Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sarhisob: Yoshlar bilan ishlash natijadorligi tahliliy-tanqidiy ko‘rib chiqildi

7.8.2024 634

Shahruza SATTOROVA

Joriy yilning 5-avgust kuni Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining Mahallalarda yoshlar bilan ishlash natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishni Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev kirish so‘zi bilan ochib, bajarilgan ishlarga tahliliy-tanqidiy baho berdi.

2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlar bilan ishlashning kompleks chora-tadbirlarini belgilash, yoshlar siyosatida yangi samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, mahallalarda yoshlar bilan individual ishlash, yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda bajarilishini tahlil qilish, yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligini o‘rganish va natijadorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Yig‘ilish kun tartibidagi:

  • “Otaliqqa” olingan yoshlar bilan ishlash natijalari;
  • “Og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ishlash natijalari;
  • Yoshlar jinoyatchiligi holati;
  • Yoshlar bandligini ta’minlash natijalari (yoshlarga yer ajratish natijalari);
  • Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish natijalari;
  • “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari natijalari (Yoshlar bilan ishlashda “Olmazor tumani tajribasi”) tog‘risidagi masalalar yuzasidan mas’ullar hisoboti tinglandi.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev faoliyat doirasidagi masalalar, o‘tgan 7 oyda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Erishilgan natijalar

Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda respublikamizdagi 9 452 ta mahallada 8,3 million nafar yoshlar balansi shakllantirildi. “Yoshlar balansi” asosida tizimni raqamlashtirish, ijtimoiy yordamlarning manzilli yetib borishini ta’minlash maqsadida elektron platforma ishga tushirildi hamda 25 ta axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi. Natijada, joylardagi haqiqatda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar ro‘yxati shakllantirildi.

Shuningdek, “Yoshlar balansi” asosida davlat idoralarining 7 965 nafar rahbarlariga alohida ishlash talab etiladigan 123 ming yosh nomma-nom biriktirilib, 31 ming nafarining turli muammolari hal etildi. Otaliqqa olingan yoshlarning dunyoqarashini o‘zgartirish orqali hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashilib, 271 670 ta ijtimoiy va maishiy muammolarning 85 435 tasi (31,4 foizi) ijobiy hal etildi.

Yig‘ilishda yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida ham salmoqli natijalarga erishilgani ta’kidlab o‘tildi. Xususan, ishsiz va norasmiy band bo‘lgan yoshlarning bandligini ta’minlashda “Uychi tumani namunasi”dan kelib chiqib, “Yoshlar bandligi dasturlari”dagi 109 ming ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 89 ming yoshga “Yoshlar daftari” orqali 180 milliard so‘mlik ijtimoiy-iqtisodiy (kasblar va xorijiy tillarni o‘rganish, ta’lim to‘lov-shartnomasi, harbiy xizmat badali, davolanish xarajatlari, mehnat qurollari va boshqa) yordamlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, dehqonchilik qilish istagidagi 155 ming yoshga ajratish uchun 61 ming gektar yer maydonlari auksion savdolariga chiqarildi. Shundan, bugungi kunga qadar 148 ming yoshga 52 634 gektar yer maydonlari ajratildi.

Yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish orqali ‘‘Ibrat farzandlari’’ loyihasi doirasida 1,4 milliondan ortiq yoshlar 23 ta xorijiy tillarni, ‘‘Ustoz AI” loyihasi doirasida 67,8 ming yoshlar 20 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn o‘rganmoqda.

Kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida “Mutolaa” loyihasi orqali 573 ming yosh qamrab olinib, loyiha doirasida 1 175 ta audio va 1 359 ta elektron kitob yaratildi. Bugungi kunda “Mutolaa” loyihasi orqali 1 million 310 mingta kitob o‘qilmoqda.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi”ni yil davomida o‘tkazish amaliyoti joriy etilib, hozirga qadar 6,2 million yoshlar qamrab olindi (ishtirok etish uchun 8,3 million nafar yosh ro‘yxatga olingan, jarayon davom etmoqda. Yil yakuniga qadar yana 10 ta loyiha o‘tkaziladi).

Kelgusi vazifalar

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash borasida yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar sanab o‘tildi.

1. Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish maqsadida Investitsiya vazirligi huzuridagi jamg‘arma Yoshlar ishlari agentligiga o‘tkazilib, “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil etiladi. Bunda:

Jamg‘arma tomonidan yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihalari tanlab olinib, ularga “biznes paket” qilib beriladi, loyiha tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadigan mexanizm yaratiladi;

Hududiy hokimliklar bilan birgalikda 14 ta tumanni tanlab, “to‘rtinchi sanoat” kasblariga o‘qitish markazlari ochiladi;

Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan yangi yondashuv asosida Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quriladi;

Har bir viloyatda bittadan “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinadi. Ushbu parklar OTMlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi;

Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi.

2. Topshiriqqa asosan, tuman hokimlari har hafta, viloyat hokimlari va vazirlar har oyda kamida bir marta yoshlar bilan uchrashib, muammolariga yechim beradigan mexanizm yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu jarayonlar respublika shtabi tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.

3. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ta’lim muassasalarining sport zallari va kutuxonalari, stadion va basseynlari uzluksiz xizmat qiladigan rejimga o‘tkazilib, mahalla yoshlari erkin foydalanishi uchun sharoit yaratiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish