Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

HUQUQ

18.9.2023 803

Bolalarni avtomobilning old o‘rindig‘ida olib yurish taqiqlanadi

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, quyidagi hollarda odamlarni tashish taqiqlanadi: bolalarni yuk avtomobillarining yukxonasida; transport vositasining kabinasidan tashqarida (odam tashish uchun mo‘ljallangan bortli yuk yoki furgon-yuk xonali avtomobillar bundan mustasno); traktorlar va boshqa o‘ziyurar uskunalar, yuk tashiladigan tirkamalar, tirkama-uycha, yuk motosikllari yukxonasida; motosikllarning konstruksiyasida ko‘zda tutilgan joylaridan tashqarida; 12 yoshga to‘lmagan bolalarni motosiklning orqa o‘rindig‘ida, shuningdek bolalarni ushlab turuvchi maxsus qurilma o‘rnatilmagan transport vositasining old o‘rindig‘ida; odam soni transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘zda tutilgan miqdordan ortiq bo‘lganda. Bunda transport vositasining haqiqiy vazni uni ishlab chiqargan korxona belgilagan ruxsat etilgan vazndan oshmasligi kerak.

8.9.2023 1564

Ta'lim krediti kerakmi?

Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining "Oliy taʼlim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori (№527, 18.08.2021-y.) ✔️Kredit miqdori: talaba va taʼlim muassasasi o‘rtasida tuzilgan to‘lov-kontrakt shartnomasi miqdorida (cheklov yo‘q) ✔️Qaytarish muddati: o‘qish muddati (3, 4 yoki 5 yillik muddat) tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatga ✔️Foizi:yigitlar uchun — Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (hozir 14% — 2023-yil 8-sentyabr holatiga), qizlar uchun - foizsiz (0%); ✔️Asosiy stavka o‘zgarsa: agar Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaysa, unda kredit foizi ham pasayadi. Agar asosiy stavka ko‘tarilsa, unda kredit foizi o‘zgarmaydi (yaʼni ko‘tarilmaydi). ✔️Kimlarga beriladi: kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakligabakalavr yoki magistrgato‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirganyoki o‘qishini ko‘chirgan talabalarga beriladi. super-kontrakt uchun yoki ikkinchi mutaxassislik, masofaviy, maxsus sirtqi shakllar uchun taʼlim krediti berilmaydi. ✔️Qaysi OTMlar uchun: taʼlim krediti O‘zbekistondagi davlat, nodavlat yoki xorijiy oliy;o‘rta maxsus;professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallariyoki qo‘shma dasturda o‘qiydigan talabalarga beriladi. Xorijda joylashgan OTMlarda o‘qish uchun taʼlim krediti berilmaydi. ✔️Kafillik: kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila aʼzolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar taʼlim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin (yaʼni aynan qarindosh bo‘lishi shartmas). ✔️Fuqarolik: taʼlim krediti faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun beriladi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga banklarning o‘zlari tijoriy shartlarda kredit berishi mumkin. ✔️Kerakli hujjatlar: bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: a) ariza;b) talaba va taʼlim muassasasi o‘rtasidagi shartnoma (kontrakt);v) kredit qaytarilishining taʼminoti bo‘yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan taʼlim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;g) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (agar bo‘lsa);d) bankning ichki hujjatlarida (siyosatida) belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli maʼlumot va hujjatlar. ✔️Ariza ko‘rib chiqilish vaqti: ariza 5 ish kunida ko‘rib chiqilishi va kredit shartnomasi imzolanishi kerak. Agar rad etilsa bu haqda talabaga sababi ko‘rsatilgan javob xati beriladi. ✔️Muddatdan oldin qaytarish: kredit oluvchi taʼlim kreditini shartnomada belgilangan muddatlardan oldin qaytarishga haqli. ✔️Arizani qachon va qanday berish kerak: ta'lim krediti olish uchun arizani bugunning o'zida bersangiz ham bo'laveradi. Buning uchun albatta bankka borishingiz ham shart emas, talim-krediti.uz sayti orqali ariza yuborsangiz ham bo'ladi. Bankka borish ma'qul bo'lsa, unda bu variantni ham ko'rishingiz mumkin.

4.9.2023 1746

Talabalar kontraktini to‘laganda 12% pul qaytarib beriladimi?

Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, O‘zbekistonning professional va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish (o‘zining yoki 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoxud erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun yo‘naltiriladigan soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi. Demak, quyidagi 3 toifaning kontrakti uchun to‘langan mablag‘lardan daromad solig‘i ushlanmaydi: fuqaro o‘zining kontraktiga o‘tkazsa;ota-onalar farzandining kontraktiga o‘tkazsa (necha yosh bo'lishidan qat'i nazar);er yoki xotin 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining kontraktiga o‘tkazsa. Bu imtiyoz qaysi taʼlim muassasalariga qo‘llanadi: 1) professional taʼlim (kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar) o‘quvchilariga;2) oliy taʼlim talabalariga. Soliq chegirmasi to‘lov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi: ✅ o‘z mablag‘lari;✅ jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan taʼlim kreditlari;✅ yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lari (ssudalar). To‘lov ish haqidan emas, mustaqil amalga oshirilganda yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirgan holda soliq chegirmasidan foydalanish mumkin. Izoh: yuqoridagi 3 ta toifadan boshqalarning, masalan, aka-ukasi, opa-singlisi, kuyovi yoki kelini yoxud boshqa shaxslarning kontrakti uchun to‘lov qilinsa, hech qanday imtiyoz qo‘llanmaydi. Tuzatish: to'lov-kontrakt to'laganda 12% daromad solig'i qaytarib berilishida 2023-yil 1-avgustdan boshlab farzandi uchun yosh chegarasi olib tashlangan ekan. Bu 2023-yil 8-maydagi Prezident farmoni asosida belgiangan. Lekin hali Soliq kodeksiga o'zgarish kiritilmagan. Shunday bo'lsa-da, Prezident farmoni asosida imtiyoz qo'llanaveradi. Ya'ni endilikda ota-onalar farzandining yoshidan qat’i nazar ularning ta'lim olishi uchun yo‘naltirgan summadan to‘langan daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkin. 26 yosh cheklovi turmush o'rtog'i uchun saqlanib qolgan.

23.8.2023 2564

Ortiqcha hujjat talab qilganlik uchun javobgarlik muqarrar!

Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muassasalari tomonidan talabalardan qonunchilik hujjatlariga ko‘ra talab qilish taqiqlangan hujjatlar talab qilinayotgani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF–6191-son va 2021-yil 24-iyuldagi PF–6269-son farmonlariga asosan, aholidan: – shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasini; – shaxsning belgilangan shakldagi fotosuratini; – jismoniy shaxs tomonidan o‘rta maxsus, professional (kasb-hunar) ta’lim muassasasi yoki umumiy o‘rta ta’lim muassasasi (11-sinf negizida) tugatilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni (hujjatlarni); – kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni (hujjatlarni); – soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni (STIR); – oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni talab qilish bekor qilingan.   Shuningdek, ushbu hujjat va ma’lumotlarning talab qilinishi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanib, ushbu hujjatlarni talab etgan davlat idoralari javobgarlikka tortiladi! Hurmatli fuqarolar, agarda Sizdan ushbu hujjatlarni talab qilish holatlari kuzatilsa, Adliya vazirligi va hududiy adliya organlarining ishonch raqamlari 1008 va 1148, shuningdek, quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.

21.8.2023 2709

Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasida maxsus vakolatli organ etib belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–863-son, 18.08.2023 y.) bilan “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Agentlik, jumladan: sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi; normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi; qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi. ➡️ Qonun bilan Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari belgilandi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga sohada normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlar berildi. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

16.8.2023 2993

Imtiyozli ta’lim krediti kimlarga ajratiladi?

Imtiyozli ta’lim kreditlari O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xorijiy, davlat, nodavlat, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarga ajratiladi. Kredit oluvchining doimiy daromad manbayiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar ta’lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin. Imtiyozli ta’lim krediti qancha muddatga ajratiladi? Rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatga. Agar talaba 1-kurs bo‘lsa, 11 yil 7 oy muddatgacha kredit to‘lovlarini to‘lashi mumkin. Imtiyozli ta’lim krediti talaba va ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontraktda ko‘rsatilgan miqdorda ajratiladi. Ta’lim krediti tijorat banklari tomonidan kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasida (ayni paytda 14 foiz) ajratiladi. Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutonasib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoldiriladi. Xotin-qizlar uchun foizsiz! Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-avgustdagi 457-sonli qaroriga asosan, xotin-qizlar uchun ta’lim kreditlari foizsiz (0 % stavkada) ajratiladi. Qanday hujjatlar talab etiladi? ariza; mijoz shaxsini tasdiqlovchi hujjat; kredit ta’minoti; ta’lim muassasasi bilan tuzilgan shartnoma. Qanday ta’minot turlari kerak? mol-mulk va qimmatli qog‘ozlar garovi; uchinchi shaxs kafilligi; kredit qaytmaslik xatari sug‘urta polisi. Imtiyozli ta’lim krediti qanday hollarda ajratilmaydi? Imtiyozli ta’lim krediti tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun hamda qo‘shma ta’lim dasturlarining O‘zbekistondan tashqaridagi o‘qish davri uchun ajratilmaydi. Qaysi banklarga murojaat qilish kerak? Kredit oluvchi ta’lim kreditini olish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan tijorat banklariga murojaat qilishi mumkin. Vazirlik bilan bosh bitim imzolagan tijorat banklari ro‘yxati: “Mikrokredit bank”;     “Turon bank”; “Asaka bank”;                          “Orient Finans Bank”; “Agrobank”;                           “Milliy bank”; “Xalq banki;                             “O‘zsanoatqurilishbank”; “Ipoteka bank”;                             11. “Hamkorbank”; “Qishloqqurilishbank”;    “Aloqa bank”.   “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.  

15.8.2023 3037

Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish faqat DXM va my.gov.uz orqali amalga oshiriladi

Hukumat qarori (376–son, 14.08.2023-y.) bilan Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra: davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikasiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo‘yiladi. 2023/2024-o‘quv yilida: 1-kurs talabalari uchun davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va my.gov.uz orqali bepul elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Arizalar 20-avgustdan qabul qilinadi. 2-kurs va undan yuqori kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish an’anaviy tarzda amalga oshiriladi. Bunda yotoqxonaga joylashish uchun ariza OTM talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023-yil 25-avgustgacha topshiriladi. 2024/2025-o‘quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1-avgustdan boshlanib, o‘quv yili yakunigacha davom etadi. Reglamentga muvofiq, ayrim toifadagi talabalar yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi. Shunga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun yo‘llanma dastlab imtiyozli ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi.

2.8.2023 3895

Abituriyent qalbaki hujjatlar bilan qo‘lga tushsa…

Abituriyent o‘qishga kirish uchun qalbaki hujjatlardan foydalansa nima bo‘ladi? Mazkur holatda abituriyentga nisbatan ko‘riladigan choralar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-sonli qarorida belgilangan. Jumladan: – abituriyentlar hujjatlarining qalbakiligi aniqlansa, abituriyent kirish imtihonlaridan chetlashtiriladi; – hujjatlarning qalbakiligi abituriyent o‘qishga kirganidan keyin aniqlansa, o‘qishdan haydaladi; – qalbaki hujjat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilinadi. Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga ko‘ra, muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish, ularni sotish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish esa BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

28.7.2023 4508

Aliment miqdori, chet elga chiqishga taqiqni olib tashlash, alimentni kamaytirish: aliment bo‘yicha muhim 10 ta qoida

Aliment undirish bo‘yicha sudga murojaat qilinganda davlat boji to‘lanmaydi. Har bir ota-ona o‘z bolalariga ta’minot berishi shart. Bu bolaning konstitusiyaviy huquqi bo‘lsa, ota-onaning konstitusion majburiyati hisoblanadi. 1. Bolaga aliment to‘lash uchun ota-ona ajrashgan bo‘lishi shart emas. Agar ota-ona bolaga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy bajarmasa, sud asosida aliment undiriladi. Bola deganda – 18 yoshga to‘lmaganlar tushuniladi. Bolaga ta’minotni ixtiyoriy berish yoki aliment undirish uchun ota-ona ajrashgan bo‘lishi shart emas. Ota-ona birga yashashi yoki birga yashamasligidan qat’iy nazar, har qanday holatda bolaga ta’minot berilishi shart. Shuningdek ota-ona voyaga yetgan, ya’ni 18 yoshdan oshgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ham ta’minot berishi kerak. Ota-ona bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lashni o‘zaro kelishib hal qilishi mumkin. Lekin bu kelishuv bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak, masalan aliment miqdori qonunchilikda belgilangandan kam bo‘lmasligi shart. Aliment kelishuvi yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Keyinchalik mazkur kelishuvga muvofiq aliment to‘lanmasa, shu kelishuv asosida aliment majburiy ijro byurosi idoralari tomonidan undirilishi mumkin. 2. Aliment bo‘yicha da’volar davlat bojidan ozod qilinadi. Bolaga ta’minot berilmaganida, ota yoki ona istalgan vaqtda aliment undirish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. Aliment undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha davlat boji undirilmaydi. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi. Agar bolaga ta’minot berish bo‘yicha avvaldan ota (ona)ga murojaat qilingan bo‘lsa, lekin ular to‘lamasdan yurganligi aniqlansa, oldingi 3 yillik uchun aliment undirilishi mumkin. 3. Aliment miqdori har bir bola uchun 260 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi lozim. Ota-ona o‘rtasida aliment bo‘yicha kelishuv bo‘lmasa, aliment sud tomonidan ota-onaning har oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan quyidagi miqdorida undiriladi: – bir bola uchun – to‘rtdan bir qismi (masalan, ota (ona)ning oyligi 6 mln so‘m bo‘lsa, aliment 1,5 mln so‘m); – ikki bola uchun – uchdan bir qismi (masalan, ota (ona)ning oyligi 6 mln so‘m bo‘lsa, aliment 2 mln so‘m); – uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi (masalan, ota (ona)ning oyligi 6 mln so‘m bo‘lsa, aliment 3 mln so‘m) Aliment miqdori ota-onaning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. Shu bilan birga, har qanday holatda har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan (259 ming 700 so‘mdan) kam bo‘lmasligi kerak. Bola og‘ir shikastlanganda, kasal bo‘lganda va boshqa favqulodda holatlarda ota-ona alimentdan tashqari qo‘shimcha pul (xarajat) berishi kerak. Ota-ona qo‘shimcha xarajatdan bosh tortsa pul sud qarori bilan undiriladi. 4. Bola to‘liq davlat ta’minotiga o‘tkazilgan bo‘lsa, aliment bekor qilinishi mumkin. Aliment miqdori quyidagi holatlarda sud tomonidan kamaytirilishi mumkin: – ota (ona)ning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, undan yuqorida keltirilgan miqdorda aliment undirilganda o‘zidagi bolalari aliment olayotgan bolalariga nisbatan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa; – ota (ona) nogiron bo‘lib moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa; – aliment olayotgan shaxs (bola) mustaqil daromadga ega bo‘lsa (masalan, bolalarga 14 yoshdan ishlashga ruxsat berilgan, shunda mustaqil daromadi bo‘lishi mumkin). Shuningdek, bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lsa, sud alimentni kamaytirishi yoki ota (ona)ni alimentdan ozod qilishi mumkin. 5. Aliment to‘laydigan ota (ona) ish joyi o‘zgarganda, MIBni xabardor qilishi kerak. Aliment ota (ona)ning shaxsan o‘zi tomonidan to‘lanadi yoki arizasiga ko‘ra ish joyida, pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablag‘ olayotgan joyida to‘lanadi. Aliment to‘laydigan ota (ona) ishlaydigan ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot alimentni ularning daromadidan ushlab qolishi va bolaga yetkazishi kerak. Aliment to‘laydigan ota (ona) ish, o‘qish, yashash joyi o‘zgarganda bu haqida MIBni va aliment olayotgan shaxsni xabardor qilishi shart. Xabardor qilmasa, javobgarlik kelib chiqadi. 6. Aliment qarzi ota (ona)ning har qanday mulkidan undirilishi mumkin. Sudning aliment to‘lashga oid hujjati yoki aliment kelishuvi bo‘yicha qarzdorlik MIB tomonidan undirib beriladi va bu darhol undirilishi kerak bo‘lgan mablag‘ hisoblanadi. Aliment qarzi aliment to‘laydigan ota (ona)ning ish haqi va boshqa daromadidan undiriladi, ular yetarli bo‘lmasa ota (ona)ning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisob varaqlarida turgan pul mablag‘idan undiriladi. Bu mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, undiruv qarzdorning boshqa mol-mulkiga qaratiladi. Undiruvni qaratish mumkin bo‘lmagan mulklar ro‘yxati esa bu yerda. 7. Chet-elga chiqishga taqiq garov evaziga olib tashlanishi mumkin. MIB tomonidan aliment to‘lovchilarning xorijga chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin. Alimentlar oldindan to‘langan yoki bu bo‘yicha garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, xorijga chiqishga oid cheklov olib tashlanadi. Bunda aliment oldindan 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga to‘lanishi kerak. Bolalar voyaga yetgunigacha bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi. Alimentni to‘lashni garov bilan ta’minlash ham mumkin va bunda garov qiymati BHMning 250 baravari (82 mln 500 ming so‘m)dan kam bo‘lmasligi lozim. Har qanday mol-mulk (avtomobil, do‘kon, uy-joy, kvartira) garov bo‘lishi mumkin. Alimentni oldindan to‘lash yoki alimentni garov bilan ta’minlash uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilinadi. 8. Bola farzandlikka olinganida, aliment undirish tugatiladi. Aliment undirish quyidagi holatlarda tugatiladi: – bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganda (masalan, ishga kirganida); – bola farzandlikka olinganida; – bola vafot etganda. 9. Aliment to‘lamaslik ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bolaga alimentni 2 oydan ortiq muddat o‘z vaqtida to‘lamaslik 15 sutka ma’muriy qamoqqa olishga yoki 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga sabab bo‘ladi. Bu jazolarni qo‘llash mumkin bo‘lmagan shaxslarga esa BHMning 20 baravari (6 mln 600 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Birinchi marta aliment to‘lamagan shaxs, alimentni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Aliment to‘lamaslik ma’muriy (yuqoridagi) jazo qo‘llanilganidan keyin yana takror sodir etilsa, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shaxs aliment bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lasa, javobgarlikdan ozod qilinadi. 10. Alimentni undirish imkoni bo‘lmaganida, maxsus jamg‘armadan aliment to‘lab beriladi. Aliment to‘lamaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdordan aliment undirish imkoni bo‘lmaganida, aliment Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi. Jamg‘arma hisobidan to‘lab berilgan aliment miqdori keyinchalik aliment to‘lovchidan undirib olinadi.

25.7.2023 0

Ishdan boʻshatishda kimlarga nafaqa beriladi?

Ishdan boʻshatish haqidagi buyruqda ishdan boʻshatish asoslari (sabablari) koʻrsatilishi kerak, mehnat daftarchasida-chi? Xodim oʻz aybi bilan ishdan boʻshatilganda unga nafaqa beriladimi?  Quyida ishdan boʻshatishni rasmiylashtirish, xodimga beriladigan nafaqa miqdori va boshqa masalalar haqida soʻz yuritiladi. 1. Ishdan boʻshatish asoslari (sabablari) mehnat daftarchasiga yozilmaydi Ishdan boʻshatish ish beruvchi buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Ishdan boʻshatish kuni oxirgi ish kuni hisoblanadi. Oxirgi ish kuni dam oladigan kunga (bayramga) toʻgʻri kelib qolsa, undan keyingi kun oxirgi ish kuni deb hisoblanadi. Buyruqda ishdan boʻshatishni huquqiy asosi koʻrsatilishi kerak. Bunda Mehnat kodeksi yoki boshqa hujjat moddasi (bandi) mazmuni aniq yozilishi kerak. Ishdan boʻshatish mehnat shartnomasidagi asos bilan bekor qilinsa, shartnomaning bandi asos qilib olinadi. Xodim mehnat majburiyatlari bir marta qoʻpol buzganligi uchun boʻshatilganda buyruqda qoʻshimcha ravishda ichki mehnat tartib qoidalari, mehnat shartnomasi bandi (rahbar uchun) yoki intizom ustavlari, nizom (shundan hujjat oʻziga qoʻllaniladiganlar uchun) moddasi (bandi) koʻrsatilishi kerak. Ishdan boʻshatish asoslari (sabablari) mehnat daftarchasiga yozilmaydi. Xodim ishga qabul qilish qoidalari buzilganligi asosi bilan ishdan boʻshatilganda buyruqda qaysi qoida buzilganligi, nega ularni bartaraf qilish imkoni yoʻqligi va xodimning ishni davom ettirishiga nima toʻsqinlik qilayotganligi koʻrsatiladi. Xodim ishni davom ettirishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelishi (xodim tibbiy xulosa asosida toʻliq mehnat qilishga qobiliyatsiz deb topilganda, litsenziya yoki ruxsatnoma tugatilganda) asosi bilan ishdan boʻshatilganda shu asos aniq koʻrsatilishi shart.   2. Mehnat daftarchasi buyruq chiqarilgan kunda berilishi kerak Buyruq chiqarilgan kuni ish beruvchi xodimga mehnat daftarchasi yoki elektron mehnat daftarchasi nusxasi, buyruq nusxasini berishi. Boshqa hujjat nusxalari esa xodim arizasiga koʻra beriladi.  Buyruq chiqarilgan kuni xodim ishda boʻlmasa, ish beruvchi xodimga yuqoridagi hujjatlarni keyingi ish kunida olish uchun kelishi yoki pochta orqali yuborishga rozilik berishini soʻrab xat yuboradi. Xat yuborilgan kundan ish beruvchi mehnat daftarchasini oʻz vaqtida berilmagani uchun javobgar boʻlmaydi. Buyruq nusxasini xodimga uning roziligini olmasdan pochtadan yuborish mumkin. Bunda buyruq nusxasi yoqolsa, buzilsa xodim ish beruvchidan boshqa nusxani olishi mumkin, nusxa 3 kunda beriladi.   3. Xodimga foydalanmagan barcha taʼtillari uchun kompensatsiya beriladi Xodim ishdan boʻshatilganda u bilan hisob-kitob qilinadi va unga quyidagilar toʻlanadi: oxirigacha olinmagan ish haqi; foydalanilmagan barcha asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun kompensatsiyalar;  qonunchilikda yoki mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar. Xodimga toʻlanadigan barcha pul buyruq chiqarilgan kunda berilishi kerak.   4. Qaysi holatlarda xodimga ishdan boʻshatish nafaqasi beriladi? Xodim quyidagi asoslarda ishdan boʻshatilganda unga ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi. – ish beruvchining tashabbusiga koʻra (xodim aybi bilan ishdan boʻshatilganda nafaqa berilmaydi); – taraflar ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan quyidagi holatlarda: 1) xodim harbiy xizmatga chaqirilganda; 2) shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklanganligi (masalan, xodim noqonuniy ishdan boʻshatilsa, sud uni qayta tiklasa), sud qarori asosida tashkilot tugatilganda hamda Qonunchilik palatasi deputati; 3) Senat aʼzosi vakolati tugaganligi yoki ular tarqatib yuborilganligi uchun ular avvalgi lavozimiga (ishiga) qaytganda; 4) ishga qabul qilish qoidalari buzilganda, agar qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni boʻlmasa va u ishni davom ettirishga toʻsqinlik qilsa; Bunda, qoidabuzarlik xodim aybi bilan sodir etilgan boʻlsa (sudning muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etishga oid hukmini yashirish, soxta hujjatlar taqdim etish va boshqalar) nafaqa toʻlanmaydi. 5) ishni davom ettirishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelganda (xodim tibbiy xulosa asosida toʻliq mehnat qilishga qobiliyatsiz deb topilganda, litsenziya yoki ruxsatnoma tugatilganda). Ushbu holatlar xodim aybi bilan paydo boʻlsa nafaqa toʻlanmaydi. – xodim yangi mehnat shartlarida ishni davom ettirishni rad etganda; – xodim tibbiy xulosa asosida sogʻligʻiga mos boshqa ishga oʻtishni rad etganda yoki ish beruvchida xodimga mos ish boʻlmaganida; – xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joydagi ishga koʻchishni rad etganda; – tashkilotning mulkdori almashganda, tashkilot qayta tashkil qilinganda, boʻysunuvi oʻzgarganda xodim ishni davom ettirishni rad etganda.   5. Ayrim xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 200 foizigacha nafaqa beriladi Ishdan boʻshatish nafaqasi miqdori xodimning ayni shu ish beruvchidagi ish stajiga bogʻliq boʻladi. Ishdan boʻshatish nafaqasi xodim ish stajiga mos ravishda uning oʻrtacha oylik ish haqining quyidagi miqdorlaridan kam boʻlishi mumkin emas: 3 yilgacha ish stajiga ega xodimlar uchun –50 foizdan; 3 yildan 5 yilgacha ish staji uchun – 75 foizdan; 5 yildan 10 yilgacha ish staji uchun – 100 foizdan; 10 yildan 15 yilgacha ish staji uchun – 150 foizidan;  15 yildan koʻp ish staji uchun – 200 foizidan. Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida ishdan boʻshatish nafaqasi bilan bogʻliq boshqa kafolatlar belgilanishi mumkin. Bu kafolatlarga koʻproq nafaqa toʻlash, xodimning boshqa joydagi ish stajini ham qoʻshib hisoblash kabilarni misol keltirish mumkin.   6. Ishdan boʻshatishning qonuniyligini isbotlash ish beruvchi vazifasi hisoblanadi Xodim ishdan boʻshatishdan norozi boʻlsa ish beruvchi oʻziga murojaat qilish yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Chunki ish beruvchi doim ham shaxsan oʻzi ishdan boʻshatish asosli ekanligi tekshirmaydi, kadrlar boʻlimi maʼlumotlari asosida ishdan boʻshatish holatlari boʻlishi mumkin. Shunda xodim ish beruvchining oʻziga murojaat qilsa ishga qayta tiklanishi mumkin. Xodim haqiqatda noqonuniy boʻshatilgan boʻlsa unga avvalgi ishi berilishi hamda yetkazilgan moddiy zarar va maʼnaviy ziyonni toʻliq qoplanishi kerak. Moddiy zarar va maʼnaviy ziyon miqdori ish beruvchi va xodim kelishuviga koʻra hal qilinadi. Ular kelisha olmasa sud yoki mediatsiya tartibida belgilanadi. Moddiy zarar majburiy progul uchun haq, ishga tiklash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni oʻz ichiga oladi. Maʼnaviy ziyonni sud belgilaydi, bu xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan kam boʻlishi mumkin emas. Sud ishga tiklash oʻrniga xodim iltimosiga koʻra unga 3 oylik ish haqidan kam boʻlmagan qoʻshimcha tovon undirishi mumkin. Nizoni koʻrib chiqishda ishdan boʻshatishning qonuniyligini isbotlash ish beruvchi vazifasi hisoblanadi. Xodimlar mehnat nizolari boʻyicha sudga murojaat etganda sud xarajatlaridan ozod qilinadi. Sud xarajatlari deganda davlat boji va ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlar tushuniladi.  

24.7.2023 3995

3 yoshgacha farzandi boʻlgan kollej va texnikumlar oʻquvchi-qizlariga masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratiladi

Vazirlar Mahkamasining “Kollej va texnikumlarda kasb va mutaxassislik egallash istagida boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi. Unga koʻra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi: 3 yoshgacha farzandi boʻlgan kollej va texnikumlar oʻquvchi-qizlariga masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratiladigan kasb va mutaxassisliklar roʻyxatini tasdiqlaydi; 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda oʻqiydigan 3 yoshgacha farzandi boʻlgan oʻquvchi-qizlarga, ularning murojaati asosida masofaviy taʼlim olish imkoniyatini yaratadi. Eslatib o'tamiz, ushbu loyihaga ko'ra kollej va texnikumda 5 ta soha boʻyicha oʻqimoqchi boʻlgan xotin-qizlar grant asosida taʼlim olish imkoniyati ham yaratiladi.

21.7.2023 3981

Nikoh yoshiga yetmagan farzandini turmushga bergan ota-ona javobgarlikka tortiladimi?

Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish 4 mln 950 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi. Ushbu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.  Ma’lumot uchun nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Manba: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi

19.7.2023 3201

Soliq to‘lovchilar tomonidan farzandlarining O‘zbekiston ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydi

2023-yil 1-avgustdan boshlab soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi. Ushbu tartib ta’limning barcha bosqichlari — maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tizimiga joriy etiladi. Manba: "Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2023-yildagi Farmoni

18.7.2023 2744

Ijodiy imtihon uchun ham apellyatsiya bersa bo‘ladimi?

Ha. Oliy ta’lim vazirligi mas’ul xodimi bergan javobga ko‘ra, ijodiy imtihon javoblari e’lon qilingandan so‘ng 24 soat ichida natijalar bo‘yicha apellyatsiyaga berish mumkin. Agar shu vaqt ichida apellyatsiya arizasi berilmasa, unda abituriyentning balli o‘zgartirilmasdan qolinadi. Shuning uchun eslab qolish shart: ijodiy imtihon natijasi bo‘yicha imtihon natijasi chiqqandan so‘ng 24 soat ichida apellyatsiya berish mumkin. Undan keyingilari hisobga olinmaydi.

17.7.2023 2450

Abituriyent hujjat topshirishda grantni tanlasa, kontraktda o‘qiy olmaydimi?

Tanlov ustvorligini tanlash — abituriyentlar uchun yaratilgan eng qulay imkoniyatlardan biri. Bunda abituriyent bilimiga qarab avval grantda o‘qish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi. Qanday qilib tanlash mumkin? Abituriyent OTMga hujjat topshirayotganda 2 xil usuldan birini tanlashi mumkin: 1. “Davlat granti”ni tanlasa — tanlagan barcha ta’lim yo‘nalishlarida dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida; 2.  “Ta’lim yo‘nalishi”ni tanlasa — har bir ta’lim yo‘nalishida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ketma-ket tanlovda ishtirok etadi. Tanlov abituriyent tanlagan ta’lim yo‘nalishlarining qat’iy ketma-ketligi bo‘yicha u tanlagan ustuvorlik asosida amalga oshiriladi. Qisqa aytganda, abituriyent 1-usulda eng avval faqat grantga balli yetadigan joylarni, 2-usulda esa ham grant, ham kontraktga balli yetadigan joylarni tanlagan holda talaba bo‘lishi mumkin. Masalan, abituriyent grant ustuvorligini tanlagan: u Toshkent tibbiyot akademiyasiga kontrakt, Samarqand tibbiyot institutiga esa grant o‘qishga kirdi. U grant ustuvorligini tanlagani uchun avtomatik ravishda Samarqand tibbiyot insituti talabasi bo‘ladi.