul havosi judayam toza edi. Va Turkiyaga ketishim birdaniga aniq bo’lib qolganligi uchun avvaldan qaysi yo’nalishda o’qishni reja qilmagan edim. U yerga borib universitetlarga hujjat topshirayotganimda, turkologiya( turk tili) yo’nalishini tanladim.
- Turkiyaga borganingizda qanday qiyinchiliklar bo’lgan?
- Qiyinchilik deyarli o’lmagan. Chunki yuqorida aytganimdek, opam bilan yashaganman.Turar joy izlab, sarson bo’lmaganman. Til bo’yicha ham qiynalmaganman,chunki Turkiyada universitetga kirishdan avval turk tilini bilish majburiy bo’lgan.Bilmaganlar, qo’shimcha darsga borishardi.Men ham qo’shimcha darsda 5 oy o’qib, keyin o’qishga kirganman.
-Sizningcha,Turkiyaga nima uchun borgan ma’qul:o’qish uchunmi, ishlash yoki sayohat uchun?
-Turkiyaga o’qish, ishlash, sayohat qilish – hammasi uchun borish kerak.Lekin, agar sizning yoshingiz o’qish uchun yetarli, ya’ni talaba yoshida bo’lsangiz, birinchi o’rinda o’qigani borgan ma’qul.Chunki chet ellik bo’lsangiz ham talabalarga Turkiyaning barcha viloyatlarida imkoniyatlar qilib beriladi.Turk vatandoshlariga qanday imkoniyatlar berilsa, chet elliklarga ham shunday afzalliklar yaratib beriladi.Har xil yordamlar berishadi, grandlar ajratishadi.
Endi ishlash uchun borish kerakmi? Ha, ishlash uchun ham ketish kerak, albatta, ishlashga layoqatli bo’lsangiz.Misol uchun, Turkiyada tikuvchilik fabrikalari, tibbiyotda juda ish ko’p. Chunki bu sohalar rivojlangan deyishimiz mumkin.
Sayohat qilish uchun…Siz biror chet davlatga chiqmoqchisiz va qayerga borishni o’ylab boshingiz qotayotgan bo’lsa, Turkiyaga borishni maslahat qilardim.Sababi, bu davlat madaniyat jihatdan ham yaqin, ham ko’rmagan jihatlarimiz ham bor. Ya’ni ham yevropacha, ham sharqona madaniyati bor. Masalan, Istanbulni o’zida, yana Bursada ham tarixiy, ham o’yin-kulgu uchun, ham turizm tomonlama ajoyib joylari bor.Agar sayohat uchun dengizli joylarni istasangiz, Turkiyada Mug’la viloyati bor, u yerda Marmaris, Bodrum va juda ko’p dam olish maskanlari bor.Moliyaviy taraflama ham bu davlatga sayohat qilish juda qulay bo’lib qoldi.Hozir o’rtacha besh yuz-olti yuz dollarga bemalol sayohat qilib, dam olib kelish mumkin.
-Turkiyaning yaxshi va yomon taraflari nima deb o’ylaysiz?
-Turkiyaning yaxshi taraflari…Birinchi o’rinda,ularning insoniyligini yaxshi ko’raman.Yordam berishni juda yaxshi ko’rishadi, bizga o’xshab yordamsevar xalq.Keyin ularda diniy e’tiqod kuchli, misol uchun men necha marta viloyat almashtirgan bo’lsam, uyim doim masjidning oldida bo’lardi.Bu men atayin masjid oldidan uy olardim degani emas,shunchaki masjidlari juda ko’p.
Yomon taraf bu men javob berishga juda qiynaladigan savol.Chunki Turkiyaning hech yomon taraflarini ko’rmadim.Turkiyada ekanligimda televidenyaga intervyularga borar edik, ular : “Mana faloncha paytdan beri Turkiyada ekansan, senga bu yerni nimasi yoqmadi”- deb so’rayverishardi.Yo’q rostdan bilmayman, chunki men u yerda hech yomonlik ko’rmadim. To’g’ri, u yerdagi ba’zi bir jihatlar bizning mentalitetga to’g’ri kelmaydi, lekin bu har kimning o’ziga bog’liq.
Nima deb o’ylaysiz, o’zi chet davlatga chiqish qanchalik muhim hayotimizda?
-Albatta, kerak. Misol uchun, siz chet el haqida kino ko’rishingiz, kitob o’qishingiz, hamma fikrga ega bo’lishingiz mumkin. Lekin borib ko’rmagansiz.Bu nima degani, men sizga sariq rangni bu sariq, har taraflama sariq deyishim mumkin, siz sariqligini o’qigan bo’lishingiz mumkin, lekin o’z ko’zingiz bilan ko’rmagansiz. Aytmoqchi bo’lganim, imkoniyatingiz bo’ladigan bo’lsa, qayer bo’lishida qat’iy nazar chet davlatga chiqing.Siz o’sha yerga borib qaytib kelganingizdan keyin hozirgi o’zingiz bo’lmaysiz.Sizning dunyoqarashingiz, fikrlashingiz o’zgaradi.Hayotning chegaralardan iborat emas, asli juda kengligini ko’rasiz. Davlatlarni almashtirib turish, insonga baribir foydali bo’ladi deb o’ylayman.
-Turkiyadan o’zingiz yaxshi deb bilgan qaysi jihatlarni o’rgandingiz va hozir shularni qay birini hayotingizda qo’llayapsiz?
-Millatsevarlikni…Ular o'z mamlakatlarini juda yaxshi ko'rishadi. Turkiyada bu narsa juda e’tiborimni tortgan.Masalan, ularda davlat bayrog’ini hamma joyida ko’rishimiz mumkin: xoh hukumatga qarashli binolar bo’lsin, xoh dam olish maskanlari.Hatto har bitta uylarda ham bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, turklar tarixda O’rta Osiyodagi ko’p davlatlarni Rossiya bosib olgandan keyin ular o’z tilini yo’qotgan, deb o’ylashadi..Turklar bunga qarshi qattiq kurashishadi. Ya’ni, ular boshqa davlatdan kelgan odamga ham avvalo turk tilida gapirishadi. O’z tillarini millatlarini juda sevishadi. Men ham O’zbekistonda ekanman, ruscha gapirgan odamga hech qachon rus tilida javob qaytarmayman.Bilasiz, bizda ruscha so’zlashishlar judayam ko’p. Men ham bularga qarshi vatanparvarlikni o’rganib, shuni hayotimda qo’llayapman.
Bundan tashqari, hozir O’zbekistonda OTM da o’qituvchilik qilar ekanman, Turkiyadagi ta’lim tizimini qo’llashga harakat qilaman.Ya’ni talabalarimga biror sababi bo’lib kelmagani uchun, imtihon natijalariga “3” qo’yib, “4” qo’yib o’tkazib yubora olmayman.Necha baho olishsa shu. Mening bu harakatlarim millatimiz uchun bir qadam bo’ladi deb o’ylayman.
-Turkiyaga bormoqchi bo’lganlarga qanday tavsiyalaringiz bor?
- Qizlar uchun kechqurun tor, oraliq ko’chalaridan yurmaslikni tavsiya qilardim.Bu nafaqat Turkiya, balki boshqa davlatlarga ham taalluqli.Bundan tashqari Istanbulning ma’lum tahlikali hududlari bor.Ularni oldindan bilib olishingizni va imkon qadar o’sha yerlarga bormaslikni so’ragan bo’lardim.
Yana Turkiyaga borishdan avval o’zingiz uchun xarita qilib olishingizni maslahat berardim..Masalan, Istanbuldagi bir hududga bormoqchi bo’lsangiz, uning yonidagi yana bir joyga kirish imkoningiz bo’lishi mumkin.Buning uchun siz qayerda nima borligini bilishingiz kerak.Shunda oson aylana olasiz.