25.5.2026 428
Aksariyat yoshlar trendlardan ko‘ra qulaylik va shaxsiy uslubni afzal ko‘rishni boshlaganidan beri brendlar ham ularning talablariga moslashdi. Zamonaviy obrazlarga e’tibor berilsa, ular harakatlanish uchun qulay, hamma davralar uchun mos va biroz nostalgiya hissini beradigan, bir nechta uslubga moslashtirish mumkin bo‘lgan kiyimlardan iborat. Masalan, Zara, Chanel kabi brendlarning to‘plamidan o‘rin olgan yubka va koftalarda teri salomatligi va qulaylik hisobga olinib, “sokin hashamat”ni ifodalaydigan keng, yumshoq, paxta yoki ipak matolardan foydalanilgan. Ranglar ham avvalgilariga qaraganda ancha minimal, xotirjam kayfiyat, yengillik beradi, kundalik obrazlar uchun mos. Amerikaning Pentoun rang instituti ham zamonaviy dunyoda odamlarning xotirjamlik va sokinlik istagini hisobga olib, birinchi marta oq rangni asosiy yil rangi deb e’lon qildi. Bu rang “raqqos bulut” (cloud dancer) deb nomlanib, u oq ranglar ichida eng iliq va barqaror oq deb ta’riflanadi. Mutaxassislar fikricha, oq rang doimiy axborot davrida diqqatimizni jamlab, ichki ovozimizni tinglashga yordam beradi. Yilning yana bir trenddagi kiyimi – turli belgilar tushirilgan yoki iqtibos, hazillar yozilgan oddiy futbolkalar. Hattoki uzoq vaqt davomida hashamatli liboslari bilan mashhur bo‘lgan brendlar ham kundalik futbolkalarni o‘z kolleksiyasiga qo‘shgan. Masalan, Dior “Bovari xonim” asari muqovasi tushirilgan futbolkani taqdim etgan, Chanel ham oddiy futbolkani vintaj uslubidagi kostyum va yubka bilan uyg‘unlashtirgan. Futbolkalar haqiqatan ham eng asosiy kiyimlardan biri, uni universalligi va qulayligidan tashqari shaxsiy did va qarashlarni ifodalash yoki targ‘ibot uchun ham tanlashadi. Masalan, butun dunyo yoshlari yolg‘izlik hissini yengish uchun sevimli musiqiy guruh yoki film belgisi tushirilgan futbolkalar kiyishadi, ular boshqalarda sevimli filmining posteri tushirilgan kiyimlarni ko‘rganda o‘zlarini o‘sha odam bilan maslakdoshdek his qiladi. Shuningdek ekofaollik ruhidagi dizaynga ega futbolkalar ham yoshlar orasida urfda, ular bunday futbolkalar bilan sayyoramiz, hayvonot olami, global muammolar haqida o‘ylash, ekomadaniyatini shakllantirishga yordam beradi. Brendlar uzoq yillik an’anaviy uslublardan qochib, qulaylik talabiga moslashayotgani oyoq kiyimlar modasida ham yaqqol ko‘rinadi. Oyoq kiyim sanoatida uslub, ranglardan tortib matolargacha o‘zgargan. Avval katta, baland krossovkalar urfda bo‘lgan bo‘lsa, endi 70-80-yillar uslubidagi past poshnali, qulay retro uslubidagi vintaj oyoq kiyimlar ommalashdi. Bu krossovkalarda rang masalasida ham tanlovlar keng, asosiy klassik ranglardan ko‘ra yorqinlikka urg‘u berilgan. Retro oyoq kiyimlarga qiziqish 2025-yilning bahorgi moda haftaliklaridan keyin boshlandi va hamon davom etyapti. Uzoq vaqtdan beri asosan charmdan foydalanayotgan brendlar 40 yil avval urfda bo‘lgan yumshoq charmli (zamsh) rangli krossovkalar ishlab chiqara boshladi. Puma, Adidas, Reebok, Miu Miu kabi yetakchi brendlar ham bu uslubdan foydalanib yangi namunalar chiqardi. Aksessuar sifatida ham bugun g‘alati ko‘rinishga ega, qo‘pol qo‘shimchalardan ko‘ra, nafis va minimalistik ko‘rinishdagi ipak sharflar ommalashgan. Sharflar hamma mavsum uchun mos, ulardan kamar sifatida foydalanish, shim ustidan yubka kabi yoki sumka, bo‘yin, hattoki sochga bog‘lash mumkin. Klassik ipak bilan birgalikda to‘rli sharflar ham o‘tgan yildan beri trenddagi aksessuarlardan. Trendlar ham tobora insonning shaxsiy ehtiyojlari va didiga moslashyapti. Oxirgi yillardagi moda tendensiyalariga qaralsa, insoniyat kiyim orqali shunchaki tashqi ko‘rinish yaratishga emas, ichki holatini ifodalashga ham intilayotgani seziladi. Tezkor axborot, doimiy shovqin va keskin ritm hukmron bo‘lgan davrda odamlar obraz orqali qulaylik, xotirjamlik va o‘ziga yaqin kayfiyatni izlay boshladi. Shu sabab zamonaviy moda tobora balandparvozlikdan uzoqlashib, tabiiylik, funksionallik va shaxsiy uslubga yaqinlashyapti.
23.4.2026 1042
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi asosida yurtimizda bosqichma-bosqich elektron hukumat tizimi joriy etilmoqda. Bu jamiyatda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilayotganini yaqqol ko‘rsatgan holda endilikda xalqimiz davlat xizmatlari, ijtimoiy xizmatlar sohalaridan hech bir murakkab-liksiz, uydan chiqmagan holda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-sonli “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaror shu ma’noda muhim ahamiyatga ega. Zero, mazkur hujjatning qabul qilinishi endilikda xorijda olingan ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatlarni ortiqcha qiyinchiliksiz tan olinishi (nostrifikatsiyasi) bo‘yicha hujjatlarni yuborish va qabul qilish imkoniyati yaratildi. Bugun Oliy attestatsiya komissiyasida mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot tashkilotlari mas’ullari uchun amaliy seminar o‘tkaziladi. Unda ilmiy jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi. Tadbirni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov kirish so‘zi bilan ochar ekan, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi qat’iy intilish va ta’lim, ilm-fan sohasidagi tub islohotlar samarasida yoshlarimiz nufuzli xorijiy davlatlar oliy ta’lim dargohlarida o‘qib, ilmiy faoliyati asosida ilmiy darajalarga sazovor bo‘layotgani bilan bir qatorda ilg‘or tajribali xorijiy mutaxassislarning ham Vatanimiz oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatishiga rag‘bat uyg‘otayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shu ma’noda, “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaror o‘z vaqtida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shundan so‘ng “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qarori mazmun-mohiyati va ijrosi ta’minlashdagi vazifalar xususida Z.Tadjixodjayev tomonidan amaliy tavsiyalar berildi. Unda mazkur qaror asosida xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida ilmiy-pedagogik xodimlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilgani sanab o‘tildi. Ochiq muloqotlar asosida o‘tgan seminarda oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar ilmiy kotiblari tomonidan oliy attestatsiya tizimiga tatbiq etilayotgan yangiliklar va mazkur qaror ijrosi bilan bog‘liq savollariga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
8.4.2026 1678
8-aprel kuni Oliy attestatsiya komissiyasida I chorak yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkaziladi va journalist va faollarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi. So‘nggi yillarda mamlakatda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, uning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida attestatsiya jarayonlari soddalashtirilib, ortiqcha byurokratik bosqichlar qisqartirilgan. Tizim bosqichma-bosqich raqamlashtirilgani esa jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyida OAK qarorlariga muvofiq 1081 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD), 192 nafari esa fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlandi. Bu ko‘rsatkichlar ilmiy faoliyatga qiziqish ortib borayotganini va ilmiy maktablar rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 652 nafar talabgorga ilmiy unvonlar berildi. Ularning 483 nafari dotsent, 133 nafari professor va 36 nafari katta ilmiy xodim sifatida tasdiqlangan. Hisobot davrida xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida ham muhim natijalarga erishildi. Xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan 26 ta ilmiy daraja diplomi nostrifikatsiya qilindi. Bundan tashqari, 18 ta falsafa doktori (PhD) diplomi to‘g‘ridan to‘g‘ri fan doktori sifatida tan olindi. Bu esa milliy ilmiy tizimning xalqaro standartlarga moslashib borayotganidan dalolat beradi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. I chorak davomida kelib tushgan 99 ta murojaatning barchasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ularga tegishli javoblar berilgan. Bu esa tizimda murojaatlar bilan ishlash mexanizmi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ilmiy jamoatchilik bilan bevosita muloqotlarni kuchaytirish maqsadida hududlarda uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil etilgan. 12 ta hududda o‘tkazilgan uchrashuvlarda 3 mingdan ortiq ishtirokchi qamrab olinib, yuzlab savollarga tushuntirish berilgan. Bir qator tadqiqotchilarga joyida uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan. Bir muhim jihatga e’tibor qaratish kerak: normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq himoyaga qo‘yilgan barcha dissertatsiyalar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar belgilangan tartibda amaliyotga joriy etilgan. Bu esa ilmiy ishlanmalar faqat nazariy darajada qolmay, amaliy sohalarga tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi. Ma’lum qilinishicha, ilmiy ishlarni palagiat tekshiruvidan o‘tkazishda endi sun’iy intellektdan ham foydalaniladi. Bu jarayon hali sinov bosqichida, ammo jarayon muvaffaqiyatli ketayotgani aytilmoqda. Yana bir yangilik tadqiqotlardagi kamchiliklarni tekshirish ilmiy ish himoyasiga qadar amalga oshirish tizimi joriy qilinib, ishlab kelayotgani bo‘ldi. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib, kamchiliklarni vaqtida, samarali yechim bilan to‘g‘rilash imkonini yaratadi. Shuningdek, tadbir davomida OAK tomonidak kelgusida rejalashtirilayotgan ishlarga to‘xtalib, takliflar ham eshitildi. Xususan, hamkor tashkilotlar, ilmiy-tekshiruv xulosa beruvchi komissiyalar bilan ishlashda aniq vaqt belgilangan mexanizm joriy qilish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy salohiyatni oshirish, attestatsiya tizimini takomillashtirish hamda ijro intizomini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.
14.2.2026 2698
Bugun deyarli har bir yoshning hayoti ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etilmaydi. Telegram, Instagram, Facebook yoki elektron pochtamiz — bu shunchaki akkaunt emas, balki shaxsiy hayotimiz, yozishmalarimiz, hujjatlarimiz va hatto moliyaviy ma’lumotlarimiz saqlanadigan makondir. Afsuski, so‘nggi yillarda akkauntlarni buzib kirish (xakerlik) holatlari tobora ko‘payib bormoqda. Ko‘pincha bu beparvolik sabab yuz beradi: shubhali havolaga bosish, noma’lum faylni yuklab olish yoki parolni boshqalarga aytib qo‘yish. Natijada esa akkaunt egasi nomidan yolg‘on xabarlar tarqatiladi, tanishlardan pul so‘raladi yoki shaxsiy ma’lumotlar oshkor bo‘lib ketadi. Agar akkauntingiz buzib kirilganini sezsangiz, avvalo vahimaga berilmang. Darhol parolingizni o‘zgartiring, barcha qurilmalardan chiqish (log out from all devices) funksiyasini yoqing va ikki bosqichli himoyani faollashtiring. Agar tiklash imkoni bo‘lmasa, platformaning rasmiy qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling. Eng muhimi — tanishlaringizni ogohlantirib, sizning nomingizdan kelayotgan xabarlarga ishonmasliklarini so‘rang. Muhim tavsiyalar: Parolingiz oddiy bo‘lmasin. Tug‘ilgan sana yoki ism-familiya eng xavfli variant. Harflar, raqamlar va belgilar aralashmasidan foydalaning. Bir parol — hamma joyda emas. Har bir tarmoq uchun alohida parol qo‘ying. Shubhali havolalarga bosmang. “Siz yutdingiz”, “Akkauntingiz yopiladi” kabi xabarlar ko‘pincha tuzoq bo‘ladi. Ikki bosqichli himoyani yoqing. Bu sizning akkauntingiz uchun qo‘shimcha qalqondir. Begona qurilmalarda akkauntingizni ochmang. Agar ochgan bo‘lsangiz, albatta chiqib ketishni unutmang. Raqamli dunyoda xavfsizlik — bu ham madaniyat. Har bir yosh o‘z akkauntiga mas’uliyat bilan yondashsa, firibgarlik va xakerlik holatlarining oldini olish mumkin. Unutmang, ogohlik — eng kuchli himoya.
23.1.2026 3242
Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini hamda dunyo aholisining ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash har qachongidan dolzarb bo‘lib qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo aholisi 10 mlrd kishiga yetadi. Hozirda dunyodagi mavjud 8 milliardga yaqin aholining qishloq xo‘jaligi hisobiga kun kechirayotgan qismi 2,6 milliard (33 % dan ortiq)ni tashkil etayotgan vaqtda, mavjud qishloq xo‘jaligi yerlarining 52 % kuchli degradatsiyaga uchragan. Bu kabi global masalalar ortidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, yerdan belgilangan maqsadlarda foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati yanada oshadi. Jahonda yuz berayotgan iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarning ortib borishi iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi sohasi bilan bir qatorda insoniyatning barqaror kelajagiga ham jiddiy xavf tug‘diradi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar ta’sirini kamaytirish maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlarining yaroqsiz holatga kelishi, yer resurslarining zararlanishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holati yomonlashishini yuzaga keltiruvchi omillarni har tomonlama chuqur o‘rganish, yangicha yondashuv va ilmiy-huquqiy yechim asosida samarador chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra, Respublikamizda agrar sohani har tomonlama rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligi yerlarining hosildorligini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlar, konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan uzoq muddatli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu bevosita qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning davlatimiz uchun iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik ahamiyatidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi yerlarida yetishtirilayotgan mahsulotlar aholi moddiy turmush tarzini yaxshilash, kundalik ehtiyojlarini qondirish bilan birgalikda davlat iqtisodiyotining yuksalishiga zamin bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli asarida “Qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish”, “Suv resurslari samaradorligini oshirish” ga milliy iqtisodiyotni rivojlantirish omili sifatida urg‘u berilgan bo‘lsa, “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish dolzarb vazifa ekanligi belgilandi. Mana shunday chora-tadbirlarni muntazam amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi sub’yektlarining yerga nisbatan munosabatlarni o‘zgartirilishiga, qishloq xo‘jaligi yerlaridan o‘z maqsadida foydalanilishiga, qonun talablariga rioya etmagan yerdan foydalanuvchilarga nisbatan yerga bo‘lgan huquqlarini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilmoqda. Xuddi shunday maqsadda, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida fermer xo‘jaliklarining faoliyati tuman ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda ayrim fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlaridan o‘z maqsadida foydalanilmasdan, boshqa maqsadda foydalanilayotganligi, bog‘ uchun ajratilgan yer maydonlaridagi bog‘ qarovsiz holatdaligi aniqlangan va holat yuzasidan tumandagi yer nazoratiga mas’ul takshilot xodimlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan va qishloq xo‘jalik sub’yektiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirishlar berilgan. Biroq, amalga oshirilgan choralar samarasiz yakunlangach qishloq xo‘jalik sub’yektlariga nisbatan yerga bo‘lgan huquqlarini bekor qilish ya’ni, tuman hokimiyati bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish yuzasidan Nurafshon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilingan. Vaholangki, taraflar o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasida yerdan uning belgilangan maqsadga muvofiq oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishni tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarni qo‘llash, o‘z xo‘jalik faoliyati natijasida hududdagi ekologik vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlari, shuningdek ekinlaridan qishloq xo‘jaligi ekinlari shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarda foydalanilishi amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha kelib chiqadigan oqibatlari bilan birgalikda ijara shartnomasini qo‘pol ravishda buzish hisoblanishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4246-sonli Qarorida 2019-yil 1-avgustga qadar mavjud mevali bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini har bir fermer xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi korxonasi kesimida yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasiz bog‘lar o‘rnida iqtisodiy samarador yangi bog‘lar barpo etish belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda ham bekor qilinadi. Sud muhokamasi jarayonida tumandagi mutasaddi idoralar vakillari tomonidan tuzilgan dalolatnomadan javobgar tomonidan unga ajratilgan yer uchastkasidan belgilangan maqsadda to‘liq va o‘z maqsadida foydalanilmayotganligi, yer maydonlari qarovsiz holga tashlab qo‘yilganligi holatlari o‘z isbotini topganligi sababli, javobgarlarning tuman hokimi bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi va yerdan foydalanuvchilarning yerga bo‘lgan huquqlari bekor qilindi. Zero, amaldagi Qonunlarning talabiga rioya etmaslik belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarining belgilangan maqsadlarda foydalanish farovon kelajak garovi hisoblanadi.
15.1.2026 3368
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish va o‘rganish bo‘yicha Oliy attestatsiya komissiyasida amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbirni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov kirish so‘zi bilan ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi – mamlakatimiz siyosiy hayotida eng muhim voqealardan biri ekanligi, unda yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish borasida yirik tashabbuslar ilgari surilib, kelgusi yillardagi eng muhim vazifalar belgilab berilgani barchamiz uchun dasturulamal ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng Murojaatnomada belgilangan va 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishning ahamiyati xususida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, tarix fanlari doktori A.Mavrulov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Sh.Allayorov hamda Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori B.Gʻiyosov ma’ruza qildi. E’tiborlisi, ma’ruzachilar tomonidan mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni izchil davom ettirishda har bir yurtdoshimizning faol ishtiroki muhim o‘rin tutishiga alohida e’tibor qaratildi. Darhaqiqat, murojaatnomada qayd etilganidek, “Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashashidan qat’i nazar, har bir fuqaromiz islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak. Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”. Albatta, ushbu rivojlanish odimlarida barcha soha xodimlari qatorida ilm-fan ahlining ham o‘z sohalarida fidokorona mehnat qilishlari va izlanishlari taqozo etilishi tabiiy. Zero, Vatanimizni rivojlangan ilm-fan mamlakatiga aylantirish, uning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga xizmat qiladi.Murojaatnomada ko‘rsatib o‘tilganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.” Shunga ko‘ra, oliy attestatsiya tizimini ilg‘or xalqaro tajribalarga muvofiq holda transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar izchil olib borilayotgani ta’kidlanib, amalga oshirilayotgan maqsadli vazifalar yuzasidan axborot berildi. Tadbirda oliy attestatsiya komissiyasi xodimlari faol ishtirok etishdi. Ular tomonidan Murojaatnomaning halqimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va farovonligini oshirishdagi ahamiyat, ilm-fan sohasidagi yangiliklar hamda kelgusi vazifalarga doir fikr-mulohozalar bildirildi.
5.1.2026 3587
2026-yil 19-yanvar kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 151 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Konferensiya doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy maqolalar qabul qilinadi: — Mahmudxo‘ja Behbudiyning publitsistik merosi va uning bugungi ahamiyati; — Jadid matbuotining milliy jurnalistika taraqqiyotidagi o‘rni; — Zamonaviy jurnalistika: tendensiyalar, yangi formatlar, ijtimoiy media va sun’iy intellekt. Konferensiya uchun tayyorlangan maqolalar 2026-yil 15-yanvarga qadar qabul qilinadi. Maqolalar belgilangan talablarga muvofiq elektron shaklda konfrensiya151@gmail.com elektron pochta manziliga yuborilishi lozim. Qo‘shimcha ma’lumotlarni quyidagi telefon raqamlari orqali olish mumkin: +998 97 432 99 23 (WhatsApp) +998 91 191 09 83
27.11.2025 4629
Toshkent davlat yuridik universitetida talabalarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, milliy adabiyot va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda. Xususan, talabalarni milliy va jahon adabiyotining buyuk namoyandalari hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularda kitobga muhabbat va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida doimiy ravishda Adiblar xiyobonida qator ma’naviy-ma’rifiy tashriflar va adabiy tanlovlar tashkil etilmoqda. Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan tadbirlar davomida talabalar o‘zbek adabiyoti ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan yirik adib va shoirlar — Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Zulfiya, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulomning hayoti va ijod yo‘li haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasiga akademik, yozuvchi va shoir G‘afur G‘ulom hayoti va ijodini o‘rganish, uni talabalar, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilish vazifasi yuklatilgan. Shu bois universitet tomonidan Adiblar xiyobonida tashkil etilayotgan tadbirlarning asosiy qismi O‘zbekiston xalq yozuvchisi, shoir va adib G‘afur G‘ulom ijodiga bag‘ishlandi. Talabalar adib haykali oldida jamlanib, yozuvchining bolalik yillari, ijodiy faoliyati, xalqona yumor va hayotiy obrazlarga boy asarlari haqida qiziqarli muloqot olib boradi. Xususan, “Shum bola”, “Tirilgan murda”, “Mening o‘g‘rigina bolam”, “Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi” kabi asarlar tahlil qilinadi. Joriy yil oktabr oyida Adiblar xiyobonida talabalar uchun “Zakovat” intellektual o‘yini, “Quest” bellashuvi, “Adib ijodidan ilhomlanib” nomli rasm chizish tanlovi hamda she’rxonlik dasturlari tashkil etildi. “Shum bola” va “Tirilgan murda” asarlari asosida o‘tkazilgan test sinovlari, yozma savol-javoblar va jamoaviy intellektual musobaqalar tadbirga yanada jo‘shqinlik bag‘ishladi. Shuningdek, xiyobonda o‘tkazilgan adabiy tanlovda talabalar G‘afur G‘ulom hayoti va ijodiga oid bilimlarini namoyish etib, uning asarlaridan ilhomlangan holda insonparvarlik, mehnatsevarlik, halollik va mehr-oqibat mavzularida fikr yuritdi. Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, Adiblar xiyobonida “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” shiori ostida “Milliy qadriyatlar sayli” bayram tadbiri ham o‘tkazildi. Unda TDYUning iqtidorli talabalari “Men chizgan surat” tanlovi, badiiy chiqishlar, she’rxonlik va ijodiy ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etdi. Tadbirlar davomida talabalar nafaqat adabiyot haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldi, balki o‘z fikrini erkin ifoda etish, jamoada ishlash va ijodiy yondashish ko‘nikmalarini ham rivojlantirdi. Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar yoshlar ongida milliy adabiyotga muhabbat, madaniy merosga hurmat, Vatanga sadoqat va ezgulik ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. “Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi — ma’naviy yetuk avlod garovidir” deb bejiz aytilmagan. Toshkent davlat yuridik universitetining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi bunday tashabbuslari yoshlarni nafaqat huquqshunos, balki ma’nan yetuk, ijodiy va vatanparvar shaxs sifatida kamol toptirishga xizmat qilmoqda.
22.10.2025 4983
O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida (OAK) Prezidentning 2025-yil 25-iyuldagi PF–117-son Farmoni ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar muhokama qilindi. Tadbirda OAK raisi hisobot berdi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi va OAV vakillari ishtirok etdi. OAKda ijro intizomini kuchaytirish maqsadida har kuni rahbariyatga hisobot berish, haftalik yig‘ilishlarda ijro holatini ko‘rib chiqish hamda oy yakunida Rayosat majlisida umumlashtirilgan tahlilni taqdim etish tizimi joriy etilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning 9 oyi davomida komissiya zimmasiga yuklatilgan barcha topshiriqlar 100 foiz bajarilgan. Shu davrda: Prezident va Hukumat hujjatlari bo‘yicha 5 ta farmon, 2 ta qaror, 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori hamda 7 ta hukumat topshirig‘i to‘liq ijro etilgan; 325 ta fuqarolik murojaati qabul qilinib, ularning barchasiga belgilangan muddatlarda javob berilgan; O‘zbekiston ilmiy muhitida 15 ta yangi ilmiy kengash tashkil etilgan, shundan 4 tasi mintaqaviy oliygohlarda faoliyat boshlagan; 2 ta yangi ilmiy ixtisoslik — “Xoreografiya san’ati” va “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” yo‘nalishlari ro‘yxatga kiritilgan; Xorijiy ilmiy darajalarni tan olish (nostrifikatsiya) bo‘yicha 200 dan ortiq ariza ko‘rib chiqilgan, shulardan 187 tasi ijobiy hal etilgan. Muhokama davomida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, “Yashil makon” umumxalq loyihasi va ilm-fan sohasiga oid farmonlar ijrosida OAKning ishtiroki ham alohida ta’kidlandi. Oliy attestatsiya komissiyasi kelgusida ham ijro intizomini mustahkamlash, ochiqlik va samaradorlik tamoyillariga asoslangan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishni davom ettiradi.
20.10.2025 4907
Til bor ekan – millat barhayot Dunyo xalqlari va millatlarining madaniy o‘zagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi. Shunday ekan, har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning kelajagini belgilaydi. Birgina til ko‘plab xalqlarni o‘zaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarini saqlaydi, uni avloddan avlodga o‘tishini ta’minlaydi. Darhaqiqat, til – millat ko‘zgusi. U har bir millatning qadrli boyligi, ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita. 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki qadami bo‘ldi. 2020-yil 10-aprelda esa O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi quvonarli hol bo‘ldi. Mazkur qonun bilan har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni etib nishonlash belgilandi. Chindan ham o‘zbek tilini rivojlantirish, e’zozlash, xalqaro nufuzini yanada oshirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu kabi ezgu sa’y-harakatlarda faollik ko‘rsatish, davlat tiliga kuyinchaklik bilan munosabatda bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi. Mamlakatimizda har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan turli bayram tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, soha mutaxassislari bilan davra suhbatlari tashkil etiladi. Mazkur sana keng miqyosda nishonlanadi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “Til bor ekan – millat barhayot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi. Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda Xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sabohat Qahhorova, yozuvchi va dramaturg Javlon Jovliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilovning tabrigini Akademiya prorektori Irgash Daminov o‘qib eshittirdi. Tabrikda ona tilimiz nufuzi va mavqeyi yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Millat ko‘zgusiga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir kishining kundalik turmush tarzida ham namoyon bo‘lishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi. Tadbirda so‘z olganlar O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi buyuk bobokalonlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi. Tantanali marosimda tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Akademiyadagi barcha rasmiy hujjatlari, kitob va to‘plamlar hamda internet saytida e’lon qilinayotgan ma’lumotlar davlat tili meyorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-oshlarni o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Bundan tashqari, kuni kecha Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-oshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovining Akademiya bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tanlov Akademiyada tahsil oluvchi xorijiy talabalar o‘rtasida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, xorijlik talabalar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tashkil etildi. Unda Akademiyaning xorijlik talabalari yurtimiz tarixi, madaniyati, o‘zbek xalqi qadriyatlari, ijtimoiy hayotiga oid mavzulardan birini tanlab esse yozishdi. Tanlovning g‘olib va sovrindorlari aniqlanib, navbatdagi bosqichga yo‘l olishdi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bakalavr va magistrlari uchun ta’sis etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy maxsus stipendiyasi 2025-yilgi tanlovi g‘oliblariga guvohnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan yosh yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” asari asosida sahnalashtirilgan “Millat fidoyilari” nomli spektakl yig‘ilganlarga havola etildi.
15.10.2025 5063
So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning startap ekotizimi sezilarli darajada kengaydi. Dealroom.co ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi startaplarning umumiy qiymati 2020-yildagi $301 milliondan 2025-yilda $3,9 milliardgacha oshgan. Bu 13 baravar o‘sishni anglatadi. Dealroom.co tahlilida O‘zbekiston startaplar ekotizimi o‘sish tezligi bo‘yicha nafaqat Markaziy Osiyoda yetakchi, balki Turkiya, Qozog‘iston, Litva, Hindiston va hatto AQShning Silikon vodiysi kabi yirik texnologik markazlardan ham oldinda ekani qayd etilgan. Shu jihatdan mamlakat mintaqaviy innovatsion markaz sifatida e’tirof etilmoqda. IT Park va Dealroom.co hamkorligi Ushbu o‘sish ko‘rsatkichlari IT Park Uzbekistan va xalqaro Dealroom.co platformasi hamkorligida yaratilgan uzbekistan.dealroom.co ekotizimi bilan ham bog‘liq. Platforma O‘zbekiston startaplari, investorlar, universitetlar va akseleratorlar haqidagi ma’lumotlarni yagona ma’lumotlar bazasida jamlab, ekotizim ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Platforma orqali yangi startaplar ro‘yxatdan o‘tib, o‘z loyihalarini xalqaro hamkorlarga tanitish imkoniga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, investorlar uchun ham mintaqadagi istiqbolli texnologik kompaniyalarni kuzatish imkoniyati kengaygan. Ilg‘or startaplar O‘zbekiston startap bozori turli yo‘nalishlardagi kompaniyalarni o‘z ichiga oladi. Rivojlanayotgan startaplar: bito, Tilmoch, Paylov, Jobster, birbir, Verifix. Kengayib borayotgan kompaniyalar: zip24, unitlab, Finq, Delever, sales doctor. Yirik loyihalar: alif, IMAN, osen, Flexsoft, billz. Yuqori daromadli kompaniyalar: Uzum va TBC Bank (har biri $100 milliondan ortiq daromadga ega). Bu kompaniyalar asosan fintex, logistika, ta’lim texnologiyalari, raqamli savdo va sun’iy intellekt sohalarida faoliyat yuritadi. Innovatsion muhit shakllanmoqda Startaplarning keskin o‘sishi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatida innovatsion yo‘nalishga e’tibor kuchayganidan dalolat beradi. IT Park, Yoshlar texnoparklari, universitetlar va xususiy akseleratorlar o‘rtasidagi hamkorlik ekotizimni qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy omillar sifatida ko‘rsatilmoqda. Dealroom.co hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning texnologik ekotizimi hozir dunyodagi eng tez o‘sayotgan tizimlardan biridir. Bu holat mamlakatda innovatsiyalarni rivojlantirish, xalqaro sarmoyalarni jalb etish va yangi texnologik kompaniyalarni shakllantirish yo‘nalishida barqaror tendensiya kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
28.9.2025 4901
Ustozlik martabasi dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasb sanaladi. Ustoz har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning “ustoz otangdek ulug‘” degan ibratli o‘giti zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi mujassamdir. Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yechimida ilm-fanning hayot va amaliyot, ishlab chiqarish bilan o‘zaro uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi. E’tirof etish kerak, davlatimiz tomonidan, eng avvalo, uzluksiz ta’lim tizimi islohotlari asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul muallim va professor-o‘qituvchilar faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bil’aks, jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda. Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “Sizga ehtirom – aziz ustozlar!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi. Tantanali marosimni Akademiya rektori Muzaffar Kamilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Talabalarga bilim va tarbiya berayotgan ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini yoshlarga har tomonlama chuqur va mufassal o‘rgatishda ustoz va murabbiylarning hissasi salmoqli ekanini qayd etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanalishini ta’kidlashdi. Tantanali marosimda “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori Ahadjon Hasanov hamda “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi dotsenti Mavluda Xodjayeva Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Rasmiy tadbirlardan so‘ng Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Xalqimiz qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlariga bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Akademiyada tashkil etilgan tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
17.9.2025 4644
Yoshlar ishlari agentligi va Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi hamkorligida Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq tumanida “Summer Media Camp 2025” media oromgohi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan media sohasiga qiziquvchi yoshlar hamda Agentlikning hududiy bo‘linmalaridagi matbuot kotiblari ishtirok etdi. Oromgoh davomida ishtirokchilar media savodxonlikni oshirish, axborot siyosatidagi dolzarb mavzularni yoritish, foto va videokontent tayyorlash ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek PR va SMM bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Media oromgoh nafaqat ishtirokchilar uchun bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maydoni bo‘ldi, balki hududiy matbuot kotiblari uchun ham kasbiy mahoratni oshirish, yoshlar bilan ishlash jarayonida samarali kommunikatsiya o‘rnatish va kreativ kontent tayyorlash bo‘yicha muhim tajriba maktabiga aylandi.
8.9.2025 4154
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda “raqamli boshqaruv” modeliga ustuvorlik berilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, o‘zaro integratsiyalashgan ixcham davlat boshqaruvi takomillashdi va yuridik va jismoniy shaxslarning har qanday davlat bilan bog‘liq munosabatlarida byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib, barcha uchun qulay bo‘lgan imkoniyatlar yaratilmoqda. Xuddi shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi tasdiqlandi va shu sanadan boshlab aniq rejalar va vazifalar asosida raqamlashtirish jarayonlari jadallashib bormoqda. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi doirasida sudlar faoliyatida ham raqamlashtirish jarayonlariga alohida e’tibor qaratildi hamda “Adolat” Axborot tizimlari kompleksi yaratildi. Mazkur tizim orqali sud prosessi ishtirokchilariga sudlarga onlayn murojaat qilish, sud majlislari va natijalarini onlayn kuzatib borish, sud muhokamasi haqida taraflarni sms yoki elektron pochtasi orqali xabardor qilish va boshqa shu kabi kabi qulayliklar joriy etilib, sud muhokamasida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-140-son Qarori sudlar faoliyatiga sun’iy intellektni keng joriy etish orqali raqamlashtirish borasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarning yangi davrini boshlab bermoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar esa, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish; fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish; sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish; Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish; sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha «Kiber huquq» yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish; iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish; “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat. Sudlar faoliyatiga “Raqamli sud” konsepsiyasi joriy etilishi natijasida: birinchidan: sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi; ikkinchidan: murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi; uchinchidan: ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi;to‘rtinchidan: taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi; beshinchidan: sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi; oltinchidan: sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritiladi; yettinchidan: sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi; sakkizinchidan: sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi. “Raqamli sud” konsepsiyasini to‘liq joriy etilishini ta’minlash maqsadida 2025 — 2027-yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi ham tasdiqlandi. Mazkur dastur doirasida 2025-yil 1-dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish, 2025-yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish, 2026-yil 1-yanvardan boshlab «my.sud.uz» interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish, 2026-yil 1-martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish, 2026-yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi «Shaxsiy kabinet» platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqishni qamrab olgan muhim vazifalar belgilandi. Farmon doirasida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi natijasida sud protsessi ishtirokchilari uchun sun’iy intellekt yordamida sud bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishi, ma’lumotlar olishi hattoki sud muhokamasining taxminiy natijasini bilsh imkoniyati yaratilmoqda. Shuningdek, aksariyat hollarda sudga murojaat qilishda da’vogar yoki arizachi sudga to‘lanadigan davlat boji va sud xarajatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lmaydi. Mazkur Farmonda bunga ham alohida e’tibor qaratilib, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish vazifasi ham belgilandi. Xulosa qilib aytganda, sudlar faoliyatiga “raqamli sud” konsepsiyasi joriy etish orqali sud prosessi ishtirokchilariga har tomonlama qulaylik, yengillik va yangi imkoniyatlar yaratilishi ta’minlanishiga erishiladi.
3.9.2025 3904
Talabalik inson hayotining oltin davri bo‘lib, cheksiz imkoniyatlar, ulkan maqsadlar sari olib boruvchi, zavq-shavqqa to‘lgan eng go‘zal pallasidir. Har bir fasl singari, har bir davrning ham o‘z fazilati va xislati bor. Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” nomli “Talabalikka bag‘ishlov!” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Akademiya rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar, ota-onalar, Akademik litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi. Marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Kamilov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi hamda 2025/2026-o‘quv yili bilan tabrikladi. Akademiya rektori o‘z tabrigida so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Yoshlarni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilayotgani, bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanishini qayd etdi. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi. Bugungi kunda Akademiyada Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islomshunoslik fakultetlari, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”, “Ijtimoiy fanlar va huquq”, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi kabi 10 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Tadbir davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi Abdulhay Abdullayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etishdi. Shuningdek, marosimda talabalarning ota-onalari so‘z oldi. Akademiyaga yuqori ball to‘plab, o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Tadbir talabalar tomonidan ijro etilgan Vatan, istiqlol, yoshlikni tarannum qiluvchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlarga ulanib ketdi. Tantanali marosim auditoriyalardagi “Mustaqillik darslari” bilan davom etdi.
12:56
Aliment haqida 7 ta muhim savolga javob
09:53
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
15:07
SHIFOKOR BO‘LMOQCHIMAN
15:19
Yoshlar yetakchisi, balansi, daftari
15:46
Kitob va internet bir-birini to‘ldirishi kerak(mi?)
18:40
Aliment miqdori, chet elga chiqishga taqiqni olib tashlash, alimentni kamaytirish: aliment bo‘yicha muhim 10 ta qoida
11:14
Yangi stipendiya: miqdori 1 020 ming soʻm!