Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Ayollar daftari” nima?

13.3.2024 3360

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV tayyorladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ayollarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha “Ayollar daftari” ma’lumotlar bazasi joriy etilgan.

“Ayollar daftari”ga qanday toifadagi ayollar kiritiladi, ularga qanday yordamlar ko‘rsatiladi? Bu savollarga quyida javob beramiz.

 

“Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:

– ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;

– tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;

– boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;

– ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;

– uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar.

 

Daftarga kiritilgan ayollar quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlanadi:

1) ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning:

– bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi;

– zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam beriladi;

2) tadbirkorlik qilish istagidagi ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:

– tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladi;

3) boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga:

– bir martalik moddiy yordam beriladi;

– zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarning uy-joyi ta’mirlab beriladi;

4) ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga:

– bir martalik moddiy yordam beriladi;

– zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarning uy-joyi ta’mirlab beriladi;

– tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatiladi;

5) uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar:

– ijara kompensatsiyasini to‘lanadi, ijtimoiy uylarga joylashtiriladi, uy-joy bilan ta’minlanadi;

– zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam beriladi;

6) qaramog‘ida nogiron farzandi bor ehtiyojmand xotin-qizlarga:

– bir martalik moddiy yordam beriladi;

– zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbayi sifatida foydalanish uchun ko‘maklashiladi.

 

Xotin-qizlar quyidagi hollarda “Ayollar daftari”dan chiqariladi:

– har bir toifa bo‘yicha belgilangan amaliy yordamlar to‘liq ko‘rsatilganda (individual dastur asosida);

– to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;

– o‘z arizasiga ko‘ra;

– “Ayollar daftari”ga noqonuniy kiritilganligi aniqlanganda;

– boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun chiqib ketganda;

– sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;

– shaxs vafot etgan taqdirda yoki sud qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilganda.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning individual dasturga kiritilgan masalalari to‘liq hal etil,aguncha ularni “Ayollar daftari”dan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bank kreditlari “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Kreditlar 33 million so‘mgacha miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasi asosida ajratiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish