Yoshlar orasida psixologiyaga qiziquvchilar soni ortmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi har 10 ta kontentdan kamida bittasi inson xarakteriga bog‘liqligidan bilsa bo‘ladi. “Siz haqingizdagi 5 ta fakt”, “Quyidagi do‘st turlaridan qaysi biriga kirasiz?”, “Falon filmdagi qaysi qahramon sizga mos tushadi?” kabi sizni so‘rovnoma oxirigacha borib, natijani bilishga undaydigan, so‘nggi javobni ko‘rganda esa yoqangizni ushlab, “xuddi mening o‘zim-ku” deyishgacha olib boradigan testlar bora-bora ishonchga kiryapti. Nahotki, 8 milliard odamning hammasiga mos keladigan savolnoma bo‘lsa yoki odamlar shunchalik aqlli bo‘lib ketganmi?
Bunday testlar tarixi XIX asrga borib taqaladi. “Yer yuzidagi eng buyuk shou” nomli sirk truppasi Amerika bo‘ylab gastrol uyushtiradi. Uning tomoshalari kamyob hayvonlari-yu g‘aroyib odamlari va xavfli tryuklari bilan nom qozongan edi. Lekin tomoshabinlarning e’tiborini tortgani boshqa bir chiqish edi. Tomoshaning o‘rtasida sochiga oq tushgan, salobatli qariya chiqib, qo‘li bilan ko‘rsatgan odamlarining hayotini aytib bera olardi. Shou tamom bo‘lgandan keyin o‘sha odamlardan aytilgan fikrlar qanchalik to‘gri ekanligi so‘ralsa, “Aytganlarining barchasi chin” degan javob olinardi. Yer yuzidagi hamma odam haqida barcha narsani biladigan inson esa Finnies Barnum edi.
Uning qilgan ishlari sizga sirli va aql bovar qilmas bo‘lib tuyulsa-da, oddiygina usul yordamida odamlarni chuv tushira olgan. Bir-biridan qiziqarli chiqishlar bilan chalg‘igan tomoshabinlarga shaxsiy bo‘lib tuyulgan, lekin ommaga mos keladigan gaplardan foydalanib ta’rif bergan. Masalan, “siz ichki dunyoyingizni ko‘pchilikdan yashirsangiz ham, ba’zi odamlarning oldida shaxsiyatingizni to‘liqligicha ocha olasiz” singari. Barnum inson psixologiyasini yaxshi tushungan, odamlarning umumiylikka to‘g‘ri keladigan tomonlarini ishonarli ko‘rinishda yetkazib bergan. Shu sababli ham 1956-yilda psixolog Paul Mehl o‘zining “Yaxshi retseptlar kitobi qidirilmoqda” degan kitobida yuqoridagi usulni “Barnum effekti” deya nomlagan.
1948-yilda esa Bertram R.Forer bu usulni tajribada qayta isbotladi. Forer o‘zining psixologiya yo‘nalishida o‘qiydigan talabalariga “Diagnostik qiziqishlar blanki” nomli test tarqatib, uni o‘zlariga to‘g‘ri qilib yechishni aytadi. Bir haftadan so‘ng test javoblarini tarqatib, ularni hech kimga ko‘rsatmasliklarini va yakuniy natija ularga qanchalik mos tushganini baholashlari haqida ko‘rsatma berdi. Lekin Forerning bergan hisobotlarining bari bir xil bo‘lib, ularni ertalabki “munajjimlar bashorati”dan yig‘ib kelgan edi: “Siz o‘zingizni tanqid qilishga moyilsiz”, “Tashqaridan tartibli va o‘zini nazorat qila oladigan bo‘lib ko‘rinsangiz ham, aslida ta’sirchansiz”, “Sizda hali foydalanilmagan katta salohiyat bor”, “Ba’zi paytlarda kirishimli, katta jamoalarda bo‘lishni xohlasangiz, boshqa vaziyatlarda esa kamgap va tortinchoqsiz”. 39 nafar talaba 0 dan 5 gacha bo‘lgan shkalada o‘rta hisobda testning aniqligini 4,3 deb baholagan. Tajribadan kelib chiqib, Forer buni ishonuvchanlik bilan bog‘ladi.
Odamlar shunchalik oddiy tuzoqqa ham nega laqqa tushadi? Sababi:
- Odamlarga o‘z fikrlari va e’tiqodiga mos keladigan axborot kerak. Unday ta’riflarni qabul qilishi va ishonishi nistaban ancha tez va oson kechadi. To‘g‘ri kelmaganlarini esa shunchaki e’tiborga olmaydi.
- Savollardagi “Ba’zida...”, “...ga moyilsiz” kabi so‘zlar bilan chalg‘itib, fikrni o‘ziga nisbatan to‘g‘ri deb qabul qilishga undaydi. Misol tariqasida keltirilgan “Ba’zida siz o‘zingizga haddan tashqari ko‘p ishonasiz, lekin doim ham unday bo‘lmaydi” degan bayonotni 95 foiz odam o‘ziga tegishli deb qabul qiladi.
- Turli shaxsiyat testlarining savollari va variantlari mavhum va noaniq yozilgan bo‘ladi. Bu esa gapning ma’nosini o‘ziga mos qilib chiqarib olishingizga majburlaydi. Ya’ni odamlar test savollari va shaxsiy hayoti orasidagi tasodiflardan foydalanib, barchaga tegishli ma’lumotlarni o‘zlariga shaxsiylashtiradi, keyinchalik esa uni tasdiqlaydi.
- Insonlar tanqidni yomon ko‘radi. Shu sababli ham pozitiv ruhdagi, ijobiy gaplarga salbiylariga qaraganda ko‘proq ishonadi.
- Testni omma keng qabul qilinishi uni qanday qilib yetkazishga ham bog‘liq. So‘zlovchining tinglovchilarga qarata ishonch va kuchli intonatsiya bilan gapirishi, aslida yo‘nalishi boshqa lekin mashhur shaxsning tavsiyasi, so‘rovnomada qatnashgan odamlar soni va ular tarafidan qoldirilgan izohlarning ham ta’siri katta bo‘ladi.
Barnum effektining ta’sir doirasi katta – siz uni faqatgina savolnomalarda uchratmaysiz, munajjimlar bashorati shu usul ustiga qurilgan. Buni motivatsion nutqlar va o‘z-o‘zini rivojlantirish kitoblarida ham uchratish mumkin. “Siz uchun maxsus”, “Avval ko‘rganlaringiz asosida” deya sizga taklif etiladigan mahsulotlar ham marketingda ushbu effektdan foydalanishdir.
Bu effektning qurboniga aylanmaslik uchun tanqidiy fikrlashni rivojlantirish zarur. Umumiy va keng qamrovli ta’riflarni anglash va ularga shubha bilan qarash orqali odamlar ma’lumotlarni tahlil qila boshlaydi. Biron-bir testni ishlashdan avval faqat bir manbaga ishonib qolmasdan, turli ishonchli saytlardan qayta tekshirib ko‘rish, mutaxassis tavsiyasi bilan ish ko‘rish maqsadga muvofiq.
Inson o‘zini bilishga intilishi e’tirofga loyiq. Lekin uning Barnum effektiga to‘la shaxsiyat testlari bilan noto‘g‘ri shakllanishi keyinchalik salbiy oqibatlar olib kelishi mumkin. Odam hali hayot ekan, rivojlanishdan, o‘zgarishdan to‘xtamaydi. Shu sabab uning to‘liq xarakterini, turmush tarzini ochib beradigan yagona savolnomaning mavjudligi haqiqatdan yiroq. O‘zlikni anglashga eng to‘g‘ri yondashuv malakali psixologlar bilan ishlash, hayot tajribalarini tahlil qilish va o‘z-o‘zini maqsadli kuzatishdir.