Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR SIYOSATI

28.9.2023 125

Yoshlar muammolari o'rganildi

Hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning muammolarini hal etishga qaratilgan tizimli ishlarimiz davom etmoqda. Xususan, muloqot jarayonida yoshlarni kelajakda o‘z o‘rnini topishi uchun maqbul yo‘l qidirayapmiz. Piskent tumani "Birlik" mahalla yoshlar yetakchisi, "Yetakchiga ko‘mak" guruhi a’zosi Shahlo Ergashevaning  mahallasida uyma-uy yurib o‘tkazilgan suhbatda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashdik. Muloqotlarimizda yoshlardan biri Azizjon To‘lqinov yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni sportga jalb qilish  maqsadida to‘garak tashkil etgan bo‘lib, subsidiya asosida sport anjomlarini olishda yordam so‘radi. Azizjonning mazkur murojaati yuzasidan qonun talabidan kelib chiqib, amaliy yordam beradigan bo‘ldik. Shuningdek, yo‘l-yo‘lakay yaqinda o‘g‘il uylantirish tadorigida yurgan oiladan xabar olgani bordik hamda ushbu xonadonni ta'mirlash uchun mahalla yoshlari ishtirokida hashar tashkil etilganini guvohi bo‘ldik. Biz ham ushbu yoshimizni oilaviy sharoitini hisobga olib, "Yoshlar kundaligi" ijodiy jamoasi ishtirokida nikoh to‘yini tasvirga olish ishlariga yordam beradigan bo‘ldik. Yana bir migratsiyadan qaytgan yoshimiz Farhod Yusupov qurilish asbob-uskunalari olishda yordam so‘radi. Aytishicha, uskunalarni  ijaraga olib ishlatayotgani uchun daromadining teng yarmini ijarachiga berayotgan ekan. Mazkur yoshning  murojaati ham nazoratga olinib, hal etish choralarini ko‘rishga kirishdik. Yoshlar bilan yaqindan muloqot qilish, murojaatlari o‘rganish ishlarini davom ettiramiz.

19.9.2023 719

RESPUBLIKA ISHCHI GURUHI SURXONDARYO VA QASHQADARYODA BOʻLDI

Prezident Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamenti rahbari Qahramon Quronboyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi aʼzolari mahallalarda yoshlar masalalarini muvofiqlashtirish maqsadida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida boʻlib, yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Kun tartibidagi asosiy vazifalar etib, bandlik, “Besh tashabbus olimpiadasi” jarayonlarini kuzatib borish va yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari belgilab olindi. Ilk manzil Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani boʻldi.   YOSHLAR UCHUN DAROMAD MANBAYI Qiziriq tumanida 30429 nafar 14-30 yoshdagi yigit-qizlar boʻlib, ularning bandligini taʼminlash va jamiyatda oʻz oʻrinini topishi uchun bir qator samarali ishlar olib borilmoqda. “Ogʻir” toifaga kiritilgan 827 nafar yosh 21 nafar rahbar-xodimga biriktirilgan. Ularning har biri bilan alohida suhbat olib borilib, muammo va takliflari boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan. Tumanda “sariq” toifaga olingan 2003 nafar maktab, proffesional taʼlim va oliy taʼlim bitiruvchilari va ishsiz yoshlar uchun alohida bandlik dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu yoshlarni kasb-hunarga oʻqitib, subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berish orqali doimiy bandligini taʼminlash maqsadida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Ishchi guruh a’zolari dastlab yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlariga mazmun olib kirish maqsadida tashkil etilgan “Yoshlar sayli”da bo‘lishdi. Saylda 64 nafar “qizil” va “sariq” toifadagi ishsiz va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga “Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan zamonaviy tikuv mashinalari tarqatildi. IT sohasiga qiziquvchi 6 nafar yoshga “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan noutbuk berildi. Shuningdek, homiylik mablagʻlari hisobidan 1 nafar yoshga payvandlash apparati va “bolgarka”, 3 nafar yoshga elektr pechi, yana 3 nafar yoshga changyutkich topshirildi. Shundan so‘ng ishchi guruh tumandagi “Yangi hayot” mahallasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida maktab oʻquvchilari oʻrtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining tuman bosqichida qatnashdi. Shu yerning o‘zida yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv tashkil etilib, “Besh tashabbus olimpiadasi” toʻgʻrisida suhbatlashildi, tanlov va musobaqalar yuzasidan fikr va takliflar tinglandi. Gʻolib jamoa aniq boʻlgach, ularning har bir aʼzosiga bittadan, jami 7 ta noutbuk berildi. Ishchi guruhi a’zolari “Yangi hayot” mahallasidagi 14-maktabda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan shashka, shaxmat hamda stol tennisi musobaqalarining maktab bosqichida qatnashib, maktab oʻquvchilarining istak va ehtiyojlari bilan qiziqdi...   BANDLIK DASTURI IJROSI QONIQARLIMI? Bandixon Surxondaryo viloyatining chekka hududlaridan biri. Tumandagi 22 ta mahalladan 434 nafar yosh “qizil” toifaga kiritilgan. Ishchi guruh a’zolari 22 ta mahalladagi “ogʻir” toifaga olingan yoshlar bilan ishlash, ular oʻrtasida jinoyatchilikni keskin qisqartirish hamda bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va bu borada sektorlar va mutasaddi rahbarlar, yoshlar yetakchilari faoliyatini tahlil qildi. Oʻrganishlar natijasida mahallalar kesimida “Yoshlar bandligi dasturlari”ni shakllantirishda ayrim muammo va kamchiliklar koʻzga tashlandi. Birinchidan, bandlik dasturini shakllantirishda yoshlarning qiziqish va istaklari individual tarzda oʻrganilmagan. Natijada yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar aniq va manzilli ishlab chiqilmagan. Dasturlar bir xil shablon asosida, ko‘r-ko‘rona tayyorlangani ma’lum bo‘ldi. Misol uchun, 3-sektor hududidagi “Obod yurt”, “Xoʻjaipok”, “Qaldirgʻoch”, “Obikor” mahallalarining “Yoshlar bandlik dasturi”da shunday kamchilik qayd etilgan. Vaholanki, bu dasturlar bugungi kunga qadar xalq deputatlari tuman kengashining sessiyasida tasdiqlangan. Ikkinchidan, bandlik dasturiga kiritilgan yoshlarning 43,4 foizi (594 nafari) taʼlimning keyingi bosqichiga jalb etilishi belgilangan. Bu esa taʼlimning keyingi bosqichini davom ettirish uchun hujjat topshirgan yoshlarning bandlik yoʻnalishidagi qiziqishlari deyarli oʻrganilmaganini anglatadi. Misol uchun, bu koʻrsatkich “Bandixon” mahallasida 76,6 foiz, “Bektepa”da 92,3 foiz, “Farovon”da 84,8 foizni tashkil etmoqda. Uchinchidan, bandlik dasturi ijrosini oyma-oy monitoring qilish boʻyicha “tarmoq reja” sektorlar kesimida ishlab chiqilgan. Toʻrtinchidan, dastur ijrosi tahlil qilinganda, jami 511 nafar yoshning doimiy bandligi taʼminlangan. Bu tuman “Yoshlar bandlik dasturi”ning 37,4 foizini tashkil qilmoqda. Beshinchidan, bandlik dasturiga kiritilgan yoshlarning oʻzlari bilan telefon orqali suhbatlashilganda muammolari hal etilmagani aniqlandi. Xususan, “Oʻrgʻilsoy” mahallasida yashovchi Nazar Safarov va Komila Zokirova tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun subsidiya ajratilishini soʻrab, bandlik dasturiga kirgan. Biroq belgilangan ijro muddati oʻtgan boʻlsa-da, fuqarolarning talabi qondirilmagan.   “HARAKATLAR REJASI” ISHLAB CHIQILADI Bandixon tumanida 2023-yilning oʻtgan 8 oyi davomida 68 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, shundan 11 tasi yoshlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Ko‘rsatkich oʻtgan yilga nisbatan 26,7 foizga kamaygan. Maʼlumot uchun: maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan yoshlar (MJTKning 40, 41, 52, 61, 183, 1841, 1842, 1843, 240, 241-moddalar) 162 nafar, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilib, ijtimoiy moslashtirishga muhtoj boʻlgan shaxslar 1 nafar, agressiv xulq-atvorli yoshlar (profilaktika roʻyxatida turmaydigan urishqoq, bezorilikka moyil yoshlar) 21 nafar, firibgarlikka moyilligi boʻlgan yoshlar 3 nafar, gʻayriijtimoiy xulq-atvordagi xotin-qizlar 4 nafar, farzandining tarbiyasiga befarq boʻlgan ota-onalar 5 nafar. Ularning muammolarini hal etish orqali jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha har bir mahalla kesimida “Harakatlar rejasi” ishlab chiqildagan bo‘ldi. Endilikda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni uyushmagan yoshlar, mahalla faollari va jamoatchilik ishtirokida “Qoʻqon tajribasi” boʻyicha mahallaning oʻzida tanqidiy muhokama etib borish yoʻlga qoʻyiladi. Jarayonda keng jamoatchilik, mahalla faollari qatnashib, jinoyat sodir etish sabablari, ularga imkon bergan shart-sharoitlar keng muhokama qilinib, kelgusida jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha istiqbolli rejalari belgilab olindi. Bandixon tumanida eng koʻp jinoyat sodir etilishi mumkin boʻlgan joylar “jinoyat oʻchogʻi”, “qizil nuqta” roʻyxatlari shakllantirilgan boʻlib, ular, asosan, tumani markazida joylashgan “Bakirbobo” umumiy ovqatlanish joyi va shunga oʻxshash savdo doʻkonlari hisoblanadi. Shu bois bu hududlar atrofiga Milliy Gvardiya qoʻriqlash pulti va kuzatuv kameralari oʻrnatiladigan bo‘ldi. Shuningdek, nizoli oilalarni keng jamoatchilik yordami bilan yarashtirish choralarini koʻrish, ishsiz yoshlar bandiligini taʼminlash muhim vazifa etib belgilab olindi.   HECH BIR YOSH E’TIBORDAN CHETDA EMAS O‘rganishlarning ikkinchi kunida Bandixon tumanidagi 22 ta mahalla yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, har bir yetakchining mahallasidagi vaziyat alohida muhokama qilindi. Q.Quronboyev birinchilardan boʻlib yordam olishi kerak, deya baholangan bir guruh yoshlar bilan uchrashib, ular uchun zarur koʻmaklar ajratildi. Uy-joyga muhtoj yoshlarning xonadonida anchadan buyon bitirolmayotgan qurilishlarni hasharchilar bilan yakunlashga kirishildi. Masalan, “Navbahor” mahallasida yashovchi intiluvchan va orzulari katta boʻlgan yoshlardan biri Asror Safarovning imkoniyati cheklangan. U oilaviy sharoiti sabab uy-joyga muhtoj edi. Uyini taʼmirlash uchun qurilish materiallari, mebel jihozlari olib berish boʻyicha yordam soʻragan. Mazkur yosh muammosini tezkorlik bilan hal qilish, sovuq kunlar kelgunga qadar yangi uyini tayyor holatga keltirish uchun aniq chora-tadbirlar belgilandi. Qurilish uchun materiallar, uy jihozlari ajratilishiga kelishildi. Asror SAFAROV, “Navbahor” mahallasidan: – Bir necha yillardan buyon boshlagan qurilishimizni tugatolmayotgandik. Ishchi guruhning yordami va mahalladagi koʻngilli yoshlar hasharga kelishdi. 6 metrlik 62 dona yogʻoch, 100 dona shifer, bir kamaz qum, bir moshina ichimlik suvi shu kunning oʻzida xonadonimizga keltirildi. Hasharchilar yordamida 1-oktabrga qadar uyimiz toʻliq bitkazib beriladigan boʻldi. Nasib, bu yil qishni oʻz uyimizda oʻtkazamiz. Shu mahallada istiqomat qilayotgan yana bir yosh – Shavkat Ziyodullayevning ham uyida hashar uyushtirilib, qurilish uchun zarur boʻladigan 2 tonna sement, bir kamaz tuproq, 2 ta eshik, 2 dona deraza shu kuni erta tongdan xonadonga yetkazildi. Shuningdek, bitta buzoqli sigir ham ajratildi. Shavkatjon ham hasharchilar koʻmagida yaqin kunlarda oʻz uyiga koʻchib kiradigan boʻldi. Hech bir yoshni eʼtibordan chetda qoldirmaslik, ishchi guruhning bosh maqsadi boʻldi. Shu bilan Respublika ishchi guruhi xizmat safarini Qashqadaryo viloyatida davom ettirdi.   YETAKCHILAR BILAN OCHIQ MULOQOT Qashqadaryo viloyatidagi oʻrganishlar Gʻuzor tumanidan boshlandi. Tumanda yoshlar bilan tizimli ishlash, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda bandligini taʼminlash borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, 97 nafar ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida imtiyozli kredit asosida yuk tashuvchi mototsikllar, subsidiya asosida tikuvchilik uskunalari, payvandlash apparati, motokultivator, oʻt oʻrgich va mini pechlar oʻz egalariga topshirildi. Endilikda yoshlar berilgan uskunalardan maqsadli foydalanib, oʻzini oʻzi band qilgan holda oilaviy daromadini yaxshilaydi. Shu kunning soʻnggida Q.Quronboyev Gʻuzor tumanidagi yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.   NAFAQAT YORDAM, TAJRIBALAR HAM ULASHILDI Ishchi guruh aʼzolari Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi “Paxtaobod” mahallasida ham boʻlib, “ogʻir” toifadagi yoshlar hamda mahallada faoliyat olib borayotgan beshlik bilan suhbatlashdi. Bu hududda ham asosiy maqsad – ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash boʻldi. “Paxtaobod” mahallasidagi ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan yoshlarning 11 nafariga takroriy ekin ekish uchun 30 sotixdan yer maydoni ajratilgan. Yerdan foydalanib, daromad topayotgan, berilayotgan imtiyozlar sabab imkoniyatga ega boʻlgan yoshlarning ish faoliyati, orttirgan tajribalari o‘rganildi. Birinchi boʻlib, 30 sotix yerdan unumli foydalanayotgan yoshning oliy navli eksportbob sabzi ekilgan dala maydonida ish samaradorligi bilan yaqindan tanishildi va uning takliflalari muhokama qilindi. Shuningdek, ishchi guruh mazkur mahallada yaqinda tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan, hozir asalarichilik bilan shugʻullanayotgan Jasurbek Fayziyevning, mahalla yoshlarini ish bilan taʼminlab, mahalliy aholi uchun sifatli sovun ishlab chiqarayotgan yosh tadbirkor Yodgor Gʻayratovning ish jarayonlari bilan tanishdi. “Paxtaobod” mahallasi Jalojin qishlogʻida istiqomat qiluvchi yosh Qilichbek Boltayevning ham xonadonida boʻlindi. Qilichbekning tajribasini ommalashtirsa arziydi. U “Yoshlar daftari” orqali 30 sotix yer maydoni olib, bozorbop bulgʻor qalampirini ekkandi. Undan 50 million so‘mdan ortiq sof daromad olgan. Kuz-qish mavsumida esa kartoshka va makka ekinlarini ekib, 100 million so‘m daromad olish niyatida. Yana u “Yoshlar daftari” orqali 35 million so‘m kredit olib, oʻz xonodonidan issiqxona qurgan. Hozir bodring ekib, 100 million so‘m daromad olishni reja qilmoqda.   YOSHLAR VA MAʼNAVIYAT MARKAZI OCHILDI Prezident Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Q.Quronboyev boshchiligidagi ishchi guruhning Qashqadaryo viloyatiga safarining ikkinchi kuni quvonchli voqea bilan boshlandi. Kasbi tumani markazida qad koʻtargan Yoshlar va maʼnaviyat markazi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Markazdan yoshlar uchun toʻgaraklar, faollar uchun alohida xona hamda zamonaviy kutubxona oʻrin olgan. 0,20 gektar maydonda qad koʻtargan markazda 7 ta toʻgarak faoliyat boshladi: – Kitobxonlik– 1 ta; – Intellektual oʻyinlar – 2 ta; – Xorijiy tillar – 2 ta; – IT toʻgaragi – 1 ta; – Hunarmandchilik – 1 ta. Tashabbusli byudjet va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qurib bitkazilgan “Yoshlar va maʼnaviyat markazi”da 150 oʻrinli konferensiya zali, 50 000 dan ziyod badiiy adabiyotlar fondi jamlangan zamonaviy kutubxona mavjud. Shu yerning oʻzida tumandagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, kasbilik yoshlarning muammo va takliflari muhokama qilindi. Tumanning “Doʻstlik” mahallasidagi sport maktabida “Biz bir boʻlsak, yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida “Besh tashabbus olimpiadasi” mahalla bosqichining ochilish marosimi hamda “Milliy va zamonaviy cholgʻu ijrochiligi” tanlovi, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Yosh kitobxon” tanlovi, milliy kurash va voleybol musobaqalari oʻtkazildi. Hududdagi ishsiz va bitiruvchi yoshlarga “Bandlik dasturi” doirasida subsidiya asosida asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratildi. Kun soʻnggida esa Qarshi tumanidagi futbol stadionida gala-konsert boʻldi va 50 nafardan ortiq yoshga subsidiya asosida mehnat qurollari berildi. Alohida taʼkidlash lozimki, bunday tadbirlar kelajagimiz bunyodkorlari uchun motivatsiya boʻlibgina qolmay, ular katta hayotga tashlayotgan birinchi qadamlarning poydevori hisoblanadi. Shu bilan respublika ishchi guruhining Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga safari yakunlandi.

13.9.2023 1149

BILIM UCHUN 100 MILLION SOʻM

“Bilim uchun 100 million” loyihasining 2023-yilgi mavsumi boshlandi. Oʻtgan yili mazkur loyiha 250 mingdan ortiq bilimdonlarni qamrab olgan edi. 1-bosqich 12 ta tur asosida 1-dekabrga qadar onlayn shaklda oʻtkaziladi. Ishtirokchilar har hafta yangi tur savollarini ishlab, ball yigʻib boradilar. Onlayn bosqichda eng koʻp ball toʻplagan 100 nafar ishtirokchi 2-bosqichda – finalda ishtirok etadi va gʻolib 100 million soʻm, 99 nafar finalchi esa 1 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Hoziroq @bilimtestbot orqali roʻyxatdan oʻtib, ishtirok etishni boshlang!

11.9.2023 1353

Talabalar qancha stipendiya oladi?

Grantga kirganlarga bazaviy stipendiya to‘lanadi. Kontrakt kirganlar kontrakt pulini stipendiyali-stipendiyasiz qilib to‘lashi mumkin. Bazaviy stipendiya miqdori — 517 880 so‘m;Barcha fanlar bo‘yicha faqat "a’lo" o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalar uchun stipendiya – 621 456 so‘m. Nomdor stipendiyalar: Prezident stipendiyasi – 2 191 541 so‘m; Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyalari –1 461 028 so‘m.

7.9.2023 1530

Talabamisiz? To'lov-kontrakt ololmayapsizmi?!

Talabalar to'lov-kontrakt olish maqsadida kontrakt.edu.uz sayti orqali onlayn ariza berayotganda "Shartnoma turini tanlash" degan band bor. Bunda yoki 2 tomonlama, yoki 3 tomonlama shartnomani tanlash so‘ralmoqda. Shu bo‘yicha izoh so‘rab, abituriyentlardan ko‘plab savollar kelib tushdi. Bu juda oddiy. Ikki tomonlama shartnoma — bu OTM va abituriyent o‘rtasida tuziladi. Boshqacha aytganda agar kontrakt yoki super-kontrakt pulini abituriyentning o‘zi yonidan to‘lamoqchi bo‘lsa, shu bandni tanlash kerak. Bundan tashqari bankdan taʼlim krediti olmoqchi bo‘lsa yoki ota-onasining ishxonasidan oylik maoshidan to‘lamoqchi bo‘lsa ham ikki tomonlama shartnoma olish kifoya qiladi. Uch tomonlama shartnoma — bu OTM, abituriyent va yana biror homiy tashkilot o‘rtasida tuziladi. Agar mabodo kontrakt yoki super-kontrakt pulini abituriyentning o‘zi emas, balki biror homiy tashkilot to‘lamoqchi bo‘lsa (balki keyinchalik o‘sha tashkilotga ishlab berish sharti bo‘lishi ham mumkin), unda uch tomonlama shartnoma degan bandni tanlash kerak. Uch tomonlama tanlanganda o‘sha homiy korxonaning (o'qiyotgan universitetning emas) STIR raqamlarini ham kiritish kerak bo‘ladi. Bankdan ta'lim krediti olmoqchi bo'lganlar yoki ota-onasining ishxonasidan oylik maoshidan to‘lamoqchi bo‘lganlar uch tomonlama shartnoma olmasin. Ular ikki tomonlama shartnoma olishi kerak.

23.8.2023 2710

TALABALAR YOTOQXONASI: KIMLAR IMTIYOZGA EGA?

Bu yil talabalarni yotoqxonaga joylashtirish tizimiga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi. Endi arizalar Davlat xizmatlari markazi yoki online tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi, talabalarni yotoqxona va ijara uylariga joylashtirish markazlari tashkil etiladi va shu bilan qaysi toifadagi talabalar yotoqxonaga joylashishda ustuvorlikka ega bo‘lishi ma’lum qilindi. Bu yil talabalarni yotoqxonaga joylashtirish tizimiga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi. Endi arizalar Davlat xizmatlari markazi yoki online tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi, talabalarni yotoqxona va ijara uylariga joylashtirish markazlari tashkil etiladi va shu bilan qaysi toifadagi talabalar yotoqxonaga joylashishda ustuvorlikka ega bo‘lishi ma’lum qilindi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bergan ma’lumotga koʻra, quyidagi toifadagi talabalar talabalar turar joylariga ustuvorlik asosida qabul qilinadi: • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar; • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari“ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari“da turadigan talabalar;  • I va II guruh nogironi boʻlgan talabalar; • bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari; • xalqaro va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar; • “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻoliblari; • oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar; • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar.Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, talabalar yotoqxonaga imtiyozli va umumiy roʻyxat mezonlari boʻyicha ketma-ketlikda, navbat asosida joylashtiriladi. Imtiyozli roʻyxatga quyidagi mezonlarning biriga mos keluvchi talabalar kiritiladi.a) Tegishli tasdiqlovchi maʼlumotlar asosida: • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (ayol) farzandlari; • “Yoshlar daftari”ga kirgan, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, chin yetimlar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar; • I va II guruh nogironlari; • xorijiy davlat fuqarosi boʻlgan talabalar.b) Oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) buyrugʻi asosida: • xalqaro va Vazirlik tomonidan oʻtkaziladigan respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan talabalar; • “Zakovat” intellektual oʻyinlari respublika bosqichi gʻoliblari; • “Yil talabasi” koʻrik-tanlovi respublika bosqichi gʻoliblari; • “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari; • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar. c) Umumiy roʻyxatga kiritiladigan talabalar quyidagi ketma-ketlik asosida talabalar turar joyiga joylashtiriladi: • bitta oilada bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan oila farzandlari; • kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar (kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar turar joyiga ehtiyoji bor talabalar toʻliq taʼminlanmasdan turib boshqa taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarni turar joyga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi); • talaba qizlar (talabalar kontingentidan kelib chiqib oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) ushbu ustuvorlik ulushini belgilaydi); • bakalavr bosqichida tahsil olayotgan talabalar (bakalavr bosqichida tahsil olayotgan turar joyga ehtiyoji bor talabalar toʻliq talabalar turar joyiga joylashtirilmasdan, taʼlimning magistratura va doktorantura bosqichida tahsil olayotgan talabalarni turar joyga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi); • oliy taʼlim muassasasi joylashgan hududdan boshqa hududda doimiy yashovchi talabalar – ariza berilgan sanasi boʻyicha navbat asosida.

23.8.2023 2648

25 imtiyozdan xabardormisiz? Siz uchun 22-IMTIYOZ:

Yosh dehqonga imkoniyat Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-sonli qarori bilan mahalladagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olingan yoshlar bilim olishi, kasb-hunar oʻrganishi, davolanishi, doimiy ish bilan taʼminlanishi, subsidiya asosida asbob-uskunalar olishi, moddiy ahvolini tiklashi, tadbirkorligini boshlash va rivojlantirishi uchun 25 ta yoʻnalishda yordam olishi mumkin. 22-IMTIYOZ: “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali olishida undiriladigan BHMning bir baravari miqdoridagi garov pulidan ozod qilinadi.

21.8.2023 2695

Ayrim imtiyozlar imtihonsiz talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘ladi

Oliy ta’lim muassasalariga kirishda bir qator imtiyozlar mavjud bo‘lib, ayrim imtiyozlar imtihonsiz qo‘shimcha kvota doirasida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘ladi. Misol uchun, xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi. Shuningdek, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, “Mard o‘g‘lon” va “Zulfiya” davlat mukofotlari sohiblari kabi 10 dan ortiq turdagi imtiyozlar ham abituriyentlarning imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etishga asos bo‘ladi. “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari esa oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar va ijod maktablarining bitiruvchilari ham imtihonsiz bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Xushnudbek Xudoyberdiyevning telegram kanallarida e’lon qilingan abituriyentlar mazkur imtiyozlardan biriga ega bo‘lgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tavsiya qilishga nomzodlar sifatida mandat.uzbmb.uz saytida yashil yoki sariq rangda ko‘rsatilgan.

16.8.2023 2932

“MEDIA PLYUS” nogiron yosh mutaxassislar uchun

Yoshlar ishlari agentligi “Sharoit Plyus” Toshkent shahar nogironlar jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida media savodxonlik kurslariga qabul e’lon qiladi. “Media plus” media savodxonlik kurslarida siz: – Ommaviy axborot vositalari xabarlarini tahlil qilishni, noto‘g‘ri va “fake” xabarlarni aniqlashda o‘z tanqidiy fikrlash qobiliyatlaringizni shakllantirishni; – Media va uning turlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishni, ularning manbalarini tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishni; – Ommaviy axborot vositalarining yangi tendensiyalari va blogerlik haqida o‘rganish bilan birga o‘z kontentingizni yaratish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Kurslarda ishtirok etish mutlaqo bepul. Ishtirokchilar tanlov asosida qabul qilinadi.

12.8.2023 3229

Talabalar uchun nomli stipendiyalar ro‘yxati yangilandi

Ro‘yxatga quyidagi 5 ta nomli stipendiyalar kiritildi: ➖ kinematografiya yo‘nalishida — Xudoybergan Devonov nomli (07.04.2021 yildagi PF-6202); ➖ tarix va geografiya yo‘nalishlarida — Bobur nomli (25.01.2023 yildagi PQ-20); ➖ jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida — Pahlavon Mahmud nomli (03.11.2022 yildagi PQ-414); ➖ tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida — Kamoliddin Behzod nomli (21.04.2020 yildagi PQ-4688); ➖ Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida — To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli (09.09.2021 yildagi PF-6309). Bunga qadar amalda bo‘lgan ro‘yxatda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomli stipendiyalar nazarda tutilgan edi.

10.8.2023 3917

“Ibrat Academy” – til o‘rganishda yangi davr

Yoshlar ishlari agentligi 2022-yil noyabr oyida tashkil etgan “Ibrat farzandlari” loyihasi xorijiy tillarini bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida professional ustozlar 13 ta til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va tilni ilk bosqichdan boshlab o‘rgatuvchi darslar majmuasi ishlab chiqilmoqda. “Ibrat farzandlari” bilan turli tillar bo‘yicha bilimlarni qisqa muddat ichida komfort zonadan turib egallash mumkin. Loyiha barcha uchun teng ravishda istalgan joyda, istalgan vaqtda bepul til o‘rganish imkonini yaratdi. Loyiha juda tez ommalashib, qisqa vaqt ichida “YouTube”da qariyb 320 mingdan ortiq o‘rganuvchiga ega bo‘ldi. Eʼlon qilingan darslarni umumiy ko‘rishlar soni 12 milliondan oshdi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida chet tili ta’limini rivojlantirish muhim va bu yo‘nalishda bepul onlayn darslarga talab yuqori. “Ibrat farzandlari” O‘zbekistonning chekka hududlaridagi isteʼdodli yoshlarga, moliyaviy imkoniyati cheklangan, lekin chet tilini o‘rganishga ishtiyoqi baland o‘quvchilarga ham xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning til bo‘yicha savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ahamiyatlisi, ushbu darslar bir necha yildan keyin ham o‘z aktualligini yo‘qotmaydi. Til o‘rganishni maqsad qilgan istalgan o‘quvchi YouTubeʼdagi online darslarni istalgan vaqtda ko‘rib, o‘rganishi mumkin. Lekin YouTube imkoniyatlari cheklangan, ushbu videoplatformada o‘rganuvchilar progressini kuzatish, ular bilan qayta aloqaga chiqishning imkoni yo‘q. Bu borada til o‘rganuvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida “Ibrat Academy” ilovasi ishlab chiqildi. Unda o‘rganuvchilar nafaqat videodarslarni ko‘rishi, balki o‘zining til darajasini doimiy tekshirib borishi, bilimini mustahkamlaydigan sinov-mashqlarini bajarishi, so‘z boyligini interaktiv usulda oshirishi mumkin. O‘rganuvchi dastlab ilovani yuklab olib, unda shaxsiy profil yaratishi lozim. So‘ng o‘zi qiziqqan tiliga obuna bo‘lib, “Placement Test” orqali til bo‘yicha darajasini aniqlay oladi. Bu orqali ilova foydalanuvchining til yuzasidan bilimiga mos darajadagi darslar va sinov-mashqlarini tavsiya etadi. Ilovani onlayn ham offlayn ham ishlatish mumkin. Ilovada tarmoqdan uzilgan holda ishlash uchun videodarsliklar, fayllar va mavzuga oid mashq materiallarini yuklab olish funksiyasi mavjud. Har qanday tilda erkin so‘zlashning yagona yo‘li – bu so‘z boyligi. Foydalanuvchiga bu borada yordam berish uchun “Ibrat Academy”da o‘zbek tilidagi so‘z va iboralar lug‘ati mavjud. Lug‘atda 100 mingdan ortiq so‘z va iborani topish va ularni 8 turdagi mashqlar yordamida o‘rganish mumkin. Ilovada respublika miqyosidagi “Peshqadamlar jadvali” ham uzluksiz ravishda berib boriladi. Eng yaxshi o‘rganuvchilar esa munosib taqdirlanadi. Kutilmagan sovg‘alarga ega bo‘lish uchun ilovani yuklab olish, faol foydalanuvchi bo‘lish, loyihani kuzatib borish va ilovaning peshqadam o‘rganuvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan yakuniy tanlovda g‘olib bo‘lish talab etiladi. Kelgusida ilovaga sunʼiy intellekt funksiyasi qo‘shilishi kutilmoqda. Bu har bir foydalanuvchi bilan individual asosda ishlash imkonini yaratadi. Yaʼni sunʼiy intellekt funksiyasi o‘rganuvchining topshiriqlarini tekshiradi, u bilan muloqot qiladi, xato va kamchiliklari yuzasidan fikr va tavsiyalar beradi. Ilovadan foydalanishda yosh chegarasi yo‘q. Barcha til ixlosmandlari sodda, samarali va eng muhimi, bepul asosda qator tillarni o‘rgana oladi. Bugun til o‘rganishda yangi davr boshlandi. Siz ham ushbu intellektual harakatga qo‘shiling, chunki bu loyiha dunyo madaniyatlari o‘rtasida ko‘prik yaratadi, kommunikatsiyani rivojlantiradi va dunyoning istalgan burchagida ravon muloqot qilish imkonini taqdim etadi! Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad faqat til o‘rgatish emas, o‘zbekistonlik global liderlarni tayyorlashdir!

2.8.2023 3833

25 imtiyozdan xabardormisiz? 22-imtiyoz

Yosh dehqonlarga yana bir imkoniyat Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-sonli qarori bilan mahalladagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olingan yoshlar bilim olishi, kasb-hunar oʻrganishi, davolanishi, doimiy ish bilan taʼminlanishi, subsidiya asosida asbob-uskunalar olishi, moddiy ahvolini tiklashi, tadbirkorligini boshlash va rivojlantirishi uchun 25 ta yoʻnalishda yordam olishi mumkin. 22-IMTIYOZ: “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali olishda undiriladigan BHMning bir baravari miqdoridagi garov pulidan ozod qilinadi.

26.7.2023 3953

BANDLIK DASTURI ISHLAB CHIQILADI

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining o‘quv-seminari o‘tkazildi Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi “Beruniy” mahallasida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining birinchi yarim yillik yakunlari va yoshlar bandligini ta’minlash hamda ular o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilikni keskin kamaytirishga bag‘ishlangan respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda Prezident maslahatchisi Q.Quronboyev, viloyat hokimi Z.Mirzayev, Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari J.Jo‘rayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari O.Tojiyev va boshqa mutasaddilar, manfaatdor vazirlik, idora vakillari, OTM mas’ullari, hokim o‘rinbosarlari, yetakchilar va faollar ishtirok etdi. Seminarda Toshkent viloyati hududida joriy yilning birinchi yarmida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi. Mas’ullar tomonidan tayyorlangan “qizil” toifadagi yoshlarning muammolarini hal etish, “og‘ir”, “o‘rta” va “yaxshi” toifadagi yoshlar bilan ishlash, talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, barcha toifadagi yoshlar bilan ishlarni samarali tashkil etish dasturlari taqdimoti namoyish qilindi. Quyichirchiq tumanidagi “Beruniy” mahallasi yoshlar yetakchisining mahalladagi “o‘rta” toifadagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tajribalari o‘rganildi. Seminar ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida Zangiota tumanidagi 24-sonli voyaga yetmaganlar koloniyasida bo‘ldi. Jinoyatga qo‘l urib, jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi hamda jinoyatning kelib chiqish sabablarini tahlil qilishdi. Mahkumlar jazoni o‘tab chiqqandan so‘ng, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Chirchiq shahri misolida tayyorlangan taqdimot seminar-trening ishtirokchilari tomonidan muhokama qilinib, takliflar umumlashtirildi. Zangiota tumanidagi “Bog‘zor” mahallasi yoshlar yetakchisining yoshlar jinoyatchiligining oldini olish bo‘yicha tajribasi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘quv-seminar yakunida har bir hudud kesimida alohida “Yoshlar bandligi dasturi” hamda “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan Harakatlar rejasi” ishlab chiqilishi belgilandi. Seminar davomida ishtirokchilarning Zangiota yodgorlik majmuasiga ekskursiyasi tashkil etildi.

19.7.2023 3323

Volontyorlar qo‘llab-quvvatlanadi

Yoshlar press-klubida Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Bekzod To‘xtamurodov va Volontyorlar assotsiatsiyasi direktori Shirin Abidova ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida volontyorlik sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda yangi rejalar haqida ma’lumot berildi. Hududlardagi Yoshlar markazlarida “Volontyorlar maktabi” tashkil etilib, 10,2 ming nafar yosh volontyorlar o‘qitildi. Ular 50 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron va kam ta’minlangan, yolg‘iz qariyalari bor oilalarga ijtimoiy loyihalar orqali ko‘maklashdi. Joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonda volontyorlarni doimiy ro‘yxatga olish va ularga uslubiy ko‘mak berish bo‘yicha Yoshlar portali negizida volontyor.uz platformasi ishga tushirildi. Unda 2 855 nafar faol volontyorlar hamda 27 ta volontyorlik guruh va tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tgan. Avgust oyidan boshlab Yoshlar ishlari agentligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha har bir hududda 5 ta eng yaxshi volontyorlik loyihalarini amalga oshirish uchun volontyorlik guruhlari va tashkilotlariga har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.

19.7.2023 2933

JAHON SHAXMAT OLIMPIADASIga tayyorgarlik ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda

2026-yil 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Bu o‘zbek shaxmati tarixidagi eng olamshumul voqea bo‘lib, o‘ziga xos tarix yozishimizga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun qay tartibda tayyorgarlik ko‘rilmoqda? Dunyo shaxmati tarixida, xususan, o‘zbek shaxmatida tarix yarata olamizmi? Qanday natijalar kutilmoqda? Shu va boshqa savollarimizga Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher SA’DULLAYEV javob berdi. Alisher SA’DULLAYEV, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi, – 2026-yilda 46-Butunjhon shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tishi katta tarixiy voqeaga aylandi. Sababi, shu kunga qadar aynan shaxmat yo‘nalishida bu miqyosdagi musobaqa yurtimizda bo‘lmagan. Bu ham respublikamizda shaxmat sporti keng rivojlanayotganidan dalolat beradi. 2022-yili Chennay shahrida olimpiadaga O‘zbekiston mezbonlik qilishi tasdiqlangan kundan tayyorgarlikni boshlaganmiz. Xususan, Prezidentimizning “2026-yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Xalqaro shaxmat federatsiyasining 2022-yildagi kongressida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda FIDEning navbatdagi kongressini 2026-yil O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganini inobatga olib, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. 2023-yil 1-dekabrga qadar FIDE rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrifi reja qilingan. 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur mutaxassis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar muvofiqlashtirilmoqda. Mavjud infratuzilmalar quvvatini tahlil qilish asosida olimpiada o‘tkaziladigan sport inshootlari va boshqa obyektlarni FIDE talablariga muvofiq tayyorlash, zarur bo‘ladigan sport, tibbiy, texnik va boshqa jihozlar bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda. Nufuzli musobaqani munosib o‘tkazish maqsadida o‘zbekistonlik shaxmatchi erkaklar va ayollarning 3 tadan milliy terma jamoalari shakllantirilmoqda. Mamlakatimizda aholi, asosan, yoshlar o‘rtasida shaxmatni yanada rivojlantirish, ishtirokchilarning sport mahorati va intellektual salohiyatini oshirish, seleksiya ishlarini mahalladan boshlash, terma jamoaga nomzod sportchilarni tayyorlash maqsadida “Rokirovka” musobaqasi tashkil etilgan bo‘lib, musobaqada barcha yosh toifasi bo‘yicha havaskor va sport ustasi unvoniga ega shaxmatchilar hamda O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlari sovrindorlari ishtirok etish huquqiga ega. Har hafta respublika bo‘yicha 14 ta hududdan jami 1400 nafarga yaqin ishtirokchi tizimli ravishda qatnashib kelmoqda. “Rokirovka” musobaqasining umumiy sovrin jamg‘armasi har hafta har bir hudud uchun 5 million so‘mni tashkil qiladi. Bugungi kunga kelib “Rokirovka” ishtirokchilari 30 mingdan ziyodni tashkil qilmoqda. Terma jamoaga salohiyatli shaxmatchilarni saralab olish maqsadida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida “Maktab ligasi”, “Akademik litsey ligasi” “Professional ta’lim muassasalari ligasi” va “Talabalar ligasi” musobaqalarini har yili uch bosqichda o‘tkazish tizimi ishlab chiqilmoqda. Shaxmat bo‘yicha trener va mutaxassislarni jalb qilgan holda harbiy xizmatchi va xodimlar uchun ham o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilish, shaxmat bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va boshqa axborot materiallarini tayyorlash, Qurolli Kuchlar harbiy tuzilmalari, harbiy ta’limga yo‘naltirilgan tashkilotlar va jazoni ijro etish muassasalarini shaxmat bo‘yicha o‘quv qo‘llanma, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlash boshlab yuborilgan. Ular orasidan yaxshi o‘yin ko‘rsatganlar tanlab olinadi. 2024-yildan boshlab har yili professional shaxmat klublari o‘rtasida “O‘zbekiston birinchiligi” musobaqalari o‘tkazib boriladi. Shaxmat bo‘yicha milliy terma jamoalar a’zolari, shuningdek, milliy terma jamoalarga asosiy nomzod bo‘lgan shaxmatchilarni tayyorlash uchun tajribali xorijiy trener va mutaxassislarni jalb qilish hamda ularning ko‘magida mahalliy trener va mutaxassislarni o‘qitish rejaga kiritilgan. O‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va madaniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shaxmatni kengroq o‘rganish imkonini yaratish maqsadida “Uzchess” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda loyiha doirasida malakali mutaxassislar jalb etilgan holda videodarslar tayyorlanib, Youtube platformasida “Uzchess” kanaliga joylashtirilmoqda. Mazkur loyihada xalqaro va mahalliy shaxmat musobaqalaridan strimlar (sharhlar), mashhur o‘yinlardan analizlar tashkil etilmoqda. Mazkur loyiha ham shaxmat olimpiadasiga tayanch vazifasini o‘taydi. Shubhasiz, yurtimizda o‘tadigan Shaxmat olimpiadasi o‘zbek shaxmati uchun yangi sahifa ochadi. Nasib qilsa muxlislarimizga yana bir chempionlikni taqdim etamiz. Bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetishiga ishonaman!