- Aka, turing. Bu yerda oʻtirish mumkin emas.
- Nega? Kimgadir zararim tegyaptimi?
- Fuqarolar uchun oʻrindiqlar qo‘yilgan. Marhamat, oʻsha yerda ishingiz bilan shugʻullaning. Chimni bosish taqiqlangan.
Amir Temur xiyobonida Mulliy gvardiya xodimi bilan suhbatimiz mening chim ustidan turib ketishim, toʻgʻrirogʻi, turgʻizib yuborilishim bilan yakun topdi. Tor uyning toʻrt devoridan siqilgan payt koʻngil koʻchada kitob varaqlashni istaydi-yu, bir boqqa borarkansan, doim shu ahvol. Milliy gvardiya xodimi oʻtirish uchun “skameyka”lar borligini vaj qilib, chim ustidagi maroqli mutolaani buzishdan “rohatlanadi”. Ulargayam “tepa”dan shunday buyruq kelgandir-da.
Atrofga qarasam, o‘rindiqlarning yarmi quyoshda qizib yotibdi, o‘tirib bo‘lmaydi. Qolganlari “ishq mutolaasi” bilan band. Biror “Bookcafe”ga borib, kitob oʻqiy desang, u yerda narxlar qimmat. Yana uyga borib, oʻsha to‘rt devor ichidagi mutolaadan boshqa chora qolmaydi...
Bugun rivojlanishning har jabhasida Ovroʻpadan andoza olayotgan hukumatimiz, kishilarning hordiq chiqarishi yoki kitob oʻqishi uchun mavjud boʻlgan bogʻlar masalasida ham oʻrnak olishsa yomon boʻlmasdi.
Shunaqangi paytlarda qishlogʻimdan beminnat joy yoʻqligi xayolimga kelaveradi. Qayerda oʻtirasan, qayerda yurasan, xullas, ixtiyor oʻzingda. Birov pishagingni “pisht” demaydi. Bu Toshkentda ajiriqning ham qadri baland...