Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yoshlar yetakchisi, balansi, daftari

25.6.2024 19865

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV

O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash mavzusida so‘z ketganda Yoshlar yetakchisi, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar balansi” kabi terminlarga duch kelasiz. Bular mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatining muhim va keng ko‘lamli loyiha hamda platformalaridir. Sizda yoshlar yetakchisi qanday lavozim, “Yoshlar daftari” o‘zi nima, “Yoshlar balansi” nima maqsadda joriy etilgan, degan savollar tug‘ilgan bo‘lsa, ularga shu yerda javob topasiz.

 

VERTIKAL BOSHQARUV TIZIMI

Mamlakatda 9,5 mingdan ziyod mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi – mahalla faoliyat yuritadi. Ushbu mahallalarning 9 452 tasida yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgan. Ushbu tuzilma yoshlar bilan ishlash bo‘yicha faqat O‘zbekstonga xos bo‘lgan vertikal boshqaruv tizimini yaratish imkonini berdi. Ushbu tizim

yoshlarning muammolarini mahallaning o‘zida – to‘g‘ridan to‘g‘ri hal etish imkonini yaratadi.

Yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari:

– “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, shu asosda zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib, muammolarni bosqichma-bosqich hal etish;

– mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, “Besh tashabbus” loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish;

– yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga yordam berish;

– huquqiy savodxon avlodni tarbiyalashga hissa qo‘shish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, muammoli (jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, maxsus tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan) yoshlar bilan.

Shuningdek, yoshlar yetakchilari mahallalarda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish, tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Lavozim yo‘riqnomasiga ko‘ra, yetakchi 30 dan ortiq yo‘nalishda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga kredit, subsidiya va boshqa yordamlar ajratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash masalalarida tavsiyanomalar berish vakolatiga ega.

Yoshlar bilan ishlash murakkab vazifa. Ayniqsa, aholisining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekiston sharoitida. Avvalo, yetakchidan liderlik qobiliyati, shaxsiy namuna, yoshlar bilan ishlash tajribasi talab etiladi. Shuning uchun yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi.

Yoshlar yetakchilari faoliyatini baholash maqsadida elektron reyting tizimi (KPI) joriy etilgan. Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini amalga oshirish holati, tadbirlarda yoshlarning qamrab olinganlik darajasi, “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalarini raqamlashtirish holati, xorijiy mehnat migratsiyasidagi yoshlarning muammolarini hal etayotganiga qarab reyting shakllantiriladi.

Rag‘batlantirish tizimi

Yetakchilar faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan eng ilg‘or 100 nafar yetakchi bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan yetakchilarga “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni beriladi.

Ish natijalariga ko‘ra, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi. Bunda yetakchilar tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga tayinlanishi mumkin.

  

“YOSHLAR BALANSI”

“Yoshlar balansi” – mamlakatning 14-30 yoshdagi barcha yosh fuqarolari haqidagi ma’lumotlar bazasi. Platformada yoshlarning ta’limga qamrab olinganligi, ish bilan bandligi, oilaviy holati, ijtimoiy ahvoli, salomatligi, iqtidori va qiziqishlariga oid eng muhim ma’lumotlar jamlanadi.

Xatlov o‘tkazish asosida ushbu ma’zumotlarni to‘plash yoshlar yetakchisining eng ustuvor vazifalaridan birirdir. Bu ma’lumotlar har bir yosh bilan individul tartibda ishlash, aniq va manzilli yordamlar ko‘rsati imkonini beradi.

So‘nggi vaqtlarda uyma-uy kirib o‘rganishlar natijasida yoshlarning iqtidori, xususan, IT va innovatsion qobiliyati, sport, san’at, madaniyat, kitobxonlik yo‘nalishlari, xorijiy til, harbiy sport o‘yinlari, IT bo‘yicha hamda kasbiy qiziqishlari ham o‘rganilmoqda.

Mazkur jarayonlarni shaffof hamda samarali olib borish maqsadida “yoshlarbalansi.uz” elektron platformasi ishga tushirilib, balansni yuritish to‘liq raqamlashtirildi. Platforma yoshlarning qanday faoliyat bilan bandligi, kasbiy qiziqishlari haqida to‘liq ma’lumot beradi.

“Yoshlar daftari” – imkoniyatlar daftari

“Yoshlar daftari” – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.

“Yoshlar daftari”ga 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan quyidagi yoshlar kiritiladi:

– ijtimoiy himoyaga muhtoj;

– iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj;

– psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj;

– ishsiz (ta’lim olayotganlar bundan mustasno).

 

“Yoshlar daftari”ga kirish tartibi:

– yashash manzili bo‘yicha sektor rahbariga;

– www.yoshlardaftari.uz platformasi orqali elektron shaklda;

– 1093 qisqa raqamlari orqali operator bilan bog‘langan holda;

– yoshlardaftari telegram bot orqali (@yoshlardaftari_bot).

 

Platformaga kiritilgan yoshlarga ko‘rsatiladigan yordamlar:

– tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va kasbga qayta tayyorlov kurslarida o‘qitiladi;

– tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun mikrokredit va subsidiyalar ajratiladi;

– ish bilan ta’minlanadi;

– “ustoz–shogird” an’anasi asosida tadbirkorlar va hunarmandlarga biriktiriladi;

– ijara huquqi asosida dehqonchilik faoliyati uchun 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi;

– “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatiladi;

– tibbiy, huquqiy va psixologik yordam beriladi.

 

“Yoshlar daftari”dan chiqarilish tartibi:

– bandligi ta’minlanganda;

– doimiy daromad manbayiga ega bo‘lganda (mikrokreditlar, subsidiyalar ajratilganda);

–murojaat tegishli tartibda hal bo‘lganda;

– to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;

– ishlash yoki doimiy yashash uchun boshqa davlatlarga chiqib ketganda va boshqalar.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish