Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

To‘xmanbiy maqbarasi saqlab qolinadimi?

3.4.2024 205

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri

Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasida “To‘xmanbiy” nomi bilan ataluvchi qabriston mavjud. Bu yerda Islom diniga e'tiqod qiluvchi mahalliy aholi bilan birga boshqa din va millatga mansub kishilar ham dafn etilgan.

Qabriston hududida XVI-XVII asrlarda qurilgani taxmin qilinadigan To‘xmanbiy maqbarasi mavjud va shuning uchun mozorot shunday nomlangani aytiladi.

Xo‘sh, To‘xmanbiy kim bo‘lgan, nima uchun uning sharafiga maqbara qurilgan? Qabriston tarixi o‘rganilganmi? Maqbarachi? Muhofazaga olinganmi?

– Tumanimizdagi qabristonlar va qabrtoshlarini o‘rganish chog‘ida ushbu qadamjoga kelib, eski maqbaraning tarixi bilan qiziqib ko‘rdim, – deydi bizga bu haqda xabar bergan Pastdarg‘om tumanidagi maktab o‘qituvchisi Akmalxon Hamroyev. – Bu maqbara qozoq nayman urug‘ining taniqli kishilaridan biri To‘xmanbiyga tegishli ekanligini aytishdi. Haqiqatdan ham mazkur hududda nayman urug‘iga mansub aholi yashaydi. Bu joy dastlab Pastdarg‘om tumanining Nayman mahallasi qabristoni bo‘lgan. To‘xmanbiy ayrim tarixiy manbalarda yirik savdogar, urug‘ kattasi deb ta'riflansa, ba’zilarida sarkarda deyiladi. Menda bu haqda aniq ma'lumot yo‘q. Lekin maqbara Shayboniylar davri inshooti ekanligi aniq. Lekin afsuski, maqbara e'tibordan chetda qolgan va u haqda ma’lumotlar juda kam. Men bu haqda Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi mas'ullariga, o‘zim tanigan tarixchi olimlarga aytganman. O‘rganib ko‘ramiz, deyishgan. Ammo hozircha bu borada ishlar boshlanmagan.

Nayman mahallasida yashovchi yana bir ziyoli, shu hudud o‘tmishi bilan qiziquvchi Yaxshiboy Tojiboyev ham obida tarixi bilan qiziqib, ayrim ma’lumotlarni to‘plagani, lekin mukammal tadqiqot ishlarini olib borish uchun mutaxassislar ko‘magi zarurligini ta’kidladi. 

– Qishlog‘imiz oqsoqollari bu hududda qozoq nayman urug‘ining paydo bo‘lishini To‘xmanbiy nomi bilan bog‘laydilar, – deydi Yaxshiboy Tojiboyev. – Men bu bilan qiziqib, ayrim tarixiy manbalarni o‘rganganimda XX asr boshlarida Samarqandda yashagan tarixchi olim Manashe Abramovning “Samarqand qabristonlari” nomli asarida bu maqbara haqidagi ma’lumotlarni o‘qiganman. Kitobda qayd etilishicha, XVI asr boshlarida temuriylar davrida asos solingan janubiy-g‘arbiy darvoza Korizgoh tomonda o‘zbek xonlaridan bo‘lgan Shayboniy avlodidan Buxoro xoni Ubaydulloh II davrida naymanlarning “biya” urug‘i bu joyda juda katta obodonlashtirish ishlarini olib borgan. Bu joyda shaharga kirish oldidan katta karvonsaroy, savdo rastalari, toza suv olish uchun quduqlar, choyxonalar qurilgan. Chunki barcha karvonlar shaharga kirishdan oldin bu yerda to‘xtagan, maxsus ko‘riklardan o‘tgan va shaharga kirish uchun ruxsatnoma olgan. Bu haqda akademik I.Mo‘minov o‘zining “Samarqand tarixi” asarida ham ma'lumotlar bergan. Mening bobom va buvim o‘tgan asrning 60-70-yillarigacha maqbaraning tashqi tomonidagi sirli koshinlar saqlangani, maqbara gumbazi juda salobatli bo‘lgani va gumbazning tepasida sariq metal chuqmor borligini aytib berishgan. Maqbara peshtoqining sirli koshinlar bilan bezatilganini o‘zim ham ko‘rganman. Ichkarida esa yerto‘la qismida 3-4 ta qabrtosh bor edi. Afsuski, o‘sha paytda hududdan o‘tgan ariq bir necha bor toshib, qabristonni suv bosishi natijasida bu toshlar ko‘milib ketgan. Hozir yerto‘laga tushish ham imkonsiz bo‘lib qolgan, chunki maqbara devorlari ostigacha qabrlar paydo bo‘lgan. Samarqand viloyatida shu uslubda qurilgan bir nechta ziyoratgohlarni borib ko‘rdim, ular bir-biriga juda o‘xshash.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish