Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLIK ILHOMLARI

20.9.2023 656

"Adabiy tanishuvlar"da bizning yosh ijodkorlar

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yosh iste’dod egalarini kashf qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili Zominda seminar tashkil qiladi. Bu xayrli ishning natijasi ayon: o‘nlab yosh iste’dodlar ijod olamiga kirib keladi, adabiyot, kitob dunyosi va mutolaaning faol targ‘ibotchilariga aylanishadi. Yoshlarning eng iste’dodlilari uyushmaning "Birinchi kitobim" loyihasi doirasida o‘zlarining ilk to‘plamlarini e’lon qiladilar, Yozuvchilar uyushmasi ularni qo‘llab-quvvatlab, adabiy tadbirlarga jalb qiladi, yoshlar ijodini targ‘ib etadi. Zomin seminarining uch ishtirokchisi – Farangiz Avazmatova, Madina Mashrabxon va Tamila Habiyevaning ijod namunalari Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi tavsiyasiga ko‘ra Moskvada nashr etiluvchi "Литературные знакомства" ("Adabiy tanishuvlar") jurnalida chop qilindi (nashr bosh muharriri, muassisi va noshiri – taniqli adabiyotshunos Lola Zvonaryova). Yosh ijodkorlarimizni tabriklab, ulardan yangi yutuqlar kutib qolamiz.

13.9.2023 1148

DUNYO SAVDOSI

Bo‘laklarga bo‘linar Dunyo, Kuchlilarga kattaroq o‘lja. Chok-chokidan tilinar Dunyo, Kuchsizlarga bir ushoq, bo‘lsa...   Dum-dumaloq dunyo, ming bo‘lak, Tarvuz misol yorilgan qorni. Bitta Zamin, ming bitta tilak, Bo‘lib-bo‘lib olmoqlik Yerni...   Tish qayramas Sherlar Bo‘riga, Ot Ho‘kizning rizqiga zormas. Olib ketmas axir go‘riga, Faqat Odam, Odamzot to‘ymas...   Talashadi bir qarich Yerni, Boylik to‘plar yetti pushtiga. Yeb to‘ymaydi, biri birini, Har ish qilar, kelsa hushiga...   O‘lim aniq, qadardir aniq, Yelkasida ming bir g‘avg‘osi. Bilib turib, nafsxo‘rlik qilar, Tugamaydi Dunyo savdosi...   Tiliklarga bo‘linar Dunyo, Kuchlilarga kattaroq qismi. Bir silkinar, xo‘rsinar Dunyo, Bag‘rida bor qancha “Och” jismi...   Ko‘z to‘lmaydi, nafslar to‘ymaydi, Yana, yana, kattaroq bo‘lak. Odam to‘ymas, toki, o‘lmaydi. Nahot shundan ibrat olmasak...   Hech egasi bo‘lmagan afsus, Amalning ham, tobutning mangu. Qiyomatda talashganimiz, Boshimizda bo‘lmasin Qayg‘u...

6.9.2023 1732

“BIR MAHKUM KO‘NGIL”...

Millat bog‘, isteʼdodlar uning hosilidir. Xirmon qanday bo‘lishi haqida hosil pishib yetilmasdan aniq fikr aytib bo‘lmaydi. Shu maʼnoda bugungi yoshlar ijodi haqida xulosa chiqarishga shoshmaslik kerak. Ammo bog‘ga qanday nihol ekilgani, uning parvarishi qay yo‘sin kechganidan kelib chiqib, hosil cho‘g‘ini mo‘ljal qilish mumkin. O‘zbek adabiyotining ildizi juda chuqur ketgan. Yusuf Xos Hojibdan to Navoiygacha, Bobur janoblaridan Oripov fenomenigacha bo‘lgan katta tarixda qanchadan-qancha durdona asarlar yaratildi. Oqar daryo esa oqmay qolmas. Bugun bir guruh isteʼdodli yoshlar o‘zbek adabiyotiga o‘z ovozi bilan kirib kelyapti. Bunga Mansur Jumayev, Xurshid Adburashid, Feruza Hayrullayeva, Nargiza Odinayeva, Najmiddin Ermatov, Bek Ali va Suhrob Ziyo kabi o‘nlab do‘slarimiz ijodini misol qilish mumkin. Yoshlar ijodida zamon, makon va ijtimoiy muhit bilan bog‘liq tabiiy umumiylikni hisobga olmasak, ular deyarli bir-birini takrorlamaydi. Shoir do‘stlarimiz yutug‘i shundaki, har biri dil izhorini o‘z tilida bayon eta oladi. Masalan, Bek Alining “Xudoni besh mahal eslamasak ham”, deb boshlanadigan sheʼri, u beradigan kayfiyatni boshqa ijodkorlarda uchratmaysiz. Bek Alining ushbu sheʼri ijtimoiy hayotimizdagi o‘zgarishlar sabab inson qalbining turlanishi, maʼsiyatga botishi tasvir etilgan. Lirik qahramon o‘z qavmini tasvirlab shunday deydi: “Bizlar yoppasiga mehnatkash edik, Va Namrud qavmidan topmasdik xabar. Qishloqdagi sirli masjid oldidan, Uyalib, qisinib o‘tardik har gal”. Namrud Sulaymon payg‘ambar davrida yashagan zolim hukmdor. U aysh-ishratga berilib, o‘zini iloh deb eʼlon qilgan. Oxir-oqibat chivinlar hujumi sabab butun boshli ayonlari, sipohlaridan ayrilgan. O‘zining boshiga o‘sha chivinlardan biri kirib vizillab og‘riq bergan va shu dard bilan halok bo‘lgan. Lirik qahramon yashagan qishloq ahli aysh-ishratdan yiroq, bosh ko‘tarmay, yoppasiga mehnat qiladi. Ular Xudoni o‘z holicha taniydi. Shu bois kunda besh mahal masjidga bormasa ham yutuq va yo‘qotishni sinov, Yaratganning marhamati deb qabul qiladi. Ular ayrim zamondoshlarimiz kabi ibodatni bahona qilib masjidda o‘g‘irlik qilmaydi. Aksincha, Xudoning uyi oldidan iymanibgina o‘tadi. Juma namozidan chiqib, bozordagi xaridorlarni aldab haqqini yemaydi. Bilaʼks, Xudo yaratgan tuproqni begona o‘tlardan tozalaydi. Halol mehnat qiladi. Shoir bugun harom ishi bilan faxrlanadigan, hech narsadan uyalmaydigan odamlarni tanqid etmay, xokisor, qalbi pokiza qavmdoshlarini o‘ziga xos uslubda madh etib ularga oyna tutadi va: “Gunohga botishdan iymanishardi, Xudoni besh mahal eslamasa ham”, deydi. Ha, haqiqiy sheʼr iztirob, ammo go‘zal iztirobdir! Shoir qalbi esa go‘zallik, ezgulik makoni. Shu bois u yerni, tuproqni, osmon va yulduzlarni, butun borliqni jon-dilidan sevadi va buni baralla tarannum etadi. “Sahrodan soygacha, yo‘qsildan boygacha, Hijratin boshlagan tuproqdan oygacha. Odamlik matlabi tugagan joygacha, Qiz-o‘g‘il tug‘dirgan elni sevaman”. Bek Alining shu kabi sheʼrlarida xalqona ohang, baxshilar termasi, dostonlar nafasi seziladi. U qadim ajdodlardan kelayotgan bu ohangni barmoq, oq sheʼr kabi zamonaviy poeziyaga omuxta qila olgan. O‘ziga xosligi, yutug‘i ham shunda. Ijodkorlar dunyo haqida juda ko‘p tashbehlar ishlatgan. Uni tarozisi buzuq sotuvchi, bozor, g‘addor deyishgan. Bek Ali esa shoir sifatida ko‘p isteʼfoda qilingan bunday tashbehlarni chetlab o‘tib, orginal o‘xshatish topishi kerak edi. Shoir buni nihoyatda mahorat bilan uddalaydi va: “Bu dunyo bobomning poytavasidan o‘ralgan otamning sallasi ekan”, deydi. Ziddiyat sheʼrni go‘zallashtiradi. Bola uchun hatto otaning paytavasi ham aziz. Ammo bu uni salla qilib o‘rash kerak degani emas. Otaning o‘zi ham bunday ehtiromni qabul qilmaydi. Dunyoning asl yuzi shu – oyoqning bosh bo‘lishi, eʼzozning xurofotga do‘nishi. Bek Ali bu tashbehni xalq zakosiga xos quyma satr bilan shunday go‘zal ifoda etgan-ki, beixtiyor “Voh”[1] deysiz!  Suhrob Ziyo ijodi haqida ham ko‘p yaxshi fikrlar aytish mumkin. U shoir sifatida chin insoniy tuyg‘ularni tarannum etgisi, faqat inson qalbini taftish qilgisi keladi. Shu bois Suhrob: “Bir buyuk sevgi bor, Bir mahkum ko‘ngil”, deb yozadi. U shoir o‘laroq buyuk sevgining asiriga aylangan ko‘ngilni o‘rganish niyatida. Axir sheʼr – izhor! Uni izohlab, tushuntirib bo‘lmasligining sababi shunda. Ayni vaqtda shoir davr farzandi va ijtimoiy hayotdan tashqarida yashay olmaydi. Shu bois, maishiy muammolar girdobiga tushib qolgan Lirik qahramon men kimman, deya o‘ziga bot-bot savol beradi. Shoir uni borliqdan borliqni izlamaslikka, uning o‘zi borliq ekanini aytib xitob qiladi. Ammo u yana yelkalar, qorinlar aro surinib, parvoz istagini yo‘qotib qo‘yadi va katta shaharning yemakxonasida g‘oyib bo‘ladi. Lekin shoir isyonkor ruh ila tirik. Sheʼr shu bois mukarram. Suhrob isyonkor ruh ila moddiyatga o‘ralashib yashayotgan shoir qiyofasini chizarkan: “Ko‘nglim, sening zavoling tayin, Ozodliging behad, behudud. Seni siqib borar kun sayin Suhrob deya atalgan vujud”, deb nadomat qiladi. Ayni sabab tufayli u ko‘nglini asrashni istaydi. Uni eng go‘zal hayotim deb biladi. U endi oddiy hayot emas, Suhrob atalmish isyon uni SHEʼRga aylantirgan. Yuqorida aytganimiz kabi isteʼdodlar davr farzandi o‘laroq ijtimoiy og‘riqlarni boshqalarga nisbatan tez va teran anglaydi. Suhrob ham shoir sifatida atrofdagi odamlar, dunyo manzarasini kuzatib, ulkan xayollar suradi. “Men xayol suraman, shukrona aylab, Kunlarin qaritgan tullar qoshida, Bog‘dan alaflarni quvlolmayotgan, Gullay olmayotgan gullar qoshida”. Shoir ulug‘ millatga jonini tika olmay shu kabi xayollar bilan band bo‘larkan: “Inonsang bo‘ladi bag‘iringda mayus Xayol surib yurgan bolalaringga”, deydi. Suhrobning millat tarixi haqida keng tasavvurga ega ekani uning shu turkumdagi sheʼrlarida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Shuningdek, shoir xalq og‘zaki ijodi, mifologiyani yaxshi o‘zlashtirgan. Diniy bilim borasida ustozlar etagidan mahkam tutgani ham uning sheʼrlariga qanot bag‘ishlaydi. Ayni sabab tufayli Navoiy, Bobur, Mashrab, Rumiy kabi ulug‘lar tarannum etgan ilohiy ishq haqida mujdalar yo‘llayda. “Majnunni bilmagan sahroni bilmas, Maʼshuqni bilmagan shaydoni bilmas. Dunyo bilmaydi ishqni bilmagan, Layloni bilmagan Mavloni bilmas”. Suhrob dunyo otliq ulkan kemani ana shunday idrok etadi va muhabbatga limmo-lim “Ko‘ngil yelkani [2]” bilan uni VISOL sari yetaklaydi. Bunday topildiqlar, betakror misralar adabiyotimiz xirmoni barakali bo‘lishidan dalolat beradi. Faqat isteʼdodlarni asray olsak, ular ham o‘z yo‘lida sobit qolib, o‘rganish va o‘sishdan to‘xtamasa bas.     [1] Bek Alining “Voh” kitobiga ishora [2] Suhrob Ziyoning “Ko‘ngil yelkani” kitobiga ishora  

2.8.2023 3791

Marina SVETAYEVA ijodiga bir nazar

Bugun xayolimda shunday fikr charx uryapti: agar o‘smirlik – bahor, yoshlik – yoz, o‘rta yosh – kuz, keksalik – qish bo‘lsa, xo‘sh, unda bolalik nima? Menimcha, bolalik bir vaqtning o‘zida ham bahor, ham yoz, ham kuz, ham qishdir. *** Qahqahang ham baʼzida ichingdagi iztirobingni yashira olmaydi. *** Yolg‘on gapirganimda o‘zimdan emas, meni bunga majbur qilgan odamdan nafratlanaman. *** Eskini yangilash kambag‘allarning, yangisini eskirtirish esa boylarning anʼanasi.

24.7.2023 3919

Zomin taassurotlari

Men badiiy tarjima yo‘nalishi bo‘yicha ijod qilib kelaman. Asar tarjima qilish eng murakkab jarayon bo‘lib, u tarjimondan tinimsiz mehnat va o‘z ustida ishlashni talab qiladi. Ana shu yo‘lda har qanday yosh tarjimonga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, o‘z tajriba va bilimlari bilan bo‘lishuvchi ustozlar juda zarur. Bu yil respublika yosh ijodkorlar seminariga qatnashish baxtiga musharraf bo‘ldim. Bu seminardagi har daqiqam mazmunga to‘la va ajoyib xotiralarga boy bo‘ldi. Rustam Musurmon, Nikolay Ilin kabi ustozlardan oltinga teng saboqlarni oldik. O‘z yutuq va kamchiliklarimizni angladik. Bizga shunday ijod muhitida bo‘lishimizga, yangi do‘stlar orttirishimizga imkon yaratgan hamda sovg‘alari bilan siylagan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tashakkur, deyman.

24.7.2023 4052

Birinchi qo‘ng‘iroq

Bir ozdan so‘ng quyosh butun hashamati bilan charaqlab chiqishi kerak.  Ha chiqadi ham…  Aprel…  Yaxshi oy…. Yangilanish, yasharish oyi… Vaholanki, quyoshining tafti ham o‘zgacha nurli.  Baland bo‘lmagan uch qavatli g‘ishtin binoning yuqori qavatida ona bola yolg‘iz yashaydi. U hali kichkina yetti yoshda, yosh bo‘lishiga qaramay orzulari ham quyoshdek porloq.  Mushtdekkina yuragi quvonchga to‘lgan, onasining "o‘g‘lim maktabga chiqadi bu yil" degan so‘zlarini  eshitganidan so‘ng.  Har kuni qo‘shni o‘rtog‘i bilan shomgacha suhbatlashishadi: - O‘rtoq men maktabga boraman, yangi kiyimlar ham oldik. Ilk maktabga kelgan o‘quvchilarga sovg‘alar ham ulashishar ekan!  O‘rtog‘i unga havas ko‘zi bilan qarab qo‘ydi, o‘zi  maktabga borishi haqida o‘ylab ko‘rmagan, qolaversa ayasi hali  maktabga borishingga olti oy bor kiiymlaring kichkina bo‘lib qoladi, sen o‘sadigan yoshdasan degan so‘zlari uchunmi?  Xullas maktabga borish katta ish emasdek! Shu alpozda soatlar, kunlar o‘taverdi. Bolalar bayramiga unga ko‘p sovg‘alar tushdi. Eng eʼtiborlisi kichkinagina olma shaklidagi soat bo‘ldi. Shu ondayoq vaqtiga to‘g‘rilab o‘z xonasiga joylashtirdi. Soatning chiq-chiq ovozi bilan uxlaydi va shu ovoz bilan uyg‘onadi.  Yozishni o‘rganadi, kiyimlarini kiyib ko‘rib yurishni o‘rganadi va yana yechadi. Silliqqina qilib kichkina qo‘llari bilan taxlab qo‘yadi.  Kutadi…  Soniyalar o‘tishi qiyin. Maktabda birinchi qo‘ng‘iroqni chaladi, sinfxonada chopib o‘ynaydi va yaxshi baholar oladi….  Hammasi tasavvurda. Kel avgust, kelaqol avgustjon!  Buyog‘iga oz qoldi.  Albatta maktabga chiqaman.  O‘ziga-o‘zi sig‘maydi… Uzoqdan maktab hovlisini kuzatib keladi… Shunday intizor kutilgan oylar, kunlar orasida kutilmagan mehmon paydo bo‘ldi. Hamisha ham shu atrofda yuradigan bu mehmon aynan uch qavatli binoning yuqori qavatiga taklifsiz kirib keldi.  Yo‘lida uchragan kimsaga rahm-shafqat qilmaydi o‘z iskanjasiga olib ketadi. Yo‘q bu mehmonni siz ham siylamaysiz. Negaki hali mittigina,o‘zi  nimjon, orzulari osmon bu bolakayni o‘ziga raqib qilib tanlaganini ne deb atash mumkin.? Shubhasiz shunday qildi ajal iskanjasida qoldirdi “oqqon”deb atalmish nomi o‘zidan sovuq bu dard…. U kichkinagina deraza oynasidan, shovqin shahar tamon nigohini tikkancha jim yotar edi. Ona uchun bu qanchalar og‘ir… - Aya, maktabga borishimga oz qoldi?  Sanoqli kunlar…  Tezroq kelaqolsa…  Kiyimlarim o‘zimga yarashadi…  Siz bilan birga boramiz…. Jajji yuzlari kun sayin so‘lib borayotgan bu bolakayga onasi tassalli  beradi… - Ha bolajonim, sen maktabga chiqasan! Erta tong maktabda ilk qo‘ng‘iroqlar ovozi eshitildi. - Ana qo‘ng‘iroqlar chalinyapti, meni  ham maktabga olib boring aya! -Hozir o‘g‘lim, hozir…. Shosha-pisha kiyimlarini olib kelish uchun nargi xonaga yugurgiladi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmadi…  Haligi mehmon raqibi ustidan g‘alaba qozondi… O‘rtog‘i ertasiga uning oyoq kiyimini maktabga olib bordi…  Ustoz bu yerda o‘rtog‘im o‘tirishi kerak. Sovg‘alarini ham menga bering o‘zim olib boraman unga!  U xursand bo‘ladi!

19.7.2023 4151

SEVIMLI “IBTIDO”

Muallif: Den Braun. Janr: detektiv, triller, ilmiy-sarguzasht. Asosiy qahramonlar: professor Robert Lengdon, futurolog va milliarder Edmond Kirsh, Guggenxaym muzeyi direktori Ambra Vidal.  Voqealar rivoji keskin va qiziqarli, ilk sahifalardanoq o‘ziga bog‘lab oladigan, bilimlaringizni boyitadigan kitob o‘qish istagidamisiz? Javobingiz “ha” bo‘lsa, hech ikkilanmay amerikalik yozuvchi Den Braunning “Ibtido” asarini o‘qib chiqishni rejalashtiravering. Chunki loyihamizning bu galgi sonida birga o‘qish uchun ushbu kitobni tanladik. 2017-yilning 3-oktabrida “Doubleday” nashriyotida chop etilgan roman 2018-yilda “The New York times bestsellerlari” reytingida 23 haftagacha birinchi o‘rinni hech kimga bermagan. Natijada “2018-yilning eng ko‘p sotilgan va o‘qilgan badiiy sarguzasht asari” deb tan olingan. Dastlabki 2 million nusxasi qisqa vaqt ichida sotilgan va 42 ta tilga tarjima qilingan asarni 2020-yili tarjimon Orifa G‘ulomova o‘zbek tiliga o‘girdi. Ikki boqiy savol Roman voqealari, asosan, Barselonada, qisman BAA (Sharja) va Vengriya (Budapesht)da bo‘lib o‘tadi. Asardagi bosh qahramon Garvard universitetining semiotika bo‘yicha professori Robert Lengdon shogirdi, zamonining dahosi deb tan olingan Edmond Kirsh tomonidan Bilbao shahrida joylashgan  ultra-zamonaviy Guggenxaym muzeyida bo‘lib o‘tadigan muhim anjumanda ishtirok etish uchun taklif etiladi. Ammo voqealar shu qadar keskin tus oladiki, anjumanda butun dunyoga namoyish etilishi kerak bo‘lgan taqdimot kutilmagan va dahshatli sabablar bilan barbod bo‘ladi. Qirq yoshli milliarder, futurolog, yuqori texnologiyali ixtirolari va dadil bashoratlari bilan dunyoga mashhur Edmond Kirshga qilingan dahshatli suiqasd uni insoniyat tarixidagi ikkita asosiy va boqiy – “Biz qayerdan keldik?” va “Qayerga ketyapmiz?” savollariga topgan javoblarini butun dunyoga eʼlon qilishdan to‘xtatib qoladi. Bu javoblar qanday edi? Ularning eʼlon qilinishidan qo‘rqib, olimning joniga qasd qilganlar kim edi? Taqdimotni butun dunyoga yetkazishni iloji topiladimi? Buni asrimiz insonlari qanday qarshilashadi? Shu kabi savollarga javob topish istagi sizni 700 betlik kitobni juda oson va tez o‘qib chiqishingizga yetarlicha sabab bo‘la oladi. Qahramonlar haqida Asarda bilimli insonlar har qanday vaziyatdagi muammolarga yechim topa olishi, ilm qutqaruvchi kuch ekani qahramonlar misolida isbotini topadi. Edmond Kirsh timsolida esa zamonaviy dunyoning hamma imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, olamshumul kashfiyotlarga qo‘l urgan dasturchini ko‘rish mumkin. Ammo inson qalbida alamzadalik, atrofdagilarga nisbatan nafrat tuyg‘usi yashar ekan, salbiy oqibatlardan qochib bo‘lmasligiga guvoh bo‘lamiz. O‘z fikriga ega, keng dunyoqarashli ayol obrazini gavdalantirgan Ambra Vidal esa opa-singillarimiz uchun ko‘p jihatdan o‘rnak bo‘lishga arzigulik inson. Bundan tashqari, Ispaniya qirolligi oilasi va Ispan diniy jamiyati tevaragida bo‘lib o‘tadigan voqealar davomida Ispan shahzodasi, diniy rahnamolar, qirollik saroyining muhim vakillari, sobiq harbiylar kabi obrazlarga ham duch kelamiz. Shu o‘rinda, barcha voqealarda faol ishtirok etuvchi sunʼiy intellekt – Uinston obrazi asar davomida insonga xos bo‘lmagan “aql salohiyati”ni namoyon etadi: u qomusiy bilim egasi, sanʼat va madaniyat bilimdoni, musiqa chaladi, asar ham yaratadi. Dasturlar orqali xohlagan tizimini boshqara oladi. “Kompyuter sabrining chegarasi yo‘q. Masalan, biror vazifani bajarishda million marta omadsizlikka uchrasam ham umuman qizishmayman. Ishtiyoqim aslo so‘nmaydi”, deydi o‘zi haqida. Sizda kitobni o‘qib chiqish va loyihamizda ishtirok etish istagi paydo bo‘ldimi? Bu juda oson! Joriy yil 30-iyulga qadar yoshlar-ovozi@mail.ru manziliga yuqoridagi savollar javobini yo‘llang. Eng birinchi va to‘g‘ri javob yo‘llagan ishtirokchimiz, “Birga o‘qiymiz”ning navbatdagi g‘olibi deb topiladi. SAVOLLAR: Romanda keltirilgan tarixiy inshoot nomlarini sanang. Edmond Krish ixtirosi bo‘lgan sun’iy intellektni kimning sharafiga nomlaydi? Siz romanda qanday yakun kutgan edingiz? O‘z fikr-mulohazalaringizni bo‘lishish sizga g‘alaba sari ustunlik berishi mumkin. Kirsh umri davomida kimlarni eng ko‘p tanqid ostiga olgan va nima uchun? Taqdimotdan oldin dahoga suiqasd uyushtirgan shaxsning o‘tmishi haqida nimalarni bilasiz? “Kompyuter sabrining chegarasi yo‘q. Masalan, biror vazifani bajarishda million marta omadsizlikka uchrasam ham umuman qizishmayman. Ishtiyoqim aslo so‘nmaydi”   G‘olib RAMZIDDIN – ENG TEZKOR KITOBXON Loyihamizning avvalgi sonida Klaus Shvabning “To‘rtinchi sanoat inqilobi” kitobini birga o‘qigan edik. Loyiha doirasida eʼlon qilingan savollarga kutilganidan ko‘proq ishtirokchi javob yo‘llagani bizni quvontirdi. Ayniqsa, birinchilardan bo‘lib javob yo‘llagan ishtirokchimiz – O‘zDJTUning uchinchi bosqich talabasi – Ramzidin Abdulhoshimov hamma savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob berdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Maʼlumot uchun, g‘olibimiz 2004-yil Namangan viloyatida tavallud topgan, hozir bir nechta xorijiy tillarni  puxta o‘rganish bilan band. Ramziddinga omad tilab, faol ishtiroki uchun Xumora Nazarova, Sardor Nig‘matov, Mohira Fozilova, Zulayho Ilyosova va boshqa pochta manzillaridan javob yo‘llagan qatnashchilarimizga rahmat aytamiz!  Zavqli va foydali mutolaa hamrohingiz bo‘lsin!          

14.7.2023 4155

Bilimli qizlar – renessans kaliti

Ayol – garchi bajargan ishlari yaqqol ko‘zga ko‘rinmasa ham, butun jamiyat taraqqiyoti uchun kuch va salohiyat manbayi. Kelajak  qo‘lida, u  butun bir avlod tarbiyachisi.  Biz yashayotgan zamonaviy dunyoda ayollarga berilayotgan e’tibor, ishonch, mas’uliyat va imkoniyatlar avvalgiga nisbatan kattaroq. Chunki, u endi nafaqat millat davomchisi, balki ma’lum sohaning professional mutaxasisi, davlat arbobi, olima, tadbirkor, siyosiy yetakchi, jamiyatning faol a’zosi, rahbar va eng muhimi bilimli, zamon talablariga javob bera oladigan, millat dardlariga darmon bo‘la oladigan, oilaning shijoatli a’zosi. Bugun zamon ulardan faqat oilada emas, mamlakatda, butun dunyo miqiyosida faol bo‘lishni, o‘z ustida ishlashni, salohiyatini namoyon etishni talab etmoqda. O‘tmishga nazar soladigan bo‘lsak, ayollarning  maslahatdonligi butun millatning taraqqiyoti, ravnaqi va barhayotligiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Xonimlar orasida davlat jilovini o‘z qo‘lida tutib, dono siyosat yuritib, maydonlarda mardonavor jang qilgan malikalar, jahongir insonlarni dunyoga keltirib, tarbiyalab, ulug‘vor ishlarga ruhlantirgan fozila onalarning borligi rad qilinmas haqiqat. Sohibqiron bobomiz va Saroymulkxonim hayotidan misol: Amir Temur saroyida “Bibixonim” deya ulug‘lanuvchi bu malika o‘zining donoligi, zakovati, tadbirkorligi, siyosatdonligi bilan hatto erkaklarga o‘rnak bo‘la oladigan darajani egallagan. Temuriy mirzolarning tarbiyasi, ilmli bo‘lishi, komil shaxs bo‘lib yetishishi uchun shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lgan. Buni buyuk Temurning o‘zi talab qilgani zurriyotlarining shaxs sifatida shakllanishida tarbiyachi onaning o‘rni qanchalik muhim ekanligini anglaganidan belgi beradi. Masala esa bugun ham dolzarb! Kelgusida ayollarning jamiyat va davlat faoliyatida faolligini oshirish borasida hali yana ko‘plab islohotlarni amalga oshirish  allaqachon zamona talabiga aylangan. Ularning yuksak saviyada bilim olishi, aql-zakovati va madaniyati darajasi uchinchi renissansga kafolat bo‘la olishi ham haqiqat. O‘qimishli, faqat oilada emas, jamiyatda ham tinglanadigan, qo‘llab-quvvatlanadigan qizlar bo‘lajak Buxoriylar, Beruniylar, Mirzo Ulug’bek, Navoiy, Mirzo Boburlarning ham onasi, ham ustozlaridir. Ulkan vazifalarni bajarishlari uchun esa avvalo o‘zlari chuqur bilim va yuksak aql-idrok sohibasi bo‘lishlari lozim. Zero buyuk jadidchi, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek:, “Tarbiya beruvchining avvalo o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi lozim”. Bunday jarayon esa bevosita davlat va jamiyatning faol sa’y-harakatisiz, qo‘llovlarisiz amalga oshmaydi!

13.7.2023 4098

O‘zbekistonim

Har bir kuni o‘tmoqda sokin, Dasturxoni hamisha to‘kin, Ravnaq topib bormoqda sekin – Obod o‘lkam – O‘zbekistonim!   Yoshlari har sohada ilg‘or, Osmoni tinch, toza beg‘ubor, Gullamoqda hurmakon diyor, Go‘zal, ko‘rkam – O‘zbekistonim!   Muqaddasdir har giyoh, toshi, Porlab turar iqbol quyoshi, Elga g‘amxo‘r ulug‘ yurtboshi, Qaddi o‘ktam – O‘zbekistonim!   Mehnatidan risq-ro‘zi butun, Egni butun, har so‘zi butun, Bolam deya yashar tun-u kun, Shod-u xurram – O‘zbekistonim!   Mehmon do‘st el, bag‘ri keng elim. Ko‘ksi osmon bilan teng elim, Borgan sari nurafshon yo‘lim, Qutlug‘ qadam – O‘zbekistonim!

12.7.2023 4113

VARRAK

Qulagan devor ostida “bolam”lab yig‘layotgan onalar faryodi, yaqinginada portlayotgan bomba tovushlari-yu o‘q ovozlari, qora tutunga to‘lgan osmonni vahima bilan kuzatayotgan bolakayning xo‘rligi keldi. Axir osmon avval bunday emasdi, ko‘chalarda do‘stlari bilan shodon yugurib, shovqin solib o‘ynardi! Nega hammasi bu qadar tez o‘zgarib ketdi? Otasini ko‘z oldida otib tashlashdi, onasi va yolg‘iz singlisi ham kecha uyiga tushgan snaryad zarbidan halok bo‘ldi. O‘zi esa ochlik va qo‘rquv iskanjasida berkinib yotibdi. Bolakayning ko‘zi beixtiyor uy qoldiqlari orasida yotgan varrakka tushib qoldi va onasining gapini esladi: “Varrak – tinchlik ramzi, u uchgan osmon mussafo va tinch bo‘ladi”! – Hammasiga men aybdorman! Otamning, onamning, singlimning o‘limiga men sababchiman! Kasal bo‘lib yotganim uchun bu bahorda varrak uchira olmagandim. Shuning uchun tinchlik bizdan xafa bo‘lib, ketib qolgan! Darhol yugurib chiqdi-da, varrakni vayronalar ostidan chiqarib oldi. Shikast yetmabdi, demak uchadi, u uchsa, albatta, tinchlik qaytib keladi va urush to‘xtaydi! Ipni tortgancha qoqilib, turtinib yugura boshladi: – Ucha qol! Varragim, uch! – deya bor ovozda baqirdi. Ishonch hosil qilish uchun ortiga qayrilganida varrak asta yuqoriga ko‘tarila boshlagandi. Buni ko‘rib, suvsizlikdan qurib qolgan lablariga tabassum yugurdi. Va kutilmaganda mina portladi!... So‘nggi nafasini olayotgan bolakay ko‘zlarini varrakdan uzmas, varrak ham uni tashlab ketgisi kelmayotganday simyog‘ochga o‘ralib qolgandi.

12.7.2023 4176

ZARNIGOR

O‘qishimni tamomlab uyga qaytayotgandim. Men o‘tirgan mashina to‘ppa-to‘g‘ri bozor ostonasiga kelib to‘xtadi. Haydovchi odamlar va ko‘cha savdo rastalarini bahona qilib, bir oz masofa qolgan uyimgacha eltib qo‘yishdan bosh tortdi. Nailoj, safar xaltamni olib, tushdim. Har chorshanba kuni qishlog‘imizda bozor bo‘ladi, men buni unutib ham qo‘ygan ekanman. Daf’atan, bozor shovqini ko‘p narsalarni eslatdi. Odamlar orasidan o‘tib borarkanman, juda tanish, jarangdor ovozni eshitdim. Shundoq yonginamga o‘girildim: tovush egasi traktor tirkamasi ustida qovun-tarvuz sotayotgan, oddiy kiyingan, yuzini oq ro‘mol bilan to‘sgan, chaqqon bir qiz edi. Men joyimda qoqqan qoziqdek tik qotdim. “Nahotki, u”?! O‘z-o‘zimga savol bergancha uning ko‘zlariga tikildim. U o‘z ishiga sho‘ng‘ib ketgan, kuzatayotimni payqamasdi. Jarangdor, shirali ovoz bilan tarvuz-qovunlarini maqtar, qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilardi... O‘shami? Bo‘lishi mumkin! Chunki, otasining lalmikor yerlari bor edi, o‘zi ham bolaligidan bu erkak ishi, bu ayol ishi deb ajratib o‘tirmasdi. Har qanday sababdan avval ko‘nglim sezib turardi bu – o‘sha qiz. Men uning ovozini hech qachon unutmaganman. Sepkilli, quyoshda qoraygan, shamolda kuzgi qovunlardek taram-taram bo‘lib yorilib ketgan yuzlarini, qovjiragan maysalar singari sariq, patila sochlarini unutishim mumkindir, biroq uning ovozini unutolmayman. U bilan bog‘liq xotiralarim xuddi yoqimli tushga o‘xshaydi. Tongda nimani ko‘rganingni aniq aytib berolmaysan, nimalar sodir bo‘lganini eslolmaysan ham, lekin uning yoqimli hislari tanangni hali tark etmagan bo‘ladi. Men ham uni nimaga unutolmasligimni bilmayman, axir u bilan men yaqin bo‘lmaganmiz. Shunchaki, bolaligimni eslasam, dastavval uning ovozi yodimga tushadi... Yoz, saraton, uzumzor bog‘lar-u boquvdagi qo‘ylarimiz va... Zarnigor ko‘z oldimga keladi. Uning otasi bilan mening otam do‘st bo‘lgan. Yerlarimiz yonma-yon – chegarasini ikkala taraf ham bilmaydigan va aniqlash shart ham bo‘lmagan darajada yaqin edik. Men unga nisbatan nimani his qilganimni aniq bilmayman. Hatto hozir – odamlar bilan gavjum bozorda – uning qarshisida turib ham nimani his etayotganimni ta’riflab berolmayman. U men uchun sir edi. Sirligi shunda ediki, kichik jussasiga mos bo‘lmagan baland va jo‘shqin ovozi bor edi. Shu bilan birga, men eshitgan eng yoqimli, jozibali, agar ta’rifim mos tushsa, allalaguvchi ovoz edi. Alla – uxlatadigan ohangdagi qo‘shiq. Insonning ilk qo‘shig‘i. Mening ilk qo‘shig‘imni Zarnigorgacha a’lo darajada kuylab bo‘lishgan edi. Zarnigor esa inja, hammadan yashirgan nafis hislarimni ilk bora allalab uyg‘otgan edi. U juda chiroyli kuylardi. Aqlim bovar qilmasdi: musiqa maktabi nimaligini bilmagan, ota-bobosi baxshi bo‘lmagan cho‘pon qizda bu iste’dod qayerdan paydo bo‘ldi ekan?! Men uning qo‘shiqlarini eshitish uchungina u tomonga qo‘ylarimni haydab ketaverardim. Uning kuylashiga xalal berib qo‘ymaslik uchun ko‘zga tashlanmaslikka tirishardim. Chunki u faqat hech kim yo‘q joyda, keng dala-dashtda kuylardi. Uning qo‘shiqlari sarkash shamollar, qo‘ylarning baland-past ovozi bilan aralashib o‘zgacha bir hissiyot paydo qilardi va dunyoda shu ovozlardan bo‘lak hech nima qolmasdi men uchun. Hozir ham qulog‘im uning ovozidan bo‘lak hamma narsani rad etib turar, ammo endi uning zabonidan hayot, tirikchilik qo‘shiqlari boshqacha ohanglarda yangramoqda edi... Biroz turib qoldim shekilli, bir payt qarasam, Zarnigorning ro‘parasida ekanman. Xaridorlar kamaygani bois endi u e’tiborini menga qaratdi: – Keling, aka, tarvuz beraymi yo qovun? Keling, kelishtirib, arzongina qilib beraman. Nechta olasiz o‘zi? – dedi u xaridorlarga takror va takror aytayotgan gapining bir so‘z-u ohangini o‘zgartirmasdan. U mendan ancha balandda edi, xuddi tomoshabinidan yuqorida turuvchi teatr aktrisalari yoki san’atkorlar kabi. “U sahnalarga qanchalik yarashgan bo‘lardi-ya…” o‘ylayman shu tobda. Axir uni odamlar eshitishganida edi, hozirgi uncha-muncha qo‘shiqchilarni tan olishmasdi. Mana, o‘zim qancha kuy-qo‘shiqlarni tingladim, “manaman” deganlarining jonli konsertlarida ham bo‘ldim, axir meni hech biri lol qoldirolmadi-ku! Axir men Zarnigor aytgan asl qo‘shiqlarni tinglagan kamsonli odamlardan biri edim. Zarnigor menga e’tibor bermay o‘z ishida davom etardi. Men esa uning harakatlarini kuzatib, odamlar bilan tarvuz narxi ustida ming so‘m uchun talashayotganini eshitib, aytgan narxiga sotolsa, quvonib ketishini, xaridor so‘ragan narxga ko‘nsa, qandaydir g‘amgin tortib qolishini ko‘rib, xo‘rligim kelardi. U uchunmi yo istamagan sohasida majburlikdan o‘qiyotgan, iste’dodsiz, behafsala, umrining eng gullagan davrini yelga sovurayotgan o‘zim uchunmidi bu xo‘rlik, bilmadim. Tarqoq xayollarimni qovun-tarvuzlariga xaridor chaqirayotgan Zarnigorning baland ovozi o‘ziga keltirdi: – Kelinglar, arrrzongina, shirringina tarvuzlargaaa!

11.7.2023 4126

TAVAKKAL

TAVAKKAL Tamaki tugadi, tun emas, Gʻashiqtirar asabim sabr. Na tuyam bor, na suv to‘la mesh, Oldinda tong — Sahroyi kabir. Derazadan otilar soyam, Qutqarolmas mendan o‘zini. Xayrlashmoq uchun qayrag‘ochQo‘l uzatar g‘amgin cho‘zilib. Mushuklar jim, oy ham beparvo, Shamol bog‘lar qo‘ynida yayrar. Shift tikilar dajjolday sovuq, Toq ko‘zida lovullab hayrat. Yurak esa yuvilgan ko‘ylak, Chak-chak tomar chetidan savol. Shivirlayman: siqilma, umrBekatlarda etadi davom. Tunni chekib bitirar soat, Ovoz eshar eshik qarg‘abop. Yopinaman namxush yurakni, Oldinda tong — mash’um karbalo. Na tuyam bor, na suv to‘la mesh... IKKI KAMBAGʻAL Osmondan do‘l yog‘sa Xudodan ko‘rdik, Qishloqni suv yuvsa, dedik Xudodan.Qo‘rqsinib, qisinib, sudralib yurdik, Amallab jon saqlab chodir, o‘tovda. Birimiz ikkiga do‘nmadi hargiz, Xirmoni butlarning oshdi hisobi.Shunda ham toqatni aylabon targ‘ib Ko‘nikdik. "Nimasi bo‘lgan Isoning? Yegani noning bor, kiygani chopon, Och qornim – tinch quloq o‘gitin esla.Xudo yo‘l ko‘rsatar noshukur, nodon", Bir-birga uqtirdik g‘azabdan xezlab. Ming afsus, bolalar quloqsiz chiqdi, Erkinlik bir burda non emas derlar.Ko‘zingga o‘qrayib so‘kar dunyoni:"Yolg‘onni boqyapmiz dalada terlab" Aqlsiz bolalar tilingiz tishlang, Qullik Xudoyimga tobelik ramzi.Kallani ko‘tarmay jimgina ishlang, Zamonga gung kerak, kerakmas Hamza. Yo‘q, bizga ergashmas, asov, betizgin, To‘g‘ri, kambag‘almiz, ammo to‘q, saxiy.Baribir so‘zingni bo‘larlar keskin:"Erkinlik bir burda non emas axir!" Birodar, qoldimi uch-to‘rt kunliging, Ular haq esa-da o‘zgarmas odat.Mening omiligim, sening go‘lligingAslo tuzalmagay, bu ham Xudodan.

10.7.2023 3610

“Muallaq lahza”

Nargiza Odinayevaning “Muallaq lahza” sheʼriy toʻplami nashrdan chiqdi.  Kitob Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. Loyiha rahbari Sirojiddin Sayyid, masʼul muharrir Maʼmura Zohidova. Shoiraning ushbu kitobiga jam boʻlgan sheʼrlarida chechan oʻzbek qizining toza va shiddatli ruhi, yorugʻ dardlari, teran mushohadasi – milliy timsollar asosida badiiyat kasb etadi. Ularga hamnafas boʻlmoq oʻqirmanni hayrat bilan roʻbaroʻ keltirishi shubhasiz. Nargiza Odinayeva 1988-yil 28-fevral kuni Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Ijodiy faoliyati davomida yaratilgan “Yoʻldagi maktublar”, “Toʻrt tomon” nomli sheʼriy kitoblari, “Surxonning yosh ijodkorlari”, “Teran ildizlar”, “Kenglik ohanglari”, “Istiqlol farzandlari” kabi qator almanax va bayozlarga kiritilgan ijod namunalari mutaxassislar va kitobxonlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Ijodkor “Kelajak ovozi” tanlovi viloyat bosqichi gʻolibi. “Isteʼdod maktabi” III respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. Kitob 1000 nusxada chop etilgan.

10.7.2023 3053

IZHOR

IZHOR Asta-asta uzoqlashadiSeni menga keltirgan qadam.Gap-so‘zlaring tuzoqlashadi,Tuzoqlashib borasan sen ham. Asta-asta o‘tadi kunlar,Tunlar o‘tar kunlarga monand.Tomiringga aylanadi qalb,Qalbingni yechintirar xona. Asta-asta ko‘nikamiz vaYotga yotsiramaymiz endi.Yolg‘izlik yarashar xudoga –Huquqimiz xudoga tengdir. Asta-asta to‘lib boramiz,Hech kimga aytmaydi vido lab.Uzoqlashaverar oramiz –Yaqinlashaverar xudolar... BIR DAQIQA... Men juda bahaybat, men juda ulkan,So‘zdirman sig‘magan hech bir og‘izga.Uzun – ulkan ul o‘lka – ko‘lkam,Qovog‘im qor – qo‘ngan tog‘ uzra. Qanchalar og‘irman, bo‘g‘zim ko‘zlaganDor – o‘zimning sochim – ommabop.Bu vujudda joy yo‘q o‘zgaga,Bu vujudda men yo‘q – hamma bor... BETOBLIGIM Shiftga termulaman...O‘zga chora yo‘q...Tinglayman soatning mungli bongini.Hujayram rangiga belaydi ufq Shiftning otayotgan tongini...Qushlar kun dardida...Odamlar...Itlar...To‘shak changalining bag‘rida Shift yotadi bemajol, bitlab...Yo‘q elitmas,Yo‘q, yo‘q, u bedor,Bir nuqta – bir umr nigohi.Vujudidan sevinch shashqator Shift qo‘yniga keladi oqib...Vaqt oqimi vaqtni unutgan...O‘lim!Buncha o‘lim sevmasang?!Tuproq kabi qo‘nadi shiftga Kiprigimda urchib yotgan chang!Kuylab shuurimning ongini Termulaman... –Yagona huquq!Shiftning otayotgan tongini Ko‘zlarimgaBelaydiUfq...

10.7.2023 2804

YO‘LOVCHI

Ushbu kitobga jamlangan she’rlar, doston va dramatik asarlarni o‘qiy turib, beixtiyor muallifning yaqin sirdoshiga aylanasiz. Shoirning el dardi bilan og‘rigan bemor ko‘ngliga tasalli izlaysiz. Uning juda sodda va ravon aytimlari elga juda yaqinligini his qilasiz. Iftixor Xonxo‘jayevning ushbu to‘plamidan sevgi, sadoqat, ishonch, hamdardlik, xayrixohlik singari ko‘plab insoniy tuyg‘ularni tarannum etuvchi she’rlar o‘rin olgan. Homiy: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiMas’ul muharrir: Mansur JumayevNashriyot: “Adabiyot”Adadi: 1000