Har yili O‘zbekistonda yuz minglab erkaklar ota bo‘ladi. Ammo ularning aksariyati farzandi tug‘ilganidan keyingi eng muhim kunlarni tug‘uruqxona va uy o‘rtasida emas, ishxonada o‘tkazadi.
Chaqaloq yig‘lasa, uni onasiga uzatish, tungi parvarishni ayolning vazifasi deb bilish, otaning rolini esa faqat oila tebratuvchi va daromad topuvchi sifatida tasavvur qilish odatiy tusga kirgan. Ammo zamonaviy neyrobiologiya, endokrinologiya va rivojlanish psixologiyasi bu tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. So‘nggi tadqiqotlar ko‘rsatadiki, mehribon va g‘amxo‘r ota bo‘lish shunchaki zamonaviy madaniyat mahsuli yoki “xotiniga rahm qilish” emas. Bu erkak organizmi va miyasida inson evolyutsiyasi davomida dasturlashtirilgan chuqur, fundamental biologik jarayondir.
Xo‘sh, bizning ijtimoiy-huquqiy tizimimiz va mavjud mental qarashlarimiz o‘zbek erkaklariga yaxshi ota bo‘lishga, miyasidagi yashirin salohiyatni uyg‘otishga qay darajada imkon beryapti?
Erkak miyasi qanday “qayta dasturlanadi”?
Uzoq yillar davomida ilm-fan faqat onalik inson organizmida tub o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi deb hisoblab keldi. Buning sababi ham tushunarli edi: homiladorlik, tug‘uruq va emizish davrida ayol tanasi ulkan gormonal o‘zgarishlarni boshdan kechiradi.
Erkak esa bu jarayonlarning hech birini jismonan his qilmaydi. Shu bois “ota bo‘lish erkakni biologik jihatdan o‘zgartirmaydi” degan qarash hukmron bo‘ldi. Bugun esa bu fikr eskirdi. MRT yordamida yangi otalarning miyasi o‘rganilganda olimlar kutilmagan natijalarga duch keldi. Ma’lum bo‘lishicha, farzand dunyoga kelishi erkak miyasining ayrim qismlari faoliyatini ham o‘zgartirar ekan.
Testosteron kamayadi, bu zaiflik emas. Ko‘pchilik testosteronni erkaklikning asosiy belgisi deb biladi. Darhaqiqat, bu gormon raqobat, qat’iyat va tajovuzkorlik bilan chambarchas bog‘liq. Ammo ota bo‘lish arafasida organizm boshqa vazifani bajarishga kirishadi. Amerikalik antropolog Li Gettler boshchiligidagi tadqiqotlarda farzandli erkaklarda testosteron miqdori farzandsiz erkaklarga qaraganda sezilarli pasaygani aniqlangan. Eng katta pasayish esa chaqalog‘iga bevosita qarayotgan otalarda kuzatilgan.
Olimlar fikricha, testosteronning pasayishi erkakni raqobatlashuvchi individ rolidan g‘amxo‘r parvarishlovchi roliga moslashtirishga xizmat qiladi. Bunday biologik moslashuv natijasida erkak chaqaloq yig‘isiga nisbatan sezgirroq bo‘ladi, uning ehtiyojlarini tezroq ilg‘aydi va tajovuzkor reaksiyalar kamayadi. Tabiat go‘yo erkakka shunday deydi: “Endi sening eng muhim vazifang kurashish emas, asrashdir”.
Oksitotsin. Oksitotsin odatda onalik bilan bog‘lanadi. Homiladorlik, tug‘uruq va emizish bu gormon muhim rol o‘ynaydi. Ammo bugungi tadqiqotlar yana bir muhim haqiqatni ochdi. Yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini bag‘riga bosgan otalarda ham oksitotsin miqdori sezilarli oshadi. Har safar ota bolasini quchoqlaganda, unga mehr ko‘rsatganda, u bilan o‘ynaganda yoki ovutganda organizm oksitotsin ishlab chiqaradi. Natijada ota bolaga nisbatan yanada sabrliroq, mehribonroq va himoyachi bo‘lib boradi.
Bu jarayon o‘zini o‘zi kuchaytiradigan biologik aylana hosil qiladi. Qancha ko‘p muloqot bo‘lsa, shuncha ko‘p oksitotsin ajraladi. Qancha ko‘p oksitotsin ajralsa, ota bolaga shuncha ko‘proq yaqinlashadi. Shuning uchun olimlar bugun otalikni “ishlatilgan sayin kuchayadigan biologik tizim” deb ta’riflamoqda.
“Ishlatmasang – yo‘qotasan”. Balki, otalik haqidagi eng muhim ilmiy xulosa ham shudir. Erkakdagi biologik imkoniyat avtomatik ravishda ishga tushmaydi. Uni faollashtiradigan yagona narsa – ishtirok. Chaqaloqni qo‘lga olish, tagligini almashtirish, tunlari uni ovutish, sayr qildirish, u bilan yolg‘iz qolish. Mana shu oddiy ko‘rinadigan harakatlar erkak miyasida yangi neyron aloqalarni mustahkamlaydi. Agar ota turli sabablar (ish, ijtimoiy stereotiplar yoki oiladagi vazifalar taqsimoti) tufayli bola parvarishidan chetda qolsa, tabiat yaratgan bu biologik salohiyat to‘liq namoyon bo‘lmasligi mumkin.
Biologiya tayyor, jamiyat-chi?
Agar masala faqat biologiyada bo‘lganida edi, ehtimol, dunyoning barcha otalari farzandi tug‘ilgandan birdek faol bo‘lardi. Ammo inson boshqa jonzotlardan farqli ravishda nafaqat instinkt, balki madaniyat, iqtisodiy sharoit va ijtimoiy qarashlar ta’sirida ham yashaydi. Shuning uchun erkakning otalikka moslashishi faqat organizmiga emas, u yashayotgan jamiyatga, qonunchilikka ham bog‘liq.
O‘zbekiston qonunchiligida otaning bola parvarishidagi ishtiroki nazarda tutilmagan, deyish noto‘g‘ri. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi otaga ham bola parvarishlash ta’tilidan foydalanish huquqini beradi. Bu muhim norma. Ammo qonun bilan real hayot orasida sezilarli tafovut bor.
Aksariyat oilalarda asosiy boquvchi erkak bo‘lgani sababli yosh otalar bu huquqdan foydalanishga jur’at eta olmaydi. Bola parvarishlash davridagi nafaqa oilaning kundalik ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli emas. Natijada erkak tanlov oldida qoladi. Yangi tug‘ilgan farzandi yonida qolishmi yoki oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash? Ko‘pchilik ikkinchi yo‘lni tanlaydi. Bu ularning otalikni istamagani uchun emas, sharoit shuni talab qilgani uchun. Shunday qilib, ilm-fan eng muhim deb hisoblayotgan dastlabki haftalar va oylar ko‘pincha ish joyida o‘tadi. Kechqurun uyga qaytgan ota esa ko‘pincha uxlab qolgan chaqaloqni tomosha qilish bilangina cheklanadi.
Huquqiy omillardan tashqari yana bir muammo bor – jamoatchilik bosimi. Yosh ota aravachada bolasini sayr qildirib yuribdi. Yoki shifokor ko‘rigiga olib kelgan, taglik almashtiryapti. Bugun bunday holatlar ko‘paygan bo‘lsa-da, ayrim joylarda hali ham bunday erkakka hayrat bilan qarashadi. Ba’zida hazil-mazax qilishadi. Go‘yoki, farzandga qarash erkakning qadrini tushiradi.
Ota tarbiyasi – xarakter maktabi
Rivojlanish psixologiyasi va neyrobiologiya sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar yana bir muhim haqiqatni ko‘rsatmoqda: ota va ona bir xil rolni bajarmaydi, bolaning rivojlanishida bir-birini to‘ldiradigan ikki xil tarbiyani yaratadi.
Ona odatda bolaga xavfsizlik, mehr va hissiy barqarorlikni beradi. Ota esa ko‘pincha uni tashqi dunyoga tayyorlaydi: yangi narsalarni sinab ko‘rishga, tavakkal qilishga, qiyinchiliklarni yengishga va mustaqil qaror qabul qilishga undaydi. Mutaxassislar shu farq bolaning xarakteri shakllanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi.
Otalar bolalari bilan ko‘pincha faolroq va jismoniy harakatlarga boy o‘yinlarni tanlaydi: kurashish, quvlashmachoq o‘ynash, yelkasiga mindirish yoki havoga ko‘tarib ushlash. Bir qarashda oddiy tuyuladigan bunday o‘yinlar aslida bolaning emotsional rivojlanishi uchun muhim mashq hisoblanadi. Hayajon, qo‘rquv va quvonch bir vaqtning o‘zida yuzaga keladi, ota esa o‘yin davomida bolaning hissiyotlarini boshqarishga yordam beradi: qachon to‘xtash, qachon ehtiyot bo‘lish, qachon davom etish kerakligini o‘rgatadi.
Psixologlarning fikricha, bu tajribalar keyinchalik bolaning jahli chiqqanda yoki stressli vaziyatlarda hissiyotlarini boshqarish qobiliyatini rivojlantiradi.
Bundan tashqari, psixologiyada “otaga ehtiyoj” tushunchasi mavjud. Bu faqat otasiz ulg‘aygan bolalarni anglatmaydi. Ba’zan ota oilada bo‘ladi, ammo bola hayotida hissiy jihatdan deyarli ishtirok etmaydi. Tadqiqotlarda bunday holat ayrim bolalarda o‘ziga ishonchning pastligi, xavotir, tashabbus ko‘rsatishdan cho‘chish yoki kattalar davrida yaqin munosabatlarni qurishda qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi.
Jahon tajribasi
So‘nggi yigirma yil ichida ko‘plab davlatlar otaning bola hayotidagi ilk oylaridagi ishtiroki nafaqat oilaga, balki butun jamiyatga foyda keltirishini anglab yetdi. Shu bois otalikni qo‘llab-quvvatlash oilaviy siyosatning muhim yo‘nalishiga aylandi.
Masalan, Islandiya dunyoda otalik ta’tili bo‘yicha eng ilg‘or davlatlardan biri. Bu mamlakatda ota belgilangan ta’tildan foydalanmasa, bu kunlarni onaga o‘tkazib bo‘lmaydi. Davlat shu yo‘l bilan otaning farzand hayotidagi ilk kunlardan faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Shunga o‘xshash tizim Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Ispaniya kabi davlatlarda ham joriy qilingan. Bu mamlakatlarda masala erkakka imtiyoz berishda emas, bolaga ota va ona bilan teng yaqin hissiy aloqa o‘rnatish imkoniyatini yaratishda. Natijada otalar bola parvarishida faolroq qatnashyapti, onalar ruhiy va jismoniy jihatdan tezroq tiklanyapti, bolalar esa ham ota, ham ona bilan mustahkam hissiy rishta hosil qilyapti. Mutaxassislar buni kelajak avlodga kiritilgan investitsiya deb baholaydi.
Huquqiy va ijtimoiy sharoit kerak
Darhaqiqat, ilm-fan va real hayotiy tajribalar bizga inson tabiatining tub qonuniyatini isbotlab berdi: ota bo‘lish chuqur biologik va ruhiy transformatsiyadir. Erkak kishini mehribon otaga aylantirish uchun uning instinktlari uyg‘onishiga huquqiy va ijtimoiy sharoit yaratib berish kerak. O‘zbekistonda sog‘lom demografik muhit, baxtli bolalik va mustahkam oila poydevorini qurish uchun quyidagi strategik qadamlarni qo‘yish – davr talabi.
Haq to‘lanadigan “Otalik ta’tili”. Erkaklar uchun farzandi tug‘ilgan ilk oyda foydalaniladigan, kamida 10 ish kunidan iborat, majburiy va ish beruvchi yoki davlat jamg‘armalari tomonidan yuz foiz haq to‘lanadigan maxsus “Otalik ta’tili” tizimini mehnat qonunchiligiga kiritish shart. Bu yosh otaga moddiy tanqislikdan qo‘rqmasdan, dastlabki haftalarda oilasi yonida bo‘lish imkonini beradi.
Tibbiy tizimni transformatsiya qilish. Davlat shifoxonalari va poliklinikalarda faqat onalar bilan ishlash tizimidan voz kechish lozim. Homiladorlik davridagi ilk tekshiruvlar va tug‘uruqdan keyingi chaqaloq parvarishiga otalarni ham faol jalb qilish, ularga tibbiy tushuntirishlar berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur.
Ijtimoiy ongni o‘zgartirish. Davlat ijtimoiy buyurtmalari, media va jurnalistika orqali “g‘amxo‘r, farzandining ehtiyojlarini tushunadigan, tunda uni ovutadigan zamonaviy va kuchli ota” obrazini trendga olib chiqish, bola parvarishini gender cheklovlaridan tozalash lozim.
