18.6.2022 7612
2022/2023-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilish 20-iyundan boshlanadi. Bu yilgi qabul jarayonlarida ham yangiliklar talaygina. O‘qishni ko‘chirish faqat ikki holatda mumkin, bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakliga hujjat topshirish imkoniyati bor. Endi magistraturada xorijiy tillarni bilish sertifikati majburiy, qo‘shimcha imtihonlar bo‘lmaydi.Kutilayotgan yana bir nechta o‘zgarish va yangiliklarni Prezidentimizning 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda “2022/2023-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi farmoyishlardan bilib olish mumkin.XOTIN-QIZLARGA IMTIYOZBu yil oliy ma’lumoti bo‘lmagan 2000 nafar xotin-qizlarda oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli kirish imkoni bo‘ladi. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotinqizlar uchun 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda yuqoridagi ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq, tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi.BARCHA TA’LIM SHAKLINI TANLASH MUMKINPrezidentimiz qaroriga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali har yili 20-iyundan 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham), chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 10-iyulga qadar (10-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.Endilikda abituriyentlar test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy ta’lim shakllarini ham tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qarorga asosan, 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi. Shuningdek, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab OTMga o‘qishga qabul qilishnin davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi.IKKI HOLATDA KO‘CHIRISH MUMKIN Bir davlat oliy ta’lim muassasidan boshqa biriga o‘qishni ko‘chirish uchun faqat 2 ta vaziyatda ruxsat beriladi: talaba oila qursa va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga ko‘chmoqchi bo‘lsa; davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chsa va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lsa (ishga kirgan vazirlik xati asosida). Xorijdan o‘qishni ko‘chirishda esa o‘tgan yilgi tartib saqlanib qolgan:1) talaba mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi hamda undan o‘tish balini to‘plash talab etiladi;2) o‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi;Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.MAGISTRATURA BO‘YICHA O‘ZGARISHLAR?Bundan buyon magistraturaga qabul bir yilda ikki marta — avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda avgust oyidagi qabul – navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi kvotalar uchun, yanvar oyidagi qabul – yozda to‘lmay qolgan o‘rinlar hamda Davlat qabul komissiyasi tasdiqlagan kontrakt asosidagi qo‘shimcha kvotalar uchun bo‘ladi.Joriy yildan boshlab magistraturaga qabulda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi. Faqat abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy til sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Boshqa qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.IMTIYOZGA EGA BO‘LGANLAR UCHUN ALOHIDA “KVOTA”Qolaversa, endilikda oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lganlar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi (ilgari imtiyozga ega ayrim abituriyentlar umumiy kvota doirasida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinar va mavjud grant o‘rinlarini band qilishar edi). Shuningdek, yurtimizdagi xorijiy va nodavlat OTMlarga davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1 000 ta o‘rin ajratib boriladi.
18.5.2022 6672
“...Nodira Isayevaning Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan yangi o‘lchamdagi zamonaviy darsliklarni “filning qulog‘i”ga qiyoslashi, ularda rasmli maʼlumotlar ko‘payib ketgani, darslik uchun yaratilgan mobil ilovalar o‘quvchilarni dangasa qilib qo‘yishi haqidagi eʼtirozlarini, darsliklarning mazmun-mohiyatidagi o‘ziga xos jihatlarini tahlil qilmay turib, darslik hajmiga qarab baho berishini noprofessionallik, o‘qituvchiga xos bo‘lmagan nomunosib xatti-harakat deb baholaymiz”, deyiladi munosabatda. Munosabat “Darsliklarni yaratish jarayoni shunchaki bir nechta muallif ishtirokida amalga oshirilmadi. Jarayonda xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va, asosan, o‘qituvchilardan iborat katta jamoa ishladi. Darslikdagi har bir o‘zgarish xalqaro darslik yaratish standartlari va ilg‘or davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqilganidan keyingina kiritildi. Baʼzi ish bermagan yangiliklar tajriba-sinov jarayonida boshqasi bilan almashtirildi yoki olib tashlandi”, deya davom etadi. E’tirozli munosabatda darsliklar hajmi masalasiga ham to‘xtab o‘tilgan. “Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlarining umumiy texnik reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda Sanitariya-epidemiologik nazorat markazining o‘quv nashrlariga qo‘yadigan gigiyenik talablariga ko‘ra, 1–4-sinf o‘quvchilari uchun bir dona darslik og‘irligi 300 gramdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. 2-sinf darsliklarining o‘rtacha og‘irligi esa 200–220 gramni tashkil qiladi va bu belgilangan talablarga mos keladi. Avvalgi 1–2-sinf darsliklari 70x90 bichimda 225 ga 175 sm o‘lchamda edi. Bu o‘lchamdagi kitobni sumkada olib yurish qulaydek tuyulgani bilan kitob kichkinaligi hisobiga 1-sinf o‘quvchisi uchun noqulay shrift va dizayndan foydalanib kelingan. Yangi darsliklar esa 60x84 bichimda, yaʼni 300 ga 208 sm hajmda tayyorlandi. Bu o‘lchov xalqaro darslik yaratish standartlaridan kelib chiqib tanlangan bo‘lib, o‘quvchining yoshiga, psixologik-fiziologik rivojlanishiga har tomonlama mos keladi. Taʼlim mazmunining o‘zgarishi shakliy o‘zgarishlarni ham talab qiladi. Ilgari darsliklarda, asosan, nazariy maʼlumotlar berilgani uchun rasmlarga kam joy ajratilgan. Tangadek joyda juda kichik hajmda berilgan rasmlar bolalarni zavqlantirmagan, taʼlim olishida ahamiyatli sanalmagan. Zamonaviy darsliklarni esa taʼlimiy maqsadni ko‘zlagan turli rasmlar, chizmalar, diagramma va jadvallarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki maʼlumotlarni vizual holatda qabul qilish o‘rganishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. Bunda o‘quvchilarning nafaqat fanga qiziqishi ortadi, balki matn bo‘lmagan materialni ham tushunish ko‘nikmasi rivojlanadi”. Munasabatda qayd etilishicha, rasmlarning berilishiga nisbatan “qoida kam, rasm ko‘p” qabilida baho berish noo‘rin. Chunki aksar topshiriqlarda rasm asos qilib olingan. Yaʼni kitobdagi rasm va bezaklar taʼlim jarayonining muhim omiliga aylangan. Respublika taʼlim markazi “Raqamli dunyo bolalarini kompyuter va smartfonlardan ajratish deyarli ilojsiz. Bunday vaziyatda eng maʼqul yo‘l ularga qurilmalardan ilm olish maqsadida foydalanishni o‘rgatishdir. Yangi darsliklarda har bir o‘quvchining o‘rganish imkoniyati turlicha ekanini inobatga olgan holda turli mobil ilovalar hamda geymifikatsiya metodidan foydalanilgan. Chunki hamma bolalar ham mavzuni kitobdan o‘zlashtirishga qiziqavermaydi. Materialni smartfondagi o‘yin ko‘rinishida o‘zlashtirish esa allaqachon raqamli dunyoning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan bolalar uchun qulaylik yaratdi”, deya o‘z xulosasini yakunlagan.
2.4.2022 7455
So‘nggi paytlarda “motivatsiya” so‘zi tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. “Motivatsiya” haqida yozish uchun esa menga bir do‘stimizning yaqinda e’lon qilingan maqola tagida qoldirgan izohi “motivatsiya berdi” (sabab bo‘ldi // asos bo‘ldi // ruhlantirdi // ilhomlantirdi // undadi // turtki bo‘ldi). Mazkur jumlada “motivatsiya” o‘rnida qavs ichidagi biror so‘zni qo‘ysam ham tushunarli bo‘lardi, lekin shu so‘zni ishlatgim keldi. Xo‘sh, “motivatsiya”ni o‘zbekchalashtirish mumkinmi? Faqat bir muammo bor, “motivatsiya” – bu avvalo ilmiy atama. Atama, istilohlar ko‘pincha tarjima qilinmaydi. Ilgari tilimizda fransuzchadan rus tili orqali o‘tgan “motiv” (“motif”) so‘zi ishlatilardi. “Motiv”ni ham adabiy atama sifatida taniganmiz, xususan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da unga shunday izoh berilgan: “motiv [fr] – syujetning tarkibiy elementi, asarning asosiy mazmuni, mavzui” (O‘TIL. I. 1981. 472-bet). “Falonchi adib ijodida vatan motivlari”, “falonchi shoir she’rlarida sevgi motivi” qabilida aytilardi. Rus tilida esa “motiv” nisbatan kengroq ma’nolarda qo‘llangan. Xususan, “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da “motiv”ning asosiy ma’nolari sifatida: “sabab, bois, vaj” so‘zlari keltirilgan. Misol: “по личным мотивом – shaxsiy sabablarga ko‘ra” (RO‘S. I. 1983. 573-bet). Bundan tashqari, rus tilida sovet davrida “мотивировать” (“asoslamoq, dalil keltirmoq”) fe’li; “мотивировка” (“asoslar, dalillar, vaj-sabablar”) so‘zi ham yasalgan. “Motiv”ning fransuzcha shakli – “motif” va unga fransuzcha “Larousse” lug‘atida: “nimadir qilishga, harakatga undaydigan sabab, intellektual omil” deb izoh berilgan. Umuman, “motif” lotincha: “harakatga keltirish, ko‘chish” ma’nosidagi “movere” so‘zidan kelib chiqqan. Xullas, “motivatsiya” (fr. “motivation”) ana shu “motiv” so‘zidan yasalgan va u “Larousse” lug‘atida: “1. Biror bir ish-harakatni izohlovchi, ta’minlovchi, yuzaga chiqaruvchi omil, sabablar (motivlar) majmuyi...”, deb izohlangan. Albatta, “motivatsiya”ga berilgan izohlar lug‘atda yana davom etadi, ammo bu atamaning asosiy ochqichi – bu uning “motivlar majmuyi” ekanligi. Bundan tashqari, falsafa, ruhshunoslik, iqtisodiyot, tilshunoslik va boshqa fanlarda “motivatsiya” ilmiy atama sifatida turli qo‘shimcha ma’nolarga ega. Yuqorida biz “motiv” so‘zining lug‘aviy ma’nosi: “harakatga keltirish, ko‘chish” ekanligini aytib o‘tdik, ya’ni “motiv”, “motivatsiya” deganda biz shunchaki sabab, vaj, omillarni emas, balki “harakatga keltiruvchi”, biror ish-harakatni yuzaga chiqarishga undovchi sabablarni tushunamiz. Deylik, sizda biror joyga sayohatga borish uchun xohish, mablag‘, vaqt, imkoniyat, xullas, barcha omillar bor, bu sabablar sizni harakatga undaydi, ruhlantiradi, boshqacharoq aytganda, sizga motivatsiya beradi. Aksincha, mazkur omillar bo‘lmasa, tabiiyki, motivatsiya ham bo‘lmaydi. Yoki sizning uquv va bilimlaringiz imkoniyatingiz darajasidagi sohani tanlashga ilhomlantirishi (motivatsiya berishi) mumkin. Fransuzcha gapiruvchilar oddiy so‘zlashuvda “motivation”ga nisbatan ko‘proq “motiver” va “motivé” so‘zlarini qo‘llaydi. “Motive fe’li – “sabablar bilan asoslangan” ma’nosiga ega, rus tilida ham unga munosib – “мотивировать” fe’li yasalgan, ammo o‘zbek tiliga bu fe’l o‘zlashmagan; “motivé” so‘zi esa – sifat – “asoslarga (motivatsiyaga) ega” degan ma’no bildiradi, rus tiliga bu so‘z – “motivirovannыy” bo‘lib o‘tgan (“un homme motivé” – “мотивированный человек”). O‘zbek tilida “motivli” yoki “motivlamoq” deyilmaydi va bunga hojat ham yo‘q, yuqorida guvohi bo‘ldikki, o‘zbek tilida busiz ham fikrni to‘laqonli ifodalash mumkin. Alqissa, “motivatsiya” so‘zi hozir tilimizga shiddat bilan kirib kelayotgan ekan, uni duch kelgan joyda emas, menimcha, ko‘proq ilmiy atama sifatida ehtiyoj bo‘lganda ishlatgan ma’qulroq, toki u jonli tilimizda shu paytgacha ishlatib kelgan so‘zlarimizni siqib chiqarmasin
Qaynoq xabarlar
15:26
Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari davom etmoqda
09:53
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
18:43
YOSHLAR BALANSI MUAMMOLARNI BARTARAF ETISHDA ENG SAMARADOR
17:11
QABUL JARAYONIDA QANDAY O‘ZGARISHLAR BOR?
19:11
MOTIVATSIYA
22:15
SOF BOYLIK QIYMATINGIZ QANCHA?
17:31
RESPUBLIKA TAʼLIM MARKAZI O‘QITUVCHIGA E’TIROZ BILDIRDI