Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

KUN NAFASI

21.2.2024 67

Yog‘ingarchilik havoni tozaladi, avtomobillar harakati kamaydi. Ammo havo iflosligi bo‘yicha yana birinchimiz, nega?

Toshkent bugun tongda havo ifloslanishi bo‘yicha yana yetakchi shaharlar qatoridan joy oldi. 21-fevral kuni ertalab soat 8:00 da Toshkent shahar atmosferasidagi mayda PM2,5 zarrachalar miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 28,1 marta oshib ketdi. Soat 9:00 da, PM2,5 ifloslanishi 196,5 gacha oshib, jahon shaharlari reytingida Toshkent «juda zararli» havo bilan birinchi o‘ringa chiqdi. Holbuki, so‘nggi kunlarda kuzatilgan yog‘ingarchilk sabab havo tozalangan. Avtomobillar harakati ham nisbatan kamaydi. Shunga qaramasdan havoning bu qadar ifloslanishiga nima sabab bo‘ldi? Mazut yoqilishi ko‘paygan 19-fevral kuni Energetika vazirligi matbuot xizmati mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 12,1 ming tonna mazut yoqilganini ma’lum qilgan edi. Bu avvalgi kunga nisbatan 1400 tonnaga ko‘p. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov 20-fevral kuni kechqurun O‘zbekiston hududiga kelayotgan uch kunlikda antisiklon sharoiti keng masshtabda ta’sir etib, ob-havo sharoitida havoni ifloslantiruvchi moddalarning havoda muallaq turib qoladigan muhitni yaratishi mumkinligini aytgan edi. "Energetik balansni ta’minlashda kecha energetik tizim bir sutkada 12,1 ming tonna mazut yoqdi. Undan oldingi kun bu ko‘rsatkich 10,7 ming tonna edi. Buxorodagi "L-Gazli-1" va "L-Gazli-2" yuqori kuchlanishli elektr tarmoqda muammolar bartaraf etilib, favqulodda to‘xtab qolgan 10 ta gaz haydash kompresslar ishga tushirildi", - deb yozdi iqlimshunos olim. 5-o‘ringa tushdi 11: 45 holatiga ko‘ra, Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa tushdi. Dehli birinchi o‘rin, Lahor ikkinchi o‘rinni egalladi.

19.2.2024 78

Sovuq kunlarda shamollamaslik uchun nima qilish kerak?

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab biroz sovuq havo kuzatilmoqda. Bunday harorat esa shamollash bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish ehtimolini birmuncha oshiradi. Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev qish kunlarida mavsumiy xastaliklardan saqlanish bo‘yicha kerakli tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi. — Inson organizmi turli kasalliklarga qarshi kurashishi uchun uning immuniteti mustahkam bo‘lishi kerak, — deydi mutaxassis. — Biroq qish faslida aksariyat kishilarda tananing himoya tizimi biroz susayadi. Natijada shamollash bilan bog‘liq kasalliklar biroz ortadi. Shu bois, sovuq havoda, eng birinchi navbatda, gigiyena qoidalariga rioya etish maqsadga muvofiq. Buning uchun ko‘chadan kelganda albatta qo‘llarni sovunlab yuvish shart.  Bilamizki, viruslar sovuq va quruq havoda faollashadi. To‘g‘ri, qish fasli atmosferada namlik nisbatan yuqori bo‘ladi. Biroq xonalar isitilishi sababli havo quruqlashadi. Shu bilan birga, patogenlar toza havoni yoqtirmaydi. Ammo sovuq kunlarda eshik va derazalar zich yopilib, xonalar havosi tez-tez almashtirilmaydi. Odamlar asosiy vaqtini issiq sharoitda, bir necha kishi yoki ko‘pchilik bir joyda jamlanib o‘tkazadi. Bu esa infeksiyalarning avj olishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shu bois binolarni tez-tez shamollatish kerak. Shuningdek, D vitamini immunitet tizimining me’yoriy ishlashi uchun muhim element hisoblanib, qish faslida quyoshli kunlar kam bo‘lishi bois organizm bu moddani mustaqil ishlab chiqarishi pasayadi. Natijada tananing mazkur darmondoriga ehtiyoji ortadi. Shu sababli qishda to‘g‘ri ovqatlanish, ayniqsa, tarkibida S va D vitamini bor yeguliklar (baliq, jigar go‘shti, sut mahsulotlari, tuxum, mandarin, kivi, qorag‘at (smorodina), quritilgan anjir, limon, malina kabi mevalar, petrushka, o‘simlik yog‘i va tabiiy apelsin sharbati)ni ko‘proq iste’mol qilish lozim. Kunlik taomnomaga oqsilga boy oziq-ovqatlar (dukkakli mahsulotlar, yormalar, mol va parranda go‘shti)ni kiritish maqsadga muvofiq.  Qolaversa, vitaminlar shamollashning samarali profilaktikasi hisoblanadi. Ular immunitet tizimini mustahkamlash va viruslarga qarshi turish uchun juda muhim. Masalan, B vitaminlari (B1, B2, B6, B12) leykositlar faolligini kuchaytiradi. Bu o‘z navbatida tananing sovuqqa chidamliligini oshiradi. Shu bois tarkibida ushbu vitaminlar ko‘p bo‘lgan go‘sht, baliq, jigar, dukkaklilar, asal va yong‘oq kabi mahsulotlarni yeyish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, sovuq paytda ob-havoga mos kiyinish kerak. Birinchi navbatda, sharf taqishni unutmaslik zarur. Boisi u bo‘yindagi qon tomirlarini issiq saqlab, miyaga issiqlik yetib borishini ta’minlaydi. Turar-joy va ofislar hamda jamoat binolarida esa harorat rejimiga rioya qilish lozim. ‼️ Yana bir jihat shuki, aksariyat insonlar sovuq payti kamharakat bo‘lib qoladi. Bu esa immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aslida qish payti jismoniy harakatni ko‘paytirish orqali tanani chiniqtirish juda muhim.

19.12.2023 917

TOP-40: Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari

“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda hamda mintaqa ekspertlari ko‘magida ilk bor “Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari” reytingini tuzdi. Reytingga kiritilgan ayollar mintaqada turli sohalarga, shu jumladan siyosat, biznes, ta’lim, fan, san’at va ijtimoiy masalalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Nomzodlar ro‘yxati shakllantirilgach, Harakatning mintaqa miqyosidagi ekspertlar guruhiga taqdim etildi. Ekspertlar nomzodlarni ham matematik, ham empirik metodlarga tayangan holda saraladi. Saralash jarayonining birinchi bosqichida nomzodlar quyidagilarga qarab baholandi: - egallab turgan lavozimi va qarorlar qabul qilishga ta’sir qilish darajasi (10 ball); - iqtiboslarda keltirilishi va taniqliligi (10 ball); - ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surganligi (5 ball). Ikkinchi bosqichda mintaqaning 300 yaqin ekspertlar ishtirokida onlayn ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. Ovoz bergan ekspertlar tarkibida inson huquqlari bo‘yicha ombudsmanlar, mintaqaning yetakchi “aql markazlari” rahbarlari, parlamentariylar, akademiklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bor. Markaziy Osiyoning Top-40 yetakchi ayollari ro‘yxati: Ziroat Mirziyoyeva – “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, O‘zbekistonning birinchi xonimi Aygul Japarova – “Ene-balaga tirek” jamoat fondi raisi, Qirg‘iz Respublikasinning birinchi xonimi Azizmo Asadullayeva – Tojikistonning birinchi xonimi Tanzila Norboyeva – O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Dunyogo‘zal Gulmanova – Turkmaniston Milliy Gengeshi Mejlisi raisi Saida Mirziyoyeva – O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Olga Perepechina – Qozog‘iston Senati Raisi o‘rinbosari Jamila Isayeva – Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi (raisi) o‘rinbosari Dilrabo Mansuri – Tojikiston Majlisi namoyondagon Majlisi Oli raisi o‘rinbosari Daniya Yespayeva – Qozog‘iston Parlament Majlisi raisi o‘rinbosari Zuhra Ibrohimova – Oliy Majlis Spikeri o‘rinbosari Tamara Duysenova – Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova – O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Roza Otunbayeva – BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari, Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Ozoda Rahmon – Tojikiston Prezidentining ijroiya apparati rahbari Zulfiya Suleymenova – Qozog‘iston prezidenti maslahatchisi Nurjan Shayldabekova – Qirg‘iz Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Feruza Eshmatova – O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ajar Giniyat – Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aida Balayeva – Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Zulfiya Davlatzoda – Tojikiston madaniyat vaziri Gulnora-Klara Samat – Qirg‘iz Respublikasining Rossiyadagi elchisi Madina Abilqasimova – Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi raisi Robaxon Mahmudova – O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Umut Shayaxmetova – Qozog‘iston “Halyk Bank” boshqaruv raisi Lyazzat Ibragimova – Qozog‘iston “Otbasi banka” boshqaruv raisi Shoira Sodiqova – Tojikiston “Arvand” banki boshqaruv raisi Kunsulu Zakariyo – Qozog‘iston Fanlar akademiyasi prezidenti Svetlana Ortiqova – O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Myaxri Byashimova – Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Gayane Umerova – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari o‘rinbosari Sevara Nazarxan –O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aziza Umarova – O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit loyiha ofisi rahbari, jamoat arbobi Gulbahor Mahkamova – Tojikiston Tadbirkor ayollar Milliy assotsiatsiyasining boshqaruv raisi Nozima Davletova – O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Natalya Nikitenko – Qirg‘iz Respublikasi davlat va siyosat arbobi Roza Aytmatova – Qirg‘iz Respublikasi jamoat arbobi, xizmat ko‘rsatgan ta’lim xodimi Elvira Surabaldiyeva – Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi deputati Irina Matviyenko – O‘zbekistondagi NeMolchi.uz loyihasi asoschisi Dinara Oshurakunova – Qirg‘iz Respublikasi “Demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun” koalitsiyasi eksperti Ekspertlarning ta’kidlashicha, Tanzila Norboyeva O‘zbekiston tarixida Senatga raislik qilayotgan ilk ayol. Bungacha u Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. “Shuhrat” medali, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2019-yilda “Eng faol davlat arbobi – O‘zbekistonda yil odami” cifatida e’tirof etilgan. Roza Otunboyeva Markaziy Osiyodagi birinchi ayol prezident. Bugunda Qirg‘iz Respublikasi rivojiga ko‘p tomonlama hissa qo‘shayotgan “Roza Otunboyeva tashabbusi” jamoat fondi asoschisi. U yetakchilik, diplomatiya, faol fuqarolik va xalqaro hamkorlik sohalarida 35 yildan ortiq kasbiy tajribaga ega. Fuqarolik jamiyati, davlat va xususiy sektorlar hayotini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun Quvayt mukofoti bilan taqdirlangan. Ekspertlar, shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi “Zamin” fondi sog‘liqni saqlash, ta’lim, yollar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va qariyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelayotganini e'tirof etdi. Birinchi xonim xalqaro miqyosdagi yirik anjumanlar, sammitlarda faol ishtirok etib, ijtimoiy muloqotni mustahkamlashga, o‘zbek jamiyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Ozoda Rahmon Tojikiston hukumatida yuqori lavozimlardagi faoliyatidan tashqari, o‘zining xayriya ishlari, mamlakatda ayollar huquqlari va ta’lim sohasidagi islohotlarga ta’sir ko‘rsatishi bilan tanilgan. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fanlar akademiyasi prezidenti Kunsulu Zakariyo biologiya fanlari doktori, professor, Al-Farobiy nomidagi fan va texnika sohasidagi Davlat mukofoti laureati. Olima ayol Qozog‘iston ilm-fanini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. U COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi QazCovid-in (QazVac) vaksinasini ishlab chiqdi. 200 dan ortiq ilmiy nashrlar hamda ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar, monografiyalar, ixtirolar va me’yoriy-texnik hujjatlar muallifi. Myahri Byashimova Turkmaniston tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatidan tashqari, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, yangi ekologik toza texnologiyalardan foydalanishga oid loyihalarni faol ilgari suradi, bu bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi yig‘ilishlarida ishtirok etib keladi. Umut Shayaxmetova Qozog‘istonda ayol biznes yetakchilaridan biri. U boshqarayotgan Xalq banki Markaziy Osiyodagi yirik banklardan biridir. 2023-yilda nufuzli xalqaro nashr – “International Banker”ga ko‘ra, Sharqiy Yevropadagi eng yaxshi bank deb topildi. Shuningdek, Qozog‘iston Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti bo‘lgan birinchi ayoldir. Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, shuningdek, gender tengligi masalalari bo‘yicha faollik ko‘rsatib, xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Jamiyatdagi muammolarni ko‘tarib, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga munosabatini bildirib keladi. Xalqaro minbarlarda O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqib, yirik ta’limiy va madaniy, ekologik loyihalarni taqdim etmoqda. 34 yoshli Dunyogo‘zal Gulmanova Turkmaniston tarixida parlamentning eng yosh spikeri hisoblanadi. Ekspertlar uning ushbu lavozimga saylanishini mamlakat siyosiy manzarasida muhim o‘zgarishlardan darak ekanini ta’kidlagan. Oxirgi parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, deputatlarning 25,60 foizini ayollar tashkil etdi. Deputatlar tarkibi sezilarli darajada yoshardi: qariyb 10 foizi 30 yoshgacha, 40,80 foizi esa 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.

12.12.2023 904

Telefonda 4 soat vaqt o‘tkazish depressiyaga olib keladi

Koreyalik olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, telefonda kuniga to‘rt soatdan ortiq vaqt o‘tkazish o‘smirlarda stressni kuchaytirishi va hatto o‘z joniga qasd qilish fikrini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, smartfonlardan tez-tez foydalanadigan bolalarda uyqu buzilishi va depressiv alomatlar kuzatilgan.

12.12.2023 914

“Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari! Qadrli mehmonlar! Xonimlar va janoblar! Siz, azizlarni o‘tgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakatini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro anjumanning ochilishi bilan chin qalbdan tabriklayman. Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etish bizning ustuvor vazifamizdir. Bugungi anjumanimizga tashrif buyurgan nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillariga, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli olim va ekspertlarga ushbu anjumanni tashkil etish tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun samimiy tashakkur bildiraman. Aziz do‘stlar! O‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen bo‘lgan jadidchilik g‘oyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy o‘ziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilg‘or g‘oya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi o‘rni va ta’sirini o‘rganish, XX asrning birinchi choragida ular tomonidan barpo etilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish, dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat qurishga qaratilgan faoliyatiga tarixiy baho berish, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi bilan bog‘liq masalalar bugungi konferensiyaning asosiy muhokama mavzulari etib belgilangani alohida ahamiyatga ega.  Barchamizga ayonki, “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, ularni g‘aflat botqog‘idan qutqarishning asosiy yo‘li – bilim va ma’rifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bildilar. Ular shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochdilar. Jamiyat a’zolarining dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etdilar. Yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yubordilar. Shu bilan birga, davlat boshqaruvi, sud-huquq, moliya, soliq tizimlari, yer masalalarini tadrijiy asosda tubdan isloh qilish uchun g‘oyaviy va amaliy harakatlar olib bordilar. Bir so‘z bilan aytganda, ular milliy uyg‘onish, milliy taraqqiyot g‘oyasini ro‘yobga chiqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Afsuski, o‘sha davrdagi mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum bu ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirishga yo‘l bermadi. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir. Shu bois, xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida o‘rganish hamda targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda. Yurtimizda ushbu yo‘nalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilinib, har yili 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy bo‘limlari faoliyat olib bormoqda. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida Buxoro shahridagi tarixiy maskanda Jadidchilik tarixi muzeyi tashkil etilmoqda. Bu murakkab davr tarixiga oid ilmiy va badiiy asarlar, “Tarixning noma’lum sahifalari”, “Qatag‘on qurbonlari” nomli ko‘p jildli xotira kitoblari nashr etilmoqda. Badiiy va hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlanib, namoyish qilinmoqda. Xalqaro konferensiyalar, ko‘rgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari, seminarlar muntazam o‘tkazilmoqda. Atoqli ma’rifatparvarlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Ularning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, ta’lim muassasalari, muzeylar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi yangi qadam bo‘ldi. Ayni vaqtda, yurtimizda har yili avgust oyini “Qatag‘on qurbonlarini yod etish oyi” sifatida o‘tkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Mahalla idoralarida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari” va “Mahalla xotira kitoblari”ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatag‘on qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan to‘plam tayyorlash rejalashtirilgan. Ushbu muhim mavzuda arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun maqsadli grantlar e’lon qilish, yangi badiiy va publitsistik asarlar yaratish, xorijiy ilm-fan markazlari, fondlar va muzeylar, kutubxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan olg‘a surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrashga doimo da’vat etib turadi. Fursatdan foydalanib, taniqli tarixchi olim, AQSHdagi Michigan universiteti professori, vatandoshimiz Temur Xo‘ja o‘g‘liga mamlakatimiz tarixi, jumladan, jadidlar merosi bilan bog‘liq noyob hujjatlarni O‘zbekistonga taqdim etayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.   Bugungi nufuzli anjuman har birimizni ma’naviy uyg‘oqlik va ogohlikka chorlab, qalblarimizda ulug‘ ajdodlarimizga xos azmu shijoat tuyg‘ularini yuksaltirishga, xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va qardoshlik ruhini, ilmiy-madaniy aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonaman. Siz, muhtaram anjuman ishtirokchilariga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

10.12.2023 1154

Milliy madhiyamiz tarixi

Madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir, deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan. Bugun O‘zbekiston madhiyasi 31 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan uning yaratilish tarixiga bir nazar tashlaymiz. O‘zbekiston Oliy Kengashining (milliy parlamentning Oliy Majlisdan avvalgi nomi) 1992-yil 8-10-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan 11-sessiyasida bir qator tarixiy qarorlar qabul qilingan. Shulardan biri davlat madhiyasining qabul qilinishi edi. O‘zbekistonning yangi madhiyasini ishlab chiqishga 1990-yil martidan kirishilgan. “Bu harakat hali SSSR degan qudratli, “qilichidan qon tomgan” davlat barqaror bo‘lib turgan paytda juda katta jasorat edi.1990-yilning dekabrida Madaniyat, fan, xalq ta’limi va madaniy merosni asrash qo‘mitasi tomonidan Davlat madhiyasi matni va musiqasi bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Nizomga ko‘ra, tanlovda ishtirok etuvchi ijodkorlar yashirin imzo – taxallus bilan qatnashishi shart qilib qo‘yilgan edi. Qo‘mitaning 1991-yil 5-aprel kuni taniqli adib Pirimqul Qodirov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Davlat madhiyasi uchun taqdim etilgan she’rlarni saralash masalasi ko‘rilgan. Yig‘ilishda 90 ga yaqin taxalluslar bilan qatnashgan shoirlarning 12 ta she’ri keyingi bosqich uchun tanlab olingan. Oradan ikki oy o‘tgach, davlat madhiyasi musiqasi uchun taqdim etilgan asarlar tanlovi ham o‘tkazilgan. Tanlovda 30 ga yaqin musiqiy asarlardan birortasi ham komissiya a’zolariga to‘la ma’noda ma’qul kelmagan, faqat 2 ta musiqiy asar qayta ishlash sharti bilan ikkinchi turga o‘tkazilgan. G‘olibni aniqlash maqsadida katta komissiya tuzildi – uning tarkibida shoir va kompozitorlardan tashqari olimlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar, xullas turli soha vakillaridan 20 nafarcha odam bor edi. Ular madhiyalikka nomzod yuzlab ijodiy ishlarni saralagan. Birinchi bosqichda 78 ta madhiya tanlab olindi. Keyingi bosqichda 40 tasi ma’qul deb topildi. Saralashda xolislikni ta’minlash maqsadida nomzod madhiyalarning she’ri va musiqa mualliflari ism-familiyalari yashirilib, ular faqat raqamlar bilan ajratib chiqilgan. So‘ng 20 ta madhiyadan 15 tasi, 15 tadan uchtasi final bosqichga o‘tgan. Yakuniy bosqichda qatnashish uchun saralangan uchta madhiya mualliflari Abdulla Oripov va Mutal Burhonov, Mirpo‘lat Mirzo va Rustam Abdullayev, Abdulla Oripov va Baxtiyor Aliyev bo‘lgan. Tanlovning eng so‘nggida saralangan uch variant yopiq ovoz berish uchun qo‘yiladi. Raislik qiluvchi birinchi bo‘lib O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga so‘z beradi. Abdulla Oripov davlat madhiyasi she’riy matnining o‘zi yozgan ikki variantini o‘qib eshittiradi. Birinchisi, “Bahor” ansambli uchun jozibali milliy kuylar yozib, tajriba orttirgan kompozitor, sobiq SSSR davlat mukofoti sovrindori Baxtiyor Aliyev musiqasiga (“Ming yillar qa’ridan kelar karvoning...”, deb boshlanuvchi) she’riy matn edi. Ikkinchisi esa mashhur bastakor Mutal Burhonovning elga tanish musiqasiga yozilgan (“Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot”, deb boshlanuvchi) madhiya matni edi. So‘ng, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi, shoir Mirpo‘lat Mirzo o‘zining taniqli bastakor, ko‘plab yosh kompozitorlar tanlovining sovrindori Rustam Abdullayev musiqasiga yozgan she’riy matnni o‘qib berdi... Shundan keyin deputatlar har uchala matn variantini musiqalar bilan birga tinglaydi.Deputatlar yashirin ovoz bergach, 404 ball bilan Abdulla Oripov va Mutal Burhonov hamkorligidagi madhiya g‘olib bo‘lgan. Madhiyaga bastalangan kuy aslida 1946-yilda qabul qilingan O‘zSSR madhiyasi musiqasidir. Uni ham 30 yoshli Mutal Burxonov bastalagan va tanlovda g‘olib bo‘lgan. Abdulla Oripov she’ri bu kuyni qayta milliy ruhda qayta jonlantirgan.

8.12.2023 920

O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

Qadrli vatandoshlar! Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi. Asosiy Qonunimizning jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyatini yuksak qadrlaymiz. Albatta, bu yilgi bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida ma’no-mazmunga ega. Bu, avvalo, shu yil 30-aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bog‘liq, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Hech shubhasiz, tom ma’noda xalqchil qomus bo‘lgan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga yetishda Asosiy qonunimizda muhrlangan barcha qoida va tamoyillarni amalga oshirmoqdamiz. Jamiyatimizda Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yishning ahamiyatini chuqur anglagan holda, bu borada tizimli ishlarni boshladik. Xususan, Asosiy qonunimizdan kelib chiqib, amaldagi qonunlarimizni yangi konstitutsiyaviy normalar bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan jadal ishlar olib borilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, qisqa muddatda 30 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilganini ta’kidlash lozim. Konstitutsiya va qonun ustunligi tamoyili – bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni. So‘nggi yillarda barcha islohotlarimizni ayni shu tamoyil asosida amalga oshirdik. Yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi oxirgi 6 yilda 1,5 martadan ortiq, tadbirkorlar soni 2 barobar va sanoatdagi o‘sish 40 foizdan ziyod oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Shuningdek, joriy yilda ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar 134 trillion so‘mni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 5,6 barobar ko‘paydi. Keng ko‘lamli va tizimli islohotlarimiz natijalari xalqaro maydonda ham keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat bo‘yicha xalqaro indeksda 32 pog‘onaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pog‘onaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pog‘onaga ko‘tarildi. Aziz do‘stlar! Biz inson qadr-qimmati va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni yangi konstitutsiyaviy makonda yanada qat’iy davom ettiramiz. Xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarishimiz va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim. Shu munosabat bilan oldimizda turgan eng muhim ustuvor vazifalarni qayd etmoqchiman. Birinchidan, Konstitutsiyamizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir, deyilgan. Ana shu qoidadan kelib chiqib, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi. Ikkinchidan, Konstitutsiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita qo‘llash amaliyotiga o‘tishimiz zarur. Shundagina xalqimiz Asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi va ta’sirini teran his etadi. Bu borada barcha davlat idoralari, jumladan, sudlar faoliyatida konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashni joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi. Uchinchidan, sud-huquq islohotlari yangi konstitutsiyaviy makonga uyg‘unlashtiriladi. Bu jarayonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirish ustuvor vazifa bo‘lib hisoblanadi. To‘rtinchidan, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblikni ta’minlash bo‘yicha konstitutsiyaviy prinsipni ro‘yobga chiqarish maqsadida qonun hujjatlaridagi 150 dan ortiq ana shunday choralar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Jumladan, ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va jazo turlarini o‘zgartirish, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy javobgarlikni bekor qilish borasida huquqiy islohotlar amalga oshiriladi. Beshinchidan, Konstitutsiyamizda qat’iy belgilab qo‘yilganidek, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz bo‘lib, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir. Ushbu yo‘nalishda asosiy e’tiborimiz bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi. Oltinchidan, barcha islohotlarimizda inson va uning manfaatlari markaziy o‘rinda turishi va xalqimiz farovonligi hamda qulay hayot kechirishini ta’minlash davlat organlari uchun bosh maqsad bo‘lishi lozim. So‘nggi yillarda shu maqsadda 300 ga yaqin davlat xizmatlari to‘liq raqamlashtirildi va aholiga 50 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi. Shu bois, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda mavjud byurokratik to‘siqlarni keskin qisqartirish hamda ushbu jarayonlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirishimiz kerak. Yettinchidan, biz “Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy ta’lim masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Parlament tomonidan Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilindi. Asosiy qonunimizni o‘rganishni bolalar bog‘chasidan boshlash, barcha darajadagi ta’lim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilari ushbu jarayonga to‘liq jalb etilishi lozim. Shuning uchun davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari bo‘yicha imtihonlar o‘tkazish tizimini amalda tatbiq etishimiz zarur. Sakkizinchidan, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu masalada fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beramiz. Xususan, so‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarning soni qariyb 40 foizga oshdi va ularni qo‘llab-quvvatlashga 700 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo‘lgan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz lozim hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq amaliy choralarni ko‘rishda davom etamiz. Aziz va muhtaram vatandoshlar! Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyat va qarama-qarshiliklar, qurolli to‘qnashuvlar tobora avj olib bormoqda. Oldimizda yangi-yangi muammolar paydo bo‘lmoqda. Hozirgi o‘ta murakkab va tahlikali vaziyatda barchamiz yanada birlashishimiz kerak. Tanlagan yo‘limizdan qat’iy olg‘a borishimiz zarurligini asrlar davomida ko‘plab og‘ir sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va donishmand xalqimiz albatta yaxshi tushunadi. Aminmanki, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi biz uchun bu yo‘lda ulkan ishonch, kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Biz Asosiy qonunimizga tayangan holda, mana shunday noyob Konstitutsiyamizning asosiy ijodkori bo‘lgan ko‘pmillatli, bag‘rikeng va olijanob xalqimiz bilan birga ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz! Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz! Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!  

6.12.2023 1098

Ilk Konstitutsiya qayerda paydo bo‘lgan?

Konstitutsiya (lotincha: constitutio — „tuzilish“, „tuzuk“) — bu davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi. “Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimda   paydo  bo‘lgan,   ya’ni  imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun  ishlab chiqilgan, yaratilgan, unda jamiyatni boshqarish, jinoyatlarga jazo berib, adolatsizliklarga barham berish, jinoyatchilarni qonun talablari asosida jazolab, xalqni davlatga ishontirib, davlatga suyangan va adolatga tayangan holda yashashini ta’minlash bo‘lgan. Keyin  bu ommalashib, butun dunyoga turli shaklda kirib borgan. Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan. Har davlatning podshohlari va xalqining muammolaridan kelib chiqib, vazirlar bilan birgalikda qomuslar ishlab chiqilgan, musulmon mamlakatlari qonun ishlab chiqishda shayxulislomlarning maslahatlariga quloq solib, din tamoyilidan kelib chiqib, tuzgan. Konstitutsiyaviy huquqning paydo bo‘lishiga va taraqqiyotiga bir qator konstitutsiyaviy ahamiyatga molik hujjatlar katta ta’sir ko‘rsatgan. Bunday hujjatlar jumlasiga 1215-yilda Angliyada qabul qilingan “Erkinliklarning buyuk Xartiyasi’, 1697-yilgi “Habeas Corpus Act” va boshqa bir qator hujjatlar kiradi. Yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlar hozirgi kunda ham Buyuk Britaniyada amaldagi konstitutsiyaviy hujjatlardan bo‘lib hisoblanadi. Shunday qilib, konstitutsiyaviy huquq mоduli o‘ziga xos tarixiy taraqqiyot davomida vujudga kelgan. Ko‘pgina davlatlarda huquq va qonun hujjatlarining asosiy manbai - Konstitutsiya hisoblanadi(ba’zi bir musulmon davlatlari bundan istisnodir). Ammo Konstitutsiya davlat hayotining eng muhim masalalarini hukumatga havola qilib, ko‘pgina hollarda umumiy qoidalargina o‘zida aks etadi. Har bir davlatning hududida eng asosiy qonun bo‘lmish Konstitutsiyadan o‘ng doim qonunlar va qonun osti hujjatlari o‘rin egallaydi.

5.12.2023 1050

5-dekabr — Xalqaro Volontyorlar kuni!

Birgalikda bir kuchmiz! Bugun butun dunyo bo‘ylab “Xalqaro ko‘ngillilar kuni” nishonlanmoqda. Sizlarning sa’y-harakatlaringiz bilan davlat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan ko‘plab ezgu dasturlar amalga oshiriladi. Ushbu sana munosabati bilan jamiyat hayotida chin dildan ishtirok etayotgan, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qilayotgan barcha volontyorlarga minnatdorchilik bildiramiz. Boshqalarga yordam berishdan, mehr ulashishdan charchamang. Xayrli ishlaringizda hamisha omad yor bo‘lsin!

29.11.2023 1076

Suv

Dunyo aholisining qariyb 40 foizi toza ichimlik suvi tanqis hududlarda yashaydi; BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 1,5 mlrd. aholi toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi; 2,3 mlrd.aholi esa sanitar talabga javob bermaydigan suvni ichishga majbur; Yuqumli kasalliklarning 80 foizdan ortig‘i ichimlik suv sifatining pastligi hamda suv ta’minotida sanitar-gigiyenik qoidalarning buzilishi oqibatidir; Har yili toza ichimlik suvi tanqisligi tufayli 1,2 mln. kishi turli xastaliklarga duchor bo‘ladi; Sayyoramizda eng ko‘p foydalaniladigan va kamayib borayotgan resurs; XXI asrdagi davlatlararo tahdid va urushlarning bosh omillaridan birir; Yerning 70 foizdan ko‘proq qismini qoplagan bo‘lsa-da, atigi 3 foizi ichish uchun yaroqli; Dunyo bo‘ylab iqlim migratsiyasiga olib keluvchi sabablardan biri.

29.11.2023 1140

Yurtimizni “Yashil makon”ga aylantiramiz!

Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar va sportchilar” bog‘iga Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi xodimlari tomonidan 3 mingdan ziyod bodom ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, Surxondaryodagi Muzrabot tumani “Bog‘i eram” mahallasida 100 nafar mahalladagi yoshlar yetakchilari va volontyorlar bilan birgalikda 600 dan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi. 2023-yilning kuz mavsumi davomida Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, yoshlar yetakchilari va faol volontyorlar tomonidan 169 mingdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi.

28.11.2023 1146

Oʻzbekistonda 1-dekabrdan nimalar oʻzgaradi?

2023-yil 1-dekabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhi Spot tomonidan taqdim etildi.Ish haqi, pensiya va nafaqalar oshiriladi1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirilishi belgilangan.Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 372 ming soʻm, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 725 ming soʻm hamda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1 mln 50 ming soʻmni tashkil etadi.Farmon bilan quyidagi nafaqa va pensiya turlari ham oshirilmoqda:nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 800 ming soʻm;mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa — 800 ming soʻm;belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (725 ming soʻmdan) 800 ming soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari — 800 ming soʻm;zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa — 608 ming soʻm;ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda — 608 ming soʻm;oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 608 ming soʻm;boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 608 ming soʻm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun — 212 ming soʻmdan qoʻshiladi.Shuningdek, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori oyiga 608 ming soʻm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlanadi.Barcha budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari dekabrdan boshlab 7%ga oshgan holda hisoblanadi.Bazaviy hisoblash miqdori 1-dekabrdan 3% miqdorida oʻzgarib, 340 ming soʻm etib belgilanmoqda. (Bungacha BHM 330 ming soʻmni tashkil etgandi).Toshkentda issiqlik taʼminoti uchun tariflar oshiriladiHujjat bilan, “Veolia Energy Tashkent” tomonidan koʻrsatiladigan issiqlik taʼminoti xizmatlarining tartibga solinadigan bazaviy tarifi gigakaloriyasi uchun 664 465 soʻm etib belgilanmoqda.Kiritilayotgan yangi tariflar joriy yilning 1-dekabridan kuchga kiradi. Shu bilan birga, qaror loyihasining muhokamasi 28-noyabrgacha davom etadi.Qarorga muvofiq, aholi uchun issiqlik taʼminoti xizmatlarining chakana savdo tarifi avvalgi darajada oʻzgarishsiz qoladi — bir Gkal uchun 91 960 soʻm.Shuningdek, budjet tashkilotlari uchun 1 Gkalning yangi narxi 801 963 soʻmni, kichik, oʻrta va yirik korxonalar uchun esa 212 606 soʻmni tashkil etadi.Valyutani chet elga olib chiqish limiti oshiriladiHukumatning bojxona deklaratsiyasidan oʻtkazilmaydigan naqd xorijiy valyutani xorijga olib chiqish hajmini oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.Endilikda Oʻzbekistondan bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, amaldagi 70 million soʻm oʻrniga 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan ekvivalentdagi valyutalarni olib kirish va olib chiqish mumkin.Bundan tashqari, maslahat olish uchun aholi belgilangan limitdan oshib ketgan naqd valyutani bojxona nazorati oldidan taqdim etish huquqiga ega boʻlib, bojxona organlari xodimlari ularga deklaratsiyani toʻldirish qoidalari boʻyicha tushuntirishlar beradi. Ilgari bu qoida ham mavjud emasdi.Tashqi reklama uchun joy E-auksion orqali sotiladi2023-yil 1-dekabrdan boshlab tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi.Reklama konstruksiyalarini oʻrnatish uchun yigʻim va ularda reklama maʼlumotlarini joylashtirish uchun yigʻim oʻrniga yagona toʻlov joriy etiladi. Bu onlayn-auksion natijalariga koʻra aniqlanadi.Reklama obyektlari bilan savdolar E-auksionda oʻtkaziladi. Gʻolibga avtomatik ravishda reklama joyining pasporti ham, uni oʻrnatish boʻyicha shartnomalar ham beriladi.Ijara haqining stavkalari bir kvadrat metr uchun hududlarga qarab quyidagi miqdorlarda belgilanadi:Toshkent shahrida BHMning 20%i — 68 ming soʻm;Qoraqalpogʻiston va viloyatlar markazlarida 10%i — 34 ming soʻm;boshqa hududlarda 7%i — 23,8 ming soʻm.2023-yil 1-dekabrgachas tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xatlovdan oʻtkaziladi va ular ustidan doimiy nazorat oʻrnatiladi.MIZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish Yagona portal orqali amalga oshiriladiMaxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish, ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, ular bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim va ijara shartnomalarini tuzish boʻyicha davlat xizmatlari Yagona portal, Davlat xizmatlari markazlari yoki MIZ direksiyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.Kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantiruvchi tizim bosqichma-bosqich ishga tushiriladiMazkur tizim doirasida Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi.Zilzila oʻchogʻiga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli (5 va undan yuqori balli) tebranishlar aniqlanganda “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi toʻgʻrisida tezkor xabarnoma yuboriladi.Nasldor qoramollar uchun hisoblangan QQSni 180 kunda toʻlash imkoniyati yaratiladiChorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi prezident qarori qabul qilingan.Hujjat bilan, chorvachilik xoʻjaliklari oʻz ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻini 180 kun ichida toʻlab berish tizimi joriy etiladi.Bunda imtiyozlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi kafolati asosida beriladi.Fuqarolikni rasmiylashtirish va avtotransportni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha sayyor xizmatlar koʻrsatiladiMigratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, avtotransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda davlat raqami berish boʻyicha davlat xizmatlari fuqarolar xohishi bilan yashash joyiga chiqish orqali amalga oshiriladi.Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati qoʻshimcha toʻlov asosida koʻrsatilib, bunda toʻlovlar oldindan amalga oshirilishi belgilangan.Ammo aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasidan qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi. Xizmat 10 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining yashash joyiga borib amalga oshiriladi.Shuningdek, transportni roʻyxatga olish boʻyicha sayyor davlat xizmatlari qoʻshimcha toʻlov asosida 1, 3 yoki 5 kunda koʻrsatiladi.Bunda ham toʻlov xizmat koʻrsatilishidan oldin amalga oshiriladi hamda uning miqdori quyidagicha:1 kunda koʻrsatilganda — BHMning 4 baravari (1 mln 360 ming soʻm);3 kunda koʻrsatilganda — BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming soʻm);5 kunda koʻrsatilganda — BHMning 2 baravari (680 ming soʻm).Shu bilan birga, xizmat koʻrsatish masofasi 10 kilometrdan oshganda, har bir kilometr uchun qoʻshimcha BHMning 5%i (17 ming soʻm) miqdorida toʻlanadi.Shahar va viloyat markazlarida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari oʻrnatiladi1-dekabrdan mamlakatning shahar va viloyat markazlarida elektromobillarni tez quvvatlantirish stansiyalari barpo etiladi.Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyat boʻysunuvida boʻlgan shaharlar hududlaridagi AYoQSh, sigʻimi 100 avtomobildan ortiq boʻlgan avtoturargohlar hamda bozorlar hududida tashkil etiladi.“Oʻzbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori avtomagistral yoʻllarida joylashgan AYoQSh hamda savdo va koʻngilochar markazlari hududida ham oʻrnatiladi.Aholi va tadbirkorlardan 47 turdagi maʼlumotlarni soʻrab olish bekor qilinadiQonunchilikka koʻra, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali aholi va tadbirkorlik subyektlaridan 47 turdagi maʼlumotlarni talab qilish bekor qilinadi.Chegarani kesib oʻtgan xorij fuqarosi va oʻzbekistonliklarning pasport maʼlumotlari;   Foydalanuvchiga ilgari taqdim etilgan JSHSHIR (agar mavjud boʻlsa) haqida maʼlumot;   Oila tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Fuqaro mol-mulkiga (avtotransport vositasi, koʻchmas mulk va boshqalar) qoʻyilgan taqiqlar;   Avtomototransportlar bilan sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining sugʻurta shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Talabaning shartnoma puli toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Bojxona yuk deklaratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizim idoralari tomonidan import qilingan tovar moddiy jihozlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Bepul tibbiy xizmat uchun berilgan orderlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Jismoniy shaxslarning roʻyxatga olingan poliklinika manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchi/talabalari oʻqish joyidan maʼlumotnoma;   Attestatsiyadan oʻtgan pedagog kadrlar toʻgʻrisida (oʻrta maxsus va professional taʼlim) maʼlumotlar;Mahsulotning muvofiqlik sertifikati maʼlumotlariBekor qilingan haydovchilik guvohnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Mehnatga layoqatsizlik varaqasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Jismoniy va yuridik shaxslarga ochilgan bank plastik kartalari (Uzcard, HUMO) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;   Tugʻilganlik haqidagi maʼlumotni real vaqt rejimida taqdim etish va boshqalar.   Soʻrab olish talab qilinmaydigan maʼlumotlar roʻyxati bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.Maʼmuriy bayonnoma avtomobilni ishonchnoma bilan boshqaruvchiga rasmiylashtiriladiTransport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini oʻtkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi.Bunda, xabarnoma olingan kundan vakolatli organ tomonidan YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.Toshkentda ichimlik va oqova suv narxi oshiriladiToshkent shahar xalq deputatlari kengashining 24-noyabrdagi qarori bilan sovuq suv va oqova suv narxlarining yangilangan tariflari tasdiqlandi.9-dekabrdan aholi, budjet tashkilotlari va ulgurji isteʼmolchilar uchun bir metr kub suv narxi 1400 soʻm, oqova suv narxi esa 1000 soʻmdan hisoblanadi.Yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 soʻm, oqava suv narxi esa 2200 soʻm etib belgilandi.   “Yandex Go” Oʻzbekistonda servisni mahalliylashtiradi“Yandex Go” taksi agregatori Oʻzbekistonda mahalliylashtirish ustida ishlamoqda. MDHdagi xizmat rahbari Kirill Svintsovning taʼkidlashicha, kompaniya mamlakat qonunchiligiga muvofiq faoliyat yuritadi va allaqachon savdo belgisini roʻyxatdan oʻtkazgan. 1-dekabrgacha axborot xizmatini mamlakat ichida mahalliylashtirish rejalashtirilgan.Shuningdek, “Yandex Go” yoʻlovchi tashuvlarini fiskallashtirish masalalari boʻyicha Soliq qoʻmitasi bilan muloqotni davom ettirmoqda. Kompaniya vakili “mazkur vazifani belgilangan vaqt ichida amalga oshishini” kutmoqda.

27.11.2023 1166

Dushanba — og‘ir kunmi? Nima uchun ko‘pchilik bu kunni yoqtirmaydi?

Dushanba kunini yoqtirmaslik shunchalik keng tarqalganki, hatto unga atab qo‘shiqlar kuylangan. Ma’lum bo‘lishicha, bu kunni yoqtirmaslikka tabiiy sabablar bor, garchi o‘z ishimizni yaxshi ko‘rsak ham. Mutaxassislar nima uchun ko‘plar dushanbani yoqtirmasliklarini va bu borada nimalar qilish kerakligini tushuntiradilar. Tananing tabiiy ritmi buziladi An’anaviy tarzda erta tongdan dushanba-juma jadvalida ishlaydiganlar ko‘pincha hafta avvalida barvaqt turganda o‘zlarini yomon his qiladilar. Bu biologik ritmlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Chunki dam olish kunlari boshqa vaqtda uyg‘onamiz va uxlaymiz. Organizmga bunday beqarorlik ma’qul kelmaydi. Shunday qilib yakshanba kuni yetarlicha uxlab olsangiz ham, dushanba kuni yana ko‘proq uxlashni xohlaysiz. Uyquning yetishmasligi asabiylashishga sabab bo‘ladi. “Dam olish kunlarida uxlash yomon emas, lekin u tabiiy biologik ritmlarni buzadi”, deb tushuntiradi nevropsixolog Sanam Hofiz. Dam olish kunlari va ish kunlarida bir vaqtning o‘zida turishingiz va taxminan bir xil vaqtda uxlashingiz uchun kundalik jadvalingizni o‘zgartirishga harakat qiling. Erkinlik hissini yo‘qotdingiz Tartibsiz dam olish kunlaridan so‘ng, yana “odamlar bilan uchrashish va vazifalarni bajarish” kerak. Psixologik jihatdan erkinlik va beparvolik holatidan ish tartibiga hamrohlik qiladigan nazorat va mas’uliyatga o‘tish qiyin. Bunga ishdagi kichik an’analar, mukofotlar, masalan, shirinliklar bilan kofe-breklar yoki hamkasbingiz bilan biroz vaqt mobaynida qilingan suhbat o‘zingizni nazorat qilish tuyg‘usini tiklashga yordam beradi. Ishingizni yoqtirmaysiz Dushanbani yoqtirmaslik sababi ancha sodda bo‘lishi mumkin: shunchaki yomon ko‘rgan ishingizga qaytishni xohlamaysiz. Bu holda dushanba kungi ertalabki fikrdan organizmda, hatto adrenalin ishlab chiqarilishi mumkin. Talabchan rahbar yoki do‘stona munosabatda bo‘lmagan hamkasblar — shu bilan yakshanba oqshomidan boshlab stress tubiga tushib qoldingiz. “Ishingizni yaxshi ko‘rsangiz ham, haftaning boshlanishi haqida tashvishlanish odatiy hol”, deydi psixologlar. Xavotirni bostirishga urinmang. Uning namoyon bo‘lishiga ruxsat berganingizdan so‘ng, uning sabablarini topish va yengish osonroq bo‘ladi. Siz bu kunga tayyor emassiz Bu hissiy va texnik tayyorgarlik xususida. Ko‘pchilikka dam olish kunlaridan ish kuniga o‘tish noqulay va ular yakshanbaning bir qismini ish kuniga tayyorgarlik bilan o‘tkazishni xohlamaydilar: shu bois dushanba kuni ertalablari ikki baravar qiynalishadi. Kechqurun maktab o‘quvchilari sumkalarini yig‘ishtirgandek kiyim-kechak tayyorlab qo‘ying, ularni dazmollang, kerak bo‘lsa, sumkaga noutbuk va ish daftarchalarini joylab qo‘ying. O‘zingiz uchun ish rejasini tuzib oling. Ish va hayot balansingizga haddan ortiq ko‘p narsalarni yuklab olgansiz Ba’zan dushanbadan nafratlanish o‘z zimmangizga haddan tashqari ko‘p narsalarni yuklab olganingizni anglatadi. Bu shunchaki ortiqcha yuk uchun “baqirgan” organizm signalidir, bu sizga sekinlashish va tanaffus qilish vaqti keldi, deganidir. Dushanba kunlarining og‘ir o‘tishi toliqqaningizdan darak beradi, samaraliroq ishlash va ruhiy sustkashlikdan qochish uchun ish yuklamangizni qayta ko‘rib chiqing. Sizda ijtimoiy fobiya bor Ehtimol, sizdagi muammo shundaki, ish haftasi mobaynida hamkasblar bilan yaqindan muloqot qilishingiz va ijtimoiy tadbirlarga ishtirok etishingizga to‘g‘ri keladi. Siz esa ijtimoiy masofa saqlashni afzal ko‘rasiz. O‘zgarishlar sizni qo‘rqitadi Dushanba: dam olishdan ishga, norasmiy muloqotdan rasmiy muloqotga o‘tish va hokazo. Dushanba: yangi ish yoki o‘quv haftasining boshlanishi — duch kelishimiz shart bo‘lgan juda ko‘p noma’lum hodisalarni chaqiradi, deb tushuntiradi psixolog. O‘zgarish esa har doim noma’lum narsa bilan to‘qnashishni anglatadi. Qiyin hayot sharoitida yoki stress bilan yashaydigan odamlar uchun o‘zgarishlar hamisha mushkul holat. Oldinda noaniqliklar kutmoqda Dushanba kunida kelayotgan butun bir hafta mobaynida qanday stressli holatlar bilan yuzma-yuz kelish mumkinligini hech kim bilmaydi. Chorshanbaga kelib, ortda ikkita muvaffaqiyatli tarzda o‘tgan kun qoladi va kelajakka katta umid bilan qarash mumkin bo‘ladi. Payshanba kunidan haftaning oxiri haqida jonli fikrlarni boshlash imkoni bor. “Odamlar ko‘pincha o‘z motivatsiyasini ichki manbalardan olish, masalan, yaxshi bajarilgan ishdan g‘ururlanish, o‘z oldiga qo‘ygan kichik shaxsiy maqsadlaridan topish o‘rniga, rahbarning maqtovi, oylik maoshning ko‘tarilishi yoki mansab ko‘tarilishi kabi tashqi mukofotlarga e’tibor qaratishadi. Ammo eng yaxshi bo‘lish uchun raqobatlashishdan ko‘ra, qo‘lingizdan kelganini bajarganingiz yaxshiroq”, deb tushuntiradi mutaxassis. Faqat hafta oxiri uchun yashaysiz Agar dushanba kuni o‘zingizga ajratilgan 48 soatlik xursandchilik tugashini his qilsangiz, qiyinchiliklar va azob-uqubatlarga to‘la yangi hayot boshlayapman, deb o‘ylasangiz, bu noto‘g‘ri qaror. Ikkita hayotingizni — ish tartibingiz va dam olish vaqtlaringizni uyg‘unlashtirish yo‘lini topishingiz kerak, bu o‘zingizni ortiqcha charchatishdan qutqaradi.

24.11.2023 1070

Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjonga tashrifi boshlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 23-noyabr kuni amaliy tashrif bilan Boku shahriga keldi.Haydar Aliyev nomidagi aeroportda oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.Bugun, 24-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammiti tadbirlarida ishtirok etadi.

17.11.2023 424

“O‘zagrosug‘urta”: bajarilgan ishlar, kelgusidagi rejalar va soha yangiliklari yuzasidan ma’lumot berildi

2023-yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar va sohadagi yangiliklar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2021-yil 23-oktabrdagi “Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, joriy yil boshidan Kompaniya rasmiy sayti orqali majburiy sug‘urta turlarini onlayn rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil boshida “O‘zagrosug‘urta” AJ mijozlar uchun “Onlayn polis” axborot tizimi orqali 18 turdagi onlayn sug‘urta xizmatlarini taqdim etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, 26 turdagi polislarni elektron shaklda (e-polis) sotib olish imkoniyati yaratildi. Kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan barcha ommaviy sug‘urta xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish maqsad qilingan. Jamiyatning bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 14 ta filiali hamda jami 187 ta sug‘urta markazi shahar va tumanlarda aholiga 150 dan ortiq sug‘urta xizmatlari taklif etilmoqda. Jamiyat sug‘urta faoliyatini amalga oshirilishi natijasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida ta’minlangan sug‘urta mukofotlari 305,5 milliard so‘m bo‘lib, majburiy sug‘urta bo‘yicha 60,2 mlrd so‘m, ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha 245,3 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 27,8 foiz yoki 66,5 mlrd so‘m ko‘p sug‘urta mukofotlari ta’minlandi. Rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan majburiyat hajmi 159,9 trillion so‘mni tashkil qildi, bu esa o‘z navbatida o‘tgan yilga nisbatan 193,5 foizga ko‘p demakdir. Shu davr mobaynida Jamiyat mijozlari bilan jami 642 204 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shartnomalarning qariyb 91,4 foizi yoki 586 891 donasi mamlakatimiz aholisining sog‘lig‘i va mol-mulki uchun ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlariga to‘g‘ri keladi. Olingan majburiyatlar doirasida mijozlarimizni manfaatlarini himoya qilish maqsadida 43,4 mlrd. so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 26,5 foizni yoki qariyb 9,1 mlrd so‘mni tashkil qiladi.