Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ILM-FAN

31.5.2025 1106

SIZ HAQINGIZDAGI YOLG‘ONLAR yoki Barnum effekti

Yoshlar orasida psixologiyaga qiziquvchilar soni ortmoqda.  Buni ijtimoiy tarmoqlardagi har 10 ta kontentdan kamida bittasi inson xarakteriga bog‘liqligidan bilsa bo‘ladi. “Siz haqingizdagi 5 ta fakt”, “Quyidagi do‘st turlaridan qaysi biriga kirasiz?”, “Falon filmdagi qaysi qahramon sizga mos tushadi?” kabi sizni so‘rovnoma oxirigacha borib, natijani bilishga undaydigan, so‘nggi javobni ko‘rganda esa yoqangizni ushlab, “xuddi mening o‘zim-ku” deyishgacha olib boradigan testlar bora-bora ishonchga kiryapti. Nahotki, 8 milliard odamning hammasiga mos keladigan savolnoma bo‘lsa yoki odamlar shunchalik aqlli bo‘lib ketganmi? Bunday testlar tarixi XIX asrga borib taqaladi. “Yer yuzidagi eng buyuk shou” nomli sirk truppasi Amerika bo‘ylab gastrol uyushtiradi. Uning tomoshalari kamyob hayvonlari-yu g‘aroyib odamlari va xavfli tryuklari bilan nom qozongan edi. Lekin tomoshabinlarning e’tiborini tortgani boshqa bir chiqish edi. Tomoshaning o‘rtasida sochiga oq tushgan, salobatli qariya chiqib, qo‘li bilan ko‘rsatgan odamlarining hayotini aytib bera olardi. Shou tamom bo‘lgandan keyin o‘sha odamlardan aytilgan fikrlar qanchalik to‘gri ekanligi so‘ralsa, “Aytganlarining barchasi chin” degan javob olinardi. Yer yuzidagi hamma odam haqida barcha narsani biladigan inson esa Finnies Barnum edi. Uning qilgan ishlari sizga sirli va aql bovar qilmas bo‘lib tuyulsa-da, oddiygina usul yordamida odamlarni chuv tushira olgan. Bir-biridan qiziqarli chiqishlar bilan chalg‘igan tomoshabinlarga shaxsiy bo‘lib tuyulgan, lekin ommaga mos keladigan gaplardan foydalanib ta’rif bergan. Masalan, “siz ichki dunyoyingizni ko‘pchilikdan yashirsangiz ham, ba’zi odamlarning oldida shaxsiyatingizni to‘liqligicha ocha olasiz” singari. Barnum inson psixologiyasini yaxshi tushungan, odamlarning umumiylikka to‘g‘ri keladigan tomonlarini ishonarli ko‘rinishda yetkazib bergan. Shu sababli ham 1956-yilda psixolog Paul Mehl o‘zining “Yaxshi retseptlar kitobi qidirilmoqda” degan kitobida yuqoridagi usulni “Barnum effekti” deya nomlagan. 1948-yilda esa Bertram R.Forer bu usulni tajribada qayta isbotladi. Forer o‘zining psixologiya yo‘nalishida o‘qiydigan talabalariga “Diagnostik qiziqishlar blanki” nomli test tarqatib, uni o‘zlariga to‘g‘ri qilib yechishni aytadi. Bir haftadan so‘ng test javoblarini tarqatib, ularni hech kimga ko‘rsatmasliklarini va yakuniy natija ularga qanchalik mos tushganini baholashlari haqida ko‘rsatma berdi. Lekin Forerning bergan hisobotlarining bari bir xil bo‘lib, ularni ertalabki “munajjimlar bashorati”dan yig‘ib kelgan edi: “Siz o‘zingizni tanqid qilishga moyilsiz”, “Tashqaridan tartibli va o‘zini nazorat qila oladigan bo‘lib ko‘rinsangiz ham, aslida ta’sirchansiz”, “Sizda hali foydalanilmagan katta salohiyat bor”, “Ba’zi paytlarda kirishimli, katta jamoalarda bo‘lishni xohlasangiz, boshqa vaziyatlarda esa kamgap va tortinchoqsiz”.  39 nafar talaba 0 dan 5 gacha bo‘lgan shkalada o‘rta hisobda testning aniqligini 4,3 deb baholagan. Tajribadan kelib chiqib, Forer buni ishonuvchanlik bilan bog‘ladi. Odamlar shunchalik oddiy tuzoqqa ham nega laqqa tushadi? Sababi: Odamlarga o‘z fikrlari va e’tiqodiga mos keladigan axborot kerak. Unday ta’riflarni qabul qilishi va ishonishi nistaban ancha tez va oson kechadi. To‘g‘ri kelmaganlarini esa shunchaki e’tiborga olmaydi. Savollardagi “Ba’zida...”, “...ga moyilsiz” kabi so‘zlar bilan chalg‘itib, fikrni o‘ziga nisbatan to‘g‘ri deb qabul qilishga undaydi. Misol tariqasida keltirilgan “Ba’zida siz o‘zingizga haddan tashqari ko‘p ishonasiz, lekin doim ham unday bo‘lmaydi” degan bayonotni 95 foiz odam o‘ziga tegishli deb qabul qiladi. Turli shaxsiyat testlarining savollari va variantlari mavhum va noaniq yozilgan bo‘ladi. Bu esa gapning ma’nosini o‘ziga mos qilib chiqarib olishingizga majburlaydi. Ya’ni odamlar test savollari va shaxsiy hayoti orasidagi tasodiflardan foydalanib, barchaga tegishli ma’lumotlarni o‘zlariga shaxsiylashtiradi, keyinchalik esa uni tasdiqlaydi. Insonlar tanqidni yomon ko‘radi. Shu sababli ham pozitiv ruhdagi, ijobiy gaplarga salbiylariga qaraganda ko‘proq ishonadi. Testni omma keng qabul qilinishi uni qanday qilib yetkazishga ham bog‘liq. So‘zlovchining tinglovchilarga qarata ishonch va kuchli intonatsiya bilan gapirishi, aslida yo‘nalishi boshqa lekin mashhur shaxsning tavsiyasi, so‘rovnomada qatnashgan odamlar soni va ular tarafidan qoldirilgan izohlarning ham ta’siri katta bo‘ladi. Barnum effektining ta’sir doirasi katta – siz uni faqatgina savolnomalarda uchratmaysiz, munajjimlar bashorati shu usul ustiga qurilgan. Buni motivatsion nutqlar va o‘z-o‘zini rivojlantirish kitoblarida ham uchratish mumkin. “Siz uchun maxsus”, “Avval ko‘rganlaringiz asosida” deya sizga taklif etiladigan mahsulotlar ham marketingda ushbu effektdan foydalanishdir. Bu effektning qurboniga aylanmaslik uchun tanqidiy fikrlashni rivojlantirish zarur. Umumiy va keng qamrovli ta’riflarni anglash va ularga shubha bilan qarash orqali odamlar ma’lumotlarni tahlil qila boshlaydi. Biron-bir testni ishlashdan avval faqat bir manbaga ishonib qolmasdan, turli ishonchli saytlardan qayta tekshirib ko‘rish, mutaxassis tavsiyasi bilan ish ko‘rish maqsadga muvofiq. Inson o‘zini bilishga intilishi e’tirofga loyiq. Lekin uning Barnum effektiga to‘la shaxsiyat testlari bilan noto‘g‘ri shakllanishi keyinchalik salbiy oqibatlar olib kelishi mumkin. Odam hali hayot ekan, rivojlanishdan, o‘zgarishdan to‘xtamaydi. Shu sabab uning to‘liq xarakterini, turmush tarzini ochib beradigan yagona savolnomaning mavjudligi haqiqatdan yiroq. O‘zlikni anglashga eng to‘g‘ri yondashuv malakali psixologlar bilan ishlash, hayot tajribalarini tahlil qilish va o‘z-o‘zini maqsadli kuzatishdir.

