Statistika agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 1-choragida O‘zbekistonda 40 197 kishi vafot etgan. Shundan erkaklar soni 21,9ming, ayollar soni 18,3 ming nafarni tashkil etadi.
O‘lim sabablari esa quyidagi kasalliklar:
- qon aylanish tizimi kasalliklaridan – 57,9%,
- o‘simtalardan – 9,1%,
- nafas olish a’zolari kasalliklaridan – 7,5%,
- baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan – 4,5%,
- ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan – 4,1%,
- yuqumli va parazitar kasalliklardan – 1,2%,
- boshqa kasalliklardan vafot etganlar – 15,7%.
Ko‘rib turganingizdek, ko‘pchilik insonlar qon aylanish tizimi kasalliklaridan aziyat chekib, dunyodan erta ko‘z yummoqda. Xo‘sh, buning oldini olish uchun qanday yo‘l tutish kerak? Quyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalarini keltirib o‘tamiz.
Bu qanday kasallik?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yurak-qon tomir kasalliklari sababli o‘lim va kasallanishning yetakchi xavfli omillari — yuqori arterial qon bosimi, xolesterinning baland qiymati, tamaki chekish va alkogol iste’moli hisoblanadi. Bundan tashqari yurak ishemik kasalligi va tomirlar aterosklerozi kasalliklari ham eng ko‘p tarqalgan kasalliklardir. Yurak ishemik kasalligining rivojlanishida, ayniqsa, xolesterinning roli katta. Qonda xolesterin miqdorining oshib ketishi aterosklerozga sabab boʻladi va bu yurakning ishemik kasalligi rivojlanish xavfini oshiradi.
Yurak qon-tomir xastaliklarini nazorat qilish mumkinmi?
Yurak qon-tomir xastaliklarini nazorat qilishning mumkin va mumkin bo‘lmagan xavf omillari mavjud.
Boshqariladigan xavf omillari:
- ortiqcha tana vazni;
- past jismoniy faollik;
- alkogol iste’mol qilish va tamaki chekish;
- noto‘g‘ri ovqatlanish;
- yuqori qon bosimi;
- qandli diabet;
- stress holatlari.
Nazorat qilib bo‘lmaydigan xavf omillari:
- yosh;
- nasliy moyillik;
- jins.
Yurak sog‘lom bo‘lishining 8 qoidasi
Yuqorida keltirilgan yurak qon-tomir kasalliklarini keltirib chiqaruvchi omillarni nazorat qilish uchun sog‘lom yurakning 8ta asosiy qoidasi mavjud. Ular quyidagilar:
- qon bosimi 140-90 mm. simob ustunidan past bo‘lishi;
- tamaki chekmaslik va alkogol iste’mol qilmaslik;
- qonda umumiy xolesterin 5 mmol/l dan past bo‘lishi;
- 3 kilometr piyoda yurish yoki o‘rta darajadagi 30 daqiqalik jismoniy faollik bilan shug‘ullanish;
- tuz miqdori kam bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini yeyish;
- har kuni 300-500 grammdan kam bo‘lmagan miqdorda meva va sabzavot iste’mol qilish;
- semizlik va qandli diabetning 2-turidan saqlanish;
- stresslardan uzoq bo‘lish.
Bundan tashqari Sog‘liqni saqlash vazirligi yurak qon-tomir kasalliklarining oldini olish uchun har yili profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tib turish lozimligini ta’kidlaydi. Sog‘lig‘ingizga befarq bo‘lmang!