Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

12.12.2025 1456

Diqqat savdosi

Axborot oqimi haddan oshgan zamonda inson diqqatining o‘zi iqtisodiy qiymat kasb etyapti. 1971-yilda amerikalik iqtisodchi Herbert A. Simon “Axborotga boy dunyoda muammo endi ma’lumot yetishmasligi emas, e’tibor tanqisligidir” degan fikrni ilgari surgan edi. Quyida aytiladiganlar konspirologik gaplarga o‘xshashi mumkin, ammo bular bugunning bor gapi. Raqamli iqtisodiyotda bu jarayon aniq ko‘rinishga ega. Ijtimoiy platformalar foydalanuvchining onlayn vaqtini uzaytirishga intiladi, reklama tizimlari esa shu vaqtni pulga aylantiradi. Har bir ko‘rish, biror sahifaga kirish, izoh o‘qish uchun o‘tkazilgan vaqt – bularning barchasi iqtisodiy qiymat hosil qiladi. Shu tariqa e’tibor bozordagi mahsulotga o‘xshash qiymat olgan. Foydalanuvchi diqqatini jalb etish raqobati bor, bu raqobatda kimdir inson vaqtini, kimdir uning hissiyotini, kimdir esa qarashini egallashga urinadi. Axborot ko‘paygani sayin e’tibor yanada qisqaryapti. Shu sabab raqamli iqtisodiyotda foyda oqimi endi mahsulotdan emas, insonning ongini qancha vaqt band qilishdan kelib chiqadi. Bu esa butun biznes modelni o‘zgartirdi. Diqqat iqtisodiy tizimning yangi valyutasiga aylandi, deyish mumkin. Boshqarilish Har bir ijtimoiy tarmoq, mobil ilova insonning foydalanish vaqtini uzaytirish uchun yaratilgan murakkab mexanizmlarga tayanadi. Platformalar foydalanuvchi nima ko‘rishini, qachon ko‘rishini va qancha vaqt ko‘rishini oldindan hisoblay oladi. Algoritmlar insonning qiziqishini aniqlash, uni yanada kuchaytirish va shu yo‘l bilan diqqatni band qilish uchun ishlaydi. Bu tizimning markazida e’tiborni saqlab qolish g‘oyasi yotadi. Masalan, “infinite scroll” degan interfeys shakli foydalanuvchining to‘xtash ehtimolini kamaytiradi. Ekranni “varaqlagan” sari yangi ma’lumot o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Bu jarayon ongda yakun yo‘q degan tasavvurni yaratadi, shuning uchun inson vaqt o‘tganini sezmaydi. Avtoijro funksiyasi esa navbatdagi videoni avtomatik boshlaydi. Shu tariqa foydalanuvchi o‘zi tanlov qilayotgandek bo‘ladi, aslida esa tizim uni o‘z oqimiga tortadi. Har bir “like” yoki fikr bildirish ham algoritmlar uchun signal hisoblanadi. Bu ma’lumotlar asosida platforma insonning kayfiyati, siyosiy qarashlari yoki kundalik odatlarini o‘lchay oladi. Shundan so‘ng unga ayni shu yo‘nalishda kontent taklif etiladi. Natijada foydalanuvchi o‘xshash fikrlar, obrazlar va qarashlar ichida qoladi. Bu holat algoritmik izolyatsiya deb ataladi. Diqqat bir yo‘nalishga to‘planadi, lekin umumiy ko‘lam torayadi. Masalan, YouTube foydalanuvchilarining o‘rtacha 70 foiz vaqtini algoritmik tavsiyalar orqali ushlab turadi. Parchalanish Har kungi yuzlab xabar, surat, video va bildirishnomalar diqqatni mayda bo‘laklarga ajratadi. Inson bir vaqtning o‘zida ko‘p ma’lumot bilan yuzlashadi, biroq bu ko‘p vazifalik faqat tashqi ko‘rinishda samarali. Aslida kishi ongi bir lahzada birgina narsaga to‘liq e’tibor bera oladi. Shu sabab doimiy diqqat bo‘linishi holatida bo‘lgan inson fikrini jamlay olmaydi, yuzaki idrok qiladi xolos. Kaliforniya universiteti olimi Gloria Mark olib borgan tadqiqotga ko‘ra, inson biror ish jarayonida chalg‘iganidan so‘ng diqqatni qayta tiklash uchun o‘rtacha 23 daqiqa-yu 15 soniya vaqt sarflaydi. So‘nggi yillarda e’tibor davomiyligi qisqarayotgani haqidagi fikr keng tarqalgan. 2015-yilda “Microsoft Canada” iste’molchilarning axborot iste’moli bo‘yicha hisobotida insonning o‘rtacha diqqat davomiyligi 12 soniyadan 8 soniyagacha kamaygani aytilgan. Biroq bu raqam ilmiy tadqiqot emas, marketing tahliliga asoslangan. Psixologik nuqtayi nazardan bu holat diqqatning parchalanishiga olib keladi. Miya har lahzada yangi signallarni qayta ishlaydi, biroq ularni bog‘lab, umumiy ma’no hosil qilishga ulgurmaydi. Bu jarayon uzoq muddatda charchoq, hissiy toliqish va fikr beqarorligiga sabab bo‘ladi. Hissiy toliqish Axborot oqimi uzluksiz bo‘lganda inson miyasi dam ololmaydi. Har daqiqada yangi bildirishnoma, yangi post yoki video ongni faollikka majbur qiladi. Bu jarayon dastlab sezilmaydi, lekin uzoq muddatda inson ruhiyatida chuqur iz qoldiradi. “Digital fatigue” deb ataluvchi holat shundan kelib chiqadi. Bu insonning raqamli muhitdan ruhiy charchashi, diqqatni jamlay olmasligi va ichki tinchlikni yo‘qotish holatidir. Tadqiqotlarda ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha foydalanish miya faoliyatida stress gormonlari ishlab chiqilishini kuchaytirishi aniqlangan. Axborot ortiqchaligi hissiy toliqish va ichki rag‘bat pasayishiga olib keladi. Yangi ma’lumotlarga qiziqish yo‘qoladi, biroq shu bilan birga kishi ulardan uzila olmaydi. Bu paradoksal holat doimiy dopamin stimulyatsiyasining natijasi hisoblanadi. Ruhiy toliqish asta-sekin hissiy befarqlikka aylanadi. Inson doimiy ma’lumot oqimida yashaydi, lekin hech bir ma’lumot unga yetarlicha ta’sir qilmaydi. Tashqi dunyo shovqinli, ichki dunyo esa bo‘shab qoladi. Miya ma’lumotni filtrlash qobiliyatini yo‘qotadi, hissiyotlar kuchsizlanadi, vaqt ritmini his qilish buziladi. Bu holat ong toliqqanini bildiradi. “Diqqat iqtisodiy tizimi” inson ruhiyatini faol iste’molchiga aylantirgan. U har doim yangi axborot izlaydi, bu izlanish unga tinchlik bermaydi. Raqamli muhitda charchoq tabiiy holga aylanishi ham shundan. E’tibor shaxsning o‘z tanlovi sifatida ma’nosini yo‘qotyapti, chunki u endi ongli tanlov emas, algoritm boshqaruvidagi jarayon. “Diqqat iqtisodiyoti” Raqamli muhitda diqqat shaxsiy hodisa emas, ijtimoiy resursga aylandi. Platformalar insonlarning umumiy e’tiborini o‘lchaydi va yo‘naltiradi. Kim ko‘proq ko‘rinish hosil qilsa, kim ko‘proq bahs uyg‘otsa, o‘sha shaxs yoki mavzu e’tibor markaziga chiqadi. Natijada diqqat adolatli taqsimlanmaydi. Ayrim g‘oyalar, shaxslar yoki mavzular ortiqcha e’tibor oladi, boshqalari esa butunlay chetda qoladi. Shu tariqa e’tibor maydoni ijtimoiy tengsizliklarni chuqurlashtiradi. “Diqqat iqtisodiyoti”ning oqibatlariga oid ilmiy yondashuvni britaniyalik tadqiqotchi Maksi Heitmayer “The Second Wave of Attention Economics” (2025-yil) maqolasida tahlil qiladi. Muallifning xulosasiga ko‘ra, diqqat iqtisodiyoti raqamli platformalar orqali shakllanadigan ijtimoiy kuch munosabatlarini mustahkamlaydi va e’tibor oqimi ko‘proq resursga ega bo‘lgan subyektlar tomon og‘adi. Muallif shunday deydi: “raqamli muhitda diqqat universal ramzli valyutaga aylanadi, bu esa axborot oqimini boshqaruvchi tizimlarning jamoaviy idrok shakllanishiga ta’sirini kuchaytiradi”. “Diqqat iqtisodiyoti” ma’lumot sifatini ham o‘zgartiradi. Kontent yaratuvchilar o‘quvchini jalb etish uchun qisqa, hissiyotli va ziddiyatli shakllarni tanlaydi. Shunday qilib, mazmun ustuvorligi yo‘qolib, shakl ustunlikka chiqadi. “DataReportal” e’lon qilgan “Digital 2024: Uzbekistan” hisobotida mamlakatda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining soni 8,7 million, umumiy internet foydalanuvchilari 29,5 million ekani aytilgan. “Diqqat raqobati” muhitida yoshlar ko‘proq tez, vizual va hissiy kontentlarga murojaat qilyapti. Axborotning haddan ortib ketishi, platformalarning algoritmik boshqaruvi va tezkor kontentning ustuvorlashuvi diqqatni bo‘linuvchi resursga aylantirdi. Bu jarayon shaxsning ruhiy holatidan tortib jamiyatdagi axborot oqimi va ijtimoiy idrok shakllanishigacha ta’sir ko‘rsatyapti. Tadqiqotlar e’tiborning cheklanganini, chalg‘ishning kognitiv qiymatlarini, ijtimoiy tarmoqlardagi kontentning ustuvorligini va auditoriya odatlarining o‘zgarishini ko‘rsatadi. O‘zbekiston misolidagi kuzatuvlar ham global tendensiyalar bilan uyg‘un: yoshlar drayver bo‘lgan raqamli maydon ko‘proq qisqa, hissiy va tez qabul qilinadigan axborot shakllariga yo‘nalgan. Diqqat esa ijtimoiy jarayonlarning markaziy o‘lchoviga aylanib boryapti. Shahobiddin LUQMON tayyorladi. AKU: Insonning o‘rtacha diqqat davomiyligi 12 soniyadan 8 soniyagacha kamaygan. *** Doimiy diqqat bo‘linishi holatida inson fikrini jamlay olmaydi, yuzaki idrok qiladi xolos.

11.12.2025 1459

Baloga qolgan tandir

Toshkent, Andijon, Farg‘ona aholi eng zich joylashgan manzillar hisoblanadi. Atmosfera havosining eng yuqori darajada ifloslanishi shu shaharlarda yaqqol sezildi. Bu tasodifiy yoki vaqtinchalik muammo emas. Bu muammo transport tizimi, isitish usullari, urbanizatsiya, ekologik siyosat va tabiiy sharoitning o‘zaro uyg‘unlashmaganidan kelib chiqmoqda. Havo ifloslanishi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy muammo sifatida ham dolzarblashmoqda. Ayni voqealar fonida 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar doirasida reydlar o‘tkazilib, Toshkent shahri va unga tutash hududlarda atmosfera havosiga salbiy ta’sir etayotgan issiqxonalar faoliyati, qurilish obyektlari, sanoat korxonalari o‘rganildi. Nega doim Prezident tanqid qilganidan keyin o‘zgarish bo‘ladi? Joriy yil 5-fevral, 6-oktabr, 22-sentabr va 3-noyabr kunlarida ham Toshkent bir necha bor dunyodagi “eng iflos” shaharlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. 2023-yilda poytaxt 22-o‘rinni egallagan. 2024–2025-yillarda havosi “eng iflos” shaharlar top 10 taligida tez-tez tilga olinadi. Davlat rahbari tanqid qilmasidan oldin nega bu masalaga mas’ullar e’tibor bermagan? Tandir qurib non yopishni targ‘ib etayotgan yoki tandirni buzishga kirishgan hokimlar qayerga qarayotgan edi?! Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar boshlangandan so‘ng qisqa vaqt ichida natija sezildi. Maxsus komissiya tuzilishi, keng ko‘lamdagi reydlar, Toshkent shahrida boshlangan choralardan so‘ng havo sifati yaxshi tomonga o‘zgardi. Viloyati hokimi foydali degan tandirlarni tumani hokim buzdirib tashladi Joriy yil 11-noyabr kuni “Andijonda havo ifloslanishi keskin oshdi: PM2,5 me’yordan qariyb 9 barobar yuqori” deya, xabar bergan edi UzReport.news. Ya’ni bu Andijonda diametri 2,5 mikrometrdan kichik zararli chang miqdori odatdagi xavfsiz chegaradan 9 marta ko‘p degani. Bu chang zarralari nafas yo‘llari orqali tanaga kirib, butun vujudni qon tomirlar orqali aylanib chiqa oladi. 3-dekabr kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida hokim Hikmatillo Dadaxonov ekologik reyd davomida somsaxona tandirlarini buzdirib tashlagani aholi noroziligiga sabab bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach viloyati hokimligi tuman hokimiga intizomiy chora ko‘rilgani haqida xabar berdi. Aholi atmosfera havosining ifloslanishini unutib, hokimlarning tomoshasini e’tibor bilan kuzatishmoqda. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev tandirda non yopish foydali ekanini aytgan edi. Shahrixon tumani hokim Hikmatillo Dadaxonov esa tandir atmosfera uchun zararli deya buzdirib tashladi. Andijon viloyati hokimligi tandirlarni buzdirgan hokimni “Hayfsan” bilan jazoladi. Demak, tandirni buzishda mantiq yo‘q Toshkent viloyati hokimi mahallalarda ayollar orasida onkologik kasalliklar ko‘payishiga sabab – “ayollar tandirda non yopmay qo‘yganlari” deb aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tandirda non yopish – jismoniy faoliyat, organizm issiqligi va qon aylanishiga ta’sir qiluvchi amaliyot, Zoir Mirzayev “tandirda non yopgan ayolda rak bo‘lmaydi” deya ta’kidladi. Mirzayevning bu so‘zlari shaxsiy fikr. Unda ilmiy asos ko‘rsatilmagan. Sog‘liqni saqlash bo‘yicha ekspertlar yoki biror tibbiy muassasa tomonidan bu fikr tasdiqlangani haqida ma’lumot berilmagan. Andijonda tandirlar tuman hokimi qarori bilan buzilgan, asos sifatida “ekologik vaziyat”, “sanitariya-gigiyena” kabi holatlar ko‘rsatilgan. Ammo viloyat hokimligi tandirlar buzilishini ma’qullamagan, aksincha, hokimga chora ko‘rgan. Demakki, Shahrixon tumani hokimining ko‘rsatmasi bilan tandirlarning buzilishida ham asosli mantiq yo‘q. Hokimlar aholini chalg‘itmoqdami? Atmosfera havosining ifloslanishida issiqlik stansiyalarining ulushi 28 foiz, transport – 16 foiz, sanoat – 13 foiz ta’sir ko‘rsatayotgani haqida asosli ma’lumotlar bor. Biroq bunga tandirning ta’siri haqida biror dalil yo‘q. Ekologiya bo‘yicha oldimizda jiddiy muammolar turganda aholida fikrlar qarama-qarshiligini keltirib chiqargandan ko‘ra, farmonda belgilangan vazifalar ijrosiga jiddiy kirishish eng to‘g‘ri yo‘l, nazarimizda. Axir davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari ekologiyani asrash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surmoqda. P.S.: Ayni kunlarda yurtimizda mayin yomg‘irlar yog‘moqda. Tabiatning himmati bilan osmonimiz ancha tiniqlashdi. Ammo hali oldinda uzun qish bor. Demak ekologiya muammosi hali kun tartibidan tushmasa kerak.

Batafsil

VIDEOROLIKLAR

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish