Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Shoirning “Izlam”i

29.11.2023 1630

Gulrang Ubayeva

Inson insonni xayolot ustida o‘ynashi judayam qaltis. Shunday ekan, haq tarafligiga, yutishiga, yutgani hamono yo‘ldosh orttirishiga aminlargina badiiy boshqotirmalarda tafakkur chiziqlarimizni cho‘zaversinlar.

“Tomib bo‘lgan ko‘zyoshlaringning

soyasi muallaq. Inmaydi”.

 “Izlam”, ilk satrlar. O‘ylayman, to‘kilib bitgan ko‘zyoshning ham soyasi bo‘larkanmi?.. Chalg‘iyotganday ko‘rinadi shoir. Bildim, chalg‘itayotgan ekan. Chalg‘iyverdim, o‘qiyverdim.

Yana bilgandayman: Faxriyor va tafakkur so‘zlari yaqinligini, faqat hissiyotlar emas, bazo‘r epaqaga olingan aqliy xayolot uydirmalaridan iborat tasvirlarda biz ko‘proq tajalli etamiz.

“… Niqtagin, siqtagin, urin ming,

Soya to‘kilmaydi, sinmaydi”.

Bu soya yashirinmaydi, yo‘qolmaydi, tomgan yeriga singib ketsa-da, tomchi, soyasi o‘z sabablari yonida bo‘ladi doim. Chunki bu soya bizniki emas, bizga oid emas. Shoir ham epigrafni ustalik bilan tanlay olgani, ehtimol aynan ta’sirlangani ayonlashadi: “Sen biror marta ko‘zyosh soyasini ko‘rganmisan?.. U oddiy soyaga o‘xshamaydi… U yuraklarimizga mutlaqo boshqa, uzoq dunyolardan keladi…” (Xaruki Murakami).

Bu soyalar tunlarda ham ko‘rina oladi, ehtimol shundan qoradir tun, ehtimol ko‘zyosh sabab, ko‘zyosh uchun bordir tun…

“U tunlarga kirib boradi

Muallaq ko‘y, qadam-baqadam”

“Armon yanglig‘ u ham o‘chmaydi,

Soyalarni tunga yoyasan”.

Bir o‘rinda shunday jumlalar bor:

“Nursiz soya – ko‘zyosh soyasi”.

Keling chalg‘iymiz, o‘zi soyaning nurlisi bo‘larmidi hech? Yo ma’no ko‘rsatishda “ziqna shoir” Faxriyor: ko‘zyosh soyasida rohatlana olmaslikka sha’ma qilyaptimikin? Negaki, keyingi jumlalarida bu “nursiz soya”lar allaqachon yulduz bo‘lib ko‘rina boshladi-da…

“Soya yulduz bo‘lib jivirlar,

Lekin yulduz kabi uchmaydi”.

Bu dunyoga aloqasi bo‘lmagan har ne naqadar manguligiga yana bir bor iqror-ishorasi bu shoirning.

“Izlam” bilan izlashgunga qadar shoir sifatida bilsam-da, lekin men ham Faxriyor haqida fikrlovchilarning yuqorida keltirganim ikki turiga ham kirardim. Kitob bilan tanisha-tanisha anglayapmanki, bu shoir ijodida xalqona qo‘shiqlar ritmidagi she’rdan tortib, umuman ritmga no‘noq, to‘qson yashar kampirday ezma, ammo “ko‘rgan-bilganlari” ko‘p she’rlar, hatto ora-chorada o‘z demagini suratlarda, shaklchalarda ham ko‘rsatib bergan o‘ta saxiy she’rlargacha bor. Keragicha bor.

“yurak-bag‘rim xundir mani

kechib-kechib biy kechani

tushlar kelar qon ichgani

gala, gala” (“Tanaffus”)...

Bu ham boshdan oxirigacha xuddi shu ohangda yozilgan kattagina she’rdan. O‘qilishidan yengilgina, o‘ynoqidek eshitilsa-da, xulosasi yelkangizni yag‘ir qiladigan, hayotning xarakteriga aylangan achchiq haqiqatlarni singdira olgan shoir ularga.

Dastlab keltirilgan parchadagi yurak-bag‘irni shu qadar egovlaganki qon, hatto tushlarda yengillasha olmaydi, balki butun kechani “qon qiladi” kechinmalari bilan, “kechib-kechib biy kechani tushlar kelar qon ichgani” so‘ngra!..

Nega?

Shoir shunchaki “shoirmeros sevgi-muhabbat dardlari”ga burkanib oh-vovaylo qilayotganday ham ko‘rinadi. Lekin bunday ko‘rinishigina mumkin faqat. Unaqa bo‘lolmasligini, bir she’r diydiyosi ne ekanligini boshqalari ham ta’kidlayveradi chunki:

“oylar cho‘kar falakdan jimir jimir jimirlab

tog‘lar cho‘kar falakka g‘imir g‘imir g‘imirlab

toshlar qilar kalaka qiqir qiqir qiqirlab”.

Osmondagi Oy cho‘kyapti. Osmonni yelkalagan tog‘lar cho‘kyapti o‘z osmonlariga. Yerdagi toshlar, tog‘larning yelkalaridagi toshlar kulsa-ya qiqir-qiqirlab?! O‘zini tutib turgan tog‘larning ezg‘ilasa yelkalarini! Shoirning yozganlari she’r emas, “Sher” bo‘ladi. “Oh”i vovaylo emas, “Na’ra” bo‘ladi! Uni eshitmaslik uchun kar va gung bo‘lishi kerak tirik jon.

Adabiyotdagi o‘rnini insonni faqatgina hayajonga solishda, shirin kalomlar bilan peshonasini silashda deb bilmagan shoirimiz ming xijolatda talmovsirayotgan shakllar, suratlarni izoh sifatida olib kiradi so‘zlari orasiga. Lekin bu yangilik umuman keraksiz sifatida taassurot qoldirdi menda. Va menimcha, she’r figurasini qadrlaydigan har bir o‘quvchida bu usulga nisbatan shunday fikr uyg‘onadi.

She’rdagi tasvirlar shu qadar tiniq va uning hech qanday surat va shaklchalarga ehtiyoji yo‘q.  Mana qarang:

“Bahor bog‘ga maysaning tili

bilan kirar bildirmay

ilonning og‘zida jannatga

kirgan shayton singari”.

Shu joyda, “maysaning tili” yonida allaqanday geometrik shaklchani-yu, “ilon” so‘zi yonida uning jingalak suratchasini ham qo‘shishdan kimga foyda, kimga zarar?

Yakuniy gap yaxshi bo‘lish odati bor bizning adabiyotda. Bundan foydalanib qolayotgan she’rxon sifatida bemalol ayta olamanki, yaxshi kitob ham, yomon kitob ham kitobxonni o‘ylatadi, so‘zlatadi, yozdiradi. Lekin yaxshi kitoblargina kitobxonni hayajonga solib yozdiradi…

Hayajonlarimni ma’zur tutasiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish