Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR HAYOTI

6.9.2023 1638

“RUHIM UYG‘OQ – DUNYO KEZADI” 18 yoshida yurish imkoniyatidan ayrilgan hunarmand Barno Narzullayeva haqida

Qahramonimiz Barno Narzullayeva 1991-yil 8-martda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida tug‘ilgan. Go‘dakligidanoq shifokorlar unga miya yarim falaji (ДЦП) tashxisini qo‘ygan. Garchi avvaliga hammasi yaxshidek ko‘ringan bo‘lsa-da, 6-sinfdan keyin oyoqlarida kuchsizlanish sezila boshlagan. Natijada ta’limni ham uyda davom ettirishga to‘g‘ri kelgan. 18 yoshga kelib esa butunlay yura olmay qolgan. Oiladagi sharoit tufayli maktabni bitirgach, hech qayerda ta’lim olish imkoniyati bo‘lmagan. Barno Narzullayeva bolalikdan rassomchilik va tikuvchilikka mehr qo‘ygan. Hatto maktab davrlarida xalqaro rassomchilik ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni egallagan. Bu yutuq uni o‘z ustida ishlashga, har bir sinov ortida yaxshilik borligiga ishonib, o‘zini kashf etishida katta turtki bo‘lgan. 2012-yilda esa u bisser, ya’ni munchoqlar orqali turli tasvirlar yaratishni boshlagan. Bu yo‘nalishda qahramonimiz kulolchilik idishlariga, xususan, laganlarga ham munchoqlar orqali bezak berishni yo‘lga qo‘ygan. Barno Narzullayeva 2018-yil Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan I Xalqaro maqom anjumanidagi ko‘rgazmada ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashgan. 2019-yili “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” II respublika tanlovida “Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandlar festivalida ham ishtirok etgan. Barno Yoshlar ittifoqi faoli. “Qizlar ovozi” klubining Jizzax viloyati koordinatori maslahatchisi. – Harakatdan, izlanishdan to‘xtamas ekansiz. Hayotida qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi yoki bu yo‘lda kimlar sizga yelkadosh bo‘lgan? – Dastavval qiyinchiliklar bo‘lgan. Oxirigacha olib ketarmikanman, deb ko‘p ikkilanganman. Ammo har qanday sharoitda ham ota-onam madadkor bo‘lib, yonimda turishgan. Ular sabab menda qayta ishonch paydo bo‘ldi. O‘z ustimda ko‘proq ishlashga o‘rgandim. 2017-yil “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Yutuqlar ham uzoq kuttirmadi, 2018-yili “Amaliy san’at – istiqbolli yoshlar qo‘lida” I yosh hunarmandlar tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldim. “Tashabbus–2018” tanlovining respublika bosqichida “Turizm sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. – Barnoxon motivatsiyani, kuchni qayerdan yoki kimdan oladi? Qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketadi? – Motivatsiyani hayotdan olaman. Atrofga qarab, faqat chiroyli narsalarni ko‘rishga, eng yaxshilarini his qilishga harakat qilaman. O‘zimni doim chiroylilariga munosib sifatida ko‘raman. Xuddi shu xarakterim meni barcha qiyinchiliklardan olib chiqib ketadi. Qolaversa, bekor o‘tirishni yomon ko‘raman. Bo‘sh o‘tirsam, o‘zimni vaqtga mag‘lub bo‘lgandek his qilaman. Ammo orzularim, maqsadlarim ko‘pligi sabab bekor o‘tirishga imkon qolmaydi. Ko‘pchilik uyda o‘tirib zerikmaysizmi deyishadi. Jismim uyda bo‘lsa ham, ruhim dunyo kezadi. Bunday vaziyatda zerikishga vaqt bo‘ladimi? Afsuski, buni hamma ham bilmaydi. Mening nazarimda insonni sabr toblaydi. Mehnat yuksaltiradi. Men ham sabr va qanoat ortidan barcha qiyinchiliklarni yengib kelmoqdaman. – Hozir nimalar bilan mashg‘ulsiz, kelgusi rejalaringiz qanday?   – Yaqinda qishlog‘imizda “Usta-shogird” to‘garagini tashkil etib, qishloqdagi qizlarga ham o‘z hunarimni o‘rgatishni boshladim. 11 yoshli shogirdim Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni oldi. Kelgusida shogirdlarim safini kengaytirib, ular orqali o‘zbek hunarmandchiligini, milliy mahsulotlarimizni dunyo mamlakatlariga ham eksport qilishni yo‘lga qo‘yish niyatim bor.

23.8.2023 2568

Imkoniyat cheklanmagan!

Oramizda shunday insonlar borki, ular o‘zgalar imkonsiz deb qaragan narsalardan imkon izlashadi. Imkoniyati cheklangan yoshlarimizdan biri – Tojixon Qo‘chqorova shunday insonlardan. Yoshligidan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Farg‘ona viloyatidagi hunarmand-u tikuvchi, dizaynerlarga havas qilar, har gal ularning ishini ishtiyoq bilan kuzatardi. Kunlarning birida Tojixon zargarlik va ayollar soch bezagini tayyorlab, turli bayram tadbirlarida peshqadamlik qilib kelayotgan zargar Ra’noxon Bo‘taboyeva bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ladi. Uchrashuv uning hayotini o‘zgartirib yubordi. Bu uning orzulariga erishishi uchun birinchi qadam edi. Tojixonning, asosan, qo‘l mehnati talab etiladigan bu yo‘nalishga intiluvchan va tirishqoqligi Ra’no opaga yoqadi va o‘ziga shogird qilib oladi. Har kuni zargarlik va tikuvchilik sir-sinoatlarini o‘rganish uchun 4 ta mahallani piyoda bosib, ustozining xonadoniga ikki yil qatnaydi. – Shogirdlarim ichida eng sabrlisi va chaqqoni Tojixon edi. Boshida anchagina qiynalgan. Hatto qo‘llari qadoq bo‘lib ketgan paytlarda ham unga yanada ko‘proq vazifalarni yuklar edim va shu tariqa uni boshqalardan iqtidorli ekaniga ishontirardim, – deydi ustozi Ra’noxon Bo‘taboyeva. Hozir Tojixon mustaqil ish boshlagan, daromadi ham yaxshi. Halol ishlab topayotgan daromadidan oilasiga ham yordam beradi. Bundan tashqari, u Namangan viloyati, Oltiariq tumani va Qo‘qon shahri bozorlariga zargarlik buyumlari va ayollar soch bezaklarini yetkazib bermoqda. Buyurtmalar ko‘payib o‘zida yanada ishonch topgan Tojixon endi kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalla yetakchisiga murojaat qildi. Murojaatga javoban Uchko‘prik tumani hokimligi tomonidan subsidiya asosida 2 dona tikuv mashinasi ajratildi. Hozir Tojixon 5 nafar qizni ish bilan ta’minlab, ularga ish o‘rgatib kelmoqda. – Zargarlik va tikuvchilikni o‘rganishni boshlaganimda eplay olmaysan, buning uchun qo‘llar baquvvat va sog‘lom bo‘lishi kerak, deganlar ham bo‘lgan. Ularga javoban, “Men albatta katta hunarmand bo‘laman” degandim va o‘z maqsadimga erishdim, – deya faoliyatining ilk davrlarini yodga oladi Tojixon. Qahramonimiz hozirgi kunda kelinlar uchun turli xildagi zeb-u ziynatlarga ham buyurtmalar oladi. Shu darajaga yetib kelgunicha uni har taraflama qo‘llab-quvvatlagani uchun ota-onasidan minnatdor ekanini aytayotgan hunarmand qizning oldidagi asosiy maqsadi – ota-onasini halol ishlab topayotgan daromadidan Haj safariga olib borish ekan.

17.8.2023 2917

1950 nafar yoshning 845 nafariga yordam ko‘rsatildi

Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanida 1950 nafar yosh turli sabablarga koʻra yordamga muhtoj yosh sifatida “qizil” toifaga olingan. Ular 3 ta viloyat, 24 ta tuman miqyosidagi jami 27 nafar rahbarlarga biriktirilgan. Bugunga qadar yoshlarning 845 nafari oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib yordam olgan. Jonibek Choriyev ham II guruh nogironi boʻlgani bois “ahvoli ogʻir” toifaga olingan yoshlardan. Jonibek CHORIYEV, Shoʻrchi tumanidagi “Yoshgʻayrat” mahallasidan: – Yoshim 19 da. May oyida mahallamiz yoshlar yetakchisi Asliddin Qudratov va “Agrobank” Shoʻrchi tumani filiali rahbari Nurbek Xurramov xonadonimizga kelib, mendan qanday ehtiyojim borligini soʻragandi. Ularga otamdan temirchilikni oʻrganganimni, payvandlash uskunasi boʻlganida oʻzim mustaqil darvoza va toʻsiqlar yasay olishimni aytgandim. Oradan oz vaqt oʻtib, menga soʻragan anjomlarimni olib kelib berishdi. Hozir mustaqil ish boshlab, kuniga 100-150 ming soʻm daromad topyapman. Kelajakda shaxsiy ustaxonamni ochib, yonimga bir nechta yoshlarni ishga olishni maqsad qilganman.   Oʻralbek TOHIROV, Shoʻrchi tumanidagi “Navroʻz” mahallasidan: – Jismoniy imkoniyatim cheklangan boʻlsa-da, kompyuterda ishlashni mustaqil oʻrganganman. Uyda oʻtirib, daromad ham topaman. Daromadimni koʻpaytirish maqsadida zamonaviy kompyuter olishni niyat qilgandim. Ammo bunga mablagʻ topolmayotgandim. Bir kuni xonadonimizga tuman “Xalq banki” boshqaruvchisi Nazar Saidov kelib, menga nima yordam kerakligini soʻradi... Tez kunda kompyuterli boʻldim. Hozir daromadim oyiga 1,5 million soʻmdan oshyapti.   Otabek ZIYODULLAYEV, Shoʻrchi tumanidagi “Hurlik” mahallasidan: – Profilaktik hisobda turganim uchun tuman prokurori – Farrux Xoliqovga biriktirilgan edim. Menga dehqonchilik qilishim uchun 20 sotix yer maydoni berildi. Unga pomidor ekib, parvarish qildim. Yaqinda hosilni yigʻib olaman. 15 million soʻm daromadni koʻzlab turibman.

10.8.2023 3368

Ham ishli, ham mashinali bo‘ldi

Oramizda shunday insonlar borki, jismoniy imkoniyati cheklaganiga qaramay boshqalarga o‘rnak bo‘lib, tengma-teng mehnat qiladi va oila, rozg‘or tebratadi. Farg‘ona shahrida yaxshovchi Muzaffarbek shunday insonlardan biri. Farg‘ona viloyatida yo‘l harakati xavfsizligiga oid ishlarni o‘rganayotgan respublika ishchi guruhi vakillarining etiborini tortgan bu yigitga “Labo” avtomashinasi berildi va viloyat yo‘l harakati xavfsizligi tizimiga yo‘l posboni lavozimiga ishga qabul qilindi. Farg‘ona shahrining “Yormozor” Mahallasida istiqomat qiluvchi Muzaffar Rahmonov 30 yoshda. 2 nafar farzadi bor. Muzaffar bundan 27 yil avval sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa tufayli 2 qo‘lidan ayrilgan. Bolaligidan haydovchilikka qiziqqan qahramonimiz mana 10 yildirki haydovchilik qilib, oila daromadiga o‘z hissasini qo‘shadi. Qahramonimiz o‘zining “Moskvich” rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda Farg‘ona halqa yo‘lida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘rganishlar olib borayotgan respublika ishchi guruhining diqqatini tortadi. YPX inspektori Muzaffarni to‘xtatilib, tegishli hujjatlarni so‘raganida imkoniyati cheklangani ma’lum bo‘ldi. Qahramonimiz o‘z oilasini halol rizq bilan boqish uchun haydovchilik qilayotganini ma’lum qiladi. Muzaffarning so‘zlariga befarq bo‘lmagan ma’sullar unga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida qisqa vaqt ichida “Labo”  rusumli transport vositasini kredit asosida rasmiylashtirib, kreditning boshlang‘ich to‘lovini homiylik yordamida to‘lab berdilar va qolgan qismini ham to‘lashda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Muzaffarni YHXX qaramog‘iga olib, ish bilan ta’minladilar va oylik maosh to‘lab borishga so‘z berdilar. – Avvaliga YPX xodimlari mening avtomobil boshqarishimga ishonishmadi, – deydi Muzaffar Rahmonov. – “10 yildan buyon mashina haydayman, xohlasangiz yuring, sizni ham aylantirib kelaman”, deb mas’ullarni mashinada aylantirib kelganimdan so‘ng ishonishdi va menga “Labo” avtomashinasini berishdi. Bir vaqtning o‘zida ham ishli, ham mashinali bo‘ldi. Albatta berilgan ishonchni oqlab, xalq uchun xizmat qilaman. Muzaffarning otasi Muhammadali akaning so‘zlariga ko‘ra, yangi mashina olish o‘g‘lining orzusi edi. Biroq kundalik daromadi ro‘zgor tebratishdan ortmas edi. Muzaffar boqimandalikka berilib, uyda o‘tiraverganida mas’ullarning e’tiboriga tushmagan bo‘lishi mumkin edi. Muhimi imkoniyati cheklanganligiga qaramasdan o‘z kuchi bilan oila boqishga harakat qilmoqda, boshqalarga haqiqiy ibrat namunasini ko‘rsatmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

2.8.2023 3812

Volotyorlik loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi

Poytaxtimizdagi “Porto Bello” mehmonxonasida USAID, Eurasia Foundation, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekistan volontyorlari assotsiatsiyasi hamkorligida volontyorlarning hududiy mentorlari uchun “Dizayn – fikrlash usuli asosida loyiha yozish laboratoriyasi” mavzusidagi o‘quv-seminar o‘tkazilmoqda. Uch kunlik seminar maqsadi eng yaxshi volontyorlik loyihalarini saralab olish va mazkur loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tushunchalar berishdan iborat.

2.8.2023 3888

IBRAT FARZANDI

 “Ibrat farzandlari” loyihasi til o‘rganish istagidagi minglab yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqarmoqda. Kimyo fani o‘qituvchisi – navoiylik Ozoda Sadinova “Ibrat farzandlari” loyihasi ko‘magida ingliz tilini o‘rganmoqda. – Til o‘rganish uchun hech qachon kech emas, – deydi Ozoda Sadinova. – Hozir oila davrasida farzandlarim bilan, ishda esa hamkasblarim bilan har kuni ozgina vaqt ajratib, ingliz tilini bepul o‘rganyapman. Maqsadim – ingiliz tilini mukammal o‘rganish. “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali nafaqat ingliz tilini, balki nemis, ispan, turk, rus, yapon, xitoy, koreys kabi tillarni ham o‘rganish mumkin. Bugun Ozoda singari minglab navoiylik yoshlar “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali bepul til o‘rganmoqda.

19.7.2023 4110

OʻZBEKISTON YOSHLARNI SEVADI

Oʻrtachirchiq tumanida 534 nafar oʻgʻil-qiz turli sabablarga koʻra, “qizil” toifadaga yoshlar roʻyxatiga olingan edi. Ularning 146 nafari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining oʻrinbosarlariga biriktirilgan. Masʼul shaxslar oʻziga biriktirilgan har bir yoshning uyiga borib, muammo va takliflarini o‘rgandi. Natijada 23 nafar yoshga turli ish qurollari va asbob-uskunalar ajratib beriladigan boʻldi. Yaqinda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev, vazir oʻrinbosarlari Dilshod Kenjayev, Uzoqboy Begimqulov va Temur Komilov mazkur yoshlar va ularning ota-onalari bilan uchrashib, ajratilgan asbob-uskunalarni egalariga topshirdi. Doimiy daromad manbalariga ega bo‘layotgan ushbu yoshlarning qalbiga quloq tutdik. Halilulla TOʻLAGANOV, eshik-rom ustasi (“Changtepa” mahallasi): – Plastik eshik va rom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orzum edi. Biroq ayrim uskunalarni olishga pulim yetmadi. Vazirning birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev uyimizga kelganida metall arra, kompressor, frezor apparati kerakligini aytgandim... Bu uskunalarni sovgʻaga olishim mumkinligini oʻylab ham koʻrmagandim!   Ahror XASRATQULOV, chorvador (“Changtepa” mahallasi): – Probatsiya nazoratiman. Rasman ishlamayman. Shuning uchun uyda chorvachilik bilan shugʻullanaman. Ishlarim osonlashishi, mehnatimda unumdorlik oshishi uchun menga oʻt va pichanlarni maydalaydigan uskuna juda zarur edi...   Arman XAMURAYEV, ishsiz yosh, (“Boyqoʻrgʻon” mahallasi): – Sudlanganimdan keyin hech qayerda ishlay olmadim. Daromadim yo‘qligidan muddati oʻtgan pasportimni ham yangisiga almashtirolmayotgandim. Motokultivator va motoarram bo‘lganda mehnat qilib, ter to‘kib, halol daromad topaman, o‘z ehtiyojlarimni o‘zim qondiraman, deb niyat qilib yurardim. Mana, men bir kunda ularning hammasiga ega bo‘ldim! Hatto, pasportimni yangilash xarajatlari ham qoplab berildi.   Sherzod ERGASHEV, sartarosh (“Iqbol” mahallasi): – Uy qamogʻiga hukm qilinganman, kech soat 22:00 dan keyin koʻchaga chiqolmayman. Sartaroshxonada mijozlar ko‘pincha kechki paytlari gavjum bo‘ladi. Shuning uchun uyim yonidan ijara toʻlovlarisiz bino ajratib berishlarini soʻragan edim. Menga nafaqat uyim oldidan bino, sartaroshlik asbob-uskunalarini ham hadya qilishdi...

19.7.2023 4065

BAQLAJONDAN 40 MILLION DAROMAD

Toshkent viloyatida 14-30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning soni qariyb 700 ming nafarni tashkil etadi. Yil boshidan buyon 8 ming 14 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 8 533 nafariga yordam koʻrsatildi. Ayni yoshlarning 1 346 nafari dehqonchilik qilish istagini bildirgan va ularga 403,8 gektar yer maydonlari ajratilgan. Bekobod tumanida ham 1 435 nafar ishsiz yoshga oʻrtacha 0,50 sotixdan jami 749,5 gektar ekin maydoni ajratilgan. Hozir yosh dehqonlar hosilini yigʻib-terish bilan band. Tumandagi “Guliston” mahallasida yashovchi Abdumuxtor Zokirov “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 10 sotix yerni 10 yil muddatga ijaraga oldi. Yosh dehqonning yaxshigina tajribasi bor. Abdumuxtor ZOKIROV, yosh dehqon, “Guliston” mahallasi: — Menga 10 yil muddatga 10 sotix yer berilgach, baqlajon ekdim. Hozirgacha hosilni uch marta uzib oldik. Jami toʻrt marta hosil olishni reja qilganmiz. Sof daromadim 40 million so‘mga yetdi... Birinchi navbatda, baqlajon ekiladigan maydon ekin qoldiqlari va begona oʻtlardan tozalanadi. 1 sotix yerga 150-200 kg (10 sotixga 1,5-2 t) mahalliy o‘g‘it solinadi. Yer 20-25 sm chuqurlikda ag‘dariladi, yirik kesaklar maydalanib, tekislanib, sugʻorish egatlari olinadi. Baqlajon koʻchatlarini janubiy viloyatlarda martning uchinchi oʻn kunligida, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda aprelning ikkinchi-uchinchi oʻn kunligida va shimoliy mintaqalarda aprelning uchinchi va mayning birinchi oʻn kunligida ekish tavsiya etiladi. Ekinga birinchi ishlov berish koʻchatlar toʻliq tutib olgach boshlanadi. Bunda egat ichi, pushta va qatordagi koʻchatlar orasining tuprogʻi yumshatiladi. Birinchi parvarishlashdan 12-15 kun oʻtgach ikkinchi suv beriladi. Tuproq yetilgach yana bir bora chopiq qilinadi. Bunda yer begona oʻtlardan tozalanib, yumshatiladi, tuproq koʻchatning atrofiga bosiladi. Baqlajon yaxshi rivojlanib, moʻl hosil berishi uchun uning ildizi joylashgan qatlam havo bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib qoʻyilgani maʼqul.   Dehqonchilikning hadisini olgan yoshlar bir ekindan toʻrt-besh martagacha hosil olishga erishmoqda. Bunday malakali dehqonlar safi kengaygan sari xalqimiz dasturxoni ham toʻkinlashib boraveradi.

12.7.2023 4253

UYIMNI TAʼMIRLAB BERISHDI

– Yoshim 30 da. Ota-onasiz ulgʻayganim bois buning qanchalik ogʻir ekanini juda yaxshi bilaman. Yoshligimdan birovlarga havasda, yon-atrofdagi tengdoshlarimning narsalarini orzu qilib katta boʻldim. Afsuski, ikki farzandim bilan turmushimdan ham ajraldim. Doim ularni yolgʻiz katta qilish, xohlagan narsasini olib berolmasligimdan qoʻrqqanman. Yaqinda mahallamiz yoshlar yetakchisi meni “qizil” toifaga roʻyxatga olib, davlat xizmatidagi xodimlar bilan menga yordam berishini aytib qoldi. Oradan ikki kun oʻtib, uyimizga Guliston shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Samandar Artikov va mahallamiz yoshlar yetakchisi kelib, mendan qanday muammom borligini soʻradi. Men yashab turgan uyimizning tom qismini qayta taʼmirlash uchun erta-yu kech ishlab pul yigʻayotganimni, qishda uyga suv oʻtib, bolalarim bilan qiynalganimni aytdim. Ular bu borada yordam berishini aytib, meni doimiy ishga ham joylab qoʻyishni taklif qildi. Men bu taklifni rad etdim. Sababi, norasmiy boʻlsa-da ofitsiant boʻlib ishlayman. Bu ishimning qulayligi kun bo‘yi ishga bogʻlanib qolmaganman. Bolalarimdan tez-tez xabar olib turish imkonim bor. Shu bois hozirgi ishim oʻzimga maʼqulligini tushuntirdim. Bu suhbatdan soʻng oradan bir oy vaqt oʻtib, 22-iyunda uyimizning tom qismini toʻliq taʼmirlab berishdi. Bundan boshqa masalalarda ham mahallamiz yoshlar yetakchisi Doston Ergashov yaqindan yordam berib kelyapdi. Shu kunga qadar “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan moddiy yordamlar ajratib turibdi.

12.7.2023 4047

Qishlogʻimda shaxmat toʻgaragi ochaman!

– Yoshligimdan turli musobaqalarda ishtirok etib, koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritganman. Hozir shaxmatga qiziqishim baland. Bir necha yildan buyon shaxmat toʻgaragini ochishni va shu sport turiga qiziquvchi bolalarga ustozlik qilishni orzu qilaman. Ammo shaxmat sport anjomlari yoʻqligi sababli toʻgarak ochish imkonim boʻlmagan. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevning Termiz shahrida surxondaryolik yoshlar bilan boʻlgan uchrashuvida men ham soʻzga chiqib, bu orzumni aytim. Sport toʻgaragini ochish taklifim Alisher Saʼdullayevga maʼqul boʻlib, bu borada menga yordam berishini, zarur jihozlarni sovgʻa qilishini aytgan edi. Mana bugun vaʼda qilingan 30 nafar toʻgarak aʼzolariga moʻljallangan turli sport va oʻquv jihozlari mahallamizga yetib keldi. Sport toʻgaragi uchun menga mahalladan boʻsh bino ham ajratib beriladigan boʻldi.  Endilikda mahallamizda SHAXMAT toʻgaragi ochiladi...

6.7.2023 4460

20 yoshda 20 million daromad

Siz ushbu maqolani o‘qiyotgan ekansiz, demak, Xonqa tumani Madir qishlog‘ida kulolchilik sanʼati bilan shug‘ullanayotgan 6-avlod vakili – Sevara Rahimova haqida bilib olish imkoniyatiga egasiz! Qahramonimiz 2019-yilda o‘tkazilgan “Mustaqillik ijodkorlari” festivalining kulolchilik yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2022-yil “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” Respublika tanlovining Tasviriy va amaliy sanʼat yo‘nalishi “Amaliy sanʼat” nominatsiyasi bo‘yicha tuman va viloyatda ham faxrli ko‘rsatkichni qayd etdi. – Men hozirda Urganch Innovatsion Universitetini birinchi bosqichini tamomladim. Esimni taniganimdan beri kichkina hushtak,  turli xil hayvonchalar shaklidagi haykallar yasab kulolchilikning sir-sinoatlarini sekin-asta o‘rganishni boshladim.  Oliygoh taʼlimi bilan birgalikda kulolchilik ilmini ham o‘zlashtirishga harakat qilyabman. Yoshligim dadam bilan birgalikda ustaxonada o‘tgan, bu kasb mening qon-qonimga singib ketgan, mehrim o‘zgacha. Dadam har doim “Qaysi kasbni tanlashingdan qatʼi nazar, o‘sha sohani shunday mustahkam egallaginki, dunyoda o‘sha kasb bo‘yicha sendan o‘tadigan inson bo‘lmasin”,deydilar. Dadamning so‘zlariga quloq solgan holda kulolchilik ilmini chuqur o‘rganmoqchiman. Oylik daromadimga kelsak har oy bir xil bo‘lavermaydi. O‘rtacha oylik daromadim 20 millionni tashkil qiladi. Bu men uchun yaxshi natija deyolaman. Chunki oddiy kulolchilik hunarim uchun oyiga 20 million topishim 20 yoshim uchun yaxshi ko‘rsatgich Kulolchilik rastalarini bezab turgan bejirim sopol idishlar siz o‘ylaganchalik oson tayyorlanmaydi. Har bir kasb zamirida o‘ziga yarasha zahmat yotadi. Qanday kasbni o‘rganishimizdan qatʼiy nazar shijoat va hafsala bilan yondoshmog‘imiz lozim – deydi yosh kulol.

1.7.2023 4535

IMKONIYATLAR CHEKLANMAGAN!

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyundagi “Nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida nogiron yoshlarnig subsidiya olishi uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari (YIDX) portali orqali elektron davlat xizmatlari ishga tushirilgan. Har yili 500 nafargacha nogiron yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash yoki asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishi uchun bazaviy hisolash miqdorining 50 baravarigacha subsidiya ajratilishi belgilangan. YIDX portali orqali subsidiya olish uchun yuborilgan arizalar soni: 2022-yilda – 219 ta 2023-yil 1-may holatiga – 1 155 ta   Subsidiya olgan yoshlar: 2022-yilda – 261 nafar 2023-yil 1-may holatiga – 215 nafar   Ajratilgan mablag‘: Jami: 5 mlrd. 160 mln. so‘m   NATIJA: 356 nafar yoshning bandligi ta’minlandi.   (MISOL) Samarqand shahrilik Muqaddas Xolboyeva imkoniyati cheklangan yoshlardan. Anchadan buyon munosib ish topa olmayotgandi. Tikuvchilikka qiziqsa-da, tikuv mashina olishga moddiy imkoniyati yo‘q edi. YIDX portali orqali subsidiya asosida tikuv mashinasi olish uchun ariza yuborgach, unga 3 ta – 1 ta overlok, 2 ta to‘g‘ri chok tikadigan tikuv mashinasi berildi. Natijada Muqaddas o‘zini o‘zi band qilib, daromad ham topyapti. O‘rtacha oylik daromadi 2 million so‘m. Quvonarlisi, u o‘zi kabi 4 nafar nogiron qizni ham ish bilan ta’minladi.   ENG YIRIK LOYIHALAR “Inklyuziv O‘zbekiston” – nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda iqtidorli yoshlar uchun bepul sayohat. 2022-yil – 700 nafar yosh Samarqand, Buxoro, Xorazm, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarga sayohat qilgan. 2023-yil –  4 500 nafardan ziyod yosh sayohat qilishi rejalashtirilgan. Shu kunga qadar  – 11 marotaba sayohat tashkil etilib, 500 nafardan ziyod yoshlar jalb etildi. “Iqtidor” – Mehribonlik uyi, “SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari” va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari uchun kasb-hunar oromgohi. Joriy yil oromgohning 3-mavsumi tashkil etildi. Shu kunga qadar – 800 nafar yoshga o‘z iqtidorini namoyon etishiga ko‘maklashildi.   30 yoshgacha bo‘lganlar – 19 milliondan ziyod Nogiron yoshlar – 122 ming nafar   Hammasi, avvalo, insonning oʻziga bogʻliq. Biz esa bu yoshlarga o‘zini kashf etishida ko‘maklashamiz, xolos!  

13.6.2023 2973

Yiliga 25 million so‘m daromad

Muhammadyusuf SOLIJONOV – 28 yoshda, Farg‘ona tumanidagi “Obod” mahallasida yashaydi. Murojaat mazmuni: Yerga ishlov berish uchun zarur mehnat qurollarini so‘rab murojaat qilgan. Yoshlar yetakchisi Islomjon Muhammadjonov Muhammadyusufning xonadoniga borib, oilaviy holatini o‘rgangan va “Yoshlar daftari”ga tavsiya qilgan. Oilaviy holati: – oilada 7 kishi: ota-onasi, 2 nafar akasi, 2 nafar yangasi hamda o‘zi; – uylanmagan; – daromad manbayiga ega emas; – norasmiy band; – ota-onasi mehnatga layoqatsiz, sog‘ligida muammosi bor. Natija: – yerga ishlov berish texnikasi motokultivator olish uchun “Yoshlar daftari”ga kiritilib, subsidiya asosida mehnat qurollari ajratildi; –  tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan; – o‘zini rasmiy band qilgan; – yillik o‘rtacha daromadi 20-25 million so‘m.

2.6.2023 2163

“Yashashga ishtiyoq bag‘ishlaydi“

“Butun umringiz davomida orzungizga intiling va vaqtingizni behuda sarflamang. Chunki havoga uchgan vaqt sizdagi barcha yaxshi narslarni tortib oladi”. – degan edi buyuk faylasuf Aflotun. Muvaffaqiyatning cho‘qqisi izlanuvchanlik va intilishdir. Shunchaki orzu qilish bilangina hech narsaga erishib bo‘lmaydi, unga tomon harakatda bo‘lmoqlik kerak. Ayniqsaa hozirgi kunda yoshlarga qaratilayotgan imkoniyatlarning sanog‘i kundan kunga ortib bormoqda. Shunday yoshlarimizdan biri, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi Latofat Toshiva.  Adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan muhabbat yoshligidan uning qalbiga singib brogan. 1-guruh nogironi bo‘lishiga qaramasdan barchaga o‘rnak bo‘la oladigan iste’dod  sohibasidir. Ijod namunalari Respublika radio va televideniyelari orqali e’lon qilinmoqda. Uning she’rlari bir qancha xonandalar tomonidan qoʻshiq qilib kuylanmoqda. Ilk she’rlar to‘plami “Dil daryosi” nomi ostida nashrdan chiqqan. Shoiramizning she’rlari Ozarbayjon ijodkorlarining ham nazaridan chetda qolmadi. “O‘zbekiston Ozarbayjon boqiy do‘stlik” rishtalari tarjibalar kitobida ham uning samimiy ruhda yozilgan she’rlarini oʻqib bahramand  bo‘lasiz.    Yoshlar ittifoqi a’zosi va nogironlar jamiyati faoli. 2021-yil mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan “Men baxt manzilidaman” deb nomlangan 2-she’riy to‘plami e’lon qilindi va “Prezident ko‘krak nishoni sohibasi” bo‘ldi. Shoiramiz Aznabbegim tahallusida ostida qalam tebratadilar. Hozirgi kunda Alisher   Navoiy nomidagi  Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetida tahsil oladi Ilm o‘rganish, ziyoli inson bo‘lish uchun hech bir bahona to‘sqinlik qila olmasligi shunday insonlar qiyofasida gavdalanadi.       O‘ksinma, ozodlik istar yuragim,                                                                                             Sirlarimni senga aytib beraman.       Ikkimiz dardimiz qo‘sh qanot qilib,       Osmonu falakdan qaytib kelaman… Ushbu kichik satrlar orqali ham, ishonch va taskinni ko‘rishimiz mumkin. “Har soniyadan foylanish, menga yashash uchun ishtiyoq bag‘ishlaydi menga”. – deydi Aznabbegim.      Hali keng maydonni bo‘lganda bo‘yash,     Hali haq hanjari oqlaydi sha’nim.     Shu kun yakkama-yakka bo‘ladi kurash,     O, meni ojiza bilgan – ey g‘anim.                                                

31.5.2023 1878

Xorijiy tillar imkoniyatlar kalitidir

Hozirgi kunda xorijiy tillarni o‘rganish keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shu bois, yoshlar orasida chet tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Xorijiy tillarni o‘rganish dunyoning boshqa mamlakatlariga sayohat qilishda ham qulaylik yaratadi, zamonaviy turmushga, ilm-fan yo‘nalishlariga kirishda ham yordam beradi. Bugungi kunda yosh avlodning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun katta e'tibor qaratilmoqda. Assalomu alaykum men Binafsha Tojiboyeva O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar unversitetining birinchi bosqich talabasiman. Hozirda 5 ta tilni bilaman. Ular: o‘zbek, tojik, turk, rus va ingliz tillari. Yangi tillarni o‘rganishga qiziqishim yuqori shu sababli hech qanday turtki va bosimlarsiz o‘rganganman. Tojik tili meni ona tilim ya'ni millatim tojik. Rus va turk tillarini kino ko‘rib qo‘shiq eshitib o‘rganganman. Va oilamizda ham asosan tojik va rus tillarida gaplashamiz. O‘zbek maktabda o‘qiganim sababli o‘zbek tilini ham mukammal bilaman. Faqatgina ingliz tilini qo‘shimcha repetitorga borib o‘rganganman va men uchun o‘rganilishi biroz qiyin til ham shu sababi o‘sha payt o‘quv markazda administrator bo‘lib ishlar edim ham ish, ham o‘qish biroz qiyinlik qilgan. Ammo 6 oyda IELTSdan 5.5 ball olganman va bundan tashqari rus tili B2 darajadagi sertifikatim ham bor. Faqatgina til o‘rganish bilan cheklanib qolmaganman. Chirchiq davlat musiqa va san'at maktabining xoreografiya yo‘nalishini tamomlaganman. 3yil Yoshlar ittifoqining ma'naviy-marifiy ishlar bo‘yicha tuman sardori bo‘lganman. Hozirda eco-camp2023 volontyorlar a'zosiman. Kelajakda nemis, fransuz, ispan tillarini o‘rganish va magistratura bosqichini chet elda o‘qish. Eng katta orzularimdan biri kelgusi besh yil ichida o‘zimni 10 ta tilni biladigan poliglot sifatida ko‘rish. Chet tilini o‘rganish uchun biror o‘quv markazga borish shart emas. Inson o‘zi harakat qilib qiziqishi zarur va o‘rganayotgan tildagi kino multifilmlarni bor diqqat e'tibor bilan ko‘rishi kerak deb o‘ylayman. Til o‘rganayotganda ikkita narsa bo‘lishi kerakmas: andisha bilan uyat va kibr. Kimdandur nimanidur so‘rashdan uyalish ham kerakmas va o‘zini u insondan baland ham ko‘rishi kerakmas deb o‘ylayman.