Toshkent bugun tongda havo ifloslanishi bo‘yicha yana yetakchi shaharlar qatoridan joy oldi.
21-fevral kuni ertalab soat 8:00 da Toshkent shahar atmosferasidagi mayda PM2,5 zarrachalar miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 28,1 marta oshib ketdi.
Soat 9:00 da, PM2,5 ifloslanishi 196,5 gacha oshib, jahon shaharlari reytingida Toshkent «juda zararli» havo bilan birinchi o‘ringa chiqdi.
Holbuki, so‘nggi kunlarda kuzatilgan yog‘ingarchilk sabab havo tozalangan. Avtomobillar harakati ham nisbatan kamaydi. Shunga qaramasdan havoning bu qadar ifloslanishiga nima sabab bo‘ldi?
Mazut yoqilishi ko‘paygan
19-fevral kuni Energetika vazirligi matbuot xizmati mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 12,1 ming tonna mazut yoqilganini ma’lum qilgan edi. Bu avvalgi kunga nisbatan 1400 tonnaga ko‘p.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov 20-fevral kuni kechqurun O‘zbekiston hududiga kelayotgan uch kunlikda antisiklon sharoiti keng masshtabda ta’sir etib, ob-havo sharoitida havoni ifloslantiruvchi moddalarning havoda muallaq turib qoladigan muhitni yaratishi mumkinligini aytgan edi.
"Energetik balansni ta’minlashda kecha energetik tizim bir sutkada 12,1 ming tonna mazut yoqdi. Undan oldingi kun bu ko‘rsatkich 10,7 ming tonna edi.
Buxorodagi "L-Gazli-1" va "L-Gazli-2" yuqori kuchlanishli elektr tarmoqda muammolar bartaraf etilib, favqulodda to‘xtab qolgan 10 ta gaz haydash kompresslar ishga tushirildi", - deb yozdi iqlimshunos olim.
5-o‘ringa tushdi
11: 45 holatiga ko‘ra, Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa tushdi. Dehli birinchi o‘rin, Lahor ikkinchi o‘rinni egalladi.