31.5.2025 1151

“Ichimdagi firibgar” – Imposter sindromi

Ba’zida o‘zingizni “Men bu muvaffaqiyatga loyiq emasman” deb his qilganmisiz? Yoki imtihonda yaxshi baho olsangiz ham, uni faqat omad deb o‘ylaganmisiz? Bu holat imposter sindromi deb ataladi – o‘z yutuqlarini qadrlay olmaslik va doimiy ravishda o‘ziga shubha bilan qarash. Bugungi kunda “imposter sindromi” atamasi ruhiy salomatlik, o‘zini anglash, shaxsiy muvaffaqiyat va ijtimoiy bosim haqida gap ketganda ko‘p eslatiladi. Biroq bu tushuncha birdaniga paydo bo‘lmagan — uning ortida ilmiy kuzatuv, ijtimoiy kontekst, va ayollarning jamiyatdagi o‘rniga oid chuqur tahlil yotadi. 1970-yillar Amerika — feminizm to‘lqini, ayollarning mehnat bozoridagi o‘sishi va gender rollariga qarshi kurash kuchaygan davr edi. Aynan shu jarayonda psixologlar Pauline Rose Clance va Suzanne Imes e’tiborini bir o‘ziga xos holat tortdi: ularning bemorlari orasida yuqori malakali, ko‘p yutuqlarga erishgan ayollar bo‘lsa-da, ular o‘zlarini “aslida bularning hech biriga loyiq emasman”, “meni haddan ortiq baholashyapti”, “tez orada meni fosh qilishadi” kabi fikrlar bilan qiynalayotgandilar. Clance va Imes bu kuzatuvni chuqurroq o‘rganishga qaror qilishadi va 1978-yilda o‘zlarining mashhur maqolasi —“The Impostor Phenomenon in High Achieving Women: Dynamics and Therapeutic Intervention”ni  ya’ni “Yuqori muvaffaqiyatga erishgan ayollarda firibgarlik hodisasi: dinamika va terapevtik aralashuv”ni chop etishadi. Mazkur maqola “Psychotherapy: Theory, Research & Practice” jurnalida e’lon qilinib, ilmiy hamjamiyatda katta siljish uyg‘otadi. Unda mualliflar bu sindromni asosan ayollarda kuzatilishini ta’kidlab, bu holat o‘z-o‘zini baholashdagi nomutanosiblik, ijtimoiy muammolar va bolalikdagi tarbiya bilan bog‘liq deb izohlaydilar. Atama o‘zida ikki kuchli ma’noviy yukni birlashtiradi: birinchisi — o‘ziga ishonchsizlik, ikkinchisi — fosh bo‘lish qo‘rquvi. Garchi sindromning dastlabki shakli ayollarga xos deb ko‘rilgan bo‘lsa-da, 1980-yilda bu holat erkaklar, talabalar, hatto taniqli olimlar va san’atkorlar orasida ham uchrashi isbotlandi. 1985-yilda Pauline Clance o‘zining “Clance Impostor Phenomenon Scale” (CIPS) — imposter sindromini o‘lchovchi psixologik testini ishlab chiqdi. Bu test orqali odamning o‘z yutuqlarini qanchalik inkor qilishi, o‘ziga ishonch darajasi va muvaffaqiyatni qanday qabul qilishi o‘lchanadi. 1990-yillarda imposter sindromi ustida ishlagan boshqa tadqiqotchilar — Harvey ve Katz (1985), Langford va Clance (1993) kabi olimlar bu sindromni ong osti darajasida shakllanadigan, ko‘p hollarda ota-ona tarbiyasi, o‘qituvchilarning bahosi, va jamiyatdagi mukammallikka bo‘lgan bosim bilan bog‘lashdi. Imposter sindromining 5 turi Valerie Young – imposter sindromini uzoq yillar o‘rganib, bu sindromga chalingan odamlar qanday fikrlashi va o‘ziga qanday talablar qo‘yishini tahlil qilib chiqqan psixolog. U o‘zining “The Secret Thoughts of Successful Women” (2011) kitobida imposter sindromining 5 asosiy turini aniqlaydi. Har bir tur – bu odamning o‘z yutuqlarini qanday inkor etishini va qaysi sohalarda o‘ziga nisbatan haddan tashqari talabchanligini ko‘rsatadi. Mukammallikni talab qiluvchi (The Perfectionist) Bu turdagi insonlar o‘zidan 100% mukammallik kutadi. Ular ishda eng kichik xatoni ham omadsizlik deb hisoblaydi. Yaxshi natija ham ularga yetarli emas – faqat “ideal” natija ularni qoniqtiradi. “Agar bu mukammal bo‘lmasa, demak, bu muvaffaqiyat emas.” Bu odatda kechikish, ishni ortiqcha cho‘zish (prokrastinatsiya), ruhiy charchash, va o‘ziga past baho berishga olib keladi. Ular doimo xatolikdan qo‘rqib, ishonch bilan harakat qila olmaydi. Tug’ma iqtidorli (The Natural Genius) Bu odamlar o‘zini aqlli, iste’dodli deb biladi, lekin bu salohiyat ularning nazarida tabiiy bo‘lishi kerak. Agar biror narsani tez va oson o‘rganolmasalar, bu ularning “aslida unchalik yaxshi emas”ligini anglatadi, deb o‘ylashadi. “Agar men bunga ko‘p vaqt sarflayotgan bo‘lsam, demak, bu menga to‘g‘ri kelmaydi.” Bunday odamlar yangi narsalarga kirishishga qo‘rqishadi, chunki muvaffaqiyat “mehnat bilan emas, tug‘ma iste’dod bilan” kelishi kerak, deb o‘ylashadi. Ular har qanday qiynalishni “meni bu yerga munosib emasman” degan ishonchsizlik bilan qabul qilishadi. Yakka bajaruvchi (The Soloist) Bu turdagi insonlar yordam so‘rashni kuchsizlik deb bilishadi. Ular: “Agar o‘zim mustaqil bajarmasam, bu mening muvaffaqiyatim emas,” deb hisoblaydi. Tashqi yordamsiz harakat qilishni ustun ko‘radi. “Agar yordam so‘rasam, odamlar mening haqiqatimni bilib qolishadi.” Bu turdagilar doim hammaning ishini o‘z bo‘yniga oladi, yordam so‘ramaydi, va natijada haddan ortiq yukni ko‘tarib charchab qoladi. Ular jamoada ishlashda qiynalishi mumkin. Mutaxassis (The Expert) Bu insonlar o‘zini “yeterli” deb his qilish uchun doimo ko‘proq bilim, ko‘proq tajriba talab qiladi. Ular har narsani o‘rganmasdan ishga kirishishni istamaydilar. “Hammasini bilmasam, ishga loyiq emasman,” degan fikrda bo‘lishadi. “Agar men hamma savolga javob bera olmasam, demak, bu yerda bo‘lishga haqqim yo‘q.” Ular doimiy o‘rganish holatida qolib ketadi, lekin hech qachon o‘zini tayyor his qilmaydi. Ish boshlashdan oldin ortiqcha tayyorgarlik ko‘rib, amaliyotdan ortda qolishadi. Superqahramon (The Superperson) Bu turdagi odamlar o‘zini isboti sifatida har sohada a’lo bo‘lishga harakat qilishadi – ishda, o‘qishda, do‘stlar bilan, oilada… Ular doimo o‘z ustida ishlaydi, dam olishga vaqt ajratmaydi va o‘zini ortiqcha bosim ostiga qo‘yadi. “Agar men eng zo‘r bo‘lmasam, demak men qiymatsizman.” Bu yo‘l oxir-oqibat ruhiy charchash, asabiylik va o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlikni kuchaytiradi. Ular muvaffaqiyatni faqat natija bilan emas, o‘zini qiynash orqali isbotlashga harakat qiladi. Valerie Youngning bu tasnifi shuni ko‘rsatadiki, imposter sindromi har kimda har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Kimdir mukammallik ortidan quvadi, kimdir o‘zini aqlli ko‘rsatishga urinadi, yana kimdir hech kimdan yordam so‘rashni xohlamaydi. Har bir tur o‘ziga xos ruhiy bosimni hosil qiladi. Shuni anglash muhimki, bu sindrom — bu zaiflik belgisi emas, balki o‘ziga yuqori talab qo‘ygan va muvaffaqiyatni chuqur his qilishni istagan insonlar orasida keng tarqalgan holatdir. Tashxisni to‘g‘ri qo‘yish va tan olish — undan chiqish yo‘lini topishning birinchi qadami. G‘arbda imposter sindromi: individualizm va raqobat muhitidagi shubhalar Imposter sindromi haqida ilk bor eshitganimda, bu atama menga juda begona tuyulgandi. O‘zini “haqiqiy emas” deb his qilish, yutuqlarini inkor etish — bunday tuyg‘ular har kimda bo‘lishi mumkin deb o‘ylagandim, lekin bu holatning G‘arbda shunchalik keng tarqalgani meni hayratga soldi. Ayniqsa, individualizm ustuvor bo‘lgan jamiyatlarda odamlar o‘zlarini doimiy ravishda boshqalar bilan solishtirishga majbur bo‘lishi — bu sindromning ildizlaridan biri, deb o‘ylayman. Shaxsan o‘zim ham ba’zida erishgan yutuqlarimga nisbatan “balki bu shunchaki omad sabab” yoki “boshqalar mendan kuchli” degan fikrlarni boshimdan o‘tkazganman, ammo bu o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik emas, balki raqobatbardosh muhitda o‘z o‘rningni topish qanchalik murakkabligini anglatadi, deb bilaman. G‘arbda har bir inson o‘zini “alohida” ko‘rsatishga harakat qilgani sari, u o‘zini jamiyatdan uzoqlashtirib, ichki kurashga tushib qoladi. Shu yerda imposter sindromi boshlangan ko‘rinadi. G‘arb dunyosida, xususan, AQSh va Yevropada imposter sindromining shakllanishi 20-asrning ikkinchi yarmida, ijtimoiy o‘zgarishlar va gender tengligi uchun kurashlar davrida ro‘y bergan. Bu davrda ayollar va boshqa marginal guruhlar (masalan, etnik ozchiliklar) oliy ta’lim va professional sohalarga tobora ko‘proq kirib kela boshlagan. Biroq, ular ko‘pincha o‘zlarini “o‘z o‘rnida emas” deb his qilishgan, chunki jamiyatda ularning muvaffaqiyatlari stereotiplarga zid edi. Imposter sindromi dastlab ayollar orasida keng tarqalgan deb hisoblangan, bunga sabab gender tengligi ya’ni ular professional sohalarda (masalan, akademiya, biznes, fan) o‘zlarini isbotlash uchun ko‘proq bosimga duch kelishgan,  hayotdagi o’rnini topish maqsadida qancha urinishmasin baribir jamiyatdagi ayrim insonlar tomonidan haqoratlanishgan ham. Masalan, 1970-yillarda ayollar universitetlarda professorlik lavozimlarida yoki korporativ rahbarlikda kamdan-kam uchragan, bu esa ularda o‘zlarini “layoqatsiz” deb his qilishiga olib kelgan. G‘arb jamiyatlari individual yutuqlarga urg‘u beradi. Bu esa odamlarni doimiy ravishda o‘zlarini boshqalar bilan solishtirishga va o‘z muvaffaqiyatlarini shubha ostiga olishga undaydi. Imposter sindromi aynan shunday raqobatbardosh muhitda rivojlanadi, chunki odamlar o‘zlarini “yetarlicha yaxshi emas” deb his qilishadi. 20-asrning o‘rtalarida psixologiya sohasidagi tadqiqotlarning rivojlanishi imposter sindromini aniqlash va tasniflashga yordamlashdi. Klans va Imesning tadqiqotlari bu holatni aniq nomlash va tahlil qilish imkonini berdi. G‘arb olimlari, psixologlari fikriga yuzlanadigan bo’lsak, Amerikalik psixolog Kevin Cokley, u imposter sindromining afro-amerikaliklar va boshqa etnik ozchilik guruhlari orasida qanday namoyon bo‘lishini o‘rgangan. Uning tadqiqotlari bu sindromning irqiy va etnik identifikatsiya bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Imposter sindromi AQShda turli ijtimoiy qatlamlarda tobora keng tarqalayotgan holat bo‘lib, ayniqsa yuqori talab qo‘yiladigan kasblar va raqobat kuchli muhitlarda uning ko‘rinishlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tibbiyot sohasi — bu borada eng ko‘p e’tibor tortayotgan sohalardan biri. 2020–2021 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, AQShdagi shifokorlar orasida imposter sindromiga xos belgilar keng tarqalgan. Bu mutaxassislar o‘zlarining bilim va tajribalariga qaramay, o‘zlarini “haqiqiy mutaxassis emas” deb his qilishlarini bildirganlar. Natijada bu ularning professional charchoqka tezroq duchor bo‘lishiga, ishga bo‘lgan qoniqish darajasining pasayishiga va hatto ruhiy tushkunlik holatlariga olib kelmoqda. Kasbiy mukammallik talabi ularni o‘z yutuqlarini e’tirof etmaslikka, xatolardan ortiqcha xavotirlanishga majbur qilmoqda. Yosh mutaxassislar orasida ham imposter sindromi keng tarqalgan. 2025-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, amerikalik professional ishchilarning 71 foizi hech bo‘lmaganda bir marta o‘zini “bu yerga loyiq emasman” degan tuyg‘u bilan yuzlashganini bildirgan. Ularning ko‘pchiligi bu holatni o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik va o‘zini past baholash bilan bog‘lagan. Yangi muhitda, ayniqsa raqobat kuchli joylarda o‘zini namoyon qilish bosimi ularni ruhiy jihatdan tahlil qilishga majbur qiladi, bu esa imposter sindromining asosiy belgilaridan biridir. Silicon Valley misolida, texnologik rivojlanishning eng oldingi saflarida turgan mutaxassislar ham bu sindromdan xoli emaslar. Innovatsiyalar doimiy yangilanib borayotgan sharoitda, texnologiya sohasidagi xodimlar o‘z bilimlari “yetarli emas” deb hisoblashlari mumkin. Bu ayniqsa dasturchilar, IT mutaxassislari yoki startap asoschilari orasida keng tarqalgan bo‘lib, ular o‘z tengdoshlaridan ortda qolib ketishdan qo‘rqib, o‘z yutuqlarini kam baholashga moyil bo‘ladilar. Har bir yangilik yoki muvaffaqiyat ortida yangi savollar, yangi talablar turadi, bu esa o‘z-o‘zini doimiy ravishda shubha ostiga olish holatini kuchaytiradi. Bugungi kunda Buyuk Britaniya jamiyatida bu sindrom jiddiy psixologik muammo sifatida ko‘rilmoqda. Ishchi kuchi orasida, ayniqsa ayollar va ijtimoiy jihatdan marginal guruhlar orasida bu holatning keng tarqalayotgani kuzatilmoqda. 2023-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi ishchilarning yarmi, ya’ni 50 foizi — o‘zlarida imposter sindromi belgilarini sezganini bildirgan. Bu raqam, raqobatbardosh mehnat bozorida inson o‘zini doimiy ravishda baholashga va solishtirishga majbur bo‘layotganidan dalolat beradi. Qizig‘i shundaki, bu his-tuyg‘ular ayollar orasida (54%) yanada kengroq tarqalgan. Ular o‘z yutuqlarini inkor etishga, o‘zlarini “haqiqatda bu lavozimga loyiq emasman” deb his qilishga moyil bo‘lgan. Bundan tashqari, LGBTQ+ jamoasi a’zolari orasida ham imposter sindromi sezilarli darajada uchraydi. Bu guruh vakillari ko‘pincha o‘z shaxsiyati va ijtimoiy qabulga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasida kurash olib borishadi, bu esa o‘zini tan olish va qadrlashga to‘sqinlik qiladi. Ta’lim sohasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Garchi Harvard universiteti AQShda joylashgan bo‘lsa-da, u xalqaro miqyosda, jumladan, britaniyalik talabalar ishtirokida ham o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslanadi. Tibbiyot va stomatologiya fakulteti talabalari orasida imposter sindromining keng tarqalganligi aniqlangan. Talabalarning, ayniqsa ayollarning, o‘z bilim va qobiliyatlariga shubha bilan qarashi, dars jarayonida o‘zini boshqalarga nisbatan pastroq his qilishi — bu muammoning naqadar jiddiyligini ko‘rsatadi. Ayol talabalarda ishonchsizlik, muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rquv va atrofdagilarning bahosiga haddan tashqari bog‘liqlik holatlari tez-tez uchraydi. Buyuk Britaniyada mavjud ijtimoiy tengsizlik, gender stereotiplari va yuqori raqobat bosimi — imposter sindromining rivojlanishiga zamin yaratadi. Odamlar muvaffaqiyatni ichki ishonch bilan emas, tashqi omillarga yoki “tasodifga” bog‘lab tushunishda davom etsa, bu holat keng miqyosda ruhiy salomatlikka ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Yuqori ijtimoiy barqarorlik, tenglik va sog‘liqni saqlash tizimining mukammalligi bilan tanilgan Shvetsiyada ham imposter sindromi muammosi e’tibordan chetda qolmagan. Ayniqsa, tibbiyot sohasida ta’lim olayotgan talabalar orasida bu holatning keng tarqalganligi 2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, shved tibbiyot talabalari o‘zlarini ko‘pincha “bu sohada bo‘lishga loyiq emasman” degan ichki shubha bilan qiynashadi. Bu holat ayniqsa ayol talabalar orasida ko‘proq uchraydi. Ular nafaqat o‘z bilimlariga shubha bilan qarashadi, balki akademik bosim va jamiyatdagi yuqori kutilmalar tufayli o‘zlarining psixologik barqarorligini yo‘qotish xavfiga ham duch kelishadi.  Imposter sindromi ularning psixologik chidamliligiga bevosita ta’sir qilmoqda — ya’ni stressga bardoshlilik pasayadi, o‘zini boshqalar bilan doimiy ravishda solishtirish hissi kuchayadi va ichki motivatsiya zaiflashadi. Garchi Shvetsiya jamiyati tenglik va ruhiy salomatlikni qadrlashga intilsa-da, yuqori raqobatli sohalar, ayniqsa tibbiyot fakultetida, talabalar orasida o‘z-o‘zini qadrlash muammolarini yuzaga keltirishi mumkin. Bu vaziyat shuni ko‘rsatadiki, eng ilg‘or deb hisoblangan ta’lim tizimlarida ham inson ruhiyati zaif nuqtalarda yordamga muhtoj bo‘ladi. Imposter sindromiga qarshi kurashish uchun nafaqat individual yondashuv, balki muhit darajasida ham sog‘lom qo‘llab-quvvatlash tizimlari zarur. O‘zini qadrlash madaniyatini rivojlantirish, ayniqsa yosh avlod orasida, bu sindromning salbiy oqibatlarini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. G‘arb mamlakatlarida-bu sindromning rivojlanishiga madaniy, ijtimoiy va tizimli omillar ta’sir qiladi. Olimlar bu holatni yengish uchun psixologik maslahatlar, kognitiv-behavioral terapiya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni tavsiya etishadi. Sharqda imposter sindromi: kollektivizm va ijtimoiy bosimning ta’siri Sharq jamiyatlarida ulg‘aygan inson sifatida imposter sindromi haqida o‘ylaganimda, bu holat faqat G‘arbga xos emasligini anglayman. Balki biz buni boshqa nom bilan atamaymiz, lekin “yashirincha” o‘zini past baholash, o‘z yutuqlariga nisbatan e’tiborsizlik — bular bizga ham tanish holatlar. Ayniqsa, ijtimoiy me’yorlar va kollektiv fikr kuchli bo‘lgan jamiyatda o‘zini “yetarli emas” deb his qilish juda ham tabiiy holga aylanib qolgan. Jamiyatda eng ko‘p o‘ylantiradigan narsa — bu atrofdagilarning kutganlariga javob bera olmaslik qo‘rquvi. Bizda ko‘pincha insonning yutuqlari o‘zidan ko‘ra boshqalarning bahosiga bog‘liq: ota-onaning faxri, ustozlarning ishonchi, jamoaning roziligi. Shaxsiy muvaffaqiyatlar ham ko‘pincha bu mezonlarga bog‘lab o‘lchanadi. O‘z vaqtida men ham qandaydir yutuqqa erishganimda, ichimda “ha, bu oddiy narsaku”, deb uni qadrlamaslik holatini ko‘p marta boshdan kechirganman. Sharqda imposter sindromi ko‘pincha sukutda yashaydi. Uni ochiq gapirish odat tusiga kirmagan, aksincha, inson o‘zini “kamtar” ko‘rsatishga intiladi. Ammo bu kamtarlik ortida ko‘p hollarda noaniqlik, ishonchsizlik va psixologik bosim yashirinadi. Ayniqsa, yoshlar orasida bu holat kuchli seziladi: ular har tomonlama “mukammal” bo‘lishga harakat qilishadi — yaxshi o‘quvchi, yaxshi farzand, yaxshi fuqaro. Xususan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va O‘rta Osiyo kabi mamlakatlarda imposter sindromining shakllanishi G‘arbdan farqli ravishda ko‘proq kollektivistik madaniyat va ijtimoiy ierarxiyaga bog‘liq. Sharq madaniyatlarida shaxsiy yutuqlardan ko‘ra jamoaviy muvaffaqiyat va ijtimoiy roldagi moslashuv muhim hisoblanadi. Sharq jamiyatlarida shaxs jamoaning bir qismi sifatida baholanadi. Bu esa odamlarni o‘z yutuqlarini shaxsiy emas, balki jamoaviy harakat sifatida ko‘rishga undaydi. Natijada, ular o‘zlarining shaxsiy hissalarini past baholashlari mumkin. Ba’zan jamoaviy yutuqlarda “mening hissam yo’q, shunchaki jamoa soniga turib berdim” degan o’ylovlar ularni qiynashi mumkin. Xitoy va Janubiy Koreyada ta’lim va karyera sohasida ota-onalar, o‘qituvchilar va jamiyat tomonidan qo‘yilgan yuqori talablar imposter sindromini kuchaytiradi, ya’ni yuqori ijtimoiy bosim. Masalan, talabalar o‘zlarini “yetarlicha yaxshi” deb his qilmasliklari mumkin, chunki ulardan doimiy ravishda eng yuqori natijalar kutiladi. Sharq madaniyatlarida kamtarlik yuqori baholanadi. O‘z yutuqlarini oshkora e’tirof qilish ko‘pincha “mag‘rurlik” sifatida qabul qilinadi. Bu esa odamlarni o‘z muvaffaqiyatlarini shubha ostiga olishga olib keladi. Sharqda imposter sindromi ko‘pincha “ijtimoiy yuzni saqlash” (face-saving) bilan bog‘liq. Masalan, Yaponiyada “tatemae” (ommaviy imidj) va “honne” (haqiqiy his-tuyg‘ular) o‘rtasidagi farq imposter sindromini yanada murakkablashtiradi. Odamlar o‘zlarining ichki shubhalarini yashirishga majbur bo‘lishadi, bu esa psixologik stressni oshiradi. O‘rta Osiyoda, masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar orasida imposter sindromiga o‘xshash ruhiy bosimlar tobora ko‘payayotgani sezilmoqda. Bu holat ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda yashayotgan “sun’iy(baxtli) hayot” ko‘rinishlari ortidan kelmoqda. Bugun 17 yoshli bola yoki qiz birinchi avtomobilini xarid qilib, uni blog tarzida ko‘rsatadi — bu o‘z-o‘zidan yomon emas, lekin buni hamma ham to’g’ri hazm qilmayapti. Masalan, kimdir oilasining ko‘magida yoki boshqa imkoniyatlar orqali qandaydir moliyaviy erkinlikka erishgan bo‘lishi mumkin. Biroq ekran ortida turgan o‘smir bu vaziyatni boshqacha qabul qiladi: “U 17 yoshida mashinada yurgan, men esa hali hech narsaga erishmaganman”, degan ichki shubha vujudga keladi. Bu esa asta-sekin imposter sindromi singari o‘zini past baholash, noto‘g‘ri solishtirish va o‘z hayotidan norozilikka olib keladi. Yana bir xavfli jihati shundaki, ba’zi tengdoshlar aynan shu mashhurlik va e’tibor uchun rol o‘ynay boshlashadi. Ular o‘zlarini “baxtli”, “boy”, “muvaffaqiyatli” ko‘rsatishga harakat qilishadi — aslida bu holat o‘zligidan uzoqlashish, yolg‘on imidj ortidan quvish degani. Natijada ichki muvozanat izdan chiqadi. Ko‘zga tashlanish uchun yashash — bu ruhiy salomatlikka eng katta zarba. Yoshlarni tushunsa bo’lar, ammo o’smirlarchi? 10-11-sinf o’quvchilari, xususan, ularning tengdoshlari Xalqaro til sertifikatini yuqori ko’rsatkichga topshirsa, SAT sertifikatini qo‘lga kiritsa yoki muddatdan oldin oliy ta’lim muassasasiga davlat granti bilan qabul qilinsa, ularda bu sindrom yanada kuchayadi va “Mening ham qo’limdan kelarmikan”, “Kirolmasam nima bo’ladi, hamma ustimdan kuladi-ku!” degan o’y-hayollar ularning ich-etini kemira boshlaydi Mahalliy madaniyatda “uyat” tushunchasi va ota-onalarning yuqori umidlari yoshlarni o‘zlarini doimiy ravishda yetarlicha yaxshi emas deb his qilishga olib keladi. Imposter sindromi bilan qanday kurashish mumkin? O‘z vaqtida men ham o‘zimni qandaydir muvaffaqiyatga erishganimda chin dildan quvonishni emas, balki ichimda “bu omad edi”, “boshqalar mendan yaxshiroq” degan shubhali ovozlarni eshitishni odat qilib olgan edim. Hatto eng yaxshi ishlarga ham boshqalar e’tirof bildirganda, o‘zimni u yerga loyiq emasdek his qilardim. Hozir o‘ylasam, bu sindromining eng aniq belgilaridan biri ekan. Endi bu holat bilan kurashishni o‘rganganim sayin tushundimki: o‘zimizga nisbatan adolatli bo‘lishni o‘rganmasak, ichki ishonch hech qachon mustahkamlanmaydi. Quyida imposter sindromi bilan ongli ravishda kurashish uchun samarali deb hisoblangan va vaqt davomida sinalgan 5 ta asosiy tavsiya: O‘z holatingizni tan oling — bu zaiflik emas, ongli yondashuvdir Imposter sindromi — bu har qanday inson boshdan kechirishi mumkin bo‘lgan psixologik holat. Uni tan olish — o‘zingizni ayblash emas, aksincha, bu muammo ustida ishlashga tayyor ekanligingizni bildiradi. O‘z shubhalaringizni inkor etish o‘rniga, ularga yuzlaning. Masalan, “men bu natijaga erishdim, lekin o‘zimga ishonmayapman, nega?” — degan savolni o‘zingizga bering. Bu savol sizni chuqurroq tahlilga va muammoning ildizini anglashga boshlaydi. Yutuqlaringizni yozib boring — siz erishgan narsalar haqiqatdan muhim Ko‘p hollarda biz yutuqlarimizni arzimasdek ko‘ramiz, xuddi ular o‘z-o‘zidan yuz bergandek, ammo bu noto‘g‘ri qarash. Har qanday kichik g‘alaba — mehnat va harakat natijasi. Shuning uchun har kuni yoki har hafta erishgan biror natijangizni yozib boring. Bu oddiy “bugun prezentatsiyani ishonch bilan o‘qib berdim” degan yozuv bo‘lishi mumkin. Oradan vaqt o‘tgach, shu ro‘yxatga qaytganingizda, siz o‘zingizga nisbatan boshqacha ko‘z bilan qaraysiz. Ichki tanqidchini tan oling va uni “yolg‘onchi” sifatida fosh eting Har birimizning ichimizda bizni doimiy ravishda pastga tortuvchi ovoz bor. “Sen bunga loyiq emassan”, “ular xatolik qilib seni tanlashgan” — kabi fikrlar shu ichki tanqidchiga tegishli, ammo shu gaplarning qaysi biri faktlarga asoslangan? Har gal ichki tanqidchi ovoz berganida, o‘zingizdan so‘rang: “Bu haqiqatmi yoki faqat men o‘ylayotgan shubha xolosmi?” Vaqt o‘tgan sayin bu ovoz ustidan nazorat qilish osonlashadi va siz bu ichki tanqidchining hamma gaplariga ishonmaslikni o‘rganasiz. O‘z yo‘lingizni boshqalar bilan solishtirmang — har kimning vaqti va yo‘li boshqa Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda eng kuchli ta’sir manbai bo‘lib qoldi. Boshqalarning muvaffaqiyati sizning ustingizga bosim sifatida tushayotgan bo‘lsa, demak siz o‘z yo‘lingizdan chalg‘imoqdasiz. Esingizda bo‘lsin: kimdir 22 yoshida karerasida cho‘qqiga chiqadi, boshqasi esa 35 yoshida. Muhimi — siz o‘zingiz uchun to‘g‘ri bo‘lgan ritmda harakat qilayotganingizni anglash. O‘z salohiyatingizni solishtirish orqali emas, rivojlantirish orqali oching. Sog‘lom muloqot qiling va kerak bo‘lsa, yordam so‘rashdan uyalmang Ko‘pchilik imposter sindromi haqida gapirishni istamaydi, chunki bu ularni “zaif” ko‘rsatadigandek tuyuladi. Aslida, aksincha — his-tuyg‘ularingiz haqida ochiq gaplashish sizni kuchli inson sifatida ko‘rsatadi. Do‘stlaringiz, o‘qituvchilaringiz yoki psixolog bilan suhbatlashing. Hatto, shunchaki sizni tushunadigan bir inson bilan dildan suhbat qurishning o‘zi ham yengillik keltiradi. Yordam so‘rash bu taslim bo‘lish emas, bu o‘zgarishga tayyorlik belgisi. Imposter sindromi yurakda va ongda yashovchi jim ovozdir. U sizni o‘zingizni tan olishdan, yutuqlaringizdan quvonishdan to‘xtatishga urinadi. Lekin uni jim qilish o‘z qo‘lingizda. Har kuni o‘zingizga halol qarang, shubhalaringizga qarshi dalillar bilan yondashing va har bir kichik yutuqni tan olishni o‘rganing. Chunki haqiqiy ishonch tashqi e’tirofdan emas, ichki qoniqishdan boshlanadi. Imposter sindromi G‘arbning raqobatbardosh muhitida ham, Sharqning kollektivistik jamiyatlarida ham millionlab odamlarning hayotiga ta’sir qiladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, AQShda o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, 70% ga yaqin odamlar hayotlarining qaysidir bosqichida o‘zlarini “soxta” deb his qilishgan (Clance, 1985). Sharqda, masalan, Janubiy Koreyada talabalarning 60% dan ortig‘i o‘z yutuqlarini omadga bog‘lab, o‘zlarini yetarlicha malakali deb his qilmasliklarini aytishgan (Kim & Lee, 2020). O‘zbekistonda ham yosh avlod orasida o‘ziga ishonchsizlik va ijtimoiy bosim tufayli imposter sindromi keng tarqalmoqda. Ammo bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, siz yolg‘iz emassiz! Dunyoning istalgan burchagida – xoh u G‘arbning gavjum shaharlaridagi ofislar bo‘lsin, xoh Sharqning sinchkov ta’lim muassasalarida – millionlab odamlar siz bilan bir xil his-tuyg‘ularni boshdan kechirmoqda. Imposter sindromi sizning qobiliyatingizning chegarasi emas, balki insoniy tajribaning bir qismidir. O‘zingizga ishonchni mustahkamlash uchun kichik qadamlar tashlang: yutuqlaringizni yozib boring, o‘ziga xos kuchli tomonlaringizni e’tirof eting va o‘zingizni boshqalar bilan solishtirishdan voz keching. G‘arbda bo‘lsangiz, shaxsiy yutuqlaringizni nishonlashni o‘rganing; Sharqda bo‘lsangiz, jamoaviy muvaffaqiyatda o‘z hissingizni qadrlang. Eng muhimi, o‘z yo‘lingizda davom eting – chunki siz o‘z o‘rningizda ekansiz va bu o‘rinni faqat siz to‘ldira olasiz.

27.5.2024 7203

Inson Yerdan boshqa sayyoraga borsa, qarib ketadimi?

Insonning yoshi bir sayyoradan boshqa sayyoraga o‘tganda o‘zgaradi yoki boshqa sayyoraga o‘tsang, qariysan yoki, aksincha, yosharasan degan so‘zlarni eshitamiz. Aslida ham shunday. Biz Yer sayyorasida odam yoshini o‘lchashda vaqtning yil birligidan foydalanamiz. Har qanday sayyoraning o‘z o‘qi atrofida bir marta to‘la aylanishi uchun ketgan vaqt sutka deyiladi. Masalan, Yer uchun bir sutka 23 soat 56 daqiqa 4,9 soniyaga (24 soat) teng. Sayyoralarning markaziy jism atrofida (barcha sayyoralar uchun markaziy jism - Quyoshdir) bir marta to‘la aylanishi uchun ketgan vaqt yil deb aytiladi. Yer Quyosh atrofini 365 sutka 5 soat 48 minut 46 sekundda bir marta to‘la aylanadi va bu Yer uchun bir yildir. Sayyoralarning Quyosh atrofida aylanish davrlari har xil. Agar sayyora Quyoshga qancha yaqin bo‘lsa, ular orasida tortishish kuchi katta, shuning uchun sayyoraning Quyosh atrofida aylanish tezligi katta, bu esa yil davomiyligining qisqaligini anglatadi. Aksincha, sayyora Quyoshdan qanchalik uzoq bo‘lsa, u holda ular orasidagi tortishish kuchi kichik, shuning uchun sayyoraning Quyosh atrofida aylanish tezligi ham kichik bo‘ladi. Bu esa yil davomiyligining katta ekanligini bildiradi. Masalan, Merkuriy Quyosh atrofini 88 Yer sutkasida aylanadi. Demak, 88 Yer sutkasi Merkuriy uchun bir yilga teng ekan. Bundan Yer sayyorasidagi 20 yoshli kishining Merkuriy sayyorasi uchun yoshini hisoblasak, 83 Merkuriy yiliga teng. Biz quyida Quyosh sistemasidagi barcha sayyoralar uchun Yerdagi 25 yoshli kishining yoshini hisoblaymiz.     Ko‘rinib turibdiki, odam Quyoshga yaqin sayyoralarda yoshi kattalashadi (qariydi), Quyoshdan uzoq sayyoralarda esa yoshi kamayadi (yosharadi).

27.2.2024 7978

"Aqlli mamlakatlar" reytingi: O'zbekiston 80-o'rinni egalladi

International IQ test portali tomonidan 2023-ylgi reyting e'lon qilindi. Aniqlanishicha, Janubiy Koreya, Xitoy va Eronda yashovchi odamlar eng yuqori IQ darajasiga ega. Oʻzbekiston 80-o'rinda qayd etilgan. Natijalar nimaga asoslangan? Qayd qilinishicha, IQ test reytingi International IQ test portali orqali ixtiyoriy testdan o‘tgan odamlarning natijalariga asosan tuzilgan. 2023-yilgi hisobotga ko‘ra, 115 mamlakatdan qariyb 1,7 mln kishi bu testni topshirgan. Insonning o‘rtacha IQ darajasi 100 ballni tashkil qiladi. 100 dan yuqori qiymatlar o‘rtachadan yuqori, 100 dan past qiymatlar o‘rtachadan past deb hisoblanadi. IQ darajasi 70 balldan past bo‘lsa, aqliy zaiflik mavjudligini ko‘rsatadi. 2023-yilgi IQ darajasi reytingi quyidagicha: 1.Janubiy Koreya: 107,54 ball2.Xitoy: 106,99 ball3.Eron: 106,84 ball4.Yaponiya: 106,18 ball5.Singapur: 106,18 ball6.Avstriya: 102,71 ball7.Kanada: 102,6 ball8.Germaniya: 102,36 ball9.Sloveniya: 102,31 ball10.Mo‘g‘uliston: 102,3 ball 64. Qozog‘iston: 97,26 80. O‘zbekiston: 94,81 89. Qirg‘iziston: 93,46 97. Tojikiston: 92,1 Ro‘yxatning eng oxirida Gabon, Kongo, Angola, Kongo DR, Kot-d’Ivuar, Nikaragua va Gvatemala kabi davlatlar joy olgan.

24.2.2024 7561

Pullimi yoki pullik?

Bu savolga javob topish uchun -lik va -li qo‘shimchalari haqida tushunchaga ega bo‘lishimiz kerak.  -lik affiksi mavhum ot yasaydi. Maktabda o‘qigan bo‘lsangiz, ot so‘z turkumi kim? va nima? so‘roqlariga javob bo‘ladi. -li affiksi egalik belgisini bildiruvchi sifat yasovchilardan sanaladi. Maktab davriga qaytib, sifat so‘z turkumi qanday? va qanaqa? savollariga javob berishini eslaymiz. Endi savol: pulli (pullik) xizmat jumlasida birinchi so‘z o‘rniga so‘roq so‘z qo‘yib ko‘ring: — Qanday (qanaqa) xizmat? — Nima (kim) xizmat? Demak, bu holatga mantiqan qanday? so‘zi to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, shunga muvofiq sifat yasovchi qo‘shimchadan foydalanishimiz kerak. Sifat yasovchi qo‘shimcha esa -lik emas, -li! Demak: Pullik xizmat ❌ Pulli xizmat ✅

23.1.2024 7721

Har bir inson – noyob dastxat egasidir!

Navoiyning dastxatini ko‘rganmisiz? Alisher Navoiy bobomizning o‘z qo‘llari bilan tuzatishlar kiritgan bir noyob kitob qo‘lyozmasi bugungi kunda Toshkent shahrida yashovchi olim, tarix fanlari doktori Haydarbek Bobobekovda saqlanadi. Tarixchi olim bilan ayni mavzuda suhbat ushtirgan O‘zA muxbiri ma’lumotiga qaraganda, bu kitob – Navoiy iltimosiga ko‘ra Jomiy tomonidan hijriy 883-yilda bitilgan “Nafahot ul-uns” asaridir. Mashhur allomalar hayotidan ma’lumotlar beruvchi ushbu qo‘lyozmani Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o‘z qo‘llari bilan ushlagan va tuzatishlar kiritgan. Shuningdek, 1991-yili Toshkentda chop etilgan “Navoiy dastxati” nomli kitobda bu mavzuda juda muhim ma’lumotlar taqdim etilgan. Kitobni nashrga tayyorlagan va so‘zboshi yozgan taniqli navoiyshunos olima Suyima G‘aniyevaning qayd etishicha, Alisher Navoiyning tabarruk dastxati aks etgan nodir qo‘lyozma asar Tehronda saqlanadi. Ana shu dastxat mikrofilmi Navoiy hazratlarining 550 yilligi arafasida Toshkentga keltirilib, mazkur kitob orqali jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan. XXI asr – shiddat bilan globallashayotgan dunyo, jadal axborotlashayotgan jamiyat va hayotimizdan chuqur o‘rin olayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davrida nimaki yozadigan bo‘lsak, qo‘l telefoni, smartfon, noutbuk va kompyuterlarning qulay imkoniyatlaridan unumli foydalanishga nihoyatda o‘rganib qoldik. Bu boradagi ko‘nikmalarimiz shunday darajaga yetdiki, endilikda hatto “dastxat” so‘zi nimani anglatishi ham esimizdan chiqib bormoqda. Dastxat (inglizcha: handwriting) – shaxsning  o‘z  qo‘li  bilan  yozgan  yozuvi, asl qo‘lyozma degan keng ma’nolarga ega. Ammo, bugungi kunda ko‘pchiligimiz ushbu so‘zni asosan “muallif imzosi” ma’nosida tushunamiz va qo‘llaymiz. Har bir inson – noyob  dastxat  egasidir. Shu ma’noda, butun dunyoda “Dastxat kuni” nishonlanishining eng muhim sababi barchamizga o‘zimizning ana shu betakror qobiliyatimizni amalda qo‘llab turish zarurligini eslatishdir. Bu o‘ziga xos bayram Yozuv ashyolarini ishlab chiqarish  assotsiatsiyasi (Writing Instrument Manufacturers Association, WIMA) tashabbusi bilan ta’sis etilgan. Darvoqe, xuddi shu sanada, ya’ni 1737-yil 23-yanvarda tavallud topgan amerikalik atoqli davlat arbobi Jon Xenkok AQSh Mustaqillik deklaratsiyasiga birinchi bo‘lib o‘z dastxatini bitgan. Har bir dastxat zamirida uni bitgan inson mansub millat va xalqning yozuv madaniyati an’analari mujassamdir. Yozuv – kishilik  jamiyati madaniy taraqqiyotining tom ma’nodagi ibtidosi, bashariyatning uzoq va murakkab tadrijiy takomili jarayonida erishilgan eng asosiy samaralardan biridir. Dastxat va til o‘rtasida uzviy bog‘liqlik ham, muayyan farqlar ham bor. Xususan, tovush tili – og‘zaki nutq bundan 400-500 ming yillar ilgari yuzaga kelgan bo‘lsa, yozuvning tug‘ilganiga 4-5 ming yillar bo‘lgan, demakki yozuv tildan ancha keyin yaratilgan. Gap shundaki, og‘zaki nutq zamon va makon nuqtai nazaridan cheklangandir. Insoniyat tovushning uzoq masofalargacha yetib bormasligi va muayyan vaqtga qadar saqlanib turmasligi muammosini bartaraf etish uchun izlanishlar olib borishi tufayli daho kashfiyotni qo‘lga kiritgan – avval belgilar, so‘ng harflardan iborat yozuvni ixtiro etgan. Olis tarixda xalqlarning davlat sifatida birlashuvi nutqiy aloqa doirasini kengaytirgan: ishlab chiqarish va savdo hajmi ortgan, turli xalqlar va davlatlar bilan harbiy, siyosiy va boshqa sohalarda shartnomalar tuzishga o‘tilgan; qonunlar paydo bo‘lgan va mustahkamlangan; diniy qarashlar va mafkuraning turfa ko‘rinishlari shakllangan;  xalqlarning o‘z tarixini bilishga ehtiyoji kuchayib borgan. Bularning barchasini faqat og‘zaki nutq vositasida amalga oshirish mumkin bo‘lmagan va ana shunday dolzarb bir tarixiy sharoitda yozuv tom ma’noda zaruriyatga aylangan. Ayniqsa, insoniyat qo‘lga kiritgan tajriba va bilimlarni saqlash hamda avlodlarga yetkazishda yozuvning ahamiyati beqiyos. Qanchadan-qancha kashfiyotlar, so‘z san’ati durdonalari va o‘ta qimmatli ma’lumotlar avlodlardan-avlodlarga aynan yozuv orqali yetib kelayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Tabiiyki, inson aqli yozuvday mukammal aloqa vositasini kashf qilguncha uzoq izlangan. O‘z navbatida,  yozuv bugungi shaklini olgunga  qadar  olis va  murakkab  tadrijiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Bunda rasmli yozuv – piktografiya, soha mutaxassislarining fikricha, yozuv yaratish  yo‘lidagi  birinchi  qadam  bo‘lgan. Shuning uchun ham, dunyo tillarining aksariyatida uchraydigan «yozmoq» ma’nosidagi so‘zlar etimologiyasida asosiy mazmun rasm chizish  jarayoni  bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Jumladan, qadimgi turkiy tillarda «yozmoq» tushunchasi «bit(i)moq» fe’li («bitik» — yozuv, kitob) bilan ifodalangan. Bu fe’lning o‘zagi xitoycha  «bi»  (mo‘yqalam)  so‘ziga borib taqaladi va dastlabki  ma’nosi «o‘ymoq,  o‘yib  bezamoq»,  undan  keyin «yozmoq»  demakdir.  Haqiqiy  ma’nodagi yozuv tizimlari dastlab Qadimgi Sharqda vujudga kelgan. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari, jumladan, o‘zbek xalqi turli yozuvlardan foydalangan. Bular – avesto, pahlaviy, o‘rxun-yenisey  (runik), turkiy (uyg‘ur), so‘g‘d, arab, kirill, lotin yozuvlaridir.  Alifbo – yozuvning asosini tashkil etadi. Tinish belgilari va  boshqa yozma belgilar ham yozuvning unsurlari hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, yuksak takomillashtirilgan  alifbodagi bir harf muayyan bir tovushni ifodalashi, bir tovush muayyan bir harf bilan ifodalanishi lozim. Ammo dunyoda bunday tugal alifbo yo‘q. Ana shunday  ma’nodagi  alifboga fin alifbosi birmuncha yaqinlashadi, lekin baribir u ham to‘liq emas. Hatto hozirgi ingliz, fransuz va boshqa tillar alifbolari bunday mukammallikdan yiroq. Bu holat dunyo tillarining barchasida xilma-xil va juda ko‘plab yozuv va imlo qoidalarining ishlab chiqilishiga sabab bo‘lgan. Avvalo, dunyodagi hozirda mavjud alifbolarning deyarli  hammasi ham mustaqil va tegishli til xususiyatlarini to‘liq hisobga olgan  holda  yaratilgan emas. Ko‘pchilik xalqlar boshqa til yozuvini o‘z tillariga imkoniyat darajasida  moslashtirish yo‘li bilan o‘z yozuvlarini yaratgan. O‘z navbatida, odamlar til xususiyatlariga yanada moslashtirish uchun yozuvga turli o‘zgartirishlar kiritadi, ayni sohada islohotlar qiladi, bir yozuv tizimini boshqasi bilan almashtiradi. Bu haqda so‘z borganda, xalqimiz asrlar davomida arab alifbosidan foydalanib  kelgani, 1923-1926-yillarda ushbu yozuvni o‘zbek tili tovush qurilishini to‘laroq ifodalashga moslashtirish maqsadida bir qator harfiy o‘zgartirishlar  kiritilganini qayd etish lozim. Shundan so‘ng O‘zbekistonda 1929-yildan lotin yozuvi asosidagi  o‘zbek  alifbosiga  o‘tilgan, 1940-yildan esa yurtimizda kirill  yozuvi  joriy etilgan. Xalqimiz mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston parlamenti 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilgan va keyingi davrda bir necha bor o‘zgartirishlar kiritilgan qonunga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish jarayonlari davom etmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, dunyodagi alifbolarning hammasida ham harflar soni tegishli tildagi tovushlar (fonemalar) soniga nisbatan kamdir. Bu hol, albatta, yozuvni o‘zlashtirishni  osonlashtiradi. Shuning uchun alifbolardagi asosiy tamoyil – undagi harflar sonini  ko‘paytirish  emas. Aristotel insonning dastxati va dunyoqarashi o‘rtasida bog‘liqlik borligini qayd etgan. Binobarin, necha ming yillik yozuv tarixi taraqqiyoti davomida, jumladan, dastxati orqali ham insonning fe’lini bilishga harakat qilib kelingan. Zero, dastxatlar – o‘z sohiblarining mijozi va tabiati, bilimi va dunyoqarashi, didi va ta’bi darakchilari hamdir. Bu o‘rinda fransiyalik abbat Jan Ippolit Mishoner «grafologiya» (ya’ni, dastxatshunoslik) atamasini 1875 yili ilk bor qo‘llaganini va ayni shu tushuncha insonning dastxati asosida ruhiy olamini tadqiq etishga oid bilimlar sohasini ifoda etishiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Qolaversa, o‘sha davrlarda grafologiya nazariyasini  yaratishda nemis faylasufi va ruhshunosi Lyudvig Klages ulkan hissa qo‘shgan. Atoqli tarjimashunos olim G‘aybulloh as-Salom ta’biri bilan aytganda, “Birovga xat yozish botiniy ruhiy ehtiyojdan tug‘iladi. Bu judayam o‘ziga xos dil izhoridir. Maktubnavislik o‘zi bir san’at. Insho, munshaot ham ijod. Abdurahmon Jomiy hamda Alisher Navoylarning bir-birlariga va boshqa buyuk insonlarga yozgan maktublari nihoyatda nozik va zarif, nuktadonlik va mehribonlik tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan. Biz bu singari hazrati insonlardan ular yozib qoldirgan nafis, go‘zal badiiy asarlari uchungina emas, balki bir-birlariga yozgan nomai a’mollari, xatlari, bularni jamlab borganlari va maxsus majmua holiga keltirib, biz avlodlarga tuhfa etib qoldirganlari uchun ham toabad minnatdor bo‘lishimiz darkor”. Zero, “xat, maktub, noma shunchaki bir shaxsning boshqa bir shaxsga bitgan dil izhorigina emas. Yoki faqat shuning o‘zi emas. Aslida, bu katta, qamrovdor va zalvorli, murakkab va ziddiyatli mushtarak muammodir. Bu ma’noda, olaylik, Alisher Navoiyning "Xamsa"day bir salmoqdor Beshligi ham o‘ziga xos bir "xat". Buyuk Navoiyning dastxati. O‘z xalqiga – dil izhori. O‘z tilida – turkiyda mustaqil, fasih va sahih "xat yozish" mumkinligini isbotlash uchun bunyod etilgan shukuhli adabiy-tarixiy shahodatnomadir”. Darvoqe, Ustozning o‘zlari ham juda go‘zal dastxat sohibi bo‘lganlar. O‘zbekiston Qahramoni, mohir tarjimon, adabiyotshunos olim va adib Ibrohim G‘afurov ta’kidlaganidek, “G‘aybulla Salomovning juda ko‘p maqolalari, risolalarini qo‘lyozmada o‘qiganman. Hech kim shunday emas. U qo‘lyozmalarini noyob bir husnixat bilan yozardi. Turli rangdor qalam, flomasterlar bilan ularga ishlov berar, sarlavhalar, bosh harflarni alohida qunt va ixlos bilan bezatardi. Uning qo‘lyozmalarini san’at asari kabi tomosha qilib, varaqlab o‘tirishni yaxshi ko‘rardim. Uni olimdan ko‘ra ko‘proq kalligrafga o‘xshatardim. Bu noyob san’at unga qaerdan, tabiatning qay mo‘jizakor yeridan tortiq etilganligi ustida o‘ylardim. Ota-bobolarida bo‘lmasa farzand qo‘lida nodir chiziqlar qaerdan tug‘ilsin?” Ibrohim akaning yana bir e’tirofini keltiraman: “Ha, G‘aybulla akaning nodir qo‘lyozmalarini tomosha qilib o‘tirar va bu yozuv egasining qalbi ham shunday go‘zal, qo‘li ham shunday suluv ham pokiza bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Husnixat go‘zalligi qalb go‘zalligidan birinchi darak beradi deb grafologiyada o‘qigan edim”. Nazarimda, olimu adiblar, o‘qituvchiyu o‘quvchilarning husnixat bobida har birimizni hayratga soladigan ana shunday inja yutuqlari endilikda o‘tmishga aylanmoqda. Bunga dastxatlar olamining yanada jadal takomillashayotgani  bosh sababchidir. Negaki, muallimning sinf taxtasiga bo‘r bilan mashqlar yozib, o‘quvchilarga saboq o‘rgatishi deyarli urfdan qoldi. Pero, siyoh va siyohdonlarni-ku bugungi avlodlar allaqachon unutgan. Patqalamlar haqidagi tarixiy naqllar esa hazil yoki afsona o‘rnida qabul qilinadi. Hozirgi kunda kompyuterlar, elektron pochta va elektron yondaftarlar, SMS va stikerlar to‘plamidan foydalanish darajasi muttasil ortmoqda. Yanada qizig‘i: turli tezkor texnologik muloqot vositalari zamondoshlarimizni o‘z fikrlarini dastxatda bitish imkoniyatidan borho uzoqlashtirmoqda. Yaqin kelajakda dastxatlar, ya’ni “qo‘lda yozilgan” xat yoki tabriknomalar eng noyob, aziz va sevimli sovg‘aga aylanib qolsa ajab emas. Darvoqe, dastxat mavzusida yana bir yangilik: yaqinda 6 yoshli nabiram bog‘chadan husnixat daftari bilan qaytdi. Bog‘cha opasi maktabga chiqquniga qadar unga va boshqa tengqurlariga alifbo bilan husnixatni o‘rgatar ekan. So‘zimiz yakunida yana Navoiy hazratlariga murojaat qilamiz:                    Chu yoshlarg‘a bog‘lansa maktab yo‘li,                   Bo‘lur gum ulug‘larg‘a mazhab yo‘li. Ya’ni, agar yoshlarga maktabda saboq olish imkoniyatlari to‘sib qo‘yilsa, u holda kattalar to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotadi, yoshi ulug‘lar e’tiqodidan adashadi. Binobarin, Yangi O‘zbekistonda maktab sabog‘iga, shu jumladan, husnixat bitish amaliyotiga – maktabgacha yoshdan kirishilgani juda muhim, foydali va istiqbollidir. 

19.1.2024 9081

Kitobni o‘qib tushunish va eslab qolish uchun 5 tavsiya

Ko‘pchiligimiz kitobni o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng uning asl mazmunini tushunmaymiz yoki tushunsakda, bir necha oydan so‘ng unutib qo‘yamiz. Ayniqsa, klassik janrdagi, mag‘zi to‘liq kitoblarni eslab qolish ancha qiyinchilik tug‘diradi. Shularni inobatga olib kitobning asl mazmunini uqish va uni ko‘p muddat eslab qolish bo‘yicha bir nechta tavsiyalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. 1. Belgilash Qizil ruchka bilanmi, yoki maxsus stikerlar bilanmi, kitobning eng muhim joylarini, qahramonlarning otashin nutqlarini, kitobdagi muallifning aytar muxtasar gaplarining ustiga belgilab qo‘yish ancha yaxshi samara beradi. Belgilash jarayonida kitobning eng asosiy joylariga yaxshiroq e’tiboringizni qaratasiz, sergakroq tortasiz. Asar tugaganidan so‘ng belgilangan joylariga yana bir bor qaytish asarni yanada yaxshiroq tushunishingizga hamda uning mag‘zini chaqishingizga katta ko‘makchi bo‘ladi. Bir necha oy vaqt o‘tganidan so‘ng belgilangan joylariga birrov ko‘z yugurtirsangiz darrov kitobning asl mazmuni yodingizga keladi. Bu borada unchalik qimmat turmaydigan stikerlardan foydalanishni maslahat beramiz, zero rahmdil kitobxonning sevimli kitobiga ruchka bilan chizib tashlashga qo‘li bormaydi. 2.Taqriz yozish Kitobni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng bir necha muddat uning ta’sirida bo‘lishingiz bor gap. Ana shu ta’sirdan chiqib ketmasingizdan burun asar to‘g‘risida moʻjazgina taqriz yozsangiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Albatta, taqriz yozish uchun qanaqadir mezonlarga murojaat qilishingiz shart emas. O‘zingiz bilganingizcha, kitobni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng qalbingizdan o‘tgan kechinmalarni hamda asardan olgan xulosangiz to‘g‘risida bir necha satr yozishingiz kifoya. Agar klassik uslubni sevuvchi odam bo‘lsangiz, maxsus bloknotda, zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan bo‘lsangiz telegram kanal ochib taqrizlaringizni yozib borishingiz kitobning mag‘zini chaqish hamda uni eslab qolishingizda ko‘makchi bo‘ladi. Taqrizni bir necha oydan so‘ng qaytadan o‘qish — asarni qayta o‘qishingiz bilan teng bo‘ladi. 3. Chalg‘imaslik Hozirgi globallashuv davrida inson bir ishni chalg‘imasdan bajarishi juda katta matonatga aylandi. Gadjetlar, ijtimoiy tarmoqlar, turli ko‘ngilochar vositalar sababli insonda tez-tez chalg‘ish yuzaga keladi, mana shu jarayon kitob o‘qish jarayonida avj pallasiga chiqadi. Katta ehtimol bilan 10 daqiqa kitob o‘qiganingizdan so‘ng zerikib boshlaysiz hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlar tomon yugurasiz (tanish holat a)? Shunday ekan bunga qarshi kurashish uchun kitob o‘qish jarayoniga jiddiy yondashganingiz hamda gadjetlarni ovozsiz holatga keltirib, o‘zingizdan ancha uzoq masofaga qo‘yib, qancha muddat o‘qishni aniq belgilab olgan holda mutolaaga sho‘ng‘ishni maslahat beramiz. Zero, pala partishlik bilan, rejalashtirilmasdan turib amalga oshirilgan mutolaa ko‘p hollarda 10 daqiqadan oshmaydi. Saranjomlik bilan ish boshlasangiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi. 4. Muhokama qilish  Sevimli asarni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng, ichingizga sig‘may ketishingiz turgan gap. Mana shunday vaziyatda xuddi sizdek holatdagi insonlar bilan asarni muhokama qilish yanada zavqli bo‘ladi, shunday emasmi? Kitobni tugatganingizdan so‘ng asarni o‘qiganlar bilan muhokama qilish ham asarni yanada tushunish va mag‘zini chaqishda yordam beradi. Mutolaa jarayonida e’tiboringizdan chetda qolgan jihatlarga e’tibor berasiz, ayniqsa, bahslar yuzaga kelsa, qayta-qayta asarga murojaat qilaverib, uni “suv qilib ichib yuborasiz”. Istasangiz, mutolaani sevuvchi do‘stingiz bilan muhokama qiling, istasangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi kitob muhokamasiga bag‘ishlangan guruh va forumlarda munozaraga kirishing. To‘g‘risini aytsam, do‘stingiz bilan birgalikda bir kitobni o‘qib, muhokama qilishni maslahat beraman. Chunki ikkinchi variantda juda ko‘pchilik bo‘ladi — hammadan har xil fikr chiqadi, turli baxslar yuzaga keladi, mavzudan chetga chiqish ko‘payadi, suhbat mavzusi muhokamadan boshqasiga o‘zgarib ketadi. Kitob muhokamasini tor doirada, offlayn o‘tkazgan samaraliroq. 5. Muallifni o‘rganish Ba’zi hollarda asarni tushunish uchun kitob muallifining shaxsiyatini o‘rganishga to‘g‘ri keladi. U ijod qilgan zamon, yashagan mamlakat, boshidan kechirgan tuzum, uning ijtimoiy holati kabi omillarni o‘rganish orqali muallif nima demoqchi bo‘lganini tushunish yanada osonlashadi. Shunday ekan asarni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng uning muallifi to‘g‘risida ham biroz o‘rganish olib borishingiz maqsadga muvofiq. Deylik, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarini o‘qiganingizdan so‘ng muallifning tarjimayi holiga ko‘z tashlashingiz asarning nechog‘liq buyukligini anglashingizga yordam beradi. Sho‘rolar tuzumining achchig‘ini tatib ko‘rgan yozuvchining so‘zlari yanada ta’sirliroq jaranglaydi.

18.1.2024 9221

Sun'iy intellekt kelajakda qaysi kasblarni egallaydi?

Kompyuter texnologiyalarining jadal rivojlanishi sun'iy intellektning odamlarning kasbiy faoliyatiga tobora ko'proq kiritilishiga olib keldi va ishlab chiqarishning turli sohalari mutaxassislari uchun haqiqiy raqobat tug‘dirdi. Rabota.ru servisi mutaxassislari 2023-yil dekabr oyida Rossiyaning barcha tumanlaridan 350 dan ortiq korxona va tashkilot rahbarlari o‘rtasida ayrim kasblar vakillarini sun’iy intellektga almashtirish bo‘yicha ularning fikrini bilish uchun so‘rov o‘tkazdi. Deyarli har ikkinchi respondent (48%) sun'iy intellekt kelajakda ayrim kasblardagi mutaxassislarni sezilarli darajada siqib chiqarishiga ishonadi. Shu bilan birga, so'rovda qatnashgan foydalanuvchilarning beshdan bir qismi (20%) yaqin kelajakda sun’iy intellekt mehnat bozorining asosiy ulushini egallashiga ishonishadi. Ishtirokchilarning 17 foizidan farqli o‘laroq, ular sun'iy intellekt davrining tez va to‘liq kelishiga ishonchlari komil emas. Ish beruvchilarning 15 foizi esa bunday o‘zgarishlarga umuman ishonmaydi. Respondentlar sun'iy intellekt "da'vo qilishi" mumkin bo'lgan kasblarni sanadilar. Ular orasida kopirayterlar (60%), dizaynerlar (54%), buxgalterlar (40%), tahlilchilar (35%), marketologlar (30%), kury erlar (28%) va taksi haydovchilari - 26%. Bundan tashqari, so‘rov ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, sun'iy intellekt logistiklar, sotsiologlar, dasturchilar, moliyachilar, kadrlar bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, jurnalistlar, psixologlar, o'qituvchilar va hatto shifokorlar oldida turgan vazifalarni 22 foizgacha aniq bajarishi mumkin.

16.1.2024 7938

Quyosh botishida osmon nega qizaradi?

Unutilmas qip-qizil osmon, jilvalangan iliq ranglar — bundanda chiroyli tasvirni tasavvur qilish qiyin. Ammo baʼzida bularning barchasiga qarab: “Quyoshning qizilligiga qara!” deymiz. Aslida, biz Quyoshning oʻzi qizarmaganini va u umuman oʻzgarmaganini bilmaymiz. Shunchaki kunning maʼlum vaqtlarida u shunday koʻrinadi. Aynan shu vaqtda bir necha ming kilometr gʻarbda yashovchi odam uchun Quyosh umuman qip-qizil boʻlib koʻrinmaydi. Quyosh botishida shafaqning (osmon) rangiga quyosh nurlari oʻtadigan havo qatlami taʼsir qiladi. Quyosh qanchalik pastda boʻlsa, quyosh nuri atmosferaning shunchalik katta qatlamidan oʻtishi kerak. Lekin birinchi navbatda, quyosh nuri barcha ranglarning birikmasi ekanligini eslaylik. Odatda, ranglarning bunday birikmasini biz oq rang sifatida qabul qilamiz. Ammo atmosferada chang zarralari, suv bugʻlari va boshqa aralashmalar mavjud. Yorugʻlik nurlari atmosferadan oʻtayotganda, turli xil ranglar bu zarralar tomonidan yoyib yuboriladi. Atmosferada binafsha, koʻk hamda yashil ranglar qizil va sariq ranglarga qaraganda yaxshiroq yoyiladi. Quyosh ufq uzra pastda boʻlganda, tarqalish natijasida atmosferada koʻproq qizil va sariq ranglar qoladi, shuning uchun quyosh botishi bizga qizgʻish boʻlib koʻrinadi. Aytgancha, osmonning moviy rangi ham yorugʻlikning tarqalishi bilan izohlanadi. Binafsha hamda moviy ranglar qisqa toʻlqin uzunliklariga ega va atmosferada spektrning qizil qismidagi toʻlqinlarga qaraganda oʻn baravar faolroq tarqaladi. Bu esa qizil nurlar atmosferadan oʻtishini, moviy nurlar havodagi suv va chang zarralari tomonidan yoyib yuborilishini anglatadi. Biz yuqoriga qaraganimizda, osmonda aynan yoyilgan yorugʻlik bergan moviy rangni koʻramiz.    

11.1.2024 8165

262 million so'mdan 4 million so'mgacha: Poytaxtdagi xususiy maktablarda o'qish narxi qancha?

Bloger Laziz Hamidov o‘z Telegram kanalida O‘zbekistondagi xususiy maktablarning o‘quv to‘lovlari borasidagi ma’lumotlarni ulashdi.Bir ko'ring, ushbu maktablardagi narx qanchalik arzon, yoki aksincha, qimmat: Cambridge International School • 5 yoshdan 9 yoshgacha — yiliga ~170 million so’m;• 9 yoshdan 11 yoshgacha — bir yilga ~197 million so’m;•11 yoshdan 14 yoshgacha — yiliga ~222 million so‘m; • 14 yoshdan 16 yoshgacha — yiliga ~249 million so‘m;• 16 yoshdan 18 yoshgacha — yiliga ~262 million so‘mni tashkil etadi. Oxbridge International School • 1-4 sinflar — oyiga 5,5 million so‘m;• 5-8 sinflar — oyiga 5,9 million so‘m;• 9-11 sinflar — bir oyga 6,2 million so‘m. Westminster International School • 1-3- sinflar — yiliga ~150 million so‘m;• 4-7-sinflar — yiliga ~174 million so‘m;• 8-13-sinflar — yiliga ~185 million so‘m. The British School • Kirish testi — 550 ming so'm;•1-2-sinflar uchun — yiliga ~128 million so‘m;• 3-4-sinflar uchun — yiliga ~149 million so‘m; • 5-6-sinf — yiliga ~152 million so‘m;• 7-8-sinf — yiliga ~164 million so‘m;• 8-9-sinf — yiliga ~164 million so‘m; • 10-sinf — yiliga 180 million so'm;• 11-13-sinf — yiliga 198 713 ming so‘mni tashkil etadi. Profi School • 1-sinfdan 9-sinfgacha o‘qitish narxi 22,3 million so‘m;• 10-sinf va 11-sinflarda 28,6 million so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. Canadian International School • Boshlang’ich to’lov — 1500 dollar;• ro’yxatdan o’tish uchun to’lov — 500 dollar;•ta’lim — oyiga 1000 dollar. Al Beruniy International School •Maktab ta’limi — oyiga 5 875 ming so’m;•akademiyasi — oyiga 6 250 ming so’m. Profi School Barcha sinflar uchun oyiga 4 yarim million so'm to’lash kifoya.

5.1.2024 7971

Nobel olgan ayollar ( 2-qism)

Rita Levi Montalchini.Yo‘nalishi: tibbiyot(1986-yil) Italiyalik neyrofiziolog olima Montalchini o‘z atrofidagilarni nafaqat o‘ta kuchli zehni va aqli bilan, balki dangal va qo‘rqmas xarakteri bilan ham lol qoldirgan. 97 yil umr ko‘rgan olima 1907-yilda Turinda tug‘ilgan edi. U o‘sish omili va u bilan bog‘liq biokimyoviy jarayonlarni tadqiq qilgan bo‘lib, xususan, NFG-oqsilini kashf qilganligi uchun ushbu mukofotga loyiq ko‘rilgan. Montalchini ilmiy ishlari, ayniqsa, alsgeymer kasalligining sabablarini aniqlashda katta o‘rin tutadi. Gertruda Elion.Yo‘nalishi: tibbiyot (1988-yil) Gertruda Elion tibbiyotning xilma-xil sohalarida izlanish olib borgan bo‘lib, uning kashfiyot va ixtirolari o‘zidan boshqa yana bir necha kishining nomini ilm-fan tarixiga muhrlashga yetgan bo‘lardi. Xususan, uning izlanishlari asosida bezgak, OITS hamda oqqon kasalliklarida bemorlarga katta naf beruvchi dori vositalari yaratilgan. Shuningdek, tanaga tushgan yot to‘qimalarning faoliyatini to‘sib qo‘yuvchi “Imuran” preparatini ham Elion ishlab chiqqan. Gertruda Elionning ixtirolari ko‘plab kasalliklarni davolash metodikasida keskin ijobiy o‘zgarishlar bergan.  Xristiana Nyuslayn-Folxard. Yo‘nalishi: tibbiyot (1995-yil) Germaniyalik biolog olima Xristiana Nyuslayn-Folxard 1942-yilda Magdeburgda tug‘ilgan. Uning ilmiy ishlari embrional rivojlanish sohasiga taalluqli bo‘lib, ko‘plab tug‘ma kasalliklarning oldini olish hamda o‘z vaqtida davolash borasida g‘oyat muhim yangi imkoniyatlarni taqdim etgan.   Fransuaza Barri-Sinussi. Yo‘nalishi: tibbiyot (2008-yil) 1947-yilda Parijda tug‘ilgan olima hozirgi kunda XXI asr vabosi deya nom olgan bedavo kasallik – OITS xastaligini qo‘zg‘atuvchi retrovirusni kashf qilgan shaxsdir. U 1983-yilda limfa tugunlari shishib ketgan bemorlar qonida aynan limfositlarga hujum qilayotgan retrovirusni aniqladi. Keyinchalik bu virus tibbiyotda immun tanqisligi virusi deb nom olganini ko‘pchilik yaxshi biladi.  Donna Strikland. Yo‘nalishi: fizika (2018-yil) Kanadada tug‘ilib o‘sgan olima Donna Strikland, fizikaning optika sohasi mutaxassisi hisoblanadi. U yaratgan yuqori intensivlikdagi ultraqisqa lazer impulslarini hosil qilish texnologiyasi juda keng amaliy qo‘llash sohasiga ega bo‘lib, birinchi navbatda, ko‘rish qobiliyatini tiklash va davolash yo‘nalishida muhim ahamiyat kasb etadi. Frensis Gamilton Arnold. Yo‘nalishi: kimyo (2018-yil) Bu olimaning tadqiqotlari biomuhandislik va biokimyo sohalarida bo‘lib, asosan, inson tanasida fermentlarning ahamiyatini o‘rganishga bag‘ishlanadi. 1956-yilda tug‘ilgan Gamilton 2018-yilda “yo‘naltirilgan evolyutsiya sohasidagi ishlari uchun” Nobel mukofotiga erishgan. U kashf qilgan bir necha oqsillar orqali biokimyo sohasidagi zalvorli masalalarga yechim topilishi kutilmoqda. Linda Bak. Yo‘nalishi: tibbiyot (2009-yil) Sietl shahrida 1947-yilda tug‘ilgan biolog olima Linda Bak o‘z ilmiy ishlari orqali odamning hid bilish sistemasi mexanizmlarini ochib bergan edi. Unga ko‘ra, odam burni hidlarni kodlash uchun maxsus kombinatorika sxema qo‘llashi ma’lum bo‘lgan hamda hid bilish sensor neyronlari kashf qilingan edi.   Ada Yonat. Yo‘nalishi: kimyo (2009-yil) Isroil mamlakatidan chiqqan birinchi Nobel mukofoti sohibasi Ada Yonatning ishlari asosan kristallografiya sohasida bo‘lib, u o‘zining ribosoma strukturasini tadqiq qilishga bag‘ishlangan ilmiy ishlari uchun mazkur nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilgan.  

21.12.2023 8021

Tuproqxo‘r, yelimxo‘r va shamxo‘rlar - nega ba’zi odamlar yeb bo‘lmaydigan narsalarni yegisi keladi?

Yeb bo‘lmaydigan narsalarni yeyishga xohish – Pika sindromi deb ataladi. Dunyo bo‘yicha bu sindrom qancha odamda kuzatilishi aniq emas, sababi kattalar uni kasallik deb hisoblamaydi va shifokorga murojaat qilib o‘tirmaydi. Irlandiyalik 20 yoshli Meri olov yoqishda ishlatiladigan o‘t yoqqichlarni yeyish odatidan yaqindagina qutuldi. O‘t yoqqich – zich shaklda ishlangan maxsus o‘t oldirgichlar bo‘lib, ular asosan yog‘och va ko‘mir kabilarni yoqishda ishlatiladi. Merining aytishicha, u o‘smirligida har 6 oyda bir quti o‘t oldirgichni yeb tugatgan. Imtihonlari mavsumida esa 3 haftaga borar-bormas bitta qutini tugatib qo‘ygan.Meridagi bu holat Pika sindromi deb ataladi. U nooziq-ovqat mahsuloti bo‘lgan narsalarni yeyishdan iborat ovqatlanishning buzilishi hisoblanadi. Ammo Pika holatida ham Merining keysi anchayin g‘aroyib. Qizning o‘zi ham "men xuddi o‘zim kabi holatga tushgan biror kimni uchratmadim. Internetdan izlasam, zaharlanish holatidagi ishonch telefonlari yoki o‘t o‘chirgich yonganda hidlashni yaxshi ko‘radigan homiladorlar toifalari chiqadi. Ammo aynan ularni men kabi yeydigan kimdir topilmagan", deydi. Bu holat yetarlicha o‘rganilmagan Pika — tumshug‘ida noodatiy narsalar olib yurishi bilan tanilgan o‘zimiz bilgan oddiy qarg‘aning lotincha atalishi. Pika sindromi, asosan, bolalar o‘rtasida ko‘proq uchraydi. Merida esa u 9 yil oldin (11 yoshida) boshlangan. "Boshida qalamlarning uchidagi o‘chirg‘ich qismini chaynardim, qog‘oz va sham mumini yerdim. Bularning hammasi Pika jamoalarida keng tarqalgan", deydi Meri. Qiz benzin hidini ham yoqtirgan. Ota-onasi yonilg‘i quyish shoxobchasida to‘xtaganda tushib benzin hidlashni yaxshi ko‘rgan. Qish paytlari esa o‘zi o‘tin yoqishni yoqtirgan. 11 yoshida hayotida sodir bo‘lgan stressli voqeadan keyin olov yoqib o‘tirganda o‘t oldirgichlarining hidiga qiziqib, ulardan tatib ko‘radi. Pikaning odamlar orasida qanchalik keng tarqalganini aytish qiyin. Sababi bu holat yetarlicha o‘rganilmagan va u haqida hisobotlar ham kam. AQShning Indiana shtatida joylashgan Purduye universiteti psixologiya va ovqatlanish buzilishi bo‘yicha tadqiqotchisi Melinda Kartning qayd etishicha, Pika atamasining bir nechta ko‘rinishlari bor. Kattalar ko‘pincha o‘zlarining noodatiy narsalar yeyishini tan olishni ham xohlamaydi. 2022 yilda 2,4 ming odam ishtirokida o‘tkazilgan nemis tadqiqotida ishtirokchilarning 5 foizida kamida bitta bo‘lsa ham Pika holati sodir bo‘lgani, bir foizida esa bu takroriy ekani aniqlandi. Aqliy buzilish yoki miya shikastlanishi bo‘lgan odamlarda ko‘proq uchraydi Kartning ta’kidlashicha, pika aqliy buzilish yoki miya shikastlanishi bo‘lgan odamlarda miya faoliyati normal bo‘lgan odamlarga qaraganda ko‘proq uchraydi. Bolalarda bu holat autizm bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yana pika sindromining yoshlarda ko‘proq kuzatilishiga kattalarning o‘z holatlariga davo izlamasliklari sabab ham bo‘lishi mumkin. Pika sindromiga duch kelgan odamlarning bo‘r, qalam uchini, gips, muz va tuproq yeyishlari ko‘proq kuzatiladi. Bu sindrom aynan nimalardan kelib chiqishi uning qanchalik ko‘p uchrashiga oid raqamlar kabi ma’lum emas. Boshqa ovqatlanish buzilishi holatlari kabi Pika sindromida ham ikkita aynan bir-birini takrorlaydigan simptomli odamni topish qiyin. Pikaning kuzatilishi ruhiy buzilish bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Depressiya va boshqa ruhiy holat buzilishlarida ham sodir bo‘ladi degan qarashlar bor. Ba’zi ruhiy holat buzilishlarida miyada serotonin gormoni kamayadi. Bundan kelib chiqib, miyada serotonin kamayishi Pika sindromiga sabab bo‘ladi deb aytish mumkin. Noodatiy narsalarni yeyishga minerallar yetishmovchiligi ham sabab bo‘lishi haqida uzoq vaqtlardan beri qayd etib kelinadi. Odamlar ba’zida tanga, batariya kabi xavfli narsalardan tortib, tuproq va xom makkajo‘xori kraxmaliga ham xohish bildirishi mumkin. Qo‘rg‘oshin bilan zaharlanganlarning 76 foizida Pika sindromi bor Xalqaro salomatlik bo‘yicha professor Sera Yangning aytishicha, Pika sindromli odamlar yoqtiradigan gil ming yillardan beri tibbiy dorivor maqsadida ishlatiladi. Yuzlab hayvon turlari ularni iste’mol qiladi. Masalan, qushlar gilni iste’mol qilganda u toksinlarni hazm qilishga yordam beradi. Gil odamlarga ham shu ko‘rinishda foydali bo‘lishi mumkin. Lekin xavotirli joyi u temir moddasini ham so‘rib oladi va shuning uchun ham Pika sindromi ko‘pincha anemiya bilan bog‘lanadi. Sera Yang Tanzaniya qirg‘oqlarida homiladorlik davrida anemiya mavzusida ilmiy izlanish olib boradi. Uni ayollarning “Homilador bo‘lishimiz bilan tuproq yegimiz keladi”, deyishlari hayron qoldiradi. Sera Yang uni ham quyoshda qizib turgan tuproqni tatib ko‘rishga undagan ayolni eslaydi. Uning aytishicha, yuqori daromadli davlatlarda ham ko‘p ayollar tuproq tatib ko‘rishadi. Bu, asosan, homiladorlik, mikroelementlar yetishmovchiligi, ayniqsa, kamqonlik bilan bog‘liq. Va kamqonlikni kuchaytirib yuborishi bilan xavfli. Tuproq iste’mol qilish qanchalik zararli ekani haqida o‘ylanganda birinchi javob uning iste’mol dozasi bilan bog‘liq. Agar juda kam miqdordagi iste’mol (bu ham ayrim odamlar uchun) foydali bo‘lsa, doimiy va ko‘p iste’mol qilish xavfli. Ba’zan tuproqda radioaktiv moddalar, ba’zan esa boshqa zararli narsalar bo‘ladi. O‘tgan yili Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash agentligi bolalarda qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish holatlarini ko‘rib chiqqanda zaharlanganlarning 76 foizida Pika sindromi borligi aniqlanadi. Bolalar, asosan, tuproq yoki bo‘yoq sabab zaharlangandi.

18.12.2023 7417

"Izohli lug'at"dagi xatolikka izoh

“Tumov” so‘zi eski o‘zbek tilidagi “tum” (sovuq) so‘zidan kelib chiqqan. “Moy to‘nglab qoldi” jumlasidagi “to‘ng” — “tum”ning o‘zgarishga uchragan shakli. O‘zbek tilining etimologik lug‘atida yozilishicha, atmosfera quyi qatlamlarida yuzaga keladigan mayda suv zarralari — tumanning ham o‘zagi “tum”dir. Kitob muallifi Shavkat Rahmatullayev domla “tum”ni — “namlik” deb izohlagan. Namlik, sovuqlik — tabiatan bir-biriga yaqin holatlar ekanini hisobga olsak, keltirilgan ikkala ma’no ham to‘g‘ridir. Ha, aytgancha, tabiat hodisasi bo‘lmish tuman so‘zi o‘n ming ma’nosini bildiruvchi mo‘g‘ulcha tumen so‘zining o‘zlashgan shakli ekani ta’kidlangan O‘zbek tilining izohli lug‘ati (O‘TIL)da keltirilgan ma’lumot, bizningcha, to‘g‘ri emas. O‘TIL izohlagan tumen — o‘n ming so‘zi umuman boshqa, ya’nikim uning ob-havoga sira aloqasi yo‘q.  

18.12.2023 9148

Nobel olgan ayollar

Nobel mukofoti tarixida o‘ziga xos yorqin nom qoldirgan, o‘z ilmiy faoliyati bilan insoniyatga katta naf keltirgan 15 nafar olima ayol haqida ma’lumot ulashmoqchimiz. Ular o‘z fan sohasida eng yetakchi olima o‘laroq, erkak hamkasblarini ham zakovat bobida ortda qoldirgan, fanning eng ilg‘or qanotlari bilan parvoz qilgan. Ular bilan tanishar ekansiz, ayollarning aqliy salohiyatiga bepisandlik mutlaqo noto‘g‘ri qarash ekanini yana anglaysiz. Mariya Kyuri. Yo‘nalishi: fizika (1903-yil) va kimyo (1911-yil). Mariya Kyurining radioaktivlik hodisasini tadqiq qilish borasidagi mehnatlari fizika uchun katta poydevor bo‘lgan. Asli kelib chiqishi polyak, asil familiyasi Sklodovska bo‘lgan Mariya Parijda ta’lim olgan va shu yerda fizik olim Pyer Kyuri bilan tanishib, u bilan turmush qurgan. Shu sababli ham uning ilmiy ishlari Mariya Kyuri nomi ostida tanilgan. Mariya Kyuriga avvaliga 1903-yilda radioaktivlik hodisasini kashf qilgani uchun fizika yo‘nalishidagi Nobel mukofoti berilgan bo‘lsa, 1911-yilga kelib endi u kimyo yo‘nalishida – poloniy va radiy elementlarini kashf qilgani uchun Nobelga musharraf bo‘ldi. Iren Kyuri. Yo‘nalishi: kimyo (1935-yil). Iren Kyuri Mariya va Pyer Kyurining qizi. U ilm-fanda onasining davomchisi bo‘lgan. Iren Kyuri ham asosiy ilmiy faoliyatini radioaktivlik hodisasini tadqiq qilishga bag‘ishlagan. U o‘z Nobelini sun’iy radioaktivlik hodisasini kashf qilganligi uchun olgan edi. Iren Kyurining ilmiy ishlari asosida olingan ko‘plab sun’iy radioaktiv izotoplar zamonaviy tibbiyotdagi muhim yutuqlar uchun, chunonchi, saraton kasalliklarini davolovchi preparat va uskunalar uchun poydevor bo‘lib xizmat qilgan. Gerta Tereza Kori. Yo‘nalishi: tibbiyot (1947-yil). Gerta Tereza Kori Chexiyada, Pragada tug‘ilgan. Asosiy ilmiy faoliyatini Avstriya va AQShda olib borgan. Korining tadqiqotlari asosan odam tanasidagi metabolizm jarayonlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Xususan, u sut kislotasining hosil bo‘lishi va uning jigarda glikogenga aylanish jarayonini kashf etgan. Hozir fanda bu jarayon “Kori jarayoni” deyiladi. Korining ilmiy ishi diabet kasalliklarining mohiyatini anglashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Gerta Tereza Kori – AQShlik ayollar ichida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi ayol hamdir. Mariya Gyoppert Mayer. Yo‘nalishi: fizika (1963-yil). Nemis fizigi va matematigi Mariya Gyoppert Mayer atom fizikasi sohasidagi ulkan xizmatlari bilan yodga olinadi. U atom yadrosi qobig‘ining modelini fanga taklif etgan edi va bu ishi unga Nobel mukofotini keltirdi. U shuningdek, atom bombasini tayyorlash jarayonida, maxsus izotoplarni ajratib, yetkazib turish vazifasi bilan ham shug‘ullangan. Doroti Meri Kroufut Xojkin. Yo‘nalishi: kimyo (1964-yil). Garchi, Doroti Kroufutga Nobeli kimyo yo‘nalishida berilgan bo‘lsa-da, aslida uning ilmiy ishlarining ahamiyati tibbiyot sohasi uchun qadrliroq. 1910-yili Qohirada tug‘ilgan olima o‘z ilmiy faoliyatini Angliyada – Kembrij universitetida olib borgan. U rentgen nurlari vositasida turli biokimyoviy strukturalarni tadqiq qilgan bo‘lib, aynan shu usul bilan, penitsillin va B12 vitaminining strukturasini aniqlab bergan edi. Uning mazkur ishlari Anemiyani davolashda katta istiqbollarni taqdim etgan. Doroti Kroufut – rentgenoskopik strukturaviy tahlil sohasining asoschisi sifatida, ilm-fan tarixida o‘z nomini zarhal harflar bilan bitdi hamda rentgenologik kristallografiya sohasi rivoji uchun ham salmoqli hissa qo‘shdi. Uning ishlari asosida, insoniyat biokimyoviy birikmalarning uch o‘lchamli strukturalarini olish va tushunish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Rozalin Sussman Yalov. Yo‘nalishi: tibbiyot (1977-yil). Nyu-Yorkda tug‘ilib, shu yerda faoliyat yuritgan fizik olima Rozalin Sussmanning ilmiy ishlari o‘z sohasi – fizikadan ko‘ra ko‘proq tibbiyot uchun ahamiyatli bo‘lgan. U radioimmunoanaliz sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lgan. Bu analiz vositasida, radioaktiv izotoplar yordamida organizmdagi gormonlar, viruslar, vitaminlar, ferment va hokazolarning umumiy konsentratsiyasini aniqlash mumkin. Tashxis qo‘yishda bu ma’lumotlarning nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini tushunish uchun esa professional medik bo‘lish shart emas, albatta... Barbara Mak-Klintok. Yo‘nalishi: tibbiyot (1983-yil). 1902-yilda AQShda tug‘ilgan olima butun ilmiy faoliyati mobaynida makkajo‘xori genetikasini tadqiq qilish bilan shug‘ullangan. U makkajo‘xorining bir avlodidan ikkinchisiga irsiy axborotning o‘tishini o‘rganish asnosida, mobil gen elementlarini kashf qildi. Uning sitologik va genetik tadqiqotlari asosida odam va hayvonlarda uchraydigan, Bezgakka o‘xshash, parazitar kasallik – Afrika tripanasomozasi (uyqu xastaligi)ning davosi topilgan edi.

12.12.2023 2863

“Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” asarlar majmuasi chop etiladi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” nomli 100 kitobdan iborat asarlar majmuasini nashr etish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Respublika bolalar kutubxonasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi vakillari, noshirlar ishtirok etdi. Yig‘ilishda asarlar majmuasining nashr konsepsiyasi, uning qamrov geografiyasi, shuningdek, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari”ni nashrga tayyorlash bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, jumladan, Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlik qilayotgan qardosh va xorijiy mamlakatlarning adabiy tashkilotlari bilan materiallar to‘plash va majmuaga kiritiluvchi asarlarning mualliflik huquqlarini qo‘lga kiritish bo‘yicha muzokaralar yuritish, qayta nashr etiluvchi kitoblarning elektron nusxalarini olish masalalari muhokama qilindi. “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 2024-2026-yillarda nashrga tayyorlanadi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan chop etiladi. Majmuaga jahonning beshta qit’asi (Yevropa, Osiyo, Afrika, Avstraliya, Amerika) adabiyoti vakillarining bolalar va o‘smirlar uchun yozgan she’rlari, hikoyalari, ertaklari, qissalari va romanlari kiritiladi. Turkiy xalqlar, Sharq mamlakatlari bolalar adabiyoti namunalariga alohida e’tibor qaratiladi.