Toshkent davlat yuridik universitetida talabalarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, milliy adabiyot va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda.
Xususan, talabalarni milliy va jahon adabiyotining buyuk namoyandalari hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularda kitobga muhabbat va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida doimiy ravishda Adiblar xiyobonida qator ma’naviy-ma’rifiy tashriflar va adabiy tanlovlar tashkil etilmoqda.
Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan tadbirlar davomida talabalar o‘zbek adabiyoti ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan yirik adib va shoirlar — Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Zulfiya, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulomning hayoti va ijod yo‘li haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda.
Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasiga akademik, yozuvchi va shoir G‘afur G‘ulom hayoti va ijodini o‘rganish, uni talabalar, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilish vazifasi yuklatilgan. Shu bois universitet tomonidan Adiblar xiyobonida tashkil etilayotgan tadbirlarning asosiy qismi O‘zbekiston xalq yozuvchisi, shoir va adib G‘afur G‘ulom ijodiga bag‘ishlandi. Talabalar adib haykali oldida jamlanib, yozuvchining bolalik yillari, ijodiy faoliyati, xalqona yumor va hayotiy obrazlarga boy asarlari haqida qiziqarli muloqot olib boradi. Xususan, “Shum bola”, “Tirilgan murda”, “Mening o‘g‘rigina bolam”, “Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi” kabi asarlar tahlil qilinadi.
Joriy yil oktabr oyida Adiblar xiyobonida talabalar uchun “Zakovat” intellektual o‘yini, “Quest” bellashuvi, “Adib ijodidan ilhomlanib” nomli rasm chizish tanlovi hamda she’rxonlik dasturlari tashkil etildi. “Shum bola” va “Tirilgan murda” asarlari asosida o‘tkazilgan test sinovlari, yozma savol-javoblar va jamoaviy intellektual musobaqalar tadbirga yanada jo‘shqinlik bag‘ishladi.
Shuningdek, xiyobonda o‘tkazilgan adabiy tanlovda talabalar G‘afur G‘ulom hayoti va ijodiga oid bilimlarini namoyish etib, uning asarlaridan ilhomlangan holda insonparvarlik, mehnatsevarlik, halollik va mehr-oqibat mavzularida fikr yuritdi. Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, Adiblar xiyobonida “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” shiori ostida “Milliy qadriyatlar sayli” bayram tadbiri ham o‘tkazildi. Unda TDYUning iqtidorli talabalari “Men chizgan surat” tanlovi, badiiy chiqishlar, she’rxonlik va ijodiy ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida talabalar nafaqat adabiyot haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldi, balki o‘z fikrini erkin ifoda etish, jamoada ishlash va ijodiy yondashish ko‘nikmalarini ham rivojlantirdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar yoshlar ongida milliy adabiyotga muhabbat, madaniy merosga hurmat, Vatanga sadoqat va ezgulik ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi — ma’naviy yetuk avlod garovidir” deb bejiz aytilmagan. Toshkent davlat yuridik universitetining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi bunday tashabbuslari yoshlarni nafaqat huquqshunos, balki ma’nan yetuk, ijodiy va vatanparvar shaxs sifatida kamol toptirishga xizmat qilmoqda.
