Adabiyotda mehnatning samarasini darhol ko‘rish qiyin. Yozilgan asarning umrini ham, kitobxon qalbida qanday iz qoldirishini ham oldindan bilib bo‘lmaydi. Ba’zi fikrlar yillar o‘tib o‘z o‘quvchisini topadi, ayrim asarlarning qadrini esa keyingi avlodlar teranroq anglaydi. Shu bois yozuvchi uchun ijodga sadoqat va o‘z so‘ziga mas’uliyat bilan qarash muhim.
Qamashi tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan ijodiy faoliyatim e’tirof etilib, Toshkent shahridan ikki xonali xonadon ajratish bo‘yicha topshiriq berilgani men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Bu xabar oilamizga katta quvonch olib keldi. Men mazkur e’tiborni shaxsiy hayotimdagi quvonch sifatida qabul qilish bilan birga ijodkor mehnatining qadrlanishi nuqtayi nazaridan ham muhim deb bilaman.
Ijodkorga ko‘rsatilgan e’tibor haqida gapirganda masalani faqat bir insonning taqdiri bilan cheklab qo‘ymaslik kerak. Adabiyotning qadri, kitobxonlikka munosabat, yozuvchi-shoirning mehnati va kitobning odamlar hayotidagi o‘rni bir-biri bilan bog‘liq. Men uchun bu voqeaning muhim jihati ham shunda: yozuvchining mehnati e’tirof etilayotgan bir paytda shu mehnatning asosiy manzili bo‘lgan kitobxon va kitobxonlik muhiti haqida ham gapirishimiz lozim.
Yoshlar kitob o‘qimaydi, degan fikrni tez-tez eshitamiz. Menimcha, bunday qarashga shoshilmaslik kerak. Yoshlar kitob o‘qiydi, ularning orasida ko‘p mutolaa qiladiganlari ham bor. Balki, biz kitob do‘konlariga kam borayotgandirmiz, yoshlar orasiga yetarlicha kirmayotgandirmiz. Shuning uchun ham ularning kitobga munosabatini to‘liq ko‘rmayotgandirmiz. Har qanday jamiyatda ham hamma birdek kitob o‘qimaydi. Muhimi, kitobga qiziqqan odamga uni topish va o‘qish imkonini yaratish.
Biz bir paytlar bu imkoniyatlarning muhim qismini yo‘qotdik. 2000-yillarning boshlarida ko‘plab qishloq kutubxonalari yopildi, ayrim binolar boshqa maqsadlarda foydalanildi. Men tug‘ilib o‘sgan joyda ham ilgari bir nechta kutubxona bo‘lgan, bugun esa ularning o‘rnini topish qiyin. Kutubxonani yopish oson, ammo uni qayta tiklash uchun bino, mablag‘, kitob fondi va mutaxassis kerak. Shu sababli kitobxonlik haqida gapirganda odamlarning kitobga bo‘lgan ehtiyoji bilan birga bu ehtiyojni qondiradigan sharoitlarni ham hisobga olishimiz lozim. Shu nuqtayi nazardan Qamashi tumanida zamonaviy kutubxona qurilgani juda katta quvonchli xabar bo‘ldi men uchun. Millatimiz, yurtimiz kelajagiga xizmat qiladigan bunday xayrli ishlar ko‘payishi kishini umidlantiradi, katta orzularning bir kemtigini to‘ldiradi.
Bir kuni kechqurun uyimga bir kishi kitob so‘rab keldi. Tashqarida qorong‘i, elektr yo‘q edi. U kitob o‘qimasa, o‘zini juda siqilgan his qilishini aytdi. Men kitob so‘rab keladigan odamlarga bor kitoblarimni berib yuboraman. Ammo o‘sha odamning gapi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Kitobga ehtiyoj sezayotgan insonlar bor, lekin kitob topish oson emas. Keyin biz yoshlar kitob o‘qimayapti, deb ulardan nolishimiz mumkinmi? Avval kitobni ularning qo‘liga yetkazishimiz kerak.
Bugun kitobxonlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar ham, vositalar ham ko‘paymoqda. Elektron va audio kitoblar, turli mobil ilovalar mutolaani odamlarning kundalik hayotiga yaqinlashtiryapti. “Mutolaa” loyihasida ishlash davomida buni yanada yaqindan ko‘ryapman. Kitobni faqat bosma shaklda emas, audio, elektron va boshqa formatlarda ham o‘quvchiga taqdim etish mumkin. Muhimi, uning mazmuni va sifati saqlanishi, kitobxon bilan asar o‘rtasida aloqa yuzaga kelishi.
“Yosh kitobxon” tanlovi ham bu borada e’tiborga molik tashabbuslardan biri. Ilgari kitob o‘qish ayrim yoshlar orasida ko‘zga tashlanmaydigan mashg‘ulot bo‘lgan bo‘lsa, bugun kitobxonlik tanlovlari orqali ko‘plab yoshlarning mutolaaga qiziqishi namoyon bo‘lyapti. Kitobxon yoshning e’tirof etilishi, uning bilim va mehnati uchun rag‘bat olishi boshqalarga ham ta’sir qiladi. “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi orqali ilm-fan va adabiyotga oid muhim asarlarni o‘zbek tilida nashr etish tashabbusi ham kitobxonlik muhitini kengaytirishga xizmat qiladi. Bunday loyihalarning ahamiyati faqat kitoblar soni bilan o‘lchanmaydi. Ular odamlarning bilim olishga, mutolaaga va o‘z ustida ishlashga munosabatini o‘zgartirish imkoniga ega.
So‘nggi yillarda kitobxonlikka oid tashabbuslar ko‘payayotgani, kitob do‘konlari va kutubxonalarga e’tibor kuchayayotgani quvonarli. Prezidentimizning Qamashidagi uchrashuvda ijodkor va kitobxon oilaga alohida e’tibor qaratgani ham shu tomondan ahamiyatli. Kitobxon oilaning yutug‘i davlat darajasida e’tirof etilishi bilim va mutolaaga sarflangan mehnat ham qadrlanishini ko‘rsatadi. Bunday rag‘batlar, ayniqsa, yosh avlod uchun muhim: ular kitob o‘qishning o‘zi ham e’tirofga loyiq faoliyat ekanini ko‘radi.
Albatta, kitobxonlikni rivojlantirish birgina tanlov yoki loyiha bilan tugamaydi. Bola uyida kitob ko‘rsa, maktabda o‘qigan asari haqida erkin fikr bildira olsa, kutubxonaga kirib kerakli kitobini topa olsa, mutolaa uning kundalik hayotiga singib boradi. Kitob o‘qib bo‘lingach, u haqida suhbatlashish, qahramonlarning qarorlarini muhokama qilish, asardan olingan taassurotlarni boshqalar bilan bo‘lishish ham muhim. Kitobxonlik shunday muhitda shakllanadi.
Bu jarayonda yozuvchi va shoirlarning o‘rni alohida. Adabiyot insonni o‘zi ko‘nikib qolgan qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga undaydi. “Qo‘rqma” romanini yozish jarayonida meni eng ko‘p o‘ylantirgan masalalardan biri millatning tarixiy xotirasi edi. O‘tgan asr boshida ilm olish, dunyoni tanish, o‘z xalqining taraqqiyotiga xizmat qilish niyatida xorijga ketgan yoshlar taqdiriga murojaat qilar ekanman, ularning hayotini faqat tarixiy voqea sifatida tasvirlashni istamadim. Meni o‘sha avlodning orzu-intilishlari bilan bugungi yoshlarning maqsadlari o‘rtasidagi bog‘liqlik ham qiziqtirdi. Yaqin kunlarda nashr etilajak yangi romanimda ham shu kabi jihatlarga urg‘u berishga harakat qilganman.
Adabiyotning vazifasi faqat o‘tmishni eslash yoki bugungi yutuqlarni tasvirlashdan iborat emas. U insonning murakkab tabiatini, jamiyatdagi ziddiyatlarni, davrning savollarini ham ochib berishi kerak. Shu bois ijodkorning mustaqil fikrlashi va o‘z badiiy talablariga sodiq qolishi muhim. Ijodkorga ko‘rsatilgan e’tibor esa bu mas’uliyatni tag‘in oshiradi.
Yozuvchilikning yana bir murakkab tomoni tirikchilik bilan ijod o‘rtasidagi muvozanatdir. Badiiy asar vaqt, izlanish va xotirjamlik talab qiladi. Yozuvchi boshqa ishlar bilan band bo‘lib, qolgan vaqtida katta asar yaratishga urinishi mumkin, ammo adabiy mehnatning o‘z qonuniyati bor. Shu ma’noda ijodkorni qo‘llab-quvvatlash faqat kitobini chop etib berish bilangina cheklanmasligi kerak. Asarning kitobxonga yetib borishi, sotilishi, muhokama qilinishi va adabiy jarayonda o‘z o‘rnini topishi ham ahamiyatli.
Darhaqiqat, adabiyotning qadrini faqat kitoblar soni yoki savdo ko‘rsatkichlari bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Biroq yaxshi asar imkon qadar ko‘proq o‘quvchiga yetib borishi kerak. Buning uchun kitobni nashr etishdan tashqari uni tanishtirish, o‘quvchiga tavsiya qilish, asar haqida suhbat va bahslar tashkil etish lozim. Adabiyot javonda qati buzilmay turish uchun emas, o‘qilishi va odamlar orasida fikr uyg‘otishi uchun yaratiladi.
O‘zbek adabiyotini dunyoga olib chiqish masalasi ham dolzarb. Bizda jiddiy asarlar bor, biroq ularning xalqaro adabiy muhitga kirib borishi uchun tarjimaning o‘zi yetarli emas. Asarni puxta tarjima qilish, uni nufuzli nashriyotlarga taqdim etish, xalqaro kitob bozori bilan ishlash zarur. Bu uzoq muddatli, tizimli mehnatni talab qiladi. O‘zbek adabiyotini dunyoga tanitish yozuvchi yoki tarjimonning o‘zigagina bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak. Bunda nashriyotlar, tarjimonlar va adabiy tashkilotlarning hamkorligi muhim.
O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va adabiyotga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘paymoqda. Bu jarayonning samarasini vaqt ko‘rsatadi. Lekin kitobxonlikka, adabiyotga kiritilgan sarmoya bexayr bo‘lmasligi aniq. Muhimi, boshlangan ishlar izchil davom etishi, kitobxonlikka yaratilayotgan imkoniyatlar odamlarning kundalik hayotiga kirib borishi kerak. Kutubxonalar, sifatli kitoblar, yaxshi tarjimalar va erkin adabiy muloqot bir-birini to‘ldirganida bu tashabbuslar yanada katta natija berganini ko‘ramiz.
Prezidentimiz tomonidan ijodiy faoliyatimga ko‘rsatilgan e’tibor va oilamga bildirilgan g‘amxo‘rlikni katta rag‘bat sifatida qabul qilaman. Yozuvchi uchun esa eng muhim vazifa o‘z tamoyillariga sodiq qolish, kitobxon bilan samimiy muloqotni saqlash va yangi asarlar ustida ishlashdir.
Shunday zamonlar bo‘ldi: odamlarning qo‘lidagi kitobni tortib olib, keyin ulardan nega kitob o‘qimaysan, deb so‘radik. Endi shu kitobni odamlarning hayotiga qaytarish kerak. Buning uchun imkoniyatlar-da ortyapti. Bir yozarman sifatida istaymanki, o‘zbek adabiyoti o‘z o‘quvchisini ko‘paytirishi, keyin esa dunyoga chiqishi zarur. Bu ish bir kishining qo‘lidan kelmaydi. Lekin har kim o‘z vazifasini bajarsa, davlatimiz yelka tutib qo‘llab tursa, adabiyotimizning imkoniyatlari bugungidan ancha kengayadi.
