8.10.2026 192
Har bir kasbning o‘z mas’uliyati, o‘ziga yarasha sharafi bor. Men esa bundan to‘rt yil avval mahalladagi yoshlar yetakchisi bo‘lishdek mas’uliyatni tanladim. Mutaxassisligim pedagogika bilan bog‘liq bo‘lgani uchun yoshlar bilan ishlash men uchun avvaldan qiziqarli edi. Ammo yetakchilik faoliyati menga bu kasb oddiygina lavozim emasligini, yoshlarning chinakam hamsuhbati, do‘sti va yordamchisi bo‘lish kerakligini anglatdi. Bugun men faoliyat yuritayotgan Qiziltepa tumanidagi G‘amxo‘r mahallasida 2 408 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 1 017 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar. 14–30 yoshdagi 585 nafar yoshning 290 nafari xotin-qizlar. Ular bilan ishlash katta mas’uliyat talab qiladi. Alohida taqdirlar Yoshlar bilan ishlashda eng muhim jihatlardan biri – manzillilik. Shu maqsadda “Yoshlar balansi”ni shakllantirish jarayonida har bir yoshning xohish-istagi, bandligi, ta’limi, oilaviy va ijtimoiy holatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratdik. Yoshlarning yomoni bo‘lmaydi. Ba’zan u shunchaki hayotda o‘z yo‘lini topolmay qolishi yoki noto‘g‘ri tanlov asoratida qolishi mumkin. Yetakchining vazifasi esa shu pallada yoshni qo‘llab-quvvatlash, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va imkoniyat yaratish. 2026-yil davomida mahallamizdan 2 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi. Buning uchun 13,7 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, bir nafar yoshning harbiy xizmat to‘lovi uchun 9,2 million so‘m, yana birining zamonaviy kasbga o‘qishi uchun 4,5 million so‘m ajratildi. Yil boshidan buyon mahallamizda 26 nafar ishsiz yosh aniqlandi va ular ish bilan band qilindi. Shundan 8 nafari zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitildi. 6 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratildi, 12 nafari esa doimiy ish bilan ta’minlandi. Ayniqsa, yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapmiz. Masalan, Sirojiddin Hakimov sartaroshlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z daromadiga ega bo‘ldi va shogirdlarga kasb sirlarini o‘rgatmoqda. Ozodbek Qo‘ldoshev toshga ishlov beruvchi kichik sex ochib, uch nafar yoshning bandligini ta’minladi. Rushana Azimova esa tikuvchilik faoliyatini boshladi. Bitiruvchi e’tibordan chetda qolmasligi kerak Bitiruvchilar bilan ishlashga ham alohida e’tibor qarataman. 2025–2026-o‘quv yilida mahallamizdagi 58 nafar bitiruvchi bo‘yicha bandlik va ta’lim masalalari o‘rganildi. Maktab bitiruvchilarining 17 nafari oliy ta’limga, 3 nafari professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Ikki nafar yosh mahalladagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan ustoz-shogird tizimi asosida kasb o‘rganmoqda. Professional ta’lim bitiruvchilarining 7 nafari oliy ta’limga o‘qishga kirdi, 3 nafari o‘zini o‘zi band qildi, 2 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Oliy ta’lim bitiruvchilarining 23 nafari ish bilan ta’minlandi, 2 nafari magistraturada o‘qishini davom ettirmoqda. Mahallamizda sportsevar yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu sababli “Besh tashabbus olimpiadasi”ni targ‘ib qilish va yoshlarni sportga jalb etishga harakat qilamiz. Joriy davrda 526 nafar yosh ushbu loyiha doirasidagi musobaqalarga jalb qilindi. Mahalla jamoasi voleybol bo‘yicha viloyatda birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Gandbol bo‘yicha qizlarimiz ham faol qatnashmoqda. Paralimpiadaning shaxmat yo‘nalishida Dilshodjon Suvonov yaxshi natijalarga erishdi. Mahallamizda sport uchun sharoit yaratilishiga ham jamoatchilik vakillari katta hissa qo‘shmoqda. Yoshlarimizning bunga munosib javobi esa musobaqalardagi natijalarida namoyon bo‘lmoqda. Bilim va tafakkur Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga ularning intellektual salohiyatini oshirishga ham e’tibor qaratyapmiz. Mahallamizdagi 28-maktabda “Zakovat”, shaxmat-shashka va sport to‘garaklari tashkil etilgan. “Zakovat” klubimiz a’zolari ikki yil davomida hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugungi kunda “Mutolaa” loyihasidan 62 nafar yosh foydalanib, jami 310 dan ortiq kitob mutolaa qilmoqda. “Ibrat academy” platformasida 70 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan va ulardan 7 nafari sertifikat olishga muvaffaq bo‘lgan. “Ustoz AI” loyihasida 36 nafar yosh qatnashib, 3 nafari sertifikat olgan. “UzChess”dan 30 nafar yosh faol foydalanmoqda. “Qizlar akademiyasi”ga esa 42 nafar xotin-qiz jalb etilgan bo‘lib, 4 nafari sertifikat olgan. Menimcha, yoshlarga berilgan eng katta yordam imkoniyatlardan qanday foydalanishni o‘rgatishdir. E’tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlash Mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining qiziqishi va ehtiyojlaridan kelib chiqib, individual dasturlar ishlab chiqildi. Ayrim yoshlar davlat va nodavlat ta’lim muassasalaridagi to‘garaklarga yo‘naltirildi, ayrimlari esa mahalladagi kasb egalari va tadbirkorlarga biriktirilib, ustoz-shogird tizimi asosida kasb o‘rganmoqda. Faoliyatim davomida shuni his qildimki, ayrim yoshlarga moddiy yordamdan ham ko‘ra, uning dardini eshitadigan inson kerak. Ba’zan yoshlar ota-onasiga yoki yaqinlariga aytolmagan gaplarini men bilan o‘rtoqlashadi. Ana shunday paytlarda yetakchi sifatida emas, inson sifatida ularni tinglashga va qo‘limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman. Mahallamizda harbiy sohaga qiziqadigan, jamoat ishlarida faol yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Men ularni mahallamizning chinakam qalqonlari deb bilaman. Ular bilan hamkorlikda turli tadbirlarni tashkil etish, tungi tadbirlarda jamoat tartibini ta’minlash kabi ishlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida mahallamiz ikki yil davomida jinoyatchilik qayd etilmagan “yashil” mahallalar qatorida bo‘lib kelmoqda. Faoliyatimni tahlil qilar ekanman, men uchun eng katta natija yoshlarning hayotidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Yoshlar yetakchisi o‘z mahallasidagi yoshlarni birlashtira olishi, ularning muammosiga befarq bo‘lmasligi, tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi va eng muhimi, ularga ishonishi kerak. G‘amxo‘r mahallasining har bir yoshini katta imkoniyatlarga ega, ulkan maqsadlar sari intilayotgan avlod vakili sifatida ko‘raman. Asosiy maqsadim esa shu imkoniyatlar asosida maqsadlari ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish.
8.10.2026 195
Samarqand tumanidagi Mirishkor mahallasida yoshlar bilan ishlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – ularning bandligini ta’minlash. Yil boshida ishsiz sifatida ro‘yxatda turgan 24 nafar yoshning qiziqishi, kasbiy salohiyati va oilaviy sharoiti o‘rganilib, manzilli choralar belgilandi. Natijada 15 nafari tadbirkorlar bilan tashkil etilgan uchrashuvlardan so‘ng mebel sexi va asfalt zavodiga ishga joylashtirildi. Yana 16 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 5 nafar yoshga imtiyozli kreditlar ajratildi, 2 nafari subsidiyalar asosida zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi, yana 2 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Mazkur chora-tadbirlar yoshlarning uzoq muddatli bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. – Mahallamizdagi har bir yoshning bandligi va kelajagi biz uchun eng muhim vazifalardan ekanligi uchun ishsiz yoshlarning har biri bilan yakka tartibda ishlashga, ularning qiziqishi, qobiliyati va ehtiyojidan kelib chiqib amaliy yechimlar topishga alohida e’tibor qaratdik, – deydi Mirishkor mahallasi yoshlar yetakchisi Sabina Ahmedova. – Bugungi natijalar – jamoaviy sa’y-harakatlar samarasi. Kelgusida ham mahallamizda yoshlar bandligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida izchil ishlashda davom etamiz. Mirishkor mahallasi balansi: Aholi: 3239 nafar; Yoshlar: 812 nafar; Xotin-qizlar: 420 nafar. “Yashil” toifa: 536 nafar; “Sariq” toifa: 276 nafar; “Qizil” toifa: 3 nafar. Mahalla drayveri: dehqonchilik va chorvachilik. “Bitiruvchi yoshlar” dasturi Mirishkor mahallasida 2025-yilda amalga oshirilgan muhim loyihalardan biri “Bitiruvchi yoshlar” dasturi bo‘ldi. Dastur doirasida 24 nafar bitiruvchi yosh to‘liq qamrab olindi. Ularning mehnat bozoriga kirishi, ta’limni davom ettirishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi bo‘yicha individual yo‘l xaritalari ishlab chiqildi. Natijada: 11 nafari mehnat bozoriga kirib keldi; 3 nafari oliy ta’limni davom ettirdi; 2 nafari o‘qishini davom ettirishga qaror qildi; 4 nafari kredit asosida qo‘llab-quvvatlandi; 2 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Yil yakuniga kelib dastur ishtirokchilarining 23 nafarining bandligi ta’minlandi. Mahalla iqtisodiyotining tayanchi Sabina Ahmedovaning faoliyatida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish alohida o‘rin tutadi. 17 nafar yoshga jami 230 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu mablag‘lar evaziga yoshlar xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘z bizneslarini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayniqsa, migratsiyadan qaytgan 28 yoshli Diyor Uralboyevga ko‘rsatilgan amaliy yordam e’tiborga molik. Unga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda uning ustaxonasi yaxshigina daromad keltiryapti, shuningdek, yana ikki nafar yosh – Xurshid Ismatov hamda Ruslan Sayitqulov ham doimiy ishli bo‘ldi. – Xorijiy migratsiyadan qaytgach, o‘z faoliyatimni boshlash va oilam uchun barqaror daromad manbayi yaratishni maqsad qilgandim. Yoshlar yetakchisi ko‘rsatgan amaliy yordam, xususan, imtiyozli kredit olishdagi ko‘mak orzularimni ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutdi. Ustaxonam orqali yana ikki nafar yoshni doimiy ish bilan ta’minladim, – deydi Diyor Uralboyev. Mahallada “Yoshlar daftari”ga kiritilgan og‘ir toifadagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ishlari ham izchil olib borildi. Homiylar ko‘magida 25 yoshli Gulsanam Tilabovaga tikuv mashinasi olib berildi. Endi u tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, oilasiga daromad keltirmoqda. 27 yoshli Shahboz Abduvohidov esa payvandlash apparati bilan ta’minlandi. Hozir payvandlash xizmatlarini ko‘rsatish orqali barqaror daromadga ega. Mirishkor mahallasida xorijda mehnat qilayotgan 43 nafar yosh bilan muntazam onlayn muloqot olib boriladi. Migratsiyadan qaytgan 6 nafar yoshning bandligi ta’minlanib, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Sport va intellektual tanlovlarda yuqori natijalar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlov va musobaqalarda mahalla yoshlari faol qatnashib kelmoqda. Rayhona To‘lqinboyeva shaxmat bo‘yicha viloyat bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. Ozoda Abdujabborova shashka bo‘yicha viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Azizbek Umarov “Yoshlar ovozi” tanlovining viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Shaxsina Usmonova esa “Yosh kitobxon” tanlovining tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida faol ishtirok etdi. Sabina Ahmedovaning o‘zi ham “Yetakchi camp” loyihasining 4-avlod ishtirokchisi. 2026-yilning ikkinchi choragida eng namunali yetakchilarning top 100 reytingidan joy oldi. Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan. Mahalladagi ijtimoiy muhit Yoshlar bilan tizimli ishlash natijasida Mirishkor mahallasi ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hudud sifatida e’tirof etilmoqda. Mahalladagi umumta’lim maktabiga tashabbusli byudjet loyihasi orqali zamonaviy texnologiyalar va jihozlar olib kelindi. Homiylar bilan hamkorlikda maktab kutubxonasi 420 dona yangi badiiy adabiyot bilan boyitildi.
8.10.2026 196
Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam va maxsus xizmat mashinalariga yo‘l bermagan haydovchilar aks etgan videolar tez-tez tarqalib turadi. Sirenasi yoqilgan, mayoqchalari yoniq tez yordam mashinasi tirbandlik orasidan yo‘l izlaydi. Kimningdir hayoti uchun sanalayotgan soniyalar... Oldinda ketayotgan haydovchi esa xotirjam. Go‘yo orqasida tez yordam emas, oddiy avtomobil kelayotgandek. Ba’zan u yo‘l bermaydi, ba’zan esa tezlikni oshirib, shunchaki oldinga o‘tib oladi. Bunday tasvirlar tarqalib ketsa, ijtimoiy tarmoqlarda g‘azabli izohlar yog‘iladi: “Bunday haydovchini jazolash kerak!”, “Guvohnomasini olib qo‘yish shart!”, “Odamning jonidan muhim nima bor?” Tez yordam mashinasi sirena yoqqan holda harakatlanayotgan bo‘lsa, uning ichida yordamga muhtoj bemor yoki unga yetib borishga shoshayotgan shifokorlar bor. Bir manzilda yurak xuruji, boshqa joyda og‘ir qon ketishi, yana bir xonadonda ahvoli og‘irlashgan yosh bola bo‘lishi mumkin. O‘t o‘chiruvchi mashina esa yong‘in tomon shoshadi, har bir soniya olovning yana bir xonaga, yana bir qavatga yetib borishi yoki yana bir inson hayotiga nuqta qo‘yishi degani. Shunday paytda yo‘l bermayotgan haydovchi uchun bu atigi bir necha soniyalik yutuqdir. Lekin yordam kutayotgan odam uchun o‘sha soniyalar butunlay boshqa qiymatga ega. Amaldagi jazo yetarlimi? Har safar shunday video tarqalganda haydovchi tarmoqda qoralanadi. Shaxsiy ma’lumotlari izlanadi, haqorat qilinadi, ommaviy ravishda uyaltirishga urinishadi. Lekin bu muammoni hal qilmaydi. Bugun bitta haydovchini sazoyi qilish mumkin, ertaga esa boshqa biri xuddi shu xatoni takrorlayveradi. Chunki tizim ijtimoiy tarmoqdagi g‘azab bilan emas, aniq qoida, muqarrar jazo va yuqori madaniyat bilan ishlaydi. Shuning uchun masalani “Bu haydovchini qanday jazolaymiz?” emas, “Boshqalar ham bunday qilishga jur’at etmasligi uchun nima qilish kerak?” degan rakursga burish lozim. Yaqindagina Samarqandda tez yordamga yo‘l bermagan “Mercedes-Benz” haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, maxsus xizmat transportining o‘tishiga xalaqit berish BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarimaga va 0,5 jarima baliga sabab bo‘ladi. Xoʻsh, inson hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan bunday qoidabuzarlik uchun amaldagi jazo yetarlimi? Jazo qanday bo‘lishi kerak? Bu borada mutaxassislar va jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan bir nechta qat’iy takliflar bor: * Jarima miqdorini oshirish: bunday qoidabuzarlik uchun dastlabki holatdayoq kamida BHMning 15 baravari miqdorida jarima belgilash. Agar haydovchi bir yil ichida xuddi shu qilmishni takrorlasa, haydovchilik huquqidan mahrum qilish. * Jarima balini ko‘paytirish: inson hayotiga xavf soluvchi holat uchun 0,5 ball o‘ta yengil jazo. Jarima balini kamida 1,5 balga ko‘tarish zarur. * 50 foizlik chegirmani bekor qilish: qoidabuzarlik uchun jarimani tezroq to‘lashda qo‘llanadigan 50 foizli chegirma mexanizmini inson hayotiga daxldor bunday holatlar uchun qo‘llamaslik. Bu majburiyat! Toʻgʻri, tez yordamga yo‘l berganingiz uchun sizga medal berishmaydi, hech kim qarsak ham chalmaydi. Chunki siz shunchaki o‘z majburiyatingizni bajargan bo‘lasiz. Lekin o‘sha oddiy harakatingiz kimningdir shifoxonaga bir necha daqiqa oldin yetib borishini ta’minlaydi. O‘sha sanoqli daqiqalar esa kimningdir hayotini saqlab qoladi. Yo‘llardagi tartib faqat svetofor va chiziqlar majmui emas. Bu – jamiyatning bir-biriga bo‘lgan hurmati. Sirena eshitilganda yo‘l ochish esa qoidaga bo‘ysunishdan ham kattaroq narsa. O‘z harakatingiz orqali taqdim etgan o‘sha bir necha soniya hayot va o‘lim o‘rtasidagi masofa vaqti bo‘lishi mumkin.
8.10.2026 149
Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurash siyosati faollashmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambagʻallik darajasi sentabr oyi boshiga kelib 3,9 foizga tushgan. Bu degani ehtiyojmand aholi soni 2,2 milliondan 1,5 million kishigacha qisqargan. Bu raqamlar ortida turgan taxminan 700 ming insonning real turmush darajasi qanchalik oʻzgardi? 3-sentabrda Shavkat Mirziyoyev kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini maʼlum qildi. Davlat rahbari 2026-yil yakunigacha kambagʻallik darajasini ikki barobar qisqartirish vazifasi yil tugashidan oldin bajarilganini taʼkidladi. Sentabr–dekabr oylari mobaynida esa hududlarda 350 ming kishini doimiy ish bilan taʼminlash, yana 1 million kishining daromadini oshirish va yil yakunigacha 230 ming oilani kambagʻallik holatidan chiqarish rejasi qoʻyildi. Ijro mexanizmi sifatida tuman va shaharlarda maxsus shtablar tashkil etilmoqda, hokimlar haftalik ish vaqtining uch kunini ushbu masalaga bagʻishlashi belgilangan, bank tizimi va bandlik xizmatlari shtablar bilan uzviy ishlashi, tumanlarga esa moliyaviy resurslarni taqsimlash borasida kengaytirilgan vakolat berilishi nazarda tutilgan. Kambagʻallikning koʻp qatlamli tabiati Kambagʻallikni faqat daromad yetishmovchiligi sifatida talqin qilish biroz xato. Xorazm viloyati misoli buni yaqqol koʻrsatadi: ikki hafta davomida oʻtkazilgan tadqiqot 81 ming kambagʻal fuqaro, yaʼni 19 ming oilaning holatini oʻrgangan va ularning ichida 12 ming ishsiz hamda 10 ming past daromadli shaxs borligini aniqlagan. Shu bilan bir vaqtda xuddi shu hududdagi tadbirkorlar qurilish, xizmat koʻrsatish va sanoat tarmoqlarida minglab boʻsh ish oʻrniga ega boʻlgan. Demografik tarkib ham muhim omil. Oʻrganilgan kambagʻal oilalarda 48 ming bola istiqomat qiladi, 10 mingdan ortiq ayol bolalarni parvarish qilish sababli mehnat bozorida yoʻq. Bunday oilalarda maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrov 75 foizga yetmaydi. Pensiya yoshidagi yoki nogironligi boʻlgan 526 nafar shaxs boʻyicha esa ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali ularni parvarish qilayotgan oila aʼzolarini mehnat bozoriga qaytarish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan. Bu raqamlar kambagʻallikka faqat daromad pastligini sabab qilish notoʻgʻriligini koʻrsatadi. Kichik yoshdagi farzandini tarbiyalayotgan ayolni ishga kiritish bilan muammo hal boʻlmaydi. Avval bola parvarishi, bogʻcha mavjudligi, ish joyining masofasi va transport xarajatlari kabi omillar hal etilishi shart. 3-sentabrdagi yigʻilishda ijtimoiy reyestrni tubdan qayta koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi: kelajakda tizim faqat daromadga emas, balki surunkali kasallik, nogironlik, koʻp bolalilik va oila aʼzosining chet elda mehnat faoliyati kabi omillarga ham asoslanishi kerak. Chunki uch yoshgacha farzandi boʻlgan oilalarda kambagʻallik darajasi 6,5 foizni tashkil etishi, bu esa mamlakat boʻyicha oʻrtacha 3,9 foiz koʻrsatkichidan sezilarli yuqoriligi maʼlum boʻlgan. Kambagʻallik chegarasi Aholini kambagʻallikdan chiqarishda eʼtibor qilishimiz zarur jihatlar bor. 2026-yilga moʻljallangan minimal isteʼmol xarajatlari Oʻzbekistonda bir kishi uchun 715 ming soʻm etib belgilangan. Bu 2025-yildagi 669 ming soʻmga nisbatan 6,9 foizga yuqori. Shu mezon mamlakatda rasmiy kambagʻallik chegarasini belgilashda qoʻllaniladi. Yil oxirigacha moʻljallangan rejalarga izoh berar ekan, iqtisodchilar davlat ilgari surayotgan gʻoyani “odamlarni boyitib yuborish” deb tushunmasligimiz kerakligini aytmoqda. Davlat “kambagʻallikni yoʻq qilish” deganda aynan mana shu 715 minglik chegaradan pastdagi aholini yoʻqotishni nazarda tutyapti. Shundan keyin kambagʻallikning yangi chegarasi belgilanishi mumkin. Biroq ushbu raqamni kambagʻallik hodisasining toʻliq mazmuni sifatida qabul qilish metodologik jihatdan notoʻgʻri boʻlar edi. “Lolazor” podkastida mavzu yuzasidan fikr bildirgan Otabek Bakirov faqat pul koʻrsatkichiga asoslangan oʻlchov yetarli emasligini tushuntiradi. U Qirgʻiziston misolida kambagʻallik chegarasi yuqoriroq belgilangan mamlakatlarda statistik kambagʻallik darajasi ham tabiiy ravishda yuqorilashini izohlaydi. Uning taʼkidlashicha, kambagʻallikni elektr, gaz va suv taʼminoti, infratuzilmadan foydalanish imkoniyati kabi koʻrsatkichlar bilan bogʻliq holda baholash zarur. Bu yerda muhim metodologik nuqta bor: kambagʻallik chegarasini yuqoriroq belgilash kambagʻallar sonini koʻpaytirib yuborganday koʻrinishi mumkin. Aslida esa unday emas. U ilgari statistikaga tushmagan, ammo real ehtiyojga ega boʻlgan aholi qatlamini koʻrinadigan qiladi. Qirgʻiziston tajribasi bu borada koʻrsatkichli misol boʻla oladi. 2025-yil yakuniga koʻra, mamlakatning milliy metodologiyasi boʻyicha kambagʻallik darajasi 24 foizni tashkil etgan, 1 million 779 ming kishi kambagʻallik chegarasidan pastda boʻlgan. Shu bilan birga, ularning rasmiy statistik tizimida kambagʻallik, ekstremal kambagʻallik va koʻp oʻlchovli kambagʻallik alohida-alohida koʻrsatkichlar sifatida hisobga olinadi. Bizda ham xuddi shu kabi kambagʻallik “detektor”larini koʻpaytirish taklifi berilmoqda. Dastlab mutlaq kambagʻallikni qisqartirish, soʻngra kambagʻallikni koʻp oʻlchovli mezonlar asosida baholashga bosqichma-bosqich oʻtish zarurati mavjud. Bu yondashuv mantiqiy asosga ega. Masalan, oilaning jon boshiga daromadi 715 ming soʻmlik chegaradan biroz yuqori boʻlishi mumkin, ammo shu oilada nogironligi boʻlgan aʼzo, uchta kichik yoshdagi farzand, gaz yoki ichimlik suvi yetkazib berilmaydigan uy-joy sharoiti va doimiy parvarish bilan band ota-ona mavjud boʻlsa, bunday oilani sof daromad koʻrsatkichiga asoslanib, “muammosi hal boʻlgan” deb baholash asossiz boʻladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bunga e’tibor qaratib, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda daromad bilan bir qatorda koʻp bolalilik, nogironlik va surunkali kasallik kabi ijtimoiy omillarni hisobga olish zarurligini aytdi. Hozir bizda mavjud yagona tizim − ijtimoiy reyestr. Biroq bu faqat daromad koʻrsatkichiga asoslangan tahlil hisoblanadi. Buni shartli misolda koʻrsatish mumkin: ikki oilaning jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadi bir xil boʻlishi mumkin. Birinchisida ikki sogʻlom katta va bitta maktab yoshidagi bola bor. Ikkinchisida esa uch yoshgacha ikkita farzand, nogironligi boʻlgan oila aʼzosi va mehnat qobiliyatini yoʻqotgan keksa shaxs mavjud. Statistik daromad koʻrsatkichi bir xil boʻlsa-da, real xarajat tubdan farq qiladi. Shu sababli kambagʻallikni aniqlash tizimida isteʼmol savatchasining tarkibi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mutaxassislar oziq-ovqat, kiyim-kechak va kommunal xarajatlardan tashqari bolalar uchun dori-darmon, gigiyena vositalari, maktabgacha taʼlim va transport xarajatlari kabi real ehtiyojlarni ham hisobga olish lozimligini aytadi. Qizigʻi shundaki, soʻnggi paytda hududlarda fuqarolarni ijtimoiy reyestrdan chiqarish amaliyoti atrofida turli mulohazalar paydo boʻldi, jumladan, ayrim joylarda oilalarni belgilangan reja asosida yoki majburiy tartibda reyestrdan chiqarish holatlari haqidagi maʼlumotlar tarqaldi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov ham ushbu xavfni alohida taʼkidlaydi. Uning kuzatishicha, hokimliklar darajasidagi yigʻilishlar soni ortgan, ayrim mahallalarga esa kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha qisqa muddatli, hatto kunlik reja-topshiriqlar berilayotgan holatlar qayd etilgan. Tabiiyki, bu statistik koʻrsatkichni sunʼiy ravishda yaxshilash deb baholanmoqda. Aslida esa kambagʻallikdan chiqarish uzoq muddatli jarayon va aniq loyiha, reja asosida boʻlishi zarur. Yuqoridagi vaziyatga bir qator idora-tashkilotlar oʻzlarining salbiy munosabatlarini bildirib chiqdi. Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi reyestrning funksional vazifasi ehtiyojmand fuqarolarni aniqlash va ularga ijtimoiy himoya xizmatlarini yetkazishligini, oilani reyestrdan chiqarish esa faqat uning ijtimoiy-iqtisodiy holati amalda yaxshilangani va belgilangan mezonlarga muvofiqligi tasdiqlangandan soʻnggina amalga oshirilishi lozimligini aytdi. Hokimlar zimmasiga kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha aniq masʼuliyat yuklashning oʻzi toʻgʻri yondashuv boʻlishi mumkin, ammo ularning faqat raqamlar uchun ishlashi jiddiy muammo. Bu masalani yechishdagi asosiy savollar “Nechta kishining daromadi barqaror oshdi?”, “Nechta biznes olingan kreditni muvaffaqiyatli qaytarmoqda?”, “Kambagʻallikdan chiqqan oilalarning necha foizi qayta kambagʻallashib qolmadi?” kabi boʻlishi muammolarni tizimli hal qilishga yordam beradi.
8.10.2026 172
Diplom – qo‘lda. Rezyume tayyor. Ishlashga ishtiyoq bor. Vakansiya ham topildi. Ammo e’lonning oxiridagi eslatma hammasini yo‘qqa chiqaradi: “Kamida 2 yillik ish tajribasi talab qilinadi”... U universitetni endigina tugatgan. Hali ikki yil ishlashga ulgurmagan. Ammo ishga kirishi uchun undan shu so‘ralmoqda. Tajriba orttirish uchun ish kerak, ishga kirish uchun esa tajriba. Bu – mehnat bozoriga ilk qadam qo‘yayotgan minglab yoshlar duch kelayotgan paradoks. Birinchi ish Universitetni tugatish marra emas. Aslida poyga endi boshlanadi. Chunki diplomdan keyin eng asosiy sinov kutadi: o‘z sohang bo‘yicha birinchi ishni topish. Bitiruvchi ish qidirishga katta ishtiyoq bilan kirishadi. Birinchi kuni bir nechta, keyingi kunlari esa o‘nlab vakansiyalarga rezyume yuboradi. Har bir “Yuborish” tugmasi bosilganda ichida kichik umid uyg‘onadi: “Balki shu safar chaqirishar”. Omadi chopsa, suhbatga chaqiriladi. Yosh mutaxassis kompaniya haqida ma’lumot izlaydi, ehtimoliy savollarga tayyorlanadi, o‘zini qanday tanishtirishni mashq qiladi. Ammo suhbat boshlanishi bilan yana o‘sha tanish mavzu o‘rtaga chiqadi – tajriba. “Siz shu vazifani avval bajarganmisiz?”, “Shunga o‘xshash loyihalarda ishlaganmisiz?” Bitiruvchi uchun bu savollar noqulay. Natijada suhbat ko‘pincha o‘sha “mashhur” ibora bilan tugaydi: “Siz bilan o‘zimiz bog‘lanamiz”. – Suhbatda nazariy bilimlarimni ko‘rsatishga tayyor edim. Lekin ularga asosan amaliy tajriba kerak ekan. Universitetdagi loyihalarimni aytsam ham, “haqiqiy ish tajribasi” sifatida qabul qilishmadi. Shunda o‘zimga “Unda men bu tajribani qayerda va qachon orttirishim kerak?”, degan savolni berdim, – deydi Lobar Rahmonova. “Ish bo‘lsa bo‘ldi”... Jarayon cho‘zilgan sari yoshning maqsadlari ham o‘zgaradi. Avvalgi “O‘z sohamda yaxshi ish va yaxshi maosh topaman” degan qat’iyatdan “Hech bo‘lmasa tajriba orttiray” degan fikr ustun keladi. Shu nuqtada amaliyot, stajirovka va boshlang‘ich lavozimlar yagona chiqish yo‘lidek ko‘rinadi. Ammo bu bosqichda ham muammo bor: tajriba orttirish imkoniyati ba’zan juda past maosh yoki umuman haq to‘lanmaydigan mehnat evaziga taklif qilinadi. Tanganing ikkinchi tomoni Bir qarashda tajriba talabi adolatsizdek ko‘rinishi mumkin. Ammo ish beruvchi uchun bitiruvchini ishga olishdan maqsad shunchaki bo‘sh o‘rinni to‘ldirish emas. Bu – vaqt, mablag‘ va mas’uliyat talab qiladigan jarayon. Universitetni tugatgan yosh o‘z sohasini bilishi mumkin. Lekin kompaniyaning ichki tartibi, foydalaniladigan dasturlar, ish jarayoni, mijozlar bilan muloqot va jamoada ishlash kabi ko‘nikmalarni u amalda endi o‘rgana boshlaydi. Unga vazifalarni tushuntirish, ish jarayoniga moslashtirish va xatolarini nazorat qilish uchun tajribali xodim biriktiriladi. Ayniqsa, kichik kompaniyalarda bu sezilarli yuk bo‘lishi mumkin. Ustoz yangi kelgan mutaxassisga ish o‘rgatayotgan paytda o‘zining kundalik vazifalariga ham vaqt topishi kerak. Demak, ish beruvchi uchun tajribali xodim talabi ko‘pincha tayyor mutaxassisni topish istagidan tashqari o‘qitish xarajatlari va vaqtni tejash bilan ham bog‘liq. Yana bir xavotir bor: kompaniya yosh xodimga vaqt va mablag‘ sarflaydi, u tajriba orttirib, mustaqil ishlay boshlaganidan keyin esa yaxshiroq maosh yoki sharoit taklif qilayotgan boshqa kompaniyani tanlashi mumkin. Ayniqsa, bu xodimlar uchun raqobat kuchli bo‘lgan sohalarda muhim. Ish beruvchi yana yangi odam izlash, uni qaytadan o‘qitish va jamoaga moslashtirishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun ayrim kompaniyalar boshidanoq tajribasi bor, ish jarayonini biladigan nomzodni tanlashni xavfsizroq deb hisoblaydi. Amaliyot imkoniyatmi yoki tekin ishchi kuchi? Mehnat bozoridagi ushbu berk doirani buzishning eng mantiqiy yo‘llaridan biri – amaliyot. Talaba o‘qish davomida real ish muhitiga kirishi, mutaxassislar bilan ishlashi, xatolaridan saboq olishi va diplom olganida hech bo‘lmaganda boshlang‘ich tajribaga ega bo‘lishi kerak. Nazariy jihatdan zanjir oddiy: o‘qish – amaliyot – tajriba – ish. Ammo bu zanjir ko‘pincha ishlamaydi. OTMlarda amaliyot tashkil etiladi, talaba uchun joy belgilanadi, yo‘llanma beriladi, muddat ko‘rsatiladi. Qog‘ozda hammasi joyida. Lekin amaliyotning o‘zi-chi? Ko‘p hollarda talaba amaliyot joyiga umuman bormaydi. Borsa ham, jarayon ko‘pincha qog‘ozbozlik bilan tugaydi: hisobot yoziladi, imzo qo‘yiladi, muhr bosiladi. Talaba esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha biror yangi ko‘nikmaga ega bo‘lmaydi. Talaba haqiqatan nimadir o‘rganish niyatida amaliyotga borgan taqdirda uni doim ham ochiq chehra bilan kutib olishmaydi. “Kutib tur”, “Hozir ishimiz ko‘p”, “Anavi hujjatlarni nusxalab ber”. Amaliyotchining ish jarayonidagi roli ko‘pincha shundan nariga o‘tmaydi. Unga mas’uliyatli vazifa ishonib topshirilmaydi, real loyiha ko‘rsatilmaydi, tajribali mutaxassis biriktirilmaydi. Amaliyotga katta umid bilan borgan yosh bir necha haftadan keyin “Baribir bu yerda hech narsa o‘rganmayman” degan xulosaga keladi. Keyingi safar esa u ham amaliyotni shunchaki davomat va hisobot uchun bajariladigan majburiyat sifatida ko‘radi. Holbuki, to‘g‘ri tashkil etilgan amaliyot yosh mutaxassis uchun haqiqiy tramplin bo‘lishi mumkin. Buning uchun amaliyotchiga katta va mas’uliyatli loyihani topshirish shart emas. Unga real ish jarayonidan kichik bir vazifani berish, tajribali mutaxassis yonida ishlash, savollariga javob olish va xatolarini ko‘rishning o‘zi katta tajriba. Berk doiradan chiqish Xo‘sh, bu doirani qanday buzish mumkin? “Kim aybdor?” degan savoldan ko‘ra “Kim nima qilishi kerak?”, degan savol muhimroq. Chunki yoshlarning ish topishidagi muammo faqat ularning tajribasizligidan iborat emas. OTMdagi formal amaliyot, ish beruvchining faqat tayyor kadr izlashga moyilligi va yoshlarning o‘z ustida ishlashni ba’zan diplomdan keyinga qoldirishi – barchasi bir-biri bilan bog‘liq. Yosh mutaxassis ish beruvchi qo‘ng‘iroq qilishini yoki amaliyot joyida kimdir kelib unga hamma narsani o‘rgatishini kutib o‘tirmasligi kerak. Real ko‘nikma orttirishning imkoniyatlari ko‘p. Dasturchi, dizayner, kopirayter, marketolog, iqtisodchi yoki boshqa soha vakili bo‘lishidan qat’i nazar, talaba o‘qish davridayoq kichik loyihalar yaratishi, frilans buyurtmalar olishi, volontyorlikda qatnashishi, tanlov va universitet loyihalarida ishlashi mumkin. Bular keyinchalik portfolio uchun real materialga aylanadi. Bugun tajribasiz deb eshikdan qaytarilayotgan yosh ertaga kompaniyaning eng kerakli mutaxassisiga aylanishi mumkin. Faqat buning uchun kimdir unga birinchi vazifani topshirishi, birinchi xatosini kechirishi va eng muhimi, birinchi imkoniyatni berishi kerak.
10.9.2026 677
Har yili ayni avgust va sentabr oylari maktablarda “dars soati uchun kurash” ketadi. Kimdir o‘ziga tegishli yuklamani olish uchun rahbariyat eshigini qoqadi, kimdir yillar davomida olib kelgan soatlari nega kamayganini tushuntirishni so‘raydi. Eng achinarlisi, dars taqsimoti kasbiy mezon va belgilangan tartib asosida emas, rahbarning shaxsiy munosabati, “qosh-qovog‘iga qarashi” yoki tanish-bilishchilikka, hatto korrupsion holatlarga bog‘liq bo‘lib qolayotgan vaziyatlar ham uchrab turadi. Aslida dars soati rahbarning xohishiga ko‘ra beriladigan “ulush” emas. Uning taqsimotida aniq huquqiy mezonlar, tartib va javobgarlik masalalari mavjud. Demak, o‘qituvchining “Menga nega bu soat berilmadi?”, degan savoliga “Direktor shunday qaror qildi” degan javobning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirliklarining 3271-raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan qo‘shma qarori dars taqsimoti masalasini tartibga soladi. Mazkur qarorning 15-bandiga asosan dars taqsimoti quyidagi ketma-ketlikda bo‘linishi belgilab qo‘yilgan. Umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi: oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra); dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga koʻra); birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra); ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra); oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar; qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar (oʻqituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi boʻyicha mazkur bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda taalluqliligiga koʻra tegishli koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan oʻqituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega boʻladi); oʻrindoshlik asosida ishlayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar; oliy taʼlim muassasalarining pedagogika yoʻnalishi boʻyicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari; oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar (faqat boshlangʻich sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun); oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari. Shuningdek, boshlangʻich sinflarda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchilarning boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi. Qolavera, qarorga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Dars taqsimotida faqatgina belgilangan tartibga amal qilish lozim. Chunki bu ta’lim sifati uchun muhim, ta’lim sifati esa kelajak avlodga daxldor masala.
10.9.2026 655
Tasavvur qiling: to‘rt yil universitetda o‘qidingiz, diplom oldingiz. Ammo shu vaqt ichida dunyo ham, mehnat bozori ham bir joyda turmaydi. Siz endigina kasbingizni egallayotgan paytda ayrim mutaxassisliklarga talab kamaygan, boshqalariga esa ehtiyoj keskin oshgan bo‘lishi mumkin. Chunki mehnat bozorini endi faqat iqtisodiyot belgilamayapti. Aholi qariyapti, texnologiyalar rivojlanyapti, yashil energetika jadal sur’atlarda kengayyapti, yangi ishlab chiqarish tarmoqlari paydo bo‘lyapti. Bir joyda ishchi qo‘llar kamayayotgan bo‘lsa, boshqa joyda muayyan kasb egalariga ehtiyoj ortmoqda. Xo‘sh, kelgusi besh yilda dunyoga qanday mutaxassislar kerak bo‘ladi? Qaysi kasblar qadrlanadi, qaysi ko‘nikmalar yoshga ustunlik beradi? Markaziy bankning yangi tahlili bu savollarga javob beradi. Birinchi signal Yevropadan Avvalo tahlilni Yevropadan boshlash kerak. Chunki bu hududda kelajakdagi mehnat bozori qanday o‘zgarishini ko‘rsatadigan muhim jarayon allaqachon boshlangan: aholi qariyapti, ishlaydigan yoshdagi odamlar esa kamaymoqda. 2030-yilgacha Yevropa davlatlarida demografik o‘zgarish mehnat bozori oldidagi asosiy muammolardan biriga aylanishi kutilmoqda. Federal bandlik agentligi huzuridagi Mehnat bozorini o‘rganish instituti va Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududda ishchi kuchi taqchilligi 7,5–10,5 million kishigacha yetishi mumkin. Bu raqam ortida esa oddiy bir muammo turibdi: ish o‘rinlari bo‘ladi, ammo ularni egallaydigan odamlar yetishmasligi mumkin. Shu sababli Yevropada muhandislik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, agrar soha, tibbiyot, axborot texnologiyalari, turizm hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga talab oshishi kutilyapti. Germaniyadagi vaziyat buni yanada yaqqol ko‘rsatadi. Mamlakatga har yili kamida 400 ming nafar malakali migrant kirib kelmasa, ishchi kuchi tanqisligi YIM o‘sishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ammo gap faqat odamlar sonida emas. Mehnat bozorini kelajakda qanday iqtisodiyot qurilayotgani ham belgilaydi. Masalan, Shimoliy Yevropa davlatlari ekologik toza texnologiyalar markaziga aylanmoqda. Shu bois bu mamlakatlarda yashil metallurgiya, shamol energetikasi va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda mutaxassislarga talab yanada ortishi kutilyapti. Tibbiyot va ijtimoiy ta’minot sohasi AQSh, Yevropa davlatlari, xususan, Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniya, shuningdek, Yaponiya va Koreyada aholining keksayishi natijasida tibbiyot, parvarishlash va ijtimoiy xizmatlar sohalarida ishchi kuchiga ehtiyoj eng yuqori yo‘nalishlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Germaniya Xususiy tibbiy sug‘urta ilmiy instituti (WIP) prognoziga ko‘ra, 2030-yilga kelib Germaniyada parvarishga muhtoj aholi soni 5,7 million nafarga yetishi, buning natijasida sog‘liqni saqlash va parvarishlash tizimida 500 ming nafargacha qo‘shimcha xodimga, Buyuk Britaniyada esa 90 ming nafarga yaqin qo‘shimcha parvarish xodimiga ehtiyoj yuzaga kelishi mumkin (“Skills England” tashkiloti ma’lumoti). Yaponiyada parvarishlash, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida 6-7 million nafar, Janubiy Koreyada esa kemasozlik, metalga ishlov berish, elektronika va sanoat tarmoqlarida 1,2–1,5 million nafar ishchi kuchi taqchilligi yuzaga kelishi prognoz qilingan. Yaqin istiqbolda bu davlatlarda katta yoshdagi aholi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan maxsus tibbiy xizmatlar, jumladan, geriatriya, uyda parvarishlash, maxsus transport, robototexnika hamda aqlli uy tizimlarini boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida mutaxassislarga talab ortib boradi. “Yashil” energetika va ekologiya Yevropa Ittifoqi davlatlari (xususan, Germaniya va Daniya), Yaqin Sharq mamlakatlarida 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan yirik loyihalarning amalga oshirilishi energetika, muhandislik, ekspluatatsiya va ekologik xizmatlar sohalarida malakali kadrlarga talabni sezilarli oshiradi. Germaniyada quyosh panellari va shamol turbinalarini o‘rnatish, texnik, motorist, mexaniklar, ekologiya muhandislari, elektr va avtonom transportni ekspluatatsiya qilish yo‘nalishida 300 ming mutaxassis yetishmovchiligi prognoz qilingan. Fors ko‘rfazi davlatlari yo‘nalishi Ushbu davlatlarda “Vision 2030” kabi milliy rivojlanish dasturlari doirasida iqtisodiyotni neftga qaramlikdan bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish, turizm, qurilish, transport, sog‘liqni saqlash va xizmatlar sohalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, ushbu jarayonlar natijasida Saudiya Arabistonida 1,5–2 million nafar, BAAda esa 1 million nafar qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj shakllanishi mumkin. Saudiya Arabistonida yirik infratuzilma va turizm loyihalarini amalga oshirishda qurilish va texnik mutaxassislarga, sog‘liqni saqlash sohasida o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga talab ortishi, BAAda mehmonxona va restoran ishi, turizm, servis, aviatsiya va logistika sohalarida malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bank Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, eng yuqori o‘rtacha ish haqi darajalari Yevropa (Lyuksemburg, Belgiya, Niderlandiya, Shveytsariya va boshqalar), Shimoliy Amerika (Kanada va AQSh), shuningdek, Osiyo davlatlarida minimum ish haqlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda qayd etilgan. “Kelgusida tashqi mehnat migratsiyasini tashkiliy asosda rivojlantirishda jahon mehnat bozoridagi demografik va tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lishi kutilayotgan yangi geografik va kasbiy yo‘nalishlarni inobatga olish maqsadga muvofiq”, deyiladi Markaziy bank sharhida.
10.9.2026 646
Qo‘limiz iflos bo‘lsa, suv izlamaymiz. Bolaning yuzi yoki qo‘li kir bo‘lsa, nam salfetka bilan artib qo‘yamiz. Safarda, ishxonada, mashinada yoki ovqatlanishdan oldin ham eng qulay vositalardan biri shu. Bir necha soniya ichida ishlatamiz va tashlab yuboramiz. Ammo biz uchun bir necha soniyalik qulaylik tabiat uchun ancha uzoq davom etadigan muammoga aylanishi mumkin. Nam salfetka kundalik hayotimizni yengillashtirayotgan oddiy gigiyena vositasidek ko‘rinadi. Aslida esa uning tarkibi, ishlab chiqarilishi va eng muhimi, foydalanilgandan keyingi taqdiri ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Qog‘ozdek ko‘rinadi, ammo... Ko‘pchilik nam salfetkani oddiy qog‘oz mahsulot deb o‘ylaydi. Axir u yupqa, yumshoq va tashqi ko‘rinishidan qog‘ozga o‘xshaydi. Ammo ko‘plab nam salfetkalar tarkibida polyester yoki polipropilen kabi sintetik, ya’ni plastik tolalar mavjud. Bu tolalar salfetkaning nam holatda ham mustahkam turishini ta’minlaydi. Muammo ham shunda. Oddiy qog‘oz suvda tezroq parchalansa, plastik tolali nam salfetka ancha chidamli bo‘ladi. U tashlab yuborilgandan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qolishi, vaqt o‘tishi bilan esa mayda plastik zarrachalarga, jumladan, mikroplastiklarga aylanishi mumkin. Bu zarrachalar suv va tuproqqa tushib, turli tirik organizmlar bilan aloqaga kirishadi. Muammoning ko‘lami esa kichik emas. Masalan, Buyuk Britaniyada 2021-yilning o‘zida bozorga 30 milliarddan ortiq nam salfetka chiqarilgani, ularning qariyb 26 milliardi plastik tarkibli bo‘lgani qayd etilgan. Bitta salfetka juda kichik chiqindi bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo milliardlab marta takrorlanganida uning ekologik oqibati ham kattalashadi. “Fatberg” Nam salfetkalar bilan bog‘liq eng keng tarqalgan xatolardan biri – ularni kanalizatsiyaga tashlash. “Suv bilan ketib qoladi” degan tasavvur aslida muammoning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Nam salfetka hojatxona qog‘ozi kabi suvda tez parchalanmaydi. Aksincha, nam holatda mustahkam turgani uchun kanalizatsiya quvurlarida qolib ketishi mumkin. U yerda salfetkalar yog‘, maishiy chiqindilar va boshqa materiallar bilan birikib, katta tiqinlar hosil qiladi. Bunday tiqinlar ayrim hollarda “fatberg” deb ataladigan ulkan massalarga aylanadi. 2017-yilda Londonning sharqiy qismida og‘irligi qariyb 130 tonna va uzunligi 250 metr bo‘lgan – yog‘ va kanalizatsiyaga tashlangan nam salfetka kabi chiqindilardan iborat ulkan fatberg aniqlangan. Bunday holatlar kanalizatsiya tizimini tozalash va ta’mirlash uchun katta xarajatlarni talab qiladi. Yana, kanalizatsiya tizimidan tashqariga chiqib ketgan plastik tolali salfetkalar suv havzalariga tushishi va vaqt o‘tishi bilan mayda plastik zarrachalarga parchalanishi mumkin. Nam salfetkalar taqiqlanyapti Buyuk Britaniya hukumati plastikli nam salfetkalarni daryo va boshqa suv havzalariga tushadigan plastik va mikroplastik ifloslanish manbalaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Muammo ko‘lami sabab mamlakat plastik tarkibli bir martalik nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgiladi. Bu taqiq nam salfetkaning barcha turlarini yo‘q qilishni anglatmaydi. Asosiy maqsad – tarkibida plastik bo‘lgan bir martalik mahsulotlarni bozordan chiqarish. Jarayon Britaniyaning to‘rt hududida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Uelsda taqiq 2026-yil 18-dekabrdan kuchga kiradi. Angliyada plastikli nam salfetkalarni sotish va yetkazib berish 2027-yil 19-maydan, Shimoliy Irlandiyada 18-maydan, Shotlandiyada esa 2027-yil 11-avgustdan taqiqlanadi. Taqiq bolalar salfetkalari, pardozni tozalash vositalari, nam hojatxona qog‘ozi, qo‘llar uchun antibakterial salfetkalar, shaxsiy gigiyena va maishiy tozalash salfetkalarining plastik tarkibli turlarini ham qamrab oladi. Tarkibida plastik bo‘lmagan salfetkalar esa savdoda qoladi. Ayrim tibbiy va professional foydalanishga mo‘ljallangan mahsulotlar bundan mustasno. Shuningdek, qadoqdagi “biodegradable”, “plastic-free” yoki “flushable” kabi yozuvlarga ham ongli ravishda qarash kerak. “Biologik parchalanadi” degan yozuv mahsulot istalgan sharoitda va tezda tabiatga singib ketadi degani emas. Parchalanish sharoiti, mahsulot tarkibi va undan keyingi utilizatsiya usuli muhim. Sogʻliqqa ham zarar Ayrim mahsulotlar tarkibida xushbo‘y moddalar, konservantlar, spirtlar yoki boshqa kimyoviy komponentlar bo‘lishi mumkin. Ularning barchasi avtomatik ravishda zararli degani emas, biroq ayrim odamlarda, ayniqsa, sezgir terida qizarish, quruqlashishga sabab bo‘lishi mumkin. Chaqaloq terisi nozik bo‘lgani sababli mahsulot tanlashda uning tarkibiga e’tibor berish kerak. Britaniyaning NHS tibbiy xizmat tavsiyalarida chaqaloq terisini tozalash uchun suv yoki xushbo‘y moddasiz va spirtdan xoli salfetkalardan foydalanish mumkinligi ko‘rsatiladi. Shuning uchun “nam salfetka zararli” yoki “nam salfetka mutlaqo xavfsiz” degan keskin xulosalardan ko‘ra mahsulot tarkibi va undan foydalanish maqsadiga qarash to‘g‘riroq. Uy sharoitida esa ko‘p martalik yumshoq mato oddiy va chiqindisi kamroq muqobil bo‘la oladi. Chaqaloq parvarishida ham imkon bo‘lgan holatlarda suv va yumshoq matodan foydalanish mumkin. Muammoning real koʻlami Nam salfetkalar O‘zbekistonda ham juda ommabop bo‘lib, kundalik hayotning deyarli barcha sohalariga kirib kelgan. Uyda, ayniqsa, bolali oilalarda, avtomobilda, ofislarda, umumiy ovqatlanish joylarida va safarlarda nam salfetkadan tez-tez foydalanamiz. Shu qadar odatiy holga aylanganki, ko‘pincha foydalanib bo‘lgach, uning keyingi taqdiri haqida o‘ylamaymiz. Buyuk Britaniya plastikli nam salfetkalardan voz kechish bo‘yicha aniq muddatlarni belgilayotgan bir paytda O‘zbekistonda ham bu masala haqida o‘ylashga asos bor. Chunki nam salfetka muammosi faqat bir mamlakatga xos emas. Plastik chiqindilar, kanalizatsiya tiqinlari va noto‘g‘ri utilizatsiya har qanday shaharda paydo bo‘lishi mumkin. Avvalo, O‘zbekistonda bu muammoning real ko‘lamini o‘rganish kerak: kanalizatsiya tiqinlarida nam salfetkalar qanchalik ko‘p uchraydi, maishiy chiqindilar tarkibida ularning ulushi qancha, bozorda plastik va plastik bo‘lmagan mahsulotlar nisbati qanday? Bunday ma’lumotlar muammoni taxmin bilan emas, aniq raqamlar bilan muhokama qilish imkonini beradi. Bu yerda mas’uliyat faqat iste’molchiga tushmasligi kerak. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar ham mahsulot tarkibini qadoqda aniq ko‘rsatishi, unda plastik bor-yo‘qligini tushunarli belgilashi va foydalanilgandan keyin uni qanday tashlash kerakligi haqida ma’lumot berishi mumkin. Iste’molchi esa eng oddiy qoidalarga amal qilishi lozim: nam salfetkani unitazga tashlamaslik, imkon bo‘lsa plastik bo‘lmagan variantni tanlash, uy sharoitida ko‘p martalik matolardan foydalanish va mahsulot qadog‘idagi tarkibga e’tibor berish.
10.9.2026 650
Oʻzbekistonda millionlab odamlar har oy kartadan kartaga, ya’ni P2P (peer-to-peer) tartibida pul oʻtkazadi. Oilasiga, turli xizmatlar uchun, xarid uchun karta orqali toʻlaydi. Bu amaliyot shu qadar odatiy jarayonga aylanganki, aslida ham shunday boʻlishi kerakday. Mavzuga chuqurroq kirsak, savollar paydo boʻladi. P2P nima uchun kerak? P2P oʻtkazmalar bank yoki toʻlov tashkiloti ishtirokida ikki jismoniy shaxs oʻrtasida amalga oshiriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri pul oʻtkazmasi. Uning asosiy vazifasi naqd pulga ehtiyojni kamaytirish va hisob-kitoblarni tezlashtirish. Bu esa fuqarolar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar tez va qiyinchiliksiz, rasmiyatchiliklarsiz amalga oshishiga sabab boʻladi. Lekin P2P faqat qulaylik vositasi emas, davlat uchun ham strategik ahamiyatga ega yo‘nalish. Prezident aprel oyidagi taqdimotda raqamli tahlil va sunʼiy intellekt asosidagi “aqlli” nazorat tizimlarini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum taʼminlanishi zarurligini alohida taʼkidlagan. Bunda P2P operatsiyalarni monitoring qilish asosiy mexanizmlardan biri sifatida koʻrsatilgan. Boshqacha aytganda, davlat P2P monitoringini yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash quroli sifatida ham koʻrmoqda. Markaziy bank P2P oʻtkazmalarida toʻlov maqsadini keltirishni taklif sifatida kiritdi. Koʻp oʻtmay bu majburiy emasligi va shunchaki fintech kompaniyalariga taklif ekanligi aytilgan. Shundan soʻng barcha ilovalardan bu soʻrov yoʻqolib ketdi. “Xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurash” deyilgan bu tashabbusga ekspertlar ham keskin qarshi chiqqan. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov: – Agar biz iqtisodiyotni “oqartirish” va naqd pulni kamaytirish yoʻlida harakat qilayotgan boʻlsak, P2P texnologiyasini kengaytirishimiz kerak edi. Hatto oʻtgan yil 28-noyabrdagi prezident qarorida ham 2026-yil 1-fevraldan Markaziy bank orqali oʻtadigan P2P oʻtkazmalar tizimini yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Ammo P2Pni kengaytirish o‘rniga uni nazorat qilish yoʻlidan ketyapmiz, − deydi. Iqtisodchi P2P oʻtkazmalarini yana-da rivojlantirish, kengaytirish taklifini bildirar ekan, odamlar orasida naqd pul aylanmasining kamayishi statistik maʼlumotlarning shaffoflashuviga, pul-kredit siyosatining samaraliroq amalga oshirilishiga va oxir-oqibat soliq bazasining kengayishiga olib kelishini taʼkidlaydi. Oʻtkazmadagi komissiyalar adolatlimi? P2P o‘tkazmalari masalasida eng muhim savollardan biri shu aslida. Chunki komissiyalarning 0,1 foizga boʻlsa-da oshirilib qoʻyilishi odamlar mablagʻining bir qismiga ega chiqishdek baholanyapti. Amaldagi bozorni ko‘rib chiqsak, manzara aslida ancha murakkab. Oʻzbekistondagi deyarli barcha yirik banklar va toʻlov ilovalari (Payme, Click, Paynet, Xazna, Uzum bank va boshqalar) oylik maʼlum bir limitgacha, odatda 1 milliondan 10 million so‘mgacha, P2P oʻtkazmalarni bepul taklif qiladi. Bu chegaradan oshgan summalar uchun esa komissiya 0,2 foizdan 1 foizgacha, baʼzan undan ham yuqoriroq boʻladi. Bir qator banklar o‘z kartalari oʻrtasidagi oʻtkazmalarni to‘liq bepul qiladi, biroq turli tizim (Uzcard va Humo) oʻrtasidagi oʻtkazmalarda bu imtiyoz koʻpincha ishlamaydi. Foydalanuvchi bepul yoʻlni topish uchun bir nechta ilova va bank ilovasi orasida “oʻyinlar” qilishga majbur boʻladi. Qiziq jihati shundaki, kichik summada oʻtkazma qiluvchilar uchun komissiyalar unchalik og‘ir tuyilmaydi. Haqiqiy muammo katta summalarni oʻtkazmoqchi boʻlganlarda boshlanadi. Minimum hisoblangan 0,1 foiz komissiya ham ular uchun ko‘zga koʻrinarli miqdorga aylanadi. P2P xizmatlaridagi adolat haqida gap ketganda eng ko‘p savollar “Paynet” kompaniyasi tomonga yogʻiladi. Chunki iqtisodchilar “monopol” deb ataydigan bu kompaniya O‘zbekiston boʻylab naqd pulni kartaga oʻtkazuvchi terminallarga egalik qiladi. Yoqilgʻi quyish shoxobchalarida toʻlovlar faqat onlayn toʻlov tizimiga oʻtgandan keyin bu boradagi bahslar yana-da kuchaydi. Chunki siz naqdingizni kartaga oʻtkazish uchun 3 foizlik komissiya toʻlashga majbursiz va sizda boshqa kompaniyalar boʻyicha tanlov yoʻq. Qizigʻi, kompaniya terminallar orqali o‘z “Paynet karta”siga foizsiz pul oʻtkazish mumkinligini targʻib qildi. Shundan soʻng “Paynet karta”dagi mablagʻni 0,7 foizlik komissiya evaziga boshqa kartaga olish mumkin. Lekin shundan sal oʻtib shu 0,7 foizlik komissiya miqdori 0,9 foizga koʻtarildi. Shunday ekan, P2P xizmatlaridagi adolat haqidagi savolga turli rakurslardan turlicha javob berish mumkin. Komissiya aslida qanday belgilanishi kerak? Iqtisodiy nuqtayi nazardan P2P komissiyasi uchta asosiy tarkibiy qismdan iborat boʻlishi kerak: tranzaksiyani qayta ishlash xarajati (protsessing va maʼlumotlar markazi xizmati), risklarni qoplash uchun zaxira (firibgarlik va qaytarib berish holatlari) va tizimni rivojlantirish uchun investitsiya. Xalqaro amaliyotda bunga ikkita yondashuv qoʻllaniladi: birinchisi – davlat tomonidan yuqori chegara belgilash; ikkinchisi – bozorni toʻliq raqobatga qoʻyib, faqat shaffoflikni talab qilish. Masalan, Rossiyada SBP orqali jismoniy shaxslar boshqa kishilarga oyiga 100 ming rublgacha (taxminan 1200 dollar) mutlaqo bepul pul oʻtkazishi mumkin. Bu chegaradan oshgan summalar uchun komissiya 0,5 foizni tashkil etadi, biroq bir operatsiya uchun 1500 rubldan (taxminan 17 dollar) oshmaydi. Yaʼni qatʼiy yuqorida chegara mavjud. Hindistonda esa UPI tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasidagi barcha oʻtkazmalar bepul. Chunki naqd pulsiz iqtisodiyotni rivojlantirish ustuvor vazifa deb topilgan. Xalqaro tajriba va iqtisodiy mantiq shuni koʻrsatadiki, komissiya bozor samaradorligi va ijtimoiy manfaatlar oʻrtasidagi muvozanat asosida belgilanishi lozim. Bunga erishishning eng maqbul yoʻli moliyaviy inklyuzivlik va erkin raqobatni birga olib borishdir. Yaʼni davlat aholining bazaviy ehtiyojlarini qoplash uchun muayyan oylik limit bepul yoki minimal stavkali oʻtkazmalarni kafolatlashi lozim. Bu aholini naqd pulsiz hisob-kitoblarga ragʻbatlantiradi. Belgilangan limitdan yuqori summalar uchun esa narxlarni erkin bozor raqobatiga topshirish va banklardan toʻliq shaffoflikni talab qilish kifoya. Shunda banklar tranzaksiya tannarxini qoplash va tizimni rivojlantirish uchun yetarli daromad oladi, aholi esa adolatli va raqobatbardosh xizmatdan foydalanish imkoniga ega boʻladi. P2P oʻtkazmalar O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Bir tomondan fuqarolar uchun tezkor va (kichik summalarda) deyarli bepul moliyaviy xizmat, ikkinchi tomondan davlat uchun yashirin iqtisodiyotni qisqartirish vositasi. Biroq bu ikkala maqsad oʻrtasidagi nozik chegarani aniqlab olish zarur. Shu bilan birga davlat komissiyalar borasida aniq cheklovlar kiritishi yoki shaffof raqobat muhitini shakllantirishi kerak.
10.9.2026 703
Universitetni bitirish ko‘pchilik uchun katta marradek ko‘rinadi. Ammo diplom qo‘lga tekkanidan keyin yana bir muhim bosqich boshlanadi – ish topish. Bu davr yoshning olgan ta’limi mehnat bozorida qanchalik talabgir ekanini, qaysi kasblarga ehtiyoj yuqoriligini va universitet bitiruvchini real ishga qanchalik tayyorlaganini ko‘rsatib beradi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan Bitiruvchilar sifati indeksining (BSI) dastlabki natijalari O‘zbekistonda bu jarayon o‘rtacha qancha davom etishini ko‘rsatdi. Tadqiqotda 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoriga chiqish natijalari tahlil qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda oliy ta’limni tugatgan yosh birinchi ishini topishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun vaqt sarflaydi. Raqam o‘rtacha ko‘rsatkich xolos. Chunki ayrim yo‘nalishlarda yoshlar ikki oyga yetmasdan ish topayotgan bo‘lsa, ayrimlarida bu jarayon to‘rt, besh, hatto sakkiz oygacha cho‘zilmoqda. Qaysi kasb egasi tezroq ish topadi? Ish topish tezligi qaysi yo‘nalishda diplom olinganiga ham bog‘liq. Tadqiqotda eng tez ish topayotganlar pedagogik yo‘nalishlar bitiruvchilari bo‘lib, ularga o‘rtacha 2 oy 4 kun kerak. Humanitar fanlar bitiruvchilari esa o‘rtacha 2 oy 9 kunda birinchi ishiga ega bo‘lmoqda. Ya’ni bu yo‘nalishlarda diplomdan mehnat bozoriga o‘tish nisbatan tez kechyapti. Birinchi ishni izlashning eng uzoq muddati yuridik yo‘nalishlar bitiruvchilarida qayd etilgan – o‘rtacha 4 oy 20 kun. Mehnatni muhofaza qilish va gigiyena sohasi bitiruvchilariga esa 4 oy 19 kun kerak. Ijtimoiy ta’minot yo‘nalishi bitiruvchilari o‘rtacha 4 oy 5 kun ish izlaydi. Qashqadaryo yetakchi Hududlar kesimida ham qiziq manzara paydo bo‘ladi. Ishga joylashishning eng qisqa o‘rtacha muddati Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan – 2 oy 8 kun. Navoiy va Andijon viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2 oy 9 kundan iborat. Hududlar bo‘yicha ish topish muddati: Qashqadaryo – 2 oy 8 kun Navoiy – 2 oy 9 kun Andijon – 2 oy 9 kun Namangan – 2 oy 14 kun Farg‘ona – 2 oy 16 kun Jizzax – 2 oy 18 kun Surxondaryo – 2 oy 19 kun Xorazm – 2 oy 20 kun Sirdaryo – 2 oy 21 kun Toshkent viloyati – 2 oy 23 kun Buxoro – 2 oy 25 kun Samarqand – 3 oy 3 kun Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 3 oy 7 kun Toshkent shahri – 3 oy 13 kun Universitetlar o‘rtasidagi tafovut Agar hududlar o‘rtasidagi farq sezilarli bo‘lsa, universitetlar kesimida u yanada yaqqol ko‘rinadi. Reytingga kiritilgan 119 ta oliy ta’lim muassasasi orasida bitiruvchilari eng tez ish topayotgan universitet – Qarshi xalqaro universiteti. Bu yerda bitiruvchilar birinchi ishini atigi 1 oy 4 kunda topmoqda. Bitiruvchilari ishni eng tez topayotgan OTMlar: Qarshi xalqaro universiteti – 1 oy 4 kun Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi – 1 oy 8 kun Nordik xalqaro universiteti – 1 oy 14 kun V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali – 1 oy 17 kun Andijon davlat universiteti – 1 oy 18 kun Ammo reytingning salbiy tomonida ish topish muddati ancha uzun. Eng katta ko‘rsatkich VGIKning Toshkent filialida kuzatilgan – uning bitiruvchilari birinchi ishini o‘rtacha 8 oy 13 kunda topmoqda. O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali bitiruvchilarida bu ko‘rsatkich 6 oy 1 kun. Birinchi ishini eng uzoq kutgan talabalar bitirgan OTMlar: VGIKning Toshkent filiali – 8 oy 13 kun O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali – 6 oy 1 kun M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali – 5 oy 21 kun ISFT instituti – 5 oy 13 kun Toshkent farmatsevtika instituti – 5 oy 10 kun Maosh qancha? O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlar asosida hisoblangan. Biroq yo‘nalishlar bo‘yicha daromadlar sezilarli farq qiladi. Ijod va sport sohasi bitiruvchilari eng yuqori o‘rtacha daromadga ega – 6,33 million so‘m. Amaliy fanlar yo‘nalishlarida bu ko‘rsatkich 5,5 million so‘m, ijtimoiy-humanitar yo‘nalishlarda 4,61, tibbiyot yo‘nalishlarida esa 4,43 million so‘mni tashkil etmoqda. Ayrim universitetlarda bitiruvchilarning rasmiy daromadi umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha baravar yuqori. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari o‘rtacha 23,4 million so‘m, Inha universiteti bitiruvchilari 12,6 million so‘m, Vestminster universiteti bitiruvchilari esa 12,5 million so‘m rasmiy daromad olyapti. Bu yerda muhim izoh bor: hisob-kitoblarda faqat rasmiy qayd etilgan daromadlar inobatga olingan. Shuning uchun raqamlar bitiruvchilarning barcha real daromadini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Eng qiziq jihati shundaki, ish topish tezligi va daromad miqdori har doim ham bir-biriga mos kelmaydi. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari birinchi ishini topish bo‘yicha eng uzoq muddat – o‘rtacha 8 oy 13 kunni qayd etgan. Ammo filial bitiruvchilari o‘rtacha daromad bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Demak, “Kim tezroq ish topadi?” va “Kim ko‘proq pul topadi?” degan savollarning javobi bir xil emas. Mehnat bozorida tez ishga kirish har doim ham yuqori daromad degani emas. Ba’zan tor yoki murakkab mutaxassislik egasi uzoqroq ish izlaydi, biroq o‘z sohasiga mos va yuqori daromadli ish topishi mumkin. Shu nuqtadan qaraganda, Bitiruvchilar sifati indeksi kasb tanlashda yana bir mezonni ko‘rsatadi: diplomni olgach, bu kasb bilan qayerda va qanchada ish topish mumkin, daromad qancha bo‘ladi? Bugungi abituriyent uchun universitet tanlashda shu savollar ham kontrakt narxi yoki o‘tish balidek muhim.
4.9.2026 794
Most technology founders build a product first and seek outside validation afterward. Nurshoda Aramova's path has run in something closer to the opposite order: her standing as a published researcher and a recognized contributor to her field was already established before her platform, Hisobchi AI, reached the public. Aramova holds a degree in economics from Karshi State Technical University, with a specialization in sectoral and branch economics, completed in 2025. She subsequently pursued training in computer engineering and information technology, giving her a working command of both economic analysis and software development — a combination that later became the foundation of her project. Her academic output consists of two peer-reviewed articles. The first, "Human Capital and the Brain Drain Question: Education Investment versus Skilled Labor Emigration in Uzbekistan," appeared in the American Journal of Multidisciplinary Bulletin. The second, "Special Economic Zones and Foreign Direct Investment: Evaluating Uzbekistan's Free Economic Zone Model," was published in the Journal of Scientific Research, Modern Views and Innovations. Both examine structural questions in Uzbekistan's economy — how the country retains skilled labor, and how it attracts and manages foreign investment through its free economic zones. Publication was followed by a further step: invitation onto two editorial boards. Aramova serves as an editorial board member of the international scientific journal New Renaissance and of the Journal of Entrepreneurship and Pedagogy. In practice, editorial board membership means evaluating and recommending other researchers' submissions for publication — a role that sits on the assessment side of scholarly work rather than the authorship side, and one typically extended only after a researcher's own output has demonstrated the judgment required to review others'. That professional and scientific record has also drawn formal recognition. The Scientific Academy Research Center named her the winner of the "El-Yurt Faxri" international scientific-practical review competition, held across CIS countries, and separately awarded her the national title "Devotee of One's Profession" ("O'z Kasbining Fidoyisi") — a recognition specifically directed at individuals whose contribution to their field goes beyond what their formal position requires. It is against this backdrop that Hisobchi AI takes shape. The platform is an AI-based accounting and compliance advisor built for Uzbekistan's small and medium-sized businesses, addressing four practical problem areas: guidance on the 1C:Enterprise 8.3 accounting software used by most Uzbek enterprises; core bookkeeping fundamentals for owners without in-house accountants; a continuously updated Tax Code knowledge base paired with a calculator comparing turnover tax against standard and simplified VAT regimes; and labor-law compliance support for businesses hiring their first employee. The system is deliberately not built on open-ended AI reasoning for its highest-stakes output — tax-regime selection is handled by a separate, deterministic calculation engine — and every session closes by directing the user to a licensed accountant or lawyer for final confirmation. The platform is set to launch through Telegram, used daily by roughly 85 percent of Uzbekistan's population, a choice intended to remove the adoption barrier that new standalone applications typically face among small-business users. According to Uzbekistan's State Statistics Committee, the country counted more than 1.2 million active small business entities as of April 2026, generating over half of GDP, while professional accounting services remain concentrated in Tashkent and a small number of regional centers — leaving business owners elsewhere, particularly in regions such as Khorezm, Syrdarya, and Bukhara, with comparatively limited access. Taken together, Aramova's research publications, editorial responsibilities, and competition recognitions form a body of work that existed independently of Hisobchi AI before the platform was conceived. That sequence — credibility established first, application built second — is, in her own account, precisely why she believes the project is positioned to succeed where a purely commercial pitch might not: it rests on a documented track record of analyzing the country's economic structure, not on the platform's promise alone.
29.8.2026 798
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik tarixiy bosqichi — bu milliy davlatchilik poydevorini qurish, sinovli yillarni mardona yengib oʻtish hamda zamonaviy, raqobatbardosh va inson qadrini ulugʻlaydigan davlatni barpo etishning shonli solnomasidir. Ushbu tarixiy davrning har bir yili va har bir bosqichi biz uchun nihoyatda qadrli va mantiqiy poydevor boʻlib xizmat qildi. Tarixiy adolat va xolislik tamoyilidan kelib chiqqan holda ta'kidlash joizki, Mustaqillikning dastlabki yillarida murakkab geopolitik va iqtisodiy sharoitlarga qaramay, davlatimiz mustaqillikni saqlab qolish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash hamda davlat apparati infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha ulkan tarixiy vazifani uddaladi. Biroq, 35 yillik rivojlanish trayektoriyasini xolis tahlil qilish uchun uni uchta asosiy davr kesimida koʻrib chiqish ilmiy va analitikjihatdan toʻgʻri yondashuvdir: 1991 yilgi boshlangʻich sovet merosi sharoiti, 2016 yilgacha boʻlgan bosqichli barqarorlashuv davri, 2016–2026 yillardagi Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi doirasidagi keskin va shiddatli sakrash davri. Xususan, Toshkent shahri nafaqat respublika poytaxti, balki butun Markaziy Osiyoning yirik moliyaviy, sanoat, madaniy va intellektual habi sifatida shakllandi. Poytaxtda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi va tuman Kengashlarining (XDK) faoliyati ham aynan ushbu evolyutsion bosqichlarga hamohang ravishda shakllanib, oddiy rasmiyatchilik va idoraviy qarorlarni tasdiqlash organidan haqiqiy “vakillik nazorati va xalq muloqoti mexanizmiga” aylandi. Aytish mumkinki, Toshkent shahar va tuman Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatida2016 yildan soʻng tub burilish yuz berdi. 1991–2016 yillar oraligʻida mahalliy Kengashlar faoliyati koʻp hollarda ijroiya hokimiyati (Hokimliklar) soyasida qolib ketgan edi. “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning eski tahririda Hokimning bir vaqtning oʻzida ham ijroiya hokimiyati rahbari, ham Xalq deputatlari Kengashi raisi boʻlib xizmat qilishi manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarar hamda deputatlik nazoratining ta'sirchanligini pasaytirar edi. 2021–2023 yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy va qonunchilik islohotlari natijasida “Hokim va Kengash raisi vakolatlari bir-biridan toʻliq ajratildi”. Toshkent shahar va uning 12 ta tumanida Xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan alohida Kengash raislari va doimiy komissiyalar biriktirildi. Bu esa hokimiyatlar boʻlinishi va oʻzaro tiyib turish mexanizmining mahalliy darajadagi amaliy gʻalabasi boʻldi. Indikator / Yo‘nalish 1991–2016 yillar 2016–2020 yillar 2021–2026 yillar (Yangi Bosqich) Kengash Rahbariyati Hokim bir vaqtning o‘zida Kengash raisi Kengash raisi deputatlar orasidan saylanadi. Hokimdan to‘liq mustaqil. Deputatlik so‘rovlari sifati Poytaxt bo‘yicha asosan rasmiy axborot olish; Muammoli masalalar yuzasidan Kommunal, qurilish, budjet va ijtimoiy sohalari bo‘uicha kengaygan Budjet nazorati va shaffoflik Budjet ijroiya organ tomonidan tasdiqlanib, muhokamasiz qabul qilingan Ochiq e’lon qilinishi va ilk jamoatchilik eshituvlari Open Budget va mahalliy budjetning har bir moddasi deputatlik filtri va tasdiqidan o‘tishi Ijroiya organlari hisobdorligi Yilda 1 marotaba umumiy hisobot Har chorakda sohaviy hisobotlar Hokim o‘rinbosarlari, Boshqarma boshliqlari va Prokuror/IIBB rahbarlarining oylik eshituvlari Soʻnggi yillarda poytaxt OAVlarida XDK deputatlarining faolligi va ularning ijroiya organlari qarorlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish boʻyicha erishgan natijalari keng yoritilmoqda: 2026-yilning I choragida Hududlar kesimida Toshkent shahrida 858 mlrd so‘m mablag‘lar mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldi. Tuman darajasida moliyaviy mustaqillikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. ususan, Olmazor va Yunusobod tumanlarida 57 mlrd so‘mdan, Sergelida 54,3 mlrd so‘m mablag‘lar shakllandi. Yunusobod, Chilonzor, Yakkasaroy va Sergeli tuman XDK deputatlari tashabbusi bilan poytaxtdagi jamoat transporti marshrutlari optimallashtirildi va 1000 dan ortiq katta sigʻimli elektrobuslar harakati uchun alohida tumanlararo nazorat komissiyalari tuzildi. Sogʻliqni saqlash sektori — poytaxt aholisining turmush sifatini belgilovchi eng muhim tayanchdir. 1991-yilda sovet davridan meros boʻlib oʻtgan poytaxt tibbiyoti markaziy shifoxonalarning moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirgani, dori-darmon ta’minotining oʻta tanqisligi hamda bolalar oʻlimining yuqoriligi bilan xarakterlanar edi. 2016-yildan keyingi davrda Toshkent shahri sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻlar 6,8 baravarga oshirildi. Toshkent shahrida Milliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Shoshilinch tibbiy yordam respublika ilmiy markazining yangi majmualari hamda unikal transplantologiya va neyrojarrohlik bloklari barpo etildi. Bugungi kunda Toshkent shahrida 3,2 million aholiga 72 ta oilaviy va 12 ta ko‘p tarmoqli poliklinika hamda 43 ta shifoxona xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalarda 7 mingdan ortiq shifokor va 15,5 mingdan ziyod hamshira faoliyat yuritmoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar poytaxt tibbiyot tizimining oddiy infratuzilmaviy kengayishdan zamonaviy, texnologik va aholiga yo‘naltirilgan tibbiy xizmat modeliga o‘tganini ko‘rsatadi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 11,3 trillion so‘mni tashkil etib sog‘liqni saqlash xizmatlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahrida qayd etildi. Olti oy davomida bu ko‘rsatkich 5,2 trillion so‘mga yetdi. Toshkent shahri respublikaning asosiy ilm-fan va ta'lim markazidir. Biroq, 2016-yilga kelib poytaxtda ham Oliy ta'lim va Maktabgacha ta'lim sohasida jiddiy turgʻunlik kuzatilgan edi. Demografik oʻsish sur'atiga nisbatan bogʻcha va universitetlar soni oshmay qolgani natijasida bogʻcha qamrovi 32% ni, OʻTY qamrovi esa atigi 14% ni tashkil etgan. 2016–2026-yillarda Toshkent shahrida Davlat-xususiylik sherikligi (DXSh) mexanizmi joriy etilishi natijasida nodavlat bogʻchalar va maktablar tarmogʻi keskin kengaydi. Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim qamrovi 2016-yildagi 32,4% dan 2026-yilda 94,8% ga yetkazildi. Poytaxtdagi maktablarda “Bir biriktirilgan fan — bir amaliy koʻnikma” va PISA/PIRLS xalqaro baholash standartlari joriy qilindi. 2016-yilgacha Toshkentda 36 ta OTM faoliyat yuritgan boʻlsa, 2026-yilga kelib ularning soni 82 taga etdi. Ular orasida Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya va Singapur kabi davlatlarning dunyoga mashhur universitetlari filiallari va xususiy innovatsion OTMlar bor. Oliy ta'lim bilan qamrov darajasi poytaxtda 14% dan 52% ga koʻtarildi. 1991-yilda Toshkent shahri sanoati asosan sovet harbiy-sanoat majmualarining ayrim qismlari, toʻqimachilik (TAPOiCh, Toshkent Toʻqimachilik Kombinati) va xomashyoni dastlabki qayta ishlashga yoʻnaltirilgan edi. Koʻplab yirik korxonalar 1990-yillardagi iqtisodiy uzilishlar sababli oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. So’nggi 9 yillikda “Yangi Toshkent”da ob’ektlar qurilishi boshlandi — bu Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarida taxminan 20 ming gektar maydonda qurilayotgan ulkan shaharsozlik megaproektidir. Shahar 2 million aholiga mo‘ljallangan bo‘lib, ekologik toza va texnologik jihatdan ilg‘or “aqlli shahar” sifatida loyihalashtirilmoqda. Oʻtgan toʻqqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi. Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va koʻngilochar obyektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining soni 3 mingdan oshdi. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yoʻnalish ochildi. Qoʻshimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi. Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi toʻqqiz yilda 2,5 barobar oʻsib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga koʻpaydi. Natijada kambagʻallik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Yaʼni Toshkent shahrida kambagʻallik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi. Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili oʻrtacha 100 mingdan koʻpayib, 2030-yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirish reja qilingan. 2024-yilda Toshkent MDH davlatlarining Yoshlar poytaxti bo‘ldi. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan 2026-yil Tosheknt shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi” yili boʻldi. Bu orqali 2026-yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyani 3 ming, 2027-yilda esa 3,5 ming dollarga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yoʻnalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilishidavlatimiz rahbari tomonidan belgilab berildi. Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, taʼlim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yillik tarixiy tajribasi va Toshkent shahri timsolidagi taraqqiyot dinamikasi shuni koʻrsatadiki, bosib oʻtilgan har bir yil, har bir bosqich davlatimiz va xalqimiz uchun beqiyos saboq va poydevor boʻldi. Sovet davridagi resurslar tengsizligi va xomashyo qaramligidan chiqib, Mustaqillikning dastlabki davrida davlatchilik poydevori mustahkamlandi. 2016–2026-yillardagi shiddatli va keskin islohotlar esa Oʻzbekistonni va uning poytaxti Toshkent shahrini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga — “Inson qadri uchun"” degan ezgu gʻoya amalda qaror topgan zamonaviy megapolisga aylantirdi. Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari ushbu jarayonda xalq va hokimiyat oʻrtasidagi olmos koʻprikka, haqiqiy vakillik va deputatlik nazorati organiga aylandi. Mustaqillikning 35 yillik sarhisobi shundan dalolat beradiki, poytaxtimizda va respublikamizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va institutsional islohotlar Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi ezgu maqsadlarimiz real va mustahkam asosga ega ekanligining amaliy tasdigʻidir.
27.8.2026 882
Uning yo‘li xalqaro ilmiy tanlovlar va konferensiyalardan boshlanib, yetakchi yuridik firmada davom etdi va AQSHning nufuzli universitetlaridan birida ta’lim olish bilan davom etmoqda. Bugungi kunda Xojiakbar Abdusamadov chuqur huquqiy tajriba, xalqaro ta’lim va murakkab qurilish hamda tijorat loyihalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy tajribani uyg‘unlashtirgan yangi avlod yuristlarini namoyon etmoqda. Zamonaviy yuridik kasb mutaxassisdan qonunchilikni bilishdan ko‘ra ancha ko‘proq narsani talab qiladi. Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyatli yurist turli huquqiy tizimlarni tahlil qila olish qobiliyatiga, global biznes xususiyatlarini tushunishga va murakkab amaliy vazifalarni hal etish uchun yuridik bilimlarni qo‘llay olishga ega bo‘lishi kerak. Ushbu yangi avlod mutaxassislari vakillaridan biri — yurist, tadqiqotchi va qurilish huquqi hamda ko‘chmas mulk sohasi mutaxassisi Xojiakbar Abdusamadovdir, uning kasbiy yo‘li akademik yutuqlar, xalqaro tajriba va qurilish huquqi hamda ko‘chmas mulk ob’yektlari sohasidagi amaliy ishni birlashtiradi. Uning tarixi — ilm-fan, ta’lim va yuridik amaliyotda izchil rivojlanish yosh mutaxassisga xalqaro darajaga chiqish imkonini qanday berishining namunasidir. Ilk qadamlar: talabalik ilmidan xalqaro e’tirofgacha Xojiakbar Abdusamadovning kasbiy yo‘li 2021-yilda O‘zbekistonning yetakchi yuridik oliygohlaridan biri — Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishi bilan boshlandi. O‘qish davomidayoq u universitetning akademik va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etdi. U universitet loyihalarida koordinator va volontyor bo‘ldi, ta’lim tizimidagi tashabbuslarda qatnashdi va huquqiy ma’rifat bilan shug‘ullandi. Uning rivojlanishida ilmiy-tadqiqot faoliyati alohida o‘rin egalladi. O‘qish yillari davomida Xojiakbar 12 ta ilmiy maqola muallifi bo‘ldi, xalqaro konferensiya va tanlovlarda ishtirok etib, o‘z tadqiqotlari natijalarini taqdim etdi. Uning akademik yutuqlari orasida: professor Ye.G. Martыnchik nomidagi Xalqaro ilmiy ishlar tanlovining III daraja laureati; «Dunyo mamlakatlarining saylov tizimlari» mavzusidagi IV Xalqaro olimpiada g‘olibi; Qozog‘istondagi D.A. Qonayev nomidagi universitet tomonidan tashkil etilgan xalqaro ilmiy konferensiya g‘olibi. Uning ilmiy qiziqishlari huquqning dolzarb masalalari, xalqaro hamkorlik va zamonaviy yuridik fanning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Muhim bosqichlardan biri Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiyalarda ma’ruzachi sifatida ishtirok etishi bo‘ldi. 2022-yil 11-noyabrda Xojiakbar Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligining 220 yilligiga bag‘ishlangan "Zamonaviy dunyoda gumanitar bilim: huquqiy, iqtisodiy, tarixiy, lingvistik va falsafiy jihatlar" mavzusidagi XVII Xalqaro ilmiy konferensiyada o‘z tadqiqotini taqdim etdi. 2022-yil 16-noyabrda esa Moskvada xalqaro ilmiy konferensiyaning plenar majlisida u quyidagi mavzudagi tadqiqotni taqdim etdi: «Yuridik masalalar: yuridik matnlarni tarjima qilish va madaniyatlararo muloqot xususiyatlari» — bu tadqiqot yuridik til, huquqiy tarjima va turli huquqiy madaniyatlar o‘zaro ta’sirining xususiyatlariga bag‘ishlangan edi. Xalqaro ta’lim: huquqqa global qarashni shakllantirish Huquqni xalqaro kontekstda o‘rganishga intilish Xojiakbar Abdusamadovning kasbiy rivojlanishidagi asosiy xususiyatlardan biriga aylandi. Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qish davomida u akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etdi va xorijiy ta’lim muassasalarida huquqni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U quyidagi grant dasturlari bo‘yicha tahsil oldi: Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi huzuridagi Butunrossiya davlat adliya universitetida; Polshadagi Gdansk universitetida huquq va boshqaruv yo‘nalishi bo‘yicha. Xorijiy universitetlarda tahsil olish unga turli huquqiy tizimlarni o‘rganish, turli davlatlarning huquqiy munosabatlarni tartibga solishga bo‘lgan yondashuvlarini taqqoslash va yuridik amaliyotga xalqaro tushunchani shakllantirish imkonini berdi. Toshkent davlat yuridik universitetini a’lo baholarga tamomlagach, u ta’limini AQSHda davom ettirdi — Pensilvaniya shtat universitetining magistratura dasturiga o‘qishga kirdi. Amerika universitetida u qurilish huquqi, ko‘chmas mulk, shartnomaviy tartibga solish va tijorat munosabatlariga e’tiborini qaratdi, anglo-amerika huquqiy tizimi xususiyatlarini va yirik loyihalarni amalga oshirishga xalqaro yondashuvlarni o‘rgandi. Amaliy tajriba: qurilish huquqi sohasida tajriba ortirish Abdusamadov Xojiakbar shuningdek qurilish va ko‘chmas mulk sohasida amaliy tajribasini rivojlantirdi. Uning kasbiy rivojlanishidagi eng muhim bosqichlardan biri 142 mamlakatda 252 ta ofisiga ega bo‘lgan va Legal 500, Chambers & Partners hamda IFLR 1000 kabi yetakchi yuridik reytinglarga kiritilgan xalqaro yuridik firma — PraeLegal da ishlashi bo‘ldi. PraeLegal da u qurilish huquqi va ko‘chmas mulk masalalari bo‘yicha ixtisoslashdi. Real yuridik loyihalar bilan ishlash unga qurilish sohasining xususiyatlarini amaliy tushunish imkonini berdi — shartnomaviy tartibga solish va qurilish ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligidan tortib, yirik loyihalardagi huquqiy xatarlarni tahlil qilishgacha. Aynan ushbu tajriba uning kasbiy ixtisoslashuvini shakllantirdi va qurilish huquqi hamda ko‘chmas mulk sohasidagi kelgusi rivojlanish yo‘nalishini belgilab berdi. Xalqaro kasbiy e’tirof Akademik va amaliy faoliyat bilan bir qatorda Xojiakbar Abdusamadov xalqaro kasbiy aloqalarni faol rivojlantirmoqda. U xalqaro yuridik tashkilotlarning a’zosi, jumladan: Chartered Institute of Arbitrators (CIArb); British-Uzbek Law Association; Young International Council for Commercial Arbitration (ICCA); Central Asian-American Bar Association. Ushbu tashkilotlarda ishtirok etish unga xalqaro yuridik hamjamiyatning bir qismi bo‘lish, arbitraj, tijorat nizolari va xalqaro huquqiy standartlar sohasidagi bilimlarini rivojlantirish imkonini beradi. Ilmiy va ijtimoiy faoliyatga qo‘shgan hissasi uchun u «El-yurt faxri» va «Yosh tadqiqotchi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumi: yosh mutaxassislar orasida e’tirof Xojiakbar Abdusamadovning kasbiy rivojlanishidagi muhim bosqichlardan biri huquqning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun yirik xalqaro maydonlardan biri bo‘lgan XII Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumida ishtirok etishi bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi va Roskongress jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan forum an’anaviy ravishda yuridik hamjamiyat, davlat organlari, biznes va akademik muhitning yetakchi vakillarini birlashtiradi. PMYUF-2024 doirasida Xojiakbar yuridik bilimlari va tahliliy qobiliyatining yuqori darajasini namoyish etib, quyidagilarga erishdi: yuridik mavzudagi tanlovda ikkinchi o‘rin; go o‘yini bo‘yicha PMYUF Kubogida uchinchi o‘rin. Ushbu natijalar uning chuqur yuridik bilimlar, strategik tafakkur va keng dunyoqarashni uyg‘unlashtira olish qobiliyatining tasdig‘i bo‘ldi. Kelajak: qurilish huquqi bo‘yicha xalqaro amaliyotni rivojlantirish Bugungi kunda Xojiakbar Abdusamadov qurilish huquqi va ko‘chmas mulk sohasidagi kasbiy tajribasini rivojlantirishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda u Nyu-York shtati advokatlik lisenziyasini olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, shundan so‘ng qurilish huquqi, ko‘chmas mulk va xalqaro tijorat loyihalari sohasidagi yuridik amaliyotini davom ettirishni rejalashtirmoqda. O‘zining kelgusi ishida u butun dunyo bo‘ylab yirik infratuzilma va sanoat ob’yektlarini qurishda qo‘llaniladigan murakkab xalqaro qurilish loyihalarini amalga oshirish modellari bo‘lgan EPC va EPCM shartnomalariga alohida e’tibor qaratishni maqsad qilgan. Uning kasbiy maqsadi — qurilish sohasini chuqur bilish, shartnomaviy huquqning zamonaviy standartlari va murakkab loyihalarni yuritishga dunyoning eng yaxshi yondashuvlarini birlashtiruvchi xalqaro yuridik amaliyotni rivojlantirishdir. Xojiakbar Abdusamadovning tarixi yangi avlod zamonaviy yuristi qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi: ilmiy tafakkur, xalqaro ta’lim va murakkab yuridik vazifalarni hal etish uchun amaliy tajribani uyg‘unlashtiruvchi mutaxassis. Ilk ilmiy tanlovlar va xalqaro konferensiyalardan tortib AQSHda ta’lim olish va xalqaro yuridik standartlar bilan ishlashgacha — uning kasbiy yo‘li bilim, tadqiqot va amaliyot orqali huquqni rivojlantirishga bo‘lgan intilishni namoyon etadi.
25.8.2026 840
Bir necha yil avval O‘zbekiston oliy ta’limi haqida gap ketganda, xalqaro universitet reytinglari ko‘pchilik uchun uzoq va biroz mavhum tushuncha edi. QS yoki Times Higher Education (THE) kabi nomlar asosan xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan yoshlar yoki oliy ta'lim sohasi mutaxassislariga tanish edi. Bugun vaziyat o‘zgardi. O‘zbekiston universitetlari xalqaro reytinglarda paydo bo‘la boshladi, ayrimlari yuzlab pog‘ona yuqorilamoqda. Universitetlarning rasmiy sahifalarida QS, THE, Asia University Rankings kabi natijalar alohida qayd etilmoqda. Rektorlar, professorlar va talabalar bu ko‘rsatkichlarni faol muhokama qilmoqda. Ammo eng muhim savol hali ham o‘sha: xalqaro reyting O‘zbekiston universitetiga aslida nima beradi? Masalan, universitet dunyoda 500-o‘rinni egalladi. Keyingi yili 460-o‘ringa ko‘tarildi. Bu shunchaki chiroyli raqammi? Universitet peshtoqiga yozib qo‘yiladigan navbatdagi yutuqmi? Yoki bu raqamning ortida ancha katta jarayon — universitetning xalqaro reputatsiyasi, xorijiy talabalar oqimi, professorlar, ilmiy hamkorlik va oxir-oqibat butun mamlakat oliy ta'limining tashqi qiyofasi o‘zgarishi turibdimi? O‘zbekistondagi eng qiziqarli misollardan biri — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetidir. QS World University Rankings 2027 natijalarida TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti 458-o‘rinni egalladi. Bu ayni paytda O‘zbekiston oliy ta'limidagi eng yuqori QS natijasidir. Universitet QS Asia reytingida ham 103-o‘rinda qayd etilgan. Times Higher Education World University Rankings 2026 esa uni 501–600 oralig‘iga joylashtirdi. Bu raqamlarni shunchaki sanab o‘tish mumkin, lekin bundan muhimroq savol bor: 458-o‘rin universitet hayotida nimani o‘zgartiradi? Reyting — universitet uchun xalqaro «pasport» vazifasini o‘taydi. Tasavvur qilaylik: Hindistondagi bir oila farzandini xorijda o‘qitmoqchi. Yoki Pokiston, Xitoy, Misr, Turkiya, Bangladesh yoxud boshqa mamlakatdagi talaba muhandislik yo‘nalishida universitet izlayapti. U O‘zbekistonga hech qachon kelmagan, Toshkentdagi universitetlar kampusini ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Bu yerda qaysi professor kuchli, qaysi laboratoriya zamonaviy, qaysi diplom ish beruvchilar tomonidan yaxshi qabul qilinishini ham bilmaydi. U nimadan boshlaydi? Albatta, internetdan. Universitet nomini qidiradi. Keyin esa unda tabiiy ravishda bir nechta savol tug‘iladi: bu universitet xalqaro miqyosda tan olinganmi, dunyodagi boshqa oliy o‘quv yurtlari orasida qayerda turadi, diplomining nufuzi qanday, xorijiy talabalar bormi, ilmiy faoliyati qay darajada? Ana shu vaziyatda xalqaro reyting universitet uchun o‘ziga xos “ishonch signali” bo‘lib xizmat qiladi. Talaba TIQXMMI nomini birinchi marta eshitgan bo‘lishi mumkin, ammo qidiruv natijasida uning QS World University Rankings’da 458-o‘rinda ekanini ko‘radi. QS platformasining o‘zi universitetlarni tanlashda akademik reputatsiya, ish beruvchilarning munosabati, tadqiqot faoliyati, talabalar tajribasi va xalqaro imkoniyatlar kabi omillarni taqqoslash imkonini beradi. Shunda universitet endi u uchun faqat “Toshkentdagi ma’lum oliy o‘quv yurti” emas, balki global taqqoslash tizimida ko‘rinadigan nufuzli maskanga aylanadi. Mana shu – reytingning birinchi katta qiymati bo‘lib, u universitetga dunyo eshiklarini ochadi. TIQXMMIdagi yana bir e’tiborli tendensiya – bilim yurtining xorijiy talabalarni jalb etish salohiyati keskin oshayotganidir. So‘nggi ma’lumotlarda xalqaro talabalar soni 4 ming nafardan oshgani qayd etilmoqda. Bir universitetga minglab xorijlik yoshlarning kelishi faqat “xalqaro talabalar soni ko‘paydi” degani emas. Bu bir nechta muhim jarayonlarning kesishgan nuqtasidir. Xorijlik talaba O‘zbekistonga keladi, bu yerda yashaydi, mahalliy yoshlar bilan birga o‘qiydi va unda mamlakatimiz haqida aniq tasavvur shakllanadi. O‘z yurtiga qaytgach, universitet va davlatimiz haqida so‘zlaydi. Uning diplomida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtining nomi turadi. Yillar o‘tib o‘sha bitiruvchi o‘z mamlakatida muhandis, olim, tadbirkor yoki davlat xizmatchisiga aylanishi mumkin. Demak, universitet faqat kadr tayyorlamaydi, balki xalqaro aloqalar va diplomatiya tarmog‘ini ham yaratadi. QS’ning International Student Ratio (xorijiy talabalar ulushi) indikatorini izohlovchi metodologiyasida ham bu ko‘rsatkich universitetdagi xalqaro muhit, madaniy almashinuv va bitiruvchilar tarmog‘ining xilma-xilligiga muhim hissa qo‘shishi ta'kidlangan. To‘rt ming xorijiy talaba shunchaki quruq statistika emas, balki to‘rt mingta inson orqali O‘zbekiston oliy ta'limining dunyoning boshqa hududlari bilan bog‘lanishidir. Reyting tizimining eng qiziqarli tomoni shundaki, QS World University Rankings metodologiyasida International Student Ratio (xorijiy talabalar ulushi) umumiy bahoning 5 foizini, International Faculty Ratio (xorijiy o‘qituvchilar ulushi) 5 foizini va International Research Network (xalqaro tadqiqot tarmog‘i) yana 5 foizini tashkil qiladi. Demak, universitetning xalqarolashuvi QS bahosining salmoqli qismini egallaydi. Bu jarayon o‘ziga xos zanjirli mexanizmni hosil qiladi: xorijiy talabalar ko‘payadi – reyting ko‘tariladi; reyting yaxshilanadi – reputatsiya va bilim yurtining taniluvchanligi oshadi; bu esa o‘z navbatida yangi xalqaro talabalarni jalb etadi va xalqaro nufuzni yanada mustahkamlaydi. Aynan shu nuqtadan qaralganda, TIQXMMIdagi xalqaro talabalar sonining o‘sishi va universitetning xalqaro reytinglardagi ko‘tarilishini bir-biridan ayri holda ko‘rib bo‘lmaydi. Albatta, ilmiy nuqtai nazardan “reyting oshgani uchun aynan shuncha xorijiy talaba keldi” deyish bir yoqlama bo‘lar edi. Talabaning qaroriga kontrakt miqdori, viza tartibi, yashash xarajatlari, xavfsizlik, ta’lim tili, universitet marketingi va mamlakatlararo aloqalar kabi ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ammo xalqaro reputatsiya ana shu omillar orasida tobora hal qiluvchi o‘rin egallamoqda. Tadqiqotlarda ham xalqaro talabalarni jalb qilishda universitet reputatsiyasi juda kuchli omil ekani isbotlangan. Masalan, Yasemin Nuhog‘lu Soysal (Yasemin Nuhoğlu Soysal) va hammualliflarning universitetlar tomonidan xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha o‘tkazgan tahlili talabalar oqimida OTM nufuzi va reytingi muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Shunday ekan, xalqaro reytingdagi 458-o‘rin — shunchaki universitet nomi yoniga yozib qo‘yiladigan raqam emas. Uning haqiqiy qiymati OTM uchun yaratiladigan yangi imkoniyatlarda: dunyoning boshqa nuqtasidagi talabaning e'tibori, xorijiy professorning qiziqishi, yangi ilmiy hamkorlik, xalqaro loyihalar va eng muhimi — O‘zbekiston oliy ta'limiga nisbatan global ishonchning ortishida namoyon bo‘ladi. Bugun dunyo universitetlari nafaqat auditoriya va laboratoriyalarda, balki global reputatsiya uchun ham shiddat bilan raqobatlashmoqda. Shu ma'noda, O‘zbekiston universitetlarining xalqaro reytinglarda yuqorilashi bir oliy o‘quv yurtining alohida yutug‘i bilan cheklanib qolmaydi. Har bir yuqori pog‘ona dunyoga O‘zbekiston oliy ta’limi haqida yangi va ijobiy signal yuboradi. Demak, masala universitetning 458-o‘rinda ekanida emas, asosiy masala — bu ko‘rsatkichni mamlakat uchun 458 ta yangi imkoniyatga aylantira olishdadir.
25.8.2026 855
Ko‘chada yurar ekanmiz, O‘zbekistonning mustaqil davlat ekanini ko‘rsatadigan alohida bir belgini izlamaymiz. Bunga hojat-da yo‘q. Aslida ko‘zimizga, ongimizga singib ketgan girdimizdagi aksar voqelik mustaqillik nishonlari. Davlat idoralari peshtoqidagi yozuvlar, maktab hovlisida hilpirayotgan bayroq, qo‘limizdagi pasport, ko‘chadagi reklamalar... Huv bir zamonlar hayotning eng katta siyosiy masalasi bo‘lgan mustaqillik yillar o‘tishi bilan taqvimdagi muayyan sanaga, bayram tadbirlariga, tabriklarga singib ketadi. 1-sentabr yaqin. Shaharlar bezatiladi. Konsertlar, uchrashuvlar, tantanalar o‘tkaziladi. Odamlar bir-birini qutlaydi. Ertasi kuni esa yana odatdagi hayot davom etadi. Inson o‘z hayotini belgilab turgan eng katta omillarni doim ham sezavermaydi. Mustaqillik bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshaydi. Biz, yoshlar uni yo‘qotib ko‘rmaganmiz (shukr!). Shu sabab uning yo‘qligida hayot qanday bo‘lishini bilmaymiz. Biz uchun o‘z davlating nomidan gapirish, o‘z bayrog‘ingni ko‘tarish, tarixingga o‘z ko‘zing bilan qarash, mamlakat kelajagi haqida fikringni aytish tabiiy huquqdek tuyuladi. Ammo bu tabiiylik doim ham bo‘lmagan, aytaylik, 35 yil ilgari. Egamanlik odamlar uchun uzoq bir kelajak bilan bog‘liq umid edi. Kimdir shu umid bilan yashadi, kimdir shu yo‘lda kurashdi, kim qancha odam uning ro‘yobini ko‘rmay ketdi. 1917-yilning oxirlari. Qo‘qon. Shahar hayotida katta o‘zgarishlar nafasi. Odamlar ko‘chalarga chiqqan, yig‘inlar bo‘lyapti, siyosiy voqealar haqida gaplar. Hamma nimanidir kutayotgandek. Ammo kutayotgan narsasining qanday ko‘rinishda bo‘lishini hech kim aniq aytolmaydi... Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. Bu voqea haqidagi xabar qanot qoqib uchdi. Birinchi jahon urushi davrida asir tushgan turk zobitlari Qo‘qondagi birodarlariga yo‘llagan maktubida muxtoriyatning e’lon qilinganidan xabar topilgani aytiladi. Maktub yakunidagi tilak esa juda qisqa: “Istiqloling yaqin o‘lsun!” Istiqlol kunini tarix darslaridan bilamiz, uning sanasi bor, ramzlari bor, huquqiy maqomi bor. 1917-yildagi odamlar uchun esa istiqlolning bunday aniq chegaralari hali mavjud emasdi. Ular mujda kutib, kelajak haqida gapirar, o‘z yurti qanday siyosiy maqomga ega bo‘lishini jon hovuchlab kutardi. Ertangi noayon kundan umid qilardi. Ular istiqlolni kutgan. Biz esa unda yashayapmiz. O‘sha maktubdagi tilakdan 1991-yilgacha yana uzo-oq tarixiy yo‘l bor. Bu yo‘lda turli siyosiy sinovlar, yo‘qotishlar, umidlar va cho‘ng kurashlar kechdi. Oradan 35 yil o‘tdi. 1991-yil voqealarini eshitib ulg‘ayganlar bilan o‘sha kunlarni boshidan kechirgan avlodning xotirasi bir xil emas. Kattalar o‘sha davrni burilish sifatida eslaydi. Mustaqillik davrida tug‘ilganlar esa buni o‘z hayotining tabiiy qismi sifatida qabul qiladi. Tarixdagi o‘zgarishlar bir necha avloddan keyin kundalik hayotga singib ketishi-da tabiiy. Bir paytlar katta siyosiy kurashlar, umidlar va xavotirlar bilan bog‘liq bo‘lgan narsa yoshlar uchun ayni voqelik. Ular mustaqil davlatda tug‘iladi, shu davlat maktabida ta’lim oladi, uning pasportini olib voyaga yetadi, o‘z kelajagini shu mamlakat bilan bog‘lab rejalashtiradi. Mustaqillikning kundalik hayotimizga singib ketgani u haqida kamroq o‘ylashimizga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin doim mazmun, vazifa, mas’uliyat topsa bo‘ladi. Darhaqiqat, 35 yil shunchaki o‘tib qolgani yo‘q. Bir avlod davlatni oyoqqa turg‘izish haqida o‘ylagan. Boshqa avlod uning iqtisodiy va ijtimoiy asoslarini mustahkamlashga kirishgan. Bugungi avlod esa bilim, texnologiya, raqobat, inson kapitali, ochiq dunyo bilan munosabat kabi masalalar haqida bong urayotir. Qayerdadir kechikdik, kimdir xato qildi, nimadadir ortda qoldik – bular endi boshqa masala. Ozod va egaman qolganimiz esa bor gap. Demakki, mustaqillikning mazmuni vaqt o‘tishi bilan kengayadi. Kecha muhim bo‘lgan vazifa bugun bajarilgan bo‘lishi mumkin. Bugungi vazifa ham qachondir zabd etilgan marraga aylanar. Millat, xalq, hurlik tushunchalarini jo‘nlashtirish bo‘lmasin-ku, lekin eng katta daxldorlik yurtni har tomonlama rivojlantirishga urinishdir. Basharti davlat taraqqiy etmasa, uning mustaqilligi savol ostida qolib ketadi. Ammo takror-batakror aytilsa-da, bir haqiqatni tag‘in ta’kidlamasa bo‘lmas: mustaqillik – ne’mat. Buni anglamoq uchun o‘zimizni, holimizni kimlargadir mengzamoq ham shart emas. 35 yil burungi qadr-u qimmatimizga, Sibir bo‘lgan bobomizga, tul qolgan momomizga, loyqaga botilirilgan tilimizga, o‘zimizga qaramoq kifoya.
25.8.2026 649
Bir vaqtlar konduktorlar tiqilinch avtobusda yo‘lovchilar orasida yurib, yo‘l haqini yig‘ardi. Bu ham noqulay, ham inson omiliga bog‘liq jarayon edi. Bugun shahar jamoat transporti modernizatsiya qilindi, yangi, zamonaviy avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarildi. Tizimni maqbullashtirish, tirbandlikning oldini olish va inson omilini kamaytirish maqsadida konduktorlar xizmatidan bosqichma-bosqich voz kechilib, to‘lovlar elektron tizim va validatorlarga o‘tkazildi. Bu jamoat transportiga to‘lovni qulay, ishonchga asoslangan tizimga aylantirdi. Ammo ishonch doim ham oqlanmayapti. Yuzlab yoʻlovchilarni manziliga yetkazayotgan avtobus haydovchisi bu vaziyatni quyidagicha ta’riflaydi: – Konduktorsiz ishlash bizga katta yengillik boʻldi, asosiy e’tiborni harakat xavfsizligiga qaratamiz. Lekin orqa eshikdan chiqib, toʻlov qilmay tushib ketayotganlarni koʻrganda odamning dili ogʻriydi. Ba’zida oynadan qarab turaman: kartasini validatorga shunchaki tekkizgandek bo‘lishadi-yu, lekin pul yechilganini bildiruvchi signal eshitilmaydi. Buni bilib turib, oʻzini bilmaganga olib ketaverishadi. Bu oddiy 1700 soʻmlik masala emas, balki mehnatni qadrlamaslik... Bu haydovchining shaxsiy ginasi emas, raqamlarda ham oʻz aksini topyapti. 2026-yilning dastlabki 7 oyida o‘tkazilgan reyd va tekshiruvlarda jamoat transportida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangani aniqlangan. Ulardan undirilgan jarimalar miqdori esa 2 milliard so‘mdan oshgan. Ushbu raqamlarni faqat statistika sifatida qabul qilish qiyin. 82 ming kishining har biri “Bir marta to‘lamasam nima bo‘lardi?” degan fikrda bo‘lgan, ehtimol. Ammo minglab odamlar bir xil fikrlasa, muammo shaxsiy emas, tizimli tus oladi. Shunchaki moddiy yetishmovchilik emas Chiptasiz yurishga intilish ortida koʻproq inson psixologiyasi va ijtimoiy xulq-atvor omillari yotadi. Ya’ni bu zinhor moddiy yetishmovchilik natijasi emas. Inson tabiatan nazoratchi boʻlmagan joyda mas’uliyatni kamroq his qilishga moyil boʻladi. Validatordan signalsiz oʻtib ketganda atrofidagilar e’tibor bermasa, odamda beixtiyor jazosizlik hissi shakllanadi. Har kuni 1700 soʻm tejab qolish oy oxirida mo‘may summani jamg‘arishdek tuyulishi mumkin, ammo bu ma’naviy mas’uliyatni vaqtinchalik moddiy manfaatga almashtirish, xolos. Arzimagan 1700 soʻm ulkan iqtisodiy mexanizmga bog‘lanib turadi. Yoʻl haqidan yigʻilgan har bir soʻm avtobuslarni texnik soz holatda saqlash, yoqilgʻi va elektr energiyasi xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi. Toʻlanmagan yo‘l haqlari koʻpaygani sari tizimda daromad kamayib, avtobuslarning qatnov intervallari uzayadi va xizmat sifati tushadi. Yangi va shinam avtobuslarni xarid qilish, yoʻnalishlarni kengaytirish, haydovchi va texnik xodimlarga munosib ish haqi toʻlash shu tushumlar hisobiga amalga oshiriladi. 1-sentabrdan qimmatga tushadi Tez orada qonunchilikda chiptasiz yurganlarga nisbatan choralar keskinlashadi. Transport vazirligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritgan yangi takliflarga ko‘ra, 1-sentabrdan jamoat transportida chiptasiz yurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Birinchi marta yo‘l haqini to‘lamasdan ushlangan yo‘lovchiga BHMning yarim baravari – 220 ming so‘m jarima solinadi. Huquqbuzarlik takrorlansa, jarima 1 BHM – 440 ming so‘mga yetadi. Oddiy qilib aytganda, bir necha ming so‘mlik yo‘l haqini tejab qolishga uringan yo‘lovchi yuz baravardan ortiq mablag‘dan ayrilishi mumkin. Yana bir muhim talab bor: avtobusga chiqqan zahoti kartani validatorga tekkizib, to‘lovni amalga oshirish kerak. Dunyoda bu masalaga qanday qaraladi? Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamaslik faqat O‘zbekistonga xos muammo emas. Ammo rivojlangan davlatlarda bunga nisbatan nazorat va javobgarlik ancha qat’iy. Germaniyada avtobus va metrolarda chiptasiz yurganlik uchun 60 yevro jarima solinadi. To‘lovdan muntazam ravishda bo‘yin tovlash ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikkacha olib borishi mumkin. Londonda chiptasiz ushlangan yo‘lovchiga 80 funt sterling jarima qo‘llanadi. Ish sudgacha borsa, jarima miqdori 1 000 funtgacha yetishi mumkin. Singapurda to‘lov qilmaganlik uchun jarimalar 50 Singapur dollaridan boshlanadi va takroriy holatlarda 1 000 dollargacha yetishi mumkin. Tallinda esa shahar aholisi uchun jamoat transporti bepul bo‘lishiga qaramay, safarni validator orqali qayd etmagan fuqarolarga 40 yevro jarima solinadi. Tizim ham mukammal bo‘lishi kerak To‘lov madaniyatini shakllantirishda mavjud sharoit ham muhim ahamiyatga ega. Validator har doim ishlayaptimi? Kartadan mablag‘ yechilgani haqida yo‘lovchiga aniq ma’lumot beriladimi? Texnik nosozlik tufayli to‘lov amalga oshmasa, yo‘lovchi qanday yo‘l tutishi kerak? Nizoli holatlarda kimga murojaat qilinadi? Bu savollarga ham aniq va tushunarli javob bo‘lishi zarur. Chunki elektron tizim ishonchga asoslangan bo‘lsa, uning ikkinchi tomoni shaffoflik va texnik barqarorlikdir.
25.8.2026 657
Biror mahsulot tanlashdan oldin ko‘pchilik reklamalarga emas, sharhlarga e’tibor beradi, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarni ko‘radi yoki tanishlaridan tavsiya so‘raydi. Reklama hayotimizning deyarli barcha jabhalarini egallaganiga qaramay, iste’molchilar ko‘proq boshqa odamlarning tavsiyasiga tayanishni afzal ko‘radi. Mutaxassislar buni reklama samarasining pasayishi, axborot oqimining keskin ortishi va inson psixologiyasi bilan izohlaydi. Natijada an’anaviy marketing usullaridan biri – “sarafan marketing” raqamli texnologiyalar yordamida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Sarafan marketingda mahsulot yoki xizmat haqida uni sinab ko‘rgan iste’molchilar fikr bildiradi. Bu tavsiya yoki tanqid ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Avvallari asosan og‘zaki suhbatlar orqali tarqalgan bo‘lsa, bugun ular ijtimoiy tarmoqlar, marketpleyslardagi izohlar va foydalanuvchilar yaratgan kontent orqali boshqalarga yetib boryapti. Bu marketingning asosiy xususiyati shundaki, axborot manfaatdor tomon emas, mustaqil foydalanuvchi tomonidan tarqatiladi. Shu jihat uni reklamalardan ajratib turadi. Chunki iste’molchi mahsulotni sotishga urinayotgan brendning va’dalaridan ko‘ra uni ishlatgan boshqa odamning tajribasini xolisroq deb qabul qiladi. “Nielsen” kompaniyasining “Trust in Advertising” tadqiqotiga ko‘ra, respondentlarning 84 foizi do‘stlari va yaqinlarining tavsiyasini eng ishonchli axborot manbasi deb hisoblaydi. Shuningdek, 70 foizi internetdagi boshqa foydalanuvchilar qoldirgan sharhlarga ishonishini bildirgan. Bu ko‘rsatkichlar an’anaviy reklama vositalariga bo‘lgan ishonchdan sezilarli darajada yuqori. Sarafan marketingning muvaffaqiyatini ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi va iste’molchining axborotni qabul qilish usuli o‘zgargani bilan izohlash mumkin. Insonlar kun davomida ko‘plab reklama xabarlariga duch keladi. Axborotning haddan tashqari ko‘pligi ham reklama samaradorligini pasaytiradi. Masalan, foydalanuvchi bir xil yoki haddan tashqari ko‘p reklama xabarlarini ko‘rgani sababli ularga befarq bo‘lib qoladi. Inson miyasi takrorlanadigan elementlarni avtomatik ravishda e’tibordan chetda qoldiradi. Bu ortiqcha yuklamadan himoyalanishning tabiiy mexanizmi. Bu jarayonda insonning qaror qabul qilish psixologiyasi ham muhim rol o‘ynaydi. Amerikalik psixolog Robert Chaldini odamlar noaniq vaziyatlarda boshqalarning xatti-harakatiga ergashishga moyilligini ta’kidlaydi. Bu hodisani bugungi bozor sharoitida ham kuzatish mumkin. Bir xil ehtiyojni qondiradigan o‘nlab, ba’zan yuzlab mahsulot va xizmatlar mavjud. Masalan, iste’molchi yangi narsalar tanlayotganda juda ko‘p muqobil variantlarga duch keladi. Bunday vaziyatda boshqa xaridorlarning tajribasi qaror qabul qilish jarayonini soddalashtiradi. Chunki tavsiya xavfni kamaytiruvchi ishonch signali sifatida qabul qilinadi. Telegram guruhlaridagi muhokamalar, TikTokdagi mahsulot sharhlari, Instagramdagi foydalanuvchilar yaratgan kontent, Google Maps yoki marketpleyslardagi reyting va izohlar – zamonaviy sarafan marketing. Endi bitta foydalanuvchining ijobiy yoki salbiy tajribasi qisqa vaqt ichida keng auditoriyaga tarqalishi mumkin. Iste’molchilar ishonchi uchun reklamalardan ko‘ra tavsiyalar muhimroq bo‘la boshlagani marketing strategiyalarini ham o‘zgartirdi. Ilgari kompaniyalar asosiy e’tiborni reklama kampaniyalariga qaratgan, bugun esa ular mijozlarning o‘zi brend haqida ijobiy fikr bildirishiga sharoit yaratishiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli marketpleyslar xarid tugagach, mahsulotni baholashni so‘raydi, restoran va mehmonxonalar sharh qoldirishni rag‘batlantiradi, ko‘plab brendlar esa foydalanuvchilar yaratgan foto va videolarni o‘z sahifalarida ulashadi. Tavsiya dasturlari orqali do‘stlarini taklif qilgan mijozlarga bonus yoki chegirma berish ham keng qo‘llaniladi. So‘nggi yillarda kichik auditoriyali influenserlar bilan hamkorlik ham ommalashdi. Ularning auditoriyasi mashhur blogerlarnikiga qaraganda kichikroq, lekin ulardagi obunachilar bilan yaqin muloqot va yuqori ishonch darajasi sarafan marketingi orqali kompaniyalarga foyda keltiradi. Reklama xabarlari misli ko‘rilmagan darajada ko‘paygan paytda iste’molchilar tobora ishonchliroq manba – boshqa odamlarning tajribasiga murojaat qilyapti. Shuning uchun zamonaviy kompaniyalar uchun eng qimmat marketing vositasi reklama emas, balki ishonch qadriyati bo‘lib qolyapti.
12:56
Aliment haqida 7 ta muhim savolga javob
09:53
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
15:07
SHIFOKOR BO‘LMOQCHIMAN
15:19
Yoshlar yetakchisi, balansi, daftari
15:46
Kitob va internet bir-birini to‘ldirishi kerak(mi?)
18:40
Aliment miqdori, chet elga chiqishga taqiqni olib tashlash, alimentni kamaytirish: aliment bo‘yicha muhim 10 ta qoida
11:14
Yangi stipendiya: miqdori 1 020 ming soʻm